YADRO NURLANISHI DETEKTORLARI

YADRO NURLANISHI DETEKTORLARIyadro nurlanishlarini kuzatish va qayd qilish uchun moʻljallangan asboblar. Ularga ssintillyatsiyaviy va ionizatsiyaviy hisoblagichlar, Vilson kamerasi, pufak kamera, yarimoʻtkazgich detektorlar, qalin qatlami fotoemulsiya va boshqalar kiradi.

Yadro nurlanishlari modda orqali oʻtganda ular qoldiradigan iz (trek) laridan foydalanib ularni oʻrganish mumkin. Xususan, Vilson kamerasi, pufak kamera va fotoemulsiyaning qalin qatlamidan nurlanish zarralari oʻtganda shunday izlar kuzatiladi. Izlarning qandayligi — uzun yoki qisqaligi, yoʻgʻon yoki ingichkaligi, magnit maydonida ogʻishi va h. k. zarra zaryadining ishorasini, energiyasi, impulsi va boshqalar fizik kattaliklarni baholashga imkon beradi.

Zaryadli zarralar oʻz yoʻlida uchragan molekulalarni ionlashtiradi. Ionizatsiyaviy hisoblagichlarda gaz bilan toʻldirilgan hajmga uchib kirgan zaryadli zarra gaz molekulalari bilan toʻqnashib, ion va elektronlardan iborat iz qoldiradi — zanjirda tok hosil boʻladi. Tokning kattaligidan kamera hajmidan oʻtayotgan zarralar haqida fikr yuritish mumkin.

Ssintillyatsiyaviy hisoblapLlarda lyuminessensiyalanuvchi sirtga tushuvchi zarralar taʼsirida yorugʻlik chaqnashlari (ssintillyatorlar) vujudga keladi, moddadan fotonlar chiqadi. Bunday yorugʻlik chaqnashlarini fotokoʻpaytirgich qayd qiladi.

Neytral zarralar iz qoldirmaydi, lekin ular yemirilib zaryadli zarralar hosil qilish paytida yoki biror yadro bilan toʻqnashish paytida seziladi. Demak, neytral zarralar ham oʻzlari hosil qilgan zaryadli zarralarning ionlashtirish taʼsiri orqali qayd qilinadi.

Yadro tajribalari impuls kuchaytirgichlar, mos tushish sxemalari, vaqtincha toʻxtatib turish sxemalariga ulangan detektorlar yordamida amalga oshiriladi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x