FORMATSIYA

FORMATSIYA (lot. formato — hosil boʻlish) (geologiyada) — hosil boʻlish sharoitlarining umumiyligi bilan oʻzaro bogʻliq boʻlgan togʻ jinslarining tabiiy va qonuniyatli uygʻunligi; Yer poʻsti asosiy strukturaviy zonalari rivojlanishining muayyan bosqichlarida vujudga keladi. «Formatsiya» terminini dastlab 18-a. da nemis geologi G. Fyuksel muayyan tarkibli va stratigrafik holatli choʻkindi jinslarni ifodalash uchun ishlatgan. Umumiy tektonik rejimning tipiga koʻra platforma, oraliq, geosinklinal F. lar va ularning guruxlari farq qilinadi. Formatsiya fatsiyalar va yotqiziklarning genetik tiplari majmuidir. Uning chegaralari vakt oʻtishi b-n oʻzgarib turadi, turli tiplari har xil yoshdagi yotqiziqlarda takrorlanib, xususiyatini bir oz oʻzgartiradi. Formatsiya moddiy tarkibi, tektonik belgilariga koʻra tasniflanadi. Uning litologik, petrografik (magmatik va metamorfik), vulkanogen, rudali va b. turlari mavjud. Magmatik Formatsiyalar maʼlum geologik sharoitlarda Yer poʻstidagi biron uchastka taraqqiyotining ayrim bosqichlarida hosil boʻlgan magmatik togʻ jinslari toʻplamidan iborat. Metamorfik Formatsiya tektonik strukturalarga ega boʻlgan metamorfik togʻ jinslarining paydo boʻlish umumiyligi qonuniyatlariga asosan ajratiladi. Metasomatik Formatsiya kam oʻrganilgan. Ruda F. si (xromit, polimetalloltinkvars va b.) magmatik va metasomatik Formatsiya bilan uzviy bogʻliq. Bu sohani oʻrganish alohida yoʻnalishni kasb etdi. Iklim sharoitlariga koʻra aridli, gumidli va b; litologikpetrografik asosiy belgilariga koʻra — karbonatli, terrigenli, galogenli, vulkanogenli va b. F. va ularning guruxlari ajratiladi. . F. ning tiplari bilan foydali qazilmalarning turlari bogʻliq. Shu sababli, litologiya, paleogeografiya va tektonikada hamda turli foydali qazilmalarning joylashish qonuniyatlarini oʻrganish va ularni qidirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqishda formatsion analizning ahamiyati katta.

1 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x