Xazina qalbning oʻzidir

(Yoʻldosh Eshbek va Abdumurod Tilavov suhbati)

 

Abdumurod Tilavov: Yoʻldosh aka, adabiyot misli bir ummon. Uning ichiga shoʻngʻisangiz, turfa xil duru marvaridga duch kelasiz. Ruxsat bersangiz, suhbatimizni ana shu javohirlardan hisoblangan ilmi yaqiyn va ilmi ladunniyning nima ekanligini tushunishdan boshlasak. Umuman, bu ilmlarning adabiyotga taʼsiri bor deb oʻylaysizmi?

Yoʻldosh Eshbek: Bu savolga bir suhbat davomida va umuman ham javob berish mushkul ish. Shunday boʻlsa-da, Xudo qodir qilganicha javob qaytarishga harakat qilamiz, yetishmagan joylarni allomalarimiz yordam berib toʻldiradilar, degan umiddamiz. Keling, yaxshisi, manbalarga murojat etaylik: “Ishonchli, mustahkam, sogʻlom, shubhasiz va qatʼiy oʻlaroq bilmoq. Koʻz bilan koʻraroq, mushohada etaroq bilmak. Masalan, uzoqda bir tutun koʻramiz. U yerda otash (alanga, olov) borligini ilman bilamiz, demakdir. Bu bilim darajasiga ilm-al yaqiyn, deyiladi. Otashga yaqinlashib, koʻzimiz bilan koʻrsak, bunga ayn-al yaqiyn bilmak, deyiladi. Agar barcha hislarimiz bilan olov borligini anglasak; yoqishini, kuydirishini, boshqa sifatlarini ham bilib olsak, bu ilmimiz darajasiga Haqq-al yaqiyn, deyiladi. (Haqq-al yaqiyn: abd (qul)ning sifatlari Haq sifatlarida foniy boʻlib, oʻzi u bilan ilman, shuhudan va holan baqo topmoqdir. O. Nasuxi; Islomiy-ilmiy-falsafiy “Yangi lugʻat”. Abdulloh Yagʻin). Demak, yaqiyn ilmining uch turini koʻrdik.

Endi ladunn ilmiga yuzlanaylik. Ilmi ladunniy gʻaroyib, sirli, nodir, noyob bir ilmning nomidir. Laduniyat – Olloh taolo xos tarzda ato etgan botiniy ehsonlardir. Adabiyotga taʼsiriga kelsak, butun mumtoz adabiyotimiz shu ilmlar taʼsiridadir.

Abdumurod Tilavov: Zamondosh ijodkorlar asarlarida tasavvuf asari sezilib turadimi?

Yoʻldosh Eshbek: Albatta seziladi. Chunki bizda istiqlol tufayli bu sohaga ham hurlik berildi. Masalan, Najmiddin Komil domla isteʼdodli va taniqli shoir Saʼdulla Hakimning “Koʻhna naql” kitobiga yozgan goʻzal soʻzboshida “Soʻz jamoli” degan koʻp maʼnoli, sirli sheʼrini tahlil qilar ekan, shunday yozadi: “Menimcha, sheʼridagi siru sinoat, uning taʼsir kuchi ham shunda: Anglamoqda sir qolmasa, mohiyatda maʼno ham boʻlmaydi”, deydi va hikmat(aforizm)ga barobar soʻz aytadi. Bu soʻzni tasavvufdan bexabar odam ayta olmaydi. Domlaning bu marhamati ham siru sinoatlidir. Va S. Hakim ijodiga, xususan, zikr etilgan sheʼriga yuqori baho beradi: “Shu bois “Soʻz jamoli” sheʼri ilohiy bir soʻz haqida bamisoli madhiya kabi jaranglaydi va botiniy, romantik tuygʻularimizni mavjlantirib yuboradi”.

Abdumurod Tilavov: Siru sinoat faqat tasavvufiy asarlardagina mavjudmi?

Yoʻldosh Eshbek: Yoʻq. Lekin sirda sir bor.

Abdumurod Tilavov: P. Koelo va “Alkimyogar” asari-chi?

Yoʻldosh Eshbek: Ha, “Alkimyogar” bizning mumtoz asarlarimiz singari ulovni koʻngil xazinasi tomon burgani uchun ham oʻzbek kitobxonlariga manzur boʻldi. Bu asarda Sir va sehr bor. Sehr ham ikki xil. Goʻzallikdan sehrlanish va sehrgarning sehri. Inson biridan tugʻiladi, biridan bogʻlanadi. Badiiyatda ham shunday. Hatto yanada nozikroq. Gap ana shu noziklikni ilgʻashda. Paulo Koelo hozirgi yozuvchilarning peshvolaridan va ommaviylaridan. Tilimizda bir emas, uch tarjimasi bor. Hozir qoʻlimda isteʼdodli shoir Aziz Said tarjimasi bor ekan, shundan bir ikkita misol kaltiraman. Mavzudan chiqmasak-da, sal aylanib yurib oʻtishga toʻgʻri keladi. Bu – nasr. Lekin poeziya qorishiq. Afsuski, baʼzi asosiy tushunchalar ham baʼzan qorishib ketadi. Asosiy qahramonlardan Kimyogar tilidan: “Kimki oʻz Taqdiri Yoʻlidan ketayotgan ekan, hamma narsani biladi va hamma narsaga qodir!” deyiladi.

Abdumurod Tilavov: Soʻzingizni boʻlganim uchun uzr. Kuchli inson kim oʻzi?

Yoʻldosh Eshbek: Bandai ojizligini bilgan, Yaratgandan qoʻrqqan kishi juda ham kuchlidir. Inson Taqdir Yoʻlidan chiqib, oʻzganiig Taqdir Yoʻliga oʻtib ketolmaydi. Hamma oʻz Taqdir Yoʻlidan ketadi, barcha magʻlubiyat va muvaffaqiyatlar shu yoʻl ichida kechiladi. Inson taqdirni emas, taqdir ichida baʼzan magʻlubiyat, baʼzan muvaffaqiyat yaratadi.

Abdumurod Tilavov: U qoʻrquv qanday qoʻrquv?

Yoʻldosh Eshbek: Bu maxluqdan – itdan yoki odamdan qoʻrquvga koʻp ham oʻxshamaydi. Inson bilib-bilmay, oshkor-yashirin gunoh sodir etgach, yoʻlda-yuzda, ulovda oʻzim, yaqinlarim yuramiz, ey Xudo, bir kori hol boʻlmasa edi, deya qoʻrqishiga mengzaydi. Oldiga qoʻygan maqsad chizigʻiga bu kirmaydi chogʻi P. Koelo qahramonlarida bu tuygʻu koʻrinmaydi, lekin Santyagoda maxluqdan qoʻrquv, hatto Alkimyogarda xavotir sezilib turadiki, kayfiyatining mana shu pallasi bosib ketgandek. Bu inson kamolot darajasini belgilaydigan tuygʻudir. “Xazina qayerda boʻlsa, qalbing ham shu yerda boʻladi”, – degan edi unga (Santyagoga – Y. E) Alkimyogar.

Abdumurod Tilavov: Bularni yaxshiroq his etish uchun avval qalb-koʻngul, ruh, ilhom nima – bilib olsak, tushunarliroq boʻlarmidi?..

Yoʻldosh Eshbek: Toʻgʻri. Lekin bular yuqoridagi ladunn va yaqiyn ilmlaridan ham nozik va qaltis boʻlgani uchun ham oʻtgan ulugʻlarimiz bu mavzuda ehtiyotan fikrlashmagan maʼqul, deganlar. Ayniqsa, taqdir, qazo, qadar mavzui…

Imom Gʻazzoliy aytadiki: “Qalb (koʻngil – Y. E.) amr-farmon olamining siridir”. Baʼzi olimlar qalb-koʻngul markazi yurak desa, baʼzi olimlar qalb markazi “dimogʻingiz chogʻmi” soʻzi ulugʻ hol soʻrash ekanini aytadi. Shulardan kelib chiqib, koʻngil-qalb yurak bilan mustahkam bogʻliq esa-da, yurakning aynan oʻzi emasligi maʼlum boʻladi. Yaʼni koʻngul tan aʼzosi birla bogʻliq esa-da, tan aʼzosi emas. Fikrimizga dalil sifatida Xoja Abdulxoliq hazratlarining “Sanubar suvratligʻ goʻshtporagʻa majozan dil va qalb derlar”, soʻzini keltirish mumkin.

“Yangi lugʻat”ga yana murojat etsak: “Qalbdan maqsad sanavbariy et parchasi emas, latifa-i Rabboniyadir” (Latif – nozik, goʻzal, mayin, koʻzga koʻrinmas, jismsiz, yashirin, sirli). Yurak ishlasa, toʻxtasa, jasad qay holda boʻlsa, inson ichki olamida, maʼnaviyati-maʼrifatida koʻngul mohiyatan shunday.

Endi tasavvurimiz yana biroz oydinlashishi uchun kamina tarjima qilgan Fotima Temur qizining “Tazkirot ul-avliyo”sidan kichik bir hikoya oʻqiymiz:

Hazrat Alouddiyn Attor deydilar: “Darvishlarning biri bir kuni mendan qalb qanday boʻlishini soʻradi. “Qanday ekanini bilmayman”, dedim. U: “Men qalbni uch kunlik oy kabi koʻraman”, dedi. Buni ustozim, janobim va shayxim Shohi Naqshband hazratlariga aytdim.

– Bu – uning qalbiga oid, qalbiga koʻra (yoki bu qalb unga koʻradir), – dedilar. Tik turardik. Oyoqlarini oyogʻim ustiga qoʻydilar. Birdan oʻzimdan ketdim. Bir orada (yoki bu orada) barcha mavjudotni, Arshi aʼloni qalbimda koʻrdim. Oʻzimga kelgach:

– Koʻrganlaringizni ayting, – dedilar. Aytdim. Hazrat Xoja:

– Koʻngul budir. U darvish aytganday emas. Olloh taologa eng yaqini koʻngul, koʻngulday hech narsa yaqin emas. Qalb – nomaʼlum, sirlarga toʻla olamdir. Har ne undan topilur. Koʻrilgani kabi qalb har nedan sharafli, bepoyon bir latiflikdir. Shunday boʻlgach, kishi uni qanday anglay olur?! Shuning uchun hadisi qudsiyda Olloh marhamat etadi: “Yeru koʻklarga sagʻmasman, moʻminning koʻngliga sigʻurman”. Bu teran sirlardandir, dedilar”.

Latiflikka yuqorida bir qadar izoh berib oʻtdik. Undan tashqari latiflikning yana ilhombaxsh, yoqimli, shirin, teran, maxfiy, koʻp lutf etuvchi, degan maʼnolari ham bor. Koʻryapsizmi, koʻp lutf etuvchilik sifati – Ollohning sifatidir. Shuning uchun ham bu mavzularda soʻzlaganda juda ehtiyot boʻlishimiz darkor ekan. Chunki xavf bor – bu narsalar maxluqmi, maxluq emasmi – keskin aytolmaymiz. Oʻzimizga yarasha soʻngsiz mulohazalarimiz boʻlsa-da, oshkor etish bu yoqda tursin, baʼzan oʻylashga, fikr yuritishga qoʻrqamiz. Ishq, ilhom kabilar ham sir, sirli, latifdir. Shular koʻngulda boʻladi. Ilhom va ishq bilan koʻnglingiz toʻlganda, bepoyon ichki olamingiz larzaga keladi, hech koʻrilmagan shirinlik va baxt chidab boʻlmaydigan holga sizni olib keladi. Bu Xoliqning tajalliysidir. Bu vuslatdir. Hazrat marhamat etgan kengishlik, bepoyonlik deb bilganimiz – millimetrning milliarddan biridan kamdir, balki millimetrning milliarddan biri bepoyonlikdan ham soʻngsizdir. Balki, bu borada masofa ahamiyatsizdir. Chunki Olloh taolo: “Yeru koʻklarga sigʻmasman, moʻminning koʻngliga sigʻurman”, demoqda.

Abdumurod Tilavov: Biroz maʼrifatlanib oldik. Endi baʼzi asarlardan, masalan yana P. Koelodan savol beraman: “Na sahro, na shamollar, na quyosh va na odamzod oʻzlarini nima uchun yaratilganligini bilmaydilar”, deyiladi unda.

Yoʻldosh Eshbek: Moʻmin inson nima uchun yaratilganini yaxshi biladi. Yaratgan unga Kitob va Paygʻambar (s. a. v.) yuborib, inson va jinni Oʻziga ibodat etishi, Oʻzini tanishi uchun yaratganini bildirgan. Inson taqdirini, ertasini, oqibatini bilmaydi. Bilganida, umidlar, niyatlar, maqsadlar, talpinishlar, intilishlar, orziqishlar, entikishlar, harakatlar qayoqda qolardi?! Shunisi yaxshi emasmi? Shu bilan birga, “insonning oʻz ishida ixtiyori yoʻq”, deguvchilar tarafdori ham emasmiz. Yaratgan insonga ixtiyor ato etgan.

Abdumurod Tilavov: “Mening qalbim iztirobdan qoʻrqadi”, deydi Santyago Alkimyogarga. Qarang! “Oʻz orzularini roʻyobga chiqarish uchun yoʻlga tushgan biror-bir qalb iztirob chekmaydi, chunki ushbu izlanishlarning har lahzasi Olloh bilan, Abadiyat bilan muloqotdir”. Shu oʻrinda siz nima degan boʻlardingiz?

Yoʻldosh Eshbek: Alkimyogarning javobi soxta koʻtarinkilikka, soxta yupatuvga oʻxshaydi va chigal. Bizda aqliy va naqliy mezonimiz bor. Har fikrni, har soʻzni shunga qoʻyib qaraymiz, hatto u majoz boʻlsa ham. Bu iztirob va qoʻrquvning qandayligiga va qay tarafdan qarashga bogʻliq. Bu uxroviy iztirob qoʻrquvi boʻlsa, gʻoyat goʻzal. Dahshatli boʻlishi mumkin, lekin oqibati xayrli. Bunday iztirob qoʻrquvi iztirobning oʻzidan dahshatli emas. Goʻzal. Shu qoʻrquv tufayli ham inson oʻzini oʻnglaydi, yaxshi ishlarga otlanadi va qoʻl choʻzadi. “Oʻz orzularini roʻyobga chiqarish uchun yoʻlga tushgan qalb iztirob chekmaydi”. Yaxshi soʻz. “Chunki ushbu izlanishlarning har lahzasi Olloh bilan, Abadiyat bilan muloqotdir”. Yaxshi. Faqat chigalroq. Qorishiqroq. Iztirobdan qoʻrquv, iztirobning oʻzidan dahshatli boʻlmasa ham, dahshat boʻlsa ham goʻzal. Oʻziga, oʻzgaga iztirob yetkazishdan qoʻrquv – goʻzal iztirobdir. Iztirob esa goʻzal. Buni tushungan tushunadi. Chunki iztirob moʻminning darajotidir. Yaʼni darajani va martabani belgilovchidir. Moʻmin inson iztirobi bilan xotirjamdir. Iztirob – uning qalbini obod, umid – xotirjam etadi. Hz. Paygʻambar (s. a. v.) “Moʻminning yuzida tabassum, qalbi esa mahzun boʻladi”, deganlar. Ana shu hazinlik, tabassum – iztirob va xotirjamlikdir. Uning ulugʻ umidi bor. Bu umid oʻxshashsiz. Faqat moʻminlar umidiga oʻxshaydi. Eshitgan soʻzimiz, oʻqigan asarlarimiz koʻnglimizdan oʻtadi, agar koʻngil koʻngil boʻlsa, ota-bobolar eʼtiqodi bilan mustahkam boʻlsa, oʻtayotgan narsalar saralanadi. Yoʻqsa, yoʻq. Bu ham muhim. Faqat erotik asarlar emas, aqidaviy zid va aqidaviy chigal chalkash asarlar ham insoniyatni parishon aylaydi. Santyago Alkimyogardan soʻraydi: “Umr boʻyi oltin izlagan va unga erisholmagan alkimyogarlar ham bor. Ular qayerda xato qilishgan?” Alkimyogar javob beradi: “Xatolari shundaki, ular faqat oltin izlashgan. Ular yoʻlda yashiringan xazinani izlashgan. Yoʻlning oʻzini esa aylanib oʻtishgan”. Kuchli javob.

Abdumurod Tilavov: Yoʻldosh aka, juda ulkan va keng insoniy anglamda olib qaralsa, P. Koelo va qahramonlari hozir keltirgan soʻzga oʻzlari amal qilishmagandek.

Yoʻldosh Eshbek: Chunki haqiqat yoʻli butun insoniyat uchun bitta. Niyat samimiy, maqsad yaxshi boʻlgani bilan shu maqsadga erishish mushkul. Faqat muvaffaqiyatlarga erishish mumkin.

Abdumurod Tilavov: Bu katta muvaffaqiyatlar maqsadlarigacha surib borib qoʻyishi ham mumkin-ku!

Yoʻldosh Eshbek: Yoʻq. Bu muvaffaqiyatlar davriydir. “Alkimyogar” asari badiiy zaif emas, nozik majoziy fikrlarga boy. “Qalblar iztirobni yomon koʻradi”. Bu – toʻgʻri. Lekin biz boshqacharoq qaraymiz. Iztirobning mukofoti maʼlum boʻlgach, bu dunyoning oʻzida ham meva bera boshlaydi. Va boshqacharoq qarashimiz toʻgʻri ekanligiga amin boʻlamiz. Iztirobsiz koʻngil, koʻngil emas. Koʻngil – maʼnaviyatning yuragi dedik, yurakdan farqli oʻlaroq koʻngilning (“Alkimyogar” moʻljalga aniq ololmagan) oʻlmasdan mangu qoladigan dorisi bor, bu obi hayot ishqdir. Ishqi haqiqiy. “Alkimyogar” aytganidek: “Kimki bu al-iksirdan ichsa, xastalik nimaligini bilmaydi” emas, kimki ichsa, tuzalish nimaligini bilmay qoladi, toʻgʻrirogʻi, istamay qoladi. Chunki bu iksir, bu obi hayot dard tashnaligini yoki tashnalik dardini sugʻoradi. Yurak toʻxtasa ham, koʻngil yashaydi.

Haqiqiy oshiqning virdi, obi hayoti, iksiri – ishqi ilohiydir. “Alkimyogar”ga zid holda, oshiqning bemor qalbi shu ishq bilan tirik. Bemorligi – sogʻligi, sogʻligi – bemorligi.

Abdumurod Tilavov: “Xazina qayerda boʻlsa, qalbing ham oʻsha yerda boʻladi”, degan edi Alkimyogar. Yoʻldosh aka, siz nima degan boʻlardingiz?

Yoʻldosh Eshbek: Aksincha, xazina qalbda boʻladi. Qalb qayerda boʻlishini bilmayman. Menimcha, hech qayerda boʻlmaydi. Qalb va xazina bir-birida boʻladi. Xazina qalbning oʻzidir. Ul xazinada beqiyos boylik bor. Murod-maqsad ham, baxt ham, visol ham, haqiqat ham shudir. Men “Alkimyogar”ni oʻqiyotgan 22 million oʻquvchining ashaddiylaridan emasman. Hozirgiday zarurat boʻlgandagina murojaat etaman. Va buyuk bobokalonlarimiz taqib kelgan koʻzoynak bilan qarayman, busiz hech iloji yoʻq. Qoʻrgʻoshinlar oltinga, oltin qoʻrgʻoshinga aylanib ketadi. Qalb va xazina haqidagi soʻzga “Alkimyogar”ning oʻzida ham javob bor: qancha eski boʻlsa, shuncha afzal, qancha takrorlansa, shuncha goʻzal.

Abdumurod Tilavov: Ijodkor ilhomiga qanday taʼrif bergan boʻlardingiz?

Yoʻldosh Eshbek: Oldingizdan ikki yoʻl chiqdi, deylik. Oʻngga degani – ilhom boʻldi. Bu – oddiy odamlarga uzatilgan ichki ilhom. Ijodkor ilhomida esa hol va maʼno birlashadi. Ijodkorning ichki olami faollashadi, tezlashadi, xush tuygʻular lazzati tigʻizlashadi, fikr va maʼnolar quyiladi, ijodkor toqat qilib boʻlmas goʻzal holga kirib qoladi. Va anormal holda normal va hatto komil bir ishni ado etadi. Bu holatni soʻfiyning jazba holiga oʻxshatish mumkin. Ilhom, ishq, jazba joʻsh urib inson koʻnglida kuchayganda, orombaxsh azoblar yoki azobbaxsh oromlar orqali choʻqqiga koʻtariladi.

Abdumurod Tilavov: Ilhom bilan yozilgan milliy va umuminsoniy bitta sheʼr oʻqisangiz.

Yoʻldosh Eshbek: Ishq vafodan soʻzlaganlarim,

Bir kun boʻlur senga pushaymon,

Yodga tushar boʻzlaganlarim,

Men olamdan oʻtganim zamon.

Qaltirarsan ajib sezgidan,

Har bir soʻzim kashf etar jahon,

Judo boʻlding buyuk sevgidan,

Men olamdan oʻtganim zamon.

Sen yonimdan keta olmassan,

Koʻzlaringda boʻlgum namoyon,

Sevgimni rad eta olmassan,

Men olamdan oʻtganim zamon. [1]

Koʻplab dunyo olimlari baʼzi (modern) asarlarni tushunib boʻlmasligini, tushunish shart ham emasligini aytishgan. Shunga yaqin fikrni akademik Lixachev ham Joysning “Uliss” romani ustida soʻzlagan. (Uzr, manba yonimda boʻlmagani uchun soʻzma-soʻz keltirolmadim). Bulardan tashqari oʻzimning ham mustaqil aqliy dalilim bor, masalan, shunday asarlar mavjudki, mutolaasi taassuroti – rangtasvir koʻrganday yoki musiqa tinglaganday orombaxsh. Asar faqat biz istagandek, faqat biz koʻnikib qolganimizdek boʻlishi kerakmi? Taqdimot (2012 yil, 15 iyun) “OʻzAS”da, dunyo va rus adabiyotining bilimdoni Neʼmatulo Mamajonovning “Sheʼr va shoir haqida” juda zarur adabiy oʻylari eʼlon qilindi: “Muhimi – yangi, hali ishlatilmagan, favqulodda, tasodifiy, yorqin tashbeh, qiyoslashlarni topish. Bundan ham muhimi, shu obraz va oʻxshatishlar maʼnoga boʻysunishi, u bilan yaxlit bir butunlikni hosil qilishi kerak”, deyilgan unda. Keling, shu soʻzni Tursun Ali sheʼriga tadbiq etib koʻraylik. “Yilga sigʻmay qolgan olmalar” – tasodifiydir, lekin yorqin tashbeh emas. “Eski aravaday oʻtadi kunlar” ham eski, ishlatilgan oʻxshatish va qiyos, “maʼnoga boʻysunib, u bilan yaxlit bir butunlikni” hosil qilyapti yoki qilmayapti, deyolmaymiz. Maʼnoga boʻysunyaptimi? Menimcha, hozircha bitta yoki birorta maʼnoga boʻysunayotgani yoʻq. Shu bilan birga, maʼnosiz ham emas. Lekin qani oʻsha maʼno? Bu yerda gap tashbehning favquloddaligida emas, balki tashbehning favqulodda sheʼr darajasiga koʻtarilganida. Bunday sheʼrlar uzoq vaqtlarda bir-bir yoziladi. Bu sheʼr maʼnaviy ehtiyojning – sirning oʻzi haqidagi sirli sheʼr, deya olamiz. T. Alining oʻzi ham uqish va oʻqish haqidagi soʻzining davomida oʻz sheʼrining sharhiga ham yordam bergandek va shu haqdagi fikrimizni qoʻllab qoʻygandek boʻladi: “Oʻqiganimda faqat qulogʻimga emas, vujudimning dengizdan-da teran joylariga kutilgan nur – shuʼla oqib-oqib kiradi”. Bu oʻsha yuqorida aytganimiz – sirlar nuri – nuri asrordir. Ichimizni, koʻnglimizni yoritib, yorishtirib yuboradi. Goʻzalikka gʻarq boʻlamiz. Sirlar nuridan bahramand boʻlamiz. Oʻzini anglash esa mushkuldir. Goʻzallik nuriga, sirlar nuriga choʻmish sirning oʻzini anglashdan, uqishdan koʻra goʻzalroqdir!

Abdumurod Tilavov: Endi uzunroq, kengroq, birlashtiribroq sheʼr, ishq, sir, shoir va shularning ulugʻlari haqida soʻrayman.

Yoʻldosh Eshbek: Sevgi, muhabbat, ishq – farqli, biri birining yoki ikkinchisining, uchinchisining darajasi, deyishadi. Buni inkor qilmagan holda, biz deymizki, hammasi bir-u, darajasi har xil. Gap – nimani, kimni qanday sevishda. Demak, sevgining ismi va sifati bor. “Muhabbatdan muhabbat boʻldi paydo, Muhabbatsiz kishidan qoch, Huvaydo”. Sirning ham maʼnosi koʻp. Yashirin haqiqat. Yashirin ish. Xalq orasida salbiy maʼnolari ham bor. (Talofat koʻrdim maʼnosida, sir koʻrib qoldim, deyishadi). Har kimga, hammaga aytilmaydigan narsa. Saqlanadigan soʻz. Muhabbatullohning qalbdagi maqomi – latifa (latiflik – latif nuqta va nukta). Inson aqli erishmagan narsa. Haq hikmati. Sheʼr bunaqa boʻladi va boʻlishi kerak. Ishq, sir va sheʼr ulugʻligi haqida shoirlardan misollar keltirdik. Bular taʼrifsiz mavzular yoki taʼrifi shu qadar koʻpki, keltirolmaymiz. Biz muhtaram munaqqidlarimiz nazari kam tushadigan sanoqligina sheʼrlarni tanladik. Bunday sheʼrlar mumtoz adabiyotimizda, boshqa buyuk shoirlarimiz ijodida uchrab turadi. Negadir koʻpincha bir xil nomlar atrofida kechadi. Ilmda esa harakat nomlar atrofida emas, asarlar atrofida kechadi. Toʻgʻrirogʻi, kechishi kerak.

Abdumurod Tilavov: Yana shunday nazardan chetda qolgan sirli, goʻzal bir misra keltirsangiz.

Yoʻldosh Eshbek: Bu – Abdul Jalilning “Gʻam choʻgʻining yaprogʻi” degan sheʼri. Bitta yoki yarimta satr sheʼr ham, sir ham, ishq ham shoirda mujassam. Bari ishqdan tugʻiladi:

Oppoq “joy”ga muk tushib zikr etasan

zikr tushib oqartasan yoki “joy”ni

borib-borib oqqa singib ketasan

eslatasan koʻkka singgib ketgan oyni

dimogʻing chogʻ boʻlar yaʼni vaqting xush

kelganday boʻladi orzungdagi tush

koʻrganday boʻlasan

qushmanmi deysan

yo oʻzim baxtmanmi

tushmanmi deysan.

Abdumurod Tilavov: Sizningcha, vijdon nima? Alohida taʼrif bera olasizmi? Shunday taʼrifingniz bormi?

Yoʻldosh Eshbek: Bor. Lekin dafʼatan taʼriflasam, tushuniksiz chiqishi mumkin. Lugʻatlarda aytilishicha, vijdon – masʼuliyat tuygʻusi, insof, din-diyonat, ishonch, shuur, botil bilan Haqni tanimoq va ajratmoq, inson ichidagi yaxshini yomondan ayirib biluvchi, yaxshilik qilishdan lazzat tuyuvchi, yomonlikdan alam-ogʻriq chekuvchi maʼnaviy hisdir. Vijdonning toʻrt unsuri va ruhning toʻrt xususiyati bor: iroda, zehn, his, latifai Rabboniya, har birining bir gʻoyatul gʻoyati (asosiy yuksak gʻoyasi) bor, irodaniki – ibodat, zehnniki – maʼrifatulloh, hisniki – muhabbatulloh, latiflikniki – mushohadatullohdir. Taqvo deyilguvchi ibodati komila toʻrtovini ham oʻz ichiga oladi. Shu bilan birga, men yana vijdon va taqvo unsurlariga afsus-nadomatni ham qoʻshgan boʻlardimki, kishini yomonliklardan saqlanib turishiga yordam berguvchi tuygʻudir. Agar odamda vijdon boʻlsa, boʻlganda ham ulugʻ boʻlsa, ogʻrimasdan, oʻrtanmasdan hech iloji yoʻq. Va oʻzga chorasi ham yoʻqdir. Ana shu ulkan ogʻriqlar buyuk oʻrtanishlar elni el, yurtni yurt, vatanni obod aylaydi. Ana shu ogʻriqlar va oʻrtanishlar ikki dunyo saodatidir. Bular esa, avvalo, vijdonda boʻladi. Shuning uchun boʻlsa kerakki, valiy zotlarni, ulugʻ shoirlarni xalqning, millatning vijdoni deymiz. Ulardan ibrat olamiz. Hazrati Fariduddin Attor “Tazkirat ul-avliyo” (Avliyolar kitobi)da yozadilar: “Hasani Basriy bolalikda bilmay bir qabih ish qilib qoʻygan va bundan doimo nadomat chekar, shu qabohatni yoqasiga yozib qoʻygan edilar. Yozuvga har gal koʻzlari tushganda, shu qadar yigʻlar edilarki, yozuv hoʻl boʻlib ketardi”. Vijdon haqida bundan oʻtkazib yo bunga barobar aytish biz uchun mushkul. Bunday zoti shariflarning muborak manoqiblaridan kelib chiqqan holda deymizki, vijdon – valiy, shoir, qahramonning titilgan koʻngli yoki koʻnglining ilma teshiklaridir. Xalqimiz: osilsang, baland dorga osil, deydi. Chunki bu halokat emas, dunyoga kelish, tugʻilish, ulkan umid va moʻljallardir. Xalqimiz ana shu ulugʻ moʻljalu manzillarga buyuk umidlar bilan ulkan qadamlar tashladi. Har sohada ulkan muvaffaqiyatlar yor boʻlmoqda. Inshaolloh, bundan keyin ham yuzi yorugʻ, jahon xalqlari oldida vijdoni pokdir!

Javobimga vijdon bayrogʻi “gʻam choʻgʻining yaprogʻi” (kabi)dir, deya qoʻshgan boʻlardim. Chunki gʻam-qaygʻu ham faol, sirli tuygʻu ekani Abdul Jalilning ham yuksak satri, goʻzal iborasidan sezilib turadi.

Abdumurod Tilavov: Modern va milliylik. Adabiyotga va insonga taʼsiri haqidagi fikrlaringizni baham koʻrsangiz.

Yoʻldosh Eshbek: Bu – murakkab. Insonga taʼsiri desangiz ham boʻladi, modern insonga, keyin adabiyotga, soʻng turmush tarziga yaxshi-yomon, u-bu tarz va darajada taʼsir etadi. Bu teskarisiga sanaganimizning oxiridan boshiga, masalan, turmush tarziga va keyin adabiyotga yoki aralash, deyarli bir vaqtda oʻzaro taʼsir roʻy berishi mumkin. Albatta, biz milliy va ayni vaqtda, umuminsoniy asarlarni yoqtiramiz. Lekin avval oʻzimizga qaraylik, sizu bizning ustimizdagi kiyim milliymi yoki milliylashib boʻldimi yoki endi milliylashayotirmi? Agar oʻzgarayotgan boʻlsa, qay vaqtdan boshlab oʻzgarayotir va nima uchun? Bu oʻzgarish zararmi yoki foydami, nafi bormi? Mana shu savollarga javob topsangiz, modernning adabiyotga va insonga taʼsiri haqidagi savolning javobiga yaqinlashasiz. Chunki har ikki hol ham ruhiy yangilanish hodisasi va natijasi. Har ikki hol ham shunchaki koʻngilxushlik emas, kiyinish ham, adabiyot ham millatning madaniy qiyofasini namoyon etadi. Shuningdek, albatta sanʼatning boshqa sohasidagi asarlar ham. Adabiyotimizda modern taʼsiri koʻngildagidek ekanini koʻpchilik eʼtirof etishdi va bu quvonchli holdir. Asar ham, milliylik ham, badiiy saviya ham janrga, oqimga emas, isteʼdodga bogʻliq.

Milliylik nima? Qisqa javob beradigan boʻlsak, millatga xos xususiyat. Bu – kiyinishda ham, qoʻshiq aytishda ham, adabiyotda ham aks etadi. Adabiyotimizning axloqqa, hayoga “itoat” etishi uning eng buyuk milliy xislatidir. Adabiyotda ham, meʼmorchilikda ham, umuman, sanʼatda milliylik – javhari ibo, axloq boʻlgan badiiy mahoratdir. Albatta, tashqari taʼsirini (yomon taʼsirini) qonun yoʻli bilan toʻsish qanday natijalarga olib kelishi haqda dangalroq bir narsa deyishim qiyin. Men buni adabiyot sohasidagina emas, umuman aytayapman. Bu borada men ong va tafakkur boʻshligʻi boʻlmasligi tarafdoriman. Bu nima degani? Bu, avvalo, eʼtiqodiy barqarorlik degani. Bu faqat yoshlar uchungina emas, barcha uchun, yurtimizdagi barcha soha vakillari uchun eng birinchi asosdir. Bu ham bilim va isteʼdod bilan amalga oshiriladi. Milliylik libosdir – u millat vakilining ichki dunyosini, axloqini aks ettiradi. (Muhtaram muharrir, shu joyni qisqartirmasangiz, iltimos). Shoʻro davrida ham kavkaz xalqlari oʻz ismlari, otalari ism (familiya)larini oʻzlariga xos qoʻshimchalari bilan saqlab qololdilar. Bu ham milliylikka kiradi. Bu borada oʻsha davrlarda nisbatan katta xalq boʻlganimiz uchun qarshiliklar ham kattaroq boʻlgan. Shukurki, endi qonunlarimiz erkinligimizni, milliyligimiz rivojini taʼmin etadi. Va talab ham etadi. Milliylik ham toʻla, komil namoyon etiladigan goʻzal xislatlardir. Albatta, unga boʻladigan jahoniy taʼsirning nozikligi haqida “Alkimyogar” ustidagi soʻzimizda toʻxtaldik. Jahon bilan hisoblashmaslikning iloji yoʻq. Lekin eʼtiqodni mustahkamlashning iloji bor. Bu soha isteʼdodlarga bogʻliq. Va eʼtiqod xususida matbuotda, ayniqsa, oynai jahonda koʻp suhbatlar oʻtkazish maqsadga muvofiq. Chunki elni el, yurtni yurt aylaydigan bu fuqaroning eʼtiqodidir. Milliylik ham, umuminsoniylik ham eʼtiqod ustida oʻsadi.

Abdumurod Tilavov: Tilaklaringiz?

Yoʻldosh Eshbek: Oʻzimga tilaganni barchaga tilayman – ikki dunyo saodati, maʼnaviy boylik, tan sihatlik, tinchlik-xotirjamlik, ketmas davlat – bagʻrikenglik tilayman!

 

“Sharq yulduzi”, 2014–6

 


[1] Rauf Parfi. 

 

https://saviya.uz/hayot/suhbat/xazina-qalbning-ozidir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x