Zamonining shayxul mashoyixi, qutbul avliyosi Xoja Ubaydulloh Ahror naqshbandiya tariqati peshvolaridan biri boʻlib, bu ulugʻ zot XV asrda ilm-fan, adabiyot va madaniyat rivojida muhim rol oʻynagan.
Eʼtiborli jihati, Xoja Ubaydulloh Ahror taʼsiri buyuk mutafakkir Alisher Navoiy faoliyati va ijodida ham yaqqol seziladi. Abdurazzoq Samarqandiy Navoiy avliyolar qutbi Xoja Nosiriddin Ubaydulloh majlisidan fayz va oftob yangligʻ bahra olgani haqida yozadi. Chindan ham Navoiy tafakkuri va dunyoqarashi hamda soʻfiylik qarashlari shakllanishida Xoja Ubaydulloh Ahror huzuridagi majlislar va suhbatlarning taʼsiri katta boʻlgan. Bu haqda Abu Tohirxoja “Samariya” asarida Xoja Ahrorning bilim egalarini sevgani, majlisi hamisha olimlar bilan toʻla boʻlganini yozadi.
Aytish oʻrinliki, Xoja Ahror Navoiy qalamining muxlisi edi. U bu otashnok sheʼrlarni mutolaa qilib, shoir ijodiga yuksak baho bergan. “Xamsat ul-mutahayyirin”da temuriy shahzoda Kichik Mirzo Navoiyning “Tuhfat ul-afkor” qasidasidan bir baytni Xoja Ubaydulloh Ahrorga yuborib, avliyodan tahsinu olqish olgani qayd etiladi. Navoiy “Siroj ul-muslimin” asarini Xoja Ahror Valiyning taklifi va fikri sabab yozganini bildiradi:
Kim, ul koʻp nazm derga boʻldi rogʻib,
Bu yangligʻ nazm ham erdi munosib.
Chu qildi Xojaning amriga taqrir,
Ul erdikim, burunroq boʻldi tahrir.
Bundan tashqari, Alisher Navoiy va Xoja Ahror xat yozishib turishgan. Bizgacha Xoja Ahrorning Navoiyga yozgan 128 ta maktubi yetib kelgan. Albatta ushbu yozishmalarni oʻrganish ikki ulugʻ zot oʻrtasidagi piru muridlik va ustoz-shogirdlik, doʻst-birodarlik munosabatlarini chuqur tadqiq etish imkonini beradi.
Manbalardan maʼlumki, naqshbandiyadagi mashhur “Qoʻling ishda, diling Allohda boʻlsin” shiorini Xoja Ahror oʻzi uchun muqaddas qoida deb bilgan. Herman Vamberining “Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi” kitobida zikr etilishicha, “Xoja Ubaydulloh Ahror olim va mutasavvuf sifatida shu qadar buyuk hurmat va obroʻ qozongan ediki, oʻsha vaqtdagi hukmdorlar bir-biriga raqobat qilgandek, uning husni tavajjuhiga noil boʻlishga intilar edilar. Shu holda ham u Muhammad (s.a.v.) paygʻambar tarafidan bayon qilingan “Al faqru – faxru” (faqirlik – faxrimdir) soʻziga qatʼiy rioya etib, Qorakoʻl yaqinida oʻz qoʻli bilan qoʻsh haydab, kambagʻalday yashar edi”.
Xoja Ahror Valiyning shuncha koʻp yeru mulklari boʻlsa-da, oddiy hayot tarzini maʼqul koʻrgan. Chunki barcha boyliklarini boshqalarning manfaati va ehtiyojiga sarflar, bundan mamnun edi. Umarshayx Mirzo Toshkandning bir yillik xirojini talab qilib, lashkar tortib kelganda, shahar aholisi qashshoqlikdan buncha mablagʻ (250 ming dinor)ni toʻlolmagan chogʻda Xoja Ahror valiy bu mablagʻni berib, shahar aholisini tashvishdan xalos etgan. Shu bilan birga, xalq qishdan eson-omon chiqsin, deb toshkandliklarga yana 70 ming dinor tuhfa etgan. Xoja Ahror qurdirgan madrasa va xonaqohlarning soni 20 dan ortiq, vaqfnoma daftaridagi mol-mulklar soni esa 254 tani tashkil etgan.
Xoja Ahror saxiyligining chegarasi yoʻq edi. Umrining oxirrogʻida Toshkandda boʻlganida Turkistonda boshlangan qahatchilik sabab koʻplab och-yupun kishilar kelayotganini eshitadi. Shunda xizmatkorlariga har kun oʻnta qozon qurib, keraklicha mol va qoʻy soʻyib, turkistonlik ochlarni boqishni buyuradi. Abdurahmon Jomiy “Futuhat ush-shabob” devoniga kirgan qasidasida Xoja Ahror Valiyni “faqir ahlining peshvosi” deb bejiz atamaydi.
Mir Alisher Navoiy ham xuddi Xoja Ahrordek yoʻl tutganki, Hirot shahrida ochlar, miskinu kambagʻallarga doimiy yordam koʻrsatib, doshqozonlarda taom pishirtirib, ularning qornini toʻygʻizgan va kiyim-kechak ulashgan. Bulardan shu narsa maʼlum boʻladiki, Hazrat Navoiy Xoja Ahrordan har tomonlama oʻrnak olgan, aniqrogʻi, u Movarounnahrda amalga oshirgan xayrli ishlarni shoirlar sultoni Xurosonda davom ettirgan, unga ergashgan.
Xoja Ahror arazlashgan va urushishga qasd qilgan sultonlarni yarashtirib, qon toʻkilishlarning oldini olishdagi jonbozligi bilan ham mashhur. “Tarixi Rashidiy”da aytiladi:
“…Ul zimiston Sayram boʻlib, oʻzining (Yunusxon) choʻng oʻgʻli Sulton Mahmudxonni oʻttuz ming kishi birla Sulton Ahmad Mirzoning muqotalasiga yubordi, yetib kelib jangi azim paydo qildilar. Vaqtiki bu xabar Hazrati qutbi doirai irshod, mahbubi Hazrati Ilah Xoja Nosiriddin Ubaydullohgʻa yetti, ular kishi yubordilarki, bizlar ham boramiz, deb. Ondin bu xabar uch sultonga yetti. Hamma oʻz joylarida turdilar. Vaqteki, Hazrati Eshon yetib kelib, Mirzo Sulton Ahmad lashkariga tushdilar. Va xon (Yunusxon) va Umar Shayx Mirzo aning oldigʻa kishi yubordilar, sulhgʻa turdilar. Va ularning muborak nafaslarini hech kishi rad qilolmadi, aning uchunki, ahlullohgʻa fano dast berib oʻzlukidin chiqibdurlar, har narsaki ulardin vujudga kelsa, ani qilgʻuchi haqiqatda Haq taolo oʻzi boʻlgʻay…
Bu uch podshohni oʻlturgʻuzub har biriga ahd va shart buyurdilarki, qildilar. Toshkandni Yunusxonga berdilar. Va Umar Shayxga Fargʻonani amr qildilar. Sulton Ahmad mirzogʻa Samarqandni berdilar”.
Shunga monand, Alisher Navoiy ham Sulton Husayn Boyqaroning farzandlari otasiga qarshi isyon koʻtarganda, ota-bolalarni yarashtirishga, urushning oldini olishga harakat qilgani tarixdan maʼlum.
Bu ikkala shaxs ham oʻz mamlakati aholisi va qoʻshni mamlakatlar hukmdorlari oʻrtasida nufuzi va mavqeining yuqoriligi sabab yurt tinchligi va osoyishtaligi kafolati hisoblanishgan. Buni oʻsha zamonning hukmdorlari ham yaxshi bilgan. Misol uchun, Sulton Abu Said Xoja Ahrorni 1451 yilda Toshkentdan Samarqandga chaqirib oladi. Toʻgʻrirogʻi, Abu Said Toshkentga borganida Xoja Ahrorga qoʻl berib, murid tushadi va shundan keyin qator gʻalabalarga erishadi.
Sulton Husayn Boyqaro esa Xuroson tinchligining ustunlaridan boʻlmish doʻsti Navoiyning mamlakatni muayyan vaqt tark etishiga, toʻgʻrirogʻi Hajga borib-kelishiga unamaydi. Va nihoyat 1500 yilda maxsus farmon bilan Hajga ruxsat etilgan bir paytda Xurosonning ulugʻlari, mashoyixlari, olimlar va irshod ahli Navoiy xonadoniga kelib, mamlakatga turli tarafdan xavf soya solib turgan bir davrda tinchlik va aholining turli tabaqa va guruhlariga mansub kishilar oʻrtasidagi osoyishtalik kafolati sifatida undan safarni kechiktirishni iltimos qilishadi.
Muxtasar aytganda, bu ikki valiy – komil zotlarning tarixdagi oʻrni beqiyos. Ular elu yurt manfaatini birinchi oʻringa qoʻyishdi va shunga yarasha izzat-eʼtiborga munosib koʻrildilar. Shunga koʻra, yaqinda davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Oʻzbekistondagi Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk vatandoshlarimiz qatori Xoja Ahror Valiyning benazir merosini ilmiy asosda chuqur tadqiq etish, uning ilmiy-maʼnaviy jasorati, ulugʻ insoniy fazilatlarini keng targʻib qilish nazarda tutilgani ham bejiz emas.
Sherxon QORAYEV,
Talimarjon sanoat va suv xoʻjaligi kasb-hunar kolleji direktor oʻrinbosari
“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/xoja-ubaydulloh-ahror-va-navoiy/