VAHHOBIYLIK

VAHHOBIYLIKislom dinining sunniylik yoʻnalishi hanbaliya mazhabidagi oqim. Arabiston ya. o. ning markaziy qismi (Najd)da 18-a. oʻrtalarida paydo boʻlgan. Muhammad ibn Abdulvahhob (1703—92) asos solgan (nomi shundan). Ibn Abdulvahhob aqoidda ilohiyotchilar Ibn Taymiya (1263—1328) va Ibn Kasiyr (1300—72) ga ergashdi. Ibn Abdulvahhob diniy targʻibotni taxm. 1730-y. da boshlagan, oʻz otasining vafotidan (1740) soʻng uni faollashtirgan, chunki ota-oʻgʻil oʻrtasida daʼvatning uslubi xususida ixtilof boʻlgan. Turk tilidagi tadqiqotlarda Ibn Abdulvahhob uzoq yillar ingliz josusi bilan hamkorlik qilgani haqida dalillar mavjud. Vahhobiylik tarafdorlari fikricha, faqat Alloh maʼbud va islomning manbai Qurʼon va Sunnadir. Muqaddas joylarni ziyorat qilish, aziz-avliyolardan duolarda shafoat-yordam tilash shirk hisoblanadi. Musiqa, qoʻshiq va umuman maʼnaviy taraqqiyotning boshqa koʻp koʻrinishlari bidʼat (keyin kirib kelgan yangilik) sanaladi. Vahhobiylarning ibodatlari ham tarixan shakllangan hanafiya mazhabi qoidalaridan ajralib turadi. Vahhobiylar dinni «tozalash»ga, Muhammad (sav) davridagi asl holiga keltirish iddaosi bilan harakat qiladi.

Vahhobiylikda gʻayridinlarga, «ilk islom ahkomlaridan chekingan» musulmonlarga qarshi kurash alohida oʻrin tutadi. Ularning daʼvatini qabul qilmaganlarning barchasi goʻyo kofirdir. Dastlabki vahhrbiylar imon masalasidaoʻta mutaassiblik, siyosiy raqiblar bilan kurashda esa oshkora ekstremizm bilan ajralib turgan. Vahhobiylik taʼlimoti oʻsha paytdayoq norozilik tugʻdirgan. Ibn Abdulvahhobni hatto oʻzi tugʻilgan joy — Uyaynadan quvib chiqarishgan. Ammo bu taʼlimot Arabiston ya. o. ning markaziy qismida oʻsha davrdagi mavjud muhit uchun qoʻl kelgan. Zero bu yerda bir necha mayda sulolalar tomonidan boshqarilgan amirliklar oʻzaro doimo nizolashib kelardilar. Shunday sulolalardan biri — saudiylar taxm. 4 a. dan beri ad-Dariyani oʻzlariga markaz qilib olib, atrofdagi amirliklarni birlashtirishga harakat qilardilar.

Amir Muhammad ibn Saud (1725—65) bu ishda Vahhobiylik taʼlimotidan foydalandi. Muhammad ibn Saud va uning oʻgʻli Abdulaziz ibn Muhammad (1765—1803) vahhobiylar bayrogʻi ostida yarim orolning katta qismini kuch bilan egallab, birinchi saudiylar davlatini barpo qildilar. Ammo bu davlat 19-a. boshida misrliklar istilosi natijasida quladi. Ayni vaqtda V. Arabiston ya. o. dan tashqarida — Hindiston, Indoneziya, Sharqiy va Shim. Afrikada yoyila boshladi. Ikkinchi Saudiylar davlati qisqa muddat (1843—65) hukm surdi. Va, nihoyat, 20-a. boshida Abdulaziz ibn Abdurahmon (1880 — 1953) oxirgi bor Saudiylar davlatini tiklash uchun boshlangan harakatga rahbarlik qildi va hoz. Saudiya Arabistoniga asos soldi.

Vahhobiylik dastlab usmonli turklarning rasmiy mazhabi — hanafiyaga qarshi kurashgan boʻlsa, keyinchalik umuman xatarli, reaksion diniy-siyosiy oqimga aylandi. Vaxhobiylar, odatda, terror yoki davlat toʻntarishi yoʻli bilan hokimiyat tepasiga kelishga intiladilar. 19-a. ning 70-y. larida Hindiston vahhobiylari Kalkutta bosh sudyasi Normanni oʻldirish b-n «shuhrat» qozondilar. 1979-y. noyab. oyida saudiyalik vahhobiychi Juhayman al-Oʻtaybiy guruhi musulmonlarning eng muqaddas makoni — Makkai Mukarrama sh. dagi «Masjid al-Harom»ni bosib oldi. Masjidni egallagach, bu yerga kelishi kutilgan podshoh Xolidni bandilikka olish, oralarida boʻlgan «Mahdiy» rahbarligida umumxalq qoʻzgʻolonini koʻtarish, dastlab Saudiya Arabistoni, soʻng boshqa mamlakatlarda ham «haqiqiy» islom gʻalabasiga erishish rejalashtirilgan edi. Saudiya hukumati fransuz jandarmeriyasining mutaxassislari yordamida ikki haftadan ortiq muddatda bu harakatni bostirdi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, vahhobiylardan 117 kishi oʻldirildi va 143 kishi hibsga olindi, ayni vaktda hukumat kuchlaridan 127 kishi halok boʻldi va 451 kishi yaralandi.

Vahhobiylik muayyan koʻrinishda Oʻzbekistonda ham paydo boʻddi. Kommunistik mafkura barbod boʻlgach, yuzaga kelgan gʻoyaviy boʻshliqni toʻldirishga harakat qilgan vahhobiylar yosh avlodni yoʻldan urishga, har qanday vositani ishga solib, oʻzlari uchun ijtimoiy muhit yaratishga urindilar. Jamiyatda beqarorlikni vujudga keltirish maqsadida 1997-y. oxirida Namangan sh. da vahshiyona qotilliklar sodir etishgacha borib yetdilar. Oʻzbekiston hukumatining izchil siyosati Vahhobiylik koʻrinishidagi diniy ekstremizm va aqidaparastlik yoyilishining oldini oldi.

Ad.: Karimov I., Oʻzbekistan XXI asr boʻsagʻasida: xavfsizlikka taxdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari, T., 1997,Husniddinov 3., Islom: yoʻnalishlar, mazhablar, oqimlar, T., 2000.

Ahadjon Hasanov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x