Post Views:
1 427
Ma’lumki o‘zbek halqi etnogenezi va etnik tarixi murakkab tarixiy jarayonlar davrida kechgan bo‘lib, bu murakkab tarixiy jarayonlar o‘zbek xalqi etnik tarixiga ta’sir etmasdan qolmagan. Ana shunday o‘zaro munosabatlarda faol qatnashgan o‘zbek xalqi etnik komponentlaridan biri qang‘lilar hisoblanadi. Qadimdan ikki daryo oralig‘i va unga tutash hududlarda yashab kelgan qang‘lilarning o‘zbek halqi tarkibiga kirgan ko‘pgina katta-kichik etnik guruhlari so‘g‘diy zabon aholi bilan qorishib ketishi (assimilyatsiyalashuvi) yoki ma’lum hududlar doirasidagi etno-madaniy jarayonlarda qatnashuvi tabiiy hol edi.
Biz ushbu maqola doirasida qang‘lilarni uzoq tarixiy davr mobaynida etnografik guruh sifatida Nurota vohasi hududlarida yashab kelayotganliklari hamda XX asrga kelib, ularni O‘zbekiston etnomadaniy jarayonlarida faol qatnashganligi haqida fikr yuritmoqchimiz. Shu o‘rinda qang‘lilarning kelib chiqishi va ularning o‘zbek xalqi etnik tarixida tutgan o‘rni masalasi bir qancha etnologik adabiyotlarda va tarixiy manbalarda ma’lum ma’noda o‘z aksini topganligini ham qayd etish lozim[1].
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida o‘zbek halqi tarkibida qang‘lilarning keyingi avlodlari haqidagi batafsil ma’lumotlar o‘zbek etnolog olimi akademik K.Sh.Shoniyozovning shu masalaga doir fundamental asarida uchraydi. Qang‘lilar ilk o‘rta asrlar va undan keyin Movaraunnahr va Xorazmda yashagan qabiladoshlari qatorida o‘zbek halqining etnik tarixida muhim rol o‘ynab, ularning bir guruhi XIX asr oxiri XX asr boshlarigacha ayrim etnografik guruh sifatida yashab kelishdi va o‘zlarini o‘zbek deb ataganlar[2]– deb yozadi mualif. O‘zbekiston hududidagi joylashgan qang‘lilar XIX asr oxiri XX asr boshlarida asosan Toshkent, Mirzacho‘l, Farg‘ona va Zarafshon vohalarida yashar edilar[3].
Biz qang‘lilarni Sirdaryoning o‘rta oqimlari hamda Qashqadaryo vohalaridan Nurota tog‘ tizmasi atroflariga kelib o‘troqlashganligi haqidagi ma’lumotlarni dala etnografik tadqiqotlarimiz jarayonida to‘pladik. Bizning tadqiqot davrimizda asosan XIX asr oxiri XX asr boshlarida qang‘lilarning katta guruhi Nurota vohasining G‘allaorol tumanidagi va Jizzah shahri yaqinidagi 2 ta qang‘li qishloqlarida, Shirkonli qishlog‘ida hamda Nurotaga tutash Xatirchi tumanida tarqalganlar[4]. Hozirgi kunda qang‘lilarning uchinchi bir guruhi G‘allaorol tumaniga yaqin bo‘lgan qang‘li nomi bilan ataluvchi ikkita qishloqda (hozir bu qishloqlar Qang‘li-1 va Qang‘li-2 deb yuritiladi) hamda Oqtog‘ning Nurotaga tutash Xatirchi tumani hududida ham qayd etilgan. G‘allaorol qang‘lilari bosh qabila guruhi sifatida Sariq qang‘lilardan bo‘lib, ular mechkay to‘p, erganakli to‘p, beshkal to‘p, zargar to‘p, yo‘ldoshbek, davronbek, saroy kuyovli, bolg‘ali urug‘ shohobchalarini tashkil etadi[5]. Biz qayd etgan urug‘ qabila guruhlarining ayrimlarini K.Sh.Shoniyozov ham O‘zbekiston hududidagi qang‘lilarning kichik urug‘ shoxobchalari tarkibida keltirib o‘tadi[6].
Vohaning o‘ziga hos tabiiy geografik xususiyatlari hamda iqlim sharoiti aholining xo‘jalik – madaniy turmush tarziga ta’sir etmasdan qolmagan. Tog‘ning har ikki tarafidagi bepoyon dashtlar hamda sug‘orma dehqonchilik vohalarida tarkib topgan ho‘jalikning uch tipga bo‘linganligini olamiz: chorvachilik, yarim o‘troq xo‘jaligi, o‘troq dehqonchilik. Mana shunday xo‘jaliklar bilan shug‘ullanib kelgan qang‘lilar vohaning boshqa etnoslari va etnik guruhlari bilan ma’lum hudud doirasida mushtarak etnik aloqalarda bo‘lib kelgan. Zero etnosning shakllanishidagi asosiy jarayonlardan biri, uning ichki iqtisodiy birligi xisoblanadi. Bir tilda so‘zlashuvchi halqlarning alohida etnik uyushma bo‘lib birlashishlari uchun ko‘p yillar davomida bir hududda yashab, o‘zaro ho‘jalik aloqada bo‘lishlari muhim alomat hisoblanadi[7].
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida an’anaviy dasht-adir chorvachiligi qang‘lilar ho‘jaligida muhim o‘rin tutsada, Qo‘ytosh tog‘larining etaklarida buloq bo‘ylari hamda suv havzalarida aholi kunjut, bug‘doy, tariq, mashar ekkanlar; uzum, qovun, tarvuz, yetishtirilgan, sut, jun, go‘sht uchun qo‘y, tuya, biya boqilgan. Xo‘jalikning ikki turi, vohaning sug‘orma dehqonchiligi va dasht yaylov chorvachiligi o‘zaro bir-birini to‘ldirib uyg‘unlashib borishi natijada etnik guruhlararo (turkman, yuz, saroy, nayman, mang‘it va boshqalar o‘rtasida) o‘zaro iqtisodiy madaniy aloqalarni yuzaga keltirgan, bu vohada o‘ziga xos ho‘jalik-madaniy tipni shakllanishiga turtki bo‘lgan. Zero, xo‘jalik-madaniy tiplar deganda, muayyan tabiiy-geografik sharoitda va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning bir xil darajada bo‘lgan ho‘jalik va madaniyatlarning tarixan tarkib topgan majmui tushuniladi[8].
Bu davrda qang‘lilar vohaning qo‘shni o‘zbek turkmanlari bilan jadal iqtisodiy, madaniy munosabatlar o‘rnatadilar. Bunday etnomadaniy aloqalar savdo, ho‘jalik, hatto oila nikoh munosabatlarida ham qizg‘in kechgan. Yarim o‘troq chorvadorlar o‘z mahsulotlarini voha qang‘lilariga ayriboshlash yoki naqd pul evaziga sotish uchun olib tushganlar, axborotchilarning aytishlaricha, hozirgi G‘allaoral tumani hududidagi «Sarbozor»da XX asr 30-40 yillarigacha doimiy ot, tuya savdolari bo‘lib turgan[9]. Dehqonlar mahalliy bozorlarga sotish uchun ho‘l meva, tamaki, hunarmandchilik mahsulotlarini olib chiqqanlar. Voha qang‘lilarining asosiy qismi o‘troq, yarim o‘troq bo‘lib, ular bilan birga yarim ko‘chmanchi chorvadorlar ham yashaganlar. O‘troq aholi asosan Sangzor daryosi havzalarida va Morguzar tog‘ining Nurotaga tutash vohalarida yashaganlar.
XX asrning ikkinchi yarimidan so‘ng aholi sonining oshishi, yangi yerlarning muttasil o‘zlashtirilishi (asosan Mirzacho‘l va Sirdaryo cho‘llarining) boshqa etnik qatlamlar qatori qang‘lilarning katta qismining yangi yerlarga ko‘chib o‘tishlariga, bir qismining shaharlarga joylashishlariga imkon tug‘ildi. Ayniqsa Mirzacho‘lning tezkorlik bilan o‘zlashtirilishi natijasida yosh oilalarning aksariyati Do‘stlik, Arnasoy, Paxtakor, Zarbdor, Oq oltin, Boyovut tumanlariga ko‘chib o‘tadilar. YUqorida tilga olingan tumanlardagi aholi punktlarida hozirgi kunda qang‘lilarning jamoa-jamoa bo‘lib joylashgan qon-qarindosh uyushmalarini uchratish mumkin. Bunga hozirgi kunda Boyovut tumanida «Qang‘li» nomli mahalla-etnik guruh mavjudligi yaqqol misoldir. Lekin bularning barchasi o‘zlarini o‘zbek xalqining tarkibiy qismi ekanliklarini alohida ta’kidlaydilar.
YUqorida G‘allaorol qang‘lilarini sariq qang‘lilardan dedik, mana shu G‘allaorol qang‘lilarida ham ranglar bilan bog‘liq etnik nomlar XIX asrning oxiri – XX asrda ham saqlanib qolgan. Ularda bosh qabila guruhi «sariq qang‘li»lardan bo‘lib, o‘zlarini doimo yuqori qo‘yar, «oqsuyak», «toza qang‘lilar» deb hisoblaganlar. Axborotchilarning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, sariqlarning ajdodlari podsholar (xoqonlar) bo‘lgan[10]. Keyingi davrlarda sariq qang‘lilar ilk o‘rta asrlardagi sariqlar kabi aslzodaligini pesh qilib, o‘zlarini «oq suyak», «toza qang‘li» deb ataganliklari ehtimoldan holi emas[11]. Demak, ranglar bilan bog‘liq etnik nomlar tasodifan yuzaga kelmagan. Qadimgi davrlarda Oltoy va Janubiy Sibirda yashagan turkiy qabilalar shimol, janub, sharq, g‘arbni ranglar nomi bilan ataganlar. Qora rang shimolni, qizil rang janubni, ko‘k rang sharqni, oq rang g‘arbni, sariq rang markazni ifodalagan[12]. Etnonimni ifodalovchi sariq rang sharqda ma’lum qabila yuqori tabaqa vakillariga nisbatan ishlatilgani boshqa tadqiqotchilar ishlarida ham uchraydi[13].
Qang‘lilar til jihatdan o‘zbek tilining qarluq lahjasida so‘zlashganlar. Ammo turli etnik jamoalar hamda etnoslarning bir hududda yonma-yon yoki aralash yashashlari so‘zsiz o‘zaro til aloqalarini yuzaga keltiradi. Zero hech bir til tarkibidagi sheva va lahjalar bir-birlariga ta’sirsiz, o‘z holicha rivoj topmaydi. Buni qang‘lilar misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Bunday til va lahjalarda qorishuv jarayoni o‘zbek xalqining qang‘li urug‘larida XX asrning ikkinchi yarimidan so‘ng o‘zaro konsolidatsiya jarayonlari tufayli tezlashgan. Natijada qang‘lilarning katta guruhi, ayniqsa shaharlarda yashovchi qismi o‘zbek tilining «y»lovchi dialektiga o‘tadilar.
YUqorida keltirilgan ma’lumotlar asosida shuni qayd etish zarurki, qang‘lilar Movaraunnahrga antik ilk o‘rta asrlarda va undan so‘ng kelib joylashgan turli-tuman etnik komponentlar bilan faol etno-madaniy aloqalar bo‘lib, o‘zbek halqi etnik tarihida muhim o‘rin tutgan. Zero, ma’lum bir etnosni yagona mintaqa doirasida shakllanishi va rivojlanishini o‘zaro hududiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy hamda madaniy omillar bilan bog‘lash to‘g‘ri bo‘ladi. Bu omillar akademik A. Asqarov konsepsiyasiga ko‘ra, etnos (xalq)ni uyushtiruvchi hududiy birlik, ijtimoiy-iqtisodiy xo‘jalik birligi, etnomadaniy birlik, til, etnik nom, o‘zlikni anglash birligi va nihoyat siyosiy uyushma (politicheskaya konsolidatsiya)larda o‘z ifodasini topgan[14].
Xulosa qilib, shuni qayd etish zarurki, so‘nggi o‘rta asrlarda O‘zbekistonning qator tarixiy-madaniy mintaqalaridan Nurota vohasiga kelib o‘troqlashgan qang‘lilar o‘zlarining bir qancha etnik alomatlarini saqlab qolgan etnografik guruh sifatida namoyon etgan bo‘lsalarda, XX asrda O‘zbekiston etnomadaniy muhitida sodir bo‘lgan etnik jarayonlar tufayli o‘zbek millati tarkibiga singib, uning mushtarak qismiga aylanadilar.
F.S. Tolipov, F.M. Rustamova (Nizomiy nomli TDPU)
[1] Абу Райхан Беруни. Индия. Избранные произведения. Т.II. Ташкент, 1963. – С. 272-274, 430. Абу Райҳон Беруний. Ҳиндистон. Танланган асарлар. 2-том. Т.,1965. 373-468 бетлар. Бичурин Н.Я. Собрание сведений о народах обитавших в Средней Азии в древние времена. Т II. М-Л., 1950. С 150-187. Аристов Н.А Заметки об этническом составе тюркских племен и народностей и сведения об их численности // Живая старина. отделении этнографии РГО. Вып III -IV. СПб., 1896. – С. 292-314. Бартольд. В.В. Туркестан в эпоху монгольского нашествия. Т I, М., 1963, с. 435-481. Каляшторный С.Г. Кангиюйская этнотопонимика в орхонских текстах //СЭ 1951 № 3.-С. 54-64. Шониёзов К.Ш. Қанғ давлати ва қанғлар. Тошкент, 1990. 26-148 бетлар. Зуев. Ю. А. Ранние тюрки: очерки, истории и идеологии – Алматы, 2002
[2] Shoniyozov K.Sh. Qang‘ davlati va qang‘lilar. Toshkent, 1990, 138- bet
[3] O‘sha joyda
[4] Dala yozuvlari/ G‘allaorol tumani. Qang‘li qishloqi. 2002 yil
[5] Шевяков А.И. Этнический состав населения Нуратинских гор и прилегающих районов (Материалы полевых исследований 1989-1998 гг.) // Восток. М., 2002. – С. 76-78
[6] Shoniyozov.K.Sh. Qang‘ davlati va qang‘lilar. Toshkent, 1990, 143-bet
[7] Shoniyozov K.Sh. O‘zbek xalqining etnogeneziga oid ba’zi nazariy masalalar // O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar. Toshkent, 1998 № 6 38-bet
[8] Abdullayev U. Etnologiyada terminologiya muammosi // O‘zbekiston Etnologiyasi: yangicha qarashlar va yondoshuvlar. Toshkent, 2004, 13 bet
[9] Dala yozuvlari. 2002 yil
[10] Dala yozuvlari. 2002 yil
[11] Shoniyozov K. Sh Qang‘ davlati va qang‘lilar. T., 1990. 147 bet
[12] 326 Шаниязов К.Ш К этническо истории узбекского народа Т., 1974. 3-131. Ўша муаллиф: Қанғ давлати ва қанғлилар. Т., 1990 146 бет. Баскаков. Н А К вопросу о происхождении этнонима «киргиз»// СЭ 1964. № 2 .- С93-94
[13] Зуев Ю.А. Тамги лощадей из вассальных княжеств. Тр ИИАЭАН. Каз.ССР. Т. VIII, 1960. – С. 119-120
[14] Asqarov A. O‘zbek xalqi etnogenez va etnik tarixining ba’zi bir nazariy va ilmiy metodologik masalalari // O‘zbekiston tarixi Toshkent, 2002 yil, № 4, 54-bet
https://shosh.uz/uz/xix-asr-oxiri-xx-asr-boshlarida-o-zbekiston-etnomadaniy-muhitida-qang-lilar-nurota-vohasi-materiallari-asosida/