Anton CHEXOV
Tabiatimdagi tortinchoqlikni bir amallab yengib, general Shmigalovning kabinetiga kirdim. General stol yonida oʻtirar va qartada “kapriz de dam” usulida fol ochardi.
– Nima xizmat, azizim? – muloyimgina soʻradi u, ishora bilan kresloga oʻtirishga taklif etarkan.
– Huzuringizga, janobi oliylari, ish boʻyicha keldim, – dedim men, oʻtirayotib Xudo bilsin nimagadir syurtugimni tortib qoʻyarkanman. – Yaʼni, xizmat vazifasiga daxli boʻlmagan, xususiy xarakterdagi ish yuzasidan. Men jiyaningiz Varvara Maksimovnaning qoʻlini soʻrab keldim.
General yuzini sekinlik bilan men tomon burdi, menga sinchiklab qaradi va qartalarni polga tushirib yubordi. U lab-lunjini imillab yigʻishtirgach, tilga kirdi:
– Siz… nima?.. Aqldan ozganmisiz, nima balo? Aqldan ozdingizmi, sizdan soʻrayapman? Qanday… jurʼat etdingiz? – vishilladi u, qip-qizarib. – Qanday jurʼat etdingiz, tirmizak, mishiqi?! Qandoq botindingiz bu yoʻsin hazillashishga… marhamatli afandim…
Shmigalov oyoqlarini tapillatgancha chunon baqirdiki, hatto oynalar zirillab ketdi.
– Turilsin!! Kim bilan soʻzlashayotganingizni unutmang! Marhamat qilib chiqing va qayta koʻzimga koʻrinmang! Marhamat! Daf boʻling!
– Biroq men uylanmoqchiman, janobi oliylari!
– Boshqa yerda uylanasiz, menikida emas! Mening jiyanimga boʻyingiz yetmaydi, marhamatli afandim! Uning tenggi emassiz! Na mol-mulkingiz, na jamiyatdagi mavqeingiz uning qoʻlini soʻrash huquqini bermaydi sizga! Bu sizning tarafingizdan gʻoyat beadablik boʻldi! Xayr, sizni kechirdim, bola, ammo minbaʼd meni bezovta qilmasligingizni oʻtinib soʻrayman!
– Hm… Siz shu yoʻl bilan allaqachon besh kuyovning kavushini toʻgʻrilab qoʻydingiz… Biroq oltinchisidan osonlikcha qutulmaysiz. Nega rad etayotganingizni bilaman. Keling, bundoq qilamiz, janobi oliylari… Vijdonim va sharafim ila soʻz beramanki, agar Varyaga uylansam, uning vasiy otasi ekaningizdan foydalanib sarflab yuborgan pullaringizdan bir chaqa ham talab qilmayman! Chin soʻzim!
– Takror ayting, nima dedingiz! – allanechuk chirsildoq tovushda dedi general, qaddini bukkancha misoli gʻazabi qoʻzigan erkak gʻozdek yonimga zipillab kelib. – Qaytar! Qaytar dedim, yaramas!
Men gapimni takrorladim. General badtar qizarib, xona ichida zir yugura boshladi.
– Shunisi yetmay turuvdi! – yana oynalarni titratdi u, zir yugurgancha qoʻllarini havoda silkitarkan. – Qoʻl ostimdagilar meni oʻz uyimda, dahshatli, dogʻi ketmas soʻzlar bilan haqorat qilishsa-ya! Yo parvardigor, bu koʻrgiliklar ham bormidi! Tobim… tobim qochyapti!
– Ammo sizni ishontirib aytaman, muhtaram janob! Nafaqat talab qilmayman, balki bandai ojizligingiz vajidan Varyaning pullarini xarjlab yuborganingizga shama ham qilmayman hatto! Varyaga ham buyuraman, lom-mim demaydi! Chin soʻzim! Nega buncha jahl qilasiz, gʻaladonni sindirmoqchi boʻlyapsizmi? Sudga bermayman sizni!
– Qay goʻrdagi mishiqi, tirmizak… yalangoyoq… yuzimga tik boqib shunday jirkanch soʻzlarni aytsa-ya! Marhamat qilib chiqib keting, yigitcha, yodingizda boʻlsinki, men buni hech qachon unutmayman! Meni nihoyatda qattiq tahqirladingiz! Umuman olganda… sizni kechiraman! Yengiltaklik orqasida beadab ish qilib qoʻydingiz, nodonligingiz tufayli… Oh, stolim ustidagi buyumlarga qoʻlingizni tekkizmang, jin ursin sizni! Qartalarga tegmang! Joʻnang, men bandman!
– Hech nimaga tegmadim! Nega yolgʻon aytasiz? Vijdonan soʻz beraman, general! Soʻz beramanki, hatto shama ham qilmayman! Sizdan biror nima talab qilishni Varkaga ham taqiqlayman! Sizga nima kerak tagʻin? Gʻalati odamsiz, Xudo haqqi… Uning otasidan qolgan oʻn mingni oʻz ehtiyojingizga sarflab yubordingiz… Nachora? Oʻn ming unchalik katta pul emas… Gunohingizdan oʻtsa boʻladi…
– Men bir chaqa ham sarflagan emasman… shundoq! Hozir sizga isbotlab beraman! Mana hozir… Dalil-isbotim bor!
General qaltiroq qoʻllari bilan stol ustidagi qutini oldiga tortdi, undan bogʻlangan allaqanday qogʻozlarni oldi va, xoʻrozning tojisidek qip-qizargancha titkilay boshladi. Uzoq, imillab, bemaqsad titkiladi. Boyoqish juda hayajonlangan va oʻngʻaysizlangan edi. Uning baxtiga, kabinetga xizmatkor kirib tushki ovqat tortilganini maʼlum qildi.
– Yaxshi… Tushlikdan soʻng sizga isbotlab beraman! – gʻoʻldiradi general, qogʻozlarni yigʻishtirarkan. – Uzil-kesil… toki mish-mishlarga oʻrin qolmasin… Faqat ovqatlanishimga imkon bering… koʻrasiz oʻshanda! Qayoqdagi, Xudoyo oʻzing kechir… tirmizak, muttaham… ona suti ogʻzidan ketgani yoʻgʻ-u… Boring, tushlik qiling! Men tushlikdan keyin… sizga…
Biz tushlikka chiqdik. Birinchi va ikkinchi taomni tanovul qilish chogʻida general qovogʻini solib, jahllanib oʻtirdi. U shoʻrvasiga jon-jahdi bilan tuz separ, yiroqlardagi momoqaldiroq kabi naʼra tortar, stulini qattiq chayqatardi.
– Nega bugun avzoyingiz buzuq? – soʻradi undan Varya. – Bu holingiz men yoqmaydi… nima deyishga ham hayronman…
– Menga yoqmaysiz deyishga qanday hadding sigʻdi! – oʻdagʻayladi unga general.
Uchinchi va soʻnggi taom tanovulida Shmigalov chuqur tin oldi va koʻzlarini pirpiratdi. Yuzidan ruhan ezilayotgani, dard chekayotgani sezilib turardi… U shu qadar baxtsiz, aftodahol koʻrina boshladiki! Manglayi va burni ustiga katta-katta ter tomchilari chiqdi.
Tushlikdan soʻng general meni kabinetiga taklif qildi.
– Azizim! – menga qaramasdan va frakim etagini ohista tortqilab soʻz boshladi u. – Varyani xotinlikka oling, men rozi… Siz yaxshi, mehribon kishisiz… Roziman… Sizlarga oq fotiha beraman… unga va senga, mening farishtalarim… Tushlikdan oldin seni bu yerda… soʻkkanim, gʻazablaganim uchun afu et… Seni oʻzimga yaqin olganimdan… ota oʻrnida boʻlganimdan shunday qildim… Lekin men haligi… oʻn ming emas, haligi… oʻn olti mingni sarflab yuborganman… Varkaga Natalya xola qoldirgan pullarni ham sovurganman… qimorda yutqazganman… Kel, endi, xursandchilikka… shampan ichaylik… Kechirdingmi?
General oʻzining koʻm-koʻk, “hozir yigʻlab yuboraman” deb turgan va ayni chogʻda tantana qilayotgan koʻzlarini menga tikdi. Men qolgan olti mingning ham bahridan oʻtdim va Varvaraga uylandim.
Yaxshi hikoyalar doimo toʻy-tomosha bilan yakunlanadi!
Rus tilidan Oybek MOʻMINOV tarjimasi
“Yoshlik”, 2013 yil 12-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/valinemat/