VASHINGTON

VASHINGTON — AQSH poytaxti, Potomak daryosi boʻyida. Maʼmuriy jihatdan 1878-y. dan Kolumbiya federal okrugiga toʻgʻri keladi. Aholisi 567 ming kishi, shahar atrofi bilan 3,8 mln. kishi (1990-y. lar oʻrtalari).

Vashington poytaxt shahar sifatida 1791-y. da barpo etilgan va AQSHning birinchi prezidenti J. Vashington nomi bilan atalgan. 1800-y. da hukumat muassasalari Filadelfiyadan Vashingtonga koʻchirildi. 1812—14 y. lardagi Angliya-Amerika urushida shahar katta zarar koʻrdi. Urushdan keyin qayta tiklandi. Vashingtonda bir qancha xalqaro konferensiyalar boʻlib oʻtgan va xalqaro bitimlar tuzilgan. 1942-y. yanv. da Vashingtonda 26 davlat deklaratsiyasi imzolandi. Bu deklaratsiyani imzolagan va uni quvvatlagan davlatlar «Birlashgan Millatlar» nomini oldi. 1949 i. apr. da Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO) ham shu yerda imzolangan. Vashingtonda prezident qarorgohi (Oq uy, 1792 — 1818-y. larda qurilgan), Kongress binosi (Kapitoliy, 1793— 1863), Davlat departamenti, Harbiy shtab (Pentagon), ministrliklar va b. oliy davlat muassasalari joylashgan. Amerika davlatlari tashkilotlarining rahbarlik organlari ham Vashington da.

Vashington sanoati mamlakat miqyosida ahamiyatga ega emas. Sanoat mahsulotlari asosan mahalliy ehtiyojlar uchun ishlab chiqariladi. Oziq-ovqat, tikuvchilik, poligrafiya, harbiy sanoat korxonalari bor. Aholining koʻp qismi davlat xizmatida, maishiy xizmat koʻrsatish, savdo va moliya ishlarida band. V. yirik transport yoʻllari tuguni. Jan.-gʻarbida daryo porti, Frendshik xalqaro aeroporti, metropoliten bor. Vashington mamlakatning yirik ilmiy va madaniy markazi. Shaharda koʻplab oliy oʻquv yurtlari, jumladan 5 un-t: Govard, J. Vashington un-tlari va b., Milliy FA, Harbiy akademiya, Oliy q. x. maktabi, ilmiy jamiyatlar, muzeylar. Kongress kutubxonasi va b. kutubxonalar, Milliy sanʼat galereyasi joylashgan. Vashington tashqi qiyofasi bilan AQSH ning boshqa yirik shaharlaridan farq qiladi. Unda koʻp qavatli baland binolar, yirik korxonalar yoʻq. Bogʻ va xiyobonlar, haykallar, yodgorlik uchun qurilgan binolar koʻp. Koʻplab turistlar kelib ketadi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x