Xayolimda boʻlding uzun kun,
Seni izlab qirgʻoqqa bordim.
Och toʻlqinlar pishqirgan tunda,
Topib ber, deb, oyga yolvordim.
Ishon, bunda seni doimo
Esga solar chiroyli tunlar,
Shoʻx yulduzlar, salqin saharlar,
Esga solar baxtiyor kunlar.
Toleimning oshinosi sen,
Sen sevgimning koʻkargan bogʻi.
Sening bilan birga iqbolim,
Ishonchimning sen vafo togʻi.
Meni qurshar salqin bir havo,
Suv ustidan tun quyuladi.
Shunda qancha-qancha gaplarni
Esga solib, oy ham toʻladi.
Kecha jimjit, yolgʻiz toʻlqinlar
Pishqiradi bilmay tinimni.
Hiylagar oy, sehrgar dilbar,
Solib qoʻyding yodimga kimni?
Hamid OLIMJON
https://saviya.uz/ijod/nazm/xayolimda-bolding-uzun-kun/