VOHIDOV Erkin Vohidovich

VOHIDOV Erkin Vohidovich (1936.28.12, Fargʻona viloyati Oltiariq tumani) — shoir, dramaturg, jamoat arbobi. Oʻzbekistan xalq shoiri (1987), Oʻzbekiston Qahramoni (1999). ToshDU filol. f-tini tugatgan (I960). «Yosh gvardiya» nashriyotida muharrir, bosh muharrir (1960—63; 1975—82), Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida muharrir, bosh muharrir (1963—70), direktor (1985 — 87), «Yoshlik» jur. bosh muharriri (1982-85).

Ilk, sheʼriy toʻplami — «Tong nafasi» 1961-y. da nashr etilgan. «Qoʻshiqlarim sizga» (1962), «Yurak va aql» (1963), «Mening yulduzim» (1964), «Muhabbat» (1976), «Kelajakka maktub» (1983), ikki jildli saylanma («Muhabbatnoma» va «Sadoqatnoma», 1986), «Kuy avjida uzilmasin tor» (1991), «Yaxshidir achchiq haqiqat» (1992) asarlariga kirgan doston va sheʼrlarida zamondoshlarimiz hayoti, quvonch-iztiroblari toʻgʻrisidagi haqiqat yuksak samimiyat va mahorat bilan tarannum etilgan.

Toshkent zilzilasi voqealari bilan bogʻliq «Palatkada yozilgan doston» (1966)da xalqning sabot-matonati, ruhiy olamining goʻzalligi, xalqlar doʻstligi ifodalangan. «Yoshlik devoni» (1969) da mumtoz adabiyotining eng yaxshi anʼanalarini davom ettirdi, koʻhna gʻazalga yangi, zamonaviy ruh bagʻishladi. 70-y. larning oxiri — 80-y. larning boshida hayotda roʻy bergan oʻzgarishlar, yangilanishlar shoirning «Tirik sayyoralar» (1978), «Sharqiy qirgʻoq» (1982), «Bedorlik» (1985) kabi toʻplamlariga kirgan sheʼrlarida oʻz ifodasini topgan.

Vohidov sheʼriyatida 20-a. ning 2-yarmining maʼnaviy muhiti badiiy tahlil etiladi. Uning sheʼri hayot goʻzalligi maʼrifatini kashf qilib boradi. Ziddiyatli, murakkab dunyoda insonning asil oʻrni va yashamoqning asil maʼno-mazmunini aniqdaydi. Vohidov sheʼriyatida inson shunisi bilan qimmatliki, u hayotning achchiq haqiqatlaridan, qaramaqarshiliklaridan, hayot dialektikasidan aslo koʻz yummaydi, yuz oʻgirmaydi, balki shu tinimsiz harakatdagi dialektika ichida hayot oqimiga, atrof muhitga, oʻzini qurshagan borliqqa dadil, matonat b-n faol taʼsir koʻrsatishga intiladi. Shoirning sheʼriyatida davrning bezovta, izlovchan ruhi oʻziga xos, takrorlanmas obrazlarda aks etadi. Iztirobli oʻylar, oʻtkir publitsistik ruh, keskin kinoyali ohang bilan toʻliq yetuk asarlarida oʻz davrining adolatsiz tuzumidan norozilik, ijtimoiy turgʻunlik, egasizlik, qulchilik, mashʼum yakka hukmronlik va makkorona koʻrinishdagi istibdod nayranglariga qarshi isyonkor va tugʻyonli soʻzini aytadi. Millatning uygʻonishi, oʻzini tanishi, maʼrifatli olamda boshqa ilgʻor xalqlar qatoridan oʻz tarixiy oʻrnini topishi uchun qaygʻuradi. Ozodlik, ziyolilik va haqiqat Vohidov ijodining yetakchi gʻoyalaridir. Bu jihatdan V. Behbudiy, Choʻlpon, Avloniy, Qodiriy singari maʼrifatparvarlarning 60-y. lardagi ijodiy davomchisi sifatida maydonga chikdi. Vohidovning «Orzu chashmasi», «Nido» (1964), «Quyosh maskani» (1970), «Baxmal» (1974), «Ruxlar isyoni» (1978 — 79), «Toshkent sadosi» (1983) kabi asarlari oʻzbek dostonchiligining yetuk namunalaridandir. «Ruhlar isyoni»da otashin bengal shoiri Nazrul Islom siymosi orqali vatan ozodligi va milliy istiqlol gʻoyalari tarannum etilgan. «Oʻzbegim» qasidasi (1968) kommunistik mustabid tuzum davrida milliy uygʻonishimizga barakali taʼsir koʻrsatdi. «Donishqishloq latifalari» turkum sheʼriy asarlari sotsial satiraning yorqin namunasi boʻlib, ularda xalqchil Matmusa siymosi orqali davr va hayotning maʼlum bir hodisalariga oʻtkir kulgili, hajviy munosabat bildirilgan.

Oʻzbekiston milliy mustaqillikni qoʻlga kiritganidan soʻng mamlakatda boshlangan maʼnaviy-maʼrifiy yuksalish davrida Vohidov sheʼriyatining ahamiyati yanada ortib, yorugʻ kelajakka ishonch, milliy qadriyatlarga hurmat hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalaydigan yuksak maʼnaviy omil boʻlib xizmat qilmoqda. Vohidov dramaturg sifatida ham elga tanilgan («Oltin devor», 1969; «Istanbul fojiasi», 1985; va b.). «Oltin devor» komediyasida turli komik holatlar tasvirlanadi, inson ruhiyatining turfa xil tovlanishlari yengil kulgi qilinadi, «Istanbul fojiasi»da asar qahramonlarining qismati davrning eng muhim voqealari — 2-jahon urushi, urushdan keyingi ijtimoiy-maʼnaviy hayotdagi oʻzgarishlar, muammolar bilan bogʻliqlikda yorqin va taʼsirli ifodalangan.

Vohidovning «Shoiru sheʼru shuur» (1987), «Iztirob» (1992) kitoblariga kirgan maqolalari, suhbatlari, mumtoz va hoz. adabiyotimiz namoyandalari ijodini tahlil etuvchi tadqiqotlari oʻzbek publitsistikasi va adabiyotshunosligi rivojiga munosib hissa boʻlib qoʻshildi. U I. Gyotening «Faust» asarini, S. Yeseninning sheʼrlarini oʻzbek tiliga tarjima qilib, alohida kitob holida nashr ettirgan. Bundan tashqari F. Shiller, Iqbol, Ulfat, R. Hamzatov, L. Ukrainka, A. Blok va b. turli xalklar shoirlari asarlarini ham oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Vohidov asarlari chet el (nemis, fransuz, rus, ingliz, urdu, hind, arab va b.) hamda qardosh turkiy xalqlar tillarida («Oltin devor», «Saylanma», «Nido» va b.) nashr etilgan. Asarlari («Oltin devor», «Istanbul fojiasi») Hamza teatrы, viloyat teatrlarida sahnalashtirilgan, «Oltin devor» komediyasi Pokistonning Laxor sh. teatrida qoʻyilgan.

V. Oʻzbekiston Oliy Kengashi deputati (Oshkoralik masalalari qoʻmitasi raisi; 1990—95); 1995-y. dan Oʻzbekistan Oliy Majlisi deputati va Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisi. Vohidov «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (1997). Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1983).

As: Saylanma asarlar [4 jildli]. 1-j. (Ishq savdosi], T., 2000.

Ad.: Inogʻomov R., Shoirlik qismati, T., 1999; Sodiqova T., El — ustozim, T., 1997.

Rahmatulla Inogʻomov, Ibrohim Gʻafurov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x