VATIKAN

VATIKAN (Vaticano, Stato della Citta del Vaticano) — Italiya poytaxti — Rimning gʻarbiy qismidagi Monte-Vatikan tepaligida joylashgan mustaqil shahar-davlat. Katolik cherkovining siyosiy, maʼmuriy va mafkuraviy markazi, uning boshligʻi — Rim papasi qarorgohi. Qariyb hamma tomoni tosh devor bilan oʻralgan. Mayd. 0,44 km2. Doimiy aholisi 1 ming kishiga yaqin (700 kishi Vatikan fuqarosi). Rasmiy tillari — lotin va italyan tillari.

Davlat tuzumi. Vatikan — cheklanmagan teokratik monarxiya. Konstitutsion hujjatlari 1929-y. da qabul qilingan. Davlat boshligʻiRim papasi. 1996-y. fev. da papa Ioan Pavel II tomonidan chiqarilgan yangi Konstitutsiyaga muvofiq, u, odatda, kardinallar orasidan yashirin ovoz berish orqali ovozlarning uchdan ikki qismiga ega boʻlgan taqdirda kardinallar hayʼati tomonidan umrbod saylanadi. Oliy qonun chiqaruvchi, ijrochi va sud hokimiyati papa qoʻlida. Ayni vaqtda u Rim katolik cherkovining ham boshligʻi hisoblanadi. Papa huzuridagi maslahat organi — kardinallar hayʼati cherkovning eng muhim ishlarini muhokama qilish va papani saylash uchun yigʻilib turadi. Rim papasi Ioann Pavel II (264-papa) 1978-y. 16 okt. da saylangan. Bu kun V. da milliy bayram sifatida nishonlanadi.

Tarixi. Ilk oʻrta asr davrida V. Rim papalarining turar joyi, 1377-y. dan boshlab esa doimiy qarorgohi. 8-a. dan cherkov davlati sifatida mavjud. 1870-y. da Italiya birlashishi munosabati b-n Italiya qirolligi tarkibiga qoʻshib olingan. 1929-y. da papa bilan Italiya xukumati oʻrtasidagi Lateran bitimi natijasida Vatikan davlati qayta tiklandi va 1929-y. 11 fev. da mustaqil davlat sifatida tan olindi. Katolik cherkovining xalkaro markazi sifatida Vatikan dunyoning koʻpgina mamlakatlaridagi ijtimoiy turmushga taʼsir oʻtkazadi. OʻzR bilan diplomatiya munosabatlari 1992-y. 17 okt. da oʻrnatilgan.

Iqtisodiyoti. Davlat iqtisodiy negizini kapital mablagʻlardan tushadigan daromadlar, milliy katolik cherkovlarning badallari, dindorlarning ehsonlari tashkil qiladi. Vatikan — dunyoning yirik sanoat-moliya monopoliyalaridan biri (uning oltin va valyuta bisoti 12 mlrd. AQSH dollaridan ortiq deb taxmin qilinadi). Oʻzining moliyaviy, iqtisodiy operatsiyalari va ishonchli vakillari orqali qudratli xalqaro korporatsiyalar, banklar bilan uzviy bogʻlangan. Vatikan bir qancha kompaniya va banklar aksiyasiga ega. Italiya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Fransiya, Ispaniya, shuningdek AQSH va Lotin Amerikasi mamlakatlaridagi sanoat tarmoqlari korxonalariga qoʻyilgan sarmoyadan katta foyda olib turadi. Italiya, Germaniya, Ispaniya va b. mamlakatlarda katta yer maydonlariga ega. Xorijiy sayyohlik va pochta markalari chiqarish, suvenirlar sotish ham koʻp daromad keltiradi. Pul birligi — italyan lirasi; numizmatlar uchun Vatikan lirasi ham zarb etiladi.

Matbuoti. Vatikanning rasmiy nashrlari: «Akta apostolike sedis» («Havoriy arsh hujjatlari», oylik byulleten, 1909-y. dan), «Annuario Pontifichio» («Papa yilnomasi», yillik maʼlumotnoma), «Osservatore della domenika» («Yakshanbalik sharh», katoliklar uchun haftanoma), «Osservatore romano» («Rim sharhlovchisi», kundalik gaz., 1861-y. dan). Shuningdek italyan, fransuz, ispan, portugal, nemis, ingliz tillarida haftalik nashrlari mavjud. «Adjensia Internatsionale Fides» V. agentligi 1926-y. da tashkil etilgan. Vatikan radiosiga 1931-y. 12 fev. da asos solingan, 1957-y. da qayta tashkil etilgan. «Chentro Televizivo Vatikane» — V. televizion markazi 1983-y. da barpo etilgan. Meʼmorligi. Ilk oʻrta asrlarda vujudga kela boshlagan Vatikan maʼmuriy majmuasiga 15 — 16-a. larda yaratilgan koʻpdan-koʻp inshootlarni oʻz ichiga oluvchi Vatikan saroy ansambli (mayd. 55 ming m2) kiradi. Oʻz navbatida ansambl devorlari B. Mikelanjelo, P. Perujino, S. Bottichelli, D. Girlandayo ishlagan rasmlar bilan bezatilgan Sikstin kapellasi, Beato Anjeliko ishlagan rasmlar b-n bezatilgan Nikolay V kapellasi, Rafael moʻyqalami sayqal bergan peshayvonlar va zallar, Uygʻonish davri uslubidagi ichki hovlilar (meʼmor D. Bramante), barokko uslubidagi darvozaxona (meʼmor L. Bernini), shuningdek koʻzni qamashtiradigan kutubxona, badiiy muzeylar va b. dan iborat. Vatikan bogʻlarida Piy IV kazinosi, Vatikan pinakotekasi (17-a. gacha boʻlgan italyan rassomlari asarlari toʻplami) binosi va b. bor. V. majmuasiga Avliyo Pyotr sobori (meʼmorlar D. Bramante, Mikelanjelo, K. Maderna va b.), Navon maydonidagi qator kolonnalar (meʼmor L. Bernnni) qoʻshilib ketgan.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x