Xalqqa dilim berib ketaman

Qalbim qolgan edi bu yerda

 

Qalbim qolgan edi, bir chogʻ bu yerda,

Sizning dilingiz-la joʻnab ketgandim.

Ajdodim, avlodim qiblasi – elda

Qalbimni sogʻinib sheʼrlar bitgandim,

Qani bunda tashlab ketgan u qalbim?

 

Kezib, soyu qoya koʻrmagan jondek,

Toqqa tirmashgandim tolib tizlarim.

Sochilgandi shodlik yoqut marjondek,

Lekin tun sel yuvgach kunlik izlarim

Sirqirab chiqqandi tolgan tizlarim.

 

Ammo yana tongda tushgandim yoʻlga,

Soya koʻtarilmas choʻqqiga dadil.

Konlarga tushganda olgandim qoʻlga

Yurakni konchining fonusi shakl,

Shuʼladay qolgandi u yerda ham dil.

 

Esimda, chorlashdi yulduzlarsimon:

Chaqmoq va bijildoq bir davra goʻdak.

Men boʻlsam, aylanib goʻdakka shu on

Har biri koʻzidan goʻyo boychechak,

Gilosday boqqandi men bergan yurak.

Ne yaqin-yiroqqa yoʻldosh boʻlmadim,

Bu qutlugʻ umrimning izmida erkin.

Hech yerda hech kimning baxtin yulmadim,

Tuygʻumni izlarga otmadim, lekin

Pisand ham qilmadim rashklilar kekin.

 

Har yerda dengizga tushgan tomchiday

Qalbim zarralarga ketdi boʻlinib.

Ammo dilga kirgan har doʻst sevinchday,

Ilhom, kuch, hayotday jonimga inib,

Yashadim, daryoday toʻlib, toʻlinib.

 

Qolgan dil izidan yana keldimu

Minglarcha nigohlar sehrida qoldim.

Har salom, har issiq tabassum, kulgu,

Mavjida u qolgan dilim koʻroldim.

 

Udumday, merosday qon-la oʻtdimi,

Bu behad koʻzlarda mavj urgan mehr?

Zarra-zarra qolgan qalbim oʻtimi,

Bizni yaqin qilgan muazzam sehr?

 

Men olgan dillar ham hamon qalbimda

Hayotim bezagi, sheʼrim jarangi.

Ichgan suvlarimning nami labimda,

Sochlarimda hatto yoʻllarning changi.

 

Oʻsha oʻt yoshlikka men sodiq qolib,

Butun xalqqa dilim berib ketaman.

Soʻng bu gul diyorni qoʻmsab, sogʻinib,

Quyoshday doʻstlikni kuylab oʻtaman.

 

 

Daraxt

 

Bir daraxt turardi yoʻl chekkasida,

Shamol urar edi uni muttasil.

Avval koʻk, soʻng zaʼfar-xazon tusida

Koʻrkini yoʻqotdi… Hamon urar yel.

 

Qurgʻadi, bukchaydi kurashda tanho,

Zilol qonlaridan qolmadi zarra.

Shamol, shamol savab qoʻymadi, ammo

Ildiz-la yiqildi oxir bir zarbdan.

 

Endi yel boʻshlikda kezar darbadar,

Tanho qurbonining qaqshashin izlab.

Bilaman, daraxtday qulasam agar

Mening hayot bogʻim qolmas huvillab.

 

 

Xayollar

 

Ey xayollar, yelday sezdirmay

Kelasizu chulgʻaysiz oʻyim.

Hatto bezgan chogʻda ham gʻoyat

Koʻksingizga tashlayman oʻzim.

 

Zotan, sizsiz boʻm-boʻshday hayot,

Dil qanotsiz qush bilan tengdir.

Hatto ikkov zoʻrgʻa joylashgan

Xonam siz-la osmonday kengdir.

 

Tun uxlaydi shirin uyquda,

Oy-yulduzda oqadi hayot.

Siz-chi, meni etasiz maftun

Oʻyim chulgʻab yelpiysiz qanot.

 

Bodom togʻlariga chirmashib

Izlashasiz birga ohuni.

Oqqush kabi yengil va koʻrkam,

Men-la kechib oʻtasiz suvni.

 

Koʻzyoshiday tiniq har buloq

Tabiatga tutar oyina,

Magʻrur boshin qorga oʻrab togʻ

Aks etadi bir oppoq siyna.

 

Siz tiklaysiz sevgi va ilhom

Uyi boʻlmish oppoq oʻtovni

Va esimga solib qoʻyasiz

Oʻzi esdan chiqmas birovni.

 

Shunda sizga yangi nom berib

Hayajonda atayman sevgi.

Yuksaltirar dilimni togʻday:

Shu yangi his, shu yangi sezgi.

 

Mast nazar-la atrofga boqib,

Tabiatda koʻraman chiroy.

Kun shuʼlasin qamrab toʻlqinga

Shoʻx koʻpirib oqar daryo, soy.

 

Oltin rangga kirib koʻrinar

Dala yoʻldan koʻtarilgan chang.

Choʻl chechagin menga tutqizar

Qirgʻoqdagi har tosh, har xarsang.

 

Sehrgarsiz, tirik xayollar,

Sehringizga etasiz maftun.

Yoʻqsa, choʻlda qiygʻoch gulshanni

Tikandan gul undirmak nechun?

 

Oqshom gʻuncha atab ketganim

Xandon kulib boqsa ertalab,

Salqin kecha kamol toptirgan

Sohil mendan qilsa sheʼr talab –

 

Shunda sizni chechakka oʻrab,

Nomingizni atayman ilhom.

Muk tushaman sheʼr mashqiga,

Sevinchiga, dardiga dil rom.

 

Oppoq qogʻoz, kichik bir qalam,

Izlanishda oʻtib ketar tun.

Goh sevgi deb sarlavha qoʻyib

Iztirobda yonaman butun.

 

Goʻzal oqshom kabi sezdirmay

Kelasizu chulgʻaysiz boshim,

Goh qiynaysiz, goh yayratasiz,

Tuni boʻyi boʻlib yoʻldoshim.

 

 

Shafaq

 

Shafaq nuri goʻzal, deydilar,

Men shafaqqa keldim yuzma-yuz.

Jilvalari zarhal, deydilar,

Tong misoli tindirmaydi koʻz.

 

Shafaq nuri olis, deydilar,

Qoʻl uzatsam, tutar qoʻlimdan.

Haroratdan xolis, deydilar,

Otash oʻsar mening yoʻlimdan.

 

Shafaq umri qisqa, deydilar,

Choʻkkan jonday botar ufqqa.

Qoldirgani gʻussa, deydilar,

Mening jonim toʻla qoʻshiqqa.

 

Yurak zaif, idrok hukmdor

Oʻtgan yoʻlga boqaman loqayd:

Qancha toshloq, jar, tepa, gulzor

Oʻtilganin bilmabman koʻp payt.

 

Faqat bitta oʻkinch: qalamga

Oʻtgan kunlar oʻtkazar hukm.

Chap berganday koʻp lazzat menga,

Oʻtgan qolib, iqbolga yurgum…

 

ZULFIYa

 

“Sharq yulduzi”, 2014–6

https://saviya.uz/ijod/nazm/xalqqa-dilim-berib-ketaman/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x