XX asr oʻzbek qissachiligida bola obrazi

(Gʻ.Gʻulom, Oybek, T. Murod asarlari misolida)

 

Annotatsiya

Ushbu maqolada XX asr oʻzbek qissalari soʻz psixologiyasi nuqtai nazaridan tahlil qilingan. Maqolada psixologik tasvir va soʻz psixologiyasini tadqiq etish orqali muallif va qahramon ruhiy olami haqida umumiy xulosalar chiqarilgan.

Annotatsiya

V dannoy statye analiziruyutsya uzbekskiye povesti XX stoletiya svoyeobraziya povestey issleduyutsya s tochki zreniya psixologii slova i delayutsya obobshʼayushʼiye zaklyucheniya

Annotation

In this article uzbek stories are analyzed. From the view point of the poculirities in the stories word psychology learning, and concluded generally.

 

Tayanch soʻzlar: qissachilik anʼanalari, psixologizm, soʻz psixologiyasi, psixologik tasvir, ruhiy erkinlik, biogenetik omil, sotsiogenetik omil, avtobiografik xarakter, “Men jamiyat ichida” va “Men va jamiyat” pozitsiyalari.

 

Bugunga qadar adabiyotshunosligimizda qissachiligimizga oid bir qancha tadqiqotlar amalga oshirilgan.[1] Lekin ularning hech birida, ayrim fikr va boblarni hisobga olmaganda, qissa va psixologizm maxsus tadqiq etilmagan.

Biz badiiy soʻz psixologiyasini tadqiq etar ekanmiz, qissa janriga murojaat qilishimiz tabiiydir. Avvalo, shuni aytish lozimki, psixologik tasvir jihatidan qissa janri katta ahamiyatga ega. Chunki ushbu janrning bosh talabi asar syujetining yagona qahramon hayotining dramatizmga boy, lirik talqinga moyil lahzalarini tasvirlashga asoslangan.

Oʻzbek qissachiligi minglab yillik tarixga ega. “Xalq kitoblari” zamonaviy qissachiligimizning genezisi hisoblanadi. Qissalarni birlashtiruvchi umumiy xususiyat ularda biografik elementlarning koʻproq qamrab olinishidir.

Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” qissasi yuqoridagi kabi fikrlarga turtki beradi. “Shum bola” qahratonda qulf urib gullagan bodom, Choʻlpon iborasi bilan aytganda, qor qoʻynidagi lola yangligʻ kishini hayratga soladi”.[2] Qissa qahramoni asl ismi pinhon tutilgan Shum bola, 14-15 yoshli oʻsmir yigitdir. U yarim yillik sarguzashti davomida hayotning barcha jabhalarini, undagi ikir-chikirlargacha koʻzdan kechiradi.

Agar yerda zulm koʻpaysa, ijodkor mavzu va makonni oʻsha yerdan olisga koʻchiradi, qahramonlarini sarguzashtga chorlaydi yoxud voqea-hodisalarni arshi aʼloga koʻchiradi. Gʻ. Gʻulom qahramoni sarguzashtga chiqadi. Muallif oʻz badiiy niyatini sarguzasht davomida anglatib boradi. Qissadagi real voqeliklar gʻayrishuuriy tarzda aks ettiriladi. Ruhiyat birinchi planga olib chiqilib, aql ikkinchi darajali qurolga aylanadi. Agar Shum bola aql egasi sifatida gavdalantirilganda bu kabi erkinliklarga ega boʻlmasdi va asar ham hozirgidek mavqe qozonolmasdi. Muallif buni anglagan holda oʻz qahramoniga katta ruhiy erkinlik beradi. Badiiy asarda ruhiy erkinlikni taʼminlash esa badiiylikning muhim asosi sanaladi.

Biz tadqiq etayotgan qissada ruhiy kechinma va tuygʻu bolada rivojlangan boʻlib, uni shakllantirish, butun boshli mafkuraga qarshi qoʻyish, aql bilan tizginni boshqarish yozuvchining oʻzida qolgan. Muallif va qahramon oʻrtasidagi aqliy va ruhiy asoslar uygʻunlashib asar badiiy qimmatini taʼminlagan.

Shum bolaning oʻsmir yoshda boʻlishi diqqatga sazovor. Yosh davrlari psixologiyasiga koʻra, u oʻtish davrini boshdan kechirayotgan, rivojlanayotgan oʻsmirdir. Bu davrda oʻsmirning “men”i qaytadan shakllanadi. Uning atrofidagilari, ayniqsa, oʻz-oʻziga munosabati, qiziqishlari, qadriyatlari yoʻnalishi keskin oʻzgaradi. Psixologlar oʻrtasida yoshni davrlashtirishda tafovutlar bor, lekin barcha psixologlarning tasnifiga koʻra ham Shum bola oʻsmirdir. Psixolog D. I. Feldshteynning fikricha, shaxs shakllanishi jarayonida ikkita katta taraqqiyot bosqichini bosib oʻtadi. Bu “Men jamiyat ichida” va “Men va jamiyat”, degan pozitsiyalardir. Bu bosqichlarni bosib oʻtish uchun shaxsga kamida besh-olti yil kerak boʻladi. Shum bola esa, olti oy ichida bu bosqichlardan oʻtib, oʻz-oʻzini anglashga yetib boradi. Bundan anglashiladiki, Shum bola dinamik tarzda rivojlanuvchi xarakter, uning xarakteri dinamikasiga ijtimoiy hayot hodisalari turtki beradi.

Ijod ahli erkinlik kishilari ekanligiga va ijod mahsuli erkinlik mevasi sifatida maydonga kelishiga shubha yoʻq. Gʻ. Gʻulomning ong ostida hamisha ruhiy erkinlikka tashnalik yashab kelgan. Hukmron mafkura tazyiqi ostida bu tashnalik yana ham ortgan. Ruhiy tashnalikni ifodalash uchun unga ramziy obraz, aynan Shum bola kerak edi. Muallif unga badiiy, ramziy soʻz vositasida oʻzidagi ruhiy tashnalik, oʻtkir yumorni yuklay olgan. Natijada, Shum bola oʻsmirlikdayoq oʻz-oʻzini anglagan, yetarli darajada mukammallikka erishgan badiiy obraz sifatida gavdalangan.

Oybekning “Bolalik” qissasi avtobiografik xarakterda boʻlib, uning bosh qahramoni – Musavoy, yaʼni boʻlajak adibning oʻzidir. Qissa bola tilidan hikoya qilinadi. Undagi voqealar Oybekning bolalik xotiralaridir, lekin muallif faqat xotiralar bilan cheklanib qolmasdan, oʻsha davrning yirik voqealarini ham tasvirlaydi.

Qissa voqealari XX asrning 10-yillarida kechadi. Bu davr adibning ayni bolalik davridir. Adabiyotshunos A. Rasulovning taʼkidlashicha, “Oybek davrlarni yaxshi eslaydi. Aniqrogʻi, XX asrning 10-yillari voqeligi odamlari Oybek ijodining oʻq ildizidan birini belgilaydi. U “Bobom”, “Bolalik”, “Baxtigul va Sogʻindiq”, “Ulugʻ yoʻl” asarlarida shu davrni tasvirlaydi. Demoqchimizki, Oybek ijodini oʻrganganda biografik metodni zinhor unutmaslik kerak”.[3]

Bizningcha, badiiy soʻz tahlilida asar mohiyatini bevosita matn orqali anglagan muhim. Yaʼni muallifdan matnga emas, matndan muallifga tomon borgan maʼqul. Garchi, “Bolalik” qissasi voqealari memuar tarzda boʻlsa ham, muallif unga bir qancha ijtimoiy ruh bagʻishlaydi. Bu narsa asarning keyingi boblarida ijtimoiy voqealarning yorqinlashuvida koʻrinadi.

“Bolalik” qissasidan bola rivojlanishida ijtimoiy muhit va sotsiogenetik omillar muhim ekanligini anglash mumkin. Chunki Musavoyning hayoti asosan ijtimoiy muhitda: bozorda, koʻchada oʻtadi. Musavoy ham Shum bola kabi oʻsmir yigit. Faqat Gʻ. Gʻulom Shum bolaning 5-6 oylik sarguzashtini tasvirlasa, Musavoyning kamida oʻn yillik hayoti aks ettiriladi. Uning yoshi (4-14) muallif tomonidan aniq koʻrsatiladi.

Shum bola qissaga tayyor oʻsmir sifatida kirib keladi. Uning harakatlari va dunyoqarashi dinamik tarzda rivojlanadi. “Bolalik”da esa oʻzgacha holat. Musavoy bolalikdan oʻsmirlikkacha boʻlgan davrni tadrijiy tarzda bosib oʻtadi. Natijada, qissada tasvir koʻpayib ketadi. Bu esa qahramon ruhiyatini ichki tugʻyonlari bilan tasvirlashni cheklaganday boʻladi. “Shum bola”da esa harakat kuchli. Gʻ. Gʻulom qahramoni turli vaziyatlarda oʻzini tutishi, qiliqlari, gap-soʻzlari bilan oʻzini toʻla namoyon etadi.

Maʼlumki, qahramon ruhiyati monolog va dialoglarda ochiladi. “Bolalik”da dialoglarga katta vazifalar yuklanmagan. Musavoyning dialoglari faqat tengqurlari va tanishlari doirasida boʻladi. Shum bolani esa, biz dialoglardan anglaymiz, u hayotning barcha tabaqa vakillari bilan muloqotga kirishadi va ularning koʻpida gʻolib keladi.

Oybek avtobiografik uslubni qoʻllab oʻzini biroz cheklaganday boʻladi. Qahramoniga Shum bola kabi toʻla erkinlik bera olmaydi. Shunday boʻlsa-da, koʻp oʻrinda ruhiyatidagi erkka tashnalikni qahramoniga koʻchirishga urinadi. Masalan, “Maktab jahannam kabi tuyuladi. Har soat, har daqiqa “ozod” soʻziga intizormiz”.[4] Parchadagi “ozod” soʻzi faqatgina “tanaffus, uyga javob” maʼnosida emas, unda bir umr tazyiq ostida yashagan muallifning ruhiyati ham aks etgan. Matnda “ozod” soʻzi qoʻllanishining oʻzi muallifning ruhiy erkinlikka tashna boʻlganini koʻrsatadi.

80-yillar qissachiligini T. Murodsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Aytish mumkinki, bu davr qissachiligini xulosalashda T. Murodning ijodiy yangiligini hisobga olmaslik mumkin emas. T. Murod ikki davrda: yakun topayotgan va qaror topayotgan davrda ijod qildi. U qissachilikda bir qancha yangiliklarni amalga oshirdi. Buni uning “Ot kishnagan oqshom” qissasi misolida koʻrish mumkin.

Qissaning bosh gʻoyasi – insoniylik. Undagi voqealar barcha qissalarga xos ravishda ketma-ketlikda sodir boʻladi. Qissadagi voqealar Ziyodulla kal atrofida birlashadi. Ziyodullaning jismoniy nuqsoni bor. Uning nega kal boʻlib qolgani maʼlum emas. Jamiyat kulgusi tufayli u “beshinchi sinf kalla”si bilan qolib ketadi. Shu tariqa qissa voqealari rivojlanadi. Bir tomondan, Ziyodullaning kalligi jamiyatga qarshi boʻlishga bir bahona boʻlsa, ikkinchi tomondan, uning xarakterini shakllantiradi, yaʼni u, oʻzi tez-tez taʼkidlab turgandek, araz urushni yaxshi koʻradigan, oʻjar kimsaga aylanadi. Qissa avvalidanoq uning xarakteri shakllanadi. U ot sotib olib (ot – tabiat ramzi) butun jamiyatni fosh qilishga kirishadi. Ruhshunoslik manbalaridan maʼlumki, real hayotda ham jismoniy nuqsonli kishilar Ziyodulladagi kabi xususiyatlarga ega boʻladilar, ularda oʻzlarini jamiyatga solishtirish natijasida oʻjarlik, teskari oppozitsiyada turish yetakchi boʻladi. Qissada Ziyodullaning harakatlari tabiiy chiqqan. Biz uning jamiyatni fosh qiluvchi kuchidan hayratlanamiz va unga xayrixohlik bildiramiz.

Qissada tabiat va jamiyat muammosi ilgari suriladi. Ziyodulla tabiat va jamiyatni birlashtiruvchi, buning natijasida jabrlanuvchi xarakterdir. U nohaqlikka chidolmaydi, nohaqlikni koʻrsa, qarab turolmaydi. “Orachiga – olti tayoq”ligini bilsa-da, bozordagi mushtlashishda nohaq kaltak yeganning yonini oladi, oʻzi ham kaltak yeydi. Adolat qaror topishi uchun necha bor rayonga qatnaydi, haqiqat uchun guvohlik beradi. Natija esa boshqacha boʻladi, bezorilar qutilib qoladi va Ziyodullani topib kelib kaltaklaydilar.

Qissa davomida qahramonimiz yetmishga yaqin oʻrinda jamiyatga “birodarlar” deb murojaat etadi, ammo jamiyat birodarlik qilmaydi. Qissa soʻnggida Ziyodulla jamiyatdan yuz oʻgiradi, faqat Tarlonnigina “birodarim”, deb ataydi. Tarlon psixologik timsoldir. Unda muallifning, qahramonning ruhiyati namoyon boʻlgan. Ziyodulla va Tarlon oʻrtasida ruhiy yaqinlik bor, ular hamisha birga harakatlanadilar.

Qissada “birodarlar, uloq, koʻpkari, toʻy, ot, Tarlon, katta” kabi soʻzlar ramziy maʼnoda qoʻllangan, ularga maʼlum vazifalar yuklatilgan boʻlib, Ziyodulla ruhiyatini, umuman, oʻsha davr real hayotini anglashimizda bizga kalit soʻz vazifasini oʻtaydi.

Badiiy matn nuqsonsiz boʻlmaydi. Qissada muallif odamlar loqaydligini yanada boʻrttirish uchun bozorda kuchuk epizodidan foydalanadi. Bu epizodni adabiyotshunos H. Karimov juda xarakterli deb hisoblaydi va qilinayotgan vahshiylikka it chiday olmagan, uning egasi baliqpaz esa beparvo, degan xulosaga keladi.[5] Umuman olganda, yozuvchining maqsadi va chiqarilayotgan xulosa toʻgʻri, lekin olomon toʻla bozorda “maydagina qora bir kuchuk”ning bemalol yurishi va odamlarga tashlanishi realistik uslubga biroz mos tushmagan. Bundan tashqari, Ziyodullaning samolyot derazasidan bulutlarni koʻrib paxta deyishi ham ishonarsiz chiqqan, har holda “beshinchi sinf kalla” bilan qolib ketgan bola ham bulut bilan paxtaning farqiga borishi kerak edi. Umuman, Ziyodullaning Moskvaga borishi qissada vazifa bajarmagan, faqat u voqealarga guvoh boʻlish uchun borib keladi, unda ishtirok etmaydi.

Yaxlit olganda, bu kabi juzʼiy kamchiliklar qissaning umumiy qimmati va yangiligiga rahna solmaydi. Qissa uslubining yangiligi, unda qahramon ruhiyati tasvirining yetakchiligi, ichki ritmning mavjudligi bilan 80-yillar oʻzbek qissachiligining bezagidir.

Xullas, tahlilga tortilgan qissalarda soʻz psixologiyasi va psixologik tasvirlarga keng oʻrin berilgan. Qolaversa, ularning yana bir xarakterli jihati, ularda bola obrazlarining mavjudligidir. Chunki muallif asarda bola obrazini yaratishdan muayyan badiiy maqsadni koʻzlaydi, uning ruhiy erkinlikka boʻlgan tashnaligi bola obrazida mujassamlashadi. XX asr oʻzbek qissachiligining rivojlanishi unda inson ruhiy olamini kengroq tasvirlashga urinishda namoyon boʻldi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:

  1. Boymurodov N. Amaliy psixologiya. – T.: Yangi asr avlodi, 2009.
  2. Vohidov M. Bolalar psixologiyasi. – T.: Oʻqituvchi, 1982.
  3. Viʼgotskiy L. Psixologiya iskusstva. – M.: 1968.
  4. Qahramonov Q. Adabiy tanqid va oʻzbek bolalar adabiyoti. – T.: 1991.
  5. Qosimov A. Adabiyotda bolalik maʼnaviy-axloqiy kategoriya sifatida. (fil. f. n. diss.) – T.: 1997.
  6. Sarimsoqov B. Badiiylik asoslari va mezonlari. – T.: 2004.
  7. Ulugʻov A. Qissachiligimiz qirralari. – T.: 1991.
  8. Freyd Z. Vvedeniye v psixoanaliz. – M.: Nauka, 1991.

 

Rustam UMURZOQOV

 

“Sharq yulduzi”, 2014–4

 


[1]Qarang: Normatov U., Nasrimiz ufqlari, T., 1974, Ulugʻov A., Zamonaviylik va xalqchillik. Qissachiligimiz qirralari, T., 1991, Xolmurodov A., Oʻzbek qissachiligi: taraqqiyot muammolari (XX asr soʻnggi choragi), f.f.d. dissertatsiyasi, T., 2008 va boshqalar.

[2] Normatov U., Ijod sehri, T.: “Sharq”, 2007. B. 146.

[3] A. Rasulov. Badiiylik – bezavol yangilik. – T.: “Sharq”, 2007. –B. 200-201.

[4] Oybek. Bolalik. – T.: “Sharq”, 2008. –B 67.

[5] H.Karimov. Nasr baxshisi. T.Murodning adabiy portreti. – T.: Yangi asr avlodi. 2003. – B. 41

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/xx-asr-ozbek-qissachiligida-bola-obrazi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x