VOYAGA YETMAGANLAR JAVOBGARLIGI

VOYAGA YETMAGANLAR JAVOBGARLIGI — 18 yoshga toʻlmasdan jinoyat sodir qilgan shaxslarning javobgarligi, jinoyat qonuniga binoan tayinlanadigan, qatʼiy cheklangan jazo turlari. OʻzR jinoyat qonunida voyaga yetmaganlar sodir etadigan jinoyatlarning oʻziga xos xususiyatlari va b. holatlari eʼtiborga olinib, alohida javobgarlik belgilangan. Bular: a) jarima; b) axloq tuzatish ishlari; v) qamoq; g) ozodlikdan maxrum qilish jazolaridan biridir. Ular jinoyatning turi va xarakteriga qarab tayinlanadi va voyaga yetmaganlarga nisbatan jazoning boshqa turlari, qoʻshimcha jazolar tayinlanishi mumkin emas (OʻzR JK, 81-modda). Voyaga yetmasdan jinoyat sodir qilgan shaxslarga nisbatan tayinlanadigan jazo miqdori va muddatlari ancha qisqartirilgan. Axloq tuzatish ishlari 1 oydan 1 y. gacha muddat doirasida belgilanadi va bu jazoni oʻtash uchun mahkumni oʻzi yashayotgan joydan boshqa joylarga joʻnatish mumkin emas. Qamoq jazosi 1 oydan 3 oygacha muddat doirasida tayinlanadi. Ozodlikdan mahrum qilish muddati ham voyaga yetmaganlar yoshi va jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab belgilanadi: u 16 yoshga toʻlmaganlarga — uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat uchun — 3 y. gacha; ogʻir jinoyat uchun — 6 y. gacha; oʻta ogʻir jinoyat uchun — 10 y. gacha; 16 yoshdan 18 yoshgacha boʻlganlarga — uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat uchun — 4 y. gacha; ogʻir jinoyat uchun 7 — y. gacha; oʻta ogʻir jinoyat uchun — 10 y. gacha muddat doirasida tayinlanadi va har qanday holda bu muddatlardan chetga chiqilishi mumkin emas (OʻzR JK 85 – va 86-moddalari). Sud tomonidan ozodlikdan mahkum etishga hukm qilingan voyaga yetmaganlar jazoni Voyaga yetmaganlar tarbiya koloniyasida oʻtaydi. Voyaga yetmaganlarni javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilishning alohida qoidalari tadbiq qilinadi.

Shuningdek, jinoyati uchun 3 y. dan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan yoki undan ham yengilroq boshqa jazo olgan voyaga yetmaganlarni sud javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilib, jinoiy jazo hisoblanmagan quyidagi majburlov choralarini qoʻllashi mumkin: a) sud belgilaydigan shaklda jabrlanuvchidan uzr soʻrash; b) 16 yoshga toʻlgan shaxs zimmasiga yetkazilgan zararni oʻz mablagʻi hisobidan yoki mehnati bilan toʻlash yoki zararni bartaraf qilish majburiyatini yuklash; v) voyaga yetmaganni maxsus oʻquvtarbiya muassasasiga joylashtirish. Uning jinoyatlari haqidagi ishlarni yuritish tartibi umumiy qoidalar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi JPK 548—564-moddalari asosida belgilanadi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x