“Galaktikalik bola” “sehrli qalpoqcha”ni yengadimi?

Yoxud nega bolalar adabiyotida ilmiy-fantastik asarlar kam yozilmoqda?

 

Saʼdullo Quronovning “Galaktikada bir kun” asariga nima uchun qiziqib qolganimni bilasizmi? Chunki tinimsiz galaktika haqidagi hikoyalar aytadigan oʻgʻlim Elshodbekning astronomiya, fizika, kimyo borasidagi savollariga javob izlashdan charchagan edim. Shu kitobni qoʻliga tutqazgan kunimdan boshlab oʻgʻlimning chehrasi anchagina ochilib qoldi. Kitobga dastxat yozdirib olayotganimizda Saʼdullo Quronov: “Opa, oʻgʻlingizni nega sizlab gapirasiz, vodiylik boʻlganingiz uchunmi?” – deb soʻrab qoldi. “Farzanding sen javobini bilmaydigan savollarni beraverganidan keyin xijolat boʻlib sizlab yuborar ekansan-da…” – dedim. Ha, bugungi kun bolasining mehrini qozonish oson emas. Xoʻsh, unda yozuvchi koinotsevar boʻlib borayotgan XXI asrning zukko bolalari eʼtiborini qanday qilib oʻz asariga jalb eta oldi? “Ushbu savolga javob topishni istasangiz, kitob taqdimotiga kelinglar”, – dedi Saʼdullo Quronov.

Shunday qilib… Belgilangan kuni “Galaktikada bir kun” nomli ilmiy-fantastik asar taqdimotida ishtirok etish uchun Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga oʻgʻlim Elshodbek bilan oshiqib bordik. Yaxshiyam borganimiz, taniqli olimlar, shoirlar va yozuvchilarning bolalar adabiyoti borasidagi eʼtiborga molik mulohazalarini tingladik. Va taassurotlarimizni saralab gazetxonlar eʼtiboriga havola etishga ahd qildik.

 

VAQTDAN OʻZIB YASHAYDIGAN YOZUVCHI

– Saʼdullo Quronov eng yosh sinchilarimizdan, eng yosh fan doktorlarimizdan deb faxrlanib yurar edim, – deydi adabiyotshunos olim Qozoqboy Yoʻldoshev. – Vaqtdan oʻzib yashaydigan bu yigit nafaqat ilmiy salohiyati, balki badiiy salohiyati bilan ham meni hayratga soldi. Faqat oʻzimizning qobigʻimiz bilan chegaralanib qolmay oʻzbek adabiy hodisalariga jahoniy koʻz bilan qaraydigan yaxshi tadqiqotchi desam, menga qoʻngʻiroq qilib, ilmiy-fantastik asar yozdim, deb qoldi… Toʻgʻrisini aytish kerak, keyingi yillarda bolalar nasri oqsab qoldi. Biz haliyam Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyevning daryosida suzib yuribmiz. Holbuki, bu ustoz yozuvchimiz 60 yildan beri ijod qilmoqda. Endi biz yangi bosqichga koʻtarilishimiz kerak emasmi? Boz ustiga oʻzbek millatining qiziqish doirasi koʻpincha “oshqozonning istaklari”, yaʼni gastronomik qiziqishlar bilan chegaralanib qolmoqda. “Galaktikada bir kun” deb nomlangan ilmiy-fantastik asarni oʻqib chiqqach, bildimki, millatimizga maʼrifiy dard ilashib, va nihoyat, dunyoni tanimoq tashvishiga tushibdi. Saʼdullo Quronov bu asari orqali mening koʻz oʻngimda shunchaki ilmiy-fantastikaga qiziqqan ijodkor emas, balki qoʻli kelishib qolgan iqtidorli yozuvchi sifatida namoyon boʻldi. Ahmadning tushi, tushdagi oʻzaro olishuvlar tasvirining realligi, 2036 yilda ham onaning ona sifatida, otaning ota sifatida oʻz oʻrnida boʻlishi, bola koʻplab muammolarini otasiga emas, onasiga aytishi kabi holatlar asarning oʻzimizning milliy ruhda bitilganidan darak beradi.

Tasvir chuqurlashib borgani sayin yozuvchi odamzot rivojlanishi natijasida oʻzini oʻzi halok qilmasmikan, odamzot yuksalyapman deb tubanlikka ketib qolmayaptimikan, degan umumbashariy, koʻpchilikni oʻylantiradigan masalalarni ham bilintirmay, sezdirmay, yalangʻochlantirmay kitobxonga aytib keta olgan. Aytish mumkinki, Saʼdullo Quronov Hojiakbar Shayxovdan keyin tamomila toʻxtab qolgan bolalar adabiyotining ilmiy-fantastik asarlar karvonini jildira olgan. Shuning uchun yozuvchini chin dildan qutlayman.

Kamchiliklarga kelsak, asarning tiliga sal ishlov berish mumkin edi. Men yozuvchining oʻziga ham tilni individuallashtirish, yaʼni boshqa sayyoradagi pakana odamlarning bir-biridan tili orqali farqlanishi kerakligini aytgan edim. Hamonki qoʻlga qalam olganidan keyin ijodkor har bir tasvir, voqea ishonchli va kitobxonga qiziqarli boʻlishini taʼminlashga intilishi zarur. Keyingi asarlarida yozuvchi bu kabi mulohazalarimizni eʼtiborga oladi, degan umiddaman.

 

“AKADEMNASHR” DA TUGʻILGAN QAHRAMONLAR

“Akademnashr” nashriyoti bosh muharriri, taniqli noshir Sanjar Nazar soʻzlariga koʻra, “Galaktikada bir kun” asari tasodifan yaratilgan. “Jajji akademik” jurnalining bosh muharriri Saʼdulla Quronov jurnalning yangi nashrini bosmaxonaga topshirish jarayonida bir sahifa muallifi ishga kelmay qolganligidan tashvishga tushadi. Va bu sahafani uning oʻzi toʻldirishga ahd qilib, kichik bir ilmiy-fantastik hikoya yozadi. Boʻlim mudiri Feruza Nazarova bu hikoya yaxshi yozilganligini, iloji boʻlsa, uni qissaga aylantirsa bolajonlar uchun qiziqarli bir asar dunyoga kelishini aytib, bosh muharrirni ijod qilishga undaydi.

– Asarni oʻqiyotgan chogʻimda sochlari jingalak mitti Sanjar Nazar qizgʻonib, rashk qilib turganini sezdim, – deydi Sanjar Nazar. – Oʻzi bolaligimdan fantastik asarlarga oʻchman. Birinchi marta Tixon Semushkin degan yozuvchining “Toqqa qochgan Alitet” degan asarini oʻqib, yarim ilmiy, yarim badiiy asar bilan toʻqnash kelganimni eslayman. “Sevan boʻylarida” degan kitobni ham zoʻr qiziqish bilan mutolaa qilganman. Shuni aytib oʻtishim lozimki, bugungi yosh kitobxon bizdan koʻra ancha baxtli. Chunki ular istagan kitoblarni topish bugun juda osonlashgan. Qolaversa, “Galaktikada bir kun” kabi ilmiy-fantastik asarlar yozilayotgani ham ular uchun nihoyatda foydali deb oʻylayman. Bu asar sof ilmiy maʼlumotlar bilan boyitilganligi sababli oʻquvchi bu kitobni mutolaa qilgach, bitta qoʻshimcha fanni oʻzlashtirgan oʻquvchi darajasiga koʻtariladi.

Noshirni men gulchiga oʻxshataman. Badiiy tafakkurning eng munosiblarini uzib kitobxonlarga taqdim etish baxti menga nasib etganidan faxrlanaman. Biz barchamiz hamkorlikda eʼtiborimizni va asosiy kuchimizni bolalar maʼnaviyatini rivojlantirishga qaratishimiz kerak. Bundan keyin ham eng yaxshi badiiy asarlarni qamishdan bel bogʻlab chop etishda davom etamiz.

 

AHMADNING KOINOTGA SAFARIDAN SOʻNG…

– Hayot va xayol – bular bolalar uchun yozilgan asarlarda qiziqarli syujet, ravon nutq, badiiy vosita orqali uygʻunlashsagina oʻquvchilarda zavq uygʻota oladi, – deydi bolalar shoirasi Kavsar Turdiyeva. – Agar bu faoliyat fantastik asar yozishga qaratilgan boʻlsa, unda yozuvchidan ancha bilim va mahorat talab qilinadi. Asarning bosh qahramoni Ahmad yosh ixtirochilar tanloviga oʻzining sayyoralararo uchuvchi kema chizmasini taqdim etadi. Ushbu tanlovda tomoshabinlar orasida koʻzoynak taqqan pakana odam bor edi. U Salmir sayyorasidan kelgan Margo edi. Koinot qaroqchilarining qabih ishlari tufayli soʻnib borayotgan salmirliklar sayyorasini jonlantirish uchun Ahmad va Margo “Koʻkkezar” kemasini qurishadi. Bu kema zamondan zamonga koʻchib oʻta oladigan kemadir. Ular qaroqchilar generali Obma ga qarshilik koʻrsatishadi.

Oʻsmir Ahmad hayoti tushdan tushgacha boʻlgan voqealarni qamrab olgan holda bu davr ichida butun bir sayyorani jonlantiradi. Ezgulikning gʻalaba qozonishiga erishadi, doʻstlik va birlik qanchalik katta kuch ekanligiga oʻquvchilarni ishontiradi. Asar davomida kashfiyotchi, aqlli, bilimli bolaning boshidan kechirgan sarguzashti har qanaqa holatda ham inson oʻz oldiga qoʻygan ezgu maqsadi yoʻlidan qaytmaslikka oʻrgatadi.

Asarda bolalarga tanish boʻlgan maishiy hayot koʻrinishlari moʻjizaviy holatlar uygʻunlashadi. Ahmad Margoni oyisi pishirgan pirog bilan siylaydi. Oʻzi bilan fazoga yongʻoq va turshaklar olib keladi. Doʻstlari bilan tabiiy mahsulotlarni restoranga oʻtkazishadi. Vaqt tuynugidan oʻtgan Margo Isaak Nyutonning qarilik va yoshlik davrini koʻrsa, Ahmad Luvrdan oʻgʻirlangan Mona Liza portretini oʻz egalariga topshirmoqchi boʻladi. Ahmaddagi tirishqoqlik, bilimdonlik, vatanparvarlik va boshqa goʻzal insoniy fazilatlar uni kitobxon uchun qadrli qahramonga aylantiradi. Kitobxon endi yurtdoshi boʻlgan qahramon taqdiriga beparvo qaray olmaydi. Ahmadning Mirzo Ulugʻbek – ning “Ziji Koʻragoniy” asarini mukammal bilishi, u haqda toʻlqinlanib gapirishi oʻquvchini hayajonga soladi. Asar davomida Ahmadning bilimdonligi turli vaziyatlardan oson chiqishlarida asqotadi. Va bu holat Margo va Droytning hayratiga sababchi boʻladi. Jumladan, Ahmadning “Koʻkkezar” chizmasidan va ixtirosidan Mars qoldiqlarini tekshirib Marsda kristall bor yoʻqligini aniqlash mukinligini aniqlashadi. Xullas, qissadagi barcha voqeliklar ilmiy asoslar yordamida juda ishonrali tarzda tasvirlangan. Saʼdullo Quronov oʻz asari orqali bugugi kun yoshlari, jamiyat va koinot uchun uchun nihoyatda qiziqarli, dolzarb masalalarni oʻquvchilar hukmiga taqdim etadi. Garchi bu asar fantastik boʻlsa-da, davr ruhini nihoyatda yorqin aks ettirgan.

 

BILIMI ZOʻR MINGNI YIQAR…

– Avvalo bolajonlarni bu ajoyib asar bilan tabriklayman, – deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bolalar va oʻsmirlar adabiyoti kengashi aʼzosi, shoir Dilshod Rajab. – Ayni zamonamiz bolalarida ilmiy-fantastik asarlarga boʻlgan ehtiyoj nihoyatda kuchli edi. Ana shu ehtiyojni, boʻshliqni toʻldirishga arziydigan yorugʻ bir kitob dunyoga kelganidan xursandman. Ustoz adiblarimizdan biri: “Bolalar adabiyoti oltin pillapoyadir”, – deya koʻp taʼkidlar edi. Shu oʻrinda aytish mumkinki, Saʼdullo Quronovning bu asari ilmga, adabiyotga tashna bolakaylarni Galaktikaga olib chiqadigan pillapoya boʻlibdi.

Xudoyberdi Toʻxaboyev yaratgan Hoshimjon obrazi orqali bolalar agar bilim boʻlmasa insonga sehrli qalpoqcha ham yordam berolmasligini anglab yetishgan. Saʼdullo Quronov yaratgan Ahmad obrazi esa yosh kitobxonga ilmu maʼrifatga intilgan inson har qanday vaziyatlarda ham yoʻl topa olishini koʻratib beradi. Demak, ota-bobolarimiz taʼkidlaganlaridek, bilagi zoʻr birni yiqar, bilimi zoʻr mingni… Men yozuvchiga bir qahramoni aytganidek, qoʻllaringiz orqaga qayrilmasin, qalamingiz bundan-da oʻtkir boʻlsin, deya tilak bildiraman.

 

“EGIZAKLAR PARADOKSI” YOKI ACHChIQ XULOSA

Bugun biz kattalar kezi kelsa, oddiygina telefon funksiyalarini tushuna olmay 6 yashar oʻgʻlimizdan yordam soʻraymiz. Zamonning qanchalar oʻzgarib, texnik jihatdan yuksalib borayotganidan hayratlanib qoʻyamiz. Ha, zamon har sohada yangilikni, yuksalishni talab qilmoqda. Shukrkim, bolalar adabiyotida ana shu talablarga javob beradigan badiiy asarlarimiz ham yaratila boshladi. Mening bu mulohazalarimni miyigʻida kulib eshitayotgan oʻgʻlim: “Ayajon, “Galaktikada bir kun” asarida vaqtning nisbiyligi haqida tushuntirilgan bir paradoks bor. Hasan Husandan 10 daqiqa oldin tugʻilgan, xolos. Husan ilmga qiziqqani uchun olim boʻlib yerda qoladi. Hasan koinotga qiziqqani uchun fazogir boʻladi. U koinot boʻylab olis safarga chiqib, yorugʻlik tezligida uchadi. Oʻn yildan soʻng yerga qaytib kelganida gʻalati holat roʻy beradi. Yaʼni bu paytda Husanning yoshi 40 da, Hasanniki esa 30 da boʻladi. Buni olimlar “Egizaklar paradoksi” deyishadi. Agar kattalar tezroq bizning “galaktikamiz”ni, ilm-fan rivojini biz bilan birga anglab borishmasa, yaʼni bugungiday asarlar tezroq yozilmasa, sizu biz ham “Egizaklar paradoksi” ga oʻxshab bir-birimizdan farqli odamlarga aylanib qolamiz”, – dedi.

Menimcha, bundan ortiq achchiq va toʻgʻri xulosa boʻlmasa kerak bugungi mulohazalarimiz uchun. Nima dedingiz, aziz muxlis!

 

Muxtasar TOJIMAMATOVA

 

“Oila va jamiyat” gazetasida chop etilgan.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/galaktikalik-bola-sehrli-qalpoqcha-ni-engadimi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x