XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Toshkent. Boshqaruv tizimi


Post Views:
1 539

1865 yilda chor hukumati Turkiston o‘lkasidagi bosib olingan yerlarda «Dasht komissiyasi»ni tuzdi. Ushbu komissiyaning vazifasi o‘lkadagi sharoitni o‘rganish va uni qanday boshqarish kerakligi xaqida nizom tuzish uchun material to‘plashdan iborat edi.

Bu komissiya ish jarayonida bosib olingan yerlardan quyidagi qoidalarga asosan foydalanishni belgilab berdi:
1. Harbiy va fuqaro xokimiyatini bir qo‘lda to‘plagan xolda o‘lkani boshqarish;
2. Siyosiy ahamiyatga ega bo‘lmagan barcha ichki ishlarni boshqarishni, yerli aholining xulq-atvori va urf-odatini hisobga olib, mahalliy aholi qo‘liga topshirish;
3. Mahalliy boshqarmada, uning qonun va urf-odatlarida mavjud bo‘lgan davlat manfaatlariga ziyon yetkazuvchi barcha narsalarni butunlay tugatish;
4. Imkoniyati boricha sudni ma’muriyatdan batamom ajratib qo‘yish;

Mazkur komissiya tomonidan ishlab chiqilgan «Nizom» loyixasi qonuniy tasdiqlanmadi.

Shaharning «yangi» qismining qurilishi va rivojlanishi shahar ma’muriyati faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan. 1866 yilda tashkil etilgan shahar qo‘mitasi asosan uy qurish uchun yer ajratish va buning evaziga pul undirish bilan shug‘ullanardi. Shaharning obodonchiligi uchun sug‘orish ahamiyati kattaligini hisobga olib Toshkent “yangi” qismida ariqlarni va suvni to‘g‘ri taqsimlashni boshqarib boruvchi ariq qo‘mitasi tuzilgan edi. Ushbu ikki qo‘mita bir-biriga bo‘ysunmagan holda faoliyat ko‘rsatgan. Ularda hech qanaqangi qoida va yo‘riqnoma bo‘lmay, bu shahar xo‘jaligini boshqarishni qiyinlashtirgan.

1867 yili Turkiston general-gubernatorligi e’lon qilingach, uning birinchi gubernatori qilib K.P.Kaufman tayinlandi. General-gubernatorning vakolati cheksiz bo‘lib, u agarda mahalliy boshqarma va uning urf-odatlarida davlat manfaatiga qarshi biror zararli holat ma’lum bo‘lsa, ularni bekor qilish xuquqiga ega edi.

Butun Turkiston o‘lkasi hududidagi harbiy va fuqaro hokimiyati general-gubernator va viloyatlarning harbiy gubernatorlari qo‘lida edi. Rus hukumati o‘lkada joriy etmoqchi bo‘lgan boshqarma apparati mahalliy aholining xar qanday ozodlik uchun ko‘targan xarakatlarini bostirishi va mustamlakachilik siyosatini mustaxkamlash uchun xizmat qilishi darkor edi.

Dastlab (1867) Turkiston general-gubernatorligi tarkibiga Sirdaryo va Yettisuv viloyatlari kirgan. Keyinchalik mintaqada Rossiya hukmronligining kengayishi bilan general-gubernatorlikka beshta: Sirdaryo, Farg‘ona, Yettisuv, Samarqand va Kaspiyorti viloyatlari kirdi. Bir vaqtning o‘zida Turkiston general-gubernatorligi ixtiyorida bo‘lgan Buxoro va Xiva xonliklari ustidan ham rus hukumati protektorati o‘rnatildi.

1868 yil 27 fevralda Sirdaryo va Semipalatinsk viloyatlari va Toshkent “yangi” qismida boshqaruv to‘g‘risidagi 1867 yil loyihasiga binoan “harbiy-xalq” boshqarmasi tuzildi. Statistik maslahatchi Rossig‘kiy boshqarmaning birinchi boshlig‘i etib tayinlandi. Shahar “yangi” va “eski” qismlaridagi ijtimoiy-siyosiy va xo‘jalik boshqaruvi bir-biridan alohida-alohida olib borilgan, holbuki bu har ikkala qism ham Toshkent shahri boshlig‘iga bo‘ysunardi. Toshkentning “yangi” qismida quyidagi ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutildi:

1. Reja tuzish, uy qurishga yer ajratish, ko‘cha va maydonlar barpo etish;
2. Soliqlar, turli tushumlarni tartibga keltirish va undirish, shuningdek shahar daromad va harajatlar smetasini tuzish;
3. Shahar irrigatsiya tizimi va obodonchiligini boshqarish.

Harbiy-xalq boshqaruvining barcha qarorlarini general-gubernator tomonidan tasdiqlangach viloyat idorasi, shahar boshlig‘i va hokimi orqali hayotga tatbiq etilgan.

Shuni ta’kidlash kerakki, mazkur boshqaruv Toshkent shahar boshqaruvi to‘g‘risidagi loyihani uzil-kesil ishlab chiqqungacha qadar ta’sis etilgan edi. Boshqaruv a’zolari 3 yilga saylanardi. Harbiy-xalq boshqarmasi uchun ko‘p moddiy mablag‘ talab etilmasdi. Chunki quyi ma’muriyat aholi hisobiga yashardi.

Ularni hamda boshqaruv raisi lavozimini harbiy gubernator tasdiqlardi. Boshqaruv a’zolari xazinaga kelib tushadigan har yilgi tushumlarning 5-10% miqdorida maosh olar edilar. Ariq oqsoqollari, oqsoqollarning barchasi xalq hisobiga yashagan. Bu esa o‘z navbatida talon-tarojlikka keng yo‘l ochib bergan.

Shahar xo‘jaligining faoliyati qoniqarsiz axvolda bo‘lganligini hisobga olib, harbiy gubernator N.N.Golovachev shaharning «yangi qismidagi barcha xo‘jalik ishlarini bir boshqarmaga birlashtirish uchun harakat qildi. 1870 yildan boshlab «yangi» shaharda ijtimoiy xo‘jalik boshqarmasiga asos solinib, uning tarkibi xalq- harbiy boshqarmasidan besh amaldor hamda «yangi» qismdan to‘rt uy sohibidan iborat bo‘lib, harbiy gubernator tomonidan tayinlangan. Eski shahar ijtimoiy-xo‘jalik boshqarmasida 20 ta a’zo faoliyat ko‘rsatgan. Lekin bu boshqarmalar mustaqil ravishda xeya qanday tadbirlarni o‘tkaza olmas edi. Buning uchun albatta shahar boshlig‘i yoki yuqori ma’muriyatdan ruxsat olishlari shart edi. Boshqarmalarning asosiy vazifalari davlat soliqlarini to‘plash, zemstvo va ijtimoiy yig‘imlarni taqsimlash va x.k.lardan iborat edi. Shahar boshlig‘i boshqarma raisi vazifasini ham bajargan.

Shahar xo‘jaligi xaqidagi masalalar va xarajatlar shaharning ikkala qismi uchun ham bir xilda xal etilib, hatto mablag‘lar ham teng ikkiga bo‘lingan edi. Eski shahar boshqarmasi a’zolari xo‘jalik ishlarini olib boruvchi yangi tartib va qonunlar bilan mutlaqo tanish bo‘lmaganlar, rus tilini ham bilmaganlar. Yangi shahar xo‘jalik boshqarmasi a’zolari ruslardan iborat bo‘lib, ular xam mahalliy tartiblar va aholiningg urf-odatlaridan umuman bexabar bo‘lganlar. Aholi manfaatlarini hisobga olmay, bunday sun’iy ajratish shahar xo‘jaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Hatto rus amaldorlarining o‘zi xam mazkur boshqaruv shahar xo‘jaligi masalalarida mutlaqo yaroqsiz ekanini va u yerdagi amaldorlarning xizmat majburiyatlari boshqaruv manfaatlariga mutlaqo zid ekanini ta’kidlaganlar.

Shahar byudjeti ancha g‘arib bo‘lishiga qaramay uning qurilishi va obodonchiligi bo‘yicha ma’lum ishlar qilingandi. 1870 yilda shahar daromadi 10 ming rubl, 1871 yilda-17,5 ming rubl, 1872 yilda-17 ming rubl, 1873 yilda-21820 rubl, 1874 yilda-23917 rubl, 1875 yilda-30287 rubl, 1876 yilda-27766 rubl tashkil etgan. Byudjetning 82%i politsiya va shahar jamoatchilik boshqaruvi, tibbiy, sanitar xizmati va sud organlari, irrigag‘iyaning shaxsiy tarkibini ta’minlashga va x.k larga, mablag‘ning 18 foizigina shahar obodonchiligiga sarflanardi. Bu ahvolda jamoatchilik boshqaruvi o‘z vazifasini qay darajada bajargani o‘z-o‘zidan ayon.

Aholi o‘sishi va shahar hududi kengayishi munosabati bilan 1870 yil 16 iyundagi Umumrossiya shahar nizomiga ko‘ra Dumani tashkil etish zaruriyati yuzaga keldi. Birinchi marta bu masala 1872 yilda ko‘tarib chiqildi, biroq bu masalani 1877 yildagina hal etishga muvaffaq bo‘lindi. Shu yili Sirdaryo harbiy gubernatori boshchiligida maxsus hay’at tuzilib, unga Toshkent shahrining “eski” va “yangi” qismlari uchun yagona boshqaruvni tashkil etish bo‘yicha loyiha tayyorlash topshirilgandi.

Hay’at saylovchilar ro‘yxatini tuzish, shahar jamoatchilik boshqaruviga saylov o‘tqazish bo‘yicha ish olib bordi. Saylovda 25 yoshga to‘lgan, shaharda qo‘zg‘olmas mulki bo‘lgan, rus fuqarosi bo‘lgan, savdo va kosibchilik guvohnomalari bo‘yicha shahar solig‘ini to‘laydigan, qarzlari bo‘lmagan va sudlanmagan shaxslar ishtirok etishi mumkin edi. Dumada ovoz beruvchilar miqdori 72 odamdan oshmasligi kerak edi. Shulardan Toshkentni xristian bo‘lmagan, faqat mahalliy aholining 1/3 qismidan ortiq bo‘lmagan tub aholi vakillaridan a’zolar, qolgan 2/3 qismi shaharning “yangi” qismidagi aholi vakillaridan tashkil topishi shart edi.

Saylovlarda asosan savdogarlar, yirik sanoat korxonalari va uy egalari ishtirok etgan. Yangi tashkil etilgan Duma birinchidan shaharni mustamlakachilar qo‘lida saqlab turishni, ikkinchidan Dumaga saylangan tub aholi vakillarini xokimiyat tayanchiga aylantirishni maqsad qilib qo‘ygandi. Shahar boshlig‘i general-gubernator tomonidan tayinlangan.

Shu tariqa chor hukumati mahalliy aholi mehnati evaziga kun ko‘ruvchi quyi ma’muriyat barpo qildi. Dumaga saylov 4 yilda 1 marta bo‘lib o‘tgan. Ammo saylov yig‘ilishi “a’zolarga hech qanaqangi instruksiya berish xuquqiga ega emasdi”. Shahar saylovlarida “eski” shahardagi qo‘zg‘olmas mulkka ega bo‘lgan masjidlar, madrasalar va boshqa muassasalar ham vakillari orqali ovoz berish xuquqiga ega edilar. 1870 yildagi shahar nizomini tatbiq etilishi bir muncha mahalliy xususiyatlarga ega ekanini ko‘rish mumkin. Jumladan, shahar jamoatchiligi boshqaruvi funksiyasiga shaharni uzluksiz suv bilan ta’minlash maqsadida irrigatsiya inshootlarini qurish va saqlash ham kiritilgandi.

1877 yil 9 avgustda general-gubernator polkovnik Ye.T. Pukalovni shahar xokimi etib tayinladi. Shundan bir hafta o‘tib Toshkent shahar dumasiga a’zolarni saylash boshlandi. O‘sha yilning 30 avgustida Toshkent shahar Dumasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Sentyabr oyida shahar mahkamasining olti amaldoriga saylov bo‘ldi, shulardan ikkitasi mahalliy aholi vakillari, qolganlari “yangi” qism vakillari edi. Mahalliy sharoit xususiyatlarini hisobga olgan holda general-gubernator tavsiyasi bo‘yicha shahar ijtimoiy boshqarmasi saqlab qolindi. Buning oqibatida Duma faoliyati ustidan tartib nazoratini Sirdaryo viloyati harbiy gubernatori amalga oshirar edi. Endilikda shahar ijtimoiy boshqarmasi Shahar dumasi, shahar mahkamasi va saylov yig‘inlaridan iborat bo‘ldi. Saylov yig‘inida duma a’zolari saylansa, ular o‘z navbatida shahar mahkamasiga a’zolar saylar edi. Shahar dumasi farmoyish chiqaruvchi, shahar mahkamasi esa uni bajaruvchi tashkilot hisoblangan. Lekin dumaning chiqargan qarorlari dastlab general-gubernator tomonidan tasdiqlanishi lozim bo‘lgan. Bu o‘z navbatida dumani mustaqil ish yurita olmaganidan dalolat beradi.

Fuqaro sudlari ishi bundan mustasno edi, ular shahar ishlari bo‘yicha maxsus viloyat idorasi (prisustviye) ixtiyoriga topshirilgandi. Shahar Dumasi xuquqlari quyidagilardan iborat bo‘lgan:

1) jamoatchilik boshqaruvi bo‘yicha shahar mahkamasi tarkibiga mansabdor shaxslarni tayinlash;
2) bu shaxslarga maosh tayinlash;
3) shahar yig‘im va soliqlari miqdorlarini belgilash va o‘zgartirish;
4) shahar xarajatlarini aniqlash va shahar smetasini tasdiqlash;
5) shahar mablag‘ini to‘plash va sarf qilish haqidagi, shahar mol-mulki holati haqidagi va umuman mahkama olib borayotgan ishlar xaqidagi hisobotlarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
6) shahar mol-mulki va umuman boshqaruv faoliyatini yurgizish qoidalarini belgilash;
7) mahkamaning umumiy tartibini aniqlash va x.k.

Jinoyat sodir etilgan holda shahar xokimi va shahar mahkamasi a’zolari Sirdaryo viloyat sudi tomonidan javobgarlikka tortilganlar.

Shahar boshlig‘i bir vaqtning o‘zida shahar hokimi va duma raisi vazifalarini bajargan. Bu bilan chor hukumati shahar ijtimoiy boshqarmasi xuquqlarini cheklab qo‘ygan edi.

Avval ta’kidlab o‘tilganidek, Kaufman paytida Toshkentning xo‘jalik va ijtimoiy idorasi shahar boshlig‘i qo‘lida edi. General-gubernator Rozenbax vaqtida ham bu tartib saqlanib qolgandi. U 1887 yilda o‘zining harbiy vazirga murojaatida shunday yozgandi: “Toshkent amaldagi shahar nizomi tartiblariga binoan Toshkent shahri boshlig‘i shahar xokimi vazifasini ham bajargan edi. Bu chora-tadbirlar marhum general-gubernator Kaufman tomonidan ham dastlabki to‘rt yil davomida qo‘llanib kelingan edi. Bunga sabab birinchidan, shahar aholisini yaqinda bo‘ysundirilgan musulmonlardan iboratligini hisobga olgan holda siyosiy ahvol nazarda tutilgan, ikkinchi tomondan esa shahar hokimi musulmon aholisi orasida hukumat vakolatini olgan va ma’muriyat orasida hukumat yuzasidan shahar ishlarini har tomonlama yaxshi bilgan shaxs sanalgan. Bu tartibni quyidagi holatlardan kelib chiqqan holda bundan keyin ham saqlab qolishni shart deb bilaman. Toshkentdagi ijtimoiy boshqaruvni 1870 yildagi shahar nizomi asosida saqlab qolish o‘n yillik tajriba ko‘rsatganidek mutlaqo to‘g‘ri va zarur, hududdagi aholi nufuzi, shuningdek aholining 1877 yildan buyon shu boshqaruv tartibiga ko‘nikib qolganligi ham shuni taqozo etadi. Biroq shu bilan birga yaqinda tashkil topgan va turli elementlardan iborat bo‘lgan (mahalliy aholi va uncha ko‘p bo‘lmagan amaldorlar, zobitlar va boshqa tabaqalardan iborat ruslar) shahar jamiyati o‘z orasidan butun shahar va hukumat xoxishini to‘la bajaruvchi shaxsni ajrata olmaydi”.

Ko‘rinib turibdiki, general-gubernator, xo‘jalik boshqaruvini saqlab qolish zaruriyatini asoslab bersa-da, mustaqil lavozim sifatida shahar dumasi raisini saylash masalasida bir yoqlamalikka yo‘l qo‘ygan. O‘sha vaqtda uning saylanishi asoslangan edi. Vaholanki bu narsa general-gubernatorning shaharni boshqarishidagi ta’sirini susaytirardi. Shu bois shahar boshlig‘i Duma raisi va shahar hokimi vazifasini bajardi.

80-yillarda shahar maxkamasi (gorodskaya uprava) boshliq va o‘rinbosar, olti otliq yigit (otliq politsiyai), mirshab (gorodovoy), vrach, 2 felqdsher, mirob va boshqalardan iborat bo‘lgan. Keyinchalik shahar mahkamasi tizimi ancha o‘zgarib ketdi.

Shahar hokimi vazifalarini Toshkent shahri boshliqlari: polkovniklar V. Yu. Medinskiy (1804-1877 yy.), Ye. T. Pukalov (1877-1883 yy), S. R. Putinsev (1884-1890 yy), A.. T. Tveritinov (1891-1898 yy), I. A. Ladыjenskiy (1898-1901 yy), V. F. Kiselyov (1901-1904 yy)lar bajarganlar. 1905 yilda Toshkent shahrida shahar xokimi lavozimini shahar boshlig‘i zimmasiga yuklash bekor qilindi va shahar hokimi lavozimiga iste’fodagi general-mayor V. N.Rыbushin (1904-1905 yy) tayinlandi. Keyinchalik shahar hokimi lavozimiga nomzodni saylash shahar Dumasining ixtiyoriga berildi. Duma bir ovozdan bu lavozimga yuqorida tilga olingan S. R. Putinsevni (1905-1907 yy) sayladi. 1907 yildan boshlab shahar hokimligi vazifasini kollej maslahatchisi (kollejskiy sovetnik) N. G. Mallitskiy bajardi. U Tarix-filologiya institutini tamomlagan va O‘qituvchilar seminariyasi hamda Toshkent erkaklar gimnaziyasida tarix va jo‘g‘rofiyadan o‘qituvchi bo‘lib xizmat qilgan edi, keyinchalik “Turkiston gazeti” muharriri lavozimida ishlab, o‘zbek tilini yaxshi bilardi.

K.K.Palen taftishi ma’lumotlariga ko‘ra, N. G. Mallitskiy “yaxshi shahar hokimi bo‘lgan, chunki ozroq ishlaganiga qaramay, uning faoliyati natijalari ko‘zga tashlanib qolgandi”.

1909 yil ma’lumotlariga ko‘ra shahar dumasi shahar hokimi, yordamchisi,kotibi, farmon beruvchi bo‘lim, ish yurituv bo‘limi, hisob-kitob bo‘limi va shahar kassasini o‘z ichiga olgan. Bundan tashqari, boshqarma ixtiyorida shahar me’mori, muxandisi, tanobchisi, shahar vrachi, shahar sanitar vrachi, shahar telefon tarmog‘i, shahar suv tarmog‘i, suv tarmog‘i texnigi, shahar yoritish tarmog‘i, shahar adliya-maslahatchisi va tilmochi bor edi. Shaharning “eski” qismidagi ambulatoriya, Toshkent shahar kasalxonasi, shahar dorixonasi, shahar veterinar vrachi, Toshkent yetimlar sudi, savdo politsiyasi ham shahar boshqarmasiga qarardi.

Tub aholi vakillarining Duma faoliyatidan tez-tez norozi bo‘lib turganlar. 1905-1906 yillarda tub aholi vakillari «eski» shahar daromadi «yangi» shahar daromadidan ko‘pligini, bu daromaddan mahalliy aholi xech qanday foyda ko‘rmayotganligi va uni faqatgina «yangi» shahar obodonchiligi uchun sarf qilinayotganligini ta’kidlab, duma tarkibiga mahalliy millat vakillari bilan «yangi» shahar vakillari a’zolarini teng miqdorda saylanishini talab qilganlar.

Mahalliy aholining noroziliklari duma majlislarida xam bo‘lib turar edi. Shahar xokimi N.Mallitskiy o‘z hisobotida: «Men 10 yillik faoliyatim davomida milliy nizolarni keltirib chiqaruvchi holatlarni yuzaga keltirmaslikka xarakat qildim. Lekin duma yig‘ilishlarida ba’zi bir masalalar, ayniqsa shahar obodonchiligi xaqida gap ketganda tub aholi vakillari o‘z noroziliklarini bildirar edilar. Bu kelishmovchilik ko‘pincha tub aholining qoniqtirmaydigan javob olishi yoki «rasman qoniqish» xosil qilganday o‘zini tutishi bilan tugardi. Ko‘pincha ular asabiylashgan holda «biz baribir hech narsaga arzimaymiz; bizni dumaga kelishimiz ham shart emas, baribir ruslar xamma masalani o‘z hoxishlariga qarab hal qiladilar» degan gaplar bilan norozi bo‘lar edilar, deb yozgan edi.

Bunday holatlar nafaqatgina duma majlislarida balki xar bir sohada yaqqol ko‘zga tashlanib turar edi. Chor hukumati dastlabki kundanoq Turkiston o‘lkasida aynan ana shunday siyosat olib borishni maqsad qilib qo‘ygan edi. Hatto arxiv hujjatlarida ham mustamlakachilik siyosatining asl mohiyatini ko‘rish mumkin. Shahar ijtqimoiy boshqarmasining hisobotida mustamlakachilarning asl qiyofalari va maqsadlari ochiq-oydin yoritilgan. Unda: «Asosiy kontingenti musulmonlardan iborat bo‘lgan Toshkent butun o‘lkani boshqaruv markazi hisoblanadi. Bu o‘lkadagi ruslar zimmasiga taraqqiyot, insonparvarlik, vatanparvarlikdan tashqari, xaqiqat qonunlarini targ‘ib qilishdek buyuk vazifa yuklatilgan. Bu masalani bir qismini hal etish bizga, ya’ni dumaning ruslardan iborat a’zolariga topshirilgan. Dumada son jixatdan ko‘pchilikni tashkil etishimiz bizga, ya’ni ruslarga har qanday ishni xoxlagan tomonimizga yo‘naltirishga imkon beradi. Chunki bizning majburiyatimiz mahalliy aholini bir xil darajada ushlab turish va Turkiston o‘lkasi boshlig‘ining bizga nisbatan bo‘lgan ishonchini oqlashdan iboratdir» degan so‘zlari fikrimizni yana bir bor isbotlaydi.

Asrlar davomida jaxon sivilizatsiyasiga o‘zining ulkan hissasini qo‘shib kelgan O‘rta Osiyo xalqlariga, taraqqiyot yoki bo‘lmasa vatanparvarlik va insonparvarlik kabi xissiyotlar xaqida va’zxonlik qilish, mahalliy aholini xar tomonlama kamsitish mustamlakachilik siyosatining shiorlaridan biri hisoblangan. Chor Rossiyasi tub aholini xar qanday qarshiligi va noroziligini bostirish uchun doimiy ravishda harbiylar va politsiya yordamiga tayanib kelgan.

1869-1887 yilda shaharning “yangi” qismida politsiyachilar vazifasini gorodnichiy (mirshab) va uning yordamchisi (pristav) boshqarardi. 1884 yilgacha politsiya xizmatini “qo‘shindagi quyi amaldorlar” bajarardi, keyin esa u erkin yollash yo‘li bilan 80 nafar odam tarkibida tuziladigan bo‘ldi.

1882 yilda politsiya boshqarmasi shahar xokimi (gorodnichiy), uning yordamchisi (pristav), kotiblari, politsiya komandasi, 12 yigit (otliq politsiya) va boshqalardan tashkil topgan.

Turkiston o‘lkasini boshqarish haqidagi nizomga ko‘ra 1887 yilda “yangi” shahar politsiya boshqarmasi shahar boshlig‘iga bo‘ysunardi, boshqa joylarda esa politsiyaga uyezdlarning boshliqlari rahbarlik qilardi. Politsiya qo‘riqchilari maoshiga xarajatlar zemstvo solig‘i hisobidan qoplanardi, keyinroq esa bu ehtiyojlarga mablag‘larni ma’lum qismi shahar daromadidan ajratiladigan bo‘lgandi. So‘ngra politsiya maoshi butunlay shahar daromadi hisobiga o‘tib ketgandi. 1912 yildan bu xarajatlarning yarmi xazina hisobiga o‘tkazildi.

XIX asr oxiri-XX asr boshida chor ma’muriyati milli-ozodlik xarakatlarining kuchayishi sababli politsiya boshqaruvini mustahkamlashga imkon beruvchi qator chora-tadbirlarni ko‘rdi. 1893 yilda maxfiy politsiya tashkil etildi, 1907 yilda esa general-gubernator idorasi qoshida maxfiy politsiya tashkil etish bo‘yicha maxsus bo‘lim tuzildi. 1907 yildan Turkiston rayoni muhofaza bo‘limi (TROO) ta’sis etildi, u har qanday ommaviy chiqishni bo‘g‘ishga qaratilgandi. Politsiya shefi va bosh jandarm o‘lka general-gubernatorining o‘zi edi.

Garchi Toshkent shahriga o‘z-o‘zini boshqarish xuquqi berilishi katta voqyea hisoblansa-da, u bor kuchi bilan ishlay olmas edi. Bunga duma a’zolari orasida “siyosiy va fuqarolik burchni to‘la tushuna oladigan yetuk” kishilar yo‘qligi sabab edi. A’zolar ichida o‘z mavqyeidan g‘arazli maqsadlarda foydalanishga intiluvchilar oz emasdi. Boshqa tomondan yuqori lavozimdagi shaxslar shahar boshqarmasi va dumasi faoliyatiga kam qiziqar edilar. K.K.Palen taftishining ko‘rsatishicha (1908-1909 yy.), viloyat ma’muriyati tomonidan “bu muassasalar qonuniy hatti-xarakatlari ustidan deyarli xech qanday nazorat o‘rnatilmagan va ularning faoliyatini o‘sha Duma tarkibidagi taftish xay’atlarigina nazorat qiladi, buning oqibatida goxo suiste’molliklar fosh etilib qolardi, ammo shahar g‘aznasidagi moddiy zararlarni qoplashga endi kech edi. Yana ta’kidlanadiki, inspektor ko‘rsatmasi bilan 1905 yilda o‘tkazilgan taftish ham xech qanday natija bermagan. Shu bilan birga shahar mahkamasi faoliyatida birlik va hamjixatlik yo‘q edi.

Moliya hisoboti ham yomon ahvolda bo‘lgan, mablag‘larni sovurish va suiiste’mol qilish avj olgan. Bular barchasi duma oldida turgan vazifalarning bajarilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Shunday voqyealar ham bo‘lganki, dumada ko‘plab amaldorlar chiqib ketganidan keyin 38 tagacha qisqargan. Lekin tub aholi vakillari oldingidek 24 taligicha qolavergan, bu dumada masalalarning hal etilishida ular ta’sirini ortishiga olib kelgan.

1877-1914 yillarda davrida shahar dumasining 1280 majlisi bo‘lib o‘tgan. Uning 9 sessiyasi davomida ishtirok etgan a’zolar soni 404 nafar odamni tashkil qilgan. XX asr boshidagi ma’lumotlarga ko‘ra, duma ishi quyidagi: byudjet, yuridik, zayom haqidagi moliya, baholash, suv quvuri (vodoprovod), elektr tarmog‘i, tramvay, bog‘dorchilik va taftish hay’atlari bo‘yicha olib borilgan.Shuni ta’kidlash joizki, shahar byudjeti faqatgina turli yig‘imlar tushumidan tashkil topgan.

10 yil ichida (1898-1908 yy.) duma byudjeti 5 296 872 rublni, o‘rtacha yiliga 519 687 rublni tashkil etadi. Daromadning eng muhim manbalari savdo, qushxona, dorixona yig‘imi, shahar mulki va tarozilarni ijaraga berishdan tushgan yig‘im hamda shaharliklar ko‘chmas mulki va davlat binolari solig‘i hisoblangan. Jarima, penya, ustamalardan ham talay daromad olingan. Boshqa shaharlardan farqli o‘laroq Toshkent tarozi yig‘imlaridan ozod edi.

Harajat moddalari orasida birinchi o‘rinda shaharni obodonlashtirish turibdi (931 658 rubl), keyin tibbiy xizmat (855 385 rubl) va shahar ijtimoiy boshqaruvi harajati (646 041 rubl). Xalq ta’limini moliyalashtirishga kelsak, u atigi 414 280 rublni tashkil etgan, holbuki politsiya harajati 605 937 rublga yetgan. Keyin duma byudjeti ortib boravergan. Uning harajat qismi 1909 yilda 851 ming rublni, 1910 yilda-903 ming rublni, 1911 yilda-1 110 ming rublni, 1912 yilda-1 248 ming rublni, 1913 yilda esa 1 438 ming rublni tashkil etgan.

Ko‘rinib turganidek, asta-sekin xarajatlar yiliga 1 mln.dan ortib borgan, bu shaharning keyingi rivojlanishi va duma faoliyatining faollashuvi bilan bog‘liq bo‘lgan. Shahar o‘z mablag‘laridan yana qamoqxonalarni yoritish xarajatini ham ko‘targan, holbuki u mavjud nizomga ko‘ra davlat xazinasidan ta’minlinishi kerak edi. 1914 yilda qamoqxonalarni yoritish uchun duma 11 057 rublni sarfladi. Bundan tashqari, boshqa shaharlardan farqli ravishda Toshkent shaxri davlat solig‘i va zemstvo to‘lovini ham to‘lashi kerak bo‘lgan. Masalan, 1907 yilda u 53 499 rub davlat solig‘i to‘lagan, butun Farg‘ona viloyati esa atigi 44000 rub to‘lagan. Toshkentda zemstvo solig‘i 1908 yilgacha 42 ming rubga yaqin bo‘lgan, Samarqandda esa 1907 yilda atigi 761 rubl, butun Farg‘ona shaharlari birgalikda 7,5 mingga yaqin to‘lagan. Duma faoliyatida yana boshqa qiyinchiliklar ham bo‘lgan. Masalan, Toshkent sharoitida irrigag‘iya tizimlari, katta va kichik ariqlardan o‘tgan ko‘priklar qurishga katta mablag‘lar talab etilardi. Ko‘chalar obodonchiligi uchun ham ko‘p xarajat ketardi. Bu borada 1909 yilda shahar hokimi N. Mallitskiy shaharning yoyilib ketishi, shu bilan birga yo‘llarni tartibda saqlashdagi qiyinchiliklarni ta’kidlab o‘tdi. Uning aytishicha, yozda yo‘llarning ustki qismi tuproqqa aylanib, ozgina harakatdan ham samoga chang-to‘zon ko‘tarilgan, qishda ko‘chalardagi turpoqlar chilp-chilp loyga aylanib, otlar botib qolgan. Tosh yo‘llar va katta yo‘llar loyga tez qorilgan. Ko‘chalar, hovlilar, bog‘larda ko‘chatlar ko‘p o‘tqazilganidan iflos yaproqlar yanada ko‘p tashvish orttirgan. Shu bois tozalash ishlariga ko‘p mehnat va mablag‘ sarflangan. N. Mallitskiyning quyidagi e’tirofi qiziqish uyg‘otmay qolmaydi: “O‘lkaning boshqa shaharlarida uyezd boshliqlari maoshi xazina hisobidan bo‘lgan, bizda, Toshkentda esa mahalliy aholiga nisbatan o‘z huquqi bo‘yicha uyezd boshlig‘iga (idorasi bilan birga) tegishli (12272 rubl) shahar boshlig‘i maoshi butunlay shahar byudjeti zimmasiga yuklatilgan”. Bu ham yetmaganday duma ma’muriy binolar va qarorgohlarni obodonlashtirish bilan ham shug‘ullangan. N. Mallitskiy yozadi: “Nihoyat Rossiyaga qarashli O‘rta Osiyo hududining poytaxti sifatida Toshkentdan boshqa shaharlarga qaraganda ko‘proq talab qilinishi haqida gapirmay turolmayman. Jumladan, o‘lkaning katta boshliqlari Samarqand, Skobelev, Andijon va h.k.larni obodonlashtirishdan ko‘ra ko‘proq o‘zlarining qarorgohlarini obod qilishga e’tibor bermoqdalar”, deb bejiz yozmagan.

Garchi o‘z faoliyatining barcha bosqichlarida duma samarali ishlay olmagan bo‘lsa-da, u umuman shahar rivojiga sezilarli darajada hissa qo‘shdi. Ayniqsa u, Putinsev va N. Mallitskiy hokim bo‘lganida muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatdi.

Shuni ko‘rsatib o‘tish joizki, Toshkent XX asr boshida Rossiyada 1870 yildagi shahar nizomi saqlanib qolgan yagona shahar edi, bunga ko‘ra shahar jamoatchilik boshqaruvi unga berilgan vakolat doirasida mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatgan. 1892 yildagi shahar nizomini Toshkentga qo‘llashga ko‘p martalab uringan, bu bilan u dumani uzil-kesil o‘z qo‘g‘irchog‘iga aylantirishni maqsad qilib qo‘ygan edi. Dumaning butun faoliyati viloyat va umuman o‘lka yuqori ma’muriyati nazorati ostida bo‘lishiga qarshilik qilmadi. Ma’muriyat Biroq bu nizomni qabul qilish Peterburgdagi byurokratik rasmiyatgarchilik tufayli juda cho‘zilib ketdi.

XIX ASRNING IKKINCHI YARMI – XX ASR BOSHLARIDA TOSHKENTNING «YANGI SHAHAR» QISMI TARIXI

Jannat Ismoilova

O‘zRFA Tarix instituti
O‘zR FA O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi
Toshkent – “Fan va texnologiya” — 2004

Ushbu qimmatli manbaning elektron variantini taqdim etgani uchun monografiya muallifi J.Ismoilovaga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

https://shosh.uz/uz/hih-asrning-ikkinchi-yarmi-hh-asr-boshlarida-toshkent-boshqaruv-tizimi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x