Vijdoni uygʻoq inson

Ozod Sharafiddinov haqida har bir shogirdi bir ogʻizdan gapirgan taqdirda ham kattakon kitob boʻlishi aniq. Birinchidan, Ozod akaning yuzlab shogirdi bor. Ikkinchidan, domlaning fazilatlari, hayoti va ijodining oʻrnak boʻlarli jihatlarining oʻzi alohida asar.

Men universitetda saboq bergan, ijod sirlarini oʻrgatgan barcha domlalarimni samimiy hurmat qilaman. Biroq shular orasida ikki kishi – Ozod aka va Matyoqub Qoʻshjonov ayricha taassurot qoldirgan. Ozod akaning biron darsga papka yoki “shpargalka” koʻtarib kirganini eslay olmayman. Domla qaysi mavzuda dars oʻtmasin, “leksiya oʻqish”ni emas, aynan saboqni nazarda tutyapman, shu qadar teran fikrlarni oʻrtaga tashlar, shu qadar shavq va shiddat bilan saboq berar edi, boshqa fakultet, hatto boshqa oliy oʻquv dargohlaridan ham talabalar kirib, domlaning fikrlarini jon qulogʻi bilan tinglar edilar.

Ozod akaning imtihon olishi ham gʻalati edi. Bir safar qoʻlimdagi chiptaga qarab, savollarga “bulbuligoʻyo” boʻlib javob berayotganimda domla shartta gapimni boʻlib, “Tushundik, mulla, bu yogʻini qoyil qilarkansiz, endi ayting-chi…” deb oʻsha paytdagi rus va jahon adabiyotining eng yorqin vakillari ijodi haqida nimalarni bilishimni, qaysi bir asari haqida fikrim qandayligini surishtirdi. Keyin bilsam, domla bizni birovlarning kitobidagi soʻzlarni “yodlamay”, mustaqil fikrlashga oʻrgatgan ekan…

Ozod Sharafiddinov fan doktorligi dissertatsiyasini yoqlagan emas. Biroq shogirdlari orasida oʻnlab fan doktori bor. Domlaning teran tadqiqotli kitoblari, yuzlab maqola va badiasi Ozod akaning bilimi chuqurligidan, jonkuyar tadqiqotchi ekanidan darak beradi.

Har qanday shoir yoki adib oʻz asarini ustozlari va tanqidchi doʻstlariga oʻqitgisi, ulardan joʻyali maslahat olgisi keladi. Ozod aka koʻplar qatori mening ham narsalarimni qoʻlyozmadayoq oʻqigan. Hech qachon osmonga koʻtarib maqtamagan. Nari borsa, “Nichevo, yaxshi asar boʻpti”, deb qoʻya qolgan. Biroq asar eʼlon qilinganidan keyin baʼzi tanqidchilar kabi “kattalikdan tushib qolishdan qoʻrqmay” yaxshi asar haqida maroq bilan, shoirona shavq bilan maqolalar yozgan. Muallifning oʻzi koʻrmagan yoki eʼtibor bermagan nuqtalarni ham topib, asarning fazilati nimada ekanini, qaysi kemtigini qanday tuzatish mumkinligini ham koʻrsatgan. Domla vafotidan keyin koʻp oʻtmay arxivimni tartibga solayotib, 1982 yili “Dunyoning ishlari” qissasi haqida Ozod aka nashriyotga ichki taqriz sifatida yozgan “Dunyoda oftob borki…” degan maqolani topdim. Chiroyli husnixat bilan yozilgan 18 sahifali bu qoʻlyozma goʻzal sheʼr kabi zavq bilan oʻqiladigan tayyor asar edi!

Koʻp adib va shoirlar Ozod Sharafiddinovni “tanqidning shoiri” deyishgani bejiz emas.

Ustoz bilan koʻp, juda koʻp safarlarda boʻlganmiz. Ozod aka, Subutoy Dolimov, Umarali Normatov, namanganlik olim va shoir Nuriddin Boboxoʻjayev bilan Qirgʻizistonning Sarichelak qoʻriqxonasiga togʻlar osha borganimiz, Ozod aka boshchiligida Abdugʻafur Rasulov, Begali Qosimov – toʻrt kishi Oʻsh shahridan Togʻli Badaxshonga yetib borguncha yuzlab chaqirim yoʻl bosganimiz… bularning har biri alohida tarix. Qayerda boʻlmaylik, hatto eng ovloq qishloq va ovullarda ham Ozod akaning biron shogirdi quchoq ochib kutib olganini oʻnlab marta koʻrganman. Ular ustozni qanchalik hurmat qilsa, domla ham shogirdlarini shunchalik izzat qilar, hammasi bilan xuddi tengqurdek muomalada boʻlgani uchun ular ham ustozni chin dildan yaxshi koʻrar edi. Biroq Ozod aka hammaga ham “shirinzabonlik” qilavermas, aksincha, jinday yolgʻon, yaltoqilik, soxtalikni koʻrsa, lovullab yonib ketar edi.

Viloyatlardan birida Ozod domla va bir qancha shoir, adiblar bilan uchrashuv boʻldi. Oʻsha oliy oʻquv dargohining bir domlasi (keyinchalik bilsak, “siyosiy hushyor” partkom kotibi ekan) oʻzining “prinsipial olim”ligini koʻrsatib qoʻygisi keldimi, harqalay, he yoʻq-be yoʻq, toʻsatdan Soljenitsinga yopishib ketdi. “Gulag arxipelagi” romani shoʻro voqeligiga tuhmat, asar muallifi “xalq dushmani” deb avjiga chiqayotganida Ozod aka chidayolmadi. “Menga qarang, mulla, – dedi qahr bilan, – oʻsha kitobni oʻzingiz oʻqidingizmi, bu asar chiqqan emas-ku bizda, oʻqimagan asaringizning yaxshi-yomonligini qayoqdan bila qoldingiz? Siz qanaqa olimsiz, qanaqa domlasiz, oʻzi?” deb boyagi kishining “patini toʻzitib” tashladi. Talabalar qarsagidan kattakon zal “portlab ketgudek” boʻldi.

Bunaqa voqealarning koʻpiga guvoh boʻlganman.

Saksoninchi yillarning oxirida Ozod aka bilan Fargʻonaning “Rapqon” sihatgohida besh yil ketma-ket oilaviy dam olishimizga toʻgʻri keldi. Shogird sifatidagi kuzatuvimdan kelib chiqqan xulosani loʻnda qilib aytsam, Ozod Sharafiddinovning eng yuksak insoniy fazilati – VIJDONI UYGʻOQ inson edi! Bu fazilat avvalo adabiyotga, adib va shoirlarga munosabatida, qolaversa, olimning qatʼiy amal qiladigan prinsiplarida koʻrinib turardi. “Eʼtiqodimni nega oʻzgartirdim?” degan savolni oʻrtaga qoʻyib, sof vijdon bilan javob qilish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi…

Yana bir gap. Choʻlpondek buyuk shoirning pok nomi tiklanishi, asarlari nashr etilishi, unga haykal qoʻyilishida Ozod akaning ham xizmatlari ulkan boʻldi. “Jahon adabiyoti” jurnalining tashkil etilishi ham Ozod aka nomi bilan bogʻliq. Domla umrining oxirgi yillarida ogʻir xastalikka chalingan boʻlishiga qaramay, bir lahza vaqtini ham bekor oʻtkazmadi. Faol ijod qildi, oʻzi rahbarlik qilayotgan jurnal nufuzini oshirishga katta hissa qoʻshdi.

Domla bir umr yurt ozodligi, Vatan mustaqilligini orzu qildi, bu tarixiy yumushga salmoqli hissa qoʻshdi. Oʻz navbatida Istiqlol ham Ozod Sharafiddinovning halol va fidokorona, aytish mumkinki, jasurona xizmatlarini yuksak baholadi. “Oʻzbekiston Qahramoni” degan unvonga loyiq koʻrildi. Buni adolat tantanasi desak, toʻgʻri boʻladi.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/vijdoni-uygoq-inson/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x