XIX asr birinchi yarmida Toshkentning ma’muriy-boshqaruv tizimi


Post Views:
288

XVIII asrning ikkinchi yarmida Yunusxo‘ja (1784-1803) tomonidan Toshkentda to‘rt hokimlik tugatilib, kuchli ichki va tashqi siyosat o‘rnatilishga erishilgan bo‘lsada, lekin bu mustaqil boshqaruv uzoq davom etmadi. XVIII asrning boshlarida Farg‘ona vodiysida vujudga kelgan Qo‘qon xonligi o‘z hududini kengaytirishga urinib kelayotgan edi. Qo‘qon xonligi hukmdorlari uchun Toshkentni xonlik tarkibiga kiritish davlatning tashqi savdo aloqalarini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega edi. Shu sababli ham Qo‘qon xonlari Norbo‘tabiy (1763-1798) va uning o‘g‘li Olimxon (1798-1810) bilan Toshkent hokimi Yunusxo‘ja o‘rtalarida harbiy to‘qnashuvlar bo‘lib turgan. Olimxonning 1809 yilda Toshkent uchun olib borgan harbiy harakati natijasida bu hudud Qo‘qon xonligi tarkibiga kiritildi. Natijada Toshkentda Yunusxo‘ja hukmronligi davrida joriy etilgan boshqaruv tizimi 1809 yildan barham topib, Qo‘qon xonligidagi boshqaruv tizimiga o‘zgartirildi.

XIX asrning 20-yillariga kelib Toshkent hududiy jihatidan ham, mavqye jihatidan ham Qo‘qon xonligida eng yirik viloyatga aylandi. XIX asr boshlariga qadar xonlikda Marg‘ilon viloyatining nufuzi baland bo‘lib, hukmdorlikka da’vogar beklar bu viloyatda hokimlik vazifasini bajarishgan bo‘lsa, keyinchalik xonlikda ana shu nufuz Toshkent viloyatiga o‘tgan edi. Muhammad Alixon (1822-1842), Sheralixon (1842-1845), Xudoyorxon (birinchi davr 1845-1858) hukmronligi yillarida Toshkent hokimi lavozimi xonlikda yuqori mavqyega ko‘tarilganligini manbalardagi ma’lumotlar tasdiqlaydi. Xususan, Muhammad Hakimxon to‘raning “Muntaxab ut-tavorix” asarida Muhammad Alixon o‘z ukasi Sulton Mahmudga Toshkent viloyati hokimligini berishni va’da qilganidan so‘ng aka-uka o‘rtasidagi munosabat ijobiy tomonga o‘zgaradi[1].

Toshkentning ma’muriy-boshqaruv tizimi ham Qo‘qon xonligidagi boshqa viloyatlarda joriy qilingan mahalliy boshqaruv tizimiga o‘xshash edi. Mahalliy boshqaruv tizimi ijro organi bo‘lib, oliy hukmdor nomidan berilgan, mamlakatning ichki va tashqi holatini mustahkamlashga qaratilgan topshiriqlarni bajarardi. Jumladan, mahalliy boshqaruv viloyatlardagi aholining turmush tarzini bir maromda ushlab turish, ularning huquq va majburiyatlari ustidan nazoratni amalga oshirish, harbiy kuchlarni safarbar etish, soliqlarni to‘plash, davlat bilan aholi o‘rtasidagi munosabatlarni amalga oshiruvchi organ sifatida faoliyat yuritishga mas’ul edi.

T. Beysembiyev Toshkent viloyati hokimining ikki yordamchisi bo‘lganligini qayd etib, ular mahalliy boshqaruvning muhim jabhalariga javobgar ekanliklarini ta’kidlaydi[2]. Uning ko‘rsatishicha, yordamchi mansabdorlarning birinchisi fuqarolik ishlari va soliq yig‘ish bilan shug‘ullanib, sarkor (yoki mirzaboshi), ikkinchisi harbiy masalalar bilan shug‘ullanib, botirboshi deb atalgan[3]. Biroq, manbalar tahlili sarkor yoki mirzaboshi mansabining 1840 yildan so‘ng joriy etilganligini ko‘rsatadi. Unga qadar Toshkentning ma’muriy-boshqaruv tizimida bu vazifani devonbegi bajargan[4]. Bu ikki mansab egasi mahalliy boshqaruv tizimida muhim o‘rin tutgan bo‘lib, ularning faoliyatisiz viloyatlardagi boshqaruv ma’muriyatini tasavvur qilib bo‘lmas edi. Ayniqsa, viloyatlardagi fuqarolik ishlari va soliqlar yig‘ishga mutasaddi bo‘lgan sarkorlar (سركار) hokimlarning asosiy yordamchilari bo‘lgan.

Qo‘qon xonligi tarixiga doir manbalarda Qo‘qon hukmdorlari viloyatlarga hokim tayinlaganlarida hokimga ikki yordamchi mansabdordan biri botirboshi yoki mirzaboshini ham birga yorliq asosida tayinlab yuborganligi qayd etiladi. Jumladan, Mirzo Olim Mushrifning “Ansob us-salotin va tavorix ul-havoqin” asarida Sheralixon (1842-1845) Toshkentga Muhammadkarim kalla Marg‘iloniyni hokim lavozimiga, Davronbek dodxohni esa botirboshi etib tayinlaganligini qayd etadi[5].

Toshkentning ma’muriy-boshqaruv tizimida mirzaboshi (ba’zida sarkor deyilgan) asosiy rol o‘ynagan bo‘lib, ular bir vaqtning o‘zida moliya ishlari bilan agrar masalalarni, savdo-sotiq munosabatlarini hamda hunarmandchilik korxonalarini ham nazorat qilgan[6].

Qo‘qon xonligi hukmdorlari Umarxon (1810-1822) va Muhammad Alixonning davlat boshqaruvida olib borgan islohotlari va xonlikda kechgan siyosiy va ijtimoiy jarayonlar mahalliy boshqaruvda ham bir qator o‘zgarishlarni yuzaga keltirdi. Xususan, Toshkent va Janubiy Qozog‘iston hududlari poytaxtdan uzoq bo‘lganligi sababli boshqarish birmuncha qiyinlashib borgan edi. Bu esa mazkur hududlarni boshqarish tizimiga ayrim o‘zgartirishlar kiritishni talab etdi. Shundan kelib chiqib, 1831 yilda Muhammad Alixon tomonidan yangi unvon joriy qilindi. Bu beklarbegi (بيكلر بيكى) unvoni bo‘lib, u faqat Toshkent viloyati hokimiga berilgan. Ushbu mansabdor bir qator imtiyozlarga ega bo‘lgan, jumladan, unga xonlikning shimoliy hududlaridagi ma’muriy birliklar ustidan nazorat qilish vazifasi topshirilgan.

Ma’muriy-boshqaruvda soliq tizimi alohida o‘rin tutadi. Chunki turli soliqlardan tushadigan daromadlar asosiga mamlakat xazinasi (byudjeti) to‘ldirilgan. Toshkentda xazinaning katta qismi savdo karvonlari va chorvador aholidan olinadigan zakot yig‘imidan tushgan. Abu Ubaydullo Toshkandiyning ma’lumot berishicha, Toshkent viloyati hokimi Lashkar qo‘shbegi[7] davrida viloyatning shimoliy hududlarida yashagan Dashti qipchoq elatlaridan har yili bahor faslida zakot undirilib, soliqlar adolatli tarzda to‘plangan[8]. Dastlab qozoqlardan Shodmonbiy ismli zakot yig‘ishga mutasaddi kishi bo‘lgan. Keyinchalik viloyat hokimi Lashkar qo‘shbegi tomonidan Shodmonbiy o‘rniga ikki kishi tayinlanib, zakot yig‘ish uchun ma’muriy hudud ikki qismga bo‘lingan[9]. Toshkent hokimi Lashkar qo‘shbegi Turkiston, Chimkent va Sayramdan zakot yig‘ishni Hakim devonbegiga, viloyatning qolgan hududlarini esa Xudoyberdi devonbegiga topshirgan[10]. Bu holat mahalliy boshqaruv tizimi shart-sharoitiga qarab ayrim o‘zgarishlarga ham yuz tutganini ko‘rsatadi.

Chorvadorlardan zakot yig‘ish uchun devonbegi harbiy otryad yordamidan foydalangan. Jumladan, Xudoyberdi devonbegi Pishpakka 300 kishi bilan borganligi «Xulosat ul-ahvol» asarida qayd etib o‘tiladi[11]. Zakot yig‘ishga mutasaddi bo‘lgan devonbegi kabi amaldorlar huzurida muayyan harbiy kuchlarning mavjud bo‘lganligi bu amaldorlarning ularning kuchiga tayangan holda markaziy va mahalliy hokimiyatning siyosatini amalga oshirganligini ko‘rsatadi.

Zakot yig‘ish uchun harbiy otryad ishtirokini quyidagicha izohlash mumkin. Birinchidan, soliq to‘lovchi aholining soliq yig‘uvchilarga qarshi harakat qilmasligi uchun, ya’ni xavfsizlikni ta’minlash maqsadida, ikkinchidan, undirilgan chorva hayvonlarini markazga olib ketish uchun harbiylar xizmatidan foydalanilgan.

Ko‘chmanchi aholidan zakot undirish jarayonida qarshiliklar ham bo‘lib, ba’zi hollarda ommaviy norozilik harakatlari kelib chiqqan[12]. Xudoyorxonning birinchi hukmronligi (1845-1858) davrida Toshkent viloyati hokimi Mirzo Ahmadning o‘zboshimchalik bilan Chimkent, Turkiston va Avliyootada yashovchi aholiga odatdan tashqari barcha turdagi chorva hayvonlariga soliq solishi hamda turmushga chiqayotgan har bir qiz uchun bir tillodan soliq joriy qilishi, aholida hukumatga qarshi norozilik yuzaga kelib, qo‘zg‘olon ko‘tarilishiga olib keladi[13].

Ma’muriy-boshqaruvning eng quyi tizimi aminlik va oqsoqollikdan iborat bo‘lib, bunday ma’muriy birliklar aminlar va oqsoqollar tomonidan idora etilgan. Ayrim qishloqlarni miroblar yoki imom xatiblar ham boshqargan[14]. Amin va oqsoqollar o‘zlari boshqarayotgan hudud fuqarolarining ijtimoiy-iqtisodiy masalalari bilan bir qatorda maishiy turmushiga oid masala va muammolar yechimi bilan mashg‘ul bo‘lgan.

Toshkent tarkibidagi qirg‘izlar va qozoqlar yashaydigan hududlarda ma’muriy birliklarni boshqaruv tizimi o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Mazkur ma’muriy birliklarni boshqaruv qarorgohi harbiy qo‘rg‘on va qal’alarda joylashgan bo‘lib, ularni aksariyat holatlarda Qo‘qon xonlari tomonidan tayinlangan dodxoh (دادخواه) unvonidagi mansabdorlar boshqargan.

Dodxohlar qirg‘izlar yashaydigan hududlarda qirg‘iz manaplari, qozoqlar yashaydigan hududlarda esa qozoq biylari ishtirok etgan boshqaruv tizimini tashkil qilishgan.

Toshkentning ma’muriy-boshqaruv tizimida Qo‘qon xonligining markaziy boshqaruv tizimidagi kabi turli diniy mansab va amallar mavjud edi. Qo‘qon xonlari tomonidan berilgan yorliqlardan ma’lum bo‘lishicha, viloyatlarda ham markaziy boshqaruv tizimidagi singari qozikalon, xojakalon, sadr kabi bir qator mansabdorlar faoliyat yuritishgan. Ular ushbu mansablarga oliy hukmdor tomonidan tayinlangan. Sulton Sayyidxon (1863-1865) tomonidan 1864 yil Toshkent viloyati qozikaloni mansabiga Hakimxo‘ja eshon tayinlangani[15] haqidagi hujjat yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi. Bu mahalliy boshqaruvdagi nufuzli lavozimlarga turli amaldorlar faqat xon tomonidan tayinlanganligidan dalolat beradi.

Xulosa o‘rnida shuni alohida ta’kidlash mumkinki, Toshkent Qo‘qon xonligi tarkibiga kiritilgandan so‘ng Qo‘qon hukmdorlari ushbu ma’muriy birlikka alohida e’tibor qaratishgan. Natijada XIX asrning 30-yillariga kelib xonlik viloyatlari ichida Toshkentning nufuzi yuqori bo‘lib, xonlikning ikkinchi markaziga aylangan.

Sh. Yu. Mahmudov

Административно-управленческая система Ташкента в конце XIX века

В статье рассматриваются административно-управленческая система Ташкента первой половины XIX в., свойственные ей характерные черты и проведенные реформы.

Sh. Yu. Mahmudov

Administrative Ruling System of Tashkent in the 1st Half of the 19th Century

In the article enlightened the administrative ruling system of Tashkent in the 1st half of 19th century and it’s peculiarity, also the realized reforms.

[1] Muhammad HakIm khan. Muntakhab al-tawarikh. Selekted history. Vol. II, Edited by Yayoi Kawahara & Koichi Haneda. – Tokyo: ILCAA 2006. – Р. 620

[2] Бейсембиев Т. Высшая администрация Ташкента и Юга Казахстана в период Кокандского ханства: 1809-1865 гг. // Историко-культурные взаимосвязи Ирана и Дашт-и Кипчака в XIII-XVIII вв. Материалы Международного круглого стола. Алматы: Дайк-Пресс, 2004. С. 291

[3] O‘sha joyda

[4] O‘zR FA SHI qo‘lyozma. Inv. № 2084. 77a varaq

[5] Mirzo Olim Mushrif. Ansob us-salotin va tavorix ul-havoqin / nashrga tayyorlovchilar A. Matg‘oziyev, M. Usmonova. Toshkent, 1995. 31-bet; O‘zR FA SHI qo‘lyozma. Inv. № 1314. 42a varaq

[6] Набиев Р. Из истории Кокандского ханства (Феодальное хозяйство Худояр – хана). Ташкент: Фан, 1973. С. 228-231

[7] Lashkar qo‘shbegi Toshkent viloyatiga 1816 yildan 1841 yilga qadar orada tanaffuslar bilan hokimlik qilgan. 1820-1823 yillarda Umarxonning o‘g‘li Abdullaxon rasmiy hokim bo‘lsada, Lashkar qo‘shbegi regent vazifasini bajargan. Faqatgina 1819-1920 yillar ichida 10 oydan Karimquli mehtar, undan so‘ng Isobek ismli kishilar viloyatga hokim qilib tayinlanganlar

[8] O‘zR FA SHI qo‘lyozma. Inv. № 2084. 77a varaq

[9] O‘sha joyda

[10] Урунбаев А. Неизвестная рукопись по истории Кокандского ханства // Изв. АН РУз. Серия общественных наук. 1957. №3; ЎзР ФА ШИ қўлёзма. Инв. № 2084. 78 а варақ

[11] O‘z R FA SHI qo‘lyozma. Inv. № 2084. 78a varaq

[12] O‘sha joyda. 167a varaq

[13] O‘zR FA SHI qo‘lyozma. Inv. № 2084. 78a varaq

[14] Сооданбеков С.С. Общественный и государственный строй Кокандского ханства. Бишкек, 2000. С. 102

[15] Toshkand shahrini ulug‘ hurmatlik qozi kaloni Said Muhammad Hakimxo‘ja eshon Norxo‘ja eshon o‘g‘li ahvollari xususida // Turkiston viloyatining gazeti. 1890. 46, 49-sonlar

https://shosh.uz/uz/xix-asr-birinchi-yarmida-toshkentning-ma-muriy-boshqaruv-tizimi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x