Xalq yuragidagi shoir

Mirtemir zamonaviy oʻzbek sheʼriyatining rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshgan ardoqli lirik shoirdir. U milliy mumtoz adabiyotimizning barhayot anʼanalarini, xalq ogʻzaki ijodini chuqur oʻrganib, oʻzlashtirib, oʻz sheʼrlarida ularni ijodiy davom ettirdi, hozirgi oʻzbek adabiyotini boyitdi.

Shoir sheʼrlarida tuygʻu, hissiyot boʻrtib turadi. U goh tarix sahifalarini varaqlab, ota-bobolarining ulugʻvor ishlaridan hayratga tushadi. Gohi bu hayratlari oʻz zamonasining mard, tanti insonlari bilan muloqotlardan sheʼrlarga koʻchadi. Shoirning ijodidagi bosh mavzu nima deb soʻralsa, yurtga, tabiatga oshiqlik, bolalik xotiralariga sadoqat, oʻz xalqidan faxrlanish, uni chin dildan sevish va ardoqlash deb aytish mumkin. Mirtemir sheʼrlarida bu mavzular koʻpincha birikib, omuxtalashib keladi. Bir sheʼrning oʻzida ham tabiat goʻzalligi, ham xotiralar, ham iftixor tuygʻusi va yana hayotga muhabbat kabi tushunchalarning ifodalanishini koʻrish mumkin.

 

* * *

Nechogʻlik xokisor edingiz, ustoz,

Yalangtoʻsh, mehnatkash, qalam dehqoni.

Qadim Turkistonning tanti oʻgʻloni,

Pokiza edingiz misli oq qogʻoz.

Sizning armoningiz yashar qogʻozda,

Balki, u boʻylagay asrlarni ham.

Vo darigʻ, mana shu satrlarni ham

Yozsam boʻlmasmidi Siz tirik chogʻda…

Abdulla Oripov

 

Shoir har bir asar ustida koʻp va samarali mehnat qilar. Shu sababli ham Mirtemirning sheʼrlari chuqur gʻoyaviy mazmundorligi, badiiy yuksakligi bilan ajralib turadi. U xalq jasoratining ilhombaxsh kuychisi sifatida keng shuhrat qozongan.

Komil Yashin

 

Mirtemir haqida oʻylash va uning muborak xotirasini yodga olish ham quvonchli, ham qaygʻulidir. Shuning uchun quvonchliki, Mirtemir ulkan shoir, jonajon doʻst, tengi yoʻq dilkash inson edi; shuning uchun qaygʻuliki, qalbimizga juda qattiq taʼsir qilgan bu kulfat hali unutilgan emas. Biz Mirtemirni hamisha mashhur qalamkash salaflari qatorida barhayot, deb bilamiz. U biz uchun Gʻafur Gʻulom, Oybek, Shayxzoda va oʻzbek adabiyotining katta avlodiga mansub boshqa sanʼatkorlar bilan yonma-yon turadi.

Chingiz Aytmatov

 

Mirtemirning poetik tarjima sanʼatini rivojlantirishdagi xizmati – butun bir jamoaning mehnatiga teng.

Asqad Muxtor

 

Mirtemir oʻz shogirdlarining doʻsti edi…

…Mirtemir oʻz ijodining boshidayoq novator shoir sifatida maydonga chiqqan edi va umrining oxirigacha shu yoʻlda sobit qoldi.

Erkin Vohidov

 

Doʻstim Mirtemir goʻzal inson, isteʼdodli shoir edi.

Mirtemir adabiyotda hamon yashayotgan siymolardan biridir. Biz uni hamisha hurmat ila, muhabbat ila yod etamiz.

Sulaymon Rustam

 

Ustoz oʻzini qanchalik kamtarlikka olmasin, xokisorlikka olmasin, baribir har bir harakatida, feʼl-atvorida, muloqotlarida sheʼrlariday samimiyligi, oʻktamligi sezilib, bilinib turar edi.

Toʻra Sulaymon

 

Mirtemir aka sheʼr zargari. U soʻzni misqollab oʻlchaydi, yozadigan gapini yetti emas, yetmish oʻlchab, bir kesadi. Bu oyday aniq narsa.

Saʼdulla Siyoev

 

Tursunmuhammadning ming toʻqqiz yuz oʻninchi yilning bugʻdoy pishigʻida tugʻilgan oʻgʻli Mirtemirsho atalib yashayverdi. Turgan gapki, oʻshanda hech kim bu norasida kelgusida ardoogʻli xalq shoiri, Mirtemir deb nom taratgan eʼzozli el oʻgʻli boʻlib yetishishini bashorat qilmagandi, albatta. biroq shunday boʻldi: oʻsha oila, oʻsha qurama qishloq, oʻsha qadim Turkiston tabiati va odamlari Mirtemirning bolaligini, dunyoga, ezgulikka, yaxshilikka tashna pokiza qalbini, goʻzal tuygʻularini ardoqladi, ulgʻaytirdi.

Otayor

 

Mirtemir oʻzining nozik tabiati va hassos qalbi bilan haqiqiy shoir edi. Shuning uchun ham u butun umri mobaynida Sheʼriyatga – Goʻzallikni, Nafosatni, Latofatni kuylash sanʼatiga sodiq qolib, inson qalbining nafis manzaralarini tasvir va talqin etgan.

Naim Karimov

 

Mirtemir domla shoirning, sanʼatkorning joyi hamisha xalq ichida, ilhomi hamisha oʻquvchilar bilan boʻlgan diydorlashuvdan quyilib keladi, degan hikmatli gapga qattiq amal qiluvchi va shunga tashviq etuvchi edi.

Muhammad Ali

 

“Yoshlik”, 2018/5

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/xalq-yuragidagi-shoir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x