Xotira yoʻqolganda

O. Henri

 

Oʻsha kuni ertalab xotinim bilan odatdagidek xayrlashdik. U qoʻlidagi choyini ichib boʻlmasdanoq, meni eshik oldigacha kuzatib qoʻyishga shoshildi. U paltomning qaytarma yoqasidan koʻzga koʻrinmas qilni qoqib tushirganicha (bu uning “Sen faqat oʻzimga tegishlisan!” degan barcha ayollarga xos tantiqligining ifodasi edi) shamollab qolganimni unutib qoʻymasligimni soʻradi. Toʻgʻrisi, men shamollagan emasdim. Keyin sevimli ayollargina xayrlashayotganlarida eriga tortiq qiladigan boʻsa almashuv yuz berdi. Keyin xotinim koʻp yillik tajribasiga asoslangan sinchkovlik bilan boʻyinbogʻimning toʻgʻnogʻichini toʻgʻrilab qoʻydi. Eshikni tashqaridan yopayotib, u uy shippagini shappillatganicha choy ichishini davom ettirish uchun oshxonaga kirib ketayotganini eshitdim.

Uydan chiqqanimda ham men bilan yuz berishi mumkin boʻlgan biror gʻayritabiiy holatni his qilmadim. Hammasi toʻsatdan boshlandi.

Nihoyat bir necha oy davomida kunu-tun qattiq ishlashga majbur qilgan temir yoʻl kompaniyasining shov-shuvli tergov ishini muvaffaqiyat bilan yakuniga yetkazib, yengil nafas ola boshlagandim. Sirasini aytganda, bir necha yillardan beri dam olmasdan ishlaganimni tan olaman. Mening qadrdon doʻstim va davolovchi shifokorim Volni bu haqda bir necha bor ogohlantirgani ham rost.

 – Oʻzingni ehtiyot qil, Belford, agar biroz nafasingni rostlab olmasang, bu sen uchun ayanchli tugashi mumkin. Mana koʻrasan, sening yo asabing, yo miyang pand berib qoʻyadi. Ehtimol gazetalardan oʻqigandirsan, qarib, har hafta amneziya holatiga tushgan odamlar haqida yozishyapti, odam uyidan chiqadi-yu, dom-daraksiz yoʻqoladi, qayerlarda daydib yurganini oʻzi ham bilmaydi, oʻzi kim, qayerda yashagani-yu ismi nima ekanligini ham xotirasidan oʻchib ketadi. Bularning barchasiga sabab toliqish va haddan tashqari his-hayajonga berilish. Natijada miya tomirlarida kichik qon tiqilish yuz beradi.

 – Men bunday hollarda qon tiqilishni reportyorlarning miyasidan qidirish kerak, deb oʻylayman, – eʼtiroz bildirdim.

Shifokor Volni boshini irgʻab qoʻydi.

 – Yoʻq, ogʻayni, bu kasallik bilan hazillashib boʻlmaydi. Sen dam olish va muhit almashtirishga juda muhtojsan. Axir, oʻylab koʻr, har kuni bir aylana boʻyicha yelib-yugurasan: sud, idora, uy. Dam olmoqchi boʻlsang, qonunlar majmuasini oʻqiysan. Vaqting borida maslahatimga amal qil.

 – Nega dam olmas ekanman? Payshanba kunlari xotinim bilan qarta oʻynayman. Yakshanba kunlari u onasidan kelgan xatni oʻqib beradi. Qaynonam har hafta kanda qilmay bitta xat yozib turadi. Qonunlar majmuasini oʻqish – bu dam olish emas, bu murakkab masalani yechish degani! – oʻzimnikini maʼqullardim.

Oʻsha kuni ertalab koʻcha boʻylab borarkanman, shifokor Volnining yuqoridagi gaplarini esladim. Oʻzimni doimgidan uncha yomon ham sezmasdim, kayfiyatim har doimgidan ham yaxshiroq edi.

Uyqudan uygʻonganimda butun aʼzoi-badanim uyushib, qaqshab ogʻrirdi. Axir, temir yoʻl vagonida uzoq soatlar davomida oʻtirgan holda uxlashning oʻzi boʻladimi? Oʻtirgʻich suyanchigʻiga yelkamni tirab, fikrimni jamlashga urindim. Oʻylayverib, oʻylayverib, nihoyat oʻzimdan-oʻzim “har holda mening biror ismim boʻlishi kerak-ku!” – deb soʻradim. Choʻntaklarimni kavlashtirdim. Hech voqa yoʻq. Na birorta xat, na birorta vizit kartochkasi yoki hujjat yoʻq edi. Ularning oʻrniga ichki choʻntagimdan yirik pullar bilan uch ming dollar topib oldim. “Baribir, men oʻzi kimman?” Kallamda faqat shu savol takrorlanar va tinimsiz oʻylanardim.

Vagon odamlar bilan toʻla va hamma oʻzaro betakalluf suhbatlashar, shod – xurram va aʼlo kayfiyatda edi. Demak, ularni qandaydir umumiy bir manfaat birlashtirib turipti. Yoʻlovchilardan biri, ust-boshlaridan dolchin va aloye hidi anqib turgan basavlat erkak, menga doʻstona bosh silkib, yonimga kelib oʻtirdi va gazeta oʻqiy boshladi. Ahyon-ahyonda u oʻqishdan toʻxtar va biz safar chogʻida roʻy beradigan odatga koʻra u yoq, buyoqdan gap sotishardik. Maʼlum boʻlishicha, men bunday suhbatga bemalol kirisha olarkanman va bu holatda xotiram menga hech ham pand bermayotgandek edi.

 – Siz ham koʻrinishingizdan oʻzimizning odamlarga oʻxshaysiz, – dedi yangi tanishim. – Bu safar gʻarbdan saralangan vakillar kelishayapti. Kongres Nyu-Yorkda boʻlishligidan juda xursandman. Men hali sharqiy shtatlarda biror marta ham boʻlmaganman. Oʻzimni tanishtirishga ruxsat bering. Men R. P. Bolderman. Missuri shtatidagi Xikori-Grouv shaharchasidagi “Bolder va oʻgʻli” firmasining vakiliman.

Bunday tanishuvga tayyor boʻlmasam-da, ogʻir vaqtlarda erkak kishiga xos vazminlik bilan, dovdirab qolmay, har holda oʻzimni tutdim. Miyam juda sekin ishlar, biroq, nima boʻlsa-da, hislarim yordamga yetib kelgandi. Yangi tanishimdan anqiyotgan oʻtkir dori-darmon hidlari ham fikrlashimga yordam berib yubordi.

 – Mening ismu-sharifim Edvard Pinkxammer, – dedim tutilmasdan. – Men dorishunosman, Kanzas shtatidagi Kornopolisda yashayman.

 – Siz dorishunos ekanligingizni darrov payqagandim, – javob berdi tanishim iltifot bilan. – Oʻng qoʻlingizning koʻrsatkich barmogʻida oʻgʻirdan hosil boʻlgan qadoq borligiga darrov eʼtibor berdim. Biz, dorishunoslarda hammaning qoʻlida shunaqa qadoq boʻladi. Chamamda, siz ham bizning umumamerika kongresiga delegat boʻlsangiz kerak?

 – Nima, vagondagi barcha yoʻlovchilar dorishunoslarmi? – hayratlanib soʻradim men.

 – Albatta. Bu vagon toʻppa-toʻgʻri gʻarbdan kelyapti. Faqat patentlangan tabletkalar-u ampulalardan tashqari hech narsani bilmaydigan, oʻzlari esa dori tayyorlashni bilmaydigan hozirgi dorishunoslardan farqli oʻlaroq, yoʻlovchilarning hammasi pixini yorgan eski dorishunoslar. Ha, biz har qanday dorini oʻz qoʻllarimiz bilan tayyorlaydigan dorishunoslardanmiz. Biz bahor oylarida oʻz tomorqalarimizda yetishtirgan dorivor oʻsimliklar uruQlaridan, ayni paytda shirinliklar va hatto oyoq kiyimlari bilan savdo qilishdan tortinmaydigan dorishunoslardanmiz. Sizga toʻgʻrisini aytaman, bu kengresda men ayrim yangi fikrlarni aytmoqchiman. Odamlarga yangi gʻoyalar kerak. Mana masalan, qayd qildiradigan kukun va segnet tuzi solingan shishachalarni olaylik. Ayrim hollarda u uzum sirkasi va surmadan tayyorlanadi, boshqa hollarda natriydan tayyorlanadi. Birinchisi, buni oʻzingiz ham bilasiz, qip-qizil zahar, ikkinchisi hech qanday zararsiz dori. Biroq shishachalarga yozilgan qogʻozni osongina adashtirib yuborish mumkin. Odatda dorishunoslar bu shishachalarni qanday joylashtirilishini bilsangiz kerak? Ha, iloji boricha bir-birlaridan uzoqda, turli joylarda saqlashadi. Aynan mana shuni men notoʻgʻri hisoblayan. Men ularni har qanday vaziyatda adashib ketmaslik uchun yonma-yon qoʻyish tarafdoriman. Mening fikrimni tushunayapsizmi?

 – Nazarimda, gaplaringizda jon bordek, – dedim men.

 – Ana koʻrdingizmi! Demak, bu fikrni kongressda aytaman, siz meni qoʻllab-quvvatlaysiz, kelishdikmi? Har xil kremlar-u kosmetik vositalar ishlab chiqarishga ustasi farang boʻlib ketgan sharqlik dorishunoslar oʻzlarini hammadan ustun sezishadi. Mana koʻrasiz, biz ularni tabletkalariyu, pipetkalari bilan yarim yoʻlda qoldirib ketamiz.

 – Sizga foydam tegishi mumkinligidan xursanman, – dedim ruhlanib. – Demak, shishachalardagi… haligi.

 – Uzum sirka plyus surmali tuz va uzim sirka plyus natriy tuzli shishachalar.

 –… bitta polkada yonma-yon turishi kerak, – jiddiy ohangda gapni tugalladim men.

 – Yana bir gap, – davom etdi mister Bolder, – Siz tabletka tayyorlashda yordamchi vosita sifatida nimadan foydalanasiz, magneziyadanmi, uglekisliy tuzdanmi, yoki kukunlangan glitsroz rediksdanmi?

 – Menmi, e-ye… magneziyadan, – dedim men, har holda talaffuzi osonroq soʻzni tanlab.

Bodler koʻzoynagi ortidan menga ishonqiramay tikildi.

 – Men esa glitsiroz rediksni afzal koʻraman, chunki magneziya tez qotib qoladi.

Oʻrtaga bir zumlik sukunat choʻkdi.

 – Buni qarang, yana amneziya bilan bogʻliq hodisa, – dedi u gazetani menga uzatib, undagi maqolani koʻrsatib. – Men bunday voqealarga mutlaqo ishonmayman. Oʻndan toʻqqiz holatda bu qip-qizil mugʻombirlik. Bu ishdagi va oiladagi bir xillik joniga tegib ketgan odamning boshqacha yashashga intilishi xolos. Shunday qilib, u uyidan qochib ketadi va uni nihoyat topib olishsalar, u oʻzini xotirasi yoʻqotganga soladi. Goʻyoki oʻz ismini bilmaydi, chap yelkasida xoli boʻlgan oʻz xotinini ham tanimaganga oladi. Xotira yoʻqotish emish! Nega ular oʻz xotiralarini oʻz uylarida yoʻqotishmaydi?

Men gazetani olib, jarangdor sarlavhali quyidagi maqolani oʻqiy boshladim:

“Denver, 12 iyun. Mashhur advokat Elvin S. Belford bundan uch kun oldin sirli ravishda oʻz uyidan chiqib ketgan va uni izlab topish borasidagi barcha saʼy-harakatlar samarasiz yakunlanmoqda. Mister Belford bizning shahrimizdagi mashhur kishilardan va jamiyatimizning yuqori tabaqasiga mansub, oʻz ishini ustasi boʻlgan advokatlardan. Sirli ravishda yoʻqolish arafasida u bankdagi hisobidan yirik miqdordagi pul olgan. Shundan buyon uni hech kim, hech joydan topolmayapti. Mister Belford kam topiladigan vazmin feʼlli, xonanishin va oʻz oilasidan, ishidan koʻngli toʻq kishilardan edi. Uning uydan Qayri tabiiy holatda chiqib ketishini faqat birgina sabab bilan izohlash mumkin: u bir necha oy jarayonida N. temir yoʻl kompaniyasining murakkab sudida haddan tashqari berilib ishladi. Holdan toydiradigan darajadagi ish uning xotirasiga salbiy taʼsir qilgan boʻlishi mumkin. Hozirgi kunda gʻoyib boʻlgan advokatni qidirib topish boʻyicha barcha chora-tadbirlar koʻrilmoqda”.

 – Siz aftidan uncha-muncha narsalarga ishonmaydigan kishilardan oʻxshaysiz, mister Bolder, – dedim men maqolani oʻqib chiqib. – Menimcha bularning hammasi haqiqat. Turmushda barcha sohalarda muvaffaqiyat qozonayotgan, hurmat-yeʼtiborli, oilaviy hayotda baxtini topgan odam qanday qilib toʻsatdan barchasidan voz kechadi-yu, Qoyib boʻladi? Men bilaman, xotira yoʻqotish degani, rostdan ham bor gap. Unday kishi qayoqqa borayotganini, ismi-sharifi nima ekanligini, na oʻtgan hayotini, na oʻz xonadonini eslay olmaydi.

 – Hammasi uydirma va yolgʻon! – eʼtiroz bildirdi mister Bolder. – Toʻgʻrisi, ular barcha hayot tashvishlariga qoʻl siltab, biroz oʻynab kelishni xohlashadilar. Hozirgi odamlarni bilasiz-ku, hamma juda aqlli boʻlib ketgan. Erkaklar ana shu amneziya degan narsadan boxabar boʻlib olishib, endi oʻz istak-mayllarini shu bilan xaspoʻshlamoqchi boʻladilar. Qolaversa ayollar ham. Nihoyat bir kun kelib hammasi aniq boʻlgach, koʻzlarini sizga loʻq qilishib, ilmiy dalillarni roʻkach qilishib: “Meni kimdir gipnoz qilib qoʻygan!” – deyishadi.

Mister Bolder meni oʻzining ana shunday xulosasi-yu falsafasi bilan ishontirmoqchi boʻldi. Biroq, bu gaplarga negadir ishongim kelmadi…

Poyezdimiz Nyu-Yorkka kechqurun soat toʻqqizlarda yetib keldik. Izvoshga oʻtirib mehmonxonaga keldim va mehmonxona daftariga oʻz ismimni Edvard Pinkxammer deb yozdirdim. Bu payt mening butun vujudimni gʻaroyib, tushunib boʻlmaydigan, mast qilgʻuvchi bir yengillik, chek-chegarasi yoʻq ozodlik hissi, barcha imkoniyatlar eshigini lang ochayotgan totli bir hissiyot qamrab olgandek boʻldi. Xuddi bu yorugʻ olamga endigina kelayotganimdek his qilardim oʻzimni. Ilgari mening oyoq-qoʻllarimni bogʻlab tashlagan allaqanday zanjirlar birdaniga parcha-parcha boʻlib uzilib ketgandek. Kelajak koʻz oldimda xuddi begunoh bolakay koʻziga koʻrinayotgandek toʻppa-toʻgʻri va tep-tekis boʻlib yaslanib yotar va men unga hayotiy tajribalarim, bilimlarim bilan qadam tashlashga hozirlanayotgandek edim.

Mehmonxona xodimi menga haddan tashqari sinchkovlik bilan tikilayotgandek tuyuldi. Chunki qoʻlimda hech qanday yukim yoʻgʻligi gumonsirashlariga asos boʻlishi mumkin.

 – Dorishunoslar kongressiga keldim, – tushuntirdim men. – Jamadonim qayerdadir ushlanib qolgan shekilli.

Shunday deb choʻntagimdan bir dasta pul chiqardim.

 – Albatta, albatta, – dedi mehmonxona xodimi tilla tishlarini yaltiratib. – Bugun bizga gʻarbiy shtatlardan anchagina delegatlar joylashishdi.

Shunday deb u qoʻngʻiroq chalib, dastyor bolani chaqirdi.

Men oʻz rolimni yanada ishonchliroq oʻynashga kirishdim:

 – Hozir bizning Qarbimizda yangi bir yoʻnalish paydo boʻlgan. Biz kongressga uzumsirkali kaliyli surmali shishachalarni uzumsirkali kaliyli natriyli shishachalar bilan yonma-yon, bir polkada saqlashni taklif qilmoqchimiz.

 – Jentelmenni uch yuz oʻn toʻrtinchi xonaga boshlab bor, – buyurdi yugurdak bolaga, mehmonxona xodimi shoshilib.

Va meni oʻsha zahotiyoq oʻz nomerimga boshlab borishdi.

Bu kunisiga jamadon va u-bu kiyimlar sotib olib, Edvard Pinkxammer nomi bilan yashashni boshlab yubordim. Oʻtmish hayotim muammolari haqida bosh qotirib oʻtirishni ham istamadim.

Orollarda joylashgan ulkan shahar mening lablarimga yaltiroq qadahlarga toʻlgʻazilgan shirin hayot sharbatini tutqazdi. Va men bu qadahni minnatdorchilik bilan simira boshladim. Edvard Pinkxammerga, u olamga bor-yoʻgʻi bir necha soat oldin kelgan boʻlsa ham, insoniyat tomonidan yaratilgan va hech kimga bogʻliq boʻlmagan mana shu rang-barang qiziqarli hayot zavqidan rohatlanish baxti nasib qildi. Men odamni sehr-jodulab, xuddi ertakdagi uchar gilam singari koʻz koʻrib, quloq eshitmagan oʻlkalarga olib ketadigan, shodon musiqa yangrayotgan, shoʻx jononlar raqsga tushayotgan va va bandasini gʻaroyib, kulguli ahvolga soladigan teatrlarda, tom ustida qurilgan restoranlarda boʻldim. Oyogʻim qayoqqa boshlasa, shu tomonga ketaverdim. Eng qiziQi – hech kim menga buyruq bermas, hech narsa: na atrof muhit, na vaqt, na odob qonun-qoidalari menga xalaqit bermasdi. Men Qalati kabachkalarda ovqatlanar, loʻlilar orkestri musiqasi, musavvir va haykaltaroshlarning tinimsiz hayqiriqlari sadolari ostida gʻalati noz-neʼmatlardan tatib koʻrardim. Men elektr nurlari ostida tungi hayot xuddi kino lentadagidek qaynayotgan, u yerda turli-tuman bantik va shlyapalar, olamda mavjud barcha taqinchoqlar yaltur-yultir qiladigan joylarda ham boʻldim. Bularning hammasidan oʻzimga saboq olishga urindim. Va tushundimki, erkin hayotning kaliti na axloqsizlikda, na rasm-rusmlarga rioya qilishda ekan. Sertakaluflikka hamma joyda boj toʻlash shart ekan, boʻlmasa Ozodlik deya atalmish mamlakat sarhadlariga qadam qoʻya olmas ekansan. Tashqi hashamat va koʻzga tashlanadigan tartibsizliklar, usti yaltiroqlik va betakallufsizlik ortida, u unchalik koʻzga tashlanmasa ham, ana shunday temir qonun hukmron ekanligini payqadim. Demak, Manxetten koʻchalarini kezar ekansan, ana shu yozilmagan qonun-qoidalarga rioya qilsang, sen dunyodagi ozod kishilarning eng ozodisan! Bu qonun-qoidalarga buysunmas ekansan, oyoq-qoʻllaringga kishan uriladi!

Gohida kayfiyatimga qarab burchaklariga palma daraxtlari ekilgan ulugʻvor restoranlarga ovqatlanishga kirardim. U yerda hamma yarim ovozda gaplashadi, atrof-muhitdan shʼodagonlik, yasama nazokatlilik va sipolik yogʻilib turadi.

Gohida esa, baqiroq xizmatchilar va hech kimdan tortinmasdan oʻpishib, quchoqlashayotgan yoshlar, yasama taqinchoqlar sotuvchi ayollar bilan toʻlib toshgan kemachada sayr qilardim. Odamlar arzon-garov va qoʻpol koʻngilxushliklar qilishlari uchun begona sohillar tomon oshiqishardi. Va har doim, barcha tomonlardan nuru-yogʻdularga koʻmilgan, hashamatli, makkor, bevafo, lekin yoʻldan ozdiruvchi, diltortar Brodvey, xuddi afyun kabi oʻziga tortadigan Brodvey koʻchasi koʻrinib turardi.

Bir kun kunduz mehmonxonaga qaytayosam, yoʻlakda miqtidan kelgan, burundor, moʻylabli bir kishi yoʻlimni toʻsdi. Men uni chekkalab oʻtib ketmoqchi boʻldim. Biroq u koʻngil ogʻritar darajada takallufsizlik bilan menga murojaat qildi:

 – Xello, Belford! Nyu-Yorkda nima qilib yuribsiz, jin ursin? Sizni oʻz kitoblaringizdan ajratib, uyangizdan chiqishga nima majbur qildi? Rafiqangiz ham oʻzingiz bilanmi? Yoki bu yerda, xi-xi-xi, boshqasi ham bormi?

 – Siz adashdingiz, ser, – dedim, sovuqlik bilan qoʻlimni uning qoʻllaridan tortib olib. – Men Pinkxammerman. Uzr, men juda shoshilyapman.

U oʻzini chetga oldi, basharasida hayrat alomatlari koʻrindi. Nomerimning kalitini olish uchun mehmonxona xodimi oldiga borayotib moʻylabli kishi dastyor bolani chaqirib, telegraf blankalari haqida surishtirayotganligini eshitdim.

 – Menga hisob-kitobni tayyorlang, – dedim mehmonxona xodimiga. – Keyin yarim soat ichida narsalarimni yigʻishtirib, pastga olib tushishsin. Har xil qalanQi-qasangʻilar xiralik qiladigan bu mehmonxonada qolishni istamayman.

Oʻsha kuniyoq boshqa mehmonxonaga, Beshinchi avenyu boshidagi tinchgina, eski rusumdagi otelga koʻchib oʻtdim.

Brodvey koʻchasidan sal narida tashqi olamdan tropik oʻsimliklar bilan ihotalangan, ochiq havoda ovqatlanish imkoniyati mavjud restoran joylashgan. Hamma tomoni goʻzal va osuda bu restoranda ajoyib xizmat qilishadi, shu sababli bu yerda nonushta va tushlik qilish judayam yoqimli. Bir kun shu restoranga kelib endigina paporotniklar orasidagi boʻsh stol tomon borayotgandim, toʻsatdan kimdir yengimdan tortdi.

 – Mister Belford! – haddan tashqari yoqimli bu tovushni eshitib toʻxtashga majbur boʻldim.

Oʻgirilib qarab, oʻttiz yoshlardan oshgan, gʻayri tabiiy goʻzal koʻzlari bilan menga xuddi qadrdon, sevimli doʻstidek tikilayotgan ayolga koʻzim tushdi.

 – Toʻxtatmasam, qaramay ham oʻtib ketasiz shekilli, – dedi u gina bilan. – Faqat “payqamabman”, deya ishontirishga urinmang. Oradan oʻn besh yil oʻtgach, oʻzaro bir qoʻl qisishsak nima boʻlibdi?

Men darrov uning qoʻlini qisishga shoshildim. Keyin uning roʻparasiga oʻtirib oldim. Boshim bilan imo qilib ofitsiantni chaqirdim. Xonim beparvogina apelsinli muzqaymoqni chuqalardi. Darrov yalpizli likyor buyurdim. Uning sochlari qizQish bronza rangda edi. Biroq ularga tikilishga ulgurmasdim, chunki uning koʻzlaridan nigohimni uzishning iloji yoʻq edi. Shunday boʻlsa-da, uning sochlari aynan mening oldimda qizQish tusga kirayotganidek, oʻrmon ichkarisidan turib quyosh botishini kuzatsang, xuddi shunday manzarani koʻrasan, degan gʻalati bir hissiyot meni bir lahza ham tark etmasdi.

 – Meni tanishligingizga ishonchingiz komilmi? – soʻradim men.

 – Yoʻq, – shiringina kulib javob berdi u. – Bunga mening hech qachon ishonchim komil boʻlmagan.

 – Sizga mening ismu sharifim Edvard Pinkxammer ekanligini, Kanzas shtatidagi Kornopolisdan kelganligimni aysam, nima deysiz? – soʻradim bezovtalanib.

 – Nima derdim? – takrorladi u koʻzlari shodon charaqlab. – Birinchi galda Nyu-Yorkka rafiqangiz miss Belfordni olib kelmagansiz deb oʻylardim. Albatta bu juda achinarli. Men Merian bilan bajonidil uchrashgan boʻlardim.

U birozgina ovozini pasaytirib qoʻshib qoʻydi:

 – Siz hamon oʻsha-oʻshasiz, Elvin.

Uning shahlo koʻzlari sinovchan boqib, mening nigohimni ovlay boshladi.

 – Yoʻq, siz ancha oʻzgaribsiz, – gapida davom etdi ayol.

Uning ovozidan endi yengilgina quvnoqlik ohangini seza boshladim.

 – Mana, endi koʻryapman. Siz unutmabsiz. Siz meni yillar davomida bir kun ham, bir soat ham unutmaganingizni koʻryapman. Men sizga, meni hech qachon unutolmaysiz, degandim-ku.

Men xijolatlanib samon naycha bilan likyorimni qoʻzgʻay boshladim.

 – Xudo haqi, meni kechiring, – dedim uning tikilib qarashlaridan oʻzimni qoʻyarga joy topa olmay. – Gap shundaki, men hammasini unutib yuborganman. Birortasi esimda yoʻq.

Ayol mening gapimga kulganicha qoʻl siltadi. Yuzimdan nimanidir payqab, maftunkorona ho-holab kula boshladi.

 – Siz haqingizdagi yangiliklardan doimo xabardorman, – davom etdi u. Endi siz gʻarbda, Denver shahrida shekilli, mashhur advokatsiz. Yo Los-Anjelosdami? Bilishimcha, rafiqangiz Merian siz bilan juda faxrlanadi. Ehtimol eshitgandirsiz, sizlarning toʻylaringizdan keyin yarim yil oʻtgach, men ham erga tegdim. Bu haqda gazetalarda ham yozishdi. Faqat gullar uchun ikki ming dollar sarflashdi.

U oʻn besh yil ilgari uchrashganmiz degandimi? Ha, oʻn besh yil, bu juda katta muddat.

 – Sizni tabriklab qoʻysam, unchalik kech boʻlmasmikan? – dedim hadiksirab.

 – Yoʻq, agar siz bunga jurʼat qilibsizki, unchalik kech boʻlmaydi, – dedi u qoyilmaqom ochiq koʻngillik bilan.

Uning bu gapini eshitib, jim boʻlib qoldim va tirnogʻim bilan dasturxonni chiza boshladim.

 – Menga faqat bir narsani ayting, Elvin, – iltimos qildi u, men tomonga shiddat bilan egilib. – Men buni koʻp yillardan beri bilishni istayman. Bu bor-yoʻgʻi ayollarga xos bir qiziqish xolos. Oʻsha oqshomdan keyin umringizda biror marta oppoq atirgulga qoʻl tekkazishga yoki hidlab koʻrishga… boringki, shabnam va yomgʻirdan namiqib qolgan oq atirgullarga qarashga jurʼat qiloldingizmi?

Men nima deyishimni bilmay, ichimlikdan yutindim.

 – Sizga takrorlab aytishim joizmikan, men bularni birortasini eslolmayapman, – dedim chuqur uh tortib. – Mening xotiram hech narsaga yaramay qolgan. Bundan qanchalik afsusda ekanligimni, aytmasam ham boʻlar, – dedim xijolatlanib.

Ayol stolga tirsaklab oldi va uning nigohi mening soʻzlarimni eʼtiborga olmagani holda sirli ravishda toʻgʻridan-toʻgʻri mening qalbimni paypaslay boshladi. U muloyimgina kulib qoʻydi, uning kulgusi ham qandaydir Qalati tuyuldi. Bu, menimcha, baxtdan masrur kulgu edi, unda ham qanoatlanish, ham nadomat ohanglari sezilardi. Men koʻzlarimni olib qochishga urindim.

 – Siz aldayapsiz, Elvin Belford! Ha-ha, men sezyapman, siz aldayapsiz, – dedi u ishonch blan shivirlab.

Men paporotniklar tomonga anqovsirab tikildim.

 – Mening ismim Edvard Pinkxammer, – dedim men. – Men bu yerga dorishunoslarning butunamerika kongressiga delegat boʻlib keldim. Hozir bizning Qarbda yangi bir yoʻnalish paydo boʻldi. Biz sirkasurmanatriy tuzi va sirkakaliy natriy tuzlari solingan shishachalarni polkalarda boshqacha tartibda saqlashni taklif qilmoqchimiz. Ehtimol, bu sizga unchalik qiziq tuyulmas…

Restoran roʻparasiga hashamatli kolyaska kelib toʻxtadi. Ayol oʻrnidan turdi. Men uning uzatilgan qoʻlini olib qisib, taʼzim bajo keltirdim.

 – Xotiram menga pand berganidan juda-juda xijolatdaman, – dedim. – Sizga barchasini aytib berishim mumkin edi, biroq tushunmaysizmi deb qoʻrqaman. Siz mening Pinkxammer ekanligimga ishonmadingiz, men esa, toʻgʻrisi, anavu oq atirgullarni…

 – Yaxshi qoling, mister Belford, – javob berdi ayol, hamon oʻsha ham gʻamgin, ham baxtli kulgusi bilan va kolyaskaga oʻtirdi.

Oʻsha kuni kechqurun teatrga bordim. Mehmonxonaga qaytib kelsam, xuddi ertaklardagidek, koʻrinishidan juda kamtar, qora kiyimdagi bir kishiga koʻzim tushdi. U tirnoqlarini shohi dastroʻmolchasi ila yaltiratish bilan band boʻlib, bu ishiga butunlay berilib ketgandek edi.

 – Mister Pinkxammer, – dedi u beparvolik bilan, butun diqqat eʼtiborini koʻrsatkich barmogʻiga qaratib, – menga bir necha daqiqa vaqtingizni ajrata olasizmi? Ehtimol xonaga kirib gaplasharmiz?

 – Marhamat, – dedim men.

U meni kichik xonaga boshlab kirdi. U yerda bir juft er-xotinlar oʻtirardi. Agar xonimning yuzidagi tashvish va charchoq alomatlarini hisobga olmasak, u judayam goʻzal ayol edi. Uning kelishgan qomati, yuz tuzilishi, sochlarining rangi va koʻzlari ayni mening didimga mos edi. Safar kiyimidagi bu ayol, gʻayri tabiiy hayajon bilan menga tikildi va qaltiroq qoʻllarini koʻksiga bosdi. U hozir xuddi men tomonga oʻzini otishga tayyordek edi, biroq, uning yonida oʻtirgan erkak qoʻlini buyrugʻomuz silkitib, uni toʻxtatib qoldi. Keyin erkak menga Higrildi. U qirq yoshlarda boʻlib, qulogʻi ostidagi sochlariga oq tushgan, yuzi mardonavor, koʻrinishidan jiddiy odamga oʻxshardi.

 – Belford, qadrdonim, men seni yana qayta koʻrayotganimdan behad xursandman! – dedi u samimiy ohangda. – Albatta sen soQ-salomat ekanligingga ishonchimiz komil edi. Seni haddan tashqari holdan toyganliging haqida ogohlantirgandim-ku, axir. Endi sen biz bilan uyingga ketasan va darrov oʻzingga kelasan.

Men masxaraomuz kulimsiradim.

 – Meni tez-tez Belford deb chaqirishadigan boʻlishdi, toʻgʻrisi bunga koʻnikib ham qolayapman shekilli, endi unchalik ajablanmayapman ham. Biroq bu nihoyat jonga tegadi axir! Marhamat qilib meni eshiting, men Edvard Pinkxammerman va sizni umrimda birinchi bor koʻrib turibman.

Erkak kishi javob berishga ulgurmasdan ayol ayanchli ingrab yubordi. Bu menga figʻon singari eshitildi. Ayol oʻrnidan sakrab turib, men tomonga otildi. Erkaklar uni toʻxtatib qolishga behuda urinishdi.

 – Elvin! Elvin! Mening yuragimni yorma! Men sening xotiningman, axir! Eng qursa ismimni ayt! Bu ahvolga tushganingdan, oʻlib ketsang ham mayli edi!

Ayol shunday deb hiqqillaganicha meni mahkam bagʻriga bosa boshladi.

Men qatʼiy ravishda, hurmat-yehtirom bilan oʻzimni uning qoʻllaridan xalos qildim.

 – Xonim, – dedim jiddiy ohangda, – meni maʼzur tutasiz. Siz meni tashqi oʻxshashligimga uchib, katta xatoga yoʻl qoʻyayapsiz. Juda afsusdaman…-shunday deb kulib yubordim. – Meni qandaydir Belford bilan xuddi sirkasurmanatriy tuzli shishachani sirkasurmanatriy tuzli shishacha bilan adashib ketmaslik uchun bir polkada qoʻyish mumkin emas. Agar bu gaplarim sizga kulguli tuyulayotgan boʻlsa ham aytay, biz gʻarblik dorishunoslar aynan mana shu fikrni dorishunoslarning umumamerika kongressida aytish uchun kelganmiz.

Xonim nima deyishini bilmay sherigiga oʻgirilib, oh-voh qila boshladi:

 – Bu nima degan gap, shifokor Volni, oh, endi nima boʻladi?

 – Hozircha xonangizga kirib turing, – dedi hamrohi va uni eshik tomon boshladi. – Men u bilan qolaman va yana gaplashib koʻraman. Uning es-hushimi? Yoʻq, unday boʻlmasa kerak… Ehtimol miyasining kichik bir boʻlagi… ha, ha, u albatta tuzalib ketadi. Siz xonangizga borib turing, bizlarni yolgʻiz qoldiring.

Xonim chiqib ketdi. Qora kiyimli kishi ham tirnoqlarini yaltiratishda davom etganicha chiqib ketdi. Biroq u yoʻlakda poylab turganini sezdim.

 – Siz bilan gaplashib olishim kerak, albatta ruxsatingiz bilan, mister Pinkxammar, – dedi men bilan yolgʻiz qolgan kishi.

 – Marhamat, ser, agar bunga juda ishtiyoqmand boʻlsangiz. Biroq, maʼzur tutasiz, men qulayroq joylashib olay, juda charchadim, – dedim.

Shunday deb deraza oldidagi kushetkaga yotib olib, sigareta tutatdim. U kursini mening yonimga surib, oʻtirib oldi.

 – Keling, gapni choʻzmaylik, – dedi u muloyimlik bilan. – Siz mutlaqo Pinkxammer emassiz.

 – Buni sizdan yaxshiroq bilaman, – dedim xotirjamlik bilan. – Biroq odam biror familiya ostida yashashi kerak-ku! Sizni ishontirib aytamanki, oʻzim ham bu familiyadan unchalik xursand emasman. Ammo, bir lahzaning oʻzida oʻzingga familiya oʻylab topishga toʻgʻri kelib qolsa, har doim ham negadir kallangga chiroyli ismu-shariflar kelavermas ekan. Har holda… nega oʻzimga Sheringxauzer yoki Skroggins degan familiyalarni tanlamadim ekan-a! Menimcha Pinkxammer familiyasi ham unchalik yomon emas.

 – Sizning ismu-sharifingiz Elvin Belford, – judayam xotirjamlik bilan davom etdi shifokor. – Siz Denverdagi eng zoʻr advokatlardan birisiz. Siz amneziya kasaliga yoʻliqqansiz va vaqtinchalik oʻzingizning kim ekanligingizni unutgansiz. Buning sababi – haddan tashqari toliqish, ehtimol, doimiy bir xil hayot tarzi va koʻngilxushliklarga vaqt topolmaganingiz ham boʻlgandir. Bu yerdan hozirgina chiqib ketgan ayol – sizning rafiqangiz.

 – Tan olish kerak, chiroyli ayol ekan, – dedim men biroz oʻylanib turgach. – Ayniqsa uning kashtan rangli sochlari menga juda yoqdi.

 – Bunday ayol bilan faqat faxrlanish lozim. Siz gʻoyib boʻlganingizdan beri u ikki hafta davomida, aytish mumkinki, uyqu nima ekanligini bilmadi. Sizning Nyu-Yorkda ekanligingizni Aysidor Nyumenning telegrammasidan bildik. U bizning Denverlik kommivoyajerlardan biri. U sizni mehmonxonada uchratganini va uni siz tanimaganligingizni maʼlum qildi.

 – Ha, shunday voqea roʻy bergandek edi, – dedim men. U meni adashmasam, Belford deb atadi. Ammo tanishib olishimizga vaqt yetmadimikan?

 – Mening ismim Robet Volni, shifokor Volni. Men sizning yigirma yillik qadrdon doʻstingizman va ulardan oʻn besh yilini – sizning shaxsiy vrachingiz boʻlib oʻtkazdim. Biz telegramma olishimiz bilanoq missis Belford bilan sizni qidirib bu yerga keldik. Qani Elvin, qadrdon, eslashga urin, esla!

 – Uringanimdan nima foyda? – eʼtiroz bildirdim men qovogʻimni uyub. – Siz oʻzingizni vrachman dedingiz. Boʻlmasa ayting-chi, amneziyani davolab boʻladimi? Agar odam xotirasini yoʻqotsa, u asta-sekinlik bilan tiklanadimi, yoki birdanmi?

 – Baʼzan asta-sekinlik bilan, lekin butunlay emas. Baʼzan esa qanday yoʻqolgan boʻlsa, birdan, toʻsatdan tiklanadi.

 – Meni davolay olasizmi?

 – Aziz doʻstim, – javob berdi u, – seni davolash uchun qoʻlimdan kelgan hamma narsani qilaman!

 – Boʻpti! – dedim men. – Meni oʻzingizni bemoringiz deb hisoblayvering. Biroq, shunday boʻlsa, vrach sifatida sir saqlashingiz lozimligini ham unutib qoʻymaysizmi?

 – Gap yoʻq! – javob berdi doktor Volni.

Men kushetkadan turdim. Stol ustiga kimdir oq atirgullar, bir dasta oq atirgul, hidi yoqimli anqib turgan, yaqindagina suv purkalgan atirgul guldoni qoʻyganligini koʻrdim. Men uni olib deraza orqali iloji boricha uzoqroqqa irgʻitdim va yana kushetkaga yotib oldim.

 – Gap bunday, – dedim shundan keyin, – yaxshisi men birdaniga tuzalay. Bularning barchasidan charchab ketdim. Endi esa, Merianni chaqir. Eh, agar bilsayding, – dedim uning biqiniga barmogʻimni niqtab, – oh, bu ikki hafta ichida qanday zavqli va baxtli yashaganimni bilsayding!

 

Abdumurod KOʻChIBOYEV tarjimasi

https://saviya.uz/ijod/nasr/xotira-yoqolganda/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x