Xunuk

Toʻy qizigandan qizidi. Kelin-kuyovni allaqachon chimildiqqa kuzatib qoʻyishgan. Qishloq boʻylab xoʻrozlarning dastlabki qichqirigʻi eshitildi, garmonchi bisotidagi bor kuyni chalib tugatdi, uylar oyoqlarning zarbidan zir-zir titradi. Beshta chiroq koʻzni qamashtirguday nur sochib turibdi, uylarning derazasidan haliyam uxlamagan oʻyinqaroq bolalar koʻrinib qoladi.

Juda koʻp yeyildi, ichildi, koʻz yoshi toʻkildi, miriqib oʻyin-kulgi qilindi. Stoldagi noz-neʼmatlar peshma-pesh yangilab turildi. Holdan toygan garmonchini oʻyinbop musiqalar yozilgan patefonga almashtirishdi. Koʻchada, yon-atrofda oyoqlarning dupur-dupuri, shoʻx-shodon qiyqiriqlar tinmadi, dalada ham, daryo boʻyida ham eshitilib turdi. Butun tevarakdagi qishloqlarda yashaydiganlar bugun Podvoryeda toʻy-tomosha ekanidan xabardor boʻldi.

Hamma shod-xurram, birgina Sonyaning qalbi alam-iztirobda. Qizning qirrador burni aroq taʼsirida qizarib ketgan, boshi shangʻillar, yuragi alamli oʻylar girdobida ogʻir-ogʻir urardi. Chunki uning bor-yoʻqligini birov xayoliga keltirmas, hamma oʻzi bilan oʻzi ovora edi. Kechadagilarning deyarli barchasi oʻz juftini topib olgan, bir-biriga mehr-iltifot koʻrsatar, birgina Sonyaga hech kim eʼtibor bermas, raqsga ham taklif qilmas edi.

Qiz chiroyli emasligini bilar, ozgʻinligidan uyalar edi. Oʻyin-kulgi boʻladigan davralarga bormaslikka qayta-qayta qasam ichar, lekin har gal oʻzini tutib turolmas, qandaydir baxtning mavhum sharpasi uni yetaklab kelaverar edi.

Hatto ancha yillar oldin, yoshlik paytida – institutda oʻqib yurgan kezlarida ham uni hech kim sevmadi. Hech kim uni biror marta uyiga kuzatib qoʻymadi, biror marta oʻpmadi. Qiz institutni bitirib, qishloqqa ishga keldi. Unga maktabdan xona ajratib berishdi. Sonya kechalari daftar tekshirar, oʻqir, sevgi haqidagi sheʼrlarni yodlar, kinoga borar, dugonalariga uzundan-uzoq maktublar yozar, sogʻinchli xayollarga choʻmar edi. Ikki yil ichida deyarli hamma dugonalari turmushga chiqib ketdi. Bu vaqt davomida esa uning yuzi yanayam xiralashdi, battar ozib yelkalari turtib chiqdi, xolos.

Mana, bugun uni yana mazax qilmoqchi boʻlgandek toʻyga taklif qilishdi va u yana keldi. Qiz baxt-shodlikka koʻmilgan kelinchakka entikib tikilar, odamlar bilan birga zaif ovozda “Gorko!”, “Gorko!”[1] deb baqirar, kelin-kuyovni oʻpishishga undar edi. Hech qachon bunday toʻy koʻrolmasligini, baxtiyor kelinchakka aylanolmasligini oʻylar, oʻylagani sari koʻksida achchiq-achchiq ogʻriq turardi.

Uni xushroʻygina, koʻzlari qop-qora gʻamgin bir yigit bilan – veterinar-feldsher Nikolay bilan tanishtirishdi. Ularni yonma-yon oʻtqazishdi. Yigit dastlab unga mehr-iltifot koʻrsatganday boʻldi. Sonya yigit taklif qilgan hamma narsani yeb-ichar, koʻzlarida chuqur mehr, minnatdorchilik zohir edi.

Nimagadir Nikolayning qovogʻi baribir ochilmadi, koʻp oʻtmay qizni eʼtiborsiz qoldirib boshqa stoldagi kim bilandir gaplashishga tushdi. Keyin uni butunlay tashlab ketdi. Uzun qoʻllarini lapanglatib, baqirib-chaqirib rosa raqsga tushdi, holdan toygach, atrofga alanglab qaradi-da, stolga qaytib kelib aroq ichdi. Keyin dahlizga chiqib ketgancha qaytib kelmadi.

Sonya bir burchakda yolgʻiz oʻtirarkan, oʻz hayotini oʻylar, mana bu kayfi chogʻ, baxtiyor, mast, terga botgan odamlarni koʻrib gʻashligi kelar va oʻz holiga achinardi.

Yaqinda u oʻziga toʻq zangor rangli juda chiroyli koʻylak tikib oldi. Koʻrganlar rosa maqtadi, kiyimi yarashganini aytdi. Mana, endi hatto koʻylagi ham yordam bermadi, hammasi avvalgiday qoldi: eski hammom, eski tos.

Soat tungi uchga yetganda yonoqlariga dogʻ tushgan, unutilgan, baxtiqaro qiz – Sonya dahlizga chiqdi, undan zinaga oʻtdi.

Uylar zulmatga choʻmgandi. Butun qishloq shirin uyquda, hamma joyda osoyishtalik, sayr qilib yurgan kishilarning qiyqiriqlari, dupur-dupurlari, garmonning quloq yirtar tovushi ochiq qolgan derazalardangina ichkariga oqib kirardi. Ola koʻlanka nur tushgan maysalar malla-qizgʻish tusda koʻrinardi.

Sonyaning iyaklari titrab ketdi. Lablarini tishladi, lekin buyam yordam bermadi. Zinadan tushgach, qorongʻulik qaʼrida oqarib-ajralib turgan qayinning oldiga arang yetib oldi. Yelkasi bilan suyanib turdi-da, hoʻngrab yigʻlab yubordi. Birov eshitib qolishidan uyalib roʻmolchasini tishlab oldi. Lekin uni eshitadigan odamning oʻzi yoʻq edi. “Bas, yetar! – dedi Sonya oʻziga oʻzi koʻzlarini qattiq yumib. – Yetar! Mana bu yerimga keldi. Ketish kerak! Hoziroq!” Sonya qayinni qoʻyib yuborib nari ketmoqchi boʻldi. Lekin oyoqlari oʻziga boʻysunmas, qadam tashlashga qoʻymasdi.

 – Kim u? – degan ovoz eshitildi orqadan.

Sonya yigʻisini yashirishga urindi, tezda roʻmolchasi bilan yuz-koʻzini artdi, qayinga tirmashganicha ming bir istiholada ortga qayrildi. Ovoz bergan Nikolay edi. U qoqilib ketdi, yiqilib tushmaslik uchun qizning yelkasidan ushlab oldi. Qoʻli loy-tuproqqa belangandi.

 – A! – dedi u mast ovozda. – Sizmidingiz? Men… chorvoqqa oʻtgandim. – U yana chayqalib ketib qizga yopishib qoldi. – Toʻyiga taklif qildi-ya, beyuz! – baqirib gapirdi u. – Oʻldiraman hammasini! Qonini ichaman! Meni shisha bilan sotib olmoqchimiding! Esi past! Chuchvarani xom sanabsan!

Nikolay tishlarini gʻijirlatdi, keyin onadan soʻkindi.

 – Biror yeringiz ogʻriyaptimi? – qoʻrqa-pisa soʻradi Sonya. – Suv opkelaymi?

 – Yoʻq. Koʻnglim ayniyapti…

Yigit burchak tomonga qarab ketdi. Sonyaning unga ichi achidi. Dahlizdan bir paqir suv olib keldi-da, Nikolayning boshidan quya boshladi. U itoatkorona egilib turar, ogʻiz-burniga kirgan suvlarni puvlab pishqirar, nimalardir deb toʻngʻillab qoʻyardi.

Keyin shalobbo ahvolda, koʻylakchan oʻtirib zinada sigaret chekdi, Sonya esa uning chakmonini yuvib tozaladi.

 – Ancha yengil tortingizmi? – birortasi eshitsa, koʻzi tushishidan qoʻrqib past tovushda soʻradi qiz.

 – Sal-pal… Nimaga sizni oldin hech koʻrmaganman? Toʻydagilarning hammasini yaxshi taniyman.

 – Bazmlarga kam boraman.

 – A! Siz maktabda yashaysiz-a?

 – Ha, maktabda.

 – Kuzatib qoʻyaman, qarshimasmisiz?

Nikolay turib chakmonini kiydi, keyin dahlizga suv ichgani ketdi.

 – Yigʻlabsiz, shekilli, – soʻradi u. – Kim xafa qildi?

Qizning koʻngli minnatdorchilik hislariga toʻldi. Soʻng boshini egib javob berdi:

 – Yoʻq, hech kim xafa qilgani yoʻq…

 – Toʻgʻrisini aytoʻvring! Agar birortasi chertgan boʻlsayam, qovurgʻasini sindiraman! – Nikolay Sonyani yelkasidan quchib oldi. Tuproq yoʻldan yurib ketishdi, soʻng chapga burilib soʻqmoq yoʻlga chiqishdi. Tomorqalar, qoʻralarning yonidan oʻtishdi. Allaqachon shudring tushgan, maysalar jiqqa hoʻl edi.

Sonyaning nimagadir kulgisi qistardi. U hozir oʻziga begona edi. U boshini Nikolayning yelkasiga qoʻyib ketishni istar, ammo uyalardi. Bir marta Nikolay qoqilib, qizga qapishib qoldi. Shunda ham qiz shosha-pisha oʻzini orqaga tashladi.

 – Siz oʻlguday mastsiz! – xuddi eski qadrdoniga gapirayotganday yengil taʼna bilan dedi qiz.

 – Toʻgʻri! – Nikolay qoʻllari bilan yuzini ishqaladi. – Toʻyda hamma boʻkib ichdi.

Ular maktabga yetib kelib, zinaga koʻtarilishdi. Sonya sarosimaga tushib qolgan, nima qilishini bilmasdi: darrov kirib ketsinmi yo biroz tursinmi? Boshida ketmoqchi boʻldi, lekin keyin Nikolayning ranjishidan qoʻrqib, qoldi.

Nikolay negadir yana mastona tebranar, nafasi xirillar, Sonyaning qoʻlidan ushlab olgan edi.

 – Nimadir desangiz-chi, – dedi qiz rangpar yuzlarini zim-ziyo osmonga qaratib.

 – Gapiradigan gapning oʻzi yoʻgʻ-u… – xirilladi u, keyin qizni oʻziga tortdi-da qattiq quchoqladi, bechoraning suyaklari qisirlab ketdi. Yigit hoʻl lablari bilan uni oʻpa boshladi.

 – Qoʻyvoring! – deb shivirladi qiz yigitning quchogʻidan chiqib ketishga urinarkan.

 – Jim! – dedi yigit ovozini yanayam pasaytirib, qizni dahlizning qorongʻuroq joyiga olib bordi. – Jim deyman! Nima, esingni yeganmisan!

 – Kolya… Oʻzingni bos, azizim. Nima qilganing bu, a?

 – Sevasanmi meni? – toʻngʻilladi Nikolay. – Jinnilik qilma!

 – Keragi yoʻq, Kolya, keragi yoʻq, – qizning soʻzlaridagi yolvoruvchi ohang yigitni hovuridan tushirdi.

 – Boʻpti… – dedi u. – Asabimga tegma! Sen… sen ertaga daladagi bostirmaga borgin. Borasanmi?

 – Qachon? – deb shivirladi Sonya titrab-qaltirab.

 – Soat yettida. Boʻptimi?

 – Boraman.

 – Aha… – Nikolay sigaretni bir necha bor tortib-tortib simirdi, qoldigʻini esa poshnasi bilan ancha vaqt ezib turdi. – Mayli, koʻrishguncha!

Yigit qizni yana bir marta oʻpdi. Lekin bu safar oʻpkasini bosib olgandi, ortiqcha hayajonlanmadi. Qizning yuzlarini kaftlari orasiga olib birpas turdi. Soʻng zinadan tushib qorongʻulik bagʻriga singib ketdi. Bir minutdan keyin uning hirgoyisi eshitila boshladi. Qoʻshiq tuturuqsiz va yasama edi.

Uyda Sonya xona boʻylab ohista yurdi, ustki kiyimlarini yechdi, yaxna choydan ichdi. Koʻylakchan holda koʻzgu yoniga kelib yuziga, turtib chiqqan yelkalari, suyaklariga uzoq va gʻamgin tikilib qoldi. “Ey xudoyim, qanaqa koʻrimsizman-a, – degan fikr xayolidan oʻtdi va qoʻrqib ketdi. – Baliq yogʻi ichish kerak! Albatta ichish kerak!”

Stolga oʻtirdi-da sariyogʻni toʻppa-toʻgʻri idishidan yeyishga kirishdi. U, aslida, yogʻni yomon koʻrardi. Lekin hozir sariyogʻni birinchi marta koʻrayotganday apil-tapil chaynalar va Nikolay haqida oʻylardi. Keyin chiroqni oʻchirib yotdi, biroq uhlay olmadi. Uning uyiga qarama qarshi tomonda – Moskvada fonar yonar, baland oʻsgan joʻka daraxtlarining soyasi oynada titrab gʻalati raqsga tushardi. Borliqni quyuq zulmat qoplagandi.

 – Bu sevgimi? – dedi ovoz chiqarib Sonya va devorga oʻgirilib oldi.

Ertasiga butun kun davomida Sonyaning xayoli allaqayoqlarda yurdi. Ertalabdan yomgʻir yogʻa boshladi. Bolalarga qandaydir parchani oʻqib berarkan, Sonya oynadan koʻchadagi koʻlmaklarga xavotir bilan qarab qoʻydi. Lekin yomgʻir tinib havo ochilib ketdi. Kechga yaqin maktab yonidagi yoʻldan olov dumli mashinalar oʻta boshladi.

Ishdan soʻng Sonya dugonasiga xat yozishga kirishdi. Xatda kecha bir yigit uni kuzatib qoʻygani va uchrashuvga taklif qilgani haqida yozdi. Maktub kattagina, quvonchga toʻla chiqdi. Xatni tugatgach, Sonya nimagadir Nikolayni sevib qoldim degan toʻxtamga keldi. Xatni pochtaga tashlab qaytgach, devorga oʻgirilib yotdi.

Qiz Nikolay keladimi-yoʻqmi deb oʻyladi, kelsa oʻzini qanday tutishi va nimalarni gapirishini moʻljallab oldi. Agar u yana oʻpadigan boʻlsa, nima qilaman deb qoʻrquvga tushdi. Bu fikrlar qizni shunchalik hayajonga solganidan kiyinayotganida ham qoʻli titrashdan toʻxtamadi.

Sonya kechagi toʻq zangor koʻylagini kiydi, sochini biroz jingalakladi, atir sepdi. Hayajondan kaftlari terladi. Qishloq koʻchasidan oʻtarkan, goʻyo derazadan hamma uni kuzatayotganday, qayerga, nima uchun ketayotganini biladiganday tuyuldi. Uyalib ketdi, qadamini tezlatmoqchi boʻldi, lekin uddasidan chiqolmadi. Dalaga yetib borgachgina yengil tin oldi. Havo issiq edi. Yoʻlga yengil chang ingan, quyosh yuzini alvon parda qoplagan edi. Yoʻlga yaqin joyda, marzada traktor turardi. Qoramoyga belangan traktorchi matorni chuqulab oʻtirardi. U Sonyani koʻrib qaddini rostladi, qoʻlini shalvariga artdi, keyin chekdi va qizning ortidan oʻychan tikilib qoldi.

Keng jarlikka tushib, sigir podalari ifloslantirib yuborgan botqoqlikdan oʻtar ekan, Sonyaning xayoliga toʻsatdan Nikolay vaqtliroq kelib meni kutmay ketvorgan boʻlsa-chi degan fikr keldi. Qoʻrqib ketdi. Soʻng qadamini tezlatdi, keyin esa deyarli yugurib odimlay boshladi.

Bostirma koʻzga tashlangach, yurishdan toʻxtadi. Bostirma atrofida hech kim yoʻqligidan sevindi. Nafasini biroz rostlab olgach, chang bosgan tuflisini oʻt-oʻlanlar bilan tozaladi. Yalanglikda turish qizga noqulay tuyuldi, panaroqqa oʻtib oldi. Kun boʻyi quyoshda qizigan devorning hovuri badanga urardi.

Qarmoq koʻtargan bolakay kelib, chuvalchang qidira boshladi. Sonya uyalganidan qizarib ketdi, yana yoʻl boʻyiga chiqdi. Shahardan kelayotgan aravalardagi odamlar unga tikilib oʻtar, bolakay ham ataylab qilganday ketmasdi. Sonya behalovat boʻla boshladi. Baxtiga, bolakay chuvalchang yigʻib boʻldi, shekilli, ketdi. U bir necha marta kinoyali qaraganday tuyuldi. “Sezib qoldi! – uyalib oʻyladi Sonya. – Yaxshiyam bizning maktabdan emas ekan!”

U yana bostirma ortiga oʻtib panaladi, moychechak terdi. Moychechakning gulbarglari siyraklashib qolgan, u shu turishda raketaga oʻxshardi. Qiz gulbarglarni uza boshladi: “Keladi, kelmaydi…” Kelmaydigan boʻlib chiqdi. Bundanam yomoni, Sonya Nikolay qaysi tomondan kelishini bilmasdi. Bostirma ortidan chiqib yoʻlga qaradi. Soʻng yana bekindi. Nikolay koʻringan payt qiz tamom holdan toygandi. U daryodan quyiroqdagi yoʻldan kelar, qoʻllarini choʻntagiga tiqib, chakmonini yelkasiga tashlab olgan edi. Yaqinlashgach, biror narsani unutgan va uni eslashga urinayotgan kishiday peshanasini tirishtirib Sonyaga qaradi. Yuz-koʻzidan zerikish alomatlarini uqish mumkin edi. Qizning yoniga kelgach, nigohini boshqa tomonga tashlab istamaygina qoʻl uzatdi:

 – Yaxshimisiz…

 – Yaxshi, rahmat, – koʻzlarini yerga qadab javob berdi Sonya.

 – Koʻp kutdingizmi?

 – Yoʻq…

 – Him… Salqinroqqa boraylik.

Ular bostirmani aylanib oʻtishdi, poxol uyumiga yoʻlga yuzlangan holda oʻtirdi. Quyosh ufqqa yaqinlashib, nursizlanib qolgan, bostirmaning soyasi dalaning etagigacha choʻzilgan edi.

 – Kecha yaxshi dam oldingizmi? – soʻradi Sonya. Nikolayga birrov qarab oldi, negadir jilmayishga urindi.

 – Tuzuk… – Nikolay esnadi, chakmonini tushirdi. – Faqat uxlab boʻlmadi.

 – Kecha yaxshi emasdingiz, – ohistagina dedi Sonya.

 – Yana boshladingmi! – Nikolay Sonyani loqayd quchoqladi, oʻpmoqchi boʻldi, lekin fikridan qaytdi. Qizning boʻyniga yigitning nafasi urildi.

 – Hozir qorongʻu tushadi, – dedi Sonya. Nikolayning koʻksiga asta bosh qoʻydi va zarb bilan urayotgan yurak tovushlarini eshitdi.

 – Kech tushsa yaxshi, noʻxot paykaliga boramiz, – Nikolay boshini oʻng tomonga burib qayergadir ishora qildi. – U yerda chayla bor. Borasanmi?

 – Bunaqa gaplarni gapirma, Kolya, – past tovushda dedi Sonya.

 – Eh, – birdan hayqirdi Nikolay, – uxlagim kelyapti, qani tizzangni ber-chi…

U nari surildi-da, etikli oyoqlarini keng yoyib yotdi. Boshini Sonyaning tizzalariga qoʻydi. Biroz koʻz yumib yotgach, qoʻl uzatib qizning biqinini ushladi.

 – Nega bunaqa ozgʻinsan?

Qiz bir daqiqa nafas olishdan toʻxtadi.

 – Tuzilishim shunaqa, – zoʻr berib jilmayishga urindi qiz.

 – Tuzilish emish! Menimcha, qayeringdir kasal. Mollar ham shunaqa: kasal boʻldimi – qancha boqma foydasi yoʻq. Oʻsha-oʻsha armaturaligicha qolaveradi.

Sonyaning koʻz oldi qorongʻulashib ketdi, bir necha bor koʻngil aynishidan oʻzini zoʻrgʻa tiyib qoldi.

 – Nimaga bunaqa qoʻpolsiz, – toʻsatdan past tushib gapirdi u. – Yo men bilan istagan ishni qilsa boʻladi deb oʻylayapsizmi?

U yuzini keskin boshqa tomonga burdi va sekin qizara boshladi.

 – Men bilan bunaqa gaplashishga haqqingiz yoʻq! Eshitdingizmi!

Qiz pastki labini tishlab, yengi bilan koʻzlarini qattiq artdi. Keyin dala tomonga qaragancha tizzalarini silkitdi.

 – Keting! Men sizga molmasman, koʻtaring kallangizni! Daf boʻling!

Nikolay tosh qotdi.

 – Meni… meni… – toʻngʻilladi u. – Kechirasiz! Bilmabman! Istamagandim – it boʻlay! Ishim shunaqa, oʻrganib qolganman.

 – Yoʻq, buni ishga hech qanaqa aloqasi yoʻq, – Sonya oʻzini ancha bosib olgan, qaygʻuli bir ovozda gapirardi. – Sababi…

Qizni ter bosdi, barmoqlari titrar, yuzi koʻrinmas edi.

 – Sababi, oʻz oyogʻi bilan keptimi, har qanday ishni qilsam boʻlaveradi deb oʻylagansiz.

Nikolay mum tishlab oʻtirar, hech nima deyolmasdi.

 – Kecha kimni soʻkkandingiz? – uzoq sukutdan soʻng soʻradi Sonya.

 – Him… – Qoshlarini chimirdi Nikolay. – Men u bilan hali hisob-kitob qilaman. Oʻsha ablah Zoykani mendan tortib oldi, unga uylandi. Kecha kelinni koʻrdingmi? Juda ochilib ketibdi. Men u bilan qanday baxtli edim-a…

 – Sizni, toʻgʻrisi, juda koʻp qizlar yaxshi koʻradi, – dedi Sonya.

 – A! – Nikolay xuddi eshshakolma yeganday aftini burishtirdi, keyin qizning tizzasiga yana bosh qoʻydi. – Ularning muhabbati qanaqaligini yaxshi bilaman!

 – Nimaga bunaqasiz, Kolya? – shoshib gapirdi Sonya. – Odamlarga ishonish kerak. Qarang, qanaqa ajoyib odamlarimiz bor!

Nikolay boshini koʻtarib tupurdi.

 – Ishonmaysizmi? – zaif ovozda soʻradi Sonya.

 – Nimaga?

 – Odamdagi samimiyatga.

Nikolay iljaydi.

 – Oʻh, bu xotinlar aljirashni buncha yoqtiradi-a! Samimiyatmish… – U boshqa tomonga burilib esnadi va koʻzlarini yumdi.

Asta choʻkayotgan qorongʻulik bagʻrida yigitning xomsemiz gavdasi, harakatsiz yoʻgʻon boʻyni, xushsurat yuzidan choʻyan hidi kelardi.

Sonya qoʻllari bilan Nikolayning sochlarini silarkan, unga entikib tikilar, yana uyalganidan qizarib ketar edi.

 – Kolya, bilaman, siz yaxshi insonsiz, qalbi toza yigitsiz, – dedi u eshitilar-eshitilmas ovozda.

 – Toʻxta! – dedi yigit boshini koʻtarib va atrofga jim quloq sola boshladi. Keyin qoʻlini qizning tizzalariga tirab oʻtirdi.

Yoʻlda ikki kishi sekin gaplashib kelardi.

 – Ey! – baqirdi Nikolay.

 – Nima qilyapsiz, Kolya! – shivirladi Sonya yuzini yashirib.

Yoʻlovchilar toʻxtadi.

 – Qayerga ketyapsizlar? – yana baqirdi Nikolay.

 – Bazmga. Kim u? Nikolaymisan?

 – Xuddi oʻzi. Qaysi tomonga borasizlar?

 – Sosnovkaga.

Yoʻldagilar chekishdi. Qizgʻish iz-belgi qoldirib oldinlab keta boshlashdi. Nikolay ularning ortidan qarab turdi.

 – Toʻxtanglar! – hayqirdi u birdan. – Sizlar bilan ketaman.

Shoshib oʻrnidan turdi, chakmonini qoqib yelkasiga tashladi. Keyin yoʻtalib Sonyaga qoʻl uzatdi.

 – Mayli, boʻlmasa. Yana uchrashib qolarmiz… – Qayrilib chakmonini qoʻliga oldi-da, mayda qadamlar bilan yoʻl tomon yugurgilab ketdi.

Zim-ziyo tun choʻkdi. Faqat yon tomonda, chetda yarimlagan oy baqrayib turar, daryodan yaylovga qarab harir tuman yoyilmoqda edi. Tiq etgan tovush yoʻq. Faqat bir marta bostirma ortidan nimadir chopib oʻtdi: “top-top-top”…

Sonya yelkasini devorga tirab, osmonga tikilib oʻtirar, butun vujudi qalt-qalt titrardi. Titroq bosilar deb yoqasini tortib-tortib qoʻydi, lekin foydasi boʻlmadi. Keyin yigʻlashga urinib koʻrdi, biroq koʻksini tirnab-tirmalab chiqayotgan kuchsiz va qoʻrqinchli ovozidan oʻzi ham choʻchib ketdi. Ancha vaqt tosh qotgancha oʻtirdi.

Nihoyat oʻrnidan qoʻzgʻaldi, devorni ushlab biroz jim turdi, keyin uyga qarab yoʻlga tushdi. Havo dim va boʻgʻiqligi sabab daryo boʻyidan zoʻrgʻa oʻtib oldi. Yana tuproq yoʻldan yurdi, lekin hozir uni yulduzlarning yogʻdusi nim yoritib turardi. Pichanlarning mayin boʻyi tuproq hidi bilan qoʻshilib dimoqni qitiqlar, Somon yoʻli yulduzlari yoʻlga zaif shuʼla toʻshagan edi. Shu bois huv naridagi pichan gʻaramlari, zigʻir uyumlari ham koʻzga ilinar, hali oʻrilmagan bugʻdoy boshoqlari yiltillab koʻrinardi.

 – U-u! – dedi Sonya boyagiday kuchsiz, qoʻrqinchli ovoz bilan. – U-u!..

Gapirishga ham, oʻylashga ham qizning ortiq darmoni qolmadi. Yana oʻsha zax jarlikdan oʻtdi. Boya yoʻl boʻyida taʼmirda turgan traktor hozir uzoqdagi paykalda yer haydardi. Chiroqlarining nuri koʻzga elas-elas tashlanar, motorining tir-tiri zoʻrgʻa eshitilar edi.

Sonya birdan yengil tortib ketdi. Dunyo beqiyos goʻzallikka egaligini his qildi. Koʻz oʻngida osmon qayoqqadir gʻoyib boʻldi, yulduzlar olis-olislarga toʻpillab tushdi, zim-zimyo tunni nurga chulgʻadi. Yiroq-yiroqlardagi sofdil odamlar bir zumga koʻrinib ketganday boʻldi. Qiz ona zaminning behol, orom istayotgan ruhini sezdi. Oʻzi haqida oʻyladi, nima boʻlganda ham u ayol, boya boʻlib oʻtgan voqealardan qatʼi nazar, uning yuragi urib turibdi, qalbi yashayapti. Axir shuni his qilganlargina chinakam baxtli boʻladi. Eh ahmoq qiz, oʻzida qanchalik kuch va malohat borligini sezmagan ekan-a. Qizning koʻngli nurga toʻldi, koʻkka osilib lovullab yonayotgan yulduzlar ostida dadil qadamlar bilan yurib ketdi.

Qishloq ham koʻzga chalindi. Koʻpchilik allaqachon uxlab boʻlgan, faqat ayrim uylardagina chiroq nuri miltillaydi. Darvoza ostidan katta oq it yugurib chiqdi. Sonyani koʻrib, chopqillab ortidan ergashdi, keyin uni hidlashga tushdi. “Tishlamoqchimisan? Mayli, tishla”, deb unga oʻgirildi azobli oʻylar iskanjasida qolgan Sonya. Lekin it tishlamadi, qizning oyoqlarini ikki bor hidladi-da, qorongʻulik qaʼriga kirib yoʻqoldi. Sonya oʻz yoʻliga ravona boʻldi. Uning koʻngli endi butkul yorishib ketgandi.

 

1956

 

Yuriy KAZAKOV

 

Ruschadan Orif TOLIB tarjimasi

 

(2009 yili oʻgirilgan)

 


[1] Soʻz oʻyini: Ruschada “gorko” soʻzi “achchiq” maʼnosini bildiradi. Toʻylarda kelin-kuyovni oʻpishishga chorlashganida ham shu soʻzni aytishadi.

 

https://saviya.uz/ijod/nasr/xunuk/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x