Yangi davr tarjimachiligimiz kashshofi

 (Abdulla Avloniy tavalludining 135 yilligiga)

 

XX asr tongi yangi oʻzbek adabiyotining tugʻilishida bayroqdor boʻlgan bir qator maʼrifatparvar, jadid bobokalonlarimiz qatorida Abdulla Avloniyning ham tabarruk nomi keladi. Jadidchilik harakati namoyandalari ijtimoiy-siyosiy, adabiy-badiiy faoliyatning barcha turlari bilan bevosita shugʻullanganlari kabi Abdulla Avloniy ham ijtimoiy ong sohalarining taʼlim-tarbiya, badiiy ijod, matbuot, teatr, xayriya jamiyatlari, ijtimoiy-siyosiy yoʻnalish kabi qator turlari bilan qiziqdi va baholi qudrat shugʻullanib keldi. Shu jumladan, tarjimonlik sohasi bilan ham.

Abdulla Avloniy 1878 yilning 12 iyulida Toshkentning Mergancha mahallasi (hozirda televideniye binosi atroflari)da tugʻilib, balogʻatga yetgach, Mirobod mahallasidan hovli-joy qilib, 1934 yil hayotining soʻngigacha umrining barcha kechmishlari shu mavzeda oʻtdi. U XIX asrning soʻngida Turkistonda ildiz otib, shakllana boshlagan jadidchilik harakatiga qoʻshilib, butun umri davomida uning gʻoyalarini turli jabhalarda amalga oshirib, targʻib etib keldi. Bu harakat avvalo va asosan Turkiston xalqlari uchun hurlik, ozodlik maslaklarini ilgari surgan, siyosiy gʻoyalarni koʻtarib chiqqan harakat ekani bugun hech kimga sir emas. Lekin bundan 130 yil avval siyosiy harakat va maslaklar uchun ishni nimadan boshlamoq lozimligi masalasi tarix sahnida koʻndalang boʻlgan edi. Harakatning otasi va bosh nazariyotchisi qrimlik Ismoilbek Gaspirali Rossiya mustamlakasidagi musulmon xalqlarining kelajak hurriyati uchun dastlabki harakatni maʼrifatdan boshlash, xususan, maktab, maorif tizimini eskicha sharqona usullardan yangicha, ovroʻpacha yoʻnalishga oʻtkazish masalasini asoslab bergan edi va uning tarafdorlari butun Turkiston boʻylab ana shu gʻoyaning amaliy yoʻsin kasb etishi uchun saʼy koʻrsatmoqda edilar. Abdulla Avloniy shular taʼsirida harakatga qoʻshildi va u ham bu jabhadagi asosiy faoliyatini yangi usuldagi maktablar ochishdan boshladi. Miroboddagi uyida bir necha daʼfa yangi usul-usuli savtiya maktablari ochib, millat bolalarini oʻqita boshladi. Har qanday oʻqituv uchun lozim narsalar yangi usul maktablari uchun ham zarur edi albatta. Bu birinchi navbatda maktab oʻquv adabiyotlari bilan bogʻliq. Shu kezlar jadid maktablari darsliklari oʻlaroq Saidrasul Aziziyning “Ustozi avval” hamda Munavvarqori Abdurashidxonovning “Adibi avval” alifbo kitoblari dunyo yuzini koʻrgandi. Ular qatoriga Abdulla Avloniyning “Birinchi muallim” nomli alifbo darsligi ham qoʻshiladi. “Birinchi muallim” to 1917 yilgi Oktyabr voqealariga qadar toʻrt marta nashr etiladi.

Taraddud birla maktabda oʻqing, oʻgʻlonlar, oʻgʻlonlar,

Boʻlursiz bir kun olamda zoʻr insonlar, oʻgʻlonlar –

satrlarini shior qilib olgan bu darslik inqilobdan keyingi yillarda ham milliy maktablarning ibtidoiy – boshlangʻich sinflari uchun eng maqbul darsliklardan boʻlib qolaverdi. 1912 yili “Alifbodan soʻng oʻqitmak uchun” uqtiruvi bilan oʻsha dastlabki darslikning davomi boʻlgan “Ikkinchi muallim” darsligi chop etiladi. Bu kitobcha ham qayta-qayta nashr etilib, yangi milliy oʻzbek pedagogikasining tugʻilishi va taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etdi. Axloqiy hikoyalar, adabiy sheʼrlar ila ziynatlangan mazkur toʻplamda Abdulla Avloniyning tarjimonlik iqtidori va mahoratiga dalolat boʻluvchi namunalar uchraydi.

Umuman, Abdulla Avloniyni tarjimon sifatida oʻrganar ekanmiz, mavzuni tizimli tartibda ifoda etish uchun uni ikki yoʻnalishda mahrajlantirmoq maqsadga muvofiq boʻladi:

  1. Maktab oʻquv darsliklaridagi aksar ijodiy jihatdan qayta ishlanib amalga oshirilgan tarjimalar;
  2. Teatr sahnalarida namoyish etish uchun qardosh ozarbayjon, tatar va usmonli turk tillaridan oʻzbekchaga oʻgirilgan pyesalar.

Ayrim tarjima asarlari haqida kengroq fikr yuritishdan avval bir faktni qayd etmoq kerak, Abdulla Avloniy tarjimonlik faoliyatining salmoqli qismini tashkil etadigan dramaturgiya tarjimalari bilan bogʻliq yoʻnalish jiddiy tadqiqotchilarni talab qilib turibdi. Sababi bu yoʻnalishda A. Avloniy ozar, tatar, turk dramaturgiyasidan “Qotili Karima”, “Uy tarbiyasining bir shakli”, “Xiyonatkor oilasi”, “Badbaxt kelin”, “Xoʻr-xoʻr”, “Jaholat”, “Oʻliklar” kabi oʻnga yaqin asarlarni tarjima qilib, ularning sahnalashtirilishida bosh-qosh boʻlgan. Oʻzi asoschilaridan hisoblangan “Turon” teatr truppasining repertuaridan joy olgan mazkur asarlar afsuski nashr etilmagan va tabiiyki, bizning davrimizgacha yetib kelmagan yoki hozircha topilgan emas. Faqat qoʻshimcha ravishda shunday dalilni keltirish mumkin: 1916 yili Toshkentda boʻlgan rus sharqshunosi A. Samoylovich “Kolizey” teatrida ozarbayjon dramaturgi Jalil Mamatqulizodaning Abdulla Avloniy tarjimasidagi “Oʻliklar” spektaklini tomosha qilib, oʻz taassurotlarini quyidagicha yozib qoldiradi: “Toshkentning ulkan Kolizey teatrida ozarboyjonchadan sart tiliga tarjima qilingan “Oʻliklar” pyesasi qoʻyildi. Ijro juda yaxshi edi…”

Mana shu dalillarning oʻzi Avloniy tarjimachiligining teatr yoʻnalishidagi izlanishlari naqadar barakali va muvaffaqiyatli boʻlganligini anglatib turibdi.

Buyuk maʼrifatparvarning tarjimonlik mahorati borasida hozircha asosan, uning darslik va boshqa oʻquv adabiyotlaridagi tarjimalariga suyanib, muayyan fikrlar aytish mumkin.

Maʼlumki, Abdulla Avloniyning oʻz tarjimai holida yozishicha, 1904 yildan mustaqil ravishda Miroboddagi hovlisida maktabdorlik bilan shugʻullanib kelgan. Bu va boshqa usuli savtiya maktablari uchun 1909–1917 yillar davomida oʻndan ortiq darslik-qoʻllanmalar yaratgan. Bular yuqorida qayd etilgan “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim”dan tashqari “Turkiy guliston yoxud axloq”, “Maktab gulistoni” kabi darsliklar hamda “Adabiyot yoxud milliy sheʼrlar” nomli bir necha juz sheʼriy toʻplamlardir. Ulardan tashqari Avloniyning nashr etilmagan “Uchinchi muallim”, “Maktab joʻgʻrofiyasi”, “Hisob masalalari” kabi darslik kitoblari ham boʻlganligi maʼlum. Mazkur kitoblarning deyarli barchasida Avloniyning original ijodi bilan birga tarjimonligidan ham dalolat beruvchi namunalar uchraydi. Masalan, Saʼdiyning “Guliston” va “Boʻston” asarlariga taqlidan yaratilgan “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida muallif Saʼdiyning asaridagi koʻpgina hikoyatlarni oʻz zamonasiga moslashtirgan holda tarjima qilganligi yoki Alisher Navoiyning “Hayratul abror”, Poshshoxoʻjaning “Miftohul adl” (“Adolat kaliti”), “Gulzor” toʻplamlaridan mashhur hikoyalarni olib qayta ishlaganligiga guvoh boʻlishimiz mumkin. Bulardan tashqari Avloniy Lev Tolstoy va Krilov asarlaridan oʻquvchilarni bahramand etishning oʻziga xos usullarini ham joriy etganki, bular barchasi “Avloniy – tarjimon” mavzusi doirasida atroflicha tadqiq etilishi mumkin.

Bevosita quyida keltirilayotgan Krilov masallaridan qilingan tarjimalar Avloniyning “Maktab gulistoni” deb nomlangan beshinchi juz sheʼrlar toʻplamidan olingan boʻlib, ularda tarjimonning shunchaki badiiy zavq olish maʼnosida tarjimaga yondoshmaganligi, balki milliy taʼlim-tarbiya nuqtai nazaridan ish tutganligi yaqqol seziladi. Masalan, Krilovning “Lebed, Shʼʼuka i Rak”, “Lisa i Kozyol”, “Martiʼshka i ochki”, “Proxojiye i Sobaki” kabi mashhur masallari tarjima qilib berilar ekan, bu, Avloniyning oʻz taʼbiri bilan aytganda “ularni eng oson usul ila”, “ochuq til va oson tarkib ila” taqdim etish niyati yoʻlidagi harakat ekanligini tushunasiz. Xususan, Krilovning “Lebed, Shʼʼuka i Rak” masalini Abdulla Avloniy “Gʻayrijins ittifoq” nomi bilan toʻplamga kiritgan. Eʼtiborli jihati shundaki, tarjimon asliyatdagi Lebed yaʼni Oqqushni Oʻrdak deb, Rakni Qisqichbaqa deb emas, Toshbaqa deya ijodiy oʻzgartirib taqdim etadi. Bizningcha, buning sababi shundaki, oʻzbek bolalari dengiz hududlarida yashamagani uchun qisqichbaqa va oqqushning qanday jonzot ekanligini bilmasliklari mumkin edi. Toshbaqa va oʻrdak kabi hayvonlar esa bizning jugʻrofiy hududlarda kattayu kichik barchaga maʼlum. Avloniy “oson usul ila” deganda xuddi shuni nazarda tutib, rus muallifi asarlarini oʻzbek bolalariga moʻljallab toʻliq qayta ishlaydi. Asarga maʼlum maqsad yuzasidan ijodiy erkin murojaat qilganligi uchun uning nomini ham muvofiq ravishda oʻzgartiradi. Yaʼni hamjins boʻlmagan yoki bir maqsad yoʻlida bir tomonga bir xil harakat qilmagan kishilarning intilishlari zoye, ittifoqsizlik hech qachon niyatni yuzaga chiqishiga yoʻl qoʻymaydi, degan ibratli fikr ilgari suriladi. Tarjimonning Krilov asarlariga ijodiy yondashgani yana har bir masalning tarjimasi aslidan bir necha satr ortiqroq ekanligi va bu satrlarda Avloniy masala mohiyatini bolalarga batafsil tushuntirishga uringanida koʻrinadi. Undan tashqari har bir masalning soʻngida tarjima boʻlishiga qaramay tarjimon Hijron deya oʻz taxallusini qoʻllashida ijodiylik yana ham yaqqol bilinib turadi. Tarjimalarda Avloniyning “shulay”, “ulay”, “bulay”, “vermayur”, “soʻrmayur”, “doʻz” kabi tatar, ozar, turk tillaridagi soʻz oborotlariga murojaat qilishi ham yana bir bora uning ijodiy yondashuvi samaralaridir. Ayni chogʻda bu kabi ijodiy yondashuvlar Avloniyning tarjima qilinayotgan asar ruhiga teran kirib borishi va ibratli gʻoyani yosh oʻquvchilarga toʻla singdirishga intilganini namoyon etadi. Avloniyning mumtoz fors shoiri Hofiz gʻazallaridan oʻgirgan tarjimalarida ham shunday ijodiylik, ruhiyatni toʻlaqonli his qilish va berishga intilish fazilati ayon koʻrinib turadi.

Xulosa shuki, Abdulla Avloniy XX asr tongida yangi davr adabiy-pedagogik tarjima sanʼatining oʻziga xos usul va yoʻllarini amalda namoyish etib, sohaning tamal toshini qoʻygan yangi davr tarjimachiligimizning kashshoflaridan deyishga haqli bir siymodir.

 

Shuhrat RIZAYEV


 

HOFIZdan tarjimalar[1]

 

(“Bayoti sheroz” kuyiga)

 

Yetushdi mujdaki, qaygʻuli kunlaring qolmas,

Ulayda qolmadigʻidek bulaydagʻi qolmas.

Agarchi man nazari yora xoksor oʻldim,

Raqibim manga oʻxshash shod oʻla qolmas.

Koʻtarsa bayrogʻini, ursa xanjari birlan,

Oʻyu uyi ichra turgan bir kishi omon qolmas.

Faqirlaring dilini ovla, qoʻlga ol, ey boy,

Xazinayu zaru oltun, kumushlaring qolmas.

Senga gʻanimat, ayo shamʼi vaslu parvona,

Bulay muomalangiz subhidamgacha qolmas.

Xabar keturdi farishta u olami gʻaybdan,

Kishi karam eshikida umidsiz qolmas.

Ravoq uzra zabarjad bila yozilmish bu,

Karam egasini ehsonidan boʻlak qolmas.

Bu soʻzni jamshid u bazminda shod oʻlub dediki,

Ketur piyolada mayni, ki Jomi Jam qolmas.

Shikoyating yeri ermas, yozilgani boʻladur,

Kishi hamisha giriftori gʻam boʻlub qolmas.

Nigor mehr qoʻyar deb, tamaʼ qi(l)ma, Hofiz,

Nishoni mehr yoʻqidek sitamlari qolmas.

Falakni ters ketar deb boʻlmagil Hijron,

Ki bizni ezgani birlan oʻzi-da sogʻ qolmas.

* * *

Tanbur, dutor, angla, na taqrir qilurlar,

Avloqda iching ichkuni, takfir qilurlar.

Ushshoqlaring pardasini ishq oʻzi yirtar,

Yoshlarni, qarilarni-da tahqir qilurlar.

Dilda xiralikdan boʻlak ish hosili yoʻq-ku,

Yanglish bu xiyolindaka dilgir qilurlar.

Derlarki, eshitma, dema ham ishq ramuzin,

Qandoqcha qiyin qissani taʼbir qilurlar.

Tashvishga solub vaqtlarim may koʻtarubon,

Hilvatda koʻring, pir-murid “gir” qilurlar.

Yuz mulk dili yorti boqishda olinurkan,

Bu toʻgʻrida xoʻblar nega taqsir qilurlar.

Biz hiylasiga aldanubon tashqari qolduk,

Ichkarida onlar nima tadbir qilurlar.

Bir firqa e(y)tar: “Saʼdi jadal vasla yeturgay”,

Bir firqa buni “soyai taqdir” qilurlar.

Birdek turajak dermusen ahvoli zamonni,

Bu ishxonani har kuni tagʻyir qilurlar.

Mayni ichaver! Soʻfiyu shayx, mufti, raislar,

Diqqat ila boq! – Hammasi tazvir qilurlar!

Oʻylab koʻr oʻzing, ichkulik igʻvoga sabab, chun,

Shoreʼlarimiz bizlari tanfir qilurlar.

 

 

KRILOVDANdan tarjimalar

 

Gʻayrijins ittifoq

 

Bir kuni Toshbaqa, Baliq, Oʻrdak,

Qildilar maslahat uchi birdak,

Dedilar: Biz arobakash boʻlamiz,

Tortarmiz arbani va yo oʻlamiz.

Yopishub bir arbaga mahkam,

Jon-dildan chekurdi uch hamdam,

Kuchlari arbaga yetushmas edi,

Arba bunlar yoʻlicha ketmas edi.

Oʻrdak osmon sariga tortardi,

Baliq esa yoniga tortardi,

Toshbaqa sudrar erdi orqa sori,

Yoʻq edi ittifoqning osori.

Qildilar qancha saʼy bebarakat,

Arba oʻrnida turli beharakat.

Munda kim ayb egasi, kim aybsiz,

Bir havodis bizim uchun kayfsiz.

Bu ishi bir kishi goʻzal biladur,

Arba hamon qimirlamay turadur.

 

Tulki ila serka

 

Tulki sakrab yurar edi choʻlda,

Bir quduq bor edi oʻshal yoʻlda.

Nogahon tushdi-ketdi gumburlab;

Choh ichinda oʻtirdi gʻungʻurlab.

Ul quduq tor edi, chiqolmas edi,

Tulkining baxtiga suyi oz edi.

Serka oʻtlab yururdi yiroqda,

Susabon su(v) qidirdi shul choqda.

Serka choh boshiga kelib oralab,

Koʻrdi Tulkini tepadan moʻralab.

Tebratib toʻrbadek uzun soqolin,

Soʻrdi Tulkini(ng) hol-ahvolin.

Serkagʻa Tulki maxtadi su(v)ni,

Suv deganda toshardi nafsi uni.

“ – Su(v) desang, tush, bu yerga, ulfat boʻl,

Su(v) degan bu quduqda erkan moʻl”.

Serka otdi oʻzin quduq sori,

Tulkining hiylasi boʻlib yori,

“Gum” etib tushdi Serka suv ichiga,

Suvlari sachradi quduq chetiga.

Tulki aytdi: “Ayo, uzun saqqol!

Duzgʻa yetding sen yaqqol.

Suvni toʻygancha man ichub erdim,

Qolganin butun sanga berdim”.

Sakrabon Serka ustiga chiqdi,

Andan irgʻib yuqoriga chiqdi.

Serkaning sohibi necha muddat,

Axtarubon boʻlub edi diqqat.

Oxiri bu quduqda koʻrdi oni,

Serkaning qolmish erdi yorti joni.

Ming mashaqqat bilan chiqardi bazoʻr,

Serka boʻlgan edi choʻloq ham koʻr.

Sohibi Serkaning koʻrib holin,

Aytdi boshin silab, tarab yolin:

“Ey soqoli choʻq, aqli yoʻq Serkam,

Qildi Hijron soddalik, erkam”.

 

Maymun ila koʻzoynak

 

Juda qartaymish erdi bir Maymun,

Koʻzining nuri qolmab erdi butun.

Ul eshitdi bu dard uchun darmon –

Koʻzoynak tutar emish inson.

Pul yigʻub koʻzguni sotib oldi,

Oʻzini qayta(ga) zahmatga soldi.

Goh tutardi dumiga, goh koʻziga,

Foyda bermasdi oynagi oʻziga.

Boʻldi Maymun taqolmayin hayron,

Dedi: “Xoʻb hiylagar erur inson,

Manga kim dedi ani olgʻil deb,

Kim buyurdi koʻzinggʻa solgʻil deb.

Qursin oynak koʻzimni qildi xira,

Taqmazam oynakini endi sira.

Tuf! Bu dunyoni eʼtibori yoʻq,

Ochni holin biladurmi toʻq?!

Sarf etar pulni yoʻqgʻa insonlar,

Qilmayur koʻr va shalga ehsonlar.

Kimga aytay bu dardu hasratni,

Kim eshitgay bu qaygʻu kulfatni.

Koʻzlarim ojiz, oʻzim qariman,

Mustahiqman, kamina kamtarinman.

Hech kishi soʻrmayur bu ahvolim,

Ketdi quvvat, madorim, iqbolim.

Koʻzgu ham menga qilmadi darmon,

Dilda hasrat, koʻngulda koʻp armon.

Koʻzguning xayri yoʻq ekan misqol”,

Deb otib toshni urdi ul darhol.

Oynagin parcha-parcha qildi oʻzi,

Oʻrtanub der edi oʻzi bu soʻz(n)i:

“Oynak olmoq oʻzi ekan oson,

Mushkuli ani taqmogʻida ekan”.

Kimki haddidan oshub ish qilsa,

Oxirida boʻlur shulay Hijron.

 

It ila yoʻlovchi

 

Kechqurun yoʻl ketardi iki kishi,

Soʻzlashurdan yoʻq erdi oʻzga ishi.

Nogahon bir kuchuk chiqib bogʻdan –

Vovulladi bunlara soʻl va sogʻdan.

It ovozin eshitdi boshqalari –

Keldilar, jam boʻldi yoshu qari.

Yigʻilub barchasi hujum etdi,

Yoʻlchilar aqli boshidan ketdi.

Yoʻlchilardan biri olib bir tosh,

Urmoq oʻlgʻonda aytdi bir yoʻldosh:

“Qoʻy, qoʻling ogʻritub nima qilasan,

Itlarning feʼlini oʻzing bilasan.

Hamla qilgangʻa vermayur rohat,

It guruhinda boʻyladur odat”.

Itlara solmayin qulogʻ onlar,

Toʻgʻri ketaverdilar iki jonlar.

Darhaqiqat, sekin-sekin hamasi,

Tarqalub ketdi, qolmadi birisi.

It degan itligin qilaberadur,

Eʼtibor etmasang ketaberadur.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7


 

[1] “Devoni Hofiz”dan tarjima. Milliy kuylarimizdan biri “Bayoti sheroz” kuyidirkim, kuy shundan iboratdur:

Rasid mujda, ki ayyomi gʻam naxohad mond,

Chunon namondu chunin niz ham naxohad mond.

(Avloniy izohi)  

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/yangi-davr-tarjimachiligimiz-kashshofi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x