Xazonrezgi

Yurak ham charchadi, aql-chi toldi,

Manzilga yetishga ozgina qoldi…

 

Halovat istagan yurak toʻxtadi.

Turmush tashvishlari bilan band yurak halovat bilan jimgina xayrlashdi.

Em ignasiga dori tortayotgan hamshira qariyaning qotib qolgan qorachigʻini koʻrdi-yu, barmoqlari titrab ketdi. Ogʻir-ogʻir nafas olayotgan bemorning birdaniga jimib qolishi vujudida qoʻrquv titrogʻini uygʻotdi. Oʻqishni bitirib, shifoxonada ishlay boshlaganiga yarim yildan oshgan boʻlsa-da, oʻlimga birinchi marta duch kelishi edi. Qishloq shifoxonasida ogʻirlashib qolgan bemorni yaqinlari “oʻlsa ham uyda xotirjam oʻlsin, doʻxtirlar qornini yorib koʻrmasin”, deb olib ketguvchi edi. Bu qariyani esa behush holda olib kelishdi. Vrach qon bosimni oʻlchadi, yurakni eshitib koʻrdi, kardiogramma tasmasiga tikilib qaray-qaray bosh chayqab qoʻygach, qanday dorilar berilishini tayinladi-yu, chiqib ketdi. Hamshira dastlabki dorilarni em ignasida bilakka yuborgach, yarim soatcha tanaffus qilib, endi tomchi dori yuborishga kirishmoqchi edi. Qariyaning oqara boshlagan yuziga qarab qoʻrquvi battar oshdi, nima qilarini bilmay “Oydin opa!” deb qichqirib yubordi.

Deraza tomondagi karavotda yotgan bemorning tomiriga dori yuborayotgan oʻrta yoshlardagi hamshira choʻchib, oʻgirildi. Hamshira “oʻldi” demoqchi boʻldi-yu, titroq lablaridan bu soʻz uchmadi. Jon tark etgan tanaga tikilganicha dovdirab turaverdi. Oʻrta yoshli hamshira ignani tomirdan sugʻurib, bemorning bilagini bukdi-da, bu tomon oʻta turib, “Anvar akangni chaqir, tez chaqir!” deb buyurdi. Qiz chiqib ketgach, qariyaning boʻyin tomiriga barmogʻini qoʻydi. Keyin shoshqich ravishda koʻkragiga kaftini qoʻyib, kuch bilan bosdi.

Dahlizga otilib chiqqan hamshira yoʻlda bir qariyani bexos turtib yubordi. Uning “hay-hay qizim, koʻzingga qarasang-chi” degan tanbehiga quloq solmay, uzr soʻrashni ham unutib, yugurib ketdi.

***

Shifoxonadagi bu voqea yuz bergan paytda doʻstining taqdiridan bexabar Mamasoli choshgoh nafl namozini oʻqib boʻlib, mutolaaga tutingan edi. Dadasining xayrli niyat bilan “Muhammad Solih” deb qoʻygan ismini hali hech kim toʻliq aytmagan, “Muhammad Muso”ni “Matmusa”, “Muhammad Amin”ni “Madamin”, “Muhammad Rahim”ni “Marayim” deyishni odat qilgan qishloq ahli “Mamasoli” deb chaqirganda u ajablanmas ham, koʻngli ogʻrimas ham edi. Bolalikdan birga katta boʻlgan ulfatlarining yanada qisqartirib, “Soli” deyishlariga ham koʻnikib ketgan.

Mamasoli qoʻlidagi kitob satrlariga koʻz yugurtirdi-yu, ikkinchi sahifaga oʻtmay, chuqur xoʻrsindi. Soʻng “astagʻfirulloh” deb pichirlab qoʻyib, nigohini yana oʻsha satrlarga qadadi. Bu safar koʻzlariga yosh quyilib, harflar koʻrinmay qoldi. Tili istigʻfor bilan band boʻldi. Chuqur-chuqur nafas oldi. Boʻyniga tashlab olgan oq roʻmolining uchi bilan koʻzlarini artib, oʻyga toldi. Lekin xayol bulutida uzoq ucha olmadi, yuragini serxatar titroq bosib, yana kitob sahifasiga qaradi. Endi pichirlab oʻqidi: “Boqiy Zot foniylarga baxt ato etdi. Oʻlimni muttaqiylar uchun najot va uchrashuv vaʼdalashilgan manzil qildi. Qabr esa badbaxtlar uchun zindon, to yaxshilik yomonlikdan ajraladigan jazo kunigacha tor hibsxona boʻldi… Oʻlim – qismati, qabr – qarorgohi, tuproq – toʻshagi, Munkar va Nakir – suhbatdoshi, qurt-qumursqalar – ulfati, yer osti – xosxonasi, mahshargoh – vaʼdalashgan joyi, jannat yo doʻzax – soʻnggi manzili boʻlgan har bir kishining fikru zikri – oʻlim, tadbiru tadorigi ham oʻlim uchun boʻlishi, tabiiy. Uning butun diqqat-eʼtibori oʻlimga qaratilgan, qoʻrqinch va quvonchi ham oʻlimdan, u oʻlimga muntazir. U nafsini oʻliklar qatorida sanab, oʻzini qabrda koʻradi. Chunki keluvchi narsa doimo yaqin, kelmaydigani esa uzoqdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Nafsini tergaydigan va oʻlimdan keyingi ishlarni oʻylab amal qiladigan kishi asl ziyrakdir…”[1]

U kitobni xontaxta ustiga qoʻyib, boshini egganicha harakatsiz turib qoldi.

Kitobdagi satrlarni oʻqib, oʻlim esiga tushib ketdi-yu, yuragi qoʻrquv toʻriga oʻraldi, deyish yolgʻon boʻlur edi. Avvali shuki, esga tushishi uchun oldin unutish kerak. U muqobilida oʻlim borligini hech mahal unutmagan. Urushda quyonyuraklik qilib xandaqqa pisib olgan yigitlarni koʻrganida: “Peshonangga oʻlim yozilmagan boʻlsa, ustingdan tank bosib oʻtsa-da oʻlmaysan, umring kalta boʻlsa, Azroil pusib yotgan joyingdan ham topib oladi. Oʻlimdan qoʻrqqaning bilan undan qutulolmaysan. Shuning uchun qoʻrqmay oʻlgan afzal”, derdi. Qaysi bir kitobda: “Odam sovuq lahadda yotishini tasavvur qilsa, qoʻrquvdan tiliga qadar terlab ketadi”, degan gapni oʻqib, “yaxshi odam qoʻrqmaydi, koʻp gunoh qilgan osiyning ahvoli shunaqa boʻlishi mumkin”, deb qoʻygan edi.

Toʻgʻri, unda ham qoʻrquv bor, lekin lahadda yolgʻiz yotish qoʻrquvi emas.

Volga daryosidan to Elbaga qadar boʻlgan qonli janggohni piyoda bosib oʻtgan odamning hozirmi yo erta-indinmi oʻlib qolishidan qoʻrqishi mantiqsiz hamda ishonarsiz bir holatdir. Oʻlikni koʻrganda, dahshat doʻliga uchrab labiga uchuq toshadiganlar ham bor. Mamasoli undaylardan ham emas. Urushdagi oʻliklarni hisobga olmaganda ham, qaytganidan keyin qancha yaqinlarining jagʻini oʻzi bogʻladi. Qishloqda oʻlik yuvuchi qolmagani uchun gʻassollik qilgan vaqtlari ham boʻldi. Bu xizmatni vaqtincha deb oʻylagan edi, oʻgʻli voyaga yetguniga qadar savob ishdan boʻyin tovlamadi. Xotini bir-ikki xonadonga sovchilikka borganida “oʻlik yuvgʻuchi bilan quda boʻlamizmi?” deganday gap qilishibdi. “Har biringni bugun boʻlmasa ertaga kimdir poklab, oxirgi safaringga kuzatib qoʻyishi kerak. Bugun men bilan quda boʻlishdan or qilyapsan. Ertaga ishing tushib qolsa, uyalmaysanmi?” – deb tanbeh bermoqchi boʻldi-yu, qilgan ishlari minnat boʻlib, savoblari uchib ketishidan qoʻrqdi. U gʻassolligi uchun haq olmasdi. Bu xizmatdan tirikchiligini yaxshilab olishni orzu qilgan bir kishi topilib qoldi-yu, “baxtimdan oʻrgilay”, deb oʻzini chetga oldi. Shunda ham yaqinlarini oʻzi yuvib, oʻzi kafanlashdan boʻyin tovlamadi. Bilagida hali quvvat bor edi, lekin tengqurlarini yuvish chogʻida kafti qaltirayotganini sezdi.

Ulfatdagi doʻstlarining birin-sirin ketishi unga yaqin kelajak xabari edi…

Lekin bu xabarlar uni talvasaga sololmas, tashvishi boʻlak edi.

Mamasoli bilib-bilmay qilgan gunohlari uchun mahshargohda uyalib qolishdan qoʻrqadi. Koʻp tavba qiladi. Lekin Rahmli zot bu gunohlarni ne qadar kechirganini bilolmaydi. Ota-onasiga yaxshi xizmat qila olmadi. Yigit yoshiga yetganda urushga ketdi. Ota-ona duosi bilan ketib edi, uyiga yetim oʻgʻil boʻlib qaytdi: ota-onasining quruqshagan lablariga bir tomchidan suv tomizish, qabrlariga bir kaft tuproq tashlash unga nasib etmadi. Buni ayb deb bilmasa ham, koʻngil gʻashligi haligacha koʻtarilmaydi. Ustozining kulfatga uchrashida gunohi borligi esa aniq. Otasi harf tanimasa-da, olimlarga ixlosi baland edi. Oʻgʻli shoʻro maktabida oʻqishi barobarida, din ilmini olishini ham istardi. Afsuski, din ilmi hech qayerda oʻqitilmasdi. Qishloqda ilmli bir kishi bor edi. Biroq bolalarni oʻqitmasdi, sovetning qonuniga koʻra qamalib ketishi mumkin edi. Otaning qayta-qayta iltimoslari taʼsir qildimi yo ilmni qizgʻanish gunohligidan qoʻrqdimi, har holda, u kishi Mamasoliga Qurʼon ilmini oʻrgata boshladi. Bir kuni maktab mudiri Mamasolini chaqirib gʻoyat xushmuomalalik bilan gapga soldi: “Sen maktabimiz faxrisan, katta oʻqishlarda oʻqiysan, katta olim boʻlasan. Qurʼonni ham yodlayotgan emishsan, bu ham juda yaxshi. Menga bitta kichkina sura oʻqib ber-chi?” dedi. Mamasoli bu shirin soʻzga uchib, kichik emas, “Taborak”ning yarmini oʻqib berib, yana “olqish” oldi. Bola bechora mudirning sotqin ekanini qayoqdan ham bilsin? Ustozi uni tong pallasi, hali qishloq uygʻonmay turib oʻqitardi. Ertasi subhi sodiqda uning uyiga borganida hibsga olib ketishayotganini koʻrdi. Koʻrdi-yu, bu kulfatda oʻzining ham hissasi borligini anglab, chinqirib yubordi. Ustozi unga bir qaradi oʻshanda. Koʻzlarida nafrat yoʻq edi, xuddi “senda ayb yoʻq, oʻzingni qiynama, bu Ollohning sinovi”, deganday muloyim boqdi. Bu qarash xotirasiga muhrlanib qolgan. Lekin oʻzini hanuz kechira olmaydi. Diydor Qiyomatga qolgan ekan, oʻsha uchrashuv pallasini qoʻrquv bilan kutadi…

Dunyoga mukkasidan ketgan kishi oʻlimni eslamas ekan. Eslagan taqdirda ham boyligi qolib ketayotganiga afsus qilib, bunga oʻlim sababchi boʻlyapti, degan bemaʼni xayol bilan jon berar ekan. Mamasoli shundaylar safida boʻlmagani uchun shukurlar qiladi. Oʻzini tavba yoʻliga kirganlar safida koʻrib, oʻlimni unutmaydi. Shundanmikin, qalbi qoʻrqinchu istigʻforga, ayni damda, vujudi xushuʼ va huzuʼga limmo-lim toʻladi. Toʻgʻri, baʼzan oʻlim qoʻqqis kelib, tavbalari oxiriga yetmay, oxirat ozugʻining gʻamlanmay qolishidan choʻchiydi. Lekin tavba yoʻlidagi odamlar qatorida boʻlgani sababli oʻlimdan qochmaydi. Balki oʻzining qusur va nuqsonlari sabab Ollohning diydoriga yetish kabi buyuk neʼmatni boy berib qoʻyishdan xavfsiraydi. Goʻyo u suyuklisi rozi boʻladigan uchrashuvga tayyorlanish bilan mashgʻul boʻlib, visolga kechikishdan choʻchiyotgan kishiga oʻxshaydi. Visolga kechikishdan qoʻrqish esa visolni xohlamaslik emas…

Mamasoli bir on harakatsiz oʻtirgach, yana pichirlaganicha istigʻfor ayta-ayta oʻrnidan turib, uy etagidagi bir uchi qayrilib qoʻyilgan joynamoz ustiga bordi-da, nafl namoziga niyat qilib qoʻl bogʻladi. Birinchi rakatning zam surasini oʻqib, rukuʼga borgan paytda temir darvozaning eshigi taraqlab ochilib, bir bola bor ovozi bilan: “Mamasoli togʻa! Mamasoli togʻa!” deb chaqirdi. Unga javoban kampirning “Buncha baqirmasang, togʻangda gaping bormi?” degani eshitildi. “Poʻlatjon togʻa qattiq ogʻrib qolibdilar, bannisaga olib ketishibdi, shuni aytib qoʻyishga keldim”.

Sajdaga bosh qoʻygan Mamasoli buni eshitib qaddini koʻtardi-da, namozi chala boʻlsa-da, salom berib oʻrnidan turgach, kulrang chakmonini shosha-pisha kiyib tashqariga shoshildi. Aytishi kerak xabarini aytgan shoshqaloq bola uning chiqishini kutmay, ketib boʻlgan edi. Koʻchaga chiqqan Mamasoli u yoq, bu yoqqa qarab turdi-da, keyin oshnasining uyi tomon yurdi. Poʻlatning eshigi tashqaridan qulflanmagan, ichkaridan tanbalanmagan edi. Uy sohibi uning yetmish yillik doʻsti boʻlsa-da, hovliga indamay kirib borishdan oʻzini tiyardi. Xavotirga tushgan yuragi bezovta boʻlayotganiga qaramay, bu safar ham odatiga xilof qilmadi – eshikni qiya ochib “Poʻlatjon, hov Poʻlatjon!” deb chaqirdi. Bir necha nafas kutdi, javob boʻlmagach, eshikni taqillatdi. Yana sabr qildi. Biron daqiqa oʻtgach, javob bu hovlidan emas, qoʻshni tomondan boʻldi. Qoʻshni ayol shoshqaloq xabarchi bolaning gapini tasdiqladi, xolos, qanday voqea yuz berganini batafsil tushuntira olmadi.

Bu qishloq tumanning chekka hududida joylashgani sababli, yana toʻrt katta qishloqqa xizmat qiluvchi shifoxona qurilgan edi. Avvaliga “kasali ogʻirroq boʻlsa tuman markaziga olib ketishdimikin”, deb xayol qildi. Keyin “yaqin joy turganda kasalni toliqtirib uzoqqa olib borisharmidi”, degan toʻxtamga kelib, qadamini tezlatdi. “Biron yoʻlovchi mashina kelib qolarmikin”, degan umidda damo-dam ortiga qarab ketaverdi.

Mamasoli umidi ushalmay, shifoxona tomon shoshib borayotgan paytda uning uch doʻsti manzilga yetib boʻlishgan edi. Voqeadan ilgariroq xabardor boʻlgan Mirhosil qoʻshni koʻchada yashovchi Turgʻun bilan Obidni chaqirgach, traktorchi jiyanini ishga solgan, traktorning tirkasharavasida uch oshna shifoxonaga tezda yetib kelishgan edi. Turgʻunning “Uchchalamiz bostirib kirib vahima qilmaylik, Boz kirib seki-in razvedka qilib chiqsin”, degan taklifi maʼqul kelib, shifoxona biqinidagi choyxonada ajrashdilar. Ulfatlar orasida ismi aytilmay, xotin olib, xotin qoʻyavergani uchun “Boz” laqabi bilan sharaflangan Obid gapni koʻpaytirmay, shifoxona tomon shoshildi. Ichkariga kirib surishtiraman, degan chogʻida reanimatsiya xonasidan otilib chiqqan hamshira shu odamga urilib ketgan edi.

Choyxona sari borayotgan ikki oshnaning tik qaddiga, dadil yurishiga qaraganda “qariya” deb atamoq insofsizlik boʻlar. Ayniqsa, Mirhosilning keng yelkalari, jarangdor ovozi, burgutnikidek nigohi qarilikni hali-beri yaqiniga keltirmaydiganday edi. Qirra burnining ikki yonida bolalikdan xotira – ikkitadan chechak izini astoydil tikilib qaragandagina koʻrish mumkin boʻlsa-da, oshnalari orasida “Choʻtir” degan laqabni ortmoqlab yuradi. Aslida, bu laqab bobosidan meros qolgan. Chechak izi boʻlmaganida ham shu laqabga koʻnishdan oʻzga chorasi yoʻq edi. Chunki bu atrofda yashaydiganlarning barchasida laqab bor. Biron odam haqida soʻz ketib, “shuning aqli yoʻq”, desa hech kim ajablanmaydi, lekin “laqabi yoʻq”, desa hayron boʻlishadi. Darrov ota-bobolarining tarixi titkilana boshlanadi va qaysi bir boʻgʻinda toʻxtab qolgan laqab topilib, merosxoʻrga beriladi. Mirhosilga nisbatan boʻyi pastroq, gavdasi toʻlaroq Turgʻunga “Buqoq” degan laqab shu tarzda inʼom etilgan. Aytishlaricha, qaysi bir bobosining buqogʻi uzun soqolining ortidan ham koʻrinib turar ekan. Turgʻunga bu laqab malol kelmadi. Har holda, qishloqda “Xoʻkiz”, “Tuya”, “Makiyon” degan laqablar bor, shularga roʻpara qilmaganlari uchun ham lom-mim demagan, hozir ham indamaydi. Aslida, laqab qoʻyishdan maqsad, kimnidir xorlash emas, balki ulfatlar uchrashganda askiya payroviga bir bahona. Agar laqab kishining jismoniy kamchiligini masxaralash maqsadida toʻqilganida Turgʻunga “Buqoq” deyilmas edi. Urushdan keyin avval panjasida, soʻng boʻynida paydo boʻlgan oq dogʻlarga ishora qilinardi. Bu holda laqab hazil doirasidan chiqib, haqorat darajasiga koʻtarilib qolardiki, atrof qishloqlarda bunga sira yoʻl qoʻyilmaydi. Agar oq dogʻlarga ishora qilinsa, Turgʻunning oʻzigina emas, oshnalari ham musht bilan javob berishdan qaytmagan boʻlishardi.

Mirhosil Turgʻunni choyxona hovlisiga boshlab kirgach, barglari oltinday sargʻaygan majnuntol ostidagi soʻriga omonat oʻtirib, “Kela qol, Boz chiqquncha sal nafasni rostlab turaylik”, dedi. Soʻriga toʻshalgan eski sholchaning titilib ketganiga parvo qilmay, omonat oʻtirdilar. Qishloqlardagi choyxonalarda hech kim soʻriga gilam toʻshashni talab qilmaydi. Eski palos, yogʻi chiqib ketgan koʻrpachalarda oʻtirish hech kimga malol kelmaydi.

– Bular hali ham kurashib yotishgan ekan, – dedi Mirhosil choyxona ayvoni peshtoqidagi shiorga imo qilib. Turgʻun shiordagi “1995 yil moʻl hosili uchun kurashaylik!” degan soʻzlarni oʻqib, miyigʻida kulganicha:

– Bular otasining belida ham kurashgan, onasining qornida ham kurashgan. Kurashga sira toʻyishmaydi, – deb mingʻirlab qoʻydi.

– Choy-poy chaqiraymi?

– Choying nimasi? Boz chiqsin, shunga qarab bir nima qilarmiz.

Ichkarida yuvilgan piyolalarni hafsala bilan artayotgan choyxonachi kutilmagan mehmonlarni koʻrib, gʻashlandi. Avvaliga “u yoq-bu yoqqa qarab chiqib ketishar” degan umidda qarab turdi. Eshonguzarlik Jasur qimorboz bu kunni band qilib qoʻygan, “hatto pashsha ham uchib kirmasin”, deb tayinlagan edi. Ikki qariyaning kirib, bemalol oʻtirib olishi uni picha gangitdi. Keyin “choy ichgilari kelsa, xizmatlarini tezroq qilay, tezroq keta qolishsin”, degan oʻyda tashqariga chiqib, ular tomon ildam yurdi.

– Kelsinlar, taqsirlarim, kelsinlar, – deb yarim taʼzim bilan yaqinlashib, qiroat bilan salom berdi.

– Nega “taqsir”lab qolding, machitning imomiga oʻxshaymizmi? – dedi Mirhosil alik olib.

– Ustoz shunaqa oʻrgatganlar. “Choyxonangga kirib kelgan otaxonlarning martabasi ulugʻ boʻladi, ularga faqat “taqsir” deb murojaat qil”, deganlar. Taqsir, ichkariga marhamat qiladilarmi yo boshqa soʻriga joy toʻshayinmi? – dedi u qariyalar bilan qoʻshqoʻllab koʻrishgach.

– Ichkaring nimasi, bizlarni dimlab baraka topmoqchimisan? – dedi Mirhosil norozi ohangda.

– Ha, endi, kuz havosi-da, – dedi choyxonachi.

– Nima balo boʻldi, samovorxonangning rangi oʻchib ketibdi?

– Gaplariga tushunmadim, taqsirim?

Turgʻun doʻstining gapini izohladi:

– Samovorxonangda odam yoʻq, baraka qochdimi, deyapti togʻang.

– Bu yoqdan qishning nafasi kelib turibdi, sezon oʻldi-da, taqsir…

Choyxonachining bu gapi qariyalarga malol keldi. Turgʻun qoshlarini chimirdi, Mirhosil esa bobillab berdi:

– Enang muzxonada tuqqanmi seni, gapingning sovuqligini qara!

– Iya, qanday sovuq gap qildim, taqsir? – deb ajablandi choyxonachi.

– “Sezon oʻldi” deganing issiq gapmi? Bu tomon kasalxona boʻlsa, qancha odam “Haq!” deb oʻlolmay yotgan joyda oʻlimni eslab nima qilasan? “Oshxoʻrlikning mavsumi oʻtdi” deb qoʻyovurmaysanmi?

– Endi bizlar bir omi odam-da, gap bilmaymiz.

Choyxonachi shunday deb iziga qaytdi-da, birozdan soʻng toza sholcha bilan koʻrpacha olib chiqib yon tomondagi soʻriga toʻshadi.

– Bu yoqqa oʻtsinlar, taqsirlarim, hozir choy damlayman, – deb yana ichkariga kirib ketdi.

Ikki qariya erinibgina oʻrnidan turib bu soʻriga yaqinlashdi. Mirhosil kalishini yechgach, tepaga chiqib, chordana qurib oldi. Turgʻunning soʻri chetida oyoqlarini osiltirib oʻtirishiga qarab turib, Mirhosil shumlik bilan tegishdi:

– Ha, beldan oldimi, tuqqan xotinga oʻxshab qolibsan?

– Sen, Choʻtir, gapingga ozgina tuz sepvor. Samovarchiga aql oʻrgatasan-u, oʻzing nima deb valaqlayotganingni bilmaysan. Belogʻriqning tuqqan xotinga nima daxli bor?

– Sirkang suv koʻtarmaydigan boʻlib qolibdi, sen Buqoqning. Adoyi tamom boʻlibsan. Oʻtirishingni qara.

– Sen hadeb birovlarga qarayvermasdan oʻzingga ham bir-ikki koʻz tashlab qoʻygin. Endi senu men olma bilan oʻrik boʻlarmidik. Samovarchiga oʻxshatib aytadigan boʻlsam, bizdi sezon ham oʻlyapti, oshnam.

– Gaplaringni olovga qoʻyib, sal isitib olsang boʻlarmidi, a? Bunaqa sovuq gaplarni qaysi xaladiynadan olasan?

– Sovuqmi, issiqmi… umrdan baraka ketib boʻldi, – Turgʻun shunday deb egildi-da, yerdan sargʻaygan bargni olib, doʻstiga uzatdi: – Ma, ushla.

Mirhosil beixtiyor qoʻl uzatib, bargni oldi, keyin ajablanganicha soʻradi:

– Nima qilaman?

– Olgin-da, uzilib tushgan joyiga qaytarib qoʻy, – dedi Turgʻun maʼnodor ohangda.

– Vey, eslaring joyidami?!

Mirhosil shunday deb bargni siltab tashladi. Turgʻun esa boshini egganicha, xuddi oʻziga oʻzi gapirayotganday dedi:

– Ha… qoʻyolmaysan… Hech kim qoʻyolmaydi. Bu barg emas, UMR! Uzildimi… Tamom…

Turgʻun shunday deb xoʻrsindi. Uning bu hazin kayfiyati doʻstiga yoqmadi. Oʻtirgan joyida bir qimirlab olib, jerkib berdi:

– Menga qara, Xudo xayringni bersin, donolik qilmagin shu topda. Yuraklarni siqmagin.

Turgʻun uning tanbehiga parvo ham qilmadi. Qoʻlidagi bargdan koʻz uzmagan holda avvalgi hazinlikda davom etdi:

– Sen buni xazon deb oʻylayapsanmi? Bir sen emas, hamma shunday oʻylaydi. Lekin bu shunchaki xazon emas… balki… oʻlim darakchisidir? Oʻlim kimni olib ketadi? Ichkarida jon talvasasida yotgan odamnimi yo… balki senidir?

– Hoy, buqoqlarning sovugʻi deyman, bas qil deyman, donolik qilavurma. Oʻladigan boʻlsang oʻzing oʻlavur. Har holda, mendan besh oylik kattaroqsan. Men hali beri ketadigan ahmoq emasman. Uqdingmi?

– Xoʻp… Gaping rost, men adashibman. Xudo biladi, balki xabar menga kelgandir?.. – Turgʻun shunday deb oshnasining tutay boshlagan gʻazab oʻtini oʻchirganday boʻldi.

Choyxonachi gullari oʻchib ketgan qora patnisda choynak, novvot olib chiqib, xontaxtaga qoʻygach, choyni qaytardi. Doʻstiga gapirib baraka topolmasligiga fahmi yetgan Mirhosil zahrini choyxonachiga sochish barobarida bir oʻq bilan ikki quyonni urmoqni maʼqul koʻrdi:

– Hoy, oʻgʻil bola, novvotingga qahat kelganmi? Buncha kam olib chiqding? Buning tishimning kavagida yoʻq boʻlib ketadi-ku? Manavi togʻang nimani shimadi? Yurganda oyoqlarining qaltirashini koʻrsang-chi?

“Qizim senga aytaman, kelinim sen eshit” yoʻrigʻida aytilgan bu piching soʻzlar dovulini Turgʻun xuddi oʻziday koʻrinishda doʻstiga qarata sochdi:

– Samovarchi uka, togʻang yaqinginada senga nima dedi? “Muzxonada tugʻilganmisan?” dedimi? Oʻzidan soʻra-chi, enasi qayerda tuqqan ekan. Oʻzi aytmasa, mengina aytaymi? Bu togʻang shimoliy muz okeanining naq kindigida tugʻilgan. Ishonmasang, basharasiga qaragin-a, onasi choʻtir qilib tugʻmagan, tugʻilganida bip-binoyi boʻlgan. Ammo tugʻilgani zahoti aftini morjlar timdalab-timdalab tashlashgan.

Choyxonachiga bu gap taʼsir qilib, xaxolab kulib yubordi. Mirhosil xuddi oʻrnidan turib oshnasiga chang solmoqchi boʻlganday, joyida bir qimirlab oldi. Chang solishga qasd qilgani rost, lekin tirnoqlari bilan emas, tili bilan chang solmasa xumori bosilmas darajaga yetgan edi. Ikki oshna eslarini taniganlaridan beri birga, hatto urushda ham bitta boʻlinmada xizmat qilib et bilan tirnoqday ajralmas boʻlib ketishgan. Shunga qaramay, “gap kelganda otangni ayama”, degan nasihatni ikkovi ham bayroq qilib olgani sababli Turgʻun gap otganida Mirhosilning jimgina ketganini hali bu atrofda birov koʻrgan emas. Hozir ham shunday vaziyat yuzaga keldi. Bu yerga nima uchun kelganlarini unutishdi. Mirhosil oshnasining gapiga javoban avvaliga asabiy tarzda tomoq qirgach, choyxonachi kulgidan shart toʻxtadi.

– Gapning issigʻini shu togʻangdan olovrasan, – Mirhosil maʼnodor ohangda gap boshlab, qoshlarini uchirib, buqoq koʻrinmasa ham, Turgʻunning tomogʻiga ishora qildi. – Koʻryapsanmi, xumdoni oʻzi bilan-da buning.

– Esimga tushdi, taqsir, qoyilman, – dedi choyxonachi kulib.

– Nima tushdi?

– Bizlar bola ekanimizda toʻylarda yurardinglar lapar aytishib, askiyalar aytishib. Koʻpini yodlab olgan edim. Siz boshlardingiz: “Oxirat bozoriga yuk bogʻlagan karvon buqoq, olti ming gʻishtni pishirgan betutun xumdon buqoq…” deganingizda olamni qiyqiriq bosib ketardi.

– Ha, ha, shunday boʻlgan, – dedi Mirhosil kibr bilan yayrab. – Esingdan aylanay sening.

Gʻashlanish navbati endi Turgʻunga oʻtdi. Tizzasiga oʻng kafti bilan shart urib, choyxonachiga burgut qarash qildi:

– Men-chi? Men mum tishlab oʻtirarmidim?

Choyxonachi ikki oʻt orasiga tushib qolganini anglab, salgina dovdiradi-yu, keyin oʻzini qoʻlga olib, quvnoq ohangda davom etdi:

– Oh-oh, taqsirim, siz ham juda-a olardingiz-da! Sira qoʻymasdingiz, ushlagan joyingizni uzibla olardingiz: “Arilarning uyasini “bet bu”, deb aldar choʻtir, xuddi chekichlab chekilgan patir, deb javrar choʻtir”, deganingiz hali ham esimda.

– He, esing qursin sening! Qani, mening javobimni ayt-chi? – dedi Mirhosil uning gapini shart uzib.

– Taqsirim, men esi past odamga oʻxshayapmanmi? Javobingizni aytaymi? “Yelkasiga xurjun osgan, xurjunida oshqovoq, har biri chorak yetilgan mirishkor dehqon buqoq…” Shunaqa ajoyib toʻylar boʻlardi-da. Tongotar jilmay oʻtirardik.

Ikki oshnaning oʻrtasida uzoqroq qolsa biron bir baloga yoʻliqishi mumkinligini anglagan choyxonachi xotirasini yakunlab, ketmoqchi boʻlib oʻgirilgan edi, Turgʻunning: “Toʻxta, gapni chala soʻyib tashlab ketma. Oxiriga yetkazib qoʻy endi”, degan amri yangrab, toʻxtadi.

– Agʻi esimda yoʻq, taqsir.

Shu ayyorligi bilan qutulib ketmoqchi edi, Turgʻun “Aytasan!” deb boʻsh kelmadi.

– Qoʻy, bolani qiynama, esi pastligi koʻrinib turibdi-ku? – dedi Mirhosil mugʻombirlik bilan. – Otam zamonidagi gaplarni qayoqdanam yodida tutadi. Durdona gaplar miyada qoladi, shalay-balay gaplar oʻchibla ketadi.

– Sen tek tur-chi, – dedi Turgʻun doʻstini jerkib, keyin choyxonachiga tikildi: – Esingda yoʻqmi? Qani, oʻylab koʻr-chi? Men boshlab beraymi: “Bu kecha qaylarda qolding, betlaring itning izi…” Xoʻsh?

Choyxonachi Mirhosilga xavotir bilan bir qarab olib, Turgʻunga ochiq chehra bilan yuzlandi-da, davom etdi: “Panjaragulchin yuzingdan ayladingmi, or choʻtir?”

Bu javobdan quvongan Turgʻun “Oh-oh!” deganicha ikkala kafti bilan tizzasiga shapatiladi:

– Gapning xoʻrozi shunaqa boʻladi. Esing barakali ekan, sen bolaning.

Choyxonachiga bu maqtov maʼqul kelib iyib ketdi:

– Yana bir ashulangiz boʻlardi: “Togʻda quyon otibman iyagi yoʻq, jonon koʻylak kiyibdi, jiyagi yoʻq…”

– Hoy, “esli bola”, boʻldi qil. Ja-a miyalarni achitibla tashlading. Bor, novvotingdan olib chiq. Belanggi togʻangga quvvat boʻlsin.

– Shoshiraverma, aytadiganini aytib olsin.

– Eshitging kelayotgan boʻlsa, uyingda bi-ir palovxontoʻrani damlab chaqirasan. Ertamatanga dovur likobcha chertib ashula qilib beradi, sen buqogʻingni selkillatib oʻyinga tushib berasan. Xoʻp bazmi jamshid qilishasanlar.

Turgʻun javobga hozirlandi-yu, koʻzi Obidga tushib, gapi ogʻzida qoldi. Soʻriga yaqinlashayotgan oshnasining shashti pastligini sezgan Mirhosil oʻrnidan turib ketdi. Turgʻun joyidan jilgunicha, u pastga tushib, Obidga peshvoz chiqdi:

– Ha, shu yerda ekanmi?

Obid choyxonachining salomiga ruhsiz ravishda bosh irgʻab alik olgach, doʻstiga tikilib qoldi. Uning bu ahvolidan xavotirlangan Turgʻun Mirhosil bilan koʻz urishtirib olgach, uni savolga tutdi:

– Shu yerda ekanmi, kirib chiqovramizmi?

Obid javob bermay, soʻriga kelib, omonat oʻtirdi. Bu ahvoldan gʻashlangan Mirhosil uni yelkasidan ushladi:

– Boz… Obid, Obid deyman, nega mashqing past?

– Kasali… ogʻirroq ekanmi?

– Kasalimi?.. – Obid xoʻrsindi-yu, boshini eggan holda past ovozda javob berdi: – Bu ogʻaynimizni ham Xudo bizga koʻp koʻrdi. Poʻlatdan… ajrab qolibmiz.

Kutilmagan shumxabarni eshitib Turgʻun biroz karaxt holiga tushdi, soʻng yuziga fotiha tortdi. Mirhosil esa ishonqiramay, Obidning ikkala yelkasini changallab olib uni bir-ikki siltadi:

– Kim aytdi senga? Oʻzing koʻrdingmi? Oʻz koʻzing bilan koʻrdingmi? – Obid bosh chayqab “yoʻq” ishorasini qilgach, uni yana siltadi: – Sen, noshud bola, familiyasini toʻgʻri aytdingmi? “Tohirov” dedingmi yo “Toirov” dedingmi? Sen, paytavafahm hamisha adashtirib yurasan.

– Taqsirim adashganga oʻxshaydilar, – dedi choyxonachi vaziyatni yumshatish maqsadida. – Bugun bu kasalxonada hech kim oʻlmadi. Oʻlsa biz ham eshitardik.

Alamini kimdan olishni bilmayotgan Obid bu gapni eshitib unga baqirib berdi:

– Sen kimsan oʻzing? Glavvrachmisan yo samovarchimisan? Bor, ishingni qilovur sen!

Gapga nojoʻya aralashganini fahmlagan choyxonachi boshini egganicha oʻgirildi.

– Bu bolaga sapchima. Toʻgʻri gapiryapti, – dedi Mirhosil Obidni qoʻyib yuborib. – Glavvrachingdan oldin xabar shu samovorxonaga chiqadi. Sen xomsan, bola. Hamma ishlaring xom. Oʻylab koʻr-chi, Berlinga dovur oʻt kechib borgan odam indamaygina oʻlib ketovradimi? E, yoʻq. Senga ishongan men – ahmoq! Oʻzim kirib chiqaman. Qaysi joyda ekan?

– Oʻliklarni tiriltiradigan boʻlimda ekan, – dedi Obid toʻngʻillab.

– A? Nima deding?

– Nega angrayasan? Eshigiga shunday deb yozib qoʻyibdi. Ishonmasang, bor oʻzing qara.

– Gapingning tuzi yoʻq: oʻliklarni tiriltiradigan boʻlimda odam oʻlarkanmi? – dedi Turgʻun oshnasining yelkasiga yengil turtib. Hozirgina gapga aralashgani uchun pushaymon boʻlgan choyxonachi izoh berishdan oʻzini tiya olmadi:

– Taqsirim “reanimatsiya” boʻlimini aytyaptilar, shekilli. Hozir shunaqa yozadigan boʻlishgan. – Shunday deb Obidga qaradi-da kinoya bilan qoʻshimcha qildi: – Glavvrach boʻlmasam ham, shunaqa gaplarni sal-pal bilaman.

Choyxonachi yana ortiqcha gapirib yuborib, iskanjaga tushib qolmaslik uchun tez-tez yurib ketdi. Mirhosil shifoxona tomon burilgan edi, Turgʻun uning yoʻlini toʻsdi:

– Toʻxta, sen borma. To topguningcha oʻlikning tili qotadi. Boz, bor, oʻzing kirib chiq. Oʻlik boʻlsa ham, tirik boʻlsa ham oʻz koʻzing bilan koʻrib chiq.

– Hammamiz birga kirovramiz unda, – dedi Mirhosil oʻjarlik bilan.

– Hovliqma. Ichkarida poda boʻlib yurmaylik.

Obid biroz harakatsiz ravishda oʻtirdi-da, keyin ogʻrinib oʻrnidan turdi. Oshnalariga norozi nigohini bir-bir qadagach, iziga qaytdi.

– Gapingning sovuqligini qara: tili qotib qolarmish! – dedi Mirhosil alam nishini Turgʻunga sanchib.

– Gapimga osilaverma, men “oʻlgan boʻlsa”, dedim.

– Nega oʻladi? Sendan soʻrayapman: nega oʻladi? Kecha tuppa-tuzuk oʻtirgan odam-a?

– Ha, endi issiq jon-da. Pov etadi – chiqadi, ketadi. Sen bilan maslahatlashib oʻtirarmidi?

– Agar Poʻlat ham oʻladigan boʻlsa, dunyoyingga qoyil qolmayman, oshna. Oʻtishga-ku, hammamiz ham birin-sirin oʻtamiz-a, oma ikki oyning ichida ulfatdan ikki kishini ketma-ket olib ketishi insofdanmas. Agar jon oladiganlarda ham plan boʻlsa, ana, dunyo deganingda xunasai dargohlar tiqilib yotibdi, olsin bitta-bitta teri-ib.

– Gaplaringga tuz sepib gapirgin. Biz kimmiz? Biz bir sollotmiz, bizdan soʻrab oʻtirarmidi? Ketdik, desa boʻldi, bir parcha surpga oʻralamizu yogʻoch otga minib “chu!” deymiz, vassalom. Bir zumda Munkar bilan Nakirning savollariga roʻpara boʻlamiz-da, oshnam.

– Oʻzing roʻpara boʻlavur. Men borib qolsam, oma ularingdan oldin oʻzimla savol berib tashlayman: dunyoga nima uchun yomonlarni qalashtirib tashladilaring, deyman. Avval dunyoni yomonlardan tozalamaysanlarmi, yaxshilar toʻrt-besh kun yayrab yashab olmaydilarmi, deyman. Odam oʻlib boʻlganidan keyin siquvga olishlaring nimasi, tirikligida sud qil, yomon boʻlsa jonini olavur, yaxshi boʻlsa umriga qoʻshib ber. Sotvoldining nima yomonligi bor edi? Oʻzini-ku, ena-otasi tilab-tilab olgan edi. Oʻzi oʻn besh yil tilanib bittagina oʻgʻil koʻrdimi?

– Qoʻy, endi oshna, gap deb har narsani gapiravurma. Xudoning irodasi-da. Taqdiri shu ekan.

– Sen taqdir deysan, iroda deysan. Men ham taqdir deyman. Xudoga qarshi chiqmayman. Oma shu taqdir deganiga tushunmayman-da. Xoʻp, Xudo berishga berdi. Oʻziga shukur. Bunaqa qaytarib olishiga sira-sira tushunmayman.

– “Otamlatsang otamlatgin – boʻtamlatmagin”, deganlari shu-da. Bu ham Xudoning bir imtihoni ekan.

Turgʻunning bu gapi ovuntira olmadi. Uning yuragi xotira tumaniga tanho holida shoʻngʻib, gʻavgʻoni boshlagan edi. Agar yurak kitob kabi boʻlsaydi, unig sahifalaridan koʻp-koʻp titroq satrlarni oʻqish mumkin edi… Hayot oqimi mangu: uning oʻyinlari gʻoyat ajabtovur, baʼzan esa beshafqat: visollar va ayriliqlar, quvonch-kulgu va qaygʻu bir-biridan nafratlanmay, qoʻshilib, sel kabi bostirib kelaveradi, surib kelaveradi… kelaveradi…

– Ichim yonib ketyapti, Turgʻun. Oʻlganimda ichimni yorib koʻrsang, tamoman koʻmirga aylanib ketgandirman. Hamma yaqinlarimning oʻlganlari bir boʻldi-yu, Sotvoldining ketvorgani bir boʻldi. Xoʻp, shuning joni kerak ekan, urushda ola qolmaysanmi? Shuncha kuydirasanmi bechorani. Oʻgʻlining joni kerak ekan, nima qilarding shu bolani unga berib? Tirnoqqa zor boʻlib oʻtavermaydimi? Yana ikkita nabira bergani nima edi? Afgʻonga olib borib jonini olish uchun beribmidi? Oʻliklarini temir tobutlarga solish uchun beribmidi? Hammalarini oʻz qoʻli bilan qoʻydi-ya! Hech boʻlmasa, xotini turib tursa boʻlmasmidi? Sotvoldimizni, hech boʻlmasa, ikki-uch kun yotqizib, biz bilan xayr-xoʻshlashgandan keyin joni olinsa boʻlmasmidi? Uyqusida ham oladimi jonni?

– Sen bilan men bilib oʻtiribmizmi, balki bu Xudoning sinovidir?

– Ol-a! Sinaydigan boʻlsa, faqat Sotvoldini sinaydimi? Baribir, qoyil emasman.

Havo ochiq, begʻubor, osmon tabassum qilar, ammo bularning koʻngillarini qora bulut qoplab olgan edi. Choyxonachi shumshayib oʻtirgan ikki qariyaga dalda berish maqsadida hovliga chiqib, soʻriga yaqinlashdi-da, choynakni ushlab koʻrib, ularga savol nazari bilan qaradi:

– Ie, sovubdi-ku? Yangilayinmi?

– Kerakmas, hozir koʻngilga choy ham sigʻmay qoldi, – dedi Mirhosil qoʻl siltab.

– Koʻngilni keng qilovring, taqsir. Bir ashulalaring boʻlardi…

– Vey, ashula-pashulangni yigʻishtir, bor, samovaringga qara.

Choyxonachi ularga yaqinlashganiga pushaymon yeb, oʻgirildi:

– Samovarimga gap yoʻq. Xuddi oʻzlariga oʻxshab qaynab turibdi…

Mirhosil mingʻirlab aytilgan gapni yaxshi anglamay, oshnasiga qaradi:

– Bir nima dedimi? Dimogʻiga qurt tushadigan sortidan ekanmi, a?

– Ke, qoʻy, oʻzicha bir nima deb mingʻirladi.

– Turgʻun, beriroq kel, senga bir gapni aytib qoʻyay: qoʻqqis men ham uyqumda joʻnavorsam, sen bilib ol, meni Sotvoldining yoniga qoʻydirasan. Men unga koʻp ogʻir hazillar qilganman. Bechora kulib turaverardi. Endi oʻzim armondaman.

– Gaping toʻgʻri. Baʼzan quyushqondan chiqib ketarding. Bir marta askiyaning orasida erkakligiga pisanda qiluvding. Yomon boʻlgandi oʻshanda. Bolaga tilanib-tilanib yurgan vaqtlari edi. Boshini egibla qolganidi. Boshqa odam boʻlganida kallangni shartta uzibla tashlagan boʻlardi. U bechora indamagan.

– Esimda… Shuning uchun ham oʻgʻil koʻrganida suyunchiga gilam berganman-ku?

– Gap bilan jonini sugʻurib olgan eding, dilning yarasiga gilaming malham boʻlarmidi?

– Armonim ham shu-da. Uch-toʻrt kun kasal boʻlib yotganida ham rozilik soʻrab qolardim. Turgʻun, Sotvoldi bilan oshnachiligimiz qattiq edi, rozi boʻlib ketgandir, a?

– Buni Xudo biladi.

– Endi armon yeydi meni. Manov yerim kuyadigan boʻlib qoldi, – Mirhosil shunday deb koʻkragiga yengil mushtladi. – Agar yoniga qoʻydirmasang, u yoqda ham tinchimayman, oshna.

Uch-toʻrt daqiqa oldin bir-birini kinoya nayzalariga ilib otayotgan ikki oshna endi armon kemasida dardkash boʻlib oʻtirganida hamshiraning bilagidan ushlab kelayotgan Obid koʻrindi. Yigʻlamsirayotgan hamshira xuddi bogʻcha qizalogʻiday unga tobelik bilan boʻysunib kelardi. Obid soʻriga yaqinlashib toʻxtagach, qizni oldinga oʻtkazib, qariyalarga roʻpara qildi:

– Qani, oʻzing ayt bularga. Mir Mirovich, koʻngling toʻgʻri sezibdi. Qara-ya, Poʻlat oʻlmagan ekan, tirik ekan!

– Ha, shunaqa! Bittang oʻldi, deding. Yana bittang tili qotmasin, deding, he paytavafahmlar! Nima, qizcha adashibdimi?

– Adashsa ham goʻrga edi. Ayt oʻzing endi!

Qariyalar orasiga tushib dovdirab qolgan hamshira baralla yigʻlab yubormaslik uchun pastki labini tishlab, moʻltillaganicha turaverdi. Keyin kimdandir najot istab atrofga alanglab oldi. Shoshilib kelayotgan doktorni koʻrib, koʻzlarida umid uchqunlari charaqladi. Soʻriga yaqinlashgan doktor qariyalarga salom berib koʻrishgach, Obidga yuzlandi:

– Togʻa, qoʻying, qiynamang qizimizni. U adashmagan. Bemorning yuragi chindan ham toʻxtagan edi.

– Nega toʻxtaydi, sen oʻzing kimsan? – dedi Turgʻun unga qovoq uyub qarab.

– Men davolovchi vrachman. Tohirovning yuraklari…

– Sen bola gapni chaynama, ayt: oshnam tirikmi? – dedi Mirhosil uning gapini uzib.

– Xudoga shukur, tiriklar.

Bu gap jonlariga halovat berdi. Koʻngillari eshigidan moʻjiza moʻralab, tabassum qildi, dillarini shod-masʼud etdi.

– Ha, bu gaping erkakchasiga boʻldi. Poʻlat oʻladigan bolamas-da, oʻzi, – dedi Mirhosil. – Kecha oqshom billalashib choy ichganmiz. Oʻladigan boʻlsa ham menga aytib ketardi. Biz u bilan bilasanmi, Berlinga dovur billa borganmiz.

Doʻstining hayotligidan koʻngli xotirjam boʻlgan Obid hazilning oʻrni kelganidan foydalandi:

– Nemiska xotinlar bilan toza ulfatchilik qilishgan bu togʻalaring, – dedi Obid.

– Hoy! – Turgʻun “tilingni tiy” degan maʼnoda hamshirani imlab koʻrsatdi: – Uyat-a…

– Bir hazil kelib qoldi-da, hazil bu.

– Haziling qursin sening. Qoʻyvor qizimni, yuragini chiqarib yuboray debsan-ku? – Mirhosil oshnasiga quruq poʻpisa qilib, keyin hamshiraga qaradi: – Qizim, sen bunaqa sovuq gaplardan ehtiyot boʻlgin, xoʻpmi? Yaxshi gap boʻlsa, darrov suyunchi ol. Yomonini ichingga yutovur. Siqilib ketsang ham yutovur.

Obidning qoʻlidan boʻshagan qiz “xoʻp boʻladi” deganday bosh irgʻab qoʻyib, tez-tez yurganicha bulardan uzoqlashdi. Ichkaridan chiqib kelgan choyxonachi uning izidan qarab turdi-da, soʻng doktorga yaqinlashib, soʻrashdi:

– Doʻxtirjon, ish tugadimi deyman?

– Ha, endi boraylik.

Bu gapni eshitib oshnalar bir-birlariga savol nazari bilan qarab olishdi.

– Qayoqqa borasan? – deb soʻradi Mirhosil ajablanib.

– Uyga-da. Ish vaqtimiz tugadi.

– Doʻxtirmisan oʻzing? Mening oshnam sening kasalingmi? – dedi Mirhosil unga norozi nigohini qadab.

– Ha.

– Butunlay tuzaldimi?

– Yoʻq hali.

Doktor bu savollardan maqsad nima ekanini anglamay, jim turgan ikki qariyaga qarab oldi. Mirhosil esa savollar hujumini davom ettirdi:

– Tuzalmagan boʻlsa, uni tashlab qayoqqa borasan?

– Qaraydigan navbatchi vrach bor.

– E, yoʻq, doʻxtirvoy, sen tudavoy-sudavoy gaplaringni yigʻishtir, navbatchi-pavbatchi deganingni men bilmayman. Qani, darrov izingga qayt-chi! Oshnam tuzalmagunicha bir qadam nari-beri siljimaysan. Menam siljimayman, bularam siljishmaydi. Oshnamni tuzatib berasan, keyin billalashib ketamiz.

Bu talab doktorga gʻalati tuyulib, “oshnalaringizni insofga chaqirib qoʻysangiz-chi”, degan maʼnoda najot koʻzi bilan qaradi. Turgʻunga ham, Obidga ham doʻstlarining talabi maʼqul kelayotgan edi. Bulardan yordam kutishdan umidini uzgan doktor oʻzini himoya qilishga oʻtdi:

– Togʻa, nima deyapsiz, bir kunda boʻladigan ish emas bu.

– Bir kun boʻlmasa, ikki kundir. Urushda qurshovga tushib qolganimda toʻqqiz kun bagʻrimni qorga berib kutganman. Bilib qoʻy bola, kerak boʻlsa bir yil oʻtiramiz. Bizning boshqa qiladigan ishimiz yoʻq. Poʻlatning kimligini bilasanmi? Bilmaysan. U bizning joʻraboshimiz! Yaxshilikcha qaytovur joyingga, ha!

– Uka, qaytovring, – dedi Turgʻun muloyimlik bilan. – Bunga yoʻq desangiz, balolarga qolasiz. Gitlerni ham shuning yolgʻiz oʻzi borib iniga tiqib kelgan. Buning kimligini bilmaysiz.

– Boshqalar bilmasa ham men bilaman, – dedi doktor kulimsirab.

– Kimning oʻgʻlisan? Meni qaydan bilasan?

– Oʻtgan yili shahardagi shifoxonada yotuvdingiz-ku?

– Yotgan boʻlsam nima?

– Bir hafta davolanib keyin yotgan karavotingizni olib ketganingizdan xabarim bor.

– Olib ketganman. Toʻgʻri qilganman. Oʻgʻlim kelib “otamni kasalxonalaringga yotqizaman”, desa sheriklaring “joy yoʻq” deyishdimi? Keyin oʻgʻlim pul berib joylashtirdimi meni? Pul bergani shu joyni sotib olgani boʻladimi? Bilmasang, bilib ol! Men sotib olgan narsani tashlab ketadigan ahmaq emasman. Turgʻun, esingdami, oʻsha yerda bir hafta yotibman-a! Hali unaqa kasal topishadi, hali bunaqasini topishadi. E, oʻlikda ham bunaqa koʻp kasal boʻlmaydi. Oʻgʻlimga: “juvob tegdi, moshin olib kel”, dedim. Karavotni orttirdimu joʻnavordim. Oma bular orqamdan yigʻlab borishdi. Karavotlari ispiskada turarkan.

– Ha, bu hazilingiz ancha gap-soʻz boʻlgan edi.

– Hazil dedingmi? – Mirhosil qoshlarini chimirib bosh chayqadi. – Senlarga hazil boʻlib tuyuldimi? Balki sen chalaroq eshitgandirsan. Bir boshdan aytib berayinmi?

– Qoʻysang-chi, eski paxtalarni titib nima qilasan? Boshingdan oʻtgani bu doʻxtir bolamizga tegishli emas.

– Sen tek tur. Oʻsha ishimni hamma doʻxtir bilib, shunga qarab toʻn bichishi kerak. Doʻxtir bolam, menga yaxshilab qara-chi, kasalim borga oʻxshaydimi?

Doktor “Maqsadingizga tushunmadim”, deganday yelka qisib qoʻydi. Mirhosil bunga qanoat qilmadi, unga “siz soppa-sogʻsiz” degan aniq gap kerak edi, shu bois savolini takrorladi-da, bu safar xohlagan javobini olgach, mamnun ravishda davom etdi:

– Ha, men oʻshanda ham soppa-sogʻ edim, hozir ham otdekman! Shu yoshga kirgunimga qadar doʻxtir deganiga ishim tushmagan. Shu qish ikki marta aksirgan edim, katta oʻgʻlim tushmagurning mehri joʻshib: “Ota, siz ham boshqalarga oʻxshab yoti-ib bir davolaning”, dedi. “Kasalxonaga yotmasam odam qatoridan chiqaman shekilli, bolalarim yana “otasini kasalxonaga yotqiza olmayapti ekan”, degan malomatga qolishmasin”, deb, koʻna qoluvdim. “Yoʻllanma degan matohni olishdagi sarsongarchilikni bilibmanmi? Boz, sen bilasanmi, sarsongarchilik nimaligini?

– Sendan boshqa hamma biladi. Sarsongarchilik – chiqim qilish degani. Chiqimsiz mushuk ham oftobga chiqmaydigan boʻlib qolganini bilmaydigan odam uyida turshak shimib, naʼmatakning qaynatmasini ichib oʻtiravergani durust-da.

– Naq topib aytding. Lekin kattam oʻjar-da, oʻsha chiqimdan qochmay olib keldi yoʻllanmasini. Men ham odam qatoriga qoʻshilib, kasalxonasiga yotdim. Doʻxturlar birin-sirin kirib, hurmatimni joyiga qoʻyib: “Nima kasalingiz bor?” – deb soʻrashdi. Men nodon “nima kasalim borligini oʻzing topmaysanmi?” – deb oʻtirmay, “kampirimni sogʻinishdan boshqa kasalim yoʻq”, – debman. Shu-shu doʻxtir zoti menga yoʻlamay qoʻydi. Menam “Bu doʻxtirlarda kampirni sogʻinish kasaliga dori yoʻq ekan-da?” – deb yotaverdim. Keyin ziyraklik bilan kuzatib qarasam-ki, doʻxtirlar kirib, quyuq salom berishganda, men laqmalik qilib, quruq alik olgan ekanman. Bilsam-ki, tuzalishni istagan kasal doʻxtirning salomiga boshqacha alik olishi zarur ekan. Astoydil duo qilish, yurakdan chiqarib rahmat aytish hisobga oʻtmas ekan. Rahmat deganlari choʻntakdan chiqishi shart ekan.

– Mir, qoʻy endi juda-a oshirvording, ukamizni hijolat qilma, – dedi Turgʻun uni asta turtib.

– Sen aralashmay tur. Men koʻrganimni aytaman. Bu doʻxtir ukam u yerda yoʻq edi. Demak, gunohi ham yoʻq. Aslida, doʻxtirlarga daʼvoim ham yoʻq. Ularning bilgani bilgan. Agar bozorga borib: “Mirhosil togʻamiz menga bir tonna rahmat aytdilar, deyishsa, birov bir misqol goʻsht berarmidi?” Men anqov ham, ziqna ham emasman. Aqlim kirganidan keyin rahmatni choʻntakdan chiqarib, aytuvdim, dorining xilma-xilini yozib berishdi-yu, oma “bunaqa dori kasalxonamizda yoʻq, oʻgʻlingizga ayting, topib kelsin”, deyishdi. Baraka topgurlar, kasalxonaning shunday biqinida dorixona ochib qoʻyishgan ekan, oʻgʻlim qidirib, sarson boʻlmadi.

– Aytganing esimda, – dedi Obid. – Dorining narxi goʻrkovning narxi bilan bir xil ekan. Oma dorining em boʻlishiga ishonch yoʻq, goʻrkovniki ishonchliroq, suvabla tashlaydi.

– Xuddi shunaqa! – dedi Mirhosil koʻrsatgich barmogʻini koʻtarib. – Yana baraka topishsin, ilgarilari kasalxonaga yotgan odamni yigirma toʻrt kun davolashardi. Hozir ikki haftada mixday qilib yuborishyapti. Shunisi ham durust. Yigirma toʻrt kun yotgan odam rahmat aytaverib, oxiri oʻlimligiga asrab yurganini ham shu yerga tashlab ketarmidi… Xullas, ortimdan kattalari hay-haylab qolishdimi… Kasalxonangga yotqizishda oʻgʻlimga: “Bitta koyka falon soʻm”, degan ekansanlar. Oʻsha pulni toʻlaganman. Endi shu koykang meniki boʻladi”, dedim. Keyin hisob-kitobni boshladim: “Barmoqdan qon olishga hamshirangga shuncha rahmat puli, tomirdan qon olishga muncha, dumbaga igna sanchishiga yana buncha, klizma degan palakating bor ekan, unga ham shuncha, hojatxonangga koʻp toʻlamay deb ikki kunda bir kiradigan boʻlib qoldim… yaxshiyam kasalxonangda oʻlib bermadim, jagʻimni bogʻlashga pulim yetmasa, ogʻzimni lang ochib, chiqib ketaverardim. Yanayam baraka toplaring, kampirlarga bir qarab olish tekin ekan, koʻzlarim rosa mazza qildi”, devdim, ogʻzini ochganicha baqa boʻlib qoldi hammasi.

– Boplagansan. Bu doʻxtirlarning qoʻliga tushgan sogʻ odam ham tirik chiqmaydi, – dedi Obid oshnasini quvvatlab. – Oʻrdak balchiqni titganday titaverishadi ichingni. Tashqaridan kasal topisholmasa, ichingning avra-astarini agʻdarib tashlashadi. Burnogʻi yili qovugʻimdan kasal topishibdi. Nima emish – qovugʻimni teshib ichak ulab qoʻyisharmish. E, menga qaralaring, dedim, men yana toʻrtta xotinni gullatadigan yigitman, dedim.

Turgʻun qarasaki, oshnalari “oʻtlab” ketadigan. Shu bois jerkib berdi:

– Boʻldi, suyulmalaring. Achchiq ichakdek choʻzdilaring, oma. Doʻxtir bolam, siz bularning gaplariga qaramang, borovring.

Himoyachi topilib, oson qutilganidan quvongan doktor ketmoqchi edi, Mirhosil toʻxtatdi:

– Ha, qayoqqa? Izingga qayt, bola! Men bitta gapiradigan sortidanman. Joyingga qaytginu, oshnamni tuzatgin. Ha, orqa tomondan urib ketma, har soatda borib tekshiraman-a?

– Boraqol doʻxtirjon, – dedi Obid “ilojsizsan” degan maʼnoda koʻz qisib qoʻyib. – Gitler ham bu odamning gapini ikki qilganmas.

– Doʻxtir bolam, yo Toshkandan doʻxtir chaqirtiraylikmi? – dedi Turgʻun.

– Keragi yoʻq, oʻzi qarab, tuzatadi, – dedi Mirhosil bosh chayqab. – Toshkandagi doʻxtiring ham shu bola oʻqigan maktabda oʻqigan. Borovur, doʻxtir bola.

Doktor iziga qaytmoqchi boʻlganida Mirhosil uni toʻxtatdi:

– Toʻxta-chi, bola, menam sen bilan borib oshnamni bir koʻrib chiqay.

Bu iltimosdan keyin doktor qatʼiy ohangga oʻtdi:

– Mumkin emas.

– Nimaga mumkin emas?

– Reanimatsiya boʻlimiga hech kim kiritilmaydi.

– Xoʻp, kirmasam kirmadim. Sen eshikni qiyalab ochib turasan. Men sekingina moʻralayman. Oshnam bilan koʻz-koʻzga tushsa, tezroq tuzaladi. “Mehr – koʻzda” degan gapni eshitganmisan?

– Mumkin boʻlmagan ishni mendan soʻramang. Shu yerda ekaningizni joʻraboshingizga aytib qoʻyaman. Koʻngillari koʻtariladi. Hozir u kishini bezovta qilsangiz, oʻzlariga qiyin qilib qoʻyasiz.

– Meni koʻrsa, bezovta boʻlmaydi.

– Ke, qoʻy, doʻxtirga osilavermagin, – dedi Turgʻun oʻrtaga tushib. – Siz borovring, oʻgʻlim.

Doktor sal nari ketgach, Mirhosil Turgʻunga ola qaradi:

– Sen bir narsa deyishdan oldin gapingni choʻqqa qoʻyib dam-pam yedirib olgin. Hech zamonda dehqon odamga Toshkandan doʻxtir kelarkanmi? Idorada oʻtiradiganlardan boʻlganida hazilakamiga aksirib yuborsa ham Toshkandan oʻntasi uchib kelardi. U yoqning doʻxtirlari ariga oʻxshaydi, faqat shiraga yopishadi. Nima deding, Boz?

– Gapning toʻnini bichib qoʻya qolding. Sen gapirayotganingda men kampirimni quchoqlaganday yayrab ketaman, – Obid shunday deb oʻzining gapidan oʻzi yayrab kuldi.

– Doʻxtirlar bilan shunaqa avjda gaplashmasang boʻlmaydi. Sotvoldini ham shunaqa qattiq turib koʻrsatganimizda bekorga oʻlib ketmagan boʻlardi. Ogʻzimizga pashsha qoʻnib ketsa ham lallayib oʻtiradigan lapashang boʻpqopmiz.

– Endi oʻzingdan ketding, Choʻtir. Endi bu gaping shaltoq xotinning yirtiq lozimiga oʻxshab ketdi, – dedi Obid norozi qiyofada bosh chayqab. – Sotvoldiga doʻxtir emas, Sotvolodiga xotin kerak edi. Necha marta aytdim, uylantirib qoʻyayin, deb. Erkakning xotini oʻldimi, janozasini oʻqib, koʻmib qaytayotganida yoʻl-yoʻlakay uylanib kelishi kerak. Erkak bir nafas ham xotinsiz yashamasin.

– Sotvoldini sarqitingga uylantirmoqchimiding? – dedi Turgʻun uni jerkib.

– Risolni aytyapsanmi? Nega sarqit boʻlarkan?

– Yettinchimi sakkizinchimi xotin sarqit boʻlmay nima boʻlardi?

– Sanoqdan adashma, Buqoq, Risol beshinchisi edi. Oma “sarqit” deya koʻrma! Xotinlarimning ichida jononi shu edi. Xudoning qudratini qara-ya, tishim ogʻriganida bitta oʻpsa, ogʻriq taqqa toʻxtardi. Oʻpishi shunaqa shifobaxsh edi. Kayfda uch taloq qilib qoʻyganman. Boʻlmasa, shunaqa xotinni qoʻyib boʻlarkanmi?

– Vey, sal pastroq tush. Bunaqa ertaklarni mishiqi bolalarga aytsang, ishonishadi, – dedi Mirhosil ensasi qotib. – Sen erkak boʻlib bironta xotiningni oʻzingcha taloq qilmagansan. Hammasi seni tashlab ketgan. Ogʻzingdan chiqadigʻon nosning sassigʻiga it ham chidamaydi.

Bu gapdan malollangan Obid unga javob berish oʻrniga yovqarash qilib, belbogʻidan nosqovoq chiqardi-da, namoyishkorona chekdi. Keyin kaftini shimiga artib, koʻkragini kerib qoʻydi:

– Nosdi erkakning xoʻr-rozi chekadi, gapning ham shaltagʻini chiqarib yubording. Erkakning xoʻr-rozi xotinga toʻymaydi. Senlaram yuribsanlar-da, erkakman deb!

– Koʻp xotin olganingni bilmagan odam seni erkak ham demaydi, – deb piching qildi Mirhosil.

– Sening koʻzlaring yomon, Boz, – dedi Turgʻun oshnasini quvvatlab. – Koʻchada seni koʻrgan kampirlar hurkadigan boʻp qolishibdi. Tunovinda xaptobusda qaynsinglimga tikilib, yeb tashlay debsan.

– Senam gapning shiltalarini chiqarvorasan-da! Qaynsinglingning yoshi nechada? Toʻqsondan oshdimi?

– Vintlaring ancha boʻshab qoptimi, Boz? Qaynsingil hech zamonda pochchadan katta boʻladimi? Xotinim yetmish ikkiga kirdi. Singlisi yetmishga bormagandir.

– Ha, ana! Oltmish toʻqqiz yarim boʻla qolsin. Akang qaragʻay oltmish birga kirganiga ham koʻnmaydi, bilib qoʻy. Yetmish ikkiga kirgan bitta kampiriga tikilib oʻtiradigan lapashanglar boshqa.

– Ha, qoyilman, erkak degani shunaqa boʻlsa-da! Agar haqiqiy “Boz” boʻlsang, endi oʻn sakkizga kirganiga uylan. Oʻladigan dunyoda bir yayrab ol. Yosh xotinning qoʻlida oʻladigan boʻlsang ham mazza qilib oʻlasan.

– Olsa ham onasi oʻlib ketgan qizni olsin. Sotvoldiga oʻrgatgan gapi esingdami?

– Oʻrgatgan boʻlsam, gapning naq oʻgʻil bolasini oʻrgatganman. Avval boshi oʻzi yigʻlab qolgan menga. Qaynonasida gramm aql boʻlmasa nima qilsin? Aqlli qaynona qizinikiga kelib besh kun ham yotib oladimi? Sotvoldi hali yetmishdan oshmagandi oʻshanda. Yubiley qiluvdik-ku, eslaringdami? Xotini ham ahmaq-da, onam kelib qolibdi, deb onasi bilan yotovribdi-da. Aqli boʻlsa, er turganida onasi bilan birga yotami? Menga-ku, baribir, bittasi onasi bilan yotsa, bittasi oʻzimga qoladi. Sotvoldiga qiyin-da, shuning uchun yigʻlab berdi. Gapning xoʻr-rozini oʻrgatdim: “Yolgʻiz yotib oʻlibla qolsam, jagʻim ochilib qolsa – isnod sizga tegadi”, degan ekan, kampirsho darrovla xayr-maʼzurni nasiya qilib joʻnavoribdi.

– Peshonasida, baribir, yolgʻiz oʻlish bor ekan. Jagʻini arang joyiga keltirdim.

– Ha, oshnamga javr boʻldi… – Mirhosil shunday deb alam bilan xoʻrsindi.

Unga javoban Obid oʻzining ham armonda ekanini bildirish uchun uf tortdi:

– Bittagina xotinga qanoat qilib nima koʻrdi bu dunyoda?

Turgʻun Obidni bir jerkib tinchitib qoʻymoqchi edi, choyxona hovlisiga kirib kelayotgan Rixsiga koʻzi tushib, gapi ogʻzida qoldi.

– Ie, Rixsi, shu yerdamiding? – dedi uni qarshilab.

Rixsi ularga tik qaramay soʻrashdi-da, siniq ovozda javob berdi:

– Ha, ichkariga qoʻyishuvdi, yonlarida edim, – Rixsi tikilgan koʻzlarga qarashdan oʻngʻaysizlanib, boshini egdi.

– Ancha tuzukmi endi? – deb soʻradi Mirhosil.

– Ha, oʻzlariga keldilar.

Bu javobdan soʻng qaygʻuning iztirobli sharpasi ariganday boʻlib, yuraklar xotirjam ura boshlashi kerak edi. Lekin oʻngʻaysizlangan Rixsining koʻzini yerga qadaganicha javob berishini ular boshqacha tushunib, xavotirlari oshdi: umid sarobini xanda emas, yasama iljayishga band labdan axtarsinlarmi?

– Gapiryaptimi? – dedi Obid hovliqib.

– Sal qiynalyaptilar-u, gaplariga tushunsa boʻladi, – Rixsi shunday deb oʻzini zoʻrlab jilmaydi.

Rixsining lip etgan tabassumi ishonchli halovatni bayon qila olmadi. Aksincha, koʻzidan oqqan bir tomchi yosh umidning darz keta boshlanganidan darak edi. Turgʻun ham, Mirhosil ham buni sezsa-da, umid kemasida mahkam turishga intilib, yuraklaridagi xavotirni oshkor etmadilar. Qani edi, umid hayot ummonini labiga qadar limmo-lim toʻldira olsa?

– Xudoga shukur, gapirgan boʻlsa – tuzalibdi-da, – dedi Turgʻun xotirjamroq ohangda.

– Tuzalmaganiga qoʻyamizmi! – Mirhosil bemorni bittagina gapi bilan oyoqqa turgʻizib qoʻygan mard odam ohangida gapirib, koʻkragini koʻtardi. Boshqa payt boʻlganda bu oliftagarchiligi uchun Turgʻundan bir chimdim qalampirli gap eshitardi. Mavridi boʻlmagani uchun Turgʻun oshnasiga qiya qarab oldi-yu, yana Rixsiga yuzlandi:

– Oʻzi nima boʻldi? Kecha tuppa-tuzuk edi-ku?

– Bilmasam, sajdaga bosh qoʻydilaru yonlariga shundaygina yiqildilar. Vahimaga oʻralashib qoldim. Ketib qoldilarmi, deb qoʻrqdim.

– Qayoqqa ketadi? Indamay joʻnavoradigan bolamas u, – dedi Obid ayolga dalda berish maqsadida. – Rixsi, sen xafa boʻlmagin-u, oshnam shu yerdan chiqqanidan keyin suyunchisiga bitta xotin olib beraman. Uzoq yashashning sirini bilish kerak-da! Mening bobom bir yuz yigirma uchga kirganlar. Oʻn sakkizta xotin olganlar. Mening otam oʻn birinchi xotindan. Otam tugʻilganlarida bobom sakson uchda boʻlganlar. Bitta xotin bilan oʻtayotgan manovlarning toʻqsonga borishlariga koʻzim yetmaydi. Sen, xoʻp, deyavur, eringni bir yuz ellikka kiritib bermasam – betimga tupurasan.

– Toʻxta, shu yerda otdan tush, – Turgʻun jerkishi kamlik qilib, Obidning yengidan ushlab tortdi-da, yana Rixsiga qarab davom etdi: – Oshnamning bunaqa kasali yoʻq edi-ku, qoʻni-qoʻshnilar u-bu deb achchigʻini chiqarishdimi? Yonlaringda suv talashadigan xumpar bor edi, oʻsha yana gʻalva qildimi?

– Yoʻq, u tinch edi. Oʻrtogʻingizga gazitdagi gap yoqmadi, shekilli?

– Qanaqa gazit?

– Oʻqimadilaringmi?

– Gazit oʻqimay qoʻyganimga ancha boʻlgan.

– Kecha oqshom pochtachi gazit tashlab ketuvdi. Oʻqidilaru gʻijimlab qoʻydilar. Bir soʻkindilar. Keyin samovorxonaga chiqib ketdilar. Gazitni qarasam, “Bobomning qotili kim?” degan gap yozilgan ekan. Siz bilasiz, kaltaariqlik Sobit alkash degani boʻlardi, – Rixsi shunday deb Mirhosilga qarab oldi. – Sizlarga ozgina jamoatligi boridi, shekilli? Ashining shaharda turadigan oʻgʻli yozibdi.

Mirhosilga bu gap taʼna kabi tuyulib, xuddi oʻzi aybdorday tomoq qirib qoʻydi. Bundan foydalangan Obid gapga qoʻshildi:

– E, boʻldi, taniyman uni. Burnining tagiga soch qoʻygan pakanagina qoʻngʻiz bashara bolami? Turqi xaladiynadan ham sovuqroq bir bola edi.

– Nima deb yozibdi? – Mirhosil endi toʻng ovozda soʻradi.

– Qirqinchi yilda bobosi qamalib, keyin Sibirda oʻlib ketgan ekan. Millatparvar kishi boʻlgan ekan. Oʻrtogʻingiz… “quloq” qildirgan ekanlar?

– Voy, xunasa! Shunaqa deb yozibdimi? – Mirhosil gʻazab bilan soʻkingisi keldi-yu, ayolning oldida oʻzini tutishga majbur boʻldi. Turgʻun esa ajablanib dedi: – Qirqinchi yilda”quloq” degan narsa yoʻgʻidi-ku?

– Nimaga hayron boʻlasan? – dedi Obid. – Yozgan bola Sobit alkashning oʻgʻlimi? Sobit alkashdan esli bola tugʻilami hech zamonda?

– Sobit alkashning otasi… oti nima edi?

– Urayim oʻgʻri.

– Ha, oʻsha. Savdoda ishlab, doʻkonni kalamushday kemirib tashlagani uchun qamaluvdi. Oma, toʻgʻri, Poʻlat uni bir doʻpposlovdi. Men ajratib olmaganimda oʻldiribla qoʻyardi oʻshanda, – Turgʻun Mirhosilga qarab izoh berdi: – Sen armiyada eding. Enam qaytish qilganda kafanlikka bergan surpdan salkam bir metrini urib qopti-da. Poʻlat bilib qolib tozza changini chiqazvordi.

– U xunasaning bobosi millatparvar emas, pulparvar edi. Pul beraman desa, xotinini birovga qoʻshib qoʻyishdan ham toymaydigan sortidan edi. Ha esizgina-ya! Sobit alkash tirik boʻlganida, shu yozadigan oʻgʻlini oʻzining koʻzi oldida kim oshdi savdosiga qoʻyib yuborardim. Keyin yurardi, mayda qadam boʻli-ib.

– Ha, mayli, boʻlar ish boʻpti. Oshnam tuzalaversin-chi. Oʻsha bolani Toshkandan olib kelib qoʻllarini chopmasam yurgan ekanman, – Mirhosil “aytganim shunchaki bir gap emas, qasam!” degan maʼnoda jagʻini kafti bilan silab qoʻydi.

Bu onda tashqarida ot pishqirib, hammalari oʻsha tomon qarashdi. Ot aravadan tushgan Mamasoli choyxona tomon qaramay, shifoxonaga oʻtib ketmoqchi edi, Obid hay-haylab chaqirdi-da:

– Ha, soʻfi, murid ovlab yuruvdingmi? Buncha hovliqib qolding? – deb peshvoz chiqdi.

– Oshna, xabarni eshitib, shoshib kelovurdik, yugurdakni joʻnatuvdim, yaxshi uyda ekansan, – dedi Turgʻun uzr ohangida. Mamasoli oshnalari bilan tezgina soʻrashib, Rixsiga xavotir bilan yuzlandi:

– Tinchlikmi?

Ayol asta bosh irgʻab qoʻyish bilan cheklandi, Mamasoli bundan qoniqmay, ayolga qarash nojoiz ekanini unutib, besamar tikildi. Koinotning muqaddas sirini bilib olish ilojsiz boʻlganidek, qaygʻu pardasi ortidagi qorachiqlarda qalbning lovullagan yashirin olovi alangasini koʻrish mumkin emasdi. Rixsi uning tikilishidan oʻngʻaysizlanib, “oʻzingiz ayta qoling”, deganday Mirhosilga najot nigohi bilan qarab oldi. Mirhosil javobni hayallatmadi:

– Tinchlik. Poʻlatning sal tobi qochibdi.

– Xudo shifosini bersin.

Bu yerda uzoq turib qolishdan xijolat boʻlgan Rixsi Turgʻunga qarab oldi-da: “Men bora qolay”, deb izn soʻradi.

– Ha, sen yonidan jilma. Doʻxtir bolaga ham tayinlab qoʻydik. Yaxshi qaramaydigan boʻlsa, darrov bizga chiqib ayt. Biz bu yerdan jilmaymiz.

– Voy, sizlar borovringlar, ancha tuzuklar.

– Biz bilan ishing boʻlmasin, – dedi Mirhosil buyruq ohangida. – Biz bir yayilishib oʻtiramiz. Oshnam bir kasal boʻlganda oʻtirsak oʻtirishibmiz-da. Sen boravur.

Choynak koʻtarib chiqqan choyxonachi Rixsini savol nazari bilan kuzatganicha soʻriga yaqinlashdi.

– Taqsir, choyni yangilayinmi?

– Ha, endi ichsak boʻladi, – Mirhosil shunday deb joyiga chiqib oʻtirdi. Uning muloyimlashib qolganidan koʻngli xotirjamlashgan choyxonachi choyni qaytara turib, unga jilmayib qaradi:

– Taqsir, hali gap sal chala qovdi, toʻyda aytadigan bitta ashulangiz boʻlardi. Toʻyxona qiyqiriq boʻlib ketardi:

Togʻda quyon otibman – iyagi yoʻq,

Jonon koʻylak kiyibdi – jiyagi yoʻq.

Jiyagi yoʻq joylaridan qoʻlim solsam –

Bilqillaydi qoʻsh anori – suyagi yoʻq. Do-ode, suyagi yoʻq…

– Suyulma, men bunaqangi ashula aytmaganman, – dedi Mirhosil mugʻambirlik bilan qovoq uyub. – Aytgan boʻlsa, manov togʻang aytgandir. Bunaqa suyuq narsa shundan chiqadi.

– Eshityapsanmi? – dedi Turgʻun Obidni yengil turtib. – Sen aytgin, suyuq gaplar kimdan chiqardi?

– E, shuning gapiga parvo qilib oʻtiribsanmi? Buning gapi nima-yu, loʻli xotinning yamoq lozimi nima! – Obid shunday deb qoʻl siltab qoʻydi-da, choyxonachiga yuzlandi. – Menga qara, erkakning xoʻr-rozi, bir yigʻilishib qolibmiz, sen oʻchoqqa darrov oʻt qala. Men oʻzim erkaklar yeydigan palovxontoʻrani damlay. Togʻalaring kampirlarini bi-ir xursand qilishsin.

– Oʻtni-ku, yoqvoraman. Oma goʻsht-yogʻ yoʻq-da?

– Nega yoʻq boʻladi? Samovorxonami bu yo xotinlarning hammomimi?

– Endi… kuzda odam siyrak… qoʻy soʻysak…

– Boʻpti, sen qozon osovur. Anavi shaytonarava senikimi? – Obid ayvon ustiniga suyab qoʻyilgan velosipedga ishora qildi-da, soʻng Mamasoliga qaradi: – Oʻzim guzarga chiqib kelaman. Soʻfi, Choʻtirni duo qilib bir osh yeylik a?

– Sen nega meni duoga roʻpara qilyapsan? Erkak boʻladigan boʻlsang, chiqimini oʻzing koʻtar. Boʻlmasa, toʻkma qilovur.

– Agar mening oʻgʻlim soliqda ishlaydigan boʻlsa, kuniga besh mahal osh damlab berarman.

– Oʻgʻlimni oʻrtaga solma, uning qozoni boʻlak. Ana, soʻfining boʻyniga il. Xudoyilarda oladigan tugunlarining uchiga tugilgan pullari sasib qolmasin.

– Soʻfiga osilma, hozir senga oʻxshagan nokaslar pul tugmay qoʻyishgan, – dedi Turgʻun.

– Shunaqami, Boz? – Mirhosil shunday deb qoshlarini uchirib, Turgʻunga imlab qoʻydi: – Birovlarning oʻgʻli korrupsiyada ishlaydi shekilli, a?

– Oma bu gaping kampirning lunjidagi novvotday shirin boʻldi. Hozirgi osh sendan, nonushtalik bundan.

Bu gapni eshitib Mamasoli ajablandi:

– Ie, yotib qolmoqchimisanlar hali?

– Oshnamizning kasali sal jiddiyroqqa oʻxshaydi. Oʻtirmasak boʻlmaydi, – dedi Turgʻun. – Harna dalda.

– “Ulfati chor – anda maza bor”. Men ketdim. Uylaringga odam joʻnatib ayttirib qoʻyaman. Bugun kampirlaringga dam. “Ertamatan beldi baquvvat qilib kelishadi”, deyman. Soʻfi, Choʻtirning sazasi oʻlmasin, sen ham savobdan quruq qolma, choʻntakdi bir qoq.

– Nega?

– Ol, olaver, sening puling qoʻshilmasa, tomoqdan ovqat oʻtmaydi.

Mamasoli choʻntagidan pul chiqarib, sanay boshlashi bilan. Obid shumlik qilib hammasini tortib oldi.

– Sanayvurma, pulning barakasi uchadi. Sening pullaring tabarruk, bunga “obizamzam” olamiz. Buqoq, oqidan boʻlsinmi yo qizilidanmi?

Bu gapni eshitgan Mamasoli gʻashlanib, pulini qaytarib olish uchun qoʻlini choʻzdi.

– Pulni ol, harom qilma.

– Joyingga oʻtir. Sening pulingga ichilsa, harom boʻlmaydi, – dedi Mirhosil uni etagidan tortib. – “Harom, harom”, deysan, biz shu araqdi kuchi bilan poshistti iniga joylab kelganmiz.

– Foshistni qanaqasiga iniga kirgʻizganingni bilmayman, men boshqa frontda edim. Lekin ichvolib doʻppilaringga qusib yurganlaringni bilaman. Buqoq, senikidamidi? Koʻzlari gʻilay boʻlvolib, xotinini tanimay, a? Oʻzining xotiniga gap otib, “shu xotin menga yoqib qoldi, olib berasanlar”, deb yigʻlaganlari esingdami?

– Oʻzining uyida mast boʻlvolib “etimman” deb yigʻlaganlari ham bor. Biz ketamiz, desak, “uyimga olib borib qoʻylaring”, deb yalinganlari ham bor. Oma ichvolib oʻpovrarding-a. Odamdi betini yalovrib shilibla tashlarding. It ham bunchalik yalamas.

– Gapning rosa xoʻr-rozini aytding. Bu koʻproq Soʻfini yalardi. Bu taʼviyani Sotvoldi bechora opichib oborib qoʻyardi uyiga.

– Mayli, boʻldi, otam zamonidan qolgan gaplarni kavlamalaring.

– Ie, kavlashni boshlab qoʻyib, bizga aql oʻrgatyaptimi? – dedi Obid Turgʻunga qarab.

– Yoshlikda ichgani uchun tavba qilsa, Xudo kechirvoradi, lekin endigisi… uyat. Senlarni hozir ichishdan qaytarmasam, menam gunohga qolaman. Ichvolib, meni gʻiybat qilsalaring, gunohlarim senlarga oʻtadi.

– Soʻfi, sening gunohlaring ham bizlarga tabarruk. Qil koʻprikdan oʻtayotganimizda senikini roʻpara qilib oʻtovramiz. Oʻzimizniki zapasda turovradi. Oma bu pullaringga rozi boʻlgin.

– U dunyo bu dunyo rozimasman.

– Ma, ol, nokas! – Obid changalidagi pulni oʻrtaga tashladi. – Xotining uch marta ketib qolganida uch marta oʻrtaga tushgan men ahmoq. Qirq sakkizinchi yilda qaynotangni iydirib, koʻndiraman deb, ikki marta oʻzimning pulimga aroq sotib olganman. Menam oʻshanga rozimasman.

– Vey, tentak, pulini nega qaytarding, ol! – Turgʻun shunday deb pullarga qoʻl choʻzdi.

– Tegma, rozi boʻlmasa, olmayman. Buning bir narsasi bor. Stalin oʻlgan yili qalin qor yoqqandi. Senlar yoʻgʻidilaring. Sotvoldi ikkovimiz buni aldab Soji satangnikiga olib boruvdik. Ichmay tozza kuydirgani kamlik qilib, yarim kechada bizni tashlab ketvoribdi, nomard. Bir gap yoqmay, satang haydab chiqargani esimda. Uylarimizni topolmay, mahallani aylanaverib, oxiri tobutxonaga kirib yotibmiz-a! Oʻshanda sovuq nafas qilganda bu. Sotvoldi shuning uchun ketvordi. Boʻlmasa, oʻladigan bola emasdi. Xotin olishga koʻndiruvdim.

– Boʻldi qil, ming yillik gapni lagʻmondek choʻzaverasanmi. Pulni, olsang olaver, nima qilsang qil. Qiyomatda javobini oʻzing berasan.

Choyxonachi xuddi otni egarlab shaylaganday, velosipedni olib kelib, jingʻirogʻini chalib qoʻydi. Obid tashlagan pulini tezgina yigʻib olib, choʻntakka urdi.

– Samovorxonani tuzuk yurgʻizsang, shaytonarava minmay, moshinda kerilib yurarding, – dedi velosipedni yetaklab. – Amerikadagi choyxonachilar qanaqa moshinlarda yurishadi, bilasanmi?

– Bilmayman, taqsir.

– Shuning uchun ham kuning shu shaloq shaytonaravaga qolgan. Umring shu bilan oʻtadi, sen noshudning.

Choyxonachi: “Unday demang, taqsir, bizning kunimiz ham tugʻib qolar”, deganicha uni kuzatib qoʻydi.

Mirhosil piyolaga choy quyib Mamasoliga uzatdi:

– Pulingga achinma, soʻfi, pul qoʻlning kiri. Oʻzing ikki gapning birida: “boylikka mukkalaringdan ketmalaring”, deb nasihat qilasan-ku?

– Xudo meni kechirsin. Senlarga qoʻshilgan odamning oxirati kuyadi. Kuymaganiga qoʻymaysanlar, – Mirhosil piyolani oldi-yu, bir hoʻpladi.

– Kemaga tushganning joni bir, oshna, – dedi Mirhosil mugʻombirlik bilan koʻz qisib. Turgʻun esa gapni ilib ketdi:

– Sen bolani onang, aslida, insofsiz qilib tuqqan. Bolaligingda ham bizlarga xiyonat qilib turarding. Shoyusuf guvalaning bogʻi esingdami? Choʻtir, biz boqqa tushganimizda bu nima qilardi, a? Ishtonini hoʻl qilib, shumshayib oʻtirarmidi?

– Qoʻrqoq edi, bola paqir. Quyon ham bunga qaraganda yurakliroqdir.

– Bekor aytibsan. Qoʻrqmasdim, haromdan hazar qilardim.

– Ol-a, oʻshanda harom-halolning farqiga borarmiding?

– Ha, haromdan hazar qilardi. Shuning uchun biz olib chiqqan nashvatilarni berkitib yerdi.

– Turib-turib hayron qolaman: hammamizning bogʻlarimizda mevalar serob edi. Oma Guvalaning bogʻiga tushishga ishqiboz edik, a? – Mirhosil shunday deb joyida qimirlab oldi. – Boshqalarning bogʻiga qarab ham qoʻymasdik.

– Guvala rahmatli boshqalardan baxilroq edi. Bogʻini qattiq qoʻriqlar edi-da. Oʻylab koʻrgin, faqat shuning bogʻi paxsa devor bilan oʻralgandi. Kirganni tosh otib quvardi. Bizlarga mana shunisi qiziq edi-da. Boshqalar indashmasdi. Indamagan joyga kirib-chiqishning nima qizigʻi bor? Oma Guvala ham astoydil urishmasdi. Esingdami, Sotvoldi rahmatlini ushlab olgani. Tozza kaltak yeydi, desak, Guvala tushmagur Sotvoldining ishtonini yechib olib, oʻzini qoʻyvorib oʻtiribdi. Endi oʻylab qarasam, oʻsha paytda odamlarning nazarlari toʻq ekan. Nazari toʻq boʻlgani uchun ham qahatchilik yillarida qishloq qirilib ketmadi.

– Ha… shunday odamlar oʻtib ketishdi-ya… Soʻfi, shularni oʻylagin sen. U dunyoga borganingda bolaligingdagi qiliqlarni qilib yurmagin.

– Qanaqa qiliq?

– “Men namoz oʻqiganman”, deb panaga oʻtib olib, bizlarning doʻzaxga tushishimizni tomosha qilib oʻtirmagin, demoqchiman.

– Tomosha qilib boʻpti. Biz qayga kirsak, bu ham oʻsha yerga kiradi.

– Bu gaping toʻgʻri. Sen – qarib quyilmaganlarni insofga keltirolmaganim uchun ham qiyomatda javob beraman.

– Hay Soʻfijon, insof dedingizmi? Insofga kelmaydiganlar bizlarmi? – Mirhosil piching ohangida shunday deb qoshlarini chimirdi. – Xudoyi oshlarida uyning toʻrini bermaydigan Karim kazzobingning insofi borda, a? Agar sutga suv qoʻshadiganni insofli desang, mayli, bizlarni insofsiz deyaver. Oma bilib qoʻy: biz shu yoshga kirib, birovning bir tishlam noniga xiyonat qilmadik. Toʻgʻri, aroq ichdik, oma yetimning haqini yemadik. Birovlarni urgandirmiz, soʻkkandirmiz, oma yomonligi uchun qildik bu ishlarni. Namoz oʻqib turib haromdan hazar qilmaydigan Karim kazzobing agar jannatga kirsa, men kirmadim oʻsha jannatingga. Sen aytayotgan shu insofsiz oshnalarim bilan doʻzaxingda isinib oʻtirganim maʼqul. Senam, boravur, kazzobingni ketidan.

Yarim hazil, yarim chin ohangida aytilayotgan gaplarni eshitib, Mamasoli boshini egdi. Oshnalarining feʼli ham, tili ham unga maʼlum. Koʻp nojoiz qiliqlariga koʻnikib ham ketgan. Lekin oʻlim xabari darvozani qoqib turganida ham bunday gaplarni gapiraverishlariga chidashi qiyin boʻlib qolgan. Qayirib-qayirib tashlagan vaqtlari ham ularning feʼlida oʻzgarish boʻlmadi. “Bir togʻning oʻrnidan koʻchib ketganini eshitsangiz ishoningiz, ammo bir odamning xulqi boshqa boʻldi, deb eshitsangiz, inonmangiz”, deyilganda mening oshnalarimga oʻxshaganlar nazarda tutilibdimi ekan?” Shu fikr xayoliga urilgandayoq vujudi zirillab ketgan edi. Aytsa, ishonmasliklari mumkin, bomdoddan keyin “Yosin”ni oʻqigan paytda boʻyinlaridan to iyaklarigacha halqa-kishan solinganlar haqidagi oyatni tilga olganida yuragi bezovta boʻla boshlaydi… “ularning boshlari yuqori boʻlib gʻoʻdayib qolgan, yerga egilmaydilar… ularning oldilarida ham, orqalarida ham parda-toʻsiq yaratdik. Bas, ular hech narsani koʻrmaydilar…” Bu toifa qoʻrqitilsa ham, qoʻrqitilmasa ham, baribir – iymonga kelmaydi… Bu kalimaning oshnalariga ham taalluqli ekanini oʻylashning oʻziyoq uning jonini olganday boʻladi. Koʻp martalab ogohlantirayotgan boʻlsa-da, baribir, oʻzini aybdor hisoblaydi. U oʻzining emas, oshnalarining doʻzaxga tushishidan qoʻrqadi. Bir valiulloh Xudoga yolborib, “Agar gunohlarim koʻp boʻlsa-yu, doʻzaxga tushsam, Sendan birgina oʻtinchim bor, ey Tangrim, meni shunday bahaybat gavda bilan doʻzaxga tushirgin-ki, doʻzaxing mening vujudim bilan toʻlib, boshqalarga joy qolmasin”, degan ekan. Mirhosil ham shunday, agar shu ulfat uchun maʼlum bir joy ajratilgan boʻlsa, oʻsha joyni bir oʻzi egallashni, doʻstlarini doʻzax azobidan qutqarishni istardi…

Mirhosilning jimib qolganini “sukut rizolik alomati”, deb bilgan Turgʻun zaharli soʻzlarini davom ettirdi:

– Birov oʻlib, uyidan yigʻi chiqsa, kazzobing “bulbul sayrayaptimi?” deydigan sortidan. Otning oʻlimi – itning bayrami-da! Oʻlgan odamning xonadoni bularni bir yil boqadi. Men bolalarimga aytib qoʻydim: oʻlsam, bularga bir piyola choy ham qoʻymaysanlar, dedim. Menikida bulbul sayramasa sayramasin.

Bu gapdan keyin Mirhosil chidab turolmadi:

– Sal evi bilan-da! Kimning kuni xudoyiga qolibdi? Birovga “Xudoyi qil”, deyilmagan. Oʻzi qiladi, chaqiradi. Kirmasak, xafa boʻladi. Yesak bir choʻqim osh yeymiz. Duoyi fotiha qilamiz.

– Oʻsha fotihangni osh yemay qilsang oʻlasanmi? Nafslaring chatoq senlarning. Jannatga tushsalaring ham, hamma yoqni shipirib yeb tugatasanlar. Senlar bilan jannatga kirganlar ochidan oʻladi.

– Boʻldi-e, hamma yoqni bulgʻatvording-a!

– Sen jirillama, soʻfi. Kazzobingning sutga suv qoʻshgani yolgʻonmi? – Turgʻun savol berdi-yu, javobni kutmay, davom etdi: – Faqat “xabarim yoʻq”, dema. Buni butun qishloq biladi. Mirhosil, eshitgin-a, tunovinda Haydarnikiga xudoyiga kiruvdim.

– Qaysi Haydar?

– Haydar xoʻtikni aytyapman.

– “Haydar eshshak”, degin. Xoʻtikligi qolibdimi, yoshligida xoʻtik edi. Endi naq qari eshakning oʻzi. Bolasi toʻrt tanga topadigan boʻlganidan beri agʻanab, hamma yoqni bulgʻatadi. Odamlarning haqini tuya qilib haromdan topgan puliga Xudoni sherik qilishibdi-da.

– Ha, endi unisini qoʻyavur. Xullas, xudoyiga kirsam, toʻrni Kazzob egallagan. “Nafs unday. Nafs bunday” deb gunohlardan safsata soʻqib oʻtiribdi. Mening tilginam qursin, bir ilvoldim.

– Soʻkdingmi?

– Battar qildim. Dedimki, bir boyning choʻponi qoʻylarni sogʻib berarkan-u, xoʻjasi esa sutga suv qoʻshib pullarkan. Choʻpon uni insofga chaqirsa, qari koʻppakdek qopib berarkan. Bir kuni sel kelib qoʻylarni olib ketibdi. Ashinda choʻpon xoʻjayiniga “Siz sutga qoʻshgan suvlar toʻplanib kelib, selga aylandi-yu, qoʻylaringizni olib ketdi”, degan ekan. Shuni aytib, Kazzobga qarasam, basharasi qilcha oʻzgarmabdi daʼyusning.

– Shuni “oldim!” deb kerilyapsanmi? Sen devorga gapirganday boʻlibsan. Enasini bozorga solib soʻkmasang, gap taʼsir qilmaydi unga. Menga qara, soʻfi, oʻshani imom, deb etagidan tutib yurishga or qilmaysanmi?

– Sen oʻshanga qarab hammaga toʻn bichma. Qishloqning kichkinagina masjidiga yarasha chala ilmi bor. Xato-kamchiliklari shu ilmiga yarasha-da. Quloqqa azon aytish bilan janoza oʻqishga yarab turibdi-ku, shukur qilaver.

– Senam uncha-muncha oʻqigansan. Ilming bitta masjidga yetmaydimi, oʻzing imomlik qilavermaysanmi?

– Ey-y… gap deb gapiraverasan-a? Imomlikning masʼuliyati bor. Vaqti kelsa, namozda orqasida iqtido qilganlarning gunohi zimmasiga yuklanib qoladi. Urayimning nevarasi Buxorodagi madrasani xatmi kutub qilib, endi Toshkentdagi oʻqishini tugatay, deb turibdi. Ilmli imomga yolchib qolarmiz. Puldorlarga insof bersa, masjidni ham yangilab olarmiz.

– Uch yil oldin ham shunaqa gapni aytuvding. Xursandalining nevarasi oʻqishni bitirib keladi, devding. Toshkentda qolib ketdi-ku?

– Oʻzicha qolmadi, ilmga zehni oʻtkir ekan, ustozlari olib qolishdi.

– Sening bahonang koʻp. Ogʻzingni toʻldirib valdirayver. Faqat bizga gunoh-gunoh deb osilavurma. Bilib qoʻy: doʻzaxga tushadigan boʻlsang, kazzob imomingni deb tushasan. Hali qarab turgin, bizlardi eshshakka mingashib jannatga ham oʻtib olasan sen, ha!

Hamma gaplaridan ham mana shunisi oshib tushdi. Gʻazab oʻti betlarigacha qizartirib yubordi. Agar iymoni sust, feʼli esa Mirhosilniki singari boʻlganida, oʻziga yarasha javobni berardi. Shayton “gap kelganda ayama”, deb vasvasa ham qildi. Iymon esa, “bitta gaping bilan shular qatoriga tushib qolmoqchimisan”, deb himoyaladi. Lekin gʻazabli nigohini oshnasiga qadab turishdan tiyila olmadi:

– Ha, ol-a, ol! Jonlarimga tegdilaring! Choydan quy.

Mamasoli piyolani doʻq etib qoʻyib, yuzini burib oldi. Mirhosil savol nazari bilan Turgʻunga qaragan edi, u “etar, yana bir nima desang portlab ketadi”, deganday imo qilib qoʻydi. Mirhosil “shunga gapirmasam-gapirmadim”, degan qaror bilan choy quyib gʻashlangan oshnasiga uzatdi. Shu asnoda choyxona hovlisiga kirib kelayotgan ikki yigitga koʻzi tushdi-yu, avvaliga eʼtibor bermadi. Oq shim, oyogʻiga oq tufli, ustiga jigarrang charm kurtga kiygan, sochlari orqasiga silliq taralgan qotma yigit “Salyut, boboylar!” demaganida ular bilan ishi ham boʻlmas edi. Surbetlarcha kirib kelib, yana bu tarzda salomlashganidan gʻashi kelib, alik olmadi. Aksincha, qovoq uyib qaradi.

Mirhosilning gʻashini keltirgan silliqsoch, qirgʻiykoʻz yigitni bolalik choqlari hamma otasi qoʻygan ismda “Gʻani” deb chaqirardi. Qimorbozlarga qoʻshilganidan keyin bu ismdan or qilib oʻzi “Gena” deb oʻzgartirib oldi. Qimorbozlar orasida yigit yoshiga yetib, uncha-muncha yutuqlari bilan choʻntagi qappaygach, dam olgali Yaltaga bordi. Qora dengiz boʻyida bir arman goʻzali bilan tanishib, uch kun maishat qildi. Uchinchi kecha goʻzal uni ship-shiydam qilib ketgach, qup-quruq choʻntak, alamli yurak va yangi ism bilan uyiga qaytdi. Arman goʻzali oʻzini “Ofeliya” deb tanishtirganida u “Men esam “Gamlet”man”, deb hazillashdi-yu, keyin bu ism oʻziga yoqib, “Gena” unutila boshlandi. “Gamlet” oʻsha huzurli va alamli kunlardan xotira boʻlib qoldi.

Gamletning yonidagi qora qoshlari tutash yigitning ismi Jasur edi. Aslida, boʻynidan iyagiga qadar qizarib turgan qizil dogʻga ishora qilib “Toji” boʻlishi kerak edi. Otasining ismi “Tojiboy” boʻlgani uchun irim qilib, qaytarmadilar, “Jasur” boʻla qoldi. U ham sherigi kabi oʻsmir yoshiga qadar “Jasur” boʻlib yurdi. Keyin oz muddat “Joʻra”, soʻng esa qartadagi olti chillikka ishora qilib “Joker”ga oʻzgartirildi. Qimordagi iqtidori pastdan koʻra sal yuqoriroq, lekin hali u toʻdaga, hali bu toʻdaga suykalib yurishi tufayli shu nomni olgan edi.

Bularning toʻdasi avval Boʻkada, keyin Ohangaronda asli ismi Alijon, lekin oʻz olamida Aleks deb dong taratgan qimorboz bilan hayot-mamot jangidek tashlashishdi. Bir yutib, bir kattaga tushishdi. Bugun hal qiluvchi oʻyin uchun begona koʻzlardan yiroqroq deb shu chet qishloq choyxonasini tanlashgan edi. Soʻrida oʻtirgan chollarni koʻrib avvaliga ajablanishdi, keyin oʻrtada bitta choynak turganiga eʼtibor qilib, “tomoqni hoʻllab joʻnashadi” degan fikrda xotirjam boʻlishdi. Gamlet ularga xushchaqchaqlik bilan salom berib, javob olmagach, sherigiga qaradi:

– Joker, gapim yoqmadimi, toʻmsayib olishdi.

– Saloming yoqmadi. Bunaqa salomingni shaharlik chollar koʻtarishadi. Endi sen shu yerda tura tur, – shunday deb soʻriga yaqinlashdi-da, oʻng qoʻlini koʻksiga qoʻydi: – Assalomu alaykum, togʻajonlar. Damlikkina yuribsizlarmi, yaxshi hordiq chiqaryapsizlarmi? Xudo bizning baxtimizga umrlaringizni uzoq qilsin.

Uning uzatgan qoʻllari javobsiz qolmadi, alik olinib, qoʻshqoʻllab soʻrashishdi.

– Koʻzimga issiq koʻrinyapsan, kimning oʻgʻlisan, jiyan? – dedi Turgʻun unga tikilib qarab.

– Men eshonguzarlik Tojiboy oxunning oʻgʻli Jasurjonman, togʻa.

– E, ha, Boʻgʻirsoqning oʻgʻlimisan? Otang rahmatli ikki lagan palovdi koʻrdim demay, yeb yuborardi. Juda badnafs edi. Oma yegan ovqatiga yarasha kuchi ham, gavdasi ham bor edi. Sen muncha maydalashib ketding?

– Kim biladi, boʻlganim shu-da.

– Sheriging kim? Otasi yoʻgʻida onasi chulchut bilan don olishganlardanmi? – deb soʻradi Mirhosil.

– Ha, endi togʻa, shaharlik kulturniy bollardan-da.

– E, kulturasiga uray uni. Sen bu gʻarkoʻzdan nari yuravur. Otang yaxshi bola edi. Ke, oʻtir, choy ich.

– Rahmat, togʻa. Samovorchiga uchray-chi, ogʻaynilar bilan yigʻilishadiganmiz, picha oʻtirishimiz bor edi.

Shoshilib chiqqan choyxonachi yigitlar bilan koʻrishdi-da, chollarga xavotir bilan qarab olgach, mehmonlarini ichkariga boshladi.

Mamasoli choydan bir hoʻpladi-da, soʻng choʻkmay aylanayotgan shamaning harakatidan qandaydir maʼno uqayotganday tikilib qoldi. Mirhosil suyanib oʻtirgan loʻlabolishni orqasidan olib, yoniga tashladi-da, yonboshlab oldi. Turgʻun esa oyogʻim uvushdi, chigilini yozib kelay, deb bogʻ tomon yurdi.

Gamlet boshlab ichkari kirgan Jasur ostona hatlashi bilan choyxonachiga “ishlar boshqacha boʻlib ketibdimi, togʻajon”, deb noroziligini bayon qildi. Gamlet esa xuddi urib yuboradiganday choyxonachiga tik bordi-da:

– Boʻss, bu tirraqi chollar nima qilib oʻtirishibdi? Bilib qoʻy, oshga pashsha tushirsang, otvechat qilasan, – deb oʻdagʻayladi.

– Men nima qilay? Kelishdi, oʻtirishibdi. Ogʻaynilari kasal ekan, kutisharmish.

– Nima deyapsan sen, bratan! Bu yer vokzalmi, kutadigan. Yoʻqot ularni!

– Yoʻqotolmayman. Bittasi xarajatga ketdi. Oshga unnashyapti.

– Gamlet, vaqt borida joyni oʻzgartira qolaylik?

– Yoʻq, toʻrtta choldan qoʻrqdilaringmi, deb boshni ogʻritishadi. Chollarni yoʻqotish kerak.

– Bular frontovoy chollar, bas kelib boʻlmaydi. Osh tezlashsa, yeb ketishadi.

– Gamlet, bir tomondan ularning oʻtiraverganlari yaxshimi, deyman. Xitlar adashib kelib qolishsa, shularni koʻrib qaytaverishadi.

– Joker, buning uchun sening boshing ogʻrisin. Bu yogʻiga oʻzing otvechat qilasan, – shunday degach, yana choyxonachiga qaradi: – Xoʻp, aytilgan xarajatlar yestmi? Unda perviysiga shoʻrvani boshlayver. Poka bular ketgunicha joyni ichkariga qilaver. Joker, “oqsoqol”dan bittasini och. Tomoqni hoʻllamasak boʻlmaydi. Nardani ol, ayvonda bir tashlashaylik. Chollaring tiqir-tiqirdan bezishsa, tezroq ketishadi.

Turgʻunning oyoqdan shikoyati bir bahona edi. Bogʻ tomon sal yurgach, yoʻlni koʻcha tomon olib, shifoxonaga bordi. Dahlizda unga hech kim eʼtibor bermadi. Lekin “reanimatsiya” deb yozib qoʻyilgan eshik ichkaridan qulfloqlik edi. Asta taqillatgan edi, oʻziga tanish hamshira koʻrindi. Tashqariga chiqdi-yu, eshikni yopib, qoʻrgʻonini himoya qiluvchi posbonday turib oldi.

– Qizim, oshnamni bir koʻrib chiqay, – dedi Turgʻun yalinish ohangida.

– Otaxon, iloji yoʻq, Anvar akam boya aytdilar-ku, oʻzingiz eshitdingiz-ku?

– Jon qizim, bittagina moʻralayman-u, “Oshnam, hormagin”, deb qoʻyaman. Agar yana ikki ogʻzim gapirsam, betlarimni yumdalab tashlay qol.

– Otajon, sizni ichkariga qoʻysam, meni ishdan haydashadi.

Turgʻun qizlarning bunaqa joyga ishga joylashishlari mushkulligini, haydalishlari esa oppa-osonligini eshitgan. Shuning uchun hamshiraga boshqa yalinmadi. Orqasiga ham qayta qolmadi. Ogʻir kurashda yengilib boʻshashgan singari ilojsiz ohangda soʻradi:

– Unda toʻgʻrisini ayt, qizim, rostdanam bir oʻlib, tirildimi?

– Ha, yuraklari bir pas toʻxtab qoldi.

– Endi-chi, endi yaxshi uryaptimi?

– Hozir ancha yaxshilar.

– Gapiryaptimi?

– Ha.

– Nima deyapti?

– Bilmadim… aya bilan gaplashyaptilar.

– Bizning kelganimizni biladimi? Meni soʻragandir-a? Ismim Turgʻun. “Turgʻunboy kelmadimi?” deb soʻradimi?

Hamshira biroz ikkilandi-da, soʻng savollar oqimidan osonroq qutilish uchun javob berdi:

– Soʻradilar… shekilli.

– Ana soʻrabdi! Birinchi boʻlib meni soʻraydi. Endi oldiga kirib chiqmasam boʻlmaydi.

– Mumkin emas.

– Sen tushunmayapsan-da, qizim. Agar bu oshnamiz… ketib qolsa chatoq, toʻgʻon yanayam buziladi. Ketishga-ku, hammamiz ketamiz-a, oma bu bizdan keyin qolishi kerak. “Nega?” deb soʻramaysanmi?

– Voy, otajon, hammangiz ham koʻp yashang!

– Sen “bu cholning esi ogʻib qolibdi”, deb oʻylama. Hammamiz handalakdek pishib turibmiz. Uzib olish qoldi, xolos. Oyoqlarim bir tortishganida “Ana endi jon ham ketdi”, deb oʻylayman. Oyoq nimaga tortishadi, bilasanmi? Bir odam jonni olgani kelgan Azroildan nolib: “Ey Xudo, jon kerak ekan, avvalroq ogohlantirsang boʻlmasmidi?” degan ekan, ovoz kelibdiki: “Ey gʻofil banda, avval koʻzlaringdan nurni oldim, keyin beldan, oyoq-qoʻldan quvvatni olganim ogohlantirishim ekanini fahmlamadingmi?” Ana koʻrdingmi, qizim, bizlarga xabar allaqachon kelgan.

– Otaxon, xafa boʻlmasangiz bir gap aytay.

– Aytavur, qizim.

– “Xabar-xabar”, deysizu, kimning qachon oʻlishini Xudo biladi. Yoshlar ham toʻsatdan ketib qolishyapti.

– Shunaqa-ku, oma yoshlar yashashi kerak. Yaxshimi-yomonmi, yashasin! Tegirmon navbati bilan. Biz koʻradiganimizni koʻrdik. Yeydiganimizni yedik. Ketsak ham armonsiz ketovramiz. Oma qizim, sen bilmaysan, biz halol mehnat bilan yashadik. U dunyoga qoʻrqmay ketovramiz. Orqamizdan birov yomon gapirmaydi. Sen yashirmay aytovur, qizim, oshnamga balki qon kerakdir. Birovlardan qidirma, oʻzimiz beramiz. Qonimiz bir hammamizning – top-toza qon.

– Qon kerakmas, otaxon.

– Qizim, sen bilib qoʻyishing kerak: bu oshnam oddiy odam emas, martabasi baland, ha!

– Hokimmilar?

– Hokiming nimasi! Shu ham martabami? Bu odam bizning joʻraboshimiz, ha! Avval ulfatimizning joʻraboshisi Sotvoldi edi. Sotvoldi xayr-xoʻshni nasiya qilib joʻnavordi. Endi bunisi ham ketvorsa, insofdan boʻlmaydi. Endi tushunding-a?

– Tushundim.

– Tushungan boʻlsang, kel, xoʻp de, bir moʻralab olay.

– Otajon, iltimos, meni qiynamang.

– Sen Abulqosimning nevarasisan, a? Kattang juda moʻmin, gapga kiradigan bola edi. Haptobusga ham kalishini yechib chiqardi, rahmatli. Sen unga oʻxshamabsan. Juda-a qaysar ekansan. Kattang tirik boʻlganida aytib, adabingni berdirib qoʻyardim-a.

Hamshira bu qariyadan oson qutilolmasligini bilib, oʻzini sal chetga oldi-da, eshikni qiya ochdi. Turgʻun ichkariga moʻralab, doʻstini koʻrdi. Rixsi erining oʻng qoʻlini kaftlari orasiga olib silab oʻtirgan edi. Unga xalal bermaslik uchun ovoz berib chaqirmadi. Biroz tikilib turgach, oʻzini orqaga oldi-da, kiprigiga qalqigan yosh tomchisini artib, hamshirani duo qilgach, bemorga yaxshi qarashni tayinlab, bir soatdan keyin xabar olishini ham aytdi.

Iziga qaytgan Turgʻun choyxona hovlisiga kirib kelayotgan, qoʻliga aso tutgan, qora koʻzoynakli Toʻlqinni koʻrib, toʻxtadi. “Ie, bu yerda Toʻqim nima qilib ivirsib yuribdi?” degan xayol bilan uni kuzatdi.

Toʻlqin asosini toʻqillatib kelib, narda oʻynayotganlar yonida toʻxtadi.

– Birodarlar, yoʻldan adashganga oʻxshayman. Kasalxonaga ketayotuvdim, qayerga kelib qoldim?

– Choyxonaga kelib qoldingiz, boboy, – dedi Gamlet narda toshchalarini tashlab.

– Bir oʻzingiz nimaga turtinib yuribsiz, togʻa? – dedi Joker oʻrnidan turib.

– Oshnam ogʻrib qolibdi, omonatim bor, kelmasam boʻlmas edi.

– Pul olganmidi? Katta pulmidi? – dedi Gamlet unga qarab olib.

– Yoʻq, undan men qarzman.

– Nevaralardan berib yubora qolmabsiz-da, – dedi Joker.

– Bu omonatni birovdan berib yuborib boʻlmaydi. Birodar, bu yer samovarxona boʻlsa, bir qultum choy bering, “saxir”im oshganga oʻxshaydi, tomogʻim qurib ketdi.

– Choydan yoʻq, boboy. Oqidan ham otovrasizmi? – Gamlet shunday deb aroqning shishasiga chertib qoʻydi.

– Unda malol kelmasa, meni yoʻlga solib qoʻying.

– Pryamoy soobsheniya qilib borovrasiz, boboy, – dedi Gamlet piyolaga aroq quya turib.

– Men olib borib qoʻyaman.

Toʻlqin tomon yurmoqchi boʻlgan Jokerni Turgʻun toʻxtatdi:

– Sen oʻtiravur, jiyan.

Toʻlqin ovoz kelgan tomon oʻgirildi:

– Kim bu? Ovozing tanish… Turgʻun… senmisan, Buqoq?

– Menman, Toʻqim, menman. Nega kelding?

– Poʻlat ogʻrib qolibdi, deb eshitdim.

– Ogʻrisa senga nima? Ulfatga yaqin kelma, deganmiz-ku, esingdan chiqdimi?

Yonboshlab yotgan Mirhosil Toʻlqinni koʻrib qaddini koʻtardi. Mamasoli ham shu tomon qaradi.

– Omonatim bor unda, – dedi Toʻlqin siniq ovozda.

– Qanaqa omonat? – dedi Turgʻun dagʻal ohangda. Keyin notanish yigitlar oldida gaplashib turishni ep koʻrmay, hazar qilganday yengining uchidan ushlab, soʻri tomon boshladi.

– Qanaqa deysan-a… Rozi-rizolik soʻrashim kerak, – dedi unga itoat bilan ergashgan Toʻlqin.

Bu gapni eshitgan Mirhosil soʻridan tushib, unga roʻpara boʻldi:

Nima deding? Rozilik, dedingmi? Nima, u oʻlyaptiykanmi? Sen Toʻqim, sovuq nafasingni enangdikiga borib qilovur!

– Choʻtir… Mirhosil, senmisan?

– Ha, menman. Naq oʻzimga duch kelding. Sen izingga qaytovur. Seni koʻrgan sogʻ odam ham achchiqlanib oʻlib qoladi. Bor, turqing qursin.

Mamasoli ham ularga yaqinlashib, oʻrtaga tushdi:

– Mirhosil, qoʻy, qattiq gapirma. Oshnachilikning hurmatini qilib kelibdi. Dod desang, demasang bu ham oshnamiz edi. Toʻlqin, yur, bir piyola choy ich, hovuringni bos.

– Bu bizga hech qachon oshna boʻlmagan. Bunaqa oshnani otay desang oʻq hayf. Tiriklay koʻmib tashlash kerak bunaqalarni.

– Choʻtir, sen karillayverma! Sen bilan oldi-sotdim yoʻq. Poʻlat oldida qarzdorman. Tavba qilganman. Yana tavba qilgani keldim. Mana meni Xudo urib qoʻydi, endi senam turtovurma. Menga shu jazoning oʻzi yetmaydimi?

– Yetmaydi! Sen koʻzlaringni loʻq qilib turib yolgʻon guvohlik bergansan. Poʻlatni sen qamatgansan. Xalq dushmani Poʻlat emas, asli sen eding. Joʻna, koʻzimga koʻrinma, boʻlmasa mijib-la qoʻyaman. Xudoying tagʻin ham seni ayab uribdi. Boʻhton gaplarni aytgan tillaring irib, uzilib tushishi kerak edi.

Shu paytda Obid Shokirni boshlab kelib, avjiga chiqayotgan Mirhosilning hovuri sal bosildi. Obid Toʻlqinga bir qarab qoʻydi-yu, omonlashmay, oʻchoqboshiga oʻtib ketdi. Qariyalarning dahanaki jangidan zavqlangan Gamlet narda toshchalarini tashlab qoʻyib, sigaret tutatganicha ularni kuzata boshladi. Jokerning “ichkariga kirib keta qolaylik” degan ishorasiga “toʻxta, tekin kino”, deb qoʻydi.

Shokir uch oshnasi bilan soʻrashib boʻlgach, Toʻlqinga yaqinlashib, uning qoʻlini oldi:

– Ha, Toʻlqin, omonmisan?

– Omon boʻlmay oʻlsin bu. Sotvoldining oʻrniga shuni olmaydimi Azroil, – Mirhosil oʻzi bergan savolga oʻzi javob qaytardi: – Ha, olmay toʻgʻri qiladi, bundan u yoqdagilar ham bezor.

– Birovga oʻlim tilama.

– Birovga tilamayman, oma bunga tilayman. Ellik yildan beri tilayman. Bundan oldinroq oʻlib qolsam, u yoqda yotib ham tilayman. Bor, soʻfi, menga aql oʻrgatma.

– Yana oʻsha gapmi? Mirhosil, qoʻy endi, Poʻlat buni kechirgan. Oralarida nizo qolmagan. Xudo ham kechiradi.

– Kim kechirsa kechirovursin. Oma doʻstga xiyonat qilgan odamni men kechirmayman. Agar ikkalamizni yonma-yon koʻmsalaring, buni goʻrida ham boʻgʻib yotaman.

– Boʻldi, oʻpkangni bos, – doʻstini shu gapi bilan tinchitganiga ishongan Shokir oʻchoqboshi tomon qarab, ovozini balandlatdi: – Obid, jizzani tezlat, oshna, yoʻlda tuz totmadim. Qornim piyozning poʻsti boʻlib ketdi.

– Manavi ketsin. Xuddi mijib, yayib-la tashlayman, – dedi Mirhosil xezlanib.

– Hech qayoqqa ketmaydi, – dedi Shokir hukm ohangida. – Bunaqa paytda ginani unutish kerak. Sen “yayib-la” qoʻymasang ham, baravariga yetilib turibmiz. Qani, oʻtirdikmi, soʻfi, boshla.

Mirhosil boʻsh kelmay, yoʻlni toʻsdi:

– Unda hov chetda oʻtirsin yakka moxov boʻlib. Menga koʻrinmasin.

– Bekor aytibsan.

– Domla, qoʻyovur, chetroqda oʻtirganim maʼqul. Shuning isi kelmasin. Bunga it bas kelmasa, odam bas kelolmaydi.

Vaziyatni yumshatish uchun chekinishi lozimligini anglagan Toʻlqin shunday deb oʻgirildi. Ammo qay tomon yurishni bilmay kalovlandi. Shokir uni bilagidan tutib, yon tomondagi soʻriga boshlab borib, oʻtqazdi. Keyin oʻzi Mirhosilning yonidan joy olib, tajang oshnasini sovutish maqsadida tizzasiga shapatilab urib qoʻydi. Oʻchoqboshidan qaytgan Obid shishani Mirhosilga pinhona berib, xarajatlarni chetdagi stol ustiga yoyib, goʻsht-yogʻni hafsala bilan toʻgʻray boshladi. Mamasoli duodan soʻng choy quyib uzatgach, hol soʻrashga oʻtdi:

– Ha, domlajon, hali bir hafta yurishing kerak edi-ku?

– Ha, shunaqa edi. Oma kechadan beri yurak siqovurdi. Uydan bir xabar olmasam boʻlmas, deb keldim. Yoʻlda Obidni uchratib, toʻgʻri shu yoqqa kelaverdim.

– Zap ish qilibsan. Bizni ozgina qoʻrqitdi-da. Hozir yaxshi, – dedi Turgʻun. Yaqinginada eshikdan moʻralab kelganini aytib maqtanmoqchi edi, Mirhosildan baloga qolishi mumkinligini anglab, boshqa gapirmadi.

– Doʻxtirning kattasini yoniga qoziqdek qoqib qoʻydim, – Mirhosil eng katta ishni oʻzi bajarganini bildirib qoʻygach, oʻchoqboshida shoʻrvaning harakatini boshlab yuborgan choyxonachiga qarab baqirdi: – Hoy, samovarchi bola, qaysi goʻrda ivirsib yuribsan, mehmonga qaramaysanmi?

Choyxonachi qoʻlidagi oʻtinni tashlab, qadamini tezlatdi. Uning yaqinlashishini kutmay, Mirhosil gʻazab oʻqlarini socha boshladi:

– Sen bola, shaytonga dars beradigan boʻlib qolibsanmi, a?

– Xudo saqlasin, taqsir, – choyxonachi xuddi jallodga roʻpara kelganday taʼzim qilib, hukmni kutdi.

– Xudo saqlasin, deb yuravergin-chi, urib qolganida dod demasang, bas. Haligina bizga “Samovarxonam boʻm-boʻsh, hech vaqom yoʻq” degan senmiding? Anavi soʻltamatlarga topildimi?

– Ular ertamatan xarajatlarini tashlab ketishuvdi.

– Bu choʻpchagingni katta enangga aytasan. Oʻzim choʻtir boʻlsam ham, aqlim putun, koʻzlarim ziyrak. Mayli, hozir mavridi emas, keyin atayla kelib gaplashib ketaman sen bilan. Bor, choy olib kel. Tuzukroq damla, – Toʻlqinni imlab, qoʻshimcha qildi:

– Anavinga ham alohida olib kel. Oma haqqini oʻzidan olasan, bizlarnikiga qoʻshmaysan. Ma, manov zormandani ham choynakka quyib chiq.

Choyxonachi shishani olib nari ketgach, Mamasoli afsus bilan bosh chayqadi-yu, bu mavzuda tanbeh berish shamolga qarshi qichqirish bilan baravar ekanini bilgani uchun Shokir bilan suhbatini davom ettirdi:

– Domla, ketganingdan beri oʻylab hech aqlimga sigʻdirolmayapman. Xoʻp, ishingga qaytganingga tushundim: uyda zerikkansan, maktabing ham chaqirovrib tinchitmagan. Maktabda sendan boʻlak erkak zoti qolmagandir, a? Malaka oshiray deb oʻqishga joʻnaganingga hayronman-da. Shu yoshga kirganingda malakangni oshirib boʻlarkanmi?

– Boʻladi. Oʻzing bir hadisni aytuvding: paygʻambarimiz “Beshikdan to qabrga qadar ilm izla”, degan ekanlarmi? Hali qabrga ancha bordir, deb umid qilaman. Beshikda esa… e, soʻfi oshnam, yaramni yangilama. Keyingi paytda yuragim siqiladigan boʻlib qolgan. Biz birov oʻlsa darrov motam tutamiz. Behuda oʻtgan kunlarimizga kim motam tutadi? Axir, behuda oʻtgan kun – oʻlik kun-ku?

– Domla, nimalar deyapsan? Umrimiz nega behuda oʻtar ekan? – dedi Turgʻun ajablanib. – Xudoga shukur, nonimizni halollab yedik. Suyagimiz qotmay dalada ketmon chopdik. Urushga bordik…

– Ha… urush… Meni “Bu odam oʻqituvchi, bolalarga bilim bersin” deb urushdan olib qolishdi. Senlar ketdilaring, men esam bu yerda xotinlardan uyalib yurdim. Qishloqqa qoraxat kelgan kuni dars oʻtolmasdim. Aslida, menam ketvorishim kerak edi. Oʻlib ketsam, hozir bunaqa qiynalib yurmasdim…

– Nafasingning sovuqligini qara. Sen bollardi oʻqitding. Bizdan koʻra savobni koʻproq topding. Jannatiga belating tayin. Nima deding, soʻfi?

– Iching tor sening, – dedi Mirhosil gapga aralashib. – Domla, nega sovuq fikr qilib qolding? Aytovur, sen bekorga mingʻir-mingʻir qilmaysan.

– Sovuq fikr emas. Biz “aqlimiz butun” deb karillab yuramiz. Birovlarga aql soʻqaverar ekanmizu oma, aqlning ham koʻzlari boʻlishini, bu aql koʻzlarining ham koʻr boʻlishi mumkinligini oʻylab koʻrmas ekanmiz. Birovlarda aql koʻzi juda kech ochilar ekan.

– Birovlarniki umuman ochilmaydi. Lahadga ham timirskilanib kirib boradi, – Mirhosil shunday deb Toʻlqin tomon imo qilib qoʻydi.

Shokir uning bu kinoyasiga eʼtibor bermay, fikrini davom ettirdi:

– Oʻylab qarasam, hayotda yashashdan maqsad – shu aql koʻzlarini ochish ekan. Oʻzing vaqtida harakat qilmasang, hayotning oʻzi beshafqatlik bilan ochib qoʻyar ekan. Hayot menga shunaqa dars berdi. Qariganimda ochdi bu koʻzlarni. Qariganimda koʻchaga chiqishga, oʻqitgan bolalarimning koʻzlariga qarashga uyalib qoldim.

– Buqoq, domlangning at-batini chimchilab koʻr-chi, nega alahsiyapti? Sening aqling putun, oʻylab koʻr-chi, bu bola uyaladigan ish qilganmi oʻzi? Darsim bor, deb oshxoʻrliklardan ham kechvoradigan odam nega oʻquvchilaridan uyalarkan?

– Hayronman, buning ota-onasi ham, xotin, bola-chaqasi ham, oshnalari ham maktab edi. Domla, ichimizda oʻqib, odam boʻlgan faqt sensan, bunaqa gaplaring bilan yuraklarni siqmagin.

Choyxonachi ikkita choynakning bittasini Mamasolining yoniga qoʻyib, ikkinchisini Turgʻunga uzatdi. Turgʻun avval choynakni ushlab koʻrdi, soʻng qopqogʻini ochib hidladi-da, Mirhosilning yoniga qoʻydi:

– Choʻtir, oʻzing quya qol.

– Toʻxta, jizza kelsin.

Ularning bu qiligʻidan achchiqlangan Mamasoli jerkib berdi:

– Nafslaring chukillamay qursin. Gapini boʻlmay tek turlaring, yuragidan tutun chiqyapti. Domla, aqlning koʻzini topib aytding. Bu qalbning muhrlanishiga oʻxshagan bir gap. Xudo bir toifa odamlarning qoʻllarini boʻyinlariga kishanlab qoʻyarkan. Ular boshlarini egib yurarkanlaru oma toʻgʻri yoʻlni koʻrolmas ekanlar.

– Ha, xuddi shunaqa. Boshqalarni bilmayman, oma men shunday boʻldim. Kechikdim. Kamida ellik yilga kechikdim.

– Qiyomatda bizning ellik ming yilimiz Xudoning bir kuniga toʻgʻri kelar ekan.

– Soʻfi, endi oʻzing gapni chalgʻitmay tur, bolalardan nega uyalayotganini aytsin, – dedi Turgʻun.

Shokir bu savolga darrov javob qaytarmadi. Nimanidir mulohaza qilayotganday sukut saqlab, uf tortdi:

– Men bollarni xato gaplarga oʻqitgan ekanman.

– Nega xato boʻladi? – deb ajablandi Turgʻun.

– “Xudo yoʻq”, deb oʻqitgan-da. Mana endi Xudo dilidagi qulfni yechibdi, – dedi Mamasoli maʼnodor ohangda.

– Soʻfi, senga tek oʻtir, deyildi. Gapir, domla.

– Soʻfining gapida ham jon bor. Lekin mening uyatim boshqa yoqda. Men “Saksoninchi yillarda kommunizm boʻladi”, deb bollarni ishontirganman. “Pul boʻlmaydi, milisa boʻlmaydi”, deb ishontirganman.

– Ha, sen kommunizmni yaxshi koʻrarding, – dedi Mirhosil. – Koʻchangni ham “Kommunizm” deb nomlatuvding. Qaysi bir yili lektor kelib: “Oʻrtoqlar, biz bir oyogʻimiz bilan sotsializmda, ikkinchisi bilan kommunizmda turibmiz”, deganida men hazillashib “Lektor uka, ehtiyot boʻling, bu turishda chotingiz yirilib ketmasin” deb sendan baloga qoluvdim.

– Ha, endi gapirovur. Men ahmoq oʻshanda bu gʻoyaning belidan qarsillab sinib, oʻlay deb yotganini fahmlamabman.

– “Odam maymundan paydo boʻlgan”, deb ham oʻrgatgansan, – dedi Mamasoli. – Esingdami, bir kuni men senga “Ota tomondan maymunmisan yo ona tomondanmi”, deb tegishganman.

– “Odam maymundan paydo boʻlgan”, deganda… – Mirhosil shunday deb Toʻlqinga ishora qildi, – anovdaqalarni nazarda tutib, toʻgʻri aytgan. Aslida, anovini hayvonot bogʻiga olib borib qoʻysa ham boʻlardi-ku, oma bollar qoʻrqishadi-da. Nima deding, domla?

– Ha, gap senga, gapirovur.

– Yana nimani gapiray? – Biroz sukut qildi, oshnalari shoshirishmadi, davom etishni kutishdi. – Yekaterinasiyu Yelizavetalarining tarixini suv qilib ichib yuborgan edim. Lekin Zamaxshariy degan ulugʻ olim oʻtganini oʻzim ham bilmagan ekanman. Shuning uchun malaka oshiruvchi oʻqishga bordim. Bollarga hech boʻlmasa bir kungina toʻgʻri, halol dars beray, keyin oʻlsam armonim qolmaydi.

Turgʻun uning holiga achinib, bosh chayqab qoʻydi-da, dalda berdi:

– Oma oshirvording, oshna. Sen oʻzingni ayblama, zamon shunaqa edi.

– Baʼzan oʻzimga oʻzim shunday tasalli beraman. Oma, oʻqituvchining koʻzlari koʻr boʻlsa, bollarning koʻzlarini qanday ochadi? Bu savolga ham javob berishim kerak.

– Hah, ezvording-da! – Mirhosil shunday deb oʻzining tizzasiga bir shapati urdi. – Men senga ming yildan beri aytaman-ki, koʻp oʻqiyverma, bola, deb. Oʻqovrib, oʻqovrib, miyalaring poʻla boʻp qolgan. Davlat sening qoʻlingga kitob berib, shuni oʻqit, dedimi, sen oʻqitdingmi, tamom, shu yetarli. Nuqul notoʻgʻri gaplarni oʻqitmagandirsan. Toʻgʻrilari ham bordir, a?

– Endi… – Shokir oʻzini oqlamoqchi edi, Mirhosil gapirtirmadi:

– Boʻldi, endi-pendini yigʻishtir, boʻladigan gapdan gapir: Shojalilni borib koʻrdingmi?

– Ochigʻi… vaqt boʻlmadi.

– Shu-da! – Mirhosil yana tizzasiga shapatiladi. – Oshnasini qariyalar uyiga olib borib qoʻyishibdi-ku, bu chala domlaning fursatlari boʻlmabdi. Yana “vijdon-pijdon” deydi! E, oʻrgildim, sendan!

– Bormay toʻgʻri qilibdi, – dedi Turgʻun Shokirning yonini olib. – Senam hovliqib oshirvorasan. Cholni koʻrib, buvam degansan. Adashgansan. Oʻgʻli olim boʻla turib otasini “Qariyalar uyi”ga topshirib qoʻyadimi?

– Vey, Buqoq, bilmaysanmi, hamma qiliq shu olimchalardan chiqadi. Burunning tagiga toʻrttagina soch qoʻyib olishib, enam koʻrmagan ishlarni qilishadi. Televizorda shu koʻzlarim bilan aniq koʻrdim: Toshkanda “Qariyalar uyi” degan joy bormi? Bor. Bitta oshnamizning oti Shojalil – Shalpangquloqmi? Ha. Oʻzini tanimasam ham qulogʻi bilan qoshidan taniyman uni. Bunaqa shalpangquloq bilan bunaqangi baroq qosh dunyoda boshqa odamda yoʻq.

– Oʻzi televizorda gapirdimi yo familiyasini aytishdimi?

– Toshkanga ketaturib ham shuni soʻrovding, darrov unutdingmi? Yana eshit: Yonidagi oʻris chol gapirdi. “Yaxshi yashayapmiz”, dedi. Men “Shunaqa joyda yaxshi yashamay oʻl”, dedim. Bola-chaqang boʻlsa, gʻaribxonada yashaysanmi, e soʻtak! “Qariyalar uyi”mish! Oʻlimni kuti-ib yotadigan gʻaribxona u yer. Koʻcha-koʻyda xorlanib oʻlib qolmaslik uchun uch mahal ovqat yeb, oʻlimini kutib yotishdan boshqa ish yoʻq. Xudo bir tishlam non bersa ham, bola-chaqa bilan billalashib yeydigan qilib bersin. Bola-chaqaning yonida jon bermaydigan boʻlsang, oʻlib ham maza qilolmaysan.

Obid ikkita likopchada jizza koʻtarib kelib, kichikrogʻini Toʻlqinning yoniga qoʻyib, kattarogʻini Mirhosilga uzatdi:

– Daklatni olyapsanmi, choʻtir?

– Sen, yosh bola narsa, erkaklarning ishiga aralashma. Egningga shim bitganidan buyogʻiga bunaqangi dono gaplarni eshitmagansan.

– Ol-a, bitta kampirshoning qosh-qovogʻiga oltmish yildan beri tikilib oʻtirib, hali sen erkak boʻldingmi? Aytmoqchi, Choʻtir, kecha uyingga borib seni chaqirsam, qaynsingling chiqdi. Koʻrinishi haliyam qizdekkina-ya! Oltmishdan oshmadi-yov, a?

– Ha, yurakdan urdimi, olib berayinmi?

– Rahmat, oshna. Jon-jon derdim-u, oma bu yil uylanish plonda yoʻq-da. Kelgusi yozgacha chidashim kerak, shunaqa vaʼda berganman. Menga qara, shu xotin uvol boʻlmasin, Obid quvlik bilan koʻz qisib qoʻyib Toʻlqin tomon qaradi: – Toʻqim, hali ham bevamisan?

– Nima edi?

– Senga xaridor chiqib turibdi. Choʻtirga boja boʻlmaysanmi?

Bu gapni eshitgan Mirhosilning koʻzlari olaydi, xuddi urib yuboradiganday qoʻlini paxsa qildi:

– Oʻchir-e, ovozingni! Yana shunaqangi shilta gaplarni aytadigan boʻlsang, naq putingni yirib tashlayman. Shunga boja boʻlgandan koʻra itga boja boʻlganim ming marta yaxshi!

– Jirillama! Senga boja boʻlaman, deb oʻlib turganim yoʻq, – dedi Toʻlqin ovoz kelgan tomon oʻgirilib. – It bilan boja boʻlovur. Har holda begona emas, oʻzingga qarindoshligi bor.

Bu gapdan huzurlanib kulgan Turgʻun payrovni ilib, davom etdi:

– Toʻqim, ozgina xato ketding. Itga boja boʻlolmaydi bu. Otasi “Qarindoshdan qiz olma” deb vasiyat qilib ketgan.

Turgʻunning gapidan malollangan boʻlsa ham, Mirhosil sir boy bermay, kulgan boʻldi-da, javobni hayallatmadi. Lekin Turgʻunga emas, Toʻlqinga murojaat qildi:

– Vey, Toʻqim, koʻr boʻlsang ham balosan-a, bunaqangi qopagʻon itni, – shunday deganicha Turgʻunga ishora qildi: – qayerdan topa qolding? Men Bekali burganing jiyanini yetaklab yuribman, desam, sening itingni boqib yurgan ekanman-da, a?

– Adashding, Choʻtir, ishonmasang dumini koʻtarib koʻrgin, burgalarini koʻrasan, – Obid oʻzining gapidan oʻzi huzurlanib, xoxolab kuldi. Kulgi bosilgach, Mamasoli oshnalariga dakki berdi:

– Boʻldi-e, tozzayam aynidilaring endi.

– Boʻpti, aynimasak aynimabmiz. Choʻtir, qani, tupukdek-tupukdek quy, – dedi Obid yoshlangan koʻzlarini kafti bilan artib.

– Kerak boʻlsa, oʻzing quyib ichovur. Men quymayman ham, ichmayman ham, – dedi Mirhosil choynakni nari surib.

Bundan ajablangan Obid ham, Turgʻun ham baravariga soʻrashdi:

– Ha, nima boʻldi?

Mirhosil gardanini silab turib, keyin birdan qoʻl siltadi:

– Nastrayeniya buzildi.

– Arazlagan gadoning xurjuniga ziyon. Buqoq, birga olasanmi?

– Hamma nima desa – menam shu.

– Uyalmaysanlarmi? U yoqda oshnalaring yotgan boʻlsa, yuraklaringga maishat sigʻyaptimi?

– Domla, menga gapirma, Choʻtirdan chiqqan gʻoya bu.

– Meni roʻpara qilma, Boz. Domla, buni maishat demagin, durustmi? Oshnam tuzaldi, shuning suyunchisiga ozroq olarmiz, devdim. Oʻzi lik etib koʻtarib kelibdi. Ma, yoʻqot, – choynakni uzatib, Toʻlqin tomon ishora qildi: – Anavinga bera qol. Zahriga ichsin. Doʻzaxga tushishiga ozgina gunohi yetmay turgan boʻlsa, belatsiz kira qoladi.

– Oʻzing ichovur. Aroqqa choʻmilib yurganlaringni unutdingmi? “Oʻlsam oʻligimni aroqqa yuvasanlar”, deb yurgan odam endi farishta boʻpqoldingmi?

– Vey, Toʻqim, ovozingni oʻchirasanmi yo ogʻzingni tikib qoʻyayinmi?

– Boʻldi-e, oʻrtalaringda shu zormanda sarson boʻldimi? Shishaga solib, uyga olib ketaman. Soʻfi, yarmini berayinmi, nevaralaringning tomogʻiga kampres qilasan.

– Oʻzingga buyura qolsin. Menikiga harom narsa kirmaydi.

Obid aroqni shishaga qayta quyishdan oldin “tupukdek” otvolish maqsadida choynakni koʻtarib oʻchoqboshi tomon yurdi-yu, koʻchadan oʻtib borayotgan Shojalilni koʻrib, toʻxtab qoldi.

– Ie, iye, eshakni yoʻqlasang qulogʻi koʻrinadi, deyisharmidi, a? Hoy, Quloq, anqayma, bu yoqqa qarab yuraver!

Shojalil ovoz kelgan tomon qarab, Obidga koʻzi tushishi bilan chehrasi ochildi. Soʻrida oʻtirganlar Shojalilni koʻrib, oʻrinlaridan turdilar. Narda tashlayotgan yigitlar esa ularga bir qarab olib, oʻyinlarini beparvo ravishda davom ettiraverdilar. Gamletning piyolaga aroq quyib ichishini koʻrgan Mamasoli afsuslanib bosh chayqadi. Mirhosilning esa qoshlari chimirildi. Oshnalar koʻrishayotgan paytda bir yigit paydo boʻlib, ayvonda oʻtirganlar tomon shoshildi. Gamlet oʻtirgan yerida unga qoʻl uzatdi. Yigit oʻtirmay, sal engashganicha, uning qulogʻiga nimadir dedi. Gamlet mamnun holda bosh irgʻagach, unga aroq quyib uzatdi. Yigit bir zarbda piyolani boʻshatgach, butun bodringdan bir tishlashda uzib olib chapillatib chaynaganicha boʻsh oʻrindiqqa oʻtirib oyoqlarini chalishtirib oldi.

Shojalil oshnalari bilan koʻrishayotib, yoshlangan koʻzlarini bilintirmay artdi. Ammo Mirhosilning ziyrak nigohi buni ilgʻadi:

– Ha, oshna, nima boʻldi?

– Koʻzimni sal shamollatibman, shekilli.

– Azaldan noziksan, sen bola. Yoningdan pashsha uchsa ham shamollab qoladigan sortidansan, – dedi Turgʻun.

– “Qariyalar uyi” sovuqdir-da, a? Shabadaroq yerda ekanmi? – dedi Mirhosil joyiga chiqib oʻtirar ekan.

– Nima deyapsan, tushunmadim? Qanaqa qariyalar uyi? – Mirhosilning roʻparasidan joy olgan Shojalil uning oʻtkir nigohiga dosh berolmadi: – Koʻzlaring xuddi oʻqlangan toʻpponchaga oʻxshaydi-ya, tepkini bossang tamom, – deb gapni hazilga burmoqchi boʻldi.

– Quloq, sen gapni aylantirma. Xohlasang, xohlamasang hozir tepkini bosadi. Zap kelib qolding, qoningga tashna boʻlib oʻtiruvdik, – dedi Turgʻun hozir boshlanajak dovuldan xabar berib.

– Ha… koʻribsanlar-da. Xoʻsh, nima boʻpti? Qariyalar uyida yashash gunohmi? Davlatga xoʻp xizmat qildim, endi davlat ham meni boqsin-da!

– Boqadigan davlatingdan aylanay sening. Faqat boqarkanmi yo uylantirib ham qoʻyarkanmi? It qaramaydigan barishnalar bordir oʻsha uyingda? – dedi Obid.

– Shojalil, bizlaram davlatga xizmat qilganmiz, bizlarni ham olib bor oʻsha uyingga. Davlat bizlardi ham boqsin, – dedi Mamasoli.

– Soʻfi, sen oʻzingni tiqishtirma, – deb Mirhosil uni qayirib tashladi. – Seni machit boqadi. Davlat manavindaqa soʻltamatlarni boqadi.

– Menga buncha osilib qoldilaring? Poʻlatga nima boʻldi, tuzukmi?

– Hali senga osilganimiz yoʻq, osilmaymiz ham. Aksincha, seni osamiz. Avval oʻsha olimcha oʻgʻlingni shaxsan oʻzim tumrugʻidan osaman. Butun qishloq tomosha qilib turadi. Kerak boʻlsa, dilbizorda koʻrsattiraman. Bemehr oʻgʻilga qanday jazo berilishini odamlar koʻrib qoʻyishsin. Shundan keyin ena-otalarini xoʻrlaydiganlarni topib bitta-bitta osaveraman.

– Katta ketma, Choʻtir, hammasini osishga umring yetmaydi, – dedi Mamasoli.

– Yetadi. Xudodan soʻrayman. Bemehr farzandlarni osib quritmagunimcha oʻldirmay tur, deyman…

Turgʻun oshnasining nafas rostlashidan foydalanib, Shojalilga boshlangan hujumni davom ettirdi:

– Quloq, sen Mirhosildan ranjima. Achchigʻi chiqqanicha bor. Oʻgʻling olib borib qoʻygan boʻlsa yotovurdingmi ammamning boʻzagiga oʻxsha-ab. Xom oshqovoqni ishlatmadingmi? “Bu yerda yotishim – oshnalarimga isnod, oshnalarim endi bosh koʻtarib yurolmay qolishadi”, deb oʻylamadingmi? Qishlogʻimizdan shu paytgacha birorta buzuqi chiqmagan, bitta oʻgʻri chiqmagan. Chiqsa ham uncha uyalmas edik. Chunki bundaqalar hamma yerdan potrab chiqib yotibdi. Oma yon-atrofdagi bironta qishloqdan bir paytavafahm chiqib “Qariyalar uyi”ga borib yotgani yoʻq. Bizning ulfatga oʻxshagan ulfat bu yaqin atrofda yoʻq. Seni bir balo qilib boʻlsa ham boqib olardik.

– Toʻgʻri aytding, juda boqolmasak, poyezdning tagiga tashlab qutulib qoʻya qolardik. Yo boʻlmasa, bitta boyroq kampirga uylab qoʻyardik, oʻzi evlab olardi sen turshakni.

– Ana, qoʻshmachimiz ham tayyor. Oma Choʻtir chindan osadigan boʻlsa, arqonni oʻzim-la eshib beraman.

– Ogʻaynilar, sizlar tushunmayapsizlar…

– Hali biz tushunmaydigan ham boʻpqoldikmi? “Qariyalar uyi”ning karam shoʻrvalari aqlingni peshlab yubordimi? Menga qara, Quloq, manov Toʻqimni kechirishimiz mumkin. Oma, seni kechirib boʻlmaydi. Toʻqim bitta Poʻlatning oʻziga xiyonat qiluvdi, sen hammamizga xiyonat qilding. Bilib qoʻy, oʻsha yoqda oʻladigan boʻlsang, oʻgʻling bu yoqqa savlat qilib koʻtarib kelmasin. Bu yerda joy yoʻq senga, poytaxtiga koʻmaversin. Domla, toʻgʻri gapiryapmanmi? Sen ham bir nima de.

– Choʻtir ikkoving sayray boshlasalaring, bu yoqdagilarga navbat tegarmikin? Senlarning jagʻlaringni Xudo rezinkadan yaratgan, bezrazmerniy, – dedi Mamasoli tanbeh ohangida. Uning jiddiy gapini Obid hazilga burmoqchi boʻldi:

– Oʻrischa qoʻshmay gapir, soʻfi, ato namozingni Xudo prinimat etmiy.

Vaziyat jiddiyligi uchun payrov davom ettirilmadi. Suhbatga chorlangan Shokir tomoq qirib qoʻyib, gap boshladi:

– Har holda, yaxshi ish boʻlmabdi. “Qariyalar uyi” hech kimi yoʻq chorasiz odamlar uchun oʻylab topilgan. Mana, masalan Sotvoldi borsa aybi yoʻq edi.

– Domla, oʻylab gapir, nima uchun Sotvoldi borarkan? – dedi Turgʻun.

– Men misol uchun aytyapman.

– Misol uchun ham aytma. Sotvoldi vijdonli odam edi. Odam oʻlsa vijdoni ham qoʻshilib oʻladi, deb oʻylaysanmi? – dedi Mamasoli Turgʻunni qoʻllab.

– Bu Quloqning Sotvoldi boʻlishiga ming qovun pishigʻi bor, – dedi Mirhosil toʻngʻillab.

– Hali men vijdonsizmanmi? – shunday deb oʻrnidan turishga harakat qilgan edi, yonida oʻtirgan Obid yengidan tortib, qimirlatmadi.

– Jirillamay tek oʻtirovur, – dedi Turgʻun hujumni davom ettirib: – Sen ikki martalab vijdonsizsan. Isbot qilib berayinmi? Birinchi vijdonsizliging – “Qariyalar uyi”ga borishliging. Domla “chorasizlikdan” dedimi? Yoʻq, domla, sen toʻgʻri ayt: vijdonsizlikdan boriladi. Dunyoda odam yolgʻiz qolishi mumkinmi? Bola-chaqasi oʻlib ketgan boʻlsa, yoki qaramay qoʻygan boʻlsa, oshna-ogʻaynilari ham qolmaydimi? Men bu xunasaga kunda bir kosa ovqat topib bera olmaymanmi?

– Gap ovqatda emas.

– Endi toʻxta, domla, – dedi Mirhosil. – Sayrasam sayrab olayin: qaysi bir yili raykom Sotvoldiga tekinga moshin bermoqchi boʻldi, eslaringda, a? Hammamizdan koʻra Sotvoldi haqliroq edi. Ordeni ham koʻp edi. Oma olmadi oʻsha tekin moshinani. Gaplari eslaringdami: “Men yetim oʻsganman, yetimlik nimaligini bilaman. Davlatning sagʻirlari bor, shu moshinning puliga sagʻirlarini yaxshiroq boqsin. Urushdan tirik qaytishimning oʻziyoq menga bir baxt. Men tekin moshin olaman, deb urishmaganman. Urushda jonimni saqlab qolgan Xudo peshona terimga ham biron nima berar”, degan edimi? Ha… oma… oʻsha moshinni sen olding, Shalpangquloq. Olding-u, “Oʻgʻlim bilan yashayman”, deb shaharga joʻnavording. “Qishlogʻimizdan bitta olim chiqibdi”, deb indamadik. Oʻgʻlingga ota emas, oʻsha moshin kerak edi.

– Oʻsha moshin turibdimi yo sotib yubordilaringmi? – deb soʻradi Turgʻun piching ohangida.

Shojalilga bu savol kutilmagan boʻlgani uchun sal dovdiradi:

– Tur… gandir… Ha, turibdi, nevaram minadi.

– Turgan boʻlsa yaxshi. Choʻtir, oʻgʻlini oʻsha moshinga qamab yoqib yuborish kerak.

– Suf-e, gap deb gapirovrasanlarmi! – dedi Mamasoli achchiqlanib. – “Sotvoldi”, deysanlar, “vijdon”, deysanlar… Sotvoldi tirik boʻlganida, bunaqa karillay olmasdilaring. Ogʻizlaringni oʻzi yopib-la qoʻyardi. Sotvoldi oʻlib ketdi, Poʻlat bu yoqda. Taxt senlarga qoldimi endi? Poʻlat ham oʻtguday boʻlsa, Choʻtir, joʻraboshilik senga qoladi, ana oʻshanda istaganingcha karillayverasan.

– Sovuq nafas qilma, nega men joʻraboshi boʻlarkanman?

Ularning tortishuvini diqqat bilan eshitib oʻtirgan Toʻlqin “bu tilni yeydigan it ham oʻladigan boʻldi”, deb qoʻydi. Past ovozda gapirgan boʻlsa ham, Mirhosil eshitdi, lekin chalgʻimaslik uchun unga javob qaytarmadi. Oʻqrayib qarash bilan kifoyalanib, gapini davom ettirdi:

– Bir kuni Sotvoldi bozorga tushib sabzi olib chiqibdi. Xotini qarasa, bu sabzini mol ham yemaydiganmish. Xotini “Nega irigan sabzi oldingiz?” desa, “Axir, men olmasam boshqa hech kim olmaydi-da”, debdi.

– Bogʻcha qurilishini aytgin, – deb uni quvvatladi Turgʻun. – Xotini ovqat qilib qoʻysa, quruvchilarga olib chiqib berardi.

– Oʻzing ayt, Quloq, sen shunday qila olarmiding?

– Oʻzlaring-chi?

– Biz ham qilolmasdik. Shuning uchun Sotvoldining vijdonini gapirsak, sen tek oʻtirovur.

– Shojalil, sen bu oshnalaringdan ranjima. Bu partizanlarning qoʻllariga miltiq berib “Ot!” deyilsa bas, “Kimni otay, nimaga otay?” deb surishtirmasdan tepkini dangal bosib yuborishovradi. Oʻgʻlingni “osamiz, yoqamiz”, deyishlari bekor. Oʻgʻlingda ayb yoʻq.

Shokirning bu gapi Shojalilga moydek yoqib, chehrasi sal yorishdi:

– Ha, gapir, domla, gapir. Bu pandavaqilar nima deyishayotganlarini oʻzlari ham bilishmaydi. Gitlerga ham besh ketmayman baʼzan. Shuncha urush qilib, shuncha pul sarflab, shu ikkoviga qolganda ikkitagina oʻqqa xasislik qilsa-ya! Ikkovi tuzukroq boʻlsa ham mayli edi: bittasi choʻtir, bittasi buqoq. Bir koʻrsam koʻnglim aynib, oʻn kun ovqat yeyalmay yuraman. Domla, qoʻy bulardi, nima deyatuvding?

– Oʻgʻlingda ayb yoʻq, dedim.

– Eshitib qoʻylaring, hov…

– Ha, oʻgʻlingga daʼvo yoʻq, hamma ayb oʻzingda! – Shokirning bu gapidan keyin Shojalil bir boʻzardi. Unga osilayotgan ikki oshna yuzlarini mamnunlik yeli silab oʻtdi. Shokir bu oʻzgarishlarga parvo qilmay davom etdi. – Sen, eng avvalo, bola tarbiyasida yanglishgansan. Biz yoshlarni yomon deyishga haqli emasmiz. Ular qanday yomonlikni odat qilishgan boʻlishsa, osmondan emas, oʻzimizdan olishgan-ku? Ular bizlardan yaraldilarmi, axir, odobni, qanday yashashni bizlardan oʻrgandilarmi. Osadigan boʻlsak, avval oʻzimizni osaylik, yoqadigan boʻlsak, avval oʻzimizni yoqaylik. Agar oʻgʻli yomon boʻlsa, faqat Shojalil emas, men ham, senlar ham aybli. Oshnamiz, deymiz, aka-ukamiz, deymiz, ogʻiz-burun oʻpishamiz, maza-bemaza hazillar qilamizu jiyanimiz qanday oʻsyapti – bilmaymiz.

– Domlajon, sen osmondan turib gapirma, esingdami…

– Turgʻunboy, qoʻy oshnajon, vaqt koʻmib yuborgan narsalarni kavlab chiqarma. Boʻlar ish boʻlgan. Qariyalar uyida besh-oʻn kun yotgandir. Mana, burniga suv kirib, qaytib kelibdi. Oʻzining uyida yashovradi, senlaram oʻsha bir kosa ovqatlaringni chiqarovrasanlar.

– Choʻtir, kallaga zoʻr fikr keldi, – dedi Obid maktab bolasi kabi qoʻl koʻtarib.

– Qaynsinglimni bunga tiqishtirma. Men endi bunga boja boʻlishdan orlanaman.

– Yana boshlayapsanlarmi! Qani, turlaring, maza-bemaza gaplar aytovrib, isqirtlaring chiqib ketdi. Shom kirmasidan soyga tushib, bet-qoʻllarni yuvaylik. Yengil tortamiz. Birga namoz oʻqisak, Poʻlatni duo qilsak savob boʻladi.

– E, bormisan, Soʻfijon, indamasang bularing dunyoni doʻzaxga aylantirib yuborishadi, – taklifdan mamnun boʻlgan Shojalil birinchi boʻlib joyidan jildi.

Barmoq izlari har xil boʻlganidek, tuygʻular ham bir xil emas. Shunga qaramay, bu ulfatlarning qalblari mehr zanjiri bilan bogʻlangan, zanjir halqasini faqat oʻlimgina uzishi mumkin edi.

Mirhosil ham turib, soʻridan tushdi-yu, ammo ularga ergashmadi.

– Yurmaysanmi? – dedi Mamasoli.

– Men senlarga oʻxshab yuvuqsiz emasman. Mening bet-qoʻllarim top-toza.

– Buning betlarini haligi… bojalari yalab qoʻyishgan, – Obid kulganicha oʻchoqboshi tomon yurdi.

– Shunaqangi hafsala bilan yalashgan-ki, yalovrib-yalovrib arining uyasiday oʻydim-chuqur qilib tashlashgan.

– Vey, Quloq, senga askiya aytishdi kim qoʻyibdi, sen soyingga tushovur. Orol dengiziday keladigan quloqlaringni yuvishga bu soyning suvi yetarmikin?

Mirhosil shunday deganicha soʻri yaqinida yolgʻiz oʻzi qoldi.

Oqshom ufq ortiga asta sudrala boshladi. Kechki shabada umri tugayotgan barglarni tortqilab shivirlaydi. Goʻyo bu barglar vido qoʻshigʻini aytishadi… “Oldingdan oqqan suvning qadri yoʻq”, deganlariday Mirhosil tabiatning bu ajib manzarasiga parvo ham qilmaydi.

– Mirhosil, senam tushsang boʻlardi, sal hovuring bosilardi. Bugun chap tomoning bilan turganmisan, odam zoti koʻzingga xunuk koʻrinyapti, – dedi Toʻlqin.

Mirhosil nishini kimga sanchishni bilmayotgan garang ari holida turganida Toʻlqin tilga kirib, bu nishga oʻzi roʻpara boʻldi:

– Odam zoti dedingmi? Yoʻq, adashding, – dedi Mirhosil unga yaqin kelib. – Odam zoti koʻzimga hecham xunuk koʻrinmaydi. Oma odam kepatasidan chiqqanlarga toqatim yoʻq. Birinchi galda senga, Toʻqim. Feʼlimning aynishi uchun chap tomonim bilan turishim shart emas, seni koʻrganimning oʻzi yetarli.

– Hadeb karillayverma, senga yomonlik qilmaganman.

– Agar Poʻlatning oʻrniga men qamalganimda, qutilib chiqqan kunimoq seni boʻgʻardim. Poʻlatni olib ketishganda, rosti, seni oʻldirmoqchiydim, shu bollar yoʻlimni toʻsishdi.

– Oʻldirovursang boʻlarkan, meni bu azoblardan qutqararding. Bir lahzalik qoʻrqoqligim uchun Xudo meni bir umrga jazoladi.

– Sen oʻshanda oʻlimdan qoʻrqdingmi?

– Yoʻq… – Toʻlqin chuqur uf tortib sukut saqladi. Keyin alamli ovozda dedi: – bolalarimning yetim qolishidan qoʻrqdim.

– Ikkovi bir emasmi?

– Mirhosil… soʻkasanmi, urasanmi, oʻldirasanmi, mayli, haqing bor, sendan ranjimayman. Sen-ku, sen… men oʻzimni oʻzim kechirolmayman. Qancha tunlarni uyqusiz oʻtkazaman. Hech kimga bilintirmay… yigʻlayman. Poʻlat chiqib kelganda senlar quvondilaring. Uni eson-omon koʻrib shodlandimu oma senlarga oʻxshab sirtimga chiqara olmadim. Koʻkragimni muzdek yerga berib yotdim. Yer shundaygina yorilsa-yu, bagʻriga ola qolsa, dedim.

– Xoinlardan yer ham bezor, bagʻriga olmaydi.

– Bezormi… baribir, oladi bagʻriga.

– Sharmandalik yuki bilan kirasan. Urushda poshistlar “Bu – partizan”, deb taxtaga yozib, boʻyniga osib qoʻyib keyin otishgan. Agar mendan oldin oʻlsang, uyingga borib, kafaningga “Bu – xoin” deb yozib qoʻyaman.

– Choʻtir, bunchalik beshafqat boʻlmagin. Har holda, biz begona emasmiz. Butun umrim xoinlik bilan oʻtmadi-ku? Bir martagina adashdim. Bolaligimiz hurmati, buncha qiynama, oshna.

– Bolaligimizni tek qoʻy. Bolaligimiz oppoq dasturxonday boʻlib qolgan. Endi iflos oyogʻing bilan bosma uni.

Mirhosilning keskir qilichday soʻzlariga koʻnikib ketgan Toʻlqin javob qaytarmay, sogʻinch ohangida, xuddi oʻzi bilan oʻzi gaplashayotganday dedi:

– Men koʻp eslayman. Koʻchalarda soqqa quvishlarimiz…

– Oʻsha oʻyinda ham gʻirromlik qilarding.

– Unda hammamiz gʻirromchi edik. Oma dilimiz begʻubor edi. Sen chechak bilan ogʻriganingda enang “yuqib qolmasin”, deb bizlarni haydardilar. Biz baribir yoningga kelovrardik. Buqoq sariq bilan ogʻriganida…

– Ha, raysentrgacha opichib olib borgansan. Hali ham minnat qilib yuribsanmi?

– Minnat uchun aytayotganim yoʻq. Sariqni tuzatish uchun qonni almashtirish kerak, deb eshitib hammamizning qon topshirgani borganimizni eslatmoqchiydim. Qon emas, jon deyilsa, jonimizni ham topshirardik oʻshanda. Shunaqa ahil edik, begʻubor edik… oppoq dasturxon deganing oʻrinli.

– Biz hozir ham shundaymiz. Faqat sen boʻlakchasan.

Oʻzaro gap talashayotgan qariyalar ayni chogʻda goʻyo daryoning ikki sohilida turardi, ammo umrlari bir daryo suvida oqib borayotganini, mavjlar yelkanlari titilib ketgan kemalarini bir manzilga yetkazib borajagani oʻylab koʻrishmasdi. Til zahridan yuragi yaralangan Toʻlqin chuqur uf tortdi-da, hazin ohangda davom etdi:

– Boʻlakcha emasman. Hozir Poʻlatning oʻrniga joningni ber, degin…

– Qoʻy, Toʻqim, joning oʻzingga buyursin. Bunaqa mardlikni yoshlikda qilish kerak. Erta-indin oʻladigan joning kimga kerak?!

– Qahring muncha qattiq, Choʻtir? Musulmon musulmonning aybini uch kundan keyin kechvorishi kerak ekan.

– Shunaqa gaplarni ham bilasanmi? Soʻfi oʻrgatdimi, deyman? Soʻfidan soʻra-chi, xiyonatchi ham musulmonga kirarmikin? Xiyonatchini uch kun kechirishmas, uch kun ichida oʻldirvorish kerak.

– Xiyonat deyovrib ham jonimni olding-da!

– Uch kundan keyin kechirish kerak, deb mana bunaqa, – Mirhosil Toʻlqinning koʻzi ojizligini unutib, narda oʻynayotganlarni ishora qildi, – yoshlardi rasvoi jahon qildilaring. Doʻstni sotvorish bularning osh-ovqati boʻlib qoldi. Kim nima desa deyovursin, mening gapim bitta: xiyonat sira kechirilmasligi kerak. Xiyonatchilarning mozorini ham boʻlak qilib qoʻyish kerak. Oʻtgan-ketgan shu mozorga qarab tupurib oʻtsin. Sen doʻstga xiyonatni kichkina gap deb oʻylayapsanmi? Yoʻ-oʻq, Toʻqimboy, bugun doʻstga xiyonat qilgan ertaga Vatanini ham sotvoradi. Indinga Xudoni bozorga solishdan ham qaytmaydi.

– Sen kechirmasang kechirmaginu oma meni unaqalarga tenglashtirma. Oradan ellik yil oʻtdi-ya!

– Ana koʻrdingmi, sensiz ellik yil ulfatchilik qilibmiz. Sensiz yana ellik yil bemalol yashashimiz mumkin ekan.

– Ha… til seniki, gapiraver, oshnam. Yillar boʻyi dilimni ogʻritaverishingga koʻnikib qolganman, ammo ulugʻ yoshga yetib feʼling oʻzgarmaganiga ajablanaman, xolos.

Qatlama yillar oraligʻiga oʻtmish xotiralari choʻkib ketganday boʻlgani bilan qat-qat kunlarning orasida naqshlangan izlar oʻchmaydi. Oʻtib ketgan vaqt gʻildiragining poyonsiz chuqur izidagi afsuslar ham oʻchmaydi… Dovulli kunlar oʻtadi, zulmat tunlar ham oʻtadi, biroq izlar mangu qoladi. Toʻlqin buni biladi. Bilgani uchun ham bu oshnasi bilan astoydil olisha olmaydi…

Mirhosilning soyga tushmay qolishidan maqsadi, Toʻlqin bilan gap talashish emas, unga ayvondagi yigitlarning oʻtirishi yoqmayotgan, iloji boʻlsa, ularni yoʻqotishni fikr qilgan edi. Toʻlqin bilan gaplasha turib u tomon damo-dam qarab, fikri qatʼiylashdi. Keyingi gapini gapira turib, ularga baralla tikilib qoldi.

– Toʻqim, sen mingʻirlab, men baqirib, baribir murosaga kelolmaymiz. Tek oʻtirovur. Siqilib ketayotgan boʻlsang, uyingga joʻna. Kelganingni Poʻlatga aytib qoʻyarmiz.

Toʻlqin uning talabiga javob bermadi. Dahanini asoga tirab oʻtiraverdi. Mirhosil esa qanday chora koʻrishni bilmay tikilganicha turib qoldi. Gamlet uning bu turishidan xavotirlanib, soatiga qarab oldi:

– Vaqt boʻlib qolibdi. Nu, nima qildik, Joker, staryo ketadiganga oʻxshamaydi.

– Qoʻyaver. Bularning oʻtirishi menga yoqyapti, – dedi uchinchi yigit, – ment adashib kelib qolsa, bularni koʻradi-yu, bu yoqqa oʻtmaydi. Kechasi bilan oʻtirishsa ham, mayli.

Joker uning gapini quvvatladi:

– Menam shunaqa deyapman.

– Esingdan chiqarma, – dedi uchinchi odam Gamletga tik boqib. – Boshqa narsalarga alahsimay, oq qoʻlqopning barmoqlaridan koʻzingni uzmaysan. U qishin-yozin bekorga qoʻlqop kiymaydi. Barmoqlarini ayaydi, xunasa. Bir baloni sezadi bu barmoqlari. Agar yutadigan boʻlsa, indama, yutaversin. Lekin katta tushma, hovliqma, – Gamlet “maʼqul” ishorasini qilgach, u Jokerga qaradi. – Odamlaring tayyormi?

– Tayyor. Oʻsha burilishda kutishadi. Pishiqlab qoʻyganman.

– Oʻldirib qoʻyishmasin tagʻin. Pulni olib, panjasini ezib qoʻyishsa boʻldi, a?

– Xuddi shunaqa boʻladi. Avval sizni sal-pal papalashadi, keyin unga oʻtishadi.

Gʻoz yurish bilan yaqinlashayotgan Mirhosilga koʻzi tushgan Gamlet sheriklarini past ovozda ogohlantirdi.

– Polundra! Staryo kelyapti, – shunday degach, qoʻlidagi toshni taxta ustiga tashladi-da, ovozini koʻtardi: – Vah! Oltiga-olti! Boʻldi, tamomsan, yigʻishtir, – xuddi Mirhosilning yaqinlashganini tasodifan koʻrib qolganday u tomon qaradi: – Keling, boboy.

– Vey, “boboy” deganing nimasi, a? Tanglayingni qaysi tatar domla koʻtargan. Boya bir aytding, indamovdim.

– Endi bu modniy-da, bizlar gorodskoy boʻlsak…

– E, gorodskoyingga urayin seni.

– Qani, boboy, oʻtiring, pliz, – deb uchinchi yigitning yonidagi boʻsh oʻrinni koʻrsatdi.

– Yana “boboy” deydi-ya!

– Togʻa, bu bolaning tilini qargʻa choʻqigan, parvo qilmang, oʻtiring, picha dam oling.

– Ha, togʻa, pliz, choy chaqiraymi, yo oqsoqoldan yuztagina olasizmi? Bel baquvvatmi, chogʻingiz keladimi biz bilan olishga.

– Chogʻimmi? – Mirhosil qoshlarini chimirib, unga gʻazab bilan tikildi: – Uyda mishigʻingni otang artarmidi yo oʻzing artadigan boʻp qolganmiding? Qani, quy-chi. Toʻldirib quy, ha. Endi oʻzingga quy. Qani, otdik! – Bir koʻtarishda ichib, “kuf” deb qoʻydi-da, Gamletga qaradi: – Ha, omaysanmi?

– Biz bunaqa dikiychasiga olmaymiz. Boʻlib-boʻlib olamiz. Ichishning ham kulturasi bor.

– E, kulturangga urayin seni, olasanmi yo yoʻqmi?

– Gamlet, arining uyasini kavlab qoʻyding, ol endi, gapingga otvechat qil, – dedi uchinchi yigit sherigiga tanbeh berib.

Gamlet norozi qiyofada aftini burishtirib qoʻyib, piyolani koʻtardi. Ichayotib qalqib ketgan edi. Mirhosil zaharxanda qildi:

– Iliklaring boʻsh senlarning. Biz Leningrad qamalidan chiqayotganimizda…

– Boboy, boboy, pojalusta, politikani qoʻying. Biz otdixga kelganmiz, – dedi Gamlet labini kafti bilan arta turib.

– Shunaqami?! – Mirhosil gʻazabini yashirmay, unga qattiq oʻqraydi: – Boʻlmasa, yana bittadan quy.

Gamlet Mirhosilning piyolasiga quyib, oʻzinikini sal chetga surdi, uning bu qiligʻi qariyaga yoqmadi:

– Oʻzingga-chi?

– Men pas, ichmayman.

– Ichasan.

– Zoʻrlashni zakoʻn koʻtarmaydi, boboy, e, uzr, togʻa.

– Baqqa ol! E, yigit boʻlmay ket sen!

Shishani tortib olib, Gamletning piyolasiga toʻldirib quyib uzatdi. Gamlet boʻyin tovlamoqchi edi, uchinchi yigitning bosh chayqab qoʻyganini koʻrib, noiloj oldi. Mirhosil uning ichishini kutmay, gapini davom ettirdi:

– Biz Leningrad qamalida necha kun boʻlganmiz, bilasanmi? Bilmaysan. Och qolganlarimizni ham bilmaysan.

– Iltimos, togʻa, politikani toʻxtating. Terpeniyam do predel boʻldi.

– Men senga Leningrad qamalini gapiryapman!

– Menga bu politika absolyutno kerakmas.

Gamlet ilkis aytib yubormadi, bilib gapirdi. Oʻyinlardan tinkalari qurimay, ishratlardan bezmaydigan, ovozlaridan hech mahal horgʻinlik sezilmaydigan bu yigitlarni urush fojialari, odamlarning alamli taqdirlari mutlaqo qiziqtirmas edi. Bu loqaydlik, bu bemehrlik bilan murosa qila olmaydigan Mirhosilning vujudini gʻazab alangasi qamrab oldi:

– Shunaqami?

Gʻazab oʻtida qovrila boshlagan Mirhosil qoʻlidagi aroqni uning basharasiga sepdi-da, piyolani stol ustiga tashlab, shu zahoti yigitning yoqasiga chang soldi. Yigit oʻzini himoya qilishga ulgurolmay ham qoldi:

– Poshistni qanday boʻgʻganimni koʻrsatib qoʻyayin, keyin bilasan, nimaning absalutna kerakmasligini!

Gamlet qariyaning choʻyanday qattiq changalidan qutilishga urinib, tipirchilay boshladi. Joker esa “Oʻldirib qoʻymasin!” degan xavotirda Mirhosilni quchoqlab olib, chetga tortmoqchi boʻldi. Uchinchi yigit qariyaning bilagiga osildi. “Bu olamning zoʻrlari bizmiz”, deb kerilib yuruvchi uch yigitning harakati bu qariyaga chivinday ham taʼsir qilmadi. Choyxonachining yordamga kelishi ham foyda bermadi. Agar soydagilar chiqib kelib, aralashishmaganida tipirchilayotgan yigit masalasi hal boʻlishi aniq boʻlib qolgan edi. Gʻazab otashida oʻzini yoʻqotgan Mirhosil uni xuddi fashistni boʻgʻganday boʻgʻa boshlagan edi.

Mirhosilni ajratib olishgach, uch yigit shoshganicha ichkariga kirib ketdi. Mirhosil ham ular ketiga tushmoqchi edi, oshnalari boʻshatishmadi. Qafasdagi sher holiga tushgan qariya alamini kimdan olishni bilmay, qoʻrquvda turgan choyxonachiga qarab zahrini sochdi:

– Sen xunasa, samovarxonani shunaqalarga makon qilib qoʻydingmi? Men hali bulardi urugʻlarini quritaman.

– Unday demang, taqsir, kim kelsa samovarxonaning eshigi ochiq. Dam unday, dam bunday odamlar kelishadi-da.

– He, oʻsha ochiq eshigingga…

Mirhosil boʻralab soʻkishni boshladi-yu, avjiga chiqqanida birdan toʻxtab, koʻcha tomon qarab qoldi. Boshqalar ham oʻsha tomon oʻgirilishdi. Adolat bilan Telmanning kirib kelishi barchalarini hayratga soldi. Shifoxonaga qarab borayotgan Adolat qariyalarga koʻzi tushib, choyxonaga burildi. Ularga yaqinlashib, goʻyo nimanidir tekshirayotganday bir-bir qarab chiqib, keyin salomlashdi:

– Salom, yigitlar.

– Ie, Adol, oʻzingmisan? – dedi Turgʻun ajablanganini yashirmay.

– Ha, oʻzimman.

Qisqa salomlashishdan keyin oraga tushgan sukutni Shojalil buzdi, Adolat tomon bir qadam tashlab, qoʻl uzatdi:

– Salom, yaxshi qiz. Keling, nechuk?

– Poʻlatning tobi qochib qolganmish, deb eshitdim.

– Shuni eshitib atay shahardan yetib keldingmi, a? Qaydan eshita qolding? Biz shu qishloqda turib endi bildik. Sen shaharda turib eshitibsan-da, a? Manov kim, oʻgʻlingmi?

– Ha, oʻgʻlim, tanidingmi?

Davraga yaqinlashgan oʻgʻilning olazarak nigohi yigitlar qoldirib ketgan shishaga tushib, qotib qolgan edi.

– Tanishga tanidim, oma oʻgʻling soqov boʻpqolganmi, deyman?

– Nega? Ha… Telmanchik, amakilaring bilan darrov salomlash.

Telman koʻzini shishadan uzmay “Salom”, deb qoʻydi. Turgʻun norozi nigohini yigitdan uzmay yana soʻradi:

– Adol, bu kimning oʻgʻli?

– Meniki, dedim-ku?

Telman bu savol-javobga ahamiyat bermay, davrani chetlab oʻtib, stolga yaqinlashdi-da, piyolaga aroq quyib ichib, oʻrindiqqa yastanib oʻtirib oldi. Bu qiliqdan gʻashlangan qariyalarning har biri uning betiga shapaloq tushirishga tayyor boʻlsa-da, oʻqrayib qoʻyish bilan cheklanishdi. Turgʻun gʻazabini ichiga yutib, boshlab qoʻygan savol oqimini davom ettirdi:

– Ha, endi yarmi seniki ekani aniq, qolgan yarmi-chi? Otasi kim, deyman?

– Ha, endi bilmay qoldingmi? – dedi Adolat chimirilib. – Otasi – Poʻlat!

– Buning tugʻilganida Poʻlat qamoqdamasmidi? – dedi Shojalil.

– Yana eski paxtani chuvyapsanlarmi? Oʻzing kim boʻpsan-ki, senga hisob bersam? Poʻlat qamoqdaligida uni ikki marta borib koʻrganman. Bolaning otasi kimligini oʻzi yaxshi biladi.

– Toʻyda tugʻilgan bolaga – “Toʻychivoy”, yoʻlda tugʻilganga – “Yoʻlchivoy” deb ism qoʻyiladi. Unda seniki “Turmavoy” boʻlishi kerak edi. Hali ham “Telman” deb yuribsanmi?

– Qariganingda sassiq chol boʻlasan, derdim, yanglishmagan ekanman.

Oʻchoqboshidagi ishini tamomlagan Obid Adolatni koʻrib, shu tomon yurdi. Ayolga yaqinlashmayoq gapini boshlab yubordi:

– Adol? Oʻzingmisan, Adol? Voy-boʻ… ado boʻbsan-ku, Adol? Yuzingni torttirib turarding, nima, pul qolmadimi? Sen bunaqa yurma, oʻzingga qara. Qanaqangi jonon eding-a!

– Toʻgʻri aytasan, Obid, – deb gapga qoʻshildi Shokir. – Goʻzal qarisa, bir fojia, amaldor goʻzal qarisa, ming fojia. Bechoraga qiyin: ham chiroydan, ham amaldan ajragan.

– Oʻ, domla. Shuning oʻzi boʻlsa goʻrga edi. Jonon eridan ham ajrasa-chi?

Shokirning oʻrniga Shojalil javob berdi:

– Battar boʻlsin…

Adolat koʻzlaridan nafrat uchqunlarini chaqnatib, xuddi urib yuborishga qasd qilganday Turgʻunga roʻpara boʻldi:

– Buqoq, senga kim qoʻyibdi falsafa soʻqishni, bas qil!

– Adol, bu yoqqa qara-chi, – dedi Mirhosil. – Toʻqimni taniyapsanmi, qara, yakka moxov boʻlib oʻtiribdi. Sening jazmaningni deb oshnasini sotgan edi.

– Bunaqa gapni sen ahmoqlar oʻylab topgansanlar. Hech qachon jazmanim boʻlmagan mening. Tozaligimni Poʻlat biladi. Senlar sasishdan boshqani bilmaysanlar.

– Poʻlat shu kunga dovur seni bizga toza deb keldi, – dedi Turgʻun. – Biz ham uning koʻngliga qarab “Xoʻp”, dedik. Oma u valdirayveradi. Har birimizning koʻzimiz bor, qulogʻimiz bor, farosatimiz bor. Mayli, oʻtgan ish oʻtdi, toza boʻlsang tozadirsan.

– Menga qara, Adol, oʻgʻling ado boʻpti-ku? – Obid shunday deb Telmanga qarab kuldi.

Adolat oʻgʻliga yaqinlashib, yelkasidan ushlaganicha silkidi:

– Ha, ichmay oʻla-a, shu yerda ham iskab topdingmi?

– Yigitning nasibasi koʻchada boʻladi, mamul, – dedi Telman shodonlik bilan.

Adolat harakati samarasiz ekanidan afsuslanib, Obidga qaradi:

– Meni shu kuydirib qaritdi.

– Uylanganmi, bola-chaqa bormi?

– Shunga kim tegadi, kim chidaydi?

– Men uylanishni vaabshe xohlamayman, – dedi Telman qoʻlini paxsa qilib.

– Senga qiyin boʻlibdi, Adol. Menga qara, sen bunaqa yurma, erga teg, – dedi Obid uning gapiga ham, harakatiga ham parvo qilmay. Mirhosilga bu taklif maʼqul kelib, oshnasini qoʻlladi:

– Boz toʻgʻri aytyapti, ana, Toʻqim ham beva, ikkoving qorongʻida topishadigan sortidansanlar.

– Bunga koʻnmasang, ana, Shojalil quloq ham gʻirt beva, nima deysan?

– Fu, senlar er boʻldilaringmi hali?

– Oʻh-hoʻ, dimoq hali ham baland-ku! – dedi Turgʻun oshnasiga qarab.

– Baʼzilar shunaqa kibrli boʻladilar. Otdan tushsalar ham egardan tushmaydilar. Oma lahadga egarsiz qoʻyiladilar, – dedi Mamasoli.

– Fu, gaping qursin sening.

Aytadiganini aytib boʻlgan Obid oʻchoqboshi tomon shoshildi. Turgʻun esa davom etdi:

– Adol, qoʻyovur bulardi. Shaharda choʻrt-poʻrt chollar koʻp, oʻshalarga tegovur. Oma sen bizga bir narsani ayt: hoynahoy, sen Poʻlatni koʻrgani kelmagansan. Bu soʻltamatingni ham bekorga boshlab kelmagandirsan? Raysentrda yurganingni kecha eshitganman.

– Eshitsang nima boʻpti? Men qishlogʻimni sogʻinib keldim. Uyga borsam, qoʻshnilar Poʻlatni kasal, deyishdi. Domlanikiga borsam, shaharda, deyishdi. Domla, oʻqiyotganmishsanmi?

– Ha. Endi… sal chalasi borakan.

– Gapni burma, – dedi Turgʻun jerkib. – Yana uyning dardida kelgandirsan?

– Senga nima kuykiligi tushdi? Uy meniki, xohlasam talab qilaman, xohlasam tortib olaman.

– Bekor aytibsan, bu uyning bitta gʻishtida ham haqing yoʻq. Uy happai halol Poʻlatniki. Biz oʻlib ketganimizdan keyin ham arvohlarimiz seni bu uyga yaqinlashtirmaydi, bilib qoʻy.

– Adol, uzoqroq boʻlsa ham qarindoshimsan, shuning uchun dangal bir gapni aytay, ranjima, – dedi Shojalil. – Oʻgʻlingning arogʻiga pul yetmayotgan boʻlsa, biz beraylik. Sen ket bu yerdan. Sen oshnamizni bir marta xorlagan xotinsan, endi xafa qildirib qoʻymaymiz, ha! Kasal odamga koʻrinib, yarasini yangilama, ket, Adol!

– Bekorginalarni aytibsanlar! Uyga mening haqim boʻlmasa, oʻgʻlimning haqi bor. Bekor kelib, bekor ketvoradigan ahmoq emasman men.

– Adol, bular bilan oʻchakishma, tinchgina keta qol, – dedi Toʻlqin. – Men ellik yildan beri bulardan kechirim soʻrayman. Bular ham kechirishmayapti, Xudo ham kechirmayapti. Seni ham Xudo urib qoʻyganga oʻxshaydi. Qariganingda qishloqdagi uyni nima qilasan? Goʻringga orqalab ketasanmi? Ket, endi bu yerlarga boshqa kelmagin.

– Jinni boʻpsan! Qishlogʻimni koʻrishga ham haqim yoʻqmi?

– Endi sen bu yerlarga begonasan.

– Shunaqami? Buni hali koʻramiz!

Shasht bilan yurmoqchi edi, Mirhosil chaqqonlik qilib, yoʻliga gʻov boʻldi:

– Qayoqqa?

Yoʻlidagi toʻsiqni bir zarb bilan mahv etib oʻtishga koʻzi yetmagan Adolat xuddi koʻmak istaganday oʻgʻli tomon qarab oldi. Shishaning yuqini tomchilatib quyayotgan Telmanning onasi bilan mutlaqo ishi yoʻq edi. Adolat chorasizligini oshkor qilmaslik uchun zaharxanda qildi:

– Men Poʻlatni koʻrishim kerak.

– Shu yerdan qaytasan. Ana, sheriging ham oʻtiribdi, oʻtolmay.

Telman onasidan koʻz uzmagan holda aroqning yuqini ichib olgach, “Mamul nokaut”, deb kuldi. Adolat bu hukmni eshitsa ham eʼtibor bermay, Mirhosilni chetlab oʻtmoqchi boʻlganida Rixsini koʻrib toʻxtadi. Rixsi ham uni koʻrib ajablanganicha toʻxtadi, keyin oʻzini qoʻlga olib, ogʻir-ogʻir qadamlar bilan yurib kelib, sal narida toʻxtab salom berdi. Bu holatdan ajablangan qariyalar chekinib, ikki ayolni bir-biriga roʻpara holida qoldirdilar. Butunlay chetga chiqishga hech birining istagi boʻlmadi.

Adolat salomga alik olmay, Rixsiga oʻqrayganicha turdi. Bundan gʻashlangan Rixsi unga tik qaramay, yana soʻrashdi:

– Adolat opa, keling…

– Sen ham shu yerdamiding? Ha… qayerda ham boʻlarding… Bu qopagʻonlarni sen bogʻlab qoʻygan ekansan-da?

– Unaqa demang, yaqinginada eshitib kelishdi.

– Poʻlatga nima boʻldi?

– Yuraklari sal…

– Unda yurak borligini ikkinchi marta eshitishim. Bir marta sen yuragidan uruvding. Mana endi yuragining mazasini qochiribsan. Nima qilib qoʻyding oʻzi? Axir, sen… – koʻzlarini suzib qarab, piching ohangiga oʻtdi: – yaxshi xotin eding-ku? Tuzukroq qarasang oʻlarmiding?

– Xudo bergan dard-da, men nima qila olardim?

– Meni qoʻyib senga uylansa, xuddi ming yil baxtiyor yashaydiganday edi. Toʻkib qoʻyibsan-ku? Men shunaqa boʻlishini bilardim. Shunaqa yotganini koʻrishga orzumand edim. Hali bundan battar xor boʻlishi kerak.

– Yomon niyat qilmang, opa, Xudo saqlasin!

– Yomon niyat yoqmaydimi senga, oʻsha paytda meni yomonotliq qilganlaring-chi?

– Sizni yomonotliq qilmaganmiz. Oʻzingiz… meni oʻgʻriga chiqargan edingiz.

– Toʻgʻri, oʻgʻri eding. Sen mening eng noyob narsamni oʻgʻirlading: sen er oʻgʻrisisan.

– Yoʻq, opa, men oʻgʻri emasman. Siz “noyob narsa” deyapsiz. Poʻlat aka narsa emaslar. Lekin siz u kishini narsa sifatida chiqitga chiqaruvdingiz. Sizning eringiz Poʻlat aka emas, amal stoli edi. Oilangiz ham, bolangiz, eringiz ham mansab edi.

– Valdirama. Tillaring uzayib qolibdimi? Seni ishga olib, odam qilmaganimda yurarding oʻsha yirtiq kalishingni sudrab. Sen kotiba emas, aygʻoqchi eding. Men haqimdagi hamma mish-mishlarni sen tarqatgansan. Seni oʻshanda qamatmay chakki qilgan ekanman. Qamoqda chirishing kerak edi.

– Tepamda Xudo bor. Shu yoshga kirgunimcha ham tilimni tishlab yashadim. Sizga otilgan tayoqning bir uchi Poʻlat akamga tegardi. Shuning uchun koʻrganlarimni koʻzlarim ortiga yashirib qoʻyaverganman.

– Boʻpti, yaxshi, men Poʻlatni koʻrib, gaplashishim kerak.

– Doʻxturlar qoʻyishmaydi. Ular ruxsat bersalar ham men qoʻymayman.

– Anavi, – Telman tomon bosh irgʻadi, – Poʻlatning oʻgʻli, otasini koʻrishga haqi bormi?

– Haqi yoʻq. Shu paytgacha otasini bir marta yoʻqlamagan oʻgʻil oʻgʻilmi?

– Otasining ostonasida bir jodugar bor edi, shuning uchun kelolmasdi.

– Shunaqami?.. – Rixsi ogʻir-ogʻir nafas olib, endi unga tik qaradi. – Jodugar hali ham poylab oʻtiribdi, bekor kelibsizlar.

Adolatning nazarida boshidagi baxt tojini Rixsi ayovsiz qoʻllari bilan yulib olib, oʻz boshiga qoʻndirib olganday edi. Shu bois nafratini sochishdan tiyilmadi. Qalbi tosh, mehr choʻgʻi oʻchgan, aql shami ham jimgina oʻchib borayotgan bu xotindan yana nima kutish mumkin?

– Yana bir qaytar: jodu-gar! Chiroyli aytding. Sen chindan ham jodugarsan. Erimni jodu qilib olgansan. Poʻlat faqat meni yaxshi koʻrardi. Yoshlikda bergan koʻngildan hozir ham kecha olmaydi. Sen buni tushuna olmaysan. Senga nafsni qondirishga bir er boʻlsa boʻlgani. Men Poʻlatning urushdan qaytishini kutdim, qamoqdan qaytishini kutdim… Balki, kutadigani bor boʻlgani uchun ham tirik qaytgandir, a? Oʻshanda qancha er chiqdi, tegmadim. Sen yulib olganingdan keyin ham er qilmadim. Chunki menda yurak bor, muhabbat bor. Sen bunaqa tuygʻularni tushunmaysan. Sen eski kalishini sudrab yuruvchi qoloq xotinsan.

“Ginalarim koʻzyoshlarim singari behudadir”, deb hisoblagan Rixsi “Taqdirda bor ekan-da, taʼnaning foydasi yoʻq”, deb yashashga koʻnikkan edi. Xavotirli yuragi qalqib turgan onda Adolatga qarshi gap aytgisi keldi:

– Toʻgʻri, opa, men koʻp narsalarni tushunmayman. Hozir ham hayron boʻlib turibman. Siz oʻzingiz ham ishonmaydigan gapga meni ishontirmoqchisiz. Siz uchun er oshiqcha bir boʻyinturuq edi-ku? Siz erkinlikni yaxshi koʻrardingiz. Esingizdami, ajrashganlaringizdan keyin “Xudoga shukur, endi men erkin qushman!” deb xoxolab kulgan edingiz. Siz oʻshanda uchishga koʻngil qoʻydingiz-u, bir kuni qoʻnishingizni oʻylamadingiz. Sizning ichingiz alamu nadomatga toʻlib ketgan, ammo yorila olmaysiz. Siz bu dunyoda hamma narsadan ayrilgansiz. Alamingiz shundan. Choʻkayotgan odam xasga tirmashadi, deyishadi.

Rixsi nozik joydan tutdi: ishq faslining oʻlchogʻli ekanini bilmagan Adolat chindan ham oʻsha paytlar oʻzini gʻoyat masʼud hisoblardi, holbuki, umrini puch xayollar zindonida oʻtkazayotgan edi. Bu zindon eshigi qulfloqlik. Yopiq eshik ostonasida iblis poyloqchi edi. Hayoti boʻm-boʻsh ekanini fahm etmas, qulf ochqichini topishga urinmasdi. Puch xayollar zindonidan ozodlikka chiqqan xotinni nima kutadi? Baxtiyorlik yoʻlini toʻsib qoʻyganlikda ayblab, shum taqdirni laʼnatlay-laʼnatlay kun koʻrishmi? Azobli oxiratga duch kelganida ham, aybni boshqalardan qidirib yuribdi. Umrini bekorchi havaslar shamolida sovurib qarigan xotinning qalbi uygʻonishiga, mehr chashmasi toshib chiqqaniga kim guvoh boʻlgan?

Rixsi shu paytgacha Adolat bilan teppa-teng olishmagan edi. Uni mute ayol, deb yurgan Adolatga keyingi gaplar betga sochib yuborilgan choʻgʻlardek taʼsir qilib, sachrab ketayozdi, unga qattiq tikildi: och nigohi qorachiqlarning ortiga yashiringan sirlarni kovlab olishga qasd qilganday edi.

– Nima demoqchisan, Poʻlat xasu, men tirmashuvchimanmi? Bekor aytibsan. Qoʻrqma, eringni sendan tortib olmayman.

– Uyni-chi?

– Ha… sening tashvishing shumi? Koʻchada qolishdan qoʻrqyapsanmi? Aqling baloga yetar ekan-ku, a? Erimni tortib olayotganingda nimani oʻylovding? Uyli-joyli er topib tegsang oʻlarmiding? Menga uy kerakmas. Lekin shu keraksiz uyni sendan tortib olaman. Koʻchada xor boʻlib yurishingni bir koʻrish uchun ham qaytarib olaman.

– Adashyapsiz. Uysiz xotin xor boʻlmaydi. Vaqtida boshqalarga mehr-oqibat koʻrsatmagan odam xor boʻladi. Uyni sotib olish yoki sotib yuborish mumkin, mehr-oqibat sotilmaydi, tillaga ham topilmaydi. Yana oilasining qadriga yetmagan odam ham xor boʻladi. Xudoga shukur, mening oilam bor. Mehr koʻrgizadigan yaqinlarim bor. Qarang, oʻzingiz bilgan shu ulfatlar bizni koʻchada qoldirisharmikin? Siz bu uyni bizdan tortib oling-chi, oʻsha daqiqada hammalari uylarini bizga boʻshatib berishadi. Siz bizning xorlanganimizni koʻrolmay dogʻda qolasiz. Bizga xorlik tilaguncha Xudodan soʻrang, opa, oʻzingizni xorlikdan asrasin. Oila degan neʼmatni sizga ham nasib etsin.

– Meni erga bermagan faqat sen qoluvding.

– Oila faqat erdan iborat emas-ku?

– Boʻldi, bas qil, aqlingni saqlab qoʻy. Boshqa joyda asqotadi. Qani, nari tur, men Poʻlatni koʻrib chiqayin.

Rixsi yoʻlni toʻsdi:

– Kirmaysiz, uyingizni olsangiz oling, ammo dadasini hozir bezovta qilmaysiz.

– Mening boshqa gaplarim ham bor.

Adolat shoʻrlik qalbi shu ayol tufayli oyoq osti qilingan, deb hisoblardi. Ha, qalbini “shoʻrlik” deyish haqiqatga ancha yaqin. Lekin buning Poʻlatdan ajralganiga hech bir daxli yoʻq. Bu qalbda muhabbat yoʻq edi. Uning shoʻri shundan… Buni bilmaydimi? Biladi! Faqat tan olgisi kelmaydi…

Ikki ayol orasidagi gap olishuvini davom ettirishda maʼno yoʻqligini anglagan ulfatlar izlariga qaytib, Adolatni oʻrab oldilar.

– Hoy, Adol, boʻldi, xiralik qilma. Ket degandan keyin ketovur-da. Darding uy boʻlsa, bor ana sudga! Sudni sotib olish qoʻlingdan kelsa, uyni ham olasan. Oma uyni buzib, gʻishtlarini bitta-bitta tashib ketasan, – dedi Mirhosil. Bu gap Turgʻunga maʼqul kelmay, uni qayirib tashladi:

– Xom gaplarni aytma! Uyni buzarmish… Qani, qadam bosib koʻrsin-chi! Hoy, sen Adolmisan yo shoqolmisan, nimasan?

– Hali ham itliklaring qolmabdi. Bitta xotinni itday talashdan uyalmaysanlarmi?

Onasining bu gapidan sergaklangan Telman sapchib turib, unga yaqinlashdi:

– Mamul, kim itday talayapti? Skaji, lichno oʻzim gaplashaman.

– Hey, mayda qadam, bor, joyingga oʻtir, yana yayib qoʻymayin, – dedi Mirhosil.

– Kak yayib qoʻyasiz? Mamul, skaji…

– Fu, protivniy. Bor joyingga, sami razberemsya.

– Mamul, ti tolko skaji, men bularni kak lepeshka qilib tashlaymi?

Oʻchoqboshidagi ishini tamomlagan Obid yigitning bu qiligʻi kamida bir shapaloq yoki musht bilan siylanishini anglab “Telmanjon, bu yoqqa kel-chi, jigarim”, – deb chaqirdi-da, oʻng qoʻlida choynakni koʻtarib, chap panjasining koʻrsatgich barmogʻi bilan tomogʻini chertib qoʻyib, maʼnoli ravishda imladi. Telman bu sirli imoni darrov anglab, onasini himoya qilish uchun turganini ham unutdi-yu, oʻchoqboshi tomon yurdi. Obidning qoʻlidan choynakni olib, qopqogʻini ochib hidladi. Keyin burniga ishonmay, joʻmrakdan simirdi. Toʻrt hoʻplam yutgach, chuqur nafas olib, valineʼmatiga qarab mamnun jilmaydi:

Gap yoʻq, bratan.

– Shu tag-tugi bilan senga, joyingga borib, tek oʻtir, uqdingmi?

Bu inʼom topshirilgandan keyin Telmanga “tek oʻtir” deyish shart ham emasdi. Shokir uning harakatini kuzatib, Obidga norozi qiyofada bosh chayqab qoʻygach, Adolatga yuzlandi:

– Adolat, sen amaldor xotin boʻlganingni unut. Oddiy xotin kepatasiga tush endi. Umring gʻirromchilik bilan oʻtdi. Endi halollik taʼmini ham tatib yashagin.

– Domla, bularning ichida tuzukrogʻi sen eding. Oʻylab gapiryapsanmi? Meni gʻirrom dedingmi?

– Ha, shunaqa dedim. Buni oʻzing ham bilasan, lekin tan olging kelmaydi. Oʻninchi sinfda oʻqiyotganingda nima uchun orden olgan eding?

– Mehnatimga yarasha olganman. Paxtani yaxshi terardim.

– Yaxshi terarding, lekin kuniga uch yuz kilo termagansan. Sen uchun terib berishardi.

– Siyosat shunaqa edi. Ayb menda emas. Domla, sen eskilikni titma.

– Sen ham oʻpkangni bos. Sening dardingga bu yerda davo yoʻq. Poʻlat bilan uchrashganingda ham hech nimaga erisha olmaysan. Uyni daʼvo qilsang, “Ana, ol!” deydi. Shu yoshga yetganida kim uy talashadi, esing bormi?

– Mening boshqa gapim bor bu oʻgʻrilarga.

– Oʻgʻri? Nimangni oʻgʻirlashdi?

– Manovi, – barmogʻini Rixsi tomonga bigiz qildi. – Erimni oʻgʻirladi. Poʻlat yoshligimni oʻgʻirlagan.

– Qoʻysang-chi, Adolat, bular oʻgʻirlagani yoʻq, oʻzing arzon-garovga sotding.

Shokirning bu gapi choʻgʻ ustiga suv sepganday boʻldi. Adolatning tutashdan boʻlak chorasi qolmadi. Poʻlat qamalganida hijron dardida sochlarini yulmagan edi. Chunki yuragi oʻsha yillari goʻyo sharob toʻldirilgan kosa edi, endi esa egasiz boʻsh yotoq kabi… Goho ravshan, goho xira olamda dabdabalar misli momaqaldiroq kabi oʻtdi-yu ketdi.

Roʻyobga chiqmas umidlar poʻrtanasiga shoʻngʻigan nodon baxtini topa olarmidi?

Oʻshanda Poʻlat qalbi eshigini ochgan edi, Rixsi kirdi va toʻlaligicha egalladi. Adolatga oʻrin qoldirmadi. Xiyonati tufayli bu qalbni tashlab chiqqan Adolat endi doʻzax eshigini qoqarmi? Maʼshuqning hajrida intizorni anglasa edi, tili tavbaga kelar, soʻng umrida picha halovat topa olardi.

Alhol, haqiqat bular tomonida boʻlganidan keyin gap talashib nimaga erishar edi?

Adolatga mana shu chorasizlik iskanjasi azob bera boshladi. Sukutning davom etishi yaxshilik alomati emasligini fahmlagan Shokir hukmini bayon qilib qoʻya qoldi:

– Boʻldi endi, hamma oʻtirsin, bu yerda gʻalva qilmaylik, – soʻri tomon yura turib Turgʻunga oʻgirildi: – Obidga qarashib yubora qol, oshni suzaversin. Adolat, sen ham oʻtir, hammamiz oshni yeb, keyin tarqaymiz.

Bu gap Mirhosilga yoqmadi:

– Sen oshni yeginu, manov ikki moxovni olib, oʻzing tarqayver. Biz qolamiz.

Shokir “Boʻpti, oshdan keyin gaplashamiz”, deb gapni qisqa qildi-da, Rixsiga yaqinlashdi:

– Biz bilan oʻtirasanmi?

– Yoʻq, yoʻq, bora qolay.

– Bir kosa suzib bersin.

– Voy, osh mumkinmas hozir u kishiga.

– Nasibadan qaytma, Poʻlat yemasa, oʻzing tatib koʻrarsan, doʻxtirlarga berarsan.

Shokir kosaga osh suzdirgach, uni bir necha qadam kuzatib borib, sekin soʻradi:

– Nimaga chiqqan eding, biron nima boʻldimi, yashirmay aytovur.

– Dadasi shu yerga yigʻilganlaringizni bilib, “chiqib salomimni aytgin, “joʻraboshilik amalini boshqaga beradigan ahmoq yoʻq, deyaptilar deb alohida aytgin”, dedilar.

Shokirga shu javob kifoya qilib, boshqa savolga tutmadi. Ancha choʻkib qolgan, ogʻir-ogʻir, bir-bir bosib uzoqlashayotgan ayolning izidan qarab oʻyga toldi: “u xok emas, gʻubor emas, kul ham emas, joni bor, gʻamlarini birovlarga ulashmaydigan tirik jon u. Rixsi… oʻtli hasratlarining figʻonlari quyosh botgani kabi, kechaning sukutiga gʻarq boʻlib keta olarmikin?.. Bu mushtiparning vayrona koʻngli umidi nima boʻlishi mumkin?”

Katta lagan ulfatlarga, kichikrogʻi Toʻlqin oʻtirgan soʻriga qoʻyildi. Adolat ularga nafrat bilan qarab turgach, ilojsizlik bilan Toʻlqinga sherik boʻldi. U tomonda oʻtirganlarda ham, bularda ham ishtaha yoʻq edi. Hatto baquvvat-baquvvat oshalaydigan Mirhosil ham choʻqilab-choʻqilab oʻtirdi. Osh ustida ortiqcha gap-soʻz boʻlmadi. Mirhosil choyxona tomon qarab-qarab qoʻyish bilan cheklandi. Oshnasining avzoyi chatoqligini sezgan Turgʻun uni kuzatib, sergak ravishda oʻtirdi. Bir oʻzi oʻtirib zerikkan Telman esa oʻrnidan turib deraza osha ichkariga qaradi-da, Obid inʼom etgan choynakni koʻtarib eshikka yaqinlashganda ostonada choyxonachi yoʻlini toʻsdi.

– Ha, birodar, yoʻl boʻlsin?

– Biz ham erkakmiz, bratan, bir qoʻl tortamiz.

– Birodar, joyingizda tinch oʻtirovring, – dedi choyxonachi ulfatlar tomon xavotir bilan qarab qoʻyib. Ostonada boshlanayotgan mojaroni koʻrib, Joker dik etib oʻrnidan turdi-da, choyxonachini chetga surib, Telmanga oʻzi roʻpara boʻldi:

– Ha, akaxon, tinchlikmi?

– Erkak, bir qoʻl tashlayman.

– Sizni kim chaqiruvdi?

– Kim chaqiradi? Ti chto, bratan? Sen inson huquqini poymol qilma. Yo mentmisan? Kim xohlasa oʻynaydi. Men kimman, bilasanmi? Telman porkerni eshitmaganmisan? Butun Toshkent meni koʻrganda titraydi.

Joker uning “poker”ni “porker” deyishidan kulib, piching qildi:

– Pul bormi, “porker”?

Telman choʻntagini kovlay-kovlay onasi tomon qaradi:

– Mamul, babki davay, hozir men bularga seans beraman.

– Akaxon, ozgina damingizni olib turing. Oʻyin hali boshlanmadi.

– Kak boshlanmadi? Oʻzim koʻrdim-ku?

– Koʻrganingiz boshqa… bekorchilikda pirra tashlab oʻtiribmiz.

– Porker ham boʻladimi?

– Boʻladi, boshlanganida oʻzim chaqiraman. Qani, yuzta-yuzta otaylik.

– Okey! Menda pul bor. Anavi vedma mening mamulyam, unda kucha deneg.

– Boʻldi, dedim-ku, oʻyin boshlansin…

Joker Telmanni qoʻlidagi choynakni olib, qoʻltiqlaganicha hozirgacha oʻtirgan joyiga qaytargach, piyolani toʻldirib aroq quyib beradi. Telman ichdi-yu, labini artishga ham holi qolmay, boshini qiyshaytirganicha qotib qoldi. Joker “qarab turing” degan maʼnoda choyxonachiga imlab, oʻzi ichkariga kirib ketdi. Sal turib, choyxona tomon uch kishi oʻtdi. Oʻtirganlar ularga eʼtibor qilishmadi. Xavotiri kuchaygan choyxonachi ulfatlarga ikki choynakda qaynoq choy keltirib, ularning nigohlarida norozilik ifodasini koʻrmagach, sal tinchib, oʻchoqboshiga bordi-da, kosalarga shoʻrva suza boshladi.

Osh yeyilib fotiha oʻqilgach, Mirhosil “endi ketasanmi?” deganday Shokirga qaradi. Shokir bu qarashning maʼnosini anglagan boʻlsa-da, javob bermadi. Mamasoli narigi soʻriga oʻtib, belbogʻini joynamoz qilib, xufton namozini oʻqib oldi.

Eski gaplar boshqa qoʻzgʻalmadi. Bir-birlaridan arazlaganday kamgap boʻlib qolishdi. Mirhosil bunday davrada oʻtirsa, yuragi tars yorilib ketardi. Hozir ham shunday boʻldi, joyida bir-ikki qimirlab olgach, soʻrining yuqori tomoniga surilib, yonboshladi. Agar kimdir birov “bagʻritoshsan”, desa, ranjiydigan, biroq inson yuragi bilan oʻynab, ozor berib qoʻyayotganini oʻzi sira fahm etmaydigan bu odamni oʻjarlik otidan tushira olish haligacha hech birlariga nasib etmagan. Turgʻun oyoqlarini uzatib, tizzalarini uqalay boshladi. Shu zaylda barchalari oldinma-keyin oʻzlariga mos tarzda joylashib, pinakka ketgan paytlarida Poʻlat koʻrindi. Oshnalarining ahvolini koʻrib, sal berida toʻxtadi. Izidan kelayotgan Rixsi atrofga alanglab olib, xavotirli ovozda dedi:

– Voy, dadasi, doʻxtirlar bilib qolishsa, hamshira qizni xafa qilishadi-ya?

– Doʻxtirlar uygʻongunicha joyimga qaytib yotib olaman. Ayasi, sen tushungin, oshnalarimni koʻrmasam boʻlmaydi. Juda-juda sogʻindim.

– Bir kunda-ya?

– Sen bir kun deysan, menga bir umr boʻlib tuyulyapti. Sen bularga qara-ya, meni deb shu yerda yotishibdi. Demak, men chakana odam emas ekanman, a? Sen “qoʻrqib ketdim”, deysan. Nimadan qoʻrqding? Oʻlib qolishimdanmi? Be, shunday oshnalarni tashlab, xayr-maʼzurni nasiya qilib ketsam, insofdan boʻladimi? Qiyomatda koʻrishganimda, “Ha, nomard, shunchalik shoshib turganmiding?” deyishmaydimi? Ayasi, sen balki ishonmassan, oma, yotganimda oshnalarimni bir-bir koʻrdim. Doʻxtirlar meni “oʻldi”, deb oʻylashdi. Oma, men ularning hamma gaplarini eshitib yotdim. Yotishim ham gʻalati boʻldi: karavotdan shiftga qarab koʻtarildim. Doʻxtirlarning ishlarini koʻrib turdim. Keyin xuddi barg qoʻnganday asta qoʻndim.

– Doʻxtirlar ham qoʻrqib ketishdi.

– Jon chiqish oson emas ekan, ayasi. Borliq bilan yoʻqlik masofasi uzoqmas, hatto bir qadam emas, faqat yupqa parda bilan toʻsilgan, oma oʻsha parda ortiga oʻtish ham zahmat ekan. Biz butun umr shu parda tomon yuramiz. Bu bir chimildiqqa oʻxshaydi, ayasi. Uy chiroyli yasatilgan boʻlsa ham, yurak shu chimildiqqa qarab intilaveradi.

– Sizga atalgan balolarga men boshimni tutib berayin.

– Unday dema, ayasi. Avval men ketay. Sendan keyin qolsam, jinni boʻlaman, xor boʻlaman.

– Obid oshnangiz xorlatib qoʻymas.

– Tegishyapsanmi yo jiddiy aytyapsanmi? Tegishib ham aytma bunaqa gapni. Koʻkteraklik Sarimsoqni hech kuzatganmisan? Ostonasida aftodahol boʻlib oʻtiradi. Tirik oʻlikning oʻzi. Xotinidan keyin shunaqa boʻlib qolgan. Meniyam shunaqa boʻlishimni xohlaysanmi?

Soʻri tomon sharpasiz yurib, Adolat bilan Toʻlqinga koʻzi tushgach, xotiniga ajablanib qarab oldi:

– Bu kim, Toʻlqinmi? Adolat… Bularning kelganini aytmovding?

– Koʻnglingizni xira qilgim kelmadi.

– Chakki oʻylabsan. Toʻlqin bilan oramizda gina-kudurat yoʻq. Sen uning yoshligini bilmaysan. Kimga yordam kerak boʻlsa, birinchi shu yugurardi. Bir marta soyga choʻkay deganimda, tap tortmasdan oʻzini suvga tashlagan. Suzishni menchalik ham bilmasdi. “Oʻzim suzishni bilmayman-ku, buni qanday qutqardim?” deb oʻylamagan ham. Balki, Xudo shu mehri evaziga ikkovimizni qutqarib qolgandir, a? Lekin bir marta qoʻrqoqlik qildi. Balki, koʻziga bolalari koʻringandir? Qoʻrqoqlik nima, bilasanmi? Kasallikmi? Shunaqasi ham bor. Oma buniki kasallik emas. Uning qoʻrqoqligi – ongning bir nafasdagi xiralashuvi edi.

– Oshnalaringiz “Xizmatiga yarasha Xudo jazoladi”, deyishadi.

– Unday dema, ayasi. Menga bir marta yomonlik qilgan boʻlsa ham, uning bunday holga tushishini xohlamaganman. Qargʻamaganman. Men umrining oxirigacha yaxshi yashab, oqibatda baxtli oʻlim topishini istaganman.

– Baxtli oʻlim? Qiziq. Oʻlimning ham baxtlisi, baxtsizi boʻladimi?

– Boʻladi, ayasi, boʻladi. Oilasining huzurida jon berish, soʻnggi soʻzini aytib oʻtish – baxtli oʻlim. Izidan laʼnat toshlari otilmasligi ham, odamlarning yaxshilik bilan eslashlari ham baxtli oʻlim. Shu qutlugʻ, keng dunyoda kimning oʻlgisi keladi? Odamlardan mangu judo boʻlishni kim istaydi? Mangu yashash hech kimga nasib etmagan, ayasi… Ammo tirik qalblarga koʻchib yashamoq mumkin. Mana shunday oqibat muhim…

Shivir-shivir qulogʻiga urildimi yo yomon tush koʻrdimi, Turgʻun choʻchib bosh koʻtarib, atrofiga alangladi. Poʻlatni koʻrib, koʻzlariga ishonmasdan soʻradi:

– Poʻlat, senmisan?

– Menman, oshnam, menman. Yotovrib, yuragim tors yorilay dedi. Oshnalarimni bi-ir yoʻqlay, deb oʻgʻrincha chiqib kelovurdim.

Turgʻun shoshilib oʻrnidan turib, pastga tushdi-da, oshnasini quchoqlab oldi. Ular koʻrishayotgan onda boshqalar ham birin-sirin uygʻondilar.

Roʻparada soʻlagi oqib yalpayib oʻtirgan Telman harakatsiz…

Ichkarida qimor oʻyini boshlab yuborilgan…

Poʻlat yuqoriga chiqishga unamay, soʻri chetiga omonat oʻtirdi.

– Ha, oshnajon, nima boʻldi? – deb soʻradi Shokir.

– Nima boʻlganini oʻzim ham bilmayman. Nazarimda, u dunyoga borib kelganday boʻldim.

– U dunyoga borgan boʻlsang, enangdi koʻrgandirsan, a? – dedi Mirhosil xushchaqchaq ohangda. Bunga javoban oshnalari, “hazilning oʻrnimi?” degan norozi qiyofada qarashdi. Payrovni davom ettirishga hamisha ishqiboz boʻlgan Turgʻun esa imkoniyatini boy bermadi.

– Oʻzinikini koʻrishga fursati boʻlmabdi, – dedi tomogʻini qirib olib. – Oma sening enangdi aniq koʻribdi. Enang naq doʻzax bilan jannatning orasida u yoqqa-bu yoqqa oʻtayotganlarning yuzlariga don sochib oʻtirganmish. Ikkala tomon ham choʻtirga toʻlib boʻpti. Boradigan boʻlsang, yakkalanib qolmaysan.

Bu javob Poʻlatga xush yoqib xoxolab kulib yubordi. Uning bu huzurlanishi oshnalariga taʼsir qilib, ular ham rohatlanib kuldilar.

– Endi kulgidan tashqari aytsam, uchib yurganday boʻldim. Shu yerdan ham uchib oʻtdim. Rixsi aytmasa ham, shu yerdaliklaringni bildim. Oma, bu yerdan uchib oʻtayotganimda hali yetib kelmagan edilaring.

– Ha, uchib boʻlguningcha hammamiz yetib keldik. Chaqirilganlar ham, chaqirilmaganlar ham, – Mirhosil shunday deb Toʻlqin bilan Adolatga ishora qildi.

– Hosil, oʻsha uchib yurganimda senga bir gap aytdim, sen eshitmading. Yo eshitdingmi?

– Qanaqa gap?

– Toʻlqin bilan ikkovingga tegishli.

– Yarashishmi? Ming marta aytgansan.

– Bunisi ming birinchisi va oxirgisi, – oʻrnidan turib qoʻshni soʻriga yaqinlashdi-da, Toʻlqinning qoʻlini olib, Mirhosilni chaqirdi. – Beri kel. Bolaligimizda pokizaroq, aqlliroq ekanmiz. Bir kunda oʻn marta urishib, oʻn marta yarashardik. Gina-kudurat saqlamasdik. Jimjiloqlarimizni qovushtirib birimiz “qilichmi, toʻqmoq?” derdik. “Qilich” deyilsa, “qirq yilgacha”, “toʻqmoq” deyilsa, “toʻqson yilgacha oʻrtoq”, deb oʻzimiz hukm chiqarardik. Toʻqson yillik hukm baʼzan bir soatga bormasdi. “Poʻm” chiqaraverardik, yarashaverardik. Arazimiz jiddiyroq boʻlsa, boshqamiz oraga tushardik. Shular eslaringdami? Endi bu dunyoda koʻrgan-kechirganlarimizni chetga uloqtirib, bolaligimizga qaytaylik: Hosil, qilichmi yo toʻqmoqmi?

– Poʻlat, endi orqaga qaytib boʻlmaydi. Singan chinniga chega urganing bilan izi qoladi.

– Sen oʻsha izini ham unut. Toʻlqin, qilichmi toʻqmoqmi?

– Toʻqmoq – toʻqson yilgacha oʻrtoq. Buning zahar tiliga oʻrganib ketganman, gaplarini malol olmayman. Buning gaplariga yana toʻqson yil bemalol chidashim mumkin.

Turgʻun turib kelib, Mirhosilning biqiniga asta turtdi. Mirhosil oʻjarlik payti emasligini angladi.

– Bolaligingda ham ayyor eding, choʻtir. “Xoʻp” deging kelib tursa ham, “yoʻq”, derding.

– Xoʻp. Yigit kishining sazasi oʻlgunicha, zambarakning xartumi sinsin. Qilich. Toʻqim bilan yana qirq yil oshnachilik qilishning oʻzi boʻlmaydi.

– Ha, ana, qoyilman! Ulfatimizdagi xato qator toʻldi. Jam boʻldik. Endi koʻrishinglar. Suyunchisiga bitta palovxontoʻra mendan.

Poʻlatning har bir soʻzini diqqat bilan tinglayotgan, harakatini ziyraklik bilan kuzatayotgan Shokirning qalbi toʻlqinlandi: “Hayot chigʻiriqlaridan ming bor oʻtgan jafokash, yuragi qiyma-qiyma, chilparchin, alamdiydaning dardi oʻziga yetmasmidi? Oʻzganing qaygʻusiga sherik boʻlishi nimasi?”

Poʻlatning ishidan mamnun boʻlgan Toʻlqin pastga tushib, qulochlarini yoydi:

– Kel, oshnam, choʻtir betlaringni sogʻinib qolganman.

Mirhosilning oʻjarligini qoʻymay, sovuq koʻrishishidan norozi boʻlgan oshnalar bosh chayqab qoʻyishdi-yu, tanbeh bermadilar. Poʻlat esa bu holni sezmaganday boʻldi.

– Endi yarashtirish navbati mengami? – Mirhosil quvlik bilan koʻz qisib, Adolatga ishora qildi.

– Biz urishmaganmiz, yarashtirishingning hojati yoʻq. Adol, sen bekorga urinibsan.

– Men senga butunlay begonamanmi? Bular-ku, aslida, yetti yot begona. Men har holda xotining edim. Bular bilan oralaringda quruq gapdan boʻlak hech vaqo yoʻq. Bizning oramizda esa… oʻgʻil bor.

Adolat Telmanga qarab oldi. Poʻlat eʼtiborsiz ravishda bir qarab qoʻydi.

– Ha, oʻgʻlingga qaraging ham kelmayaptimi?

– Vey, Adol, buningga kimning qaragisi keladi? – deb gapga qoʻshildi Turgʻun.

– Sen qaramay qoʻyaver. Poʻlat bilan mening oʻrtamda xotira ham bor.

– Xotira dedingmi? Xotiraning oʻzi nima, Adolat, bilasanmi? Xotira – rohatmi yo azobmi? Insonga xotira nima uchun kerak? Men uchun xotira azobidan battarroq azob yoʻq. Baʼzan oʻtib ketgan marhumlarga havasing keladi, baʼzan ularning izidan joʻnavorging keladi. Baʼzan esa xotirlamaslik uchun ongsiz jonivorga aylanib qolging ham keladi. Domla, nima deysan, yo men yanglishyapmanmi?

– Xotira mavhum narsa emas. Tushkun holat ham emas. Xotira – bir toʻlov, insondan tortib olingan eng qimmatbaho narsa uchun toʻlovdir. Boshqacha aytsak, xotira – insonning ojizona boqiyligidir.

– Yaxshi aytding, domla. Xotira – oʻlimning qilmishi uchun tiriklarga berilgan ayanchli inʼom.

– Ja-a yuraklardi siqvordilaring-ku! – dedi Shojalil. – Ikkoving gaplashadigan boʻlsalaring yuragim toʻxtab qolganday boʻlovradi.

– Picha toʻxta, Jalil, dardimni toʻkvolay. Ilgari aytmas edim. Oltmish yildan beri yuragimning bir chekkasi yiringlab, azob beradi menga. Uni necha ming marta tushimda koʻrgandirman. Men uning faqatgina qotib qolgan koʻzlarini koʻraman. Shu topgacha qaytib kelarmikin, koʻrarmikinman, deb umid qildim.

– Kimni aytyapsan? Saʼdullani emasmi?

– Ha, Saʼdullani. Biz uni bosmachining oʻgʻli, deb hisobladik. Otasi Xolxoʻjaning yigitlaridan edi. Dadamning qizillardan boʻlganlarini bilasanlar. Dadam uning otasini oʻldirmaganlar. U Qashqarga oʻtayotganida koʻchki ostida qolib ketgan. Odamlar “otasini oʻldirib, bolasini oʻgʻil qilib oldi”, deb bekor aytardilar. Saʼdulla bu gapning yolgʻonligini yaxshi bilardi. Adol, sen Saʼdullani sevar eding?

– Boʻlmagan gap, men seni yaxshi koʻrardim…

– Sen unga oʻchakishib, meni yaxshi koʻrgansan. Senga qaramagani uchun oʻzingcha oʻch olgansan.

Ha, sevmasligini bilar edi, oʻzini koʻp aldadi. Adolat uning koʻzlarini termiltirib, dilini qiyma-qiyma qildi. U jon rishtasi boʻlolmadi, birga in qurisholmadi. Poʻlat Adolatga jonni sadqa qilsa ham, u muz edi, choʻgʻ berolmadi, qalbi chanqogʻini bosa olmadi, qurishqoq lablariga sevgining hayotbaxsh suvini tomizolmadi. Bu haqiqatni Poʻlat ilgari aytmagan edi. Shu sababli bu gap Adolatning yuragiga bigizday sanchildi:

– Menmi? Oʻch olganmanmi? Poʻlat, jinni boʻlibsan! – dedi ovozini koʻtarib.

Poʻlat uning nafratga toʻla koʻzlarini koʻrishni istamay, boshini burdi. Uning oʻrniga Mirhosil javob berdi:

– Adol, mening aniq esimda, Saʼdulla komsomolga kiraman, deb ariza berganida sen majlisda gapirgan eding: “Bosmachining oʻgʻliga oramizda oʻrin yoʻq”, degan eding.

– Degan boʻlsam, toʻgʻrisini aytganman.

– Poʻlatga taqagan ayblaring ham shunaqa edi.

– Hosil, bu gapni qoʻy, Adolga daʼvo yoʻq, hozir men oʻzimni ayblamoqchiman.

– Sen unda gapirmagan eding.

– Hamma balo shunda. Birovga yomonlik qilmagan odam – yaxshi odammi? Birovga yaxshilik qilmagan odam-chi? Shunisi yomonroq emasmi? Men indamay turib, Adolning gaplarini maʼqullaganman. Oʻshanda Saʼdulla menga najot istab qaragan edi. Men esam, koʻzimni olib qochgan edim.

– Agar shuni gunoh desang, bizlar ham gunohkormiz. Bizlar ham uni himoya qilmaganmiz, – dedi Mamasoli oʻychan tarzda.

– U zamonda haqiqat bilan ishonch qorishib ketgan edi, – dedi Shokir afsus bilan. – Loyqa suv bilan buloq suvi aralashsa kim aybdor? Loyqa suv bilan buloq suvini kim ajratib bera oladi?

Shokirning dalda berish maqsadida aytgan bu gapi Poʻlatni ovuntira olmadi:

– Oʻsha majlisdan keyin Saʼdullani olib ketishgan edi…

– Zamon qaltis edi. Biz uni sira himoya qila olmasdik. Gapirsak-gapirmasak, baribir olib ketishardi.

– Qismat-da. Qismatidan hech kim qochib qutila olmaydi, – dedi Mamasoli Shokirni quvvatlab.

– Oʻsha paytda oddiy koʻringan voqea endi dahshatli fojia boʻlib tuyulyapti. Men qamoqdaligimda ham, etapdan etapga tashlashganlarida ham, mahkumlar orasidan Saʼdullani qidirardim. Oʻsha yerlarda uchratarman, deb ishonardim.

– Poʻlat, sen fojia deb, gunoh deb, ich-etingni yeyaverma, – dedi Mamasoli. – Men kafil boʻlay, har holda, Saʼdullaga qarindoshligim bor. Uning nomidan men kechdim gunohlaringni. Sen ham undan rozi boʻl. Xudo har ikkovingdanam rozi boʻladi, inshaolloh.

Turgʻun uni quvvatladi:

– Sen qamoqdan chiqiboq, Toʻqimning gunohini kechgan eding. Saʼdulla tirik boʻlsa, u ham hammamizning aybimizdan oʻtardi.

– Poʻlat, sen haqsanmi yo nohaqsanmi, anigʻi shuki, bu ishlarning bari Tangrining amri bilan boʻlgan. Masalani yechuvchi ham Uning Oʻzi.

Xotiraning qora pardasini bir hamlada yirtib, yakson qilish mumkin emasligini bilsalar ham, koʻngil yarasiga malham topishga urinishardi.

– Masala shunday yechilsa, qani edi… Men yotib, nimalarni oʻyladim, bilasanlarmi?

– Qaydan bilaylik, senga oʻxshab tepada uchib yuribmizmi? – dedi Mirhosil.

– Gapimga kulmalaring: biz oʻlmay turib, bi-ir oʻlib olishimiz kerak ekan, deb oʻyladim.

– A? Nima deding? Alahsirayapsanmi, oshnam? – dedi Obid ajablanib.

– Toʻgʻri aytyapti, shunday sahih hadis bor. Odam bolasi, baribir oʻladigan boʻlganidan keyin hisob-kitobga tayyor turishi kerak.

– Soʻfi, sen tek tur, Poʻlatning gapini eshitaylik-chi?

– Men u dunyoda hisob-kitob qanaqa boʻlishini bilmayman. Oma, kishi oʻziga oʻzi savol berishi kerak ekan: odam boʻlib tugʻilganimdan keyin odamga oʻxshab yashadimmi?

Bu gapdan keyin yuragi siqilib turgan Mirhosil yorilib ketay dedi:

– Poʻlatvoy, ja-a tor olib yubordilar oshnam!

– Xoʻp, kengroq olaylik: afsuslarimiz, armonlarimiz bormi? Men aytdim, endi sen ayt-chi?

– Men halol yashadim, oʻgʻirlik qilmadim, buzuqlik qilmadim.

– Nahot, afsusing boʻlmasa?

– Bilmadim… oʻylab koʻrishim kerak. Sen ana, Bozdan soʻra, afsus degani oʻshanda qop-qop boʻladi, a, Boz?

Mamasoli gapni hazilga olayotganidan norozi boʻlib jerkib berdi:

– Bozingni qoʻy, xotindan boshqa dardu hasrati yoʻq.

– Men senlarni imtihon qilmoqchi emasman, – dedi Poʻlat. – Oʻzlaring bir oʻylab koʻrlaring: hozir bizning ulfatimiz eski bir aravaga oʻxshab qolgan. Birimiz oʻtsak, aravaning bir murvati sinadi. Aravamiz juda uzoq yurdi. Yurovrib shalogʻi chiqib, liqillab ham qoldi. Bu shaloq aravani endi hech kim tuzata olmaydi.

– Tuzatishga urinishning keragi ham yoʻq, Ollohga tavakkal qilib yashayverish kerak.

Mamasoli oshnalariga bir-ikki hikmatni eslatmoqchi edi, Poʻlatning mahzun holati gapga aralashish oʻrni emasligini anglatdi.

– Vaqti kelib, birin-sirin oʻtamiz. Oʻlim – haq! – Poʻlat chuqur xoʻrsindi. Keyin ahvolini niqoblash maqsadida jilmaydi: – Oʻzimiz oʻtsak ham, muhabbatimiz oʻlmasin.

Uning maʼyusgina jilmayishini hovlidagi bitta lampochkadan taralayotgan xira-shira nur oʻziga yutdi. Lekin soʻnggi soʻzlar titrogʻi barchalarining vujudiga titroq urugʻini sochdi. Sukunat barchalari ustiga oʻlim chodirini yopganday boʻldi. Jimlik iskanjasidan qutilish uchun Shojalil doʻstining gapini tasdiq etdi:

– Ha… birin-ketin ketamiz. Oxirida qolganga qiyin, juda qiyin. Birodarlar, men oxirida qolishni istamayman…

Oshnalarni oʻz domiga tortayotgan noxush holatga hovliqqanicha yugurib kelgan hamshiraning xavotirli ovozi barham berdi:

– Voy, esxonam chiqib ketdi-ya! – deb Rixsining yonida toʻxtadi. – Ayajon, bu nima qilganlaring. Endi meni ishdan haydashadi. Doʻxtirimiz bilib qoldilar.

Poʻlat nojoʻya ishi fosh boʻlgan goʻdak holiga tushib, oshnalariga “endi meni qutqaringlar”, deganday najot koʻzi bilan termildi. Hamisha gapga shay turuvchi Mirhosil bu safar ham oʻrtaga tushdi:

– Bir pasga chiqqaniga ota goʻri – qozixonami? Qaytaga koʻngli yayradi.

Uning bu gapi hamshirani ovuta olmadi. Aksincha, yigʻi boshlashiga bahona boʻldi. Yana bir nima demoqchi edi, shoshilib kelayotgan doktorni koʻrib toʻxtadi. Doktor oshnalarga parvo qilmay, Poʻlatning qarshisida toʻxtadi:

– Kasalxonaning tartib-qoidasi bor-da, togʻa, bemorlarning hayoti uchun biz javobgarmiz.

Poʻlat oʻzini oqlash oʻrniga boshni egdi. Bundan foydalangan Mirhosil “Qoʻrqqan oldin musht koʻtarar” deganlaridek, doktorning oʻzini aybladi:

– Javobgar boʻlsang, qarab oʻtirmaysanmi! Senga “uxlab yotovur” deb topshiriq beruvmidim?

– Hosil, tek tur, – Poʻlat qoʻlini koʻksiga qoʻydi: – Jiyan, ayb menda. Shu oshnalarimni qoʻmsab qoldim. Hozir joyimga borib yotaman, – deb jilmaydi-da, hazil ohangiga koʻchdi: – endi odobli bola boʻlaman.

– Tuppa-tuzuksan-ku, qaytib nima qilasan? Ketdik uyga, – dedi Obid.

– Bu gap ham toʻgʻri, – dedi Shojalil.

Qattiq-qattiq gap aytishni qasd qilib kelayotgan doktor oshnalarning bu taklifidan keyin gangib qoldi:

– Ie, togʻajonlar, karvonsaroymas-ku, bu.

– Jiyan, togʻalaring tegishyapti, – dedi Shokir. – Hech qayoqqa ketmaydi. Bir-ikki kun damini olsin. Poʻlat, seni koʻrib, koʻnglimiz tinchidi, sen joyingga boraver, endi biz qaytamiz.

Doktor Poʻlatni qoʻltiqlab shifoxona sari yurdi.

 

***

…Ichkaridagi oʻyin ham avjiga mindi. Ketma-ket yutuqlardan ruhlangan mehmon qimorboz tongotarda oʻzini nima kutayotganini his qilmay, oʻrtadagi puldan nigohini uzmaydi. Uning koʻzlarida yonayotgan ochofat choʻgʻ xuddi oʻljasiga yaqin kelgan boʻri koʻzlaridagi oʻtga oʻxshaydi…

***

Tarqalish haqidagi ahd eʼlon qilingan boʻlsa-da, hatto Shokirning oʻzi ham ketishga shoshilmadi. Barchalari gap-soʻzsiz turib qolishdi. Birinchi boʻlib Adolat qoʻzgʻaldi. Oʻgʻliga yaqinlashib, uni uygʻotmoqchi boʻldi. Eplolmagach, Shojalilni chaqirdi. Shojalil eshitmaganday burilmoqchi edi, Shokir toʻxtatib, “Obid ikkovlaring amallab qoʻya qollaring”, dedi. Oʻzi Toʻlqinni yetakladi. Koʻchaga chiqishda Mirhosil Turgʻunni toʻxtatdi:

– Biz ketmaymiz.

– Nega?

– Sen uning koʻzlariga qaramading. Gaplariga eʼtibor bermading. U sogʻaygani uchun chiqdimi?

– Nega chiqdi?

– U biz bilan xayrlashgani atay chiqdi. Ketmaylik, gʻaflatda qolmaylik, oshnam.

Ikki oshnaning qaroriga boshqalar monelik qilishmadi.

 

***

Shifoxona dahlizigacha bardam yurib kelgan Poʻlat holsizlana boshladi. Reanimatsiya xonasiga yetganda gandirakladi. Doktor yonida boʻlmaganida chalqancha yiqilishi mumkin edi. Orqada kelayotgan hamshira yordamga shoshildi. Hushidan ketayotgan Poʻlatni joyiga yotqizib, shoshqich muolajani boshlashdi. Yigʻlab oʻtirgan Rixsi doktorning talabi bilan xonadan chiqarildi.

 

***

Bu qishloq hududidan chiqib, soy koʻprigidan oʻtishgach, yoʻllari ayri-ayri boʻldi.

– Toʻlqin, bu kech biznikida qolaver, ertamatan yana birga boramiz, – dedi Shokir.

Bu taklifni eshitib, Toʻlqin toʻxtadi:

– Domla, uyingga yaqin keldik, shekilli, sen boraver.

– Sen-chi?

– Men gapingni ikki qilmay, deb senga ergashdim. Oʻsha yerda qolishim kerak edi. Qaytaman.

– Shu qorongʻida-ya?

– Domla, koʻr odamga erta-kechning nima farqi bor? Timirskilanib boʻlsa ham topib boraman, mendan xavotir olma.

Toʻlqin burilgan edi, Shokir unga soʻzsiz ergashdi.

 

***

Mast odamni uyiga olib borib qoʻyish Obid uchun ham, Shojalil uchun yangilik emas. Shu uchun qiltiriq Telmanni suyab yurish ularga ogʻirlik qilmadi. Yoshlikdagi odatlarini kanda qilmay, biri, mastning chap biqiniga, ikkinchisi, oʻng biqiniga turta-turta uni qadam bosishga majbur qilishdi. Shojalil ularni oʻz uyiga boshlab keldi. Kunduzi qoʻshnisiga uchrashib ketgach, hovli supurib-sidirilgan, uydagi chang artilgan, ayvondagi chiroq yoqib qoʻyilgan, bu uyda uzoq vaqt odam yashamagani sezilmay qolgan edi. Telmanni mehmonxonaga olib kirib deraza tomonga choʻziltirib qoʻyishgach, Shojalil taxmondagi koʻrpa-yakandozlarni olib joy soldi. Rahbar kepatasida uning harakatlarini kuzatib turgan Adolat yordam berishni xayoliga ham keltirmadi. Telmanni biri, oyoqlaridan, ikkinchisi, yelkasidan tutib, oʻringa yotqizishdi. Shojalil choynakda sovuq suv keltirib, uning bosh tomoniga qoʻydi. Obid esa rangi oʻchgan mis chilopchinni olib kirdi. Adolatga “uyni rasvo qilmasin”, degan maʼnoda qarab qoʻyib, oyoq tomoniga qoʻygach, chiqib ketmoqchi boʻldi.

– Obid, uyingga ketasanmi, ertalab birontasining mashinasini gaplashib ber. Ketsam, keta qolay, – dedi Adolat. Xotinning boyagi avji pasayganini sezgan Obid “maʼqul” ishorasini qildi. Hovliga chiqishgach, ikki oshna bir-biriga savol nazari bilan qarashdi. “Nima qildik?” degan savolga javoblari tayyor boʻlgani uchun oldinma – keyin koʻchaga chiqib, kelgan yoʻllaridan qaytishdi. Choyxonaga yaqinlashganlarida oy yorugʻida ikki odam qorasini koʻrib, oshnalarini tanishdi…

 

***

Uyiga yaqinlashgani sayin Mamasolining qadam olishi ogʻirlashaverdi, choyxonada uygʻongan dard tomogʻini boʻgʻaverdi. Qorongʻi koʻchaning adogʻida Poʻlatning maʼyus chehrasi bir-ikki koʻringanday boʻldi. Boʻgʻish bilan kifoyalanmagan dard koʻzlarni yoshlantirdi. Shu alpozda tanbalanmagan eshigini ochib hovliga kirdi. Salqin havoga chidolmay, “voy, belim”lab qoladigan kampiri ayvondagi xontaxtaga iyagini tiraganicha koʻcha tomon tikilib oʻtirgan ekan, uni koʻrishi bilan yoshroq ayollarga xos epchillik bilan oʻrnidan turib qarshi oldi. Chiroq nuri erining koʻzlaridagi yoshda aks etib, xavotir bilan toʻxtadi. Ikkovi bir-biriga tikilganicha turib qoldi. Mamasoli boʻgʻzidagi dard changalini yenga olmadi. Kampiri soʻraydigan savoliga shumxabar eshitishdan qoʻrqib, soʻz boshlashga jurʼat eta olmadi.

– Termosga hozirginada choy damlab qoʻyuvdim, yuring, charchogʻingizni bosing, – deb ayvonga boshladi. Bir piyola choy faqat charchogʻini emas, dardini ham olganday boʻldi. Mamasoli kampirining koʻzlaridagi xavotirli savol nazariga qisqa javob berdi:

– Oshnam, ancha tuzuk. Ulfatlar bilan biroz chaqchaqlashdik. Sen damingni olovur, men picha oʻtiray.

Kampir kirib ketdi. Oʻzi harakatsiz oʻtirdi. “Nega qaytib keldim, oʻsha yerda qolsam boʻlardi-ku?” degan oʻy qalbini tirnay boshladi. Chiroq oʻchib qolishiga ham parvo qilmadi. Dard bilan olishishga ruhiy quvvati yetmay, asta oʻrnidan turdi. Paypaslanganicha uyga kirib sham yoqdi. Qoʻliga Qurʼon olib, burni ustiga koʻzoynagini qoʻndirib oʻqiy boshladi. Har kuni bir sahifadan oʻqirdi, bu kech ikki sahifa oʻqib, Poʻlatning haqiga duo qildi. Dardi sal ariganday boʻldi-yu, lekin yotgisi kelmadi. Kunduzi oʻqiy boshlagan kitobini olib, belgilab qoʻyilgan joyidan davom ettirdi. Bu safar tez oʻqiy olmadi. Toʻxtab-toʻxtab, fikrlab-fikrlab oʻqidi…

…Bilingki, oʻlimning xatari va dahshati buyukdir. Odamlar kam fikrlab, oz esga olgani uchun ham oʻlimdan gʻofildirlar. Eslaganlar ham qalblarini barcha narsadan forigʻ qilib emas, dunyoga mashgʻul boʻlganlari hollarida eslaydilar. Bunday eslashdan foyda yoʻq. Oʻlimni haqiqiy eslash yoʻli – oʻlimni doimo yonida bilish, oʻlimdan boshqa narsani qalbdan chiqarishdir. Buni bamisoli sahro yoki dengiz orqali safarga otlangan kishi holatiga oʻxshatish mumkin. Uning butun fikri-zikri safarda boʻladi. Qalb ham oʻlimni eslash bilan mashgʻul boʻlsa, bu ish qalbni butkul band etadi. Oʻlim bilan band boʻlgan qalbda aysh-ishrat talabi, dunyo quvonchi kamayadi, toshqinlik bosiladi. Kishi oʻlimni koʻp eslagani sayin har xil oʻlim onlari, bu dahshatli onlarni boshidan oʻtkazgan doʻstlari, tengqurlarining iltijo toʻla soʻnggi nigohlari xotirida jonlanadi. Ularning oʻlimlarini, soʻnggi manzillarini eslab, ogʻir oʻylar girdobida qoladi: ular kim va qanday edilar? Endi ularning mavqelari, holatlari qanday? Bu chiroyli siymolar tuproqqa qanday singib yoʻqoladi? Ularning jasadlari qabrlarda qanday parchalanadi? Ular ayollarini beva, farzandlarini yetim qoldirdilar, mol-dunyolarini tashlab ketdilar. Ularning masjid va majlislardagi oʻrni boʻsh, qadamlari dunyodan uzilgan…

Ha, kishi oʻlimni eslagani sayin qalbida shunday uzoq va yaqin oʻlimlar, vahimali suratlar batafsil jonlanaveradi. Baʼzan ortga qaytib, ularning shijoat toʻla yoshligi, dovdirashlari, hayotga boʻlgan mayllari va unda oʻzini goʻyo boqiy qoladigandek tutishlari, oʻlimni unutishlari, yoshlikdagi quvvat va gʻayratga suyanib qolishlari, oʻyin-kulgiga berilishlari, shundoq yonidagi oʻlimdan, uning kutilmaganda kelishidan gʻofil boʻlganlarini eslaysiz. Tiriklikda vujudini koʻtarib turgan oyoqlar, harakatga sabab boʻlgan aʼzolar yakson boʻldi, endi qanday yursin?! Tilini qurtlar kemirdi, qanday gapirsin?! Ogʻziga tuproq toʻlgan, qanday kulsin?! Oʻlib boʻldi, endi nafsga oʻlimning tadbirini qilishdan ne hojat?! Shuncha yillar beparvo, gʻofil yurdi. Oʻlim farishtasi esa u kutmagan vaqtda keldi va nido qildi: “Yo jannat, yo doʻzax!”

Ana shu paytda kishi oʻziga nazar soladi. Oʻzining ham oʻshalarga oʻxshashligini koʻradi, gʻaflati ham, oqibati ham ular bilan bir xil boʻlishi mumkinligini his etadi.

…Oʻlimni eslaysiz, oʻlim yonginangizda turganini his qilasiz. Allaqachon oʻlimga hozirlik koʻrish fursati yetganini, dunyoning esa naqadar aldamchiligini teran anglay boshlaysiz. Endi oʻlimni nomigagina, til uchida eslab, ibrat va ogohlik hosil qilib boʻlmasligini yaxshi bilasiz. Demak, qachonki, qalb dunyo bilan ovuna boshlasa, oʻsha zahoti oʻlimni eslang, aslingizga qaytasiz…

Mamasoli panjasini kitob ustiga qoʻyib, yosh quyila boshlagan koʻzlarini osmonga tikdi: kechki osmonning qora duxobasidagi behisob yulduzlarning jimirlashiga boqib oʻyladi: “Kerilib yurganlarning, aslida, hech nimasi yoʻq: javohiru tilla matohlari oʻziga vafo qilarmi ekan? Hatto “oʻzimniki!” deb qattiq ishongani – koʻzu quloqlari, yuragu jigarlari… oʻziniki emas, lahad qurtlarining rizqi ekan, kerilgani nimasi?”

Kuz osmonidagi toʻlin oy nuri koʻnglini yorita olmadi. Hazin xayollar uni eza boshladi.

Oʻrnidan turib, hovliga, undan koʻchaga chiqdi. Koʻkda koʻz yummagan, uyquga choʻmmagan oy uni choyxonaga qadar kuzatib bordi.

***

Poʻlat “oʻlish oson emas ekan”, deb edi. Bu safar tez keldi-yu, oson oldi. Endi qaytarib bermaydigan qilib oldi.

Chirt uzilgan hayot ipini qayta bogʻlashga tabobat ojizlik qildi.

Halovat istagan yurak butunlay toʻxtadi.

Oʻlim xavotiri oʻrmalab kirgach, yurak halovat bilan jimgina xayrlashgan edi…

Rixsi ichkariga kirganida doktor Poʻlatning jagʻini bogʻlayogan edi. Rixsi bir hoʻngradi-yu, soʻng pastki labini tishlab, tinchidi. Doktor imlab qoʻygan edi, hamshira uni qoʻltiqlab dahlizga olib chiqdi.

– Uyga boray, ertalabgacha olib ketaylik.

– Ayajon, picha sabr qiling, tong otsin, – dedi hamshira yalinish ohangida.

– Oshnalariga xabar qilay, armonda qolishdi ular.

Shunday deb tashqariga qarab yurdi. Suyukli qiz mehri bilan qoʻltiqlab olgan hamshira uni holi qoʻymadi.

Oshnalari ketgach, Turgʻun bilan Mirhosil soʻrida yonboshladilar-u, ammo uxlamadilar. Xayollarida umid soyalari qoʻnimsiz sanqiydi. Kipriklarni yuma olguvchi tunning tushlari ularni tark etgan. Kasalxona tomondan gohi-gohida eshitilib turgan sharpalardan seskanib, beqaror edilar.

Hamshira hamrohligidagi Rixsini koʻrgan zahoti Turgʻun oʻrnidan turib ketdi:

– Rixsi?!

Shu tomon yalt etib qaragan Mirhosil ham turdi:

– Rixsi! Faqat “oʻldi”, dema, Rixsi!!!

Koʻzlaridan javob izlab, jimgina moʻltillab qaradilar.

Rixsi hech nima demadi…

Umid darakchisi – koʻklam jarangi endi eshitilmaydi…

Endi hayot bahor moʻjizasi ila qarshi olmaydi…

Behuda koʻzyoshlari…

Musaffo koʻzyoshlari qaygʻu-alamlari olovini oʻchirish uchun quyiladi.

Armonlarga limmo-lim toʻla munojotlar…

Xazonlarni toʻkayotgan shabada Rixsini chetlab oʻtmadi, kipriklaridagi shabnamni qurita olmadi.

 

***

Yillar shamoli ayovsiz…

Yana kuz fasli…

Oftobsiz, rangpar bir kun…

Jonsiz yaproqlarga hazinlik ingan…

Yana oʻsha choyxona.

Jimjitlik… Uvada bulutlarning chokidan sizib oʻtgan kuchsiz shuʼla yerga qoʻngan…

Yolgʻiz oʻzi zerikkan choyxonachi narda toshchalarini bemaqsad tashlab, oʻzicha oʻynab oʻtiribdi. Hassasini doʻqillatib kelgan Toʻlqin uning xayolini buzdi:

– Kim bor, bu yer samovarxonami?

– Ha, samovarxona, keling togʻa, – choyxonachi shunday deb unga peshvoz chiqib, yetakladi-da, stulga oʻtqazib choy quyib uzatdi: – Choyga qarang, togʻa. Kasalxonaga ketyapsizmi? Kimni yoʻqlab keldingiz?

– Kasalxonaga kelmadim, – dedi Toʻlqin xoʻrsinib. – Kasalxonada yotadigan ulfatlar qolmadi… Men shirin xotirani izlab keldim, bolam. Uch yil avval shu yerda tunagan edik. Uch yilda aravaning barcha murvatlari sinib ado boʻldi. Bittagina men qoldim. Endi shu arava izlarini izlab keldim. Sen koʻrmayapsanmi bu izlarni?

– Iz? Qanaqa iz? Tushunmadim, togʻa, qanaqa aravani gapiryapsiz?

– Men koʻr boʻlsam ham koʻryapman. Sen basir boʻlsang ham, aql koʻzlaring soʻqir ekan. Koʻzingni kattaroq och, bolam, bu izlarni ehtiyot qilishlaring kerak.

Choyxonachiga bu odam telba boʻlib koʻrindi…

Quyoshning oʻzi bor-u, fayzi yoʻq. Kechasi yayraydigan oyning nuri ham soʻniq edi. Toʻlqinga bu sirli manzara begona: uning koʻz oldida hamma yoq zulmat.

Yolgʻiz… Hech kimdan nido yoʻq…

Tor koʻkragidagi asir yurak behalovat.

Hayotning zahmati tuganmas-bitmas…

Choyxonachidan sado chiqmagach, ogʻirlik bilan oʻrnidan turdi:

– Shirin xotiramning soʻnggisi shu yerda meva bergan edi. Bu yerni ziyorat qildim. Endi oshnalarim huzuriga borsam ham boʻlar.

Keta boshladi…

Shamol turdi…

Jonsiz barglarni yerga toʻkdi…

Baxt kuyining ham, baxtsizlik qoʻshigʻining ham nihoyasi bordir.

Vassalom…

 

Tohir MALIK

 

“Sharq yulduzi”, 2014–2

 


[1] Abu Homid Gʻazzoliy hazratlarining “Ihyou ulumid-din” (“Din ilmlarini jonlantirish”) asarlaridan Abdurashid Zohid tarjimasi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/xazonrezgi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x