VARAXSHA

VARAXSHA — qad. shahar xarobasi. Buxorodan 40 km shim.-gʻarbda, Dashti Urganji koʻlining qad. Rajfandun vohasida joylashgan. Varaxsha mayd. 9 ga va bal. 10 — 20 m li ulkan tepa shaklida saqlangan. Varaxsha va uning atrofida Varaxsha Shishkin (1937-39, 1947-54) keng koʻlamda arxeologik tadqiqotlar olib borgan; A. Muhammadjonov (1975—77), O. V. Obelchenko (1977—79), G. V. Shishkina (1987—90) ham Varaxshaning ayrim qismlarida qazishmalar olib borishgan. Arxeologik qazishmalardan maʼlum boʻlishicha, Varaxsha mil. av. 2-a. da bir-biriga tutashgan bir nechta istehkomli qishloqlar tarzida qad koʻtargan. Varaxsha xarobalarining shim.gʻarbida qad. qoʻrgʻonlardan birining tashqi devori hamda yarim doira shakldagi burji (ichki sahni 4,5×5 m) kavlab oʻrganilgan. Devor (qalinligi 1,8—1,9 m) xom gʻishtdan (hajmi 37x41x10 sm) qurilgan. Devor va burjlarida paykonsimon nishon tuynuklari (ichki tomoni 38—40 sm, tashqarisi 75—80 sm, kengligi 20—22 sm) ochilgan. Mil. av. 2 — 1-a. larda va mil. 1 — 2-a. larda Varaxsha va uning atrofida madaniy hayot gullagan. 3—4-alarda Varaxsha tanazzulga uchragan. 5-a. da Varaxsha yana tiklanib Buxoroning qad. hukmdorlari — buxorxudotlarnint qarorgohiga aylangan. Shu davrda Varaxsha mustahkam devor bilan oʻralgan, uning jan. qismida ark qurilgan. 8—10-a. larda ayniqsa obod boʻlgan. Varaxsha va uning atroflari 12 kanal bilan sugʻorilib, Rajfandun vohasidagi eng yirik va markaziy qalʼalardan biriga aylangan. Buxoro va Xorazm oraligʻidagi karvon yoʻli Varaxsha orqali oʻtgan (Istaxriy va Ibn Havqal maʼlumotlari). Har oʻn besh kunda Varaxshada bir kunlik, yil oxirida 20 kunlik bozor sayli (navroʻzi kasho varzon, yaʼni dehqonlar yangi yili) oʻtkazilgan (Narshaxiy). Buxorxudotlar qarorgohi qilinishi bilan Varaxsha yirik shaharga aylangan. 11—12-a. larda uning hududi eniga 6 km dan ziyod boʻlgan. 12-a. da Varaxsha vohasidagi hayot toʻsatdan nomaʼlum sabablarga koʻra toʻxtab qolgan.

Meʼmorligi va sanʼati. 1949— 54 y. larda Varaxsha tarixi va meʼmorligi oʻrganildi. Kvadrat shakldagi yirik xom gʻishtlardan qoʻshminora tarzida oʻrab chiqilgan tagkursi (bal. 15 m)larning biriga podsho capoyi va ikkinchisiga soqchixonali darvozaxona bino qilingan. Arkning sharqiy qismida tomi ravoqsimon gumbaz tarzida yopilgan uzun yoʻlaksimon (navkarxona va darvozaxona) xonalar mavjud boʻlgan. Arkning markazida jan. tomoni mudofaa devoriga yondoshgan Varaxsha hukmdorining saroyi joylashgan. U Sharqiy (11,5×17 m) va Gʻarbiy (6,6×7,25 m) mehmonxona hamda Qizil xona (zal) (8,5×12 m) lardan iborat boʻlgan. Saroy gʻarb tomonidan 3 ravoqli ganchkori ustunlar oʻrnatilgan hashamatli peshayvon bilan oʻralgan. Ayvon ravoqlarining ustunlari va toqilari ganchkori qabartma tasvirlar hamda turli xil girixlar bilan bezatilgan. Saroyning Kizil xona va Sharqiy mehmonxonalari toʻla kavlab ochilgan. Xona devorlari mayda somonli loy suvoq ustidan yupqa ganch suvoq qilinib, devoriy rasmlar qizil, sariq, kulrang, qora, zangori, pushti va jigarrang boʻyoqlar bilan bezatilgan. Ularda turli xil manzaralar, fil mingan shahzoda va chokarlarning old va ortdan chovut solgan qoplonlar bilan olishuvi; qayrilib nishonga kamondan oʻq uzayotgan ot ustidagi chavandoz, qanotli tuya shaklidagi oltin taxtda oʻtirgan hukmdor tasvirlangan. Sharqiy mehmon-xona devorida tiz choʻkib, qoʻlida qadah tutgan malika, belida shamshir, bir qoʻlida qisqich ushlagan podshoh, oʻrtada vazasimom otashgoxda yonib turgan muqaddas olov-azarxurro, otashgoxdan oʻngda beliga xanjar taqilgan shahzodaning tiz choʻkib ibodat qilayotgan tasviri yoki sovut va dubulgʻa kiygan, qoʻllarida nayza, qalqon ushlagan suvoriylarning jang qilayotgan, shuningdek butazor, toʻqay ichidagi ov manzarasi kabi tasvirlar ayniqsa diqqatga sazovordir.

Arxeologik topilmalardan aniqlanishicha, jan. xonalarning ikkinchi qavatidagi xona ganchkori naqshlar b-n bezatilgan ekan. Koʻplab topilgan qabartma ganchkori naqshlar orasida hovuzda suzib yurgan baliqlar, yelkasidan oʻq yegan arxar, yelib borayotgan jayran, bedanalar, ayol boshli baxt qushi — Humo, hamlaga tayyorlanayotgan ajdarho, taqimiga sadoq bogʻlagan suvoriy hamda koʻpdan-koʻp ayollarning bosh qismlari b-n bir qatorda turli xil islimiy va girih parchalari uchraydi.

Ad.: Shishkin Varaxsha, Varaxsha, M., 1963; Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966.

Abdulahad Muhammadjanov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x