Oppoq yelkanlarda suzadi orzu

 Daryo

 

Ming yilki, oʻzingga chorlayverasan,

Shovullaysan betin olib hushimni.

Ming yilki, lojuvard mavjlar sasida

Chagʻalaylar kirar yoʻqlab tushimni.

 

Anglamoq istayman, bilmoq istayman,

Ming ohda toʻliqib shivirla siring.

Mayda oʻzanlarga tortmas xayolim,

Axir, yuragimga tutash manziling.

 

Bagʻringda chayqalar kemadayin vaqt,

Shamolga yuz tutding asrlar osha.

Zamonlar oʻtsa-da kokiling tarab,

Sen magʻrur malaksan, sen hamon oʻsha.

 

Zaqqum yutgan edi kecha girdoblar,

Yigʻlab quchar edi tarix boʻylaring.

Dahshatmidi qonli “Janggi loy”larda,

His etish Temurning magʻlub oʻylarin.

 

Kecha kechib oʻtdi qirgʻoqlaringdan

Oqib qancha zahil oʻtmishning zangi.

Yoningda ogʻangdek turadi Sayhun,

Qilich qinga kirdi, tindi jarangi.

 

Bugun koʻzlaringda moviyrang samo,

Quyoshga koʻzgusan yaraqlar aksi.

Oppoq yelkanlarda suzadi orzu,

Mavjlaringda avji sabolar raqsi.

 

Dilginamga koʻchgan azim toʻlqinlar,

Nigohimda balqqan sogʻinch, ziyosan.

Yashasa-da qalbda soʻngsiz hayqiriq

Lek, sen hamon sokin – Chirchiq daryosan.

 

Bekatdagi odam haqida ballada

 

Pardalarni ochaman asta,

Yolgʻizlikning rang-roʻyi timdir.

Jim boqaman, bekatda – pastda

Xayolimni oladi kimdir.

 

Ulovlarga oshiqmaydi hech,

Oʻylariga botib borar jim.

Sokin oqshom, bagʻrida shu kez,

Balki, uni kutmaydi hech kim.

 

Yoki uni charchatganmi ish,

Xoʻrsinadi ogʻirdan-ogʻir.

Qara deya koʻzlari tanish,

Yuragimni chertadi yomgʻir.

 

Odamlardan ogʻringanmi u,

Yolgʻizlikni istaydi shu dam.

Yo kimnidir sogʻinganmi u,

Yuqoriga qaraydi odam.

 

Lahzalarni chaqmoq ursaydi,

Tomchilardek sochilsa, sinsa.

Koʻrmadim deb yuzin bursaydi,

Sogʻinchlari qalbimga insa.

 

Xonam tomon boʻylab u mushtoq,

Nigohimni bogʻlaydi koʻzi.

Ming yillik dard tutadi shu choq,

Sogʻinchimga aylanar oʻzi.

 

Imlaydi u, pichirlar labi,

Turnalardek qaytolmaganim.

Hayotida yagona aybi

Sevaman deb aytolmagani.

 

Qoʻllarini koʻtarar, pastda

Ishq soʻraydi mendan devona.

Pardalaring yopma… deb asta,

Termilgan u… Endi begona…

 

Ona sayyora

 

Aylanadi necha zamonlar

Dengizlaring oqar oʻrtana.

Gʻam-tashvishga yoʻgʻrilgan onlar

Boqgil, yuragim bir poʻrtana.

 

Janggohlarga tutgan bagʻringda

Xalqob boʻldi oqqan qonlar koʻl,

Bobotogʻlar sasi arzingda,

Tinchlik deya koʻtarishar qoʻl.

 

Pora aylab avval joningni

Taladilar, ketarmi dogʻi?

Soʻng ezilding bolang, insonning

Uzilganda yerdan oyogʻi.

 

Bomba sochdi qora tayyora

Dilginangga sanchib nayzalar.

Kechirding lek, ona sayyora

Ohlaringdan undi maysalar.

 

Barpo boʻldi soʻngra dashtlarda

Sunʼiy bogʻlar… Texnika asri

Anglamadi, toshqin, tashnalik

Odamzodga jazoing, asli…

 

Koʻkda hamon uchmoqda oʻqlar,

Bugun ham bor qushlar parvozi.

Kimlarnidir zilzila yoʻqlar,

Qay ellarda hurlik ovozi.

 

Ona yerim! Sen osoyish boʻl,

Xasratingdan dardga toʻlaman.

Kel, kaftingga uzatayin qoʻl,

Jar labida daraxt boʻlaman.

 

Bagʻri ummon, tosh bardoshimsan,

Mehrim magar olamga yetgay.

Umid otligʻ koʻzda yoshimsan,

Koʻchat ekar, qara, bolakay.

 

Nargiza ASADOVA

 

“Sharq yulduzi”, 2014–1

https://saviya.uz/ijod/nazm/oppoq-yelkanlarda-suzadi-orzu/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x