Koʻnglingiz…
Eshik yoʻq, yoʻq derazalari,
Lekin unda kirish-chiqish bor.
Lekin mendan xoli u manzil,
Tashrifimga izn ham dushvor.
Atrofida aylanaman xun,
Devor yoʻgʻ-u, koʻrinmas ichi.
Nigohimga qadalib qolgan
Iztirobning oʻtmas qilichi.
Tilamayman ehson, muruvvat,
Alam qilar faqat gohida –
Yashar hatto agʻyorlaringiz
Ul qasringiz nafratgohida…
Holbuki, men yor boʻlib keldim,
Qandayki baxt kutardingiz siz –
Barchasida bor boʻlib keldim,
Yuragimdan itardingiz siz!
Koʻzyoshlardan tiklangandayman,
Qoʻyvormayman bitta ozorni –
Mening oʻrnim egalladi kim?
Mening oʻrnim… aslida bormi?!
Ketgim kelar, kechgim kelmaydi,
Qanday tubsiz ishq qaʼridaman.
Hayotingiz ichidaman-u,
Koʻnglingizdan tashqaridaman…
Yana bahor
Yana novdalarga toshdi kurtaklar,
Yana daraxtlarda ochildi qushlar.
Yana nurga kosa tutdi chechaklar,
Yana yomgʻir boʻlib qaytdi tovushlar:
Bahor… bahor… bahor…
Yana koʻkka dastxat chekdi chaqmoqlar,
Yana kamalakda qovushdi ranglar.
Yana dumaladi momaqaymoqlar,
Yana ariqlarda oqdi ohanglar:
Bahor… bahor… bahor…
Yana soch oʻstirdi devona tollar,
Yana maysalarga tushdi qutqular.
Yana mayinlashdi xushboʻy shamollar,
Yana atlas-ipak kiydi tuygʻular:
Bahor… bahor… bahor…
Yana qizgʻaldoqqa boʻyaldi qirlar,
Yana yashil sharob sipqordi borliq.
Yana tilimizga qaytdi shukrlar,
Yana bir bahorga yetkazdi Xoliq!
Bahor… bahor… bahor…
Birinchi muhabbat
Sevasiz, yurakda – oy, ol rang gullar,
Sevilib kim kimdan olmagan gullar,
Shunda xotiralar deydi boshqacha:
Birinchi muhabbat hidi boshqacha.
Koʻrganda barno qad, husni yulduzni,
Suyganda qaro soch, oftobli yuzni,
Eslaysiz u puchuq, paxmoqsochgacha,
Birinchi muhabbat didi boshqacha.
Qoʻmsaysiz sogʻinchu mehr aralash,
Soʻylaysiz goh kulgi, goh sheʼr aralash,
Aytib turar koʻzda qalqqan yoshgacha:
Birinchi muhabbat edi boshqacha!
Tikonli gul
Menga achinganday qaramang
Va mehringiz qilmang sadaqa.
Bilmaysizki, kulgidan koʻra
Koʻzyosh yaqin qiladi Haqqa.
Oʻylaysizki – yarimta qalbim,
Kemtigiga armon taxlayman.
Yoʻq! Tikon-la tugal gul kabi
Shu dardlarim bilan baxtliman!
Yoʻlbarsman
Koʻrib yoqangizni ushlaysiz balki,
Tanish qiyofamda notanish feʼlni?
Tanimga, bu hayot – beshafqat tabib,
Koʻchirib qoʻyganday boshqa koʻngilni.
Oʻzimni eslayman huv oʻtmishdagi,
Qanday ohu edim! Sodda, beozor…
Afsus, yaxshiligim yomon ekan, doʻst,
Beozorligimdan chekdim koʻp ozor.
Hasadgoʻy, doʻstniqob, shaʼnxoʻr shoqollar
Koʻzyoshim ichgali tushdilar qasdga.
Bu ov jarayoni evirdi meni
Ojiz oʻljagamas, ozod yoʻlbarsga…
Bu sevgi…
Bu sevgi – baxt emas, dil cheki emas,
Nomini qoʻymishlar gunoh atashib.
Agar visol boʻlsa, meniki emas,
Agar inʼom boʻlsa, kelgan adashib.
Bu sevgi – jannatga yetmagan sogʻinch,
Arosat dashtida yoʻli tugagan.
Yoki boychechakday ungan shoshilinch,
Yoki shomchechakday kechda gullagan.
Bu sevgi – orzuyim edi tushimda,
Oʻngimda armonin koʻrsatdi hayot.
Koʻnglim vayron qilib, sinchu gʻishtidan,
Nahotki, umrimni tuzatdi hayot?
Bu sevgi – haqqini soʻrolmas qadr,
Kelmasdan, ketishin kuzatdim purgʻam.
Bizni adashtirdi oʻzgada taqdir,
Endi topishmaymiz, aziz Qovurgʻam!
Bu sevgi – ehtimol oxiru azal
Gunohlarim uchun Haq solgan xiroj?
Unutgim kelyapti seni, loaqal
Bormi oʻtmish dardday eslashga iloj?
Umidlarim uzish bilan qoʻllaysan –
Yoringni shunchalar, shunchalar sevki…
Eng mahzun siringman, oʻzing bilmaysan,
Kechikkan sevgi bu,
Kechikkan sevgi…
Qismat
Kurashmoqdan charchadim, tushun,
Bezib ichdim alamning talxin.
Orzularning bemajol tushin,
Bas, etmayman umidga talqin.
Toshdil deysan, qolmadi-da hech
Bisotimda na ashk, na vola.
Yuragimning chin ismi – Sogʻinch,
Oʻtgan umrim dardga havola.
Yigirma yil yigʻladim pinhon,
Togʻlar choʻkdi sabrlarimda.
Koʻrmaysan-da, koʻzlarimda qon,
Koʻzyosh oqar tomirlarimda…
Hech koʻrmadim sabrning tagin,
Men – qanotsiz tugʻilgan qushman…
Bel ushlashib yerga kuragin
Bosay desam, koʻrinmas dushman.
Allohimdan yozugʻingman deb,
Qilaverma ne tortsa hushing.
Tushun, bir kun samoni sevib,
Ketsam, sen ham tugaysan, tushun!
Nahot senga sevinch beqadr?
Baxt turibdi, bormi, deb, xizmat?
Rozi boʻlgin, umrimizda bir
Armondan voz kechaylik,
Qismat!..
Uni koʻrdim
Bugun uni koʻrdim, necha yil boʻyi
Yodimga sanchigʻliq turgan sitamni.
Koʻzini koʻzimga botirgan koʻyi,
Sensiz yasholmayman, degan odamni…
Koʻrdim, yonidagi gulgun ayolni
Bir sodda oshiqday suyar edi u.
Qasamga toʻldirib izhori holni,
Sensiz yasholmayman, deyar edi u…
Koʻrdim, u ham koʻrdi,
Lahzadan zarra
Kesdi eng soʻnggi dil payvandlarini.
Yolgʻiz yuragimda yolgʻiz manzara:
Joʻnadi yetaklab farzandlarini!
Koʻrdim…
U tirildi, oʻldi sevgimiz,
Sadoqat va sogʻinch sarob komida.
Alam yuragimga mushtladi ojiz,
Xoʻrlangan umidning intiqomida.
Koʻrdim,
Nigohlarim sindilar chil-chil,
Koʻzyoshga aylanib oʻtdim bir damni.
Allohim, baxtini chin qil, butun qil,
Sensiz yasholmayman, degan odamni!
Ilinj
Quyosh issiq tortib boryapti,
Yomgʻirlar yer chertib boryapti,
Oʻh, sogʻinchim ortib boryapti,
Kelasizmi ushbu bahorda?
Yillar soʻldi… Kutdim ozurda,
Jonu ruhim armonga oʻrda,
Boʻlmasidan umid bir burda,
Kelasizmi ushbu bahorda?
Men koʻzyoshman – odam shaklida,
Butun umrim xazon faslida,
Toʻkilmadim ilinj dastida,
Kelasizmi ushbu bahorda?
Oshiqmasman, oshiqdan koʻproq
Mehr tutdim, sipqordim firoq,
Qadr bildim, topmadim biroq,
Kelasizmi ushbu bahorda?
Gunohim ne – ayting-qoʻying shart!
Jazo boʻlsa, toʻlov shuncha vaqt.
Aylanayin dilozorim Baxt,
Kelasizmi ushbu bahorda?
Iroda Umarova
“Ijod olami”, 2017-1
https://saviya.uz/ijod/nazm/yana-novdalarga-toshdi-kurtaklar/