Xudoynket


Post Views:
14

XUDOYNKET – Chochning qadimiy shaharlaridan biri (1–12-asrlar). Arab geograflari (10-asr) Xudoynketni Xarashketdan Binkatga boradigan Buyuk ipak yo‘lida (1 farsah masofada) joylashganini qayd etishgan. Xudoynket xarobalari Oqqo‘rg‘on shahrining shimoliy chekkasida Oqqo‘rg‘on shahar xarobasi nomi bilan mashhur. 1957 va 1971 yillarda Yu.Buryakov tadqiq etib, Xudoynket aynan shu yerda bo‘lganligini aniqlagan. Yodgorlik to‘g‘ri to‘rtburchak tarhli g‘arbdan shimolga cho‘zilgan (30 gektar), ark, shahriston va raboddan iborat. Ark aylana shaklida (maydoni 1 gektardan ziyod, balandligi 20 m) bo‘lib, shahristondan chuqur xandaq bilan ajratilgan. Shahriston 2 qismdan (o‘zaro xandaq va devor bilan bo‘lingan) tashkil topgan. Janubiy va janubi-sharqdan rabod (20 gektar) yondoshgan. Xudoynketda qazishmalar o‘tkazilmagan, lekin arkdagi qurilish davomida arxeologik kuzatuv ishlari olib borilgan. Arkdagi madaniy qatlamning qalinligi 1,5 m. Shahardagi hayotning 3 yirik bosqichi ko‘zga tashlanadi: milodiy 1–5-asrlarda qal’a (maydoni 1 gektardan ziyod) bunyod etilib, atrofi mudofaa devori bilan o‘rab olingan. Qovunchi I–II ga oid sopol buyumlar chiqqan; 6–8-asrlarda ark devorlari qo‘shimcha istehkomlar bilan jihozlangan. Devor atrofida turar joylar qurilib, shahar tusini olgan, Turk xoqonligi davriga oid qalin madaniy qatlamdan sopol buyumlar majmui chiqqan; 9–12-asrlarda shahar kengayib tevarak-atrofi bilan 30 gektarni egallagan. Arkda pishiq g‘ishtdan mahobatli binolar, shahriston va rabodda turar joylar, sharqiy rabodda kulolchilar ustaxonasi vujudga kelgan. Sirlangan sopol idishlar, shisha buyumlar, mehnat qurollari, taqinchoqlar topilgan. Xudoynketdagi hayot 13-asr boshida barham topgan, keyingi davrlarda u xaroba holda bo‘lgan. Hozirda yodgorlik zamonaviy qabriston tomonidan ancha o‘zlashtirilgan. Arkda 2-jahon urushi yillarida halok bo‘lgan jangchilar sharafiga yodgorlik monumenti o‘rnatilgan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/xudoynket/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x