Tarixda bot-bot uchrab turgan holat. Davlat tepasiga yosh, tajribasiz, siyosiy boshqaruvga layoqatsiz kishini chiqaradi-da, o’zi uning jilovini tutib turadi. Shu orqali behisob boyliklar orttiradi. Ayrim saroy amaldorlarining niyati shu edi. Bunday siyosiy o’yinlar 17 asr oxiri, 18 asr boshlarida avj olgandi. Ammo u bobosi Muhammad Amin, otasi Avaz inoq singari biror kimsani taxtga chiqarib, o’zi siyosat sahnasi ortida o’tirishni ep ko’rmadi. Siyosat maydoni, davlat tepasiga o’zi chiqib, taxtni Eltuzarxon nomi bilan boshqara boshladi. Shu kundan e’tiboran, Xiva xonligida yangi—Qo’ng’irotlar sulolasiga asos solindi…
Siyosat sahnasidagi sulolaboshchi
Mazkur xonlikda davlat boshqaruviga ko’ra, inoq mansabi xon, naqib va shayxulislomdan keyingi to’rtinchi daraja edi. Naqib, shayxulislomlar davlatdagi eng oliy dindor rahbarlar hisoblansa, inoq butun davlat ishlarini hukmdor bilan bamaslahat yuritadigan shaxs sanalgan. 17 asrning 2-yarmidan 1794 yilgacha bo’lgan davr mobaynida O’rta Osiyo xonliklari orasidagi nizo-janjallardan, mahalliychilik tufayli yuzaga kelgan inqirozdan foydalanib, Muhammad Amin inoq Xiva xonligi jilovini qo’liga oldi. Behisob oltinlar evaziga u saroyda ig’vo va fisq-fasod yo’li bilan maishatbozlik, aysh-ishratdan bo’shamaydigan tiyiqsiz, landovur xonlarni, amaldoru navkarlarni o’ziga yollash orqali taxtdan ko’tarib-tushirib yurdi. Natijada ana shu ellik yil ichida yigirmadan ziyod xon qisqa fursatlarga taxt sohibi bo’lib turdi.
1794 yilda, otasining vafotidan so’ng, Avaz inoq ham shu taxlit o’yinlar qilib, 1804 yilgacha ikkita xonni taxtga o’tqazdi. Xiva, Buxoro madrasalarida o’qigan o’g’li Eltuzar inoq esa bunday o’yinlarga chek qo’yib, o’zi taxtga chiqdi.
Harb ilmi, qilich chopish, kamondan otish, pahlavonlik, diniy ta’limdan yaxshigina xabardor Eltuzarxon davlatda qa’tiy tartib o’rnatdi. Urug’lar o’rtasida nizo chiqmasligi, mahalliychilikka yo’l qo’ymasligi uchun saroy amaldorlariga har bir urug’, bekliklar uchun teng o’rin ajratdi. Shuningdek, soliqlar miqdorini kamaytirdi. Bu esa ichki adovatga, nizolarga chek qo’ydi. Shundan keyin u poytaxtning O’r mahallasida madrasa barpo ettirdi. Ayni paytda Ichan qa’laning nurayotgan sharqiy Polvon darvozasini qayta qurdirdi.
Ana shunday obodonlashtirish ishlari kechayotgan pallasida, Xorazm savdogarlaridan 200 kishilik karvon Mashhaddan qaytayotgan edi. Marvdan chiqqanlarida ularni Buxoro amirligiga tobe yovmudlar taladilar. Eltuzarxon yovmudlarni jazolashni amirdan talab qilganida, amir Haydarxon yana xivalik savdogarlarni atayin yovmudlarga talatirdi.
Amir Haydarning bunday qilishiga sabab bor edi. Sal avvalroq buxorolik savdogarlar Erondan qaytayotganida Xorazmga tobe yovmudlar karvonni talagandi. Shunda Eltuzarxon amir Haydarxon talabiga ko’ra, yovmudlarni jazolab, talangan mollarni Buxoroga jo’natib yubordi. Amir esa, mollar to’la qaytarilmadi, Xiva xoni qaroqchilarning sherigi, deya gap tarqatdi. Bularning bari Eltuzarxonning Buxoroga yurish qilishiga sabab bo’ldi.
1806 yilda boshlangan urush ko’plab insonlarni hayotdan olib ketdi. Amir Haydarning tish qayrab, ig’vo chiqarganicha bor ekan. Uning qo’shini qudratli bo’lib chiqdi. Eltuzarxon engilib, ortga chekindi. Buxoroliklar qo’shini ularni quvib, Amudaryoning o’ng sohilidagi Shobboz bekligigacha kelishadi. Bu erda ham beayov jang bo’ladi.
Ana shunday og’ir vaziyatdagi jangda 300 tacha navkari o’lib, 500-600 nafar yigiti qolgan Eltuzarxon daryodan o’tib, Urganch-Xivaga chekinishga qaror qiladi. Daryodagi kemaga dastlab xon, amaldorlari, ayrim navkarlar mingach, boshqa odam sig’may qoladi. Kema ularni tashlab, yana qaytgunicha, amirlik qo’shini ko’payib, jang kuchaya boshlardi. Shuning uchun darg’a kemani yurgizmoqchi bo’ladi.
— Navkarlar jangda men va xonlik uchun kurashdilar. Shu sabab, ularni tashlab ketsak bo’lmas. Bir qarich joy qolguncha chiqinglar! — buyurdi Eltuzarxon.
Natijada kemadagilar soni 350 taga etdi. Aksiga olib, bu paytda shamol kuchaygan, daryo oqimi tezlashgan edi. Shunday og’ir holatda darg’a najot kemasini boshqarolmay qoladi. Shu sabab oqibatda uch-to’rt kishidan tashqari xon va navkarlar suvga g’arq bo’lishadi.
Ana shu taxlit 1806 yili xonlikda Qo’ng’irotlar sulolasiga asos solgan Eltuzarxon ikki yilu uch oy, yigrma ikki kunlik hukmdorligidan so’ng o’ttiz etti yoshida daryoga cho’kib halok bo’ldi.
Undan ikkita o’g’il, bir qiz, qurdirgan madrasasi va sulola asoschisi, degan nom xotira bo’lib qoldi.
Kallaning narxi kancha?
Qassoblar tomonidan so’yilgan mol kallasining sotilishi va uning bahosi har vaqt turlicha bo’lishi hammaga ma’lum. Ammo inson boshining narxi qancha bo’ladi, degan banda borki, bir seskanib tushadi. Biroq o’tmishda, xonliklar davrida inson kallasiga ma’lum bir narx qo’yilishi odatiy hol bo’lgan…
O’sha davrlarda O’rta Osiyodagi uchala xonlik o’rtasida bo’lib turgan ichki nizolar, qo’shni davlatlarning bosqinchilik yurishlari bois xonliklarda muntazam harbiy qo’shin mavjud edi. Garchi ularda sanoqli to’p, miltiqlar bo’lsada, doimiy ravishda qilich va yoylar bilan mashqlar olib borilgan. Xiva xonligidagi qo’shin safida xizmat qilayotgan navkarlarga davlat tomonidan yigirma tanob er berilgan bo’lib, bundan keladigan daromad navkarniki edi.U o’zi xizmat bilan band bo’lganligi uchun erini chorikorga berib ishlatardi.
Navkarlar soliqlardan va qazuv kabi turli majburiyatlardan ozod qilib qo’yilgani uchun, qolaversa, bosqinchilar vatanini egallasa, o’ziga beriladigan erdan ham benasib qolishini o’ylab, urushlarda faol qatnashardi.
Bundan tashqari hukmdorlar urushda navkarlarni rag’batlantirishning boshqa bir usuli—kalla pulini ham o’ylab topishgan edi. Unga ko’ra, xonlik navkari o’zi o’ldirgan har bir dushman uchun mukofotlanardi. Buning uchun navkar dushmanning kallasi, qulog’ini kesib kelishi kerak edi.
Agar Xiva xonlari arxivining 1866 yil rajab oyidagi ma’lumotlariga tayanadigan bo’lsak, shanba kuni Ilonlidan Annamurod degan bir kalla olib kelganida o’n tillo berildi, deyilgan. Yoxud 1867 yil sha’bon oyining chorshanbasida yovmudlardan Yana ikki kalla kesganga ikki latta sarupoy berildi, olti tillo, kalla puliga yigirma tillo berildi, degan ma’lumot bor.
Tabiiyki, urushda yoxud dushman tarafga qo’qqisdan hujum qilib, kallasini kesish va unga mukofot puli olish, unga to’langan yuqoridagicha miqdor 10 va 20 tillo o’z davri uchun katta pul edi. Bu pulga navkar bir oy bemalol kattagina oilasini oziq-ovqat bilan ta’minlashi, ho’kiz yoki sigir sotib olishi mumkin bo’lgan.
Biroq hayotini xatarga qo’yib, o’lim bilan yuzma-yuz turib, urushda qatnashgudek bo’lsa, navkar o’z kallasidan ham ajralib qolishi mumkin edi. Shunday bo’lgan taqdirda, o’ldirilgan navkarning beva xotiniga Xiva xonlari bir yo’la nafaqa, ba’zan bu bevaga pul o’rniga bir qul in’om qilishardi.
Shuningdek, otlari yarador bo’lgan navkarlarga ham pul bilan yordam berardilar. Shu kabi navkarlarga urushda ko’rsatgan jasorati uchun choponlar kiygazish ham keng tus olgan bo’lib, ayrim hollarda pichoq taqdim etilgan. Xonlar sulolasining vakillari, mashhur amaldorlar esa faxriy mukofot tarzida oltin va qimmatbaho toshlar qadalgan kamar olar edilar.
Ushbu navkarlarning Xiva xonligida boshqa davlatlarning harbiy qo’shinlariniki singari maxsus harbiy kiyimlari, davlat mukofoti nishonlari va medallari yo’q edi. Faqat in’om tarzida berilgan kalla puli, chopon kiygazish, oltin yoxud qimmatbaho tosh qadalgan kamar berish davlat mukofoti tusini olgandi.
Urushlar davomida yarador bo’lgan jangchilar davolanish uchun o’zlari tabibga murojaat qilar, davolanish uchun ketadigan pul xonlik xazinasidan sarflanardi. Ya’ni , navkar vatan himoyasi uchun bo’lgan urushlarda yarador bo’ldi, degan qarash bor edi.
Agarda xonlik ichkarisida o’z fuqarolari tomonidan isyon, qo’zg’olon, fitna yuz bergan taqdirda navkarlar xon tomonidan bekamu ko’st hamma ehtiyojlar bilan ta’minlanar, hatto, o’sha norozilik harakatini necha kunda bostirishganiga qarab pul to’lashardi.
Qo’shni davlatlar—Eron yoki Buxoroga hujum qilingan taqdirda xon navkarlariga maosh to’lamagan. Urushda o’lja kiritgan navkar qo’lga kiritgan narsasining beshdan birini xon hazratlariga in’om qilishi shart edi.
XIX asr o’rtalaridagi ma’lumotga ko’ra, Hazorasp, Beshariq va Pitnak mavzelarida 2396 navkar, qolgan hududlarda esa 6445 navkar bo’lib, urush harakatlari bo’lib qolgan taqdirda qo’shin yuzboshi, mingboshi, yasovulboshi va amirulumaro boshchiligida birlashib, yagona buyruqqa bo’ysunuvchi armiya holatiga kelardi.
Tinch davrlarda xonlik chegarasini qo’riqlaydigan navkarlar qo’shini esa yarimchilar orqali erdan keladigan daromad evaziga kun ko’rar, chegara xizmatining boshlig’i—qorovulbegi esa xazinadan 50 tilla maosh olardi.
Xullas, xonlik qo’shini garchi oz sonli to’p va miltiqlardan iborat bo’lsada, qilich va yoylar bilan mudom jangga shay turardi.
davomida: Alibobo maydonidagi bandargoh