“Anbar inʼom etar senga chechaklar”

* * *

Subhlar hoʻplaydi patli havoni,

Bir kun yolgʻonchilik qiladi aprel,

Men sening kelishing hech istamayman,

Biroq kel.

Zar ip eshayapti yogʻdular toshib,

Zim – ziyo hovoncha ezgʻilaydi un.

Qavib, taxlab qoʻydi shoyi koʻrpani

Sen uchun.

Jarangdor soching ham boʻlar poʻpakli,

Tillaqosh topilar koʻk sandigʻida.

Uch gaz bulut kessa boʻlar chimildiq,

Visol togʻida.

Kiprikka ilingan shabnam choʻgʻdayin,

Bir kun haqiqatgoʻy boʻlmadi aprel.

Men sening kelishing sira istamayman,

Biroq kel.

Anbar inʼom etar senga chechaklar,

Tobe mamlakatdir senga xush chaman.

Men esa chimildiqqa kiramanu,

Tizzangga bosh qoʻyib uxlab olaman.

Suronlar chulgʻaydi patli havoni,

Bir kun oʻzim kabi laqmadir aprel.

Men sening kelishing hech istamayman,

Biroq kel…

 

 

* * *

Sirli bandargohda quyuq tuman,

Olmos langar,

Billur kema.

Zarbof koʻylak kiygan dargʻa mendirman,

Ey gul, ketasanmi men bilan.

Kumush toʻlqinlar tebranishda,

Shaffof manzillarning beshigi ishonch.

Senga kechalari rivoyat aytib,

Tonglari boshingdan sepaman quvonch.

Boʻron tomogʻidan omon chiqamiz,

Sabolar shahriga yetamiz albat.

Vafo arqonini suvdan tortamiz,

Oʻljamiz muhabbat.

Koʻzingni yumginu quchogʻimga kir,

Yuragim mushkidan boʻylanar yuzing.

Bu uy atirgulning tushinikidir,

Yop-yorugʻ, chirogʻi – bulbulning koʻzi.

Ey gul, ketasanmi men bilan?!

 

 

* * *

Bulbullar mastona kashta gullarida,

Soʻzana chetida uxlagan laylak.

Darparda ortida shamol koʻpirtirgan

Bir kosa sharbat.

Sen ich-yey, boshlanur ajib hikoya,

Bahor jilmayadi chumchuq inidan.

Senga musichalar yasar zinapoya,

Yaproqdan.

Qani tush!

Adirlar koʻksini kesib beradi,

Ohista oʻltirib uchamiz baland.

Biz uchun xumolar donlar teradi

Maʼvo saltanati dalalaridan.

Shafaqlar xonatlas yangligʻ yoyilur,

Dutorin portlatib qoʻyar kahkashon.

Qoʻshiqlar yangraydi senga atalgan.

Sen ishon.

Oqqushlar paryostiq berar keltirib,

Yetti qavat koʻrpa toʻshaydi tovus.

Shundoq yonimizga ketadi qoʻyib –

Oy tilla fonus.

Tizzangni quchoqlab, boqasan dilgir,

Soatga qaraysan kulimsiraysan:

Kech boʻldi, soat bir…

Bulbullar yiqilar kashta gullaridan,

Soʻzana chetida oʻladi laylak.

Darparda ortida shamol guvillar,

Kosa toʻla hasrat.

 

 

VISOL

Yigʻladim. Hovuchim toʻla suv boʻldi,

Tishimdan qon sizar, yurak – chanqovuz.

Boshingni eg jonim, majnuntol kabi,

Bu hovuz.

Pichirlab ovozing suzmakdadirmi,

Ushatib tashlangan oʻzimmi butkul.

O, nechun izillab tinmaysan sira,

Bul – bul.

Qaragin, yanchilgan osmon sepildi,

Zarralar sanchildi, achchiq kuydirib,

Bir qozon atala agʻdardi kecha,

Oʻkirib.

Chippa-chip yopishib gʻarq boʻldikmi-yey,

Etimiz tutashib bittamiz, bitta.

Bizni qiymalashga ulgurmaydilar,

Axir bu erta – akkk!

Yigʻladim. Yigʻlading. Hovuch suv toʻla,

Tishlardan qon sizar, yurak – chanqovuz.

Egilsak sochimiz chirmashibdi-ya,

Qoʻshilib ketibdi

Koʻzimiz.

 

 

HAJR

Hijron qish tuniday chizilganida,

Kunlar koʻk bagʻridan uzilganida,

Yoshim piyolada suzilganida,

Sogʻinchdan dil toʻlib buzilganida –

Kapalak qonini topinglar menga.

Yellar sudrab kirsa meni bogʻlarga,

Sargʻayib toʻkilgan tillar qargʻasi.

Meni ostonada changlar tupurib,

Visol keltirmagan yoʻllar qargʻasi –

Kapalak qonini keltiring menga.

Xayru ehsonlarin toʻkkanida yoz,

Bugʻdoyzor oralab doʻppaysa avgust,

Chumoli inida yoʻqolgan xasday

Qolsamu, hech kimsa tutinmasa doʻst.

Kapalak qonini beringlar menga.

Togʻlarning dahani boʻlsa agar gʻor,

Falakka chirmashib oʻralsa bugʻi,

Bu qadar armonga chiday olmasam,

Qabogʻimda chakrab erisa yigʻi.

Kapalak qonini ichiring menga.

 

 

QASAM

Faromush bogʻlarda sollanib mahzun,

Zarrin sarpolarda, davlati fuzun,

Qalbimga ataydi non hamda tuzin,

Yo jonim muhabbat,

Sim-sim-ey, sim-sim,

Mabodo aldasam, qoʻllarim sinsin.

Oʻkinch tilaklarda bolalik badbaxt,

Sevgining nomidan yozadi tilxat.

Agarda yashasam qaldirgʻochsifat,

Qizgʻaldoq enamdir,

Sim-sim-yey, sim-sim,

Mabodo aldasam, qoʻllarim sinsin.

Ortimda choʻl dedim, koʻrsam, Badaxshon,

Qadimiy tangaday behamyon, beshon.

Oʻzimni izlasam-mendan yoʻq nishon,

Al-amon, men qayda,

Sim-sim-ey, sim-sim.

Mabodo aldasam qoʻllarim sinsin.

Soʻnggi dam oʻzim-la oʻchakishsam, hay,

Sohir koʻzlarigdan talab etsam may,

E, voh, kekirdagim kesib etsam nay,

Puflasam-kuy yonsa,

Sim-sim-ey, sim-sim.

Mabodo aldasam yuragim tinsin.

 

 

BAXTLI YIL

Laylatulqadrlar yerga qoʻngaydir,

Har qarich tuproqda anqo ungaydir,

Har lahza koʻrinib shamol yangraydir,

Baxtli yil keladir,

Baxtli yil.

Tangri bor boʻlsa jamolin ochar,

Quyosh abadiyat nurlarin sochar,

Fano tugunlangan sehrini ochar,

Baxtli yil keladir,

Baxtli yil.

Yeru osmon aro oyna qoplanar,

Yomgʻirlar oʻrniga yogʻar sharoblar,

Bani odam balkim qoʻrqmay shodlanar,

Baxtli yil keladir,

Baxtli yil.

Mendek ahli hollar toʻplanib yigʻlar,

Sanduvoch bagʻrida oʻrtanib yigʻlar,

Oʻrtada oʻlimlar tebranib yigʻlar,

Baxtli yil keladir,

Baxtli yil…

 

 

* * *

Moviylik qudugʻida raqslar tugaganda,

Yolgʻizlik arqonini boʻynimga oʻraganda,

Kimdir Abduvalini ohista soʻraganda,

Qoʻshiqchi boʻlsam edim, hech boʻlmasa

sozanda.

Kaptarlarim, kaptarlar hay-u, hayu,

hay-ula.

Barmoqlarimga bogʻlab quyoshni

sudrasaydim,

Qorongʻu yerda yonib, kul boʻlib

titrasaydim,

Tutar paytimda nogoh, meni sen

chorlaganda,

Qoʻshiqchi boʻlsam edim, hech boʻlmasa

sozanda.

Kaptarlarim, kaptarlar hay-u, hayu,

hay-ula.

Adadsiz manzillarim boumid oqqanida,

Qattiq tikanlarini qalbimga qoqqanida.

Tomirimni shimsam-u, hayotga boʻlib

banda,

Qoʻshiqchi boʻlsam edi, hech boʻlmasa

sozanda.

Kaptarlarim, kaptarlar hay-u, hayu,

hay-ula.

Xayolim oynasidan nedir uchib ketganda,

Sevgimni mumiyolab tushlar qochib

ketganda.

Muhabbatim oʻzimdan soʻraganda

rizolik,

Qoʻshiqchi boʻlsam edi, hech boʻlmasa

sozanda.

Xayolim oynasidan nedir uchib

ketganda,

Sevgimni mumiyolab tushlar qochib

ketganda.

Muhabbatim oʻzimdan soʻraganda

rizolik,

Qoʻshiqchi boʻlsam edi, hech boʻlmasa

sozanda.

Kaptarlarim, kaptarlar hay-u, hayu,

hay-ula.

 

 

* * *

Samarqand meni bahorda chaqiradi,

Minorlar yuradi gaplashib.

Dargʻomda uygʻongan baliqlar baqiradi,

Kamalaklar quvlashar rang talashib.

Bogʻlar gurkiraydi, osmon ham

gʻilt – gʻilt.

Bir yigʻlab oladi, kular qaldirab.

Qushlar gurrosiga moʻltirab moʻlt-moʻlt

Shaharga kiradi qirlar galdirab.

Hay-haylab tomlarga chiqar odamlar,

Doʻppilarga toʻlar yulduzlar nuri.

Tizilib raqs tushib berar oqshomlar

Kunduzlarga chiroq koʻtartirishib.

Samarqand meni chaqiradi bir kun,

Sochlarin qizdirib iajnuntolining,

Koʻkrak qafasini yorib boraman,

Qon purkab yuziga shamolning.

 

 

* * *

Bebaho matoga tomgan dogʻdayin

Oʻchmaydi shafaqlar ming yuvilsa ham.

Sarsari, shaqillab oʻtsa-da, yillar

Sen oʻsha, oʻsha…

Tomchi-la tasvirlab boʻlmaydi seni

Hatto anglatolmas, bilsa-da koʻrshab.

Tap-tarang tasmaday kokillaringni,

Taragan isyonlar bermas izohlab.

Sen oʻsha, oʻsha…

Behuda daʼvolar qilaman goho,

Xobgohing qoʻriqlar falak lashkari.

Oshkor etmoqqa tutinaman goh,

Aqldan tashqari,

Fikratdan tashqari…

Vo ajab ingichka qildan ham nozik

Iplar chuvaguvchi balogir sarhad

Aro, ming yillik butxona yangligʻ

Toqatni toqat-la tilguvchi qahat –

Oʻsha, oʻsha…

 

 

* * *

Qaydadir tun siyoh kokilin eshar,

Togʻlarda ezadi harir koʻksini.

Qaydadir jayronlar oʻynab yurishar,

Faqat men yashayman

Oʻksinib.

Qaydadir minora qanot qoqadi,

His etib tanida shamol jismini.

Zarafshon qaygadir loyqa oqadi,

Faqat men yashayman

Oʻksinib.

Qaydadir tulporlar fazoga yetar

Tomosha qilgani tovus raqsini.

Qaqnuslar olovlar qoʻynida yotar,

Faqat men yashayman

Oʻksinib.

Qaydadir sayhonda oʻtlar qovushar,

Qaydadir yoʻqotar oftob koʻzini.

Qaydadir nam tortib unar tovushlar,

Faqat men yashayman

Oʻksinib.

Qaydadir kapalak shafaqni koʻrar,

Nurlanib sezadi baxtning isini.

Qaydadir bir sanam meni deb yashar,

Faqat men yashayman

Oʻksinib.

 

Abduvali QUTBIDDIN

 

“Kitob dunyosi” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nazm/anbar-inom-etar-senga-chechaklar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x