Uchchanoq

Uyga kirdim hamki, hovurim bosilmadi. Yelkam muzdek terlab, yagʻrinimga koʻylak yopishib qoldi. Oʻshandagina bildim: oʻng qoʻlimda shoyi belbogʻni changallab olgan ekanman. Hikoyam shu – belbogʻni nima uchun changallab turganim toʻgʻrisida.

…Maktabda chiroyli qizlar koʻp-u, Gulsaradek istaralisi kam edi. Kuzakda paxta terimiga uni deb borardik – Ikrom, Nasim, Botir va yana Toyir. Unga yoqish uchun etak-etak paxta terardik. Gulsara kelmagan kunlari egatga tushmas, gʻoʻzaga egilmasdik. Oʻshanda onam saharlab yopgan issiq non, toʻrt-beshta olmurut, pomidor va bankadagi tushlikni peshkilga[1] tugib, dalaga otlandim.

Qizlar oldinda. Ikrom, Nasim, Botir – toʻrtalamiz orqaroqda ularga izma-iz borayapmiz. Toyirning qorasi koʻrinmaydi. Nasim odatdagidek ahmoqona savoli bilan bizga yoʻl ochdi:

– Gulsara, sochingni nega bitta oʻrim qilib yurasan?

– Koʻnglimning egasi bitta degani, bilding! – javobni u aytsa-da, qizlar oʻzi oʻylab topgandek birgalikda qiqirlab kulishdi.

– Unda ikkita oʻrim-chi? – Ikrom gapni ilib ketdi.

– Ikkita oʻrim ikkilanish boʻladi, ikkovidan qay birini tanlasam ekan degani, bilding! – Gulsara butun sinfga berilgan masala javobi yolgʻiz uning oʻziga ayondek magʻrur, qadami ham shunga yarasha toʻkis edi.

– Qirq oʻrim-chi, qirq oʻrim?! – oʻgʻil bolalar uni mot qilgandek qoʻl tashladik.

Gulsara taqqa toʻxtadi. Oʻylab olmoqchi edi, chamamda. Qizlar yursakmi-yurmasakmi degandek imillar, javob aytilgan zahoti tezlashishga shay turardi. Undan boshqasi boʻlganda parvo qilmasdim. Ochigʻi, Gulsaraning javobi mengayam qiziq edi. Oʻsha dam oʻzimni botinkam ipi yechilib ketgandek koʻrsatib, yoʻl chetiga choʻkkaladim. Shu oʻtirgancha uning ogʻzini poyladim.

– Qirq oʻrim oshiqlarim koʻp degani, Omon, bilding! – Gulsaraning mayin ingichka qoshlari peshonasiga tortildi. Soʻng yonginamdan oʻtdi-ketdi. Goʻyo men yoʻqday. Oʻrnimdan shart turib:

– Buningga ishonmayman, – dedim.

– Nega ekan?

– Mana, Sanamning sochlari! Qishin-yozin qirq oʻrim. Oshiqman deganni koʻrmadik.

Koʻngliga kelar demabman. Sanam yigʻladi. Qizlar yupatdi. Keyin tez-tez yurib ketishdi. Toʻgʻri borib Nasimning yoqasidan oldim. Boyaqish, jovdirab: “Men nima qildim?” deyishdan nariga oʻtmadi.

– Sanamni xafa qilding.

– Kim? Menmi? Qachon?

– Sochlaring nega bitta oʻrim, deding-ku!

– Buning Sanamga nima daxli bor?

– Oʻrimdan gap ochmaganingda tinchgina ketayotuvdik.

Sanam tushgacha miq etmadi. Tushdan soʻng yonma-yon egatda choʻqqayib turaverdim. Bir egat chapiga siljidi. Menam oʻtdim. Yana siljuvdi, yana oʻtdim.

– Qoʻy endi, Sanam. Hazilniyam tushunmaysanmi, bilmay gapirib yubordim. Oʻzimga qolsa, shunday deymanmi? Ungacha, kesakmi yo koʻsakmi olgin-da, mana, yuzimga ot. Joyimdan jilmayman. Qoʻzgʻalgan – nomard.

Sanam oʻrin almashib, Gulsara oʻrta egatda qoldi. Xursand qiladigan nimadir oʻylab topmasam, rangi ochilmaydigan va birdan…

– Topdi-i-im!!! – qizlar uchib tushdi, yoqasi ichiga tuf-tufladi. – Uchchanoq!

– Oʻtakamizni yording! Shunga shunchami?

– Axir, uchchanoq deyapman.

– Koʻr emasmiz!

– Buning nimaligini bilasanmi, oʻzi?

– Hm, koʻsak.

– Oddiy koʻsak emas, muhabbat koʻsagi! Buni tunda yostigʻing tagiga qoʻyib yotsang, tushingda uning kim ekanini koʻrasan.

– U deganing kim?

– Haligi… Ikrommi, Nasimmi… menmi, xullas, u-da!

– Ertak toʻqima, Omon, paxtangni ter. – Gulsara beliga peshkilni oʻychan bogʻladi. Sanam oʻsha-oʻsha – qovogʻi soliq.

– Sengayam topib beraymi, Sanam?

– Zaril keptimi?! Egat toʻla uchchanoq.

– Aldamayapsanmi, – Sanam qolib Gulsaraning koʻzlari chaqnardi, – buni rostdan ham yostigʻim tagiga qoʻysam…

– Chin soʻzim!

Gulsara uchchanoqni qizgʻish baxmal nimchasining chap choʻntagiga solayotganida, egatlarni kesib oralab, uzoqdan Toyir koʻrindi. Oʻzi tanti gʻoʻlabir yigit.

– Gulsara, top, senga nima olib keldim?

Oʻz koʻzim bilan koʻrmaganimda ishonmasdim. Sirkasi suv koʻtarmaydigan, salga qizishib ketadigan Toyirmi shu? Naq besh marta valsapitini menga tutqazib: “Ketaver” degan, besh martasida ham qansharidan musht yeb yurgan vallamat Toyirni aytayapman, shumi?!

U peshkil yuzida boʻlak doʻppayib turgan bir siqim loʻppi paxtani Gulsaraga tutdi. Siqim ichidan koʻkimtir koʻsak chiqdi. Bir chanogʻiga “G” harfi beoʻxshov tirnab yozilgan. Ikkinchisida qoʻshuv belgisi. Uchinchi chanoq tirnalmagan, oʻzim koʻrdim, silliq edi. Gulsara koʻsakni lom-mim demay qabul qilib oldi. Yoʻqotib qoʻyishdan choʻchibmi, uni roʻmoli uchiga tugdi. Toyir oʻz koʻnglini toʻldirib, menikiga shubha oralatib, egatiga qaytdi. Xayolimda men bergan uchchanoq, Gulsara gʻoʻzaga yana toʻrt-besh egilsa, nimchasidan tushib qoladigandek xavotirim arimadi. Achchiqlandim. Alamim Gulsaradan emasdi. Roʻmoliga tugilgan koʻsakdan ham emas. Ming dagʻal, ming beoʻxshov tirnalgan boʻlsin, achchigʻim oʻsha yozuvdan: “G+…”. Bu nima, qolgani oʻzingga havola deganimi? Yozsang oxirigacha yoz, yozmasang umuman yozma.

– Menga qara, Sanam, mard odam xatni qanday yozadi? – bu bilan Toyirning bori quruq savlat, oldin ismini eplab yozsin, demoqchi edim. Sanamning ginasi oʻzida ekan, bopladi:

– Mardning qilgani boshqa ishi yoʻqmi?

– Sanam, Sanamjon! Qirqoʻrim bilan ikkalang bir-biring uchun yaralgansan. Qovoq-tumshuq qachongacha? Yaxshisi, ayt, toʻliq yozarmidi yoki chalakam-chatti?

– Toʻliq, albatta, – Sanam ichimdagini topib aytishga aytdi-yu, keyingi gapidan xunobim oshdi. – Sen chalakam-chattiniyam evlap yozolmasang kerak!

Bu bilan “Qoʻrqoqlikka ham yaramaysan”, demoqchi edimi? Gulsara piqillab kulib yubordi. Sanamning oʻzi bilar, ammo Gulsaraning kulganiga tajanglashdim, tishimni tishimga bosib chidadim. Bir xayolim, “Teg oʻsha Toyirga, koʻramiz holingni”, demoqchiyam boʻldim. Menda boshqa istak tugʻilgandi: “Qarab tur, Toyirdan kuchli ekanimni oʻz koʻzing bilan koʻrmasang, yurgan ekanman!”

 

***

Ikrom Gulsaralarnikiga uch-toʻrt marta odam joʻnatganida tegib ketar degandik, yoʻq, dedi. Shahardan doʻxtir boʻp qaytgan bolaga, raisning oʻgʻliga-ya! Sanam-chi, oʻylabam oʻtirmay, balki oʻylagandir, Ikromga koʻndi-qoʻydi.

…Peshinlab raisnikiga oʻtdim. Kirib borganimda sutday oppoq bilagi boʻgʻim-boʻgʻim lappos bir xotin goʻshanga tortilgan eshikni yarim toʻsib:

– Beshinchingiz qani, yoʻmasam kiritmayman! – deb turgan ekan. – Irimi shu, toq turishlaring kerak.

– Uchalamiz kiramiz, xola-biyi, boʻlami?

– Boʻmiydi, beshta! – yanga koʻrsatkich barmogʻini Nasimga niqtab, sal qolsa yoqasidan oladigan.

– Oʻt bu yoqqa! – gʻazabim qoʻzib Nasimni orqaga tortdim. – Besh deysiz, xola-biyi. Uch-chi, toq boʻlmay nima?

– E, bormisan, Omon?! – Nasimning yuz-koʻzi chaqnab, yelkamga yengil musht tushirdi.

– Sabrli boʻling, uka, – yanganing nazari chunonam oʻtkir ediki, shugina oʻqrayishi hali hammasi oldinda ekanini aytib turardi.

– Belbov boylashda koʻrinmading, – Botirning ovozi birvarakayiga gapirayotgan xotin-xalaj shovqinida bazoʻr eshitildi.

Belbogʻ boylash. Kuyovjoʻralar shoyining toʻrt uchini oʻziga tarang tortib, eng abjiri maydalab oʻrab keladi-da, yangani chalgʻitish uchun belbogʻning uchlarini mato ichida yoʻqotib yuboradi. Eng abjirimiz – Toyir. Belbogʻ uning ishi ekani bilinib turibdi. Meni kelmaydiga chiqarib ulgurganmi:

– Senday joʻraning boridan yoʻgʻi! – dedi qoʻrslik bilan.

“Shunchalik zoʻr boʻlsang, belbogʻni olishamiz. Kuchingni oʻshanda koʻramiz. Sengayam qoyil qolmadim, Gulsara. Buning uchchanogʻi roʻmoling tugul, nimchanggayam arzimaydi”. Ikrom xayolimni oʻqiyotgandek dalda berdi:

– Boʻsh kelma, chundingmi?!

Beshovlon boyagina oqbilak yanga gʻoʻladay boʻgʻimlari bilan egallab olgan eshikdan oʻng oyoqlab birin-ketin ichkari hatladik. Koʻrpa-toʻshaklar taxlab qoʻyilganiga qaramay, xona toʻzgʻib yotgandek tasavvur uygʻotadi. Oʻng burchiga goʻshanga tortilgan. Yolgʻon emas, elliktacha koʻz jilmayib turibdi. Nasim biqinimga turtdi.

– Yur!

Toʻrt qadam, turkman gʻaliga[2] qatlangan koʻrpagacha yana toʻrt qadam. Toʻsatdan bir kampir toʻshakka voy-voylab yotvoldi.

– Voy belim, voyiy belim, qarilik qursin, voyiy…

Kuyov suzilishma[3] boshlandi. Ilojini qilmasak, kampir koʻrpani boʻshatmaydigan. Choʻntakka qoʻl soldik… Kampir qoʻzgʻalgach, oyoq kiyimni yechmasdan koʻrpa ustida tizilib saf tortdik. Ikrom oʻrtada. Avval yanga taʼzim berdi.

“Sobir kuyov, suzil kuyov”.

Tizzani oxirigacha bukmasdan, irimiga yarim choʻkkalab qad rostladik. Gʻala-gʻovur, boʻldi kulgi. Qizlar goʻshanga ortida qiqillashar, qulogʻimga Gulsaraning qoʻngʻiroqdek ovozi eshitildi. Ayni muddao.

“Sobir kuyov, suzil kuyov”.

Ikkinchi bor yarim choʻkkalab qad rostladik. “Sabrli boʻl, Omon. Oz qoldi. Yana birozdan soʻng Toyirdan zoʻr ekaningni koʻrsatib qoʻyasan. Hamma bilishi shart emas, Gulsara bilsa yetadi”.

“Sobir kuyov, suzil kuyov”.

Uchinchi martasiga koʻrpaga butkul choʻkkaladik.

Toʻshlik[4] keldi. Yanga avval patirni boʻlib-boʻlib, har boʻlakka luqmadan kesib soldi-da, ingichka oʻradi. Birinchi oʻramani kuyovga tutdi. Keyingilarini bizga yedirdi. Oʻramani atayin uzoq chaynadik. Ha nima, kutsa shunday kuyovni kutadi-da.

– Oʻzlariga qiyin, – yanga piching aralash kulimsirab bosh chayqadi. Shaxt oʻrnidan turib, roʻmolini peshonasiga mahkamroq tangʻidi-da: – Toma-toma koʻl boʻlur, – dedi dasturxonni kengroq yoyarkan.

– Tiyinlardan soʻm boʻlur! – Toyir oʻta hozirjavoblik bilan ikkita yuz soʻmlik tangani dasturxon chetiga otdi. Soʻng birov ming tashladi, birov ikki ming. Yangaga hazil qilmoqchi boʻlganlar choʻntagini uzoq kovlashtirib oʻtirdi. Dasta pul ichidan qidirib-qidirib eng gʻijimini topib uzatdi. Xayolim tangalarda. Jarangi qulogʻimga oʻrnashib qolganidan qonim qaynar, hatto Botirning turtganini sezmabman.

– Turamiz, Omon.

– Shuni turtmasdan toʻgʻri gapirsang boʻlmaydimi!

Beshovlon oʻrnimizdan turdik. Endi yanga kuyovning belbogʻini yechishga urinadi. Ikki yondan toʻrtalamiz qoʻyib yubormay, belbogʻni mahkam ushlab olganmiz. Yechib qayerga boradi. Toyir oʻrab-chirmagan boʻlsa, qoʻlidan kelmaydi. Tishlab ham yecholmaydi. Men bilgan Toyir tugunga qalampir surkab qoʻyadi.

Aytgancha, Toyir!

Yanga tushundi. Chiranib oʻtirmay, odatni qildi: belbogʻni oyoq uchidan shipirib oldi-da, kuyovning oʻng yelkasiga tashladi. Oʻylab qoʻyganim boʻyicha hammasi mana shu joyda roʻy berishi kerak edi. Nasim, Botir, boshqalarning menga qizigʻi yoʻq. Toyirga yutqazib qoʻymasam boʻlgani. Ammo u talashmadi. Belbogʻni qoʻlimdan tortib olish uchun aqalli harakat qilmadi. Hech kim urinmagach, belbogʻ oʻz-oʻzimda qoldi.

Suzilishma tugab, hovli siyrak tortdi.

– Belbogʻni-ku chuvalab tugibsan, jin ursin, nega olishga urinmading, nimaga? – Toyir velosipedga endi minayotgan edi, yoʻlidan qaytardim.

– Kurashishga sabab bormidi?

– Men-chi, men?

– Nima sen?

– Sabab boʻlolmaymanmi?

– Sen-a? Kulgimni qistatma, joʻra.

– Nimangga buncha kerilasan, shunchalik zoʻrmisan yo ishonganing bormi?

– Endi bor! – eʼtibor bersam, salga tutaqib ketadigan joʻram yoqamdan olmay, boyadan beri oʻyin qilayapti. Tavba, hatto soʻkinmadi. Nuqul mushtlashib, qanshar-burni tilinib, qizarinqirab yuradigan Toyirning oʻzimi shu? Qachon oʻzgara qoldi – vazmin, soʻzlari bamaʼni. Qarasam, ketib borayapti. Nahot birorta gapim parvoyiga kelmagan!

– Gulsara baribir meni deydi, eshitdingmi, meniki boʻladi!

Toyir pedalni orqaga chunonam bosdiki, asfalt yuzi changib ketdi. Velosipedni yotqizib, oʻzi men tomonga qarab kelaverdi. Yaqin qolgani sayin yelkam muzlay boshladi. Hozir musht tushiradi deb turuvdim, sira kutmaganda belbogʻni qoʻlimdan sugʻurib oldi. Tarashadek qattiq, malla bir nimani oʻrab, yana qaytib berdi.

Uyga keldim ham, hovurim bosilmadi…

Alam zoʻridan belbogʻni devorga qulochkashlab soldim-ku, tuxumdek koʻsak poq etib uchga boʻlinib ketdi. Bu oʻsha: ikkala kosasiga dagʻal va beoʻxshov tirnab yozilgan uchchanoq! Faqat… bu gal uning uchinchi chanogʻi silliq emasdi.

 

Akmal MUROD

1988 yili tugʻilgan. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlagan.

Hikoyalari markaziy nashrlarda chop etilgan.

“Isteʼdod maktabi” VII respublika yosh ijodkorlar seminari ishtirokchisi.

 

 

Akmal MURODning “Uchchanoq” hikoyasini oʻqib…

 

Bahodir KARIMOV,

professor:

– “Uchchanoq” hikoyasidagi ayrim tasvirlar xorazmcha urflardan bexabar oʻquvchi uchun ozgina tumanli tuyulishi mumkin: deylik, kuyov suzilish urfi, goʻshanga bezatilgan uyda kelin yangasining “Suzil kuyov, sobir kuyov”lab turishi, kuyovjoʻralarning bir-birlarini mahkam tutib, kuyovning belidagi maxsus keng-salqi belbogʻni mahkam ushlab, uni yechib olish uchun yangaga izn bermaslik tortishuv-oʻyini kabi vaziyatlar. Akmal Murod nikoh toʻylaridagi shunday bir noyob urf-odatni “Uchchanoq” ichiga joylabdi. Hikoyadagi uchchanoq vositasida yosh oʻspirinlar ruhiyatidagi begʻubor tuygʻular, soʻzsiz munozaralar juda tigʻiz tasvirlanadi. Boshda muallif hikoyasi Ikromning toʻyidagi kuyov belbogʻi uning qoʻliga qanday tushib qolgani toʻgʻrisida ekanini aytadi. Aslida kuyov suzilish jarayonidagi tuguniga qalampir surtilgan, biroq yechilishi mumkin boʻlmagan belbogʻ ham, huv dala boshida koʻrakka yozilgan “G+” degan yozuv ham roviy Omonning ichidagi algʻov-dalgʻovli, bezovta hol tavsifi uchun zarur. Xullas, visoldek shirin orzu-umid Omonni tark etgan emas. Ayni choqda koʻnglidagi ikkilanish va mujmallik xuddi chigal belboqqa oʻxshab yechilgan emas. Aytgancha, shoyi belbogʻning uchlarini koʻrinmas qilib Toyir bogʻlaydi. “Belbogʻ uning ishi ekani bilinib turibdi”. Davomini oʻqigansiz, yaʼni yanga belbogʻni yecha bilmaydi, belbogʻ kuyovning oyogʻidan shipirib olinadi. Kutilgan kurash yoʻq. Hamma beparvo. Belbogʻ Omonning qoʻlida… Hikoya tuganchida Toyirning Omonga bergan koʻrakning uchinchi chanogʻiga yozilgan harf – buning “T” ekanini zukko oʻquvchi fahmlab yetadi – barcha muammoni hal etadi. Matnda yozilmagan “T” kodining sharhi – Gulsara Toyirni sevadi.

Hikoyada nikoh toʻyi boʻlgan boshqa juftlik bor: Ikrom bilan Gulsara. Ular ham asosiy voqelik uchun vosita. Ularning qiyofasini, dardu dunyosini, ishqini tasvirlash maqsad ham emas, unda sarguzasht va favqulod-eʼtiborli hodisa ham yoʻq. Demak, yoʻldan adashib vosita tasviriga yuz burish shartmas. Ular hikoya kontekstida ikkinchi darajali. Hikoyadagi Ikromning ismini boshqa yigitchalar ismi bilan almashtirib qoʻyilsa ham hech narsa oʻzgarmaydi. Unda xarakter mavjud emas. Ammo roviyda ham, Toyirda ham oʻziga xos qiyofa bor. Omonning koʻngli yugurik, ammo Gulsara Toyirga buyurilgan ekan…

Avvaliga doʻstlar ismining koʻpayib ketganini hikoyaning “suv”iga yoʻydim. Soʻngra suzilish uchun yanganing toq sonli beshta yigitni soʻrab turganini eshitib, muallifning tadbirini oqladim. Yana bir goʻyo maʼnili gap: hikoyadagi uchchanoq soʻzlaydigan, hikoya mohiyatiga joziba bagʻishlaydigan, bitta qizga oshiq ikki oʻspirin yigitning muhabbat jumbogʻini yechib beradigan detal… Yetar shuncha gap!

Ha, darvoqe, adabiy kechimdagi urf va oʻzimizga ortmoqlab olgan anʼanaga koʻra hikoyaning qaysidir qirrasi xususida bilimdonlik bilan maslahatli yoki tanqidiy gap ham aytishim kerak. Deylik: “Yosh adib sheva soʻzlariga eʼtiborli boʻlishi kerak”, “Hoshiyadagi “toʻshlik – kelin tomondan kuyovnikiga joʻnatiladigan taom”ni boshqacharoq izohlash lozim” yoki “Ayrim oʻrinlarida tiniqlik yetishmaydi” va shu kabi fikrlarni bildirishim mumkin. Muhtaram jurnalxon, bunday gaplarni men yozmadim, siz oʻqimadingiz. “Uchchanoq” shunday sochilganroq, sirli va biroz jumboqli holi bilan men aytgandan boshqacha talqinlarga ham imkon beradigan yaxshi hikoyadir.

 

Sobir OʻNAR,

yozuvchi:

– Menga Akmal Murod degan nom tanish emasdi. “Uchchanoq” bizni tanishtirdi. Yaxshigina hikoya yozibdi. Qisqalikka intilgan, zoʻrakilik sezilmaydi. Ichki bir sarkashlik bor. Hikoya xarakteri jihatidan yozuvchi Toʻxtamurod Rustamning ilk hikoyalarini eslatib yuboradi. Lekin buni taqlid deb boʻlmaydi. Ayni chogʻda mavzu doirasining (muallif qamrovining ham) cheklangani ayrim feʼl-atvorning boʻrtib yuzaga chiqishiga xalaqit beradi. Xususan, Toyir degan yigitning uchchanoq masalasida Omonga yutqazib qoʻygandagi halim holati asliga oʻxshamagandek, muallif istagi amalga oshayotgan esa-da, tabiiy emasdek tuyuladi.

Oʻzi, odamzot yoshligida muhabbat bobida sevgi bir yoqda qoladi-yu, boshqalar nazdida sharmanda boʻlmaslik ehtiyoji kuchayib, yigitlik shaʼni, gʻururini ehtiyotlash tuygʻusi ham zoʻrayib boradiki, boʻlar gapni surishtirganingizda u gohi visol istagidan ham oshib tushadi. Bu yerda ham visol sogʻinchidan koʻra gʻanimdan gʻolib kelish sururi kuchayibroq ketgan. Shu bois boshlanajak juda koʻp gʻalvalarga sabab boʻlayotgan Gulsarining bor goʻzalligi mavhumligicha qoladi. Biz bir martagina uning hozirjavobligi va topqirligini koʻrdik, xolos.

Chin yozuvchi kuchli xarakterlar, manzaralar, kerak boʻlsa, dialog va syujetlar, yuksak fikrlar ifodalangan ijod namunalari orqali oʻz aurasini koʻrsatadi. Shu bois bir hikoya misolida yozuvchi ijodiga baho berish mushkul. Akmalbekka soʻzga sadoqatli, ruhi baland boʻlishini tilayman.

 

 

Olim JUMABOY,

yosh youvchi:

Uchchanoq yaxshi detal. Hali bu jihat boshqa birorta asarda yoritilganini uchratmaganman. Ammo yozuvchi bundan unumli foydalana olmagan.

Proza tili publitsistika tilidan farqlanishi kerak. Hikoyada esa bu jihat qorishiq: “Oddiy koʻsak emas, muhabbat koʻsagi! Buni tunda yostigʻing tagiga qoʻyib yotsang, tushingda uning kim ekanini koʻrasan…”, “Naq besh marta valsapitini menga tutqazib: “Ketaver” degan, besh martasida ham qansharidan musht yeb, yuzidan qon sizib koʻzdan panaroqda kutib turgan Toyirni aytayapman, shumi?!”, “Gulsara koʻsakni lom-mim demay qabul qilib oldi”.

Va hatto baʼzi joylarda bir hudud miqyosida bir necha shevalardan foydalanilgan – voha, Toshkent shevalari koʻrinsa-da, Xorazmga xos urflar aralashib ketgan, vaholanki, kelin-kuyov bir joydan. Baʼzan yozuvchi voqeaga aralashib (qoʻshilib) ketgani seziladi.

“Belbogʻ boylash. Kuyovjoʻralar shoyining toʻrt uchini oʻziga tarang tortib, eng abjiri maydalab oʻrab keladi-da, yangani chalgʻitish uchun belbogʻning uchlarini mato ichida yoʻqotib yuboradi”. Bu izoh hikoyaning avjini tushirib yuborgan. Beixtiyor oʻquvchi shu nuqtada tutilib qoladi.

Yozuvchi voqeani bayon etishi barobarida uni nazorat qilishi, har bir detalni koʻzdan qochirmasligi va oʻrnida foydalanishi zarur. Yomonni yomon deb taʼriflamasdan uning harakatlari orqali feʼl-atvorini koʻrsatishi kerak. Yozuvchida esa bu jihatlar biroz oqsayotgani butun hikoya davomida seziladi. Chiroyli soʻzlarga emas, voqeaning aniq berilishi va oʻquvchining uni tezda tushunishiga ahamiyat berish lozim.

Quvonarlisi – hikoyada milliy ruh eks etgani. Har bir holatda shuning aksi koʻrinadi. Anʼanalarda ham, holatlarda ham va hatto qahramonlarning oʻzaro munosabatida ham. Umuman olganda, asar oʻquvchini befarq qoldirmaydi, deb oʻylayman.

 

“Yoshlik” jurnalining 2016 yil 4-sonida chop etilgan.

 


[1] Peshkil – paxta terish uchun maxsus tikilgan, bir tomoni boʻyinga osib, bir tomoni belga bogʻlab olinadigan kiyim.

[3] Kuyov suzilishma – Xorazm toʻylarida keng tarqalgan odat, anʼana.

[4] Toʻshlik – kelin tomondan kuyovnikiga joʻnatiladigan taom.

 

https://saviya.uz/ijod/nasr/uchchanoq/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x