Yagona tarix, umumiy kelajak, barqaror yuksalish qon-qardoshligimizning ulugʻ maqsadlariga xizmat qiladi

Mamlakatimizning qoʻshnilari oddiy emas: qon-qardosh, jon-jondosh qoʻshnilar. Tarixlarni birga yaratganmiz, madaniyatlarni birga qurganmiz. Qaysi tilda gaplashmaylik, kundalik muloqotlar qilmaylik – hamisha bir-birimizni toʻla tushunganmiz: chunki biz soʻzlashib kelgan til ogʻa-inilar tili, bu ogʻa-inilikka yuraklarimizni ogʻushta qilganmiz.

Zero, qon-qardoshni qadrlasak, ardoqlasak, Janubda, Shimolda, Mashrigʻu Magʻribda ham barchamizni ardoqlashlarini, jahon siyosati maydonida, uning maʼnaviyat va maʼrifat oʻramlarida bizni yoqlashlarini yaxshi anglaymiz. Maxtumquli, Ahmad Donish, Berdaq, Chingiz Aytmatov, Abay Qoʻnonboyev soʻzlari bizga xuddi Navoiy, Choʻlpon soʻzidek moyday yoqadi. Ularning olamshumul insonparvarliklaridan koʻnglimiz yuksaklarga koʻtariladi, ularning soʻzlari bizga kimligimiz, qayerdan kelayotganligimiz, dunyo xalqlari qatorida qanday oʻrin tutganligimiz hamda tutajagimizni anglatadi va ulugʻ kelajakdan darak-mujdalar aytadi. Bular qanday dengizlar axir! Bular qanday serob-serhayot daryolar axir!

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev mana shularni yurakdan his qiladi, shuning uchun zamonamizning katta siyosatiga ularni hamohang-ogʻushta qiladi. Siyosat harakatdagi reallikka aylanadi. Siyosat, iqtisod, ijtimoiylik, madaniyat, tarix birlashib yagona qudratli kuch kabi tarix sahnasiga chiqadi. Zero, bularni hech qachon bir-biridan ajratib boʻlmaydi, ayri tasavvur qilib boʻlmaydi. Abay Qoʻnonboyevni biz xuddi ozodlik jarchisi va fidokori Behbudiy kabi anglaymiz va eʼzozlaymiz. Ularning erk hamda insonparvarlik, milliy ravnaq gʻoyalari biz uchun doim tirik va doim jamiyat maydonlarida harakatda.

Biz Prezidentimizning 2018 yil 13 martda imzolangan “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilish toʻgʻrisida”gi qarorini, uning teran mazmun-mohiyatini qon-qardoshligimizning ulugʻ maqsadlariga xizmat qiladi deb angladik: yagona tarix, umumiy kelajak, barqaror rivojlanish hamda taraqqiyot mana shulardan hosil boʻladi. Uning ildizi shu qadar chuqur!

Abay Qoʻnonboyev qardosh qozoq xalqining ajoyib va tengsiz bir adibi, shoiri, maʼrifatparvari, takrorlanmas donishmand mutafakkiridir. U qirq yoshida oʻzining xalq hayotidagi oʻrnini shunday tansiq soʻzlarda ifodalagandi: “Qozoqqa shirin-shirin oʻlan ayttim, Oʻlanda hech kim menga teng kelmadi, Lekin qadrim topolmay yigʻladim jim, Oʻzim yuksaklarga qanot qoqtim”…

Abay XIX asrning ikkinchi yarmidan to XX asrning toʻrtinchi yiligacha qozoq hamda qardosh turkiy xalqlarni maʼrifatli, madaniyatli, erkli va ilgʻor xalqlarga tenglashishi yoʻlida jonini ayamay ter toʻkdi. U xalqni orqaga tortadigan kuchlar hamda ijtimoiy hayotiy, ruhoniy hodisalarni aniq bilgan va tasavvur qilganidek, xalqni ozodlik sari, taraqqiyot sari yetaklaydigan kuchlar va gʻoyalarni ham aniq tasavvur qilar, anglar va shularni chin maʼnoda roʻyobga chiqarish uchun jonbozlik qilardi. Abay “koʻkragida oʻti bor oʻyli odam” uchun umr boʻyi kurashdi. Ijodi, barcha oʻtli soʻzlarining bosh maʼno-mazmunini shunda, deb bildi.

Bu barcha turkiy xalqlarning rivoj jarayonlarida eng dolzarb masala – gʻoya edi. Shuning uchun: “Men oʻlanni yozmayman ermak uchun” deb, ijod qilishdan bosh maqsad-aʼmolini teran ifodaladi. Uning oʻlanlaridan shuning uchun yurak yolqinlari otilib turadi. U koʻkragida oʻti bor oʻyli odam deganda, gʻayratli, aql, imon, ilm, insofni oʻziga dastur qilib olgan, elga, jamiyatga foyda keltirish tilagi, maqsadi bilan yashaydigan, harakat qiladigan odamni tushundi. Shunday odam Abay Qoʻnonboy oʻgʻlining ideali edi. U qozoq eliga murojaatlarida roʻy-rost aytdi: ilmni kim beradi “yonmay yotib soʻnsangiz” dedi. Qozoqni oʻzini oʻnglashga daʼvat etdi. Shoirona teran bir tarzda el oʻzi uchun harakat qilmasa, “koʻz yoshi, yurak qoni bilan hatto ichki muz erimaydi” deb bashorat qildi. U haqiqatan elga saboq boʻlsin, deb oʻlan aytdi. U dunyoning eshigini xalqlar uchun otashin va haqqoniy oʻlan ochishiga chin dildan ishondi. Ibrohim Qoʻnonboy oʻgʻlining barcha otashin soʻzlari hali-hanuz tirik: u hamon oʻz ulugʻ shoirlik masnadidan turib: “Teran oʻy, teran ilm yoʻling ochsin!” deb goʻzal haqiqatlarini ellarga yetkazib turadi.

Prezidentimizning qarori mana shunday ajib bir dahoni bizga yanada yaqinlashtirayapti. Bir paytlar Mirtemir, Uygʻun, Asqad Muxtor kabi shoirlarimiz Abayning goʻzal, haqparast va oʻta turkona asarlarini oʻzbek tiliga jilvasoz qilib tarjima qilgan edilar, Nosir Fozilov uning Navoiy, Monten, Gyote, Kaykovus esselaridan kam boʻlmagan oʻta yorqin naqllarini oʻzbekchalashtirgan. Bu asarlar yangi zamon oʻquvchilari uchun ajib bir yangilik boʻlajak. Zero, ularning bir soʻzi ham eskirmagan va har fikri yangi zamonlarga shuʼla hamda alanga sochib turadi. Biz ulugʻ turkiy shoirning saylanmalari toʻliq holda chiqishini intizorlik bilan kutamiz. Abay mushoiralari, qarorda taʼkidlanganidek, koʻngillarimizga yangi sururlar, yangi toʻlqinlar olib kirajak.

 

Ibrohim FAFUROV,

Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi

 

“Xalq soʻzi” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/yagona-tarix-umumiy-kelajak-barqaror-yuksalish-qon-qardoshligimizning-ulug-maqsadlariga-xizmat-qiladi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x