Oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida Oʻgat ruda maydalovchi va yuvuvchi qurilmalar, kon idorasi, yetti yillik toʻliqsiz oʻrta maktab va klubni aytmasa, odatdagi togʻ qishloqlaridan biri edi. Soy yoqalab ikki chaqirimdan moʻlroq yuqorilab ketgan qingʻir-qiyshiq toshloq yoʻl chetlariga qurilgan pastak-pastak loysuvoq uylar. Oʻtagan merganniki qishloqning eng yuqorisida, boshqalardan uzilibroq qurilgan uy. Shuning uchun qishloqqa yaqinlagan togʻ yirtqichlari avvalo uning hovlisiga uyur boʻladi. Xayriyatki, Boʻribosari bor, uzoq yillardan buyon mol-holini sadoqat bilan qoʻriqlab keldi.
Endi Boʻribosar qaridi. Oldingi kurak tishlari va oziq tishlarining ayrimlari chirib tushdi. Hatto qoziq tishlari ham sargʻayib boʻshashdi. Ilgarigiday tishlaganini omburday siqib ushlolmay qolgan. Yaqin-yaqinlargacha u boʻrilarning dodini berib kelgan. Gʻazablanganida ogʻziga ilingan joyini uzib olar, suyaklarini qarsillatib sindirib yuborardi. Qismat ekan, endi Merganning kampiri Niholoy momo pishirib bergan atalaga qanoat qilib yashab yuribdi. Qattiqroq narsalarga tishi oʻtmaydi. Ammo hanuz uyi atrofiga qashqir zoti yaqinlashmaydi. Yillar davomida Boʻribosar oʻtkazib kelgan zarbni unutishmagan chogʻi, yo ancha tepadan, yo xiyla quyidan aylanib oʻtishadi.
Bu holat vaqtinchalik ekanligini Oʻtagan mergan yaxshi biladi. Qashqirlar – sezgir hayvon, bugun boʻlmasa ertaga Boʻribosarning holi zabun boʻlib qolganini payqashadi. Oʻshanda hovlisiga toʻgʻri bostirib kelaveradi va tobora kuchi ketayotgan itdan alamlarini oladi: yo oʻnglanmaydigan darajada mayib qilishadi, yo biratoʻlasi oʻldirib ketadi. Qoʻy-echkilariga qirgʻin soladi. Qashqir ikkita-uchta boʻlsa, urdi Xudo: qoʻshotar bilan ham ularga bas kelish qiyin. Shu tufayli yana bir zotdor kuchukbachcha topishning payiga tushdi. Tarbiyasi bilan oʻzi shugʻullanadi.
Bunday kuchuk hadeganda topila qolmadi. Diqqati oshib yurgan kunlarning birida Uyliqma qishlogʻida yashovchi Qamchibek koʻsaning qanjigʻi haqidagi uzunquloq gaplarni eshitdi. Aytishlaricha, har yili kuzning oxirlarida bu qanjiq bir oydan ziyodroq uyidan ketib qolar, qayerda va qanday yurganini hech kim bilmasdi. Faqat bir marta qaysidir choʻpon uning zoʻr arlon[1] bilan yurganini koʻrib qolgan. Keyin yana uyida paydo boʻlib, koʻklamning oʻrtalarida bitta, baʼzan ikkitagina bola tugʻadi. Biroq kuchuklari uzoq yasholmaydi, yoshiga yetar-yetmas boʻrilar oʻldirib ketishadi. Itdan tugʻilgan bu zurriyod qachondir oʻzlarining ashaddiy kushandasiga aylanishi mumkinligini bilishsa kerak-da.
Oʻtagan merganga kuchukning aynan shunaqasi kerak. Biroq Qamchibek koʻsa osonlikcha “jon” beradiganlardan emas. Borib turgan ziqnaligini Mergan yaxshi biladi. Hovlisidan bir kaft tuproq soʻrasang bekorga bermaydiganlar toifasidan. Koʻnglini topish kerak.
U shunisiga ham rozi: bir echki yo toʻqli kelajakda boʻribosar boʻlib yetishadigan kuchuk bahosiga nisbatlaganda juda arzon. Ammo halol molni bilib turib harom kuchukchaga almashtirishi qanday boʻladi? Elda bunaqasi boʻlmagan. “Falonchi pulga yo molga kuchuk sotib olipti”, – degan gapni sira eshitmagan. Eshitgan quloqqayam erish tuyuladigan gap-da oʻzi. Qolaversa, musurmonchilikka ham toʻgʻri kelmaydi.
Merganni shu masalalar oʻylantirib qoʻydi. Har ehtimolga qarshi orqavoratdan Koʻsaning iti bolalagan-bolalamaganligini surishtirib yurdi. Tuqqanini eshitgach boshini achitib yurgan masalalarni bir chetga surib qoʻydi. Oradan bir haftani zoʻrgʻa oʻtkazib, toʻgʻri uyiga bordi va gapning poʻskallasini aytdi:
– Yaqinda tuvilgʻon gidigingdi[2] soʻrab keldim, shuni menga ber.
Qamchibek koʻsa Merganning ixcham jussasiga, qirgʻiynikiga oʻxshash burni, oʻtkir koʻzlariga befarqdek tikildi. Tuksiz iyagini goʻyo bit chaqqanday bir-ikki qashidi. Keyin asl niyatini anglab boʻlmaydigan qilib toʻngʻilladi:
– Itim bittagina tuvdi, gidigi oʻzimga kerak…
– Hali-hozirgacha biror gidigingdi qashqirdan olib qololmagʻaningdi bilaman. Munisiniyam asrab qololmaysan.
– Avvalgilari menga kerak emasdi. Shuniy-chun qoʻrib oʻtirmagʻonman. Munisini uyimdi toʻrida boʻlsayam asrayman.
– Uyingdi toʻrida asrasang, oʻzing ham itqushgʻa[3] yem boʻlasan. Bola-chaqangdi oʻylamaysanmi?
– Buyogʻi meni ishim, senga nima?
Oʻtagan mergan adi-badi aytishishdan foyda yoʻqligini sezdi. Bu Koʻsa oʻlsa oʻladi, yo kuchukni qashqirga yem qilsa qiladi, lekin birovga tekinga bermaydi. Gapining nishabi shu tomonga ketayotgani bilinib turibdi…
Yana halol molni haromga almashtirish masalasi koʻndalang boʻldi. Buning biror maʼqul yoʻli topilarmikan? Kutilmaganda xayoliga zoʻr fikr keldi: shunday qilsa, nazarida, halolni haromga almashtirish emas, halolni halollik yoʻlida sarflaydiganday tuyuldi. Koʻsaning qoʻli qisqaroq. Balki ziqnaligi shuning oqibatidir. Bitta molni unga sadaqa sifatida bersa birov aybsitmaydi.
– Menga qara, oshna, oʻtgan oqshom notobroq tush koʻrib, bir echkini Xudo yoʻligʻa sadaqa qilishgʻa niyatlanib edim. Shuni sen ol…
Qamchibek koʻsa gapini boʻldi:
– Itqushdan qochgʻon qanchiqdi bolasi boʻribosar boʻladi. Boʻribosardi narxi bitta echki boʻlama hech zamonda?
Mergan uni qoʻrqitmasa boʻlmasligini angladi:
– Echkimdi harom gidigingga almashtiraman deganim yoʻq, Xudo yoʻligʻa sadaqa qilmoqchiydim. Olgʻing kelmasa olma, dayus koʻsa, sendan boshqayam oladigʻon topilar. Gidigingdi bermasang, sadqaisar, qashqir oʻldirib ketsa uvoli yoqangdan oladi!
Mergan naq nishonga urdi. Qamchibek koʻsa bir zumgina oʻylanib qoldi. Oʻtagan merganni biladi: uchiga chiqqan qaysar odam. Ejikilayversa kuchugini olishdan voz kechib, hoziroq uyidan chiqib ketishi mumkin. U esa kutilmagan joydan keladigan naqdinadan quruq qoladi. Aslida ortiqcha itning unga sira keragi yoʻq. Ortiqcha it – ortiqcha nonxoʻr. Oʻzi zoʻrgʻa kunini koʻryapti-yu, uni boshiga uradimi? Narxini oshirmoqchiydi, xolos. Bitta itvachchaga kim ham butun boshli bir echkini berardi…
Oʻtagan mergan kuchugini sotib olishdan orlanayotganini sezdi. Bu atroflarda it va kuchuk sotgan ham, sotib olgan ham boʻlmagan. Unga zarurat sezganlar ortiqcha iti borlardan soʻraydi. Egasi bersa oladi, boʻlmasa yoʻq. Harom narsani sotganlar haromxoʻr nomini oladi va bir umr qishloqdoshlarining malomatidan qutulolmaydi. Bunday dahmazaning Koʻsaga nima keragi bor? Undan koʻra berganini olib qolaver. Savdomi, sadaqami, nima farqi bor? Muhimi – eshiging mol koʻradi.
Shularni oʻylab Koʻsa boʻshashdi. Yana tuksiz iyagini qashidi:
– Senga hazillashib ham boʻlmaydi, – dedi sal chiroyi ochilib. – Muncha jizzakisan-a?
– Halol echkimdi harom gidigingga almashtirmoqchi emasman, – Mergan avvalgi gapini jiddiy takrorladi. – Uni sadaqa niyatida senga bermoqchiydim…
– Men ham gidik sotib aqlimdi yeganimcha yoʻq. Ana, enasini qoʻynida yotipti, kerak boʻlsa olib ketaver.
– Berman olib kel, mehnat qilib tarbiyalashga arziydimi-yoʻq, sinab koʻraman. Arzimasa oʻzingga tan…
– Bir xilda toza haddingdan oshasan-da…
U Qamchibek koʻsa keltirgan malla rangiga moyil kuchukchani qoʻliga olib, sinchiklab nazardan oʻtkazdi: koʻzlari katta-katta, qimmatbaho munchoqday yaltirab turibdi. Demak, sogʻlom. Quloqlari ota avlodi – boʻrilarnikiday tikraygan. Bu – oddiy itlar eshitolmaydigan joylardagi tovushni ham eshita olishidan dalolat. Oyoqlari uzun-uzun, yoʻgʻongina. Ogʻzi ham katta, boʻyni kaltaroqday, boʻrinikidan koʻra koʻproq urushqoq itlarnikiga oʻxshaydi. Dumi otalariniki kabi uzungina. Bu kelgusidagi olishuvlarda unga halal berishi tayin. Zarari yoʻq, yomgʻirli kunlarda oʻtkir bolta bilan yarmini chopib tashlab, malham surib qoʻysa boʻldi. Shunda jarohati qurtlamay-sasimay tez bitib ketadi. Tuzalgach egasiga kek saqlashni unutib yuboradi. Qashqirga oldirmay, qoʻrquv nimaligini bildirmay bir yarim yoshga yetkizolsa, marra uniki. Biroq yuragi qanday ekan? Shuniyam tekshirib koʻrish kerak.
Kuchukchadagi ijobiy belgilar Oʻtagan merganni quvontirdi. Ammo yana bir ishkal chiqarmasin deb, koʻnglidagini Qamchibek koʻsaga bildirmadi. Toʻngroq ovozda chetroqda turgan yogʻoch sandalni koʻrsatib buyurdi:
– Anavini keltir-chi.
Balandgina sandal keltirilgach, kuchukchani ustiga qoʻydi. Qani, yuragi betlab pastga tusholarmikan?
Kuchukcha gʻingshib, sandal ustida bir-ikki aylandi. Onasini izladi, shekilli. Keyin eshik tarafdan qoʻrqmay pastga sakrab, oʻmbaloq oshib tushdi. Darhol oyoqqa turib, onasi yotgan tomonga alpang-talpang yurib ketdi.
Hammasi joyida: natija kutganidan ham yaxshi, yuragi ham, fahm-farosati ham aʼlo darajada. Xudo xohlasa uni tevarak-atrofga dongʻi ketadigan it qilib tarbiyalasa boʻladi!
Qamchibek koʻsa kuchugi Merganga yoqmay qolishidan choʻchib turgandi. Yuzlariga razm solib, xavotirlanishga oʻrin qolmaganini sezdi. Bundan dadillanib:
– Qalay? – deb soʻradi iyagini qashib.
– Boʻlar-ov… – u atay mujmalroq javob berdi. – Biroq yana bir hafta qarab turasan. Zarur ishlarim bor. Bitirgach echkini keltirib, gidigingdi olib ketaman.
– Juda quvsan-da, gapdi chiylamay “gidiging menga yoqdi” desang yoqangdan olmayman-ku…
– Ehtiyot boʻl, – Mergan gapini boʻldi. – Muniyam qashqirgʻa yem qilib qoʻyma tagʻin.
– Kunlar ilib qoldi. Bundan buyoq itqushlar qishloqqa dorimaydi.
– Gidik oʻzini tutib, u yoq-bu yoqqa daydiydigʻon boʻgʻonida oladi-da uni.
Buni Oʻtagan mergan yaxshi biladi. Aytib boʻladimi, har ehtimolga qarshi tayinlab qoʻyishni lozim topgandi. Oʻz maylicha kuchukni bu yerda bir kunga ham qoldirmasdi. Biroq tugʻilganiga endi oʻn kundan oshdi. Yana biror hafta onasini emib turgani maʼqul tuyuldi. Ona suti itning bolasigayam ham dori, ham oziq – kamida oʻn besh-yigirma kun toʻyib emgan kuchuk, har holda, oʻzini ancha tutib oladi. Keyin echki suti va atala bilan boqsa ham boʻladi.
* * *
Oʻtagan mergan uyiga keliboq qoʻrasining oʻrtasidan kuchukvachcha uchun oʻra kovlashga tushdi. Bunda u oʻsayotgan kuchuk bilan qoʻy-echkilari bir-birining isiga koʻnikib, elikib oʻsishlarini nazarda tutdi. Uni toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻraning ichiga qoʻyib boʻlmasdi. Yangi qoʻzilagan sovliq va echkilar bolasini qizgʻanib, uni shoxlab mayib qilishlari, hatto oʻldirib qoʻyishlari mumkin. Qolaversa, kuchugi qoʻrqoq boʻlib oʻsadi, yuragida qoʻy-echkilarga mehr oʻrniga qahr tuygʻusi kuchayadi. Oʻrada esa u bexavotir ulgʻayadi.
Zarang va toshloq joydan oʻra kovlashning oʻzi boʻlmaydi. Ertasiga oʻgʻli Shukurbekni ham kondagi ishidan olib qolib, tongdan shomgacha tinimsiz ishlash evaziga chuqurligi qariyb ikki odam boʻyi keladigan oʻrani kovlab boʻlishdi. Kuchukchaning bemalol harakatlanishi uchun ogʻzini torroq, pastini kengroq olishdi. Ichiga tushib chiqish uchun shoti yasashdi. Oʻra usti berk qoʻraning ichida boʻlganidan, qor-yomgʻir suvlari tushmaydi. Ammo qoʻzi-uloqlardan birortasi oʻynoqlab, tushib ketishi mumkin. Shu tufayli shotini uzunroq yasashdi. Ustini kigiz bilan bekitganida oʻrtasi koʻtarilib turishi lozim. Kigiz u yoq-bu yoqqa surilib ketmasligi uchun toʻrt burchagiga tosh bostirilsa kifoya. Kuchukning tagiga ham bir parcha kigiz toʻshalsa issiq yotadi…
Ertasiga oʻgʻlini ishiga joʻnatib, oʻzi togʻdan changal tashidi. Shu paytgacha qoʻrasiga boʻri zoti daf qilolmagan. Bundan keyin ham shunday boʻlishi gumon. Kuchugini asrashi kerak. Boʻri oʻzining yovini omon qoʻymaslikka intiladi. Chorasini koʻrmasa Koʻsaning uyidagidek, Merganning qoʻrasida ham uni oʻldirib ketishadi. Uyi qishloqdan yarim chaqirimcha yuqorida boʻlishiga qaramay atrofi changal bilan oʻralgani va Boʻribosari tufayli qashqirlar qoʻrasiga daf qilolmasdi. Endi uni tikanli butalar bilan yanayam mustahkamroq oʻrashi kerak.
Hafta oxirigacha qoʻra atrofini ikki gaz enlilikda changal bilan mustahkam oʻrab chiqdi. Oʻzlari va qoʻy-echkilar kirib chiqadigan yoʻlakka ham changalni shunday ustakorlik bilan bosdiki, ertalab va kechqurun uni qiynalmay ochib yopsa boʻlardi. Endi butoqlarning oʻtkir tikanlarini bosib qoʻraga boʻri tugul odam ham oʻtolmasdi.
Yanagi hafta boshida, tugʻilganiga yigirma kun toʻlganida, kuchukchani keltirib oʻrasiga qamadi. Oh, ona suti! U oy oxiriga qadar onasini qoʻmsab zorlanib gʻingshidi. Oʻtagan mergan tishini-tishiga bosib, bu zorlanishlarga zoʻrgʻa chidadi. Oldiga qoʻyilgan echki sutini ijirgʻanib yalar, sutda pishirilgan bulomiqqa umuman qaramasdi. Mergan har kuni oʻraga bir necha marta tushib unga sut va suv berar, tagini tozalar, qashlar, oʻzicha boladay erkalatardi. Shuning natijasimi, u egasiga oʻrgana boshladi. Yoniga tushsa yiqilib-surinib oʻynoqlaydigan, eplaganicha sakraydigan, quvonch va minnatdorligini bildirayotganday oyoq-qoʻllarini yalaydigan va beozor tishlaydigan boʻldi. Bora-bora oldiga qoʻyilgan yeguliklarni ham paqqos tushiradigan boʻldi.
Mergan oʻzi kovlagan “zindon” tepasiga boshidanoq qoʻy-echkilarini qamadi. Dastlab ular oʻzlari uchun gʻalati tuyulgan gʻingshishdan hurkib, chuqurdan chetlab turishdi. Echkilar – shayton, tezdayoq kuchukchani mensimay qoʻyishdi. Ayrimlari qiziqsinish bilan jurʼat qilib oʻra chetiga kelar, kuchukni nega unga tashlab qoʻyishganidan hayratlanganday birpas tikilib turishardi. Keyin joylariga qaytib, kavsh qaytarganicha bemalol yotib olishadi. Koʻp oʻtmay qoʻylar ham kuchukning gʻingshishiga oʻrganib qolishdi. Echkilardek oʻra chetiga borolmasalar-da, avvalgidek bezovta boʻlishmasdi. Kuchuk ham bora-bora tepadagi hayvonlar hidi va egasiga oʻrganib, boʻlar-boʻlmasga gʻingshishni bas qildi.
2
Bir yil togʻ daryolariday shaldirab-guldurab oʻtdi-ketdi. Borliqni koʻzni quvontiruvchi turli rang va xushboʻy gullarga toʻldirib bahor keldi. Endi bir yoshga toʻlgan kuchuk rostakam itga aylandi. Boʻyi ham kichikroq toyxarday boʻlib qoldi. Qari Boʻribosarning hurishini eshitsa u ham tumshugʻini osmonga koʻtarib hid olar, oʻzi oʻrgangan islardan boshqasini tuysa chuqur boʻylab bezovta aylanar, oʻktam tovushda uzib-uzib hurardi. Ammo tepaga chiqishning ilojini topolmasdi.
U tepaginasida yuradigan hayvonlardan tashqari odam zotidan ikki kishiga – egasi Oʻtagan mergan bilan qoʻshnisining toʻqqiz yoshlardagi oʻgʻli Dehqonboygagina oʻrgandi. Toʻgʻri, baʼzan egasining oʻgʻli Shukurboy ham yoniga tushib turadi. Birpas uni oʻynatgan boʻladi-da, chiqib ketadi. Koʻpincha kelib tepadan qarab ketadi. Pastga tushib oʻtirishga vaqti boʻlmaydi.
Mergan uyida boʻlmagan paytlarda uning topshirigʻiga koʻra itning osh-suvini Dehqonboy beradi. U ham egasi kabi itni qashlab erkalatadi, undan farqli ravishda baʼzan “kurash” tushadi. Olishuvda koʻpincha it zoʻrlik qiladi. Uni tagiga bosib olganicha u yer-bu yerini “tishlab”, chiroyli irillaydi va saldayoq sakrab turib ketadi. Keyin qaytadan olishishadi. Bundan ikkalasi ham oʻzgacha bir zavq tuyishadi. Ammo it uning badaniga biror marta tishini qattiq botirmagan, ozor bermagan.
Dehqonboy – toʻladan kelgan, qoramagʻiz, qoʻy koʻzlari yonib turadigan ziyrak bola. Itga shu paytgacha nom berilmaganidan, oʻzicha uni Vaska deb atadi. Shu ismni eshitsa, it ham oʻynoqlab qoladi.
Mergan bu nomni birinchi marta eshitganida hayron boʻldi: atamaning ruscha ism ekanligini biladi, ammo uni nega shunday ataganini bilolmadi. Shunga qaramay qarshilik qilmadi. Bola-da, kinodami-kitobdami koʻrib yo oʻqib, shu otni yoqtirib qolgandir deb oʻyladi. Negadir itini bu nom bilan atagisi kelmadi. Balki itga odamning otini qoʻyib boʻlmaydi, deb hisoblagani uchun shunday qilgandir. Ehtimol, feʼli-xoʻyiga qarab keyinroq durust bir ot topilsa, bunisini oʻzgartirish qiyinmas deb oʻylagandir…
Kuzning oʻrtalarida, Vaska bir yarim yoshga toʻlganida, Oʻtagan mergan uni oʻradan chiqardi. Bu paytda oʻzi hadiksirab yurganiday, keksa Boʻribosarini qashqirlar oʻldirib ketishgan edi. Roʻy bergan hodisa uni yanayam hushyor boʻlishga undadi-yu, nachora! Vaskani ortiq “zindon”da qoldirib boʻlmasdi. Shunday qiladigan boʻlsa yana yarim yildan keyin it ichikib, atrofidagi koʻp narsalarga befarq qaraydigan boʻlib qoladi. Shuning uchun besh-olti kun yuqorida, qoʻy-echkilar orasida saqladi. Ularni yaqindan bir-birlariga koʻniktirishning eng maqbul vositasi – shu. Endi echkilar itga daf qilolmaydi. It ham ularga begonasirab qaramaydi.
Bu orada Oʻtagan mergan oʻrani koʻmdirib tashladi. Keyin qoʻshotarini yelkasiga osganicha qoʻy-echkilarini oʻzi boqdi. “Oʻzi boqdi” deyish, balki, notoʻgʻridir. Toʻgʻrisi, baland tuyatosh ustiga chiqib, kun boʻyi itiga buyruq berib oʻtirdi. Ushoq mollari uzoqlab ketadigan boʻlsa:
– Vaska, qoʻylarni qaytar! – deb turdi.
Bir-ikki kun it egasini tushuna olmadi. “Nima deyapsan oʻzi” deganday unga anqayib qarab, oʻtgan bahorda yarmi kesilgan choʻltoq dumini likillatib turaverdi. Shundan keyin yoniga borib buyrugʻini takrorlaydigan boʻldi. Baribir foydasi tegmagach miltigʻini silkitganicha doʻq qilib, uni ushoq mollari oʻtlab ketayotgan tomonga haydadi. Ancha urinishlardan keyin Vaska, har qalay, nimanidir anglaganday boʻldi va tobora uzoqlashayotgan jonliqlar tomon zingʻillab ketdi. Oldini oʻrab irillaganicha ularni ortiga qaytardi. Yaqinlashgach, yonlaridan chopib oʻtib Merganning yoniga keldi va “yana topshiriq bormi?” deganday dumini likillatib turdi. U esa silab-siypalab maqtab qoʻydi:
– Yasha, Vaska, boqsa odam boʻlasan! Barakalla!
U itini oʻzi istamagan holda Dehqonboy oʻrgatgan nom bilan atashga majbur boʻlayotgan edi. Aksincha, egasini tushunolmay gangib turaverishi mumkin. Topshiriqlari aʼlo darajada bajarila boshlagach, uning yoqimsiz nomini yana tilga olmay qoʻydi. Endi toshdan tushib ham oʻtirmasdi. Koʻrsatkich barmogʻini qoʻylar tomonga choʻzib, nima qilishi kerakligini aytadi – tamom. U topshiriqni kam-koʻstsiz bajaradi.
Shu kundan boshlab Oʻtagan mergan kampiri Niholoy momo oldiga oʻzlari qanday ovqat yesa, itiga ham shu ovqatdan berish talabini qoʻydi. Qattiq turmasa u yuvindimi, qattiq-quttuq nonmi berish bilan kifoyalanishi mumkin. Bunisi kamlik qilganday, Vaskaning yalogʻini har kuni bir marta tozalab yuvib turishni buyurdi. Kampirga, ayniqsa, shu talab malol keldi: “Itning oti Boytoʻbat, deganlari shu-da”, – dedi ichida gʻijinib. Noroziligini eriga ochiq bildirishdan qoʻrqdi. Aytsa, bu qaysar chol uni qanday balolarga giriftor qilishini Xudo biladi. Dasturxonda qoladigan suyaklarni yigʻishtirib, Merganning oʻzi ityaloqqa tashlab keladi.
– Tish va jagʻ – itning asosiy quroli. Suyak gʻajib turgan itning jagʻi mustahkam, tishlari mahkam boʻladi…
Qoʻylarni Vaskaning oʻzi boshqarib boqaveradigan boʻlib qoldi. Endi egasi oldida oʻralashavermasdi ham. Yaylovga yetgach, hech qanday buyruqsiz odatdagi vazifasini bajarishga kirishib ketaveradi. Mergan shunchaki “koʻz” boʻlib, vaqtini behudaga oʻtkazardi. Shuning uchun qoʻylarni oʻziga qoldirib, itini sinab koʻrmoqchi boʻldi.
Keyingi haftaning boshida u Vaskani ergashtirib, qoʻy-echkilarini har kungidek yaylovga haydadi. Moʻljalidagi joyga yetgach jonliqlarini qoldirib, oʻzi togʻ tepasiga oʻrladi. Iti ortidan ergashgandi, poʻpisa qilib, qoʻylari yoniga qaytardi. Eng yuqoriga chiqqach, oʻzini toshlar panasiga oldi. Shabada ters esayotganidan hidi itgacha yetib bormasligini biladi. Shuning uchun tepadan uning harakatlarini bamaylixotir kuzatdi. Hammasi koʻnglidagiday – it serkaning oldiga tushib oldi. Maʼlum masofaga yetgach toʻxtab, uni ortga qaytardi. Yonlaridan yugurib oʻtib, yana oldilariga tushdi va uyqusirayotgan injiq boladay sekin, bir maromda keta boshladi. Serka undan oldinga oʻtishga botinolmaydi.
Quyosh togʻlar ortiga oʻtib ketdi. Mollarning qaytish vaqti boʻldi. Negadir egasidan darak yoʻq. Kun boʻyi qorasini koʻrsatmadi. Bundan Vaska bezovtalana boshladi. Ilgari sira yonlaridan ketmasdi. Bugun nima boʻldi?
It qoʻy-echkilarni oldiga solib, uyi tomonga shigʻab haydadi. Mergan bularni togʻ tepasidan hayratlanib kuzatib turdi. Nega u jonliqlarni bunchalik tez haydayapti? Atrofda biror yirtqich paydo boʻldimikan? U quyini sinchiklab nazardan oʻtkazdi. Biror xavfli narsani koʻrolmasa-da, shubhasi tarqamadi. Qashqir kelgan boʻlsa, tamom, Mergan yetgunicha u itni ham oʻldiradi, qoʻy-echkilarini ham qirib ketadi.
U oʻzidan, bemaʼni sinovlarni koʻpaytirib yuborganidan qattiq oʻkindi. Iti endi voyaga yetganida undan ayrilib qolish Mergan uchun katta fojia. U hali kuch-quvvatga toʻlib ulgurgani yoʻq. Boʻri bilan olishishga tajriba ham kerak. Kechagina oʻradan chiqqan itvachchada tajriba nima qiladi? Qashqirning zoʻrrogʻiga roʻpara kelsa uni bir zumdayoq tinchitadi. Hay, ahmoq chol, oltmishdan oshib ham aql topmagan toʻnka!..
Miltigʻini otishga shaylab oʻrnidan sakrab turdi. Halloslab pastga yugurdi. Shunda birdan oʻzi tomonga shamolday yelib kelayotgan itiga koʻzi tushdi. Quvonganidan yugurishi sekinlaganini ham sezmadi. Demak, u egasidan xavotirlangan, uni qidirish, imkoni boricha joniga ora kirish uchun qaytdi! Mollarni uyga eltib, keyin izlash kerakligini bilganini qarang! Koʻz tegmasin, tuf-tuf! It boʻlsayam odamday aqlli, baʼzilardan farosatliroq…
Oʻtagan mergan, nazarida, pastga tomon avvalgidan ham tezroq, misoli shamolday uchdi. Kutilmaganda nimagadir surinib, oʻmbaloq oshib ketishi mumkinligini ham oʻylamadi. Koʻnglida muqim bir soʻz aylanadi: “Tezroq, tezroq, tezroq!”
U iti bilan soydagi ensizgina tekislikda baqamti keldi. Vaska otasini sogʻinib, quvonganidan oʻzini yoʻqotgan boladay yugurib kelib yelkasiga osildi. Yuzi, boʻynilarini iskab, yalab ham yubordi. Shungacha Mergan faqat uni silab-siypab erkalatgani boʻlmasa, biror it zotiga oʻzini yalatish nari tursin, oʻynoqlab u yer-bu yeridan tortqilashiga ham yoʻl bermagan. Hatto vafodor iti Boʻribosarning ham bunday qilishiga yoʻl qoʻymagan.
Qayerdadir qaysidir bir mulladan: “Itning nafasi harom, u tekkan buyumingizni yetti marta yuvdiring. Nafasi tanangizning qayeriga tegsa ham gʻusl qiling”, – degan gapni eshitgan va shu kungacha bu “oʻgit”ga ogʻishmay amal qildi. Shu damda birdan, eshitgani va koʻp yillar amal qilib kelgani barcha oʻgitlar oʻldi, nasihatlar unutildi. Oʻsha mulla biror kimsaga shu itchalik mehr berganmikan, degan fikr oʻtdi koʻnglidan. Shundanoq, Merganning nazdida, oʻsha mullaning barcha pandlariga oʻt ketdi, kuyib kul boʻldi!..
Kutilmaganda u ham itini quchoqlab oldi. Jigargoʻshasini sogʻingan otaday yuzlariga yuzini bosdi. Miltigʻini bir chetga uloqtirib, Dehqonboyga oʻxshab olishib ketdi: goh yiqitdi, goh yiqildi. Vaska u yer-bu yerlarini beozor tishlaydi, shodon gʻingshiydi. Mergan quloqlaridan tortqilaydi, biqinlarini beozor chimchilaydi, soyni toʻldirib qah-qah uradi. Hammasi beozor, hammasi doʻstona, hammasi tabiiy – goʻyo ota-bolanikiday!
3
Turli yumushlar bilan andarmon boʻlib, Oʻtagan mergan ov mavsumining ikki oyini oʻtkazib yuborganini sezmabdi. Dam olish kunlarining birida molini Dehqonboy bilan itiga qoldirdi-yu, oʻzi ovga tayyorlandi: sochma va yakka oʻqlar joylangan oʻndan ortiq patronni belidagi oʻqdoniga mixlab oʻrnatdi. Ortiga qanjigʻasini bogʻladi. Belbogʻiga bitta nonni oʻrab, uni ham beliga tugdi. Ustidan yoʻldagi buloqlardan toʻldirib olish maqsadida suvdonini ildi. Yuqorida, toshlar orasida yurganida suv topilmaydi. Soyga tushib chiqishiga vaqt ketadi.
– Kechqurun qaytaman, – dedi Niholoy momoga va miltigʻini yelkasiga osib, Qoraqush tomonga chiqib ketdi.
Bittadan quyon va kaklik otgani boʻlmasa, Qoraqush atroflarida ovi yurishavermadi. Shu sababdan uzoqroq boʻlsa-da, Osmonsoy taraflarga yoʻl oldi. Kech peshingacha sakkizta kaklik, ikkita quyon va bitta jayra otdi. Ikki oʻqi zoye ketdi. Oʻqdonida atigi bitta “choʻchqa” oʻq[4] qoldi. Har ehtimolga qarshi uni miltigʻiga joylab ortiga qaytdi. Yoʻl uzoq, shomgacha uyga yetsam ham katta gap deb oʻyladi…
Oʻzi bir-ikki marta ustiga chiqib dam olgan tuyatoshdan ellik-oltmish qadam uzoqlashganida yoʻlidan katta bir qashqir toʻsib chiqdi. Qorli-qirovli sovuq paytlarda oʻlja topolmay qolmasa, hozirgidek ochiq kunlarda har qanday bahaybat boʻri ham odamga daf qilmasdi. Bunisi yo oʻta och, yo odamxoʻr qashqirlardan boʻlsa kerak. Birdaniga hujumga oʻtmadi-yu, oʻtib ketishiga yoʻl ham bermadi. Roʻparasiga choʻchchayib, dumiga oʻtirib oldi. Oraliq masofa bor-yoʻgʻi yigirma qadamcha keladi.
Oʻtagan merganning badanidagi har bir tuk kiyimlarini teshib yuborguday tikrayib ketdi. Endi oʻldim, deb oʻyladi, bu kimsasiz toshloqlarga meni ajal yetaklab kelgan ekan-da! Miltigʻini beixtiyor boʻriga toʻgʻriladi-yu otmadi. Nishonni aniq urolsa yaxshi, salgina xato ketib uni yarador qilsa ishi chatoq. Dunyoda yaralangan qashqirdan dahshatliroq maxluq boʻlmaydi. Joni chiqayotgan holatidayam oʻzini otadi va gʻanimini burdalab tashlashga intiladi.
Merganning miltiq oʻqtalganini koʻrib, boʻri ham oyoqqa qalqdi. Tishlarini irjaytirib irilladi-yu, daf qilolmadi. Aftidan, qoʻlidagi asbobning nimaligini biladi.
Tikilishib bir joyda uzoq turib qolish xavfli. Togʻma-togʻ izgʻib, Mergan ancha toliqqan. Otishni paysalga solayotgani boʻriga dalda berib, kutilmaganda tashlanib qolishi mumkin. Shu tufayli nishondan koʻzini uzmay tislanib, asta tosh tomonga siljidi. Eson-omon unga yetib ololsa boʻlgani, qonxoʻr yovidan qutilgani shu.
Qashqir ham oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Tezlab ozgina yurdi. Oraliq masofani saqlab, baribir yana sekinladi. Toshgacha shu tarzda boraverishdi: biri tislanib, biri yuzma-yuz. Moʻljalidagi joyga yetgach, Mergan toʻxtadi. Gʻanimi ham. U tezgina toshga nazar tashladi. Ilgari sira balandligini chamalamagan ekan. Taxminan uch qulochlar bor-ov. Orti chuqur zovligini biladi. U tarafdan jondor tugul kaltakesak ham chiqolmaydi. Oldi ancha tik va silliq. Har-har joyida faqat tajribali odamgina ushlasa va tepaga koʻtarilsa boʻladigan boʻrtik va oʻyiqlari bor. Boshqa biror jonzot buni eplolmaydi.
U ilgari toshga hech qanday taʼqibsiz, bamaylixotir chiqib tushardi. Endi unday qilib boʻlmaydi: iloji boricha tez – qashqir yetib kelgunicha chiqib ulgurishi kerak. Aks holda…
Yo Xudo, arosatda qolgan bandangni Oʻzing qoʻlla!
U zumdayoq miltigʻini yelkasiga osib, oʻzi bilgan boʻrtiqlardan ushlab yuqoriga oʻrmaladi. Miltigʻi va qanjigʻasidagi zotlar ozroq halal bersa-da, bu safar ham tosh tepasiga vaqtida chiqoldi. Boʻri avvaliga uning nima qilayotganini idrok etolmadi, shekilli, anqayib qarab turdi. Yarmidan oʻtganidagina oʻqday otildi. Ammo kechikkan edi. Shunga qaramay yetib kelib oʻzini balandga otdi. Ikki qulochday koʻtarilib, sirgʻalib pastga tushib ketdi. Baquvvat panjalari va oʻtkir tirnoqlari ham uni tosh yuzasida tutib qololmadi. Ketiga tisarilib, tagʻin yuqoriga sakradi. Bu gal Oʻtagan merganga yetishiga atigi besh qarichdaygina qoldi.
Uchinchi hamlada qashqir mengacha koʻtariladi, degan fikrdan Merganning hushi uchdi. Ozod oʻrnidan turib, miltiq nilini unga toʻgʻriladi. Boz hamla qiladigan boʻlsa, koʻksini moʻljallab otishni oʻyladi. Yaqindan otilgan yakka oʻq koʻkragini teshib, yelkasidan oʻpirib chiqishini biladi. Shunda boʻri darhol oʻlmaganidayam tajovuzkorligini yoʻqotadi. Nari borsa besh-olti daqiqalardan keyin oʻlishi muqarrar.
U qayta hamla qilmadi. Yuqoridan ikki marta sirgʻalib tushib tirnoqlari larzon yegandir. Panjalaridagi ogʻriq shashtini qaytargan boʻlsa ajabmas. Balki ming sakraganidayam toshning ustiga chiqolmasligini sezgandir. Nima boʻlganidayam u yigirma qadamcha ortiga tisarilib, tumshugʻini oldingi oyoqlariga qoʻyganicha yotib oldi. Gʻazab uchqunlanayotgan koʻzlarini hamon Mergandan uzmasdi…
Oradan ikki soatlarcha vaqt oʻtdi. Quyosh porpora botib, tun qorongʻiligi boshlandi. Qashqirning ketadigan yo nimagadir alaxsiydigan turi yoʻq. Yarim kecha boʻldi hamki vaziyat oʻzgarmadi. Merganning xayoliga tungi ovoz uzoqqa ketadi, degan fikr keldi. Oʻrnidan turib, kaftini ogʻzining ikki chetiga qoʻyganicha baqira boshladi:
– Ho-oy, kim bo-or? Qashqirdi qamovida qoldim, yordam beringla-a-r!! Ho-o-yy…
Nazarida oʻn martalar baqirib chaqirdiyov. Ovozi togʻ ungurlarini yangratib yubordi. Har gal biror javob eshitish umidida diqqat bilan quloq tutdi. Foydasiz: oʻzi kutgan javobni eshitmadi. Shundan keyin chetdan yordam kelishidan umidini uzdi. Har qancha baqirmasin, tovushi odamlar bor joyga yetmasligini angladi. Bu paytda kim ham qulozigan togʻ oralab daydib yurardi? Pastdagi eng yaqin qishloq u turgan joydan kamida oʻn chaqirimlar uzoqda. Oʻzining qishlogʻi nisbatan yaqin – yetti chaqirimcha keladi. Ammo oraliqni Qoraqush togʻlari toʻsib turibdi. Undan oshib ovozimni birortasi eshitar deb oʻylash – xomxayol.
Onda-sonda allaqanday hasharotlarning chirillab qolishi, tun qushlarining sovuq va xunuk sayrogʻi eshitilib qolmasa, yurakni ezib yuboradigan sukunat hukmron. Koʻkda son-sanoqsiz yulduzlar jimirlashadi. Atrofda xoʻmraygan togʻlar silsilasi. Baland tosh ustida inson, quyida gʻazabnok qashqir, bir-birini yeb-yutib yuborgudek poylashmoqda. Odam pastga tusholmaganidek, boʻri yuqoriga chiqolmaydi. Noiloj bir-biriga tish qayrashadi. Bunday gʻalati koʻrgilikka ikkalasi ham chidashga majbur.
Merganning nazarida tun yarmidan ogʻdi. Sharq ufqidan koʻtarilgan oy oʻrogʻi ancha kichraygan va nuri juda xira tortgan. Nariroqda, toshlar orasida koʻzini undan uzmay yotgan boʻri ham elas-elas koʻrinadi. Balanddaligi va oy shuʼlasi toʻgʻri tushayotganidan, qashqir uni aniq koʻrayotgan boʻlsa kerak. Lekin u ham chorasiz.
Kun boʻyi piyoda yurgani va boʻri bilan uchrashganidan keyingi asabiylik Merganni juda toliqtirdi. Charchaganidan koʻzlari yumilib-yumilib keta boshladi. Behudlikda miltigʻini tushirib yubormaslikning gʻamini yeb, tasmasini boʻynidan oʻtkazib oldi. Bu falokatdan qutuladigan zamon boʻlsa, birdan-bir ishongani shu miltiq. Undan ayrilsa qashqirga yem boʻladi yo tosh ustida oʻladi. Boshqa yoqdan najot kelishiga deyarli ishonmay qoʻydi. Oʻqi ikkita boʻlganida-ku, oʻylab ham oʻtirmay bu maxluqning toʻshagini solib qoʻyardi. Nailoj!
Imkon qadar uxlamaslikka tirishsa-da, ahyon-ahyonda Merganning koʻzlari beixtiyor yumilib ketadi. Shunda toʻrt, yo besh daqiqa qush uyqusini oladi. Shu ham kifoya qilib, ancha oʻzini tutib oladi. Biroq ziyraklashgani uzoqqa bormaydi. Egni-boshi unchalik yupun boʻlmasa-da, tonggi sovuq shabada etlarini junjitib yubordi. Bunisi yanayam xavfli – sovuq uyquni eltadi. Qattiqroq uxlaydigan boʻlsa, yo zovga, yo qashqirning oldiga yumalab tushishi aniq. Har ikkisi oʻlim demak. Bu xatarning oldini olish uchun nimadir qilishi kerak…
Belbogʻida yarimtacha non borligini endi esladi. Suvdonini chayqatib, ozroq suvi qolganini aniqladi. Nonning yarmini sindirib, qolganini belbogʻiga qayta oʻrab beliga bogʻladi. Ehtiyot yaxshi, roʻparasidagi balodan qachon qutulishini Xudo biladi. Qoʻlidagini asta chaynab yeya boshladi. Ogʻzi qimirlab tursa sovuqni ham, uyquni ham yengadi. Boz ustiga qorni ochiqqan ekan. Jon qaygʻusida buni sezmabdi ham. Ustidan ikki hoʻplamgina suv ichdi. Uni ham tejashi kerak. Odam ochlikka hafta-oʻn kun chidashi mumkindir, ammo tashnalikka chidolmasligini biladi. Oʻzining zamzama qilib yuradigan bir qoʻshigʻini esladi:
Choʻllarda tashna boʻldim,
Dayro suvi ne poyda.
Oʻylamay qirgʻa chiqdim,
Endi menga soy qayda…
Atigi ellik qadamcha joyda – quyida tiniq chashma oqyapti. Unga borolmagani qanday koʻrgilik!..
Nihoyat, zoriqib kutilgan tong otdi. Bir soatlardan soʻng tevarak butunlay yorishib, uzoqlar ham koʻrinib qoldi. Lekin atrofda gʻimirlagan jon koʻrinmadi. Qashqir hamon oʻrnida uzala tushib yotibdi. Qontalash koʻzlarini Oʻtagan mergandan uzmaydi. Qornining qapishib ketganidan ochligi shundoqqina bilinib turibdi.
Sal nafsi orom topsa daf boʻlarmikan, degan xayolda qanjigʻasidagi jayrani yechib oldiga uloqtirdi. Boʻri ninali terisidan boshqa hamma narsasini, hatto oʻzlari yoqtirmaydigan bosh chanogʻigacha qasirlatib yeb boʻldi hamki hech qayoqqa ketmadi. Joyiga borib, yana avvalgiday yotib oldi.
Mergan bir eski maqolni esladi: “Qashqir boʻlsa och, olov sermab qoch”. Lekin olov yoqishga gugurt qani? Boʻlganida ustki kiyimlarini yoqib boʻlsa-da, bir ilojini toparmidi? Barcha kiyimlarini yoqqanida qayergacha borardi – Qoraqushga yetmay shir yalangʻoch boʻlardi. Keyin esa… Xoʻp boʻlmagʻur maqollarimiz ham bor-da! Balki biror manzilga, xususan, uyiga yaqin joyda bu usul qoʻl kelishi mumkindir.
Ikki yilda bir marta boʻlsayam: “Falon joyda pismadonchini itqush yeb ketibdi”, – degan uzunquloq gaplar Oʻgatga ham yetib keladi. Bunday oldi-qochdilarga u deyarli ishonmasdi. Uzoqdan kelgan gaplarga koʻpincha boʻrttirish, baʼzan yolgʻon ham aralashadi. Bola-chaqani yebdi deyishsa, balki ishonardi. Kap-katta odamlarning qashqirga yem boʻlishi… Bunga sira aqli bovar qilmasdi. Endi bilyaptiki, bu gaplarda jon bor. Miltigʻi asqotmaganida oʻzi ham manovi maxluqqa yem boʻlardi-yov…
Tavakkal qilib, quyonlaridan birini yana oldiga tashladi. Boyagi hol aynan takrorlandi: boʻri uni ham yeb boʻlib, joyiga borib yotdi. Ovlaganlarining hammasini berganidayam ketmaydi, shekilli, bu padarqusur. Uni kuchaytirgani qoladi. Bu juda xavfli, toʻq qashqir bor kuchini toʻplab sakrasa, oʻtirgan joyiga ham koʻtarila olishi mumkin. Nima qilsa boʻlarkan?
Oftob koʻtarilib, atrofni tobora qizdira boshladi. Ortidan yengilgina shabada esmoqda. Quyosh nuri esa peshonasidan urib, borgan sari mazasini ketkizmoqda. Qashqirga orqa oʻgirib, yuzini shabadaga tutolmaydi. Bunga manovi yirtqich qanday qaraydi? Uning har bir harakatidan boxabar boʻlib turishga majbur.
Tushga borib qorni tatalab, tashnaligi kuchaydi. Noiloj belbogʻida qolgan bir toʻgʻramdaygina nonning yarmini sindirdi. Bir hoʻplamday suv bilan mayda chaynab yedi. Na qorni toʻydi va na chanqogʻi bosildi. Boshga tushsa koʻz koʻrar, chidaydi-da endi. Xudo qargʻagan bu togʻlarda uzoqroq qolib ketsa nima boʻladi? Uyidagilar, qarindosh-urugʻlari uni qidirishni hali-beri xayollariga keltirishmaydi chogʻi.
Tovush berib yordam chaqirishga yana bir urinib koʻrmoqchi boʻldi. Har holda, hozircha quvvati bor, ovozi uzoqroqqa ketadi.
Oʻrnidan turib kaftlarini ogʻzining chetlariga qoʻyganicha, toʻrt tarafga ovozining boricha baqira boshladi. Toʻrt-besh marta toʻxtab-toʻxtab baqirgach, atrofni diqqat bilan koʻzdan kechirdi va quloq tutdi. Qani birov koʻrinsa yo javob boʻlsa! Odamlar bu yovvoyi togʻlar orasida yurishni unutishgan chamasi. Avvallari bitta boʻlsayam ovchi yo mol-holini qidirib yurgan birortasiga duch kelardi. Endi nima boʻlgan, ikki kundan buyon na odam zotini koʻrdi va na chaqiriqlariga javob oldi. Balki manovi odamxoʻrning shu yerlarda paydo boʻlganidan kimdir xabar topgan. Shu tufayli quyidagi qishloqlarda yashovchilar molini togʻ tarafga haydashni toʻxtatishgan. Qashqir u taraflarga tusholmaydi. Tushsa osongina qopqonga ilinishini biladi. Dashtlarda oʻrovga olib boʻlsada, uni tinchitishlari qiyinmas…
Quyosh botdi. Aloq-chaloq xayollar girdobida boʻzarib yangi tong ham otayotir. Havo xiyligina salqin boʻlishiga qaramay Merganni tashnalik juda qiynab yubordi. Aslida bu holat kecha kechqurundanoq boshlangandi. Qorni och. Tez-tez ichi quldirab qoladi. Qariyb boʻsh ichaklarda turib qolgan havo u yoq-bu yoqqa surilyapti, shekilli-da. Shunga qaramay bir tuyurgina noni bilan toʻrt-besh hoʻplam suvini tejayotir. Sulayib qolsa bir gap boʻlar, ungacha chidashi kerak.
Hademay oftob shuʼlasi peshonasidan urib, rosa tinkasi quriy boshladi. Lablari quruqshab, tars-tars yorilish darajasiga yetganday. Belbogʻida aytgulik boʻlmasa-da non, suvdonida ozgina suv borligini bilganidanmi, endi ochlik va tashnalikka chidashi qiyin boʻlib ketdi. Noilojlikdan ogʻzini nomiga hoʻlladi. Oxirgi burda nonni uzoq chaynadi. Chanqoqdan soʻlagi ham qurib qolgan chogʻi, mayda chaynalgan nonni ham yutishi qiyin boʻldi. Ustidan boʻlib-boʻlib bir hoʻplam suv ichib, oʻzini salgina tetiklashganday sezdi. Endi uyqu gʻolib kela boshladi. Bundan qutulishga harchand urinmasin, baʼzi-baʼzida koʻzlari toʻrt-besh daqiqaga ilinib qoladi. Odamzodga shu ham kifoya qilarkan, ancha tetiklanib uygʻonadi.
Soniyalarni sanab, uchinchi kunni ham bir amallab oʻtkazdi. Vaqtning bunday imillashini Oʻtagan mergan sira payqamagan ekan. Nazarida har doim quyosh u yoqdan chiqib, birpasda bu yoqqa botib ketardi. Baʼzan ishlari chala qolganidan oʻkinardi. Vaqt bilan harakat uygʻunlashsa shunday boʻladi, shekilli. Aksincha, daqiqalarni sanab oʻtiraverasan: qancha diqqinafas boʻlmagin, hadeganda quyosh botmaydi, tong otmaydi.
Quyida boʻri, tosh ustida oʻzi – bir-birini poylaydi, bir-biriga sergak tikilishadi. Ikkisiyam gʻazabnok, biroq ilojsiz: boʻri yuqoriga chiqolmaydi, u pastga tusholmaydi. Oqibatning qanday boʻlishi nomaʼlum.
U beixtiyor vaqtning ham asiriga aylanib qolganini angladi.
Nonidan ushoq ham qolmadi. Oz boʻlsa-da suvi bor. Hech qursa labini hoʻllab turishiga ertaga ham yetar. Yetmasa, Xudo poshsha, qishlogʻidagilar xavotirlanib qidirib qolishmasa, boshqa yoqdan yordam kelishidan umidini uzdi. Tavakkal qilib, soʻnggi daqiqalardagina qashqirga oʻq uzadi. Hozircha joni bor, oʻzini xavfga qoʻyishi shart emas.
4
Oʻtagan merganning uydan chiqib ketganiga uch kun oʻtib, toʻrtinchi kun boshlandi. “Kechgacha kelaman”, degandi. Shuncha fursat oʻtsa-da, daragi yoʻqligidan Niholoy momoning yuragiga gʻulgʻula tushdi. Aniq bir baloga uchragan, boʻlmasam aytgan vaqtida kelardi, oʻyladi u.
Shu kuni ertalabdan Vaskaning ham tinchi buzildi: yugurib u yoqqa boradi, bu yoqqa keladi, gʻingshib yer iskalanadi. Izlaganini topolmagach, bir chetga oʻtib yotadi. Keyin birdan sakrab turib havoni hidlab qoldi. Togʻ tomondan esayotgan shabada nimaningdir isini keltirdi chogʻi, oʻsha tomonga oʻgirilib, boʻriga oʻxshab choʻzib ulidi. Nimani payqagani, nega choʻzib uliganini momo dafʼatan tushunolmadi. Balki itqushning isini olgandir, meni xavfdan ogohlantirayotgandir, deb oʻyladi. Nima boʻlsayam oʻsha tarafda bir gap borligini angladi.
Bir mahal Vaska tumshugʻini osmonga choʻzganicha ozroq hid olib turdi-yu, oʻqday otilib Qoraqush tomonga chiqib ketdi. Shundagina momoning xayoliga kelgan boyagi fikr muqimlashdi: Merganga aniq bir balo boʻlgan. It qashqirdan bunchalik bezovtalanmasdi…
Darhol Dehqonboyni chaqirib tayinladi:
– Bovang toʻrt kundan beri yoʻq. Darrov odamlarga xabar ber, uni izlashsin!
– Oʻtagan merganning qayoqqa ketganini haqiqatdan ham koʻpchilik bilmasdi. Buni keyingi kunlardagina payqashdi. Biroq, yurgandir-da ong[5] quvlab, deb oʻylashdi. Baʼzan uning bir-ikki kunlab ovda qolib ketadigan odati ham bor. Ammo uch-toʻrt kunlab emas. Kiyik yo olqorning iziga tushsa shunday qilishi mumkin. Bu yiliga bir marta yo boʻladi, yo yoʻq.
Tezdayoq momoning uyi oldiga oʻntacha odam toʻplandi. Oʻzaro maslahatlashib, ikki guruhga boʻlinishdi. Bir guruhi uzun siriq va panshahalar bilan qurollanib, Norvonsoy tomonga ketdi. Ikkinchi guruhdagilarda oʻn oltinchi sumbali bittagina miltiq ham bor edi. Ular Qoraqushga, it ketgan tarafga yoʻl olishdi.
Miltiqli guruh Kichik Qoraqushga oʻrmalagan paytda Vaska Katta Qoraqushdan ham oshib, Oʻtagan mergan bilan qashqir yuzma-yuz turgan joyga yetib keldi. Uni koʻrib Mergan tashnalik va ochligini butunlay unutdi. Quvonganidanmi tanasiga avvalgi quvvati inganday boʻlib xitob qildi:
– Vafodorim! Odamlar qolib yordamga sen keldingmi, oʻzimning vafodorim!
Quvonganidan Merganning koʻzlariga tirqirab yosh keldi. Ota-onalari bu dunyoni tark etganida yigʻlagani boʻlmasa, esini taniganidan buyon hech qachon koʻzyosh toʻkmagan. Har qalay, u kezlarda yosh edi. Koʻzyosh toʻksa toʻkkandir. Buni eslolmaydi. Biroq shodligi uzoqqa choʻzilmadi. Shunchaki nazar tashlashdayoq itining hali yoshligini, kuch-quvvatga unchalik toʻlib ulgurmaganini sezdi. Qashqir bilan olishib koʻrmaganidan, tajribasi umuman yoʻq. Shu kuchukvachcha qashqirga bas kelarmishmi!
Qashqir yirik hamda baquvvat edi. Itlar bilan talashaverib, tullakka aylanib ketgan boʻlsa ham ajabmas. Boz ustiga jayra va quyonni yedirib, oʻzi uni quvvatga indirib qoʻydi. Bu notenglik qanday natijaga olib borishi maʼlum. U itini gʻajib tashlamasmikan? Yo Xudo, nega keldi u!
Merganning xavotirida chek yoʻq edi.
Vaskani koʻrgani zahoti qashqir sakrab oʻrnidan turdi. Junlarini hurpaytirib, qornini shishirdi. Tishlari beixtiyor shaqillab ketdi. Merganning xayoliga yana bir maqolnamo gap tushdi: “Itga sirin bermas boʻp, qashqir qornin qampaytar”. Vaska esa bu poʻpisalarga parvo qilmadi. Yigirma qadamcha oraliq qoldirib, choʻchchayib choʻltoq dumiga oʻtirib oldi. Boshini magʻrurona koʻtarib, gʻanimidan koʻz uzmay turaverdi. Boʻriga hatto irillab ham qoʻymadi. Nega bunday qilgani nomaʼlum.
Mergan itini qoʻrquv hissini bilmaydigan qilib oʻstirganini esladi. Bekor qilgan ekan, shekilli. Balki qoʻrqqani tuzukmidi? Shunda joni omon qolarmidi? Oʻzi esa bir ilojini topib, bu itqushni bir yoqli qilardi. Hay-yy! Yechimi qiyin masalaga uchradi! Nima qilsa boʻlarkin? Yo hayot, yo mamot – qashqirga oʻq uzsinmi? Hozir shuning mavridi keldimikan?..
Aftidan, Vaska boʻri bilan qanday olishishni chamalayapti. U esa itning oʻz zurriyodlaridan ekanligini sezdi. Bu zurriyodning inson qoʻlida tarbiyalanib tirik qolgani azal-abad oʻzlariga qon dushman boʻlib kelgan. Shuning uchun qornini shishirgani, tishini shaqillatganiga parvo qilmayapti. Bunday paytlarda anov-manov itlarga sichqonning ini ming tanga boʻlib qoladi. U esa qochmadi.
Oʻziga dushman koʻpayganidan, qashqir hushyorligini oshirdi. Buni Mergan ham payqadi. Iti egasiga suyanyaptimi yo yuragi shunchalik baquvvatmi, bilolmadi. Har qalay, boʻrining taʼqibidan qutulib ketishiga unda endi umid uygʻondi. Nima boʻlganidayam Vaska qoʻrqmayapti. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi boʻladi. Ular ikki jon – iti u yoqdan tashlansa, oʻzi bu tarafdan oʻq uzadi. Ikkovlashib yirtqichni gumdon qilishar…
Imillab qolgan vaqt yana zuvillab oʻta boshladi. Ikki gʻanimning bir-biridan koʻz uzolmay turganiga ancha boʻldi. Boʻri onda-sonda Oʻtagan merganga shunchaki yovqarash qilib qoʻyadi. Uning fikri-zikri itda boʻlib qoldi. Chunki miltigʻini toʻgʻrilab turgan ovchiga qaragan paytlarida it sezdirmaygina bir qadam boʻlsa-da, oʻzi tarafga siljiyotganini payqagan edi. Bunga yoʻl qoʻymaslik uchun qornini shishirib, junlarini hurpaytiradi. Balki nimanidir moʻljallab, payt poylayotgandir. Ammo hozircha botinolmayotir. Ehtimol miltiqdan choʻchiyotgandir.
Merganning koʻngliga qashqirni chalgʻitish kerak degan fikr keldi. Shunda iti biror aʼmolini topadi. Oralari yaqin, atigi oʻn besh qadamcha qolgan. Vaska bu masofani toʻrt-besh sakrashda bosib oʻtadi. Dushmani oʻzini oʻnglayman degunicha jon chiqar joyidan olib qolishga ulguradi. Oʻziyam tepada tomoshabin boʻlib oʻtirmaydi. Ikkovlashsa ish oson koʻchadi.
U qanjigʻasida qolgan quyonni shoshilmay yechdi-da, boʻrining oldiga otib yubordi. Shunda uning sasiganini sezdi.
Baloyi nafs – qashqir gʻanimlarini bir lahzaga unutib, yemtikka tashlandi. Vaska paytdan foydalanib, u tarafga intildi. Ochkoʻzlik qursin, xoʻrakni tortib olmoqchi deb oʻylaganmi, boʻri quyonni ogʻzida tishlaganicha irillab, orqa oyoqlarida tik turdi. Bu holati itga qoʻl kelib, oxirgi sakrashida boʻgʻzidan gʻarchcha tishladi. Baquvvat tishlari terisini teshib oʻtib, kekirdagini omburday qisdi. Ogʻriqning zoʻridan qashqir ogʻzidagini tushirib yubordi. Gʻazab bilan irilladi. Ammo irillashi xirillashga oʻxshab chiqdi. Tishlarini shaqillatmoqchi boʻlib ogʻzini ochdi-yu, qayta yumolmay qoldi.
Boʻri yemtikka tashlanganidayoq Mergan qanjigʻasidagi sasiy boshlagan kakliklarni yechib, shodasi bilan zovga uloqtirdi. Chilvirini olib qolish uchun ularni birma-bir yechib oʻtirishga vaqti qolmagan edi. Chilvir topilmaydigan matohmi? Yeb boʻlmagach kakliklarni dardisar qilib, koʻtarib yurib nima qiladi?
Tuyatoshdan shoshilinch tushdi. Yetib borgunicha boʻri jon halpida itni koʻtarib, yonidagi kattagina toshga aylantirib zarb bilan urdi. Boʻgʻzini boʻshatolmagach yana aylantirib ikkinchi tarafga – yerga urdi. It kuchli zarblarga mardonavor dosh berdi: qashqirning boʻgʻzini qoʻyib yubormadi. Tishlari kekirdagini iskanjaga olib, uni tobora holdan toydirmoqda edi. Bu orada yetib kelgan Mergan sumbasini biqiniga tirab, miltigʻining tepkisini bosdi. Yirik hayvonlarga moʻljallangan yakka oʻq biqinining ikkinchi tomonini oʻpirib chiqdi.
Qashqir oʻlayotganiga qaramay, oxirgi kuchlarini toʻplab, u tarafga sapchimoqchi boʻldi. Vaska bunga imkon bermadi.
Qashqir bir-ikki ayanchli xirqirab jon berdi. It hamon boʻgʻzini qoʻyib yubormasdi. Ogʻziga uning issiq qoni sizgʻib tushmoqda edi. Oʻtagan mergan boshi va tumshuqlarini silab, uning jagʻini kuch bilan yirib ochdi. Shundagina Vaska boʻrining boʻgʻzini qoʻyib yubordi. Sakrab turmoqchi boʻldi-yu, aʼzoi badani – qovurgʻalarigacha qaqshab, ingraganicha joyga yotib qoldi. Bundan Oʻtagan merganning kayfi uchdi. Yerga-ku unchalik qattiq tegmagandir. Aylantirib toshga urganida qovurgʻalarini sindirib yuborgan boʻlsa ajabmas. Balki ichki aʼzolari ham ayqash-uyqash boʻlib ketgandir.
U yerga oʻtirib, itining qovurgʻa va oyoq suyaklarini birma-bir tekshirib chiqdi. Ularda biror siniq-mertikni topolmadi. Toshga urilganida suyaklari qattiq lat yegan. Shu, xolos. Ichki aʼzolari jarohatlanmagan boʻlsa bas, tezda bu azoblari arib, hech narsani koʻrmaganday boʻlib ketadi.
Itini chaqaloqday opichlab koʻtardi-yu, uyi tomonga yoʻl oldi. Toʻrt kundan buyon och va tashnalik azobida qolgan odamning qariyb oʻttiz kilolik yukni bemalol koʻtarib ketayotgani hayratlanarli edi. Ayniqsa, tashnalikdan madori qurigan kishi bunday kuchni qayerdan oldi? Tirik qolishga intilish tuygʻusi, oʻzining omon qolishiga sababchi boʻlgan it oldidagi burch va muhabbatdanmi? Odamlar parvoyi palak, birortasi qidirib kelmagan joyga jonini garovga qoʻyib u keldi. Oʻzidan kuchliligini bilib ham boʻri bilan taysallamay olishdi. U kelmaganida kim biladi, oʻsha tuyatosh ustida oʻzining ham oʻligi qolib ketarmidi?
Nimadan kuch olayotganidan qatʼi nazar, Mergan dadil va ishonch bilan qadam tashlamoqda edi. Soʻqmoq tobora oʻrlab koʻtarilayotganiga qaramay, uch chaqirim yoʻlni bemalol bosib oʻtdi. Charchoq hissi esiga ham kelmadi. Katta Qoraqushga yana ikki chaqirimlar qolganida holdan toyib, pishillab nafas ola boshladi. Darmonsizlik, baribir, oʻzini bildirdi. Nima qilsin? Itni shu yerda qoldirib, olib ketishga qishloqdan birortasini eshak bilan joʻnatsinmi?
Yoʻq! Zinhor bunday qilmaydi. Bunday qilolmaydi. Uni qarovsiz bu yerlarda qoldirib boʻlmaydi. Hozirgi ahvolida itini oddiygina tulki ham oʻldirib ketishi mumkin. Oʻzi oʻlsa oʻladiki, xaloskorining oʻldirilishiga yoʻl qoʻymaydi! Oʻzing uchun jonini fido qilganga jon bermoq kerak! Insonning insonligi shunda bilinadi. Aksicha, odamning hayvondan qanday farqi bor?
Oʻtagan mergan itini boʻliq xaslar ustiga avaylab yotqizib, yoniga oʻzi choʻk tushdi. Yelkasi, boshi va boʻynini anchagacha silab oʻtirdi.
– Vafodorim! – dedi bir mahal boshini boshiga qoʻyib. Shunda xayoliga dafʼatan “Uni Vafodor deb atashim kerak”, degan fikr keldi va buni ovoz chiqarib aytdi:
– Vafodorim! Sen oʻz otingdi oʻzing topding. Bugundan boshlab oting Vafodor boʻladi. Vaskasi nimasi! Tentak Dehqonboy yaxshi koʻrganidan, duch kelgan otti qoʻygan-da. Sen uyimdi moltopari boʻlasan. Qoʻram molga toʻlib ketganidayam, qashqir zotiga bitta tirraqi ulogʻimdiyam oldirmaysan. Hali sen butun qishlogʻimdi qoʻruvchisiga aylanasan. Oʻshanda odamlar otingdi qoʻshiq qilib, qoʻshiq nima boʻpti, doston qilib aytib yurishadi!
It boshini burganicha zaif gʻingshib, Merganning qoʻllarini hafsala bilan yalay boshladi. Bu bilan u ham egasiga minnatdorlik bildirayotgan edi: yovvoyi togʻlar ustida yolgʻiz tashlab ketmagani uchun, ogʻir boʻlsa-da mehr koʻrsatib, koʻtarib kelayotgani uchun…
Hordiq chiqarib, Mergan ancha oʻziga kelib oldi. Lekin ochlik, tashnalik va uyqu tagʻin oʻzini sezdira boshladi. Ularga boʻy bermaslik uchun Vafodorni koʻtarib, qariyb boʻyi baravarli tekis va silliq tosh ustiga yotqizdi. Uning xiyla ogʻirligini shundagina payqadi. Opichlab shuncha joyga qanday yetkizganiga hayron boʻldi. Toshga orqa oʻgirib, ust kiyimining etagini yuqoriga qayirdi va itini ehtiyotkorlik bilan unga tushirib oldi. Hozirgi ahvolida bunday ogʻir yukni yelkasida koʻtarish oson va qulayroqday tuyuldi. Atigi toʻrt kungina ilgarigi quvvati boʻlganida-ku…
Vafodorni yelkasiga olgani va oldingiga nisbatan kamroq yurganiga qaramay, Qoraqushga yetgunicha juda holdan ketdi. Kun isib ketganday suv-suv terga botdi. Itini avaylab xasliroq joyga yotqizdi-da, yoniga oʻzi choʻk tushdi. Yuz va boʻynilarini belbogʻiga artarkan, oʻzicha toʻngʻilladi: “Tashnalikdan oʻlay deb turgan odamning terlashiga balo bormi!”. Nazarida tanasida qolgan soʻnggi tomchilar ham ter boʻlib chiqib ketayotganday edi. Bundayda u butunlay xarob boʻlishini angladi. Oldini olish kerak. Lekin qanday qilib?
Endi uyqu va ochlik hissi chekinib, tashnalik xuruj qila boshladi. Ogʻzi qurib, lablari gezardi. Ogʻzida butunlay soʻlak qolmagan, shekilli, yutinolmay ham qoldi. Lekin umid… Inson – umid bilan tirik. Umidi soʻnganlarning hayoti ham soʻnadi.
Qoraqushning tepasiga chiqishning unga zarurati qolmagan. Itini koʻtarib, yonlamasiga yana uch yuz qadamcha bosolsa kifoya, uyi va qishlogʻining bir qismi koʻrinadi. Afsus, bundan foyda yoʻqligini biladi. Darmoni quriganidan, ovozi qattiqroq chiqmasligi maʼlum. Yordamga har qancha chaqirgani bilan tovushini birov eshitmaydi. Boz ustiga pastdagilar toshlar orasidan uni koʻrisholmaydi. Oʻziga ham quyidagilar kichrayib, tovuqdaygina boʻlib koʻrinadi…
Nima qilishini bilmay boshi qotib turganida, Qoraqushning qiri uchida bir toʻp odam koʻrindi. Qishloqdoshlari qidirib kelayotganini payqab, Mergan sevinib ketdi. Koʻngil dushman: oʻligim Katta Qoraqushning shundoqqina oldi yo orqasida sasib, shamol hidini qishloq ustiga yoyganidagina qarindosh-urugʻlar izlab qolisharmikan, degan xayolga ham borgandi. Etini togʻ yirtqichlari tozalab, faqat suyaklarini qoldirmasa, albatta. Xudoga shukr, chamasi, oʻlmaydigan boʻldi.
Tovush yetar joyda oʻtirganiga qaramay, izlovchilar uni payqashmadi. Atrofida sochilib yotgan katta-kichik toshlardan farqlasholmagan, chogʻi. Hammasi uzoqlarga, Osmonsoy tomonlarga koʻz tikishardi. Yaqinroqda boʻlsa tovushi chiqar deb oʻyladimi, birovi qoʻllarini ogʻziga karnay qilib baqirdi:
– Qayerdasiz, Oʻtagan aka-a-a, ha-ho-o-ov!
Unga ikkinchisi qoʻshildi:
– Dovush bering, Oʻtagan aka-a-av!!
Ovozi ulargacha yetib bormasligini bilganidan, hech boʻlmasa, oʻzimni koʻrar degan xayolda Mergan inqillab oʻrnidan turdi va yuqoridagilarga qoʻl toʻlgʻadi: “Tushaveringlar, men shu yerdaman”.
Birovi uni koʻrdi. Boshqalargayam aytdi, shekilli, u tarafga betartib yugurgilab qolishdi. Hol-ahvol soʻrashishganida maʼlum boʻldiki, hozirgacha uning qayoqqa ketganini koʻpchilik bilmagan. Bilganlar togʻ ortidagi oshna-bilishlarinikida mehmon boʻlib, ov qilib yurgandir deb oʻylashgan. Lekin hech biri Merganday usta ovchi ham qashqirning qamalida qolishi mumkinligini xayoliga keltirmagan…
Yordamga kelganlarning ikkitasi oʻlgan qashqirning terisini shilishga ketdi. Har bir qashqir terisi uchun ferma mudirlari semiz bitta qoʻchqor yoki ikkita toʻqli vaʼda qilgan. Bu yirtqichlardan eng koʻp aziyat chekadiganlar ularning choʻponlari. Bir oralasa, qatorasiga oʻn besh-yigirmatasini boʻgʻizlab ketadi. Lekin atigi bittaginasini yeydi. Baquvvatroq birovi Vafodorni orqaladi. Qolganlari Merganni suyab yoʻlga tushdi. Kech peshinlarda uyiga yetib kelishdi.
Oʻtagan Mergan eshigining oldiginasiga koʻrpacha yozdirib, unga itini yotqizdirdi. Keyin yoʻlda uchragan buloqlardan oz-ozdan suv ichib kelganiga qaramay yana bir piyola suvni yutoqib ichib, oʻzini koʻrishga kelgan qoʻshnilarning yoshroqlariga buyurdi:
– Qoʻchqorlarimdan eng semizini tanlab soʻyinglar. Quyrugʻini laganga bosib, Vafodorimga beringlar. Yeganicha yesin, qolsa keyinroq yer. Goʻshtini qoldirmay qozonga bosing. Tirik qolgʻonimdi shukronasiga Xudo yoʻliga xudoyi qilmoqchiman. Qoʻshni-qoʻllardi javlik aytinglar. Qolganlar uyga kirib, choy-poy ichib oʻtirishsin. Men qozon qaynaguncha ozroq mizgʻib olayin.
Vaskaning oti Vafodor tarzida oʻzgartirilganini hamma payqadi. Shuning uchun Merganni olib kelgan yigitlardan togʻda nima boʻlganini surishtirib ketishdi. Ular koʻrganlari va ovchidan eshitganlarinigina bayon qilishdi…
5
Oradan yana bir yil oʻtdi. Vafodor mayib boʻladigan darajada qattiq jarohatlanmaganidan, egasining tarbiyasida tezdayoq tamomila tuzalib, rosa kuchga toʻldi. Merganning ushoq mollarini bir oʻzi boqadi. Ertalab seroʻt betkaylarga haydab, kechqurun qoʻrasiga qaytarib keladi. Har qanday qashqirga bas kelishiga ishongani bois, endi uni atrofi changal bilan ihotalangan qoʻraga qamashmasdi. Qoʻrani shunchaki tashqaridan qoʻriqlab yuradi. Endi odamlar uning egasiga xizmati va sadoqati haqida toʻlqinlanib gapirishadi. Endi odamlar oʻzida ham shunday it boʻlishini orzu qilishadi. Endi odamlar…
Vafodorni hech kim Vaska deb atamay qoʻydi. Tili oʻrganib qolganidanmi, Dehqonboy bir marta Oʻtagan merganning oldida shunday atab, izza boʻldi. Mergan uni urishmadi-koyimadi, lekin shunday tikilib qaradiki, nazari vujudini teshib yuboray dedi. Shundan soʻng u ham itni yangi nomi bilan ataydigan boʻldi.
Darvoqe, Dehqonboy haqida…
Aytishadi-ku “koʻrasi kuni bor” deb, qiyinchilik bilan yashab ketdi va shu yoshga yetdi. Etak ostida qolgandi. Onasi rahmatli uni hayotga keltirdi-yu, oʻzi bu dunyoni tark etdi. Ammo tengdoshlariga nisbatan soddaroq va toʻgʻrisoʻz boʻlib oʻsdi. Otasi baholi qudrat roʻzgʻor tebratish niyatida Oʻgat konida ishlardi. Oilasi serfarzand. Toʻrttagina qoʻyi bor demasa, qoʻli qisqaroq. Shu sababli Vafodor hozirgi darajasiga yetguniga qadar maktabdan qaytgach, Merganning qoʻy-echkilarini ham oʻzinikiga qoʻshib u boqardi. Har zamonda “daftar-qalam ol” deb qoʻliga yigirma-oʻttiz tiyin berib qoʻyardi. U zamonlarda bola uchun shu ham kattagina pul edi. Bu ishlarni Vafodor bajaradigan boʻlgach Merganning ziqnaligi tutdimi yo bolani pulga mazaxoʻrak qilmayin dedimi, Dehqonboyga hech narsa bermaydigan boʻldi. Yurib-yurib bu unga malol keldi. Qulf urgan koʻklam kunlarining birida fikrini oʻziga aytdi:
– Qoʻylaringizdi men boqayin, Mergan bova, itga ishonib boʻladimi?
Mergan uning tub maqsadini tushundi. Yonchigʻidan anchagina mayda chaqa chiqarib qoʻliga berdi va:
– Sen oʻzingdi qoʻylaringdi boqaver, – dedi jiddiy ohangda. – Menikiminan ishing boʻlmasin.
Chaqalarini olishga oldi-yu, eshitganlaridan Dehqonboyning tishlari zirqirab ketganday boʻldi. Pul berayotganiga “boqsang boqa qol” desa kerak deb oʻylagandi. Aksi boʻlib chiqqach, noiloj: “Xap senimi, quyonchiq[6] chol, – deya ichdan gʻijindi. – Shu qilganingga bir koʻrsatib qoʻymasammi!”
Uning gʻalati bir odati bor: kimnidir boplab soʻkmoqchi boʻlsa “Quyonchiq” deydi. Eng yomon soʻkinishi shu.
Dam olish kunlaridan birida Dehqonboy qoʻylarini Qavgʻoli tomonga haydadi. Qarasa, Merganning qoʻy-echkilari ham shu yerda oʻtlab yuribdi. Koʻngliga yomon bir qitmirlik keldi. Atrofga sinchiklab nazar tashladi. Hech kim koʻrinmadi. Yuqoriga chiqib ketganmi, hatto Vafodor ham yoʻq. Vaqtni gʻanimat bilib, Merganning qoʻylarini teparoqdagi toshloq tarafga haydadi. Bu toshloq ancha bexosiyat joy. Uni oralagan mol koʻpincha shikast topgan: yo ilon chaqadi, yo yosh qoʻzilari toshga qisilib, onasidan qolib ketadi. Ilon chaqqani shubhasiz oʻladi, toshga qisilgani biror yirtqichga yem boʻladi.
Toshlarga yaqin joyda mollarning oldini oʻrab, oʻtlar orasida Vafodor yotganini Dehqonboy bilmagandi. Serka yaqinlashaverganida, u oʻrnidan sakrab turdi va irillab ortiga qaytardi. Dehqonboy orqadagi qoʻylarni qamoqlab oldinga haydayvergach, maqsadini payqadi, shekilli, gʻazabnok irillab, u tomonga bir sapchidi. Shundanoq Dehqonboyning joni tovoniga tushib ketayozdi. Vafodorning koʻzlari qonga toʻlib, teparoqdan haybat bilan qarab turardi. Irillashi juda vahimali edi. U qoʻrqib tisarilarkan, oʻzicha gʻudrandi:
– Oʻ-oʻ quyonchiq, yaqinlashsam tanishiga qaramay meniyam gʻajib tashlaydigʻon oʻxshaydi!
Oʻtgan kuzda, Vafodor egasini qidirib ketgan kuni, u Merganning bir takasini boʻri boʻgʻizlab turganining ustidan chiqqandi. Hali birontayam qashqir koʻrmaganidan, avvaliga uni it deb oʻyladi. Hay-hay suron bilan toshlab haydamoqchi boʻldi. It deb oʻylagani junlarini hurpaytirib, tishlarini shunday shaqillatib yubordiki, Dehqonboy qoʻrqqanidan beixtiyor qochib qoldi…
Bunisi itsimon jondorlardan ikkinchi marta qoʻrqishi. Shu-shu Merganning qoʻylari bilan ishi boʻlmay qoldi. Mergan ham anchagacha Dehqonboyga pul berishni “unutdi”.
6
Togʻlarda kuzning boshlaridanoq havo salqinlashib qoladi. Bu yil sentyabr yarimladi hamki, issiqning tafti bosilay demasdi. Ichkarida yotgan kishilar avval oqshomda dimiqib ketadi. Tongga boribgina salqin tushadi. Odamlar haliyam eshiklari oldidagi supalarda, ayrimlar yozdagidek uylarining ustida yotishadi.
Oʻtagan mergan: “Bugun-erta qaytmayman” deb Samarqandga bozorlab ketdi. Odatda u qayoqqa va qanday ish bilan ketayotganini kampiriga aytib oʻtirmasdi. Qaytish muddatini aytardi, xolos. U buni aytmasa-da, biladi. Roʻzgʻorga kerakli buyumlar yaqin-atrofdagi bozorlarda, doʻkonlarda ham topiladi. Shunchalik uzoqqa miltigʻiga oʻq-dori qidirib ketadi.
Oʻgʻli konga tungi navbatga ketgan. Uyda yolgʻiz Niholoy momo qoldi. Kampir boʻlsa ham ayol-da, bir oʻzi tunashdan seskandi. Shuning uchun Dehqonboyni chaqirib keldi. Aslida u ham oʻgʻliday boʻlib qolgan. Koʻpincha shu yerda tunaydi. Supadan koʻra tomda yotishni xush koʻradi. Shuning uchun uyining ustiga joy qildi. Koʻrpa-toʻshaklarni shoti orqali Dehqonboyning oʻzi tashib oldi.
Yerga sochilgan bugʻdoyni qoldirmay terib olsa boʻladigan sutday oydin tun. Koʻk yuzi tiniq va moviy rangda. Tik koʻtarilgan toʻlin oy goʻyo osmon gumbaziga parchinlangan va qimirlamay joyida turib qolganday koʻrinadi. Olam ajib bir sukunat qaʼriga shoʻngʻiganday. Har zamonda uzoq dashtlardan yengilgina epkin keladi. Soydagi baqateraklarning yaproqlarini beozor u yoq-bu yoqqa tebratadi-yu, oq, koʻkish va yorqin ranglarga boʻyab koʻz-koʻz qiladi. Keyin oldingi osoyishtaligini buzmagan holda togʻ tomonga oʻtib ketadi. Shu bilan yana sukunat boshlanadi.
Oyning yorqin shuʼlasi koʻziga toʻgʻri tushib qamashtirganmi, bir mahal Dehqonboy uygʻonib ketdi. Chalqancha yotishini buzmay atrofini zarrin nurlari bilan zarhal rangiga boʻyagan toʻlin oyni ozroq tomosha qilib yotdi. Keyin qorniga agʻdarilib, togʻ tomonga qaradi. Koʻzlariga yonbagʻirlardagi har bir buta, har bir tosh suvga chayilganday tiniq va yaqqol koʻrindi. Tun qoʻynida uyqusirab mudrayotgan olam uning nazarida nihoyasiz chiroy ochib, goʻzallashib ketganday tuyuldi. Biroq bunday sokin tunlar ogʻushida qandaydir sirli-sinoatli harakatlar tinimsiz yuz berib turishini u bilmasdi.
Bir mahal Kichik Qoraqushning yonidan bir-biriga juda yaqin joylashgan ikkita shuʼla otilib chiqdi. Birpas yon-atrofiga tebranganday boʻlib turdi-da, zuvillab quyiga endi. U yurib emas, goʻyo oqib tushayotganga oʻxshardi. Tosh va butalarni aylanib oʻtadi, shekilli, baʼzan shuʼla bir zumga yoʻqoladi. Keyin tagʻin paydo boʻladi. Oldingi maromini buzmay pastga “oqadi”.
“Birontasi toqqa mototsikl minib chiqqanmikan”, – deb oʻyladi Dehqonboy. Unday boʻlsa tarillab ovozi eshitilishi kerak edi. Tovush kelmayapti. Yorugʻi ham juda kichkina. Qolaversa, juft chiroqlar faqat mashinada boʻladi. Odam zoʻrgʻa tushib chiqadigan bu qiyaliklarda mashina qanday yuradi?
Shuʼla uyga yaqinlashaverib toʻxtadi. Choʻqqayib oʻtirgan qandaydir hayvonning qorasi elas-elas koʻzga chalindi. Tovuq ilinjida tentirab yurgan tulkimikan? Koʻzlari hamon yarqirab yonib turibdi. Saldayoq Kichik Qoraqushning etagidagi soy tarafdan ham bir juft yorugʻlik koʻrindi. U ham uy tomonga oqib kela boshladi. Oldingisiga yaqinlashib, buyam choʻqqaydi. Alangalanayotgan koʻzlari qoʻrani nishonga olyapti, shekilli.
Dehqonboy koʻz oldida roʻy berayotgan bu hodisalardan hayratlansa-da, hanuz nimani koʻrayotganini aniq bilolmadi. Shu tufayli yonginasida dunyodan bexabar uxlayotgan momoni sekingina turtib uygʻotdi va shivirlab soʻradi:
– Anavilarga qarang, momo, nima ular?
Momo erinchoqlik bilan boshini koʻtarib, hanuz shuʼlalanib turgan narsalarga qaradi. Uyqusirab yaxshi koʻrolmadimi, koʻzlarini uqalab qayta tikilgach xitob qildi:
– Voy sogʻonalar, itqush-gʻu bular!
Odatda koʻpgina togʻ qishloqlarida uy qurish uchun yonbagʻirni choʻkich, belkurak va misrang bilan oʻyib, chiqqan katta-kichik toshlarning yiriklarini ochilgan sath oldidagi nishablikka taxlab, qurilish maydonini kengaytiradilar. Qolgan toshlarni poydevorga taxlab, devor koʻtarishni boshlashadi. Uylarning oldi asosan kungayga, orti shimolga qaratilgan boʻladi. Orqa devor togʻ nishabidan bir yarim metr, oldi uch metrcha balandlikda koʻtariladi. Oʻtagan merganning ikki xona bir dahlizli uyi ham shu andozada qurilgan.
Vafodor uchun uy ortdagi nishablikdan bir quloch balandlikka sakrab chiqish hech gap boʻlmay qolgan paytlar. Egalari ichkariga kirib ketgan kunlarda ham u tomda yotadi. Bu yerdan atrof kaftdagiday koʻrinib turadi. Pastga irgʻib tushishi ham qulay. Yogʻin-sochinli, qattiq sovuq kunlaridagina qoʻra yoniga qurilgan katagiga kiradi. Unga tuya juni solib qavilgan koʻrpacha toʻshalgan. Issiqqina…
Oʻsha kuni Vafodor Dehqonboyning tepa tomonida, shundoqqina yostigʻi yonida, boshini oyoqlariga qoʻyganicha uzala tushib yotardi. Aftidan uxlayotgandi, gangir-gungur gaplardan uygʻonib boshini koʻtardi. Har zamonda bir esib qolayotgan epkin kuchsizgina boʻlsa-da, qashqirlarning hidini togʻ tomonga olib ketardi chogʻi, it ularning yaqinlashganini shu paytgacha payqamadi. Atrofda begona jondor borligini endi sezdi. Boshini u yoq-bu yoqqa burib is oldi. Shu asnoda boʻrilarni koʻrdi va irgʻib turib tomdan sakradi. Boʻrilar ham uni payqab biri togʻ tomonga, ikkinchisi Qoraqushsoy boʻylab yuqoriga qochdi. Hayal oʻtmay itning qorasi koʻrindi. U soy yoqalab qochgan boʻrining izidan tushdi. Chamasi bunisi zoʻrroq arlon boʻri boʻlsa kerak.
Tezdayoq irillagan, shaqillagan tovushlar togʻlar orasini yangratib yubordi. Buni Dehqonboylarginamas, oralari uzilishroq boʻlishiga qaramay, sergak uxlaydigan boshqa qoʻshnilar ham eshitishdi. Shundanoq Vafodorning soydan qochgan boʻriga unchalik uzoqlatmayoq yetgani maʼlum boʻldi. Bu olishuvda qaysinisi yengarkin? Dehqonboyning nazarida it ikki, hatto uchta boʻri bilan ham olishuvga qodir. Yolgʻiz boʻriga bosim kelishiga ishonib tursa-da, ozroq xavotirlanib kuta boshladi.
Dabdurustdan koʻtarilgan gʻavgʻo koʻpi bilan oʻn daqiqalarda tugadi. Atrofni yana sukunat qopladi. Qilt etgan tovush eshitilmay qoldi. Bu sokinlik oldingisiga oʻxshamas, qandaydir yurakni siqadigan, kishining halovatini yoʻqotadigan jimlik edi.
Dehqonboy Vafodorning qaytishini uxlamasdan toqatsizlanib kutdi. Bir marta boplab qoʻrqitganiga qaramay, it unga ham aziz boʻlib qolgan. It ham uni yaxshi koʻrardi chogʻi, hu oʻsha qitmirligini unutib yubordi. Tez-tez atrofida oʻynoqlab, oldingi oyoqlarini yelkasiga qoʻyganicha orqa oyoqlarida tik turib, yuzlarini yalab qoladi. Baʼzan oʻtlar ustida yumalashib, kurashib ham turishadi. Bu “olishuv”larda Vafodor zoʻrlik qilsa-da, yiqilib turishni ham unutmasdi. Dushmani bilan shafqatsiz olishsa-da, Dehqonboyning tagida tipirchilab yotishdan zavq olardi goʻyo. Uning koʻngilchan, mehribon va niyati toʻgʻriligini sezadi, shunga yarasha muomala qiladi. It boʻlishiga qaramay, niyati buzilgan odamni darrov biladi. Shunday paytlarda yuragi qahr-gʻazabga toʻlib ketadi.
Dehqonboyning tabiatida qitmirlik yoʻq edi. Oʻshanda bir bolalik qilgan-da…
Ertasiga kimdir Qoraqushsoyda boʻgʻib oʻldirilgan boʻrining terisini shilib keldi. Shu kuni kechqurun Norvonsoyga tushaverishda yana bir boʻrining oʻligini topishdi. Bu ishlarni Vafodor qilgani maʼlum. Qishloqdagi itlarning birortasi boʻri yo qashqirga bas kelolmasligini hamma biladi.
Qandingni ur, Vafodor!
Seni shunday olgʻir qilib tarbiyalaganning otasiga rahmat!
Bu olqishlarni eshitadigan Oʻtagan mergan bilan Vafodorning oʻzi yoʻq. Ertasiga va indiniga ham Vafodor uyga qaytmadi. Chamasi, unga boshqa boʻrilar ham uchrab qolgan. It oʻshalarning izidan Shogʻishmon togʻlariga chiqib ketgan boʻlsa kerak. U koʻziga koʻringan boʻrini tinchitmasdan qoʻymaydi. Balki qashqirlar galasiga uchrab…
Shunisidan Xudo saqlasin! Oʻgatliklarning peshonasiga bitta olgʻir it bitdi. Umri uzoq boʻlsin! Bitta olgʻir it yuzta xashaki itning oʻrnini bosadi. U itqushlardan togʻlarni tozalab, butun qishloqning mollarini asraydi.
Dehqonboy merganning qoʻylarini yana oʻzinikiga qoʻshib boqa boshladi. Bu gal daftar puli taʼmasida emas, Vafodorning qaytishini intiqib kutayotganidan shunday qildi. Maktabda paytlarida u ham buning qoʻylarini boqib yurardi-da. Oraliqda, qisqa muddatga boʻlsayam togʻlarning tepasiga chiqib, atrofni sinchiklab nazardan oʻtkazadi. Hech qayerda itning qorasi koʻrinmagach, yuragi tuz quyilganday achishadi. Yigʻlab yuborishdan oʻzini arang tiyadi. Noiloj ortiga qaytadi. Odamlarning aytishicha, qashqir koʻpaygan, qoʻylariga koʻz-quloq boʻlib turishi kerak. Rostakamiga boʻri hujum qilib qolsa, qoʻlimdan nima kelardi, degan fikr xayolida yoʻq.
Oʻtagan mergan uchinchi kuni kechqurun horib-charchab uyiga qaytdi. Yuz chaqirimdan ziyod yoʻlni eshakda bosib oʻtish osonmi? Miltigʻiga oʻq-dori kerak boʻlmaganida shuncha joyga borib yurmasdi.
Niholoy momoning dardi ichida: u itini soʻrab qolarmikan, deb yuragi poʻkillab turardi. Chunki Mergan Vafodorni qanchalik qadrlashini biladi. Yoʻqolganidan xabar topsa, garchi bunga kampiri aybdor boʻlmasa-da, jahli chiqadi. Gʻazablansa, u hech balodan qaytmaydi. Biroq Mergan yengil-yelpi tamaddi qilib, joyiga yota qoldi. Itini soʻramadi.
Ertasiga azonlab turib tahorat oldi va bamaylixotir bomdod namozini oʻqidi. Shundan keyingina Vafodor esiga tushdi. Bir yoqdan kelsa oldiga oʻynoqlab chiqib kutib olardi. Negadir kechqurun ham, ertalab ham koʻrinmadi. Sira bunday odati yoʻq edi.
Xavotirlanib kampiridan itini soʻragandi, dudmalroq javob oldi:
– Yurgandir-da qoʻylarminam…
Mergan bir soʻz demay qoʻrasi tomonga oʻtdi. Qoʻy-echkilari joyida yoʻq.
Niholoy momo uning itni soʻrab qolishidan qoʻrqib, qoʻylarini ertaroq soy tomonga haydab yuborgandi. Shundanmi, yomon bir hodisa yuz berganday Merganning koʻngliga gʻulgʻula tushdi. Ortiga qaytib, ityaloqni tekshirdi. Unga yaqin-oʻrtada ovqat quyilmagani shundoqqina bilinib turardi. Ilgari solingan ovqatlarning yuqi qasmoq bogʻlab quriganidan, chetlari koʻtarilibroq qolibdi.
“Men ketganimdan keyin bunga ovqat quyilmagan, – oʻyladi Merganning zardasi qaynab. – Aqalli yuvilmagan. Och qolgach ajdodlarining qoni ustun kelib, oʻz kunini oʻzi koʻrish uchun ketib qolganmikan? Shunday boʻlsa ish chatoq: u yovuz qashqirga aylanib, mol bitganga qiron keltiradi! Hatto odamlarga ham…”
Shu paytda qoʻy-qoʻzilarini haydab, Dehqonboy kelib qoldi. Mergan gʻazabini zoʻrgʻa bosib undan soʻradi:
– Vafodor qayoqda, koʻrinmaydi?
– Itingiz uch kundan beri yoʻq, – soddadillik bilan javob berdi u. – Qashqir quvalab yurganmi, menam izlab tovolmadim…
Merganning toqatini toq qilishga shu javobning oʻzi yetdi. Eshik oldida kalovlanib turgan kampiri tomonga oʻqday otildi. Bir qoʻli bilan roʻmoli aralash sochlaridan gʻijimlab ushlab, ikkinchi qoʻlida yuzlariga tarsaki tortdi va ortiga itarib yubordi. Momo siltovga dosh berolmay ketkanchak boʻlib oʻtirib qoldi. Boshini egib, lovullab ketgan yuzlariga kaftini bosdi. Dehqonboy yugurib kelib oraga tushdi.
– Momomdi nega urasiz, bova! – dedi entikib. – Qashqirlar uygacha kelgach, Vafodordi oʻzi ulardi quvib ketdi. Birini Qoraqushsoyda, ekinchisini Norvonsoydi boshida oʻltirib, boshqalariniyam quvalab ketgandir…
Oʻtagan mergan achchiq ustida oʻmrovidan qisib ushlab, uniyam bir chetga tovuqday irgʻitib yubordi. Kampirining duch kelgan joylariga yana bir-ikki tepdi. Maxsi-kalishda boʻlganidan, bu tepkilar momoga unchalik qattiq tegmadi. Ammo tarsaki yegan yuzlari lovullab turardi.
Dehqonboy aytgan yangilik Merganni sal boʻlsayam hovridan tushirdi. Vafodorning ikkita qashqir olganini kechayoq pastki qishloqlardagi tanishlaridan eshitgandi. Itining dovrugʻi chiqayotganidan quvongandi ham. Lekin hech kim uning yoʻqolgani haqida lom-mim demadi. Buni balki bilishmas, balki Merganni ayab ataylab aytishmagandir. Nima boʻlganidayam u kutmagan hodisa roʻy bergandi. Bunga kampiri aybdor emasligini ham tushunadi. Uning aybi shundaki, bir kosagina ovqatni itdan ayagan. Qizgʻanchiqligi kamday, yalogʻiniyam tozalamagan. Xullas, Merganning yoʻriqlarini buzgan. Shundan uning asablari oʻynamoqda edi.
Mergan jahl bilan yerga tupurib, uyiga kirib ketdi. Otishga tayyor patronlar qator terib qoʻyilgan oʻqdonini beliga bogʻladi. Ochiq havoda tunab qolsam kerak boʻladi, degan xayolda qalin choponini ustidan kiydi. Devordagi qoziqqa osib qoʻyilgan qoʻshotarini yelkasiga ildi. Nonushta ham qilmay Qoraqush tomonga chiqib ketdi. Bu safar kampiriga qachon qaytishiniyam aytmadi. Yaxshiyam ozroq tuz, gugurt va suvdonini olgani: ovchining oshi oldidan chiqadi.
7
Niholoy momo Mergan oʻylaganidek, Vafodorni ataylab ochlikdan qantarmadi. Choli bozorga, oʻgʻli tungi navbatchilikka ketgach, shunchaki bir oʻziga qozon qaynatishdan erindi. Lekin itga oʻzi yeb oʻtirgan nondan berib, obdan qornini toʻydirdi. Dehqonboy maktabdan qaytguniga qadar mol-holiga qarash tashvishidan qutqargani uchun u momoga ham suyumli edi. Birgina aybi – hafsalasizlik qilib ityaloqni yuvib qoʻymagani. Kim itining yalogʻini kuniga yuvadi-da, u quruq qoluvdi. Bir kunga hoʻkiz oʻlmas, degan xayolga boruvdi. Vafodor qaytmaganidan keyin unga alagʻda boʻlib, esidan chiqaribdi.
Arzimagan narsalarga hafsalasizlik qilgani uchun u oʻzini aybladi. Aybiga yarasha jazoni ham oldi. Nima degandayam Vafodor – bahosiz it. Har qancha eʼzozga munosib. Unga Mergan tayinlaganiday munosabatda boʻlishi lozim edi. Ikki kosagina ovqat pishirganida ham iti, ham oʻzi ichardi. Ityaloqni yuvib qoʻyganida bir joyi kamayib qolmasdi. Arzimagan yumushlarga bequntlik qildi…
Oʻtagan mergan bunday oʻylamadi. Uyidan chiqqaniga bir soatdan oshdi hamki, gʻazabi bosilmadi. Itni och qoldirgan, aqalli qattiq-quttuq nonni ham qizgʻangan bu shum kampir, degan fikrga yopishib oldi. “Agar Vafodorim oʻlgan boʻlsa bu shum kampirniyam sogʻ qoʻymayman”, – derdi tishlarini gʻijirlatib.
Katta Qoraqushdan Osmonsoy tomonga qiyalab tushib borarkan, nariroqda qandaydir hayvonning terisi shilib olingan loshiga koʻzi tushdi. Vafodor boʻlsa-ya, degan fikrdan eti muzlab qolayozdi. Yugurgilab tepasiga bordi. Terisi shilib olingan qashqirning oʻligini koʻrgach birdan boʻshashdi. Dehqonboy aytgan boʻrining biri shu, oʻyladi oʻzicha. Xudoga shukr, Vafodor tirik! Boshqa qashqirni quvib, pastga enib ketgan boʻlsa kerak. Kekirdagi gʻajib tashlanganidan uni it oʻldirgani bilinadi. Boʻynida qolgan izlar pichoqniki emas tishnikiligi yaqqol koʻrinib turibdi. Pichoq toʻgʻri kesgan boʻlardi. Boʻri bilan faqat Vafodor shunday olishadi, duch kelgan joyidan tishlab, oʻzini xavfga qoʻyib oʻtirmaydi. Bir marta – biragay qilib boʻgʻzidan oladi. Dushmani tinchimagunicha qoʻyib yubormaydi. Sherigi boʻlsa ogʻzidagini aylantirib unga urib, oʻziga tish tekkizdirmasa kerak.
Mergan itining izini topganday boʻldi: u uchinchi, ehtimol toʻrtinchi qashqirning izidan quyiga enib ketgan. Boʻrilar yovidan tezroq qutulish uchun, albatta, enishga qochishadi. Shu sababli yoʻlini oʻzgartirdi: Osmonsoy tarafga emas, shoshilmay Norvonsoyga tusha boshladi. Etakdagi kichikroq yaylovchaga yetgach toʻxtab, atrofni sinchiklab nazardan oʻtkazdi. Ancha narida, ikki-uch itning orasida qoʻy boqib oʻtirgan choʻponga koʻzi tushib, oʻsha tomonga yurdi. Undan begona itga koʻzi tushgan-tushmaganini surishtirdi.
– Oʻtken tunde Qoraqush tomonnon vir shovqun eshituldi, – dedi choʻpon norvonliklar shevasida “i” va “o” tovushlariga urgʻu berib. – Soʻgʻun tinchidi. Kun chiqqanda vizni togʻdan-da shovqun eshitulib, hoʻl-da tinchidi. Choʻponlarivizni viri oʻshoqqa enib, boʻgʻzi gʻojilgʻon vir qoshqirni eshegiga vosib keldi. Hoʻni sizni itingiz oʻltirgen chiqar. Zoʻr itge oʻshqaydi, shovvoz…
Albatta, shunday! Vafodorning olishuv usuliga xos belgini choʻponning oʻzi aniq aytdi. Boshqa biror itning bu tarzda olishganini u eshitmagan. Bunisi u oʻldirgan uchinchi yo toʻrtinchi qashqir boʻlsa, ajabmas. Uyga qaytmaganiga qaraganda, yana birortasi qochib qolgan. It uniyam ortidan Shogʻishmon togʻlariga oʻtib ketgan. Izini olib boraversa topadi. Toʻrt kundan buyon shoʻrlikning ochlikdan sillasi qurib ketgandir. Qochayotgan boʻrining ham tinkasi qurigani aniq. Vafodor oʻsha Osmonsoy tarafdagi odamxoʻr qashqirning oʻzini koʻtarib toshga, keyin yerga urib azoblaganini unutmagan koʻrinadi. Shu tufayli boʻrilarga nisbatan yuragida kin saqlanib qolgan boʻlsa ajabmas. Quvlaganini tutib oʻldirmagunicha qoʻymaydi endi.
Norvon togʻlariga chiqib ketaturib, itimni aslida Boʻribuvar deb atasam boʻlarkan, degan oʻyga bordi-yu, shu zahoti fikridan qaytdi. Yoʻq! Boʻribuvari nimasi? Buyam Vaska deganday betayin va beoʻxshov ot. Feʼl-atvoriga qarab, hozirgi otini topib qoʻygan. Egasiga vafo va sadoqatda unga tenglashadigan it bu atrofda yoʻq. Vafodor nafaqat molini, kerak paytda, jonini jabborga berib egalariniyam qoʻriqlaydi. Buni allaqachon isbotlab ham qoʻygan…
Ertalab nonushta qilmaganini unutib, halloslab yuraveribdi. Tushga yaqin qorni juda ochiqqanini payqadi. Miltigʻidagi yirik hayvonlarni otishga moʻljallangan “choʻchqa” oʻqlardan1 birini chiqarib, oʻrniga sochma oʻq joyladi. Yirik oʻq kaklikka oʻxshagan mayda parrandalarning goʻshtini titib yuborib, yegulik joyini qoldirmay qoʻyishi bor.
Tezdayoq yaqinginasidagi toshlar ustida bir juft kaklik koʻrindi. Oʻq yegach har ikkisi parillab havoga koʻtarilmoqchi boʻldi-yu, balandlay olmay Merganning oyoqlari yoniga kelib tushdi. Soʻyib, terisi va ichak-chavoqlarini toshlar orasiga tashladi. Goʻshtini soydagi buloq boshiga olib tushdi-da, otquloq barglari ustiga qoʻyib tuzladi. Maydaroq yassi toshlardan kichkina oʻchoq yasadi. Atrofda sochilib yotgan yarim chirik, quruq shox-shabbalardan terib, ichiga olov yoqdi. Nariroqdagi shumtolning sixbop novdalaridan uch-toʻrttasini kesib keldi. Tagʻin oʻchoqqa shoxlardan qalab, goʻsht nimtalashga tushdi. Olov qip-qizil choʻqqa aylangach, ustiga goʻsht oʻtkazilgan “six”larni terib, shoshilmay aylantira boshladi.
Oʻzi tayyorlagan qoʻlbola kabobni yeb oʻtirib, negadir kampirini esladi. Koʻnglidan pushaymonlikka oʻxshash bir tuygʻu sizgʻib oʻtdi. Shu ishi bekor boʻldi-yov. Orqa-oldini surishtirmay jazavaga tushdi. Itga alohida ovqat pishirib bermasayam, har holda, och qoʻymagandir. Och it boʻrilarga bunday shiddat bilan hujum qilolmasdi. Tinkasi qurib, allaqachon gʻanimlariga “uloq” boʻlib ketardi. Hozircha Vafodor uch boʻrini boʻgʻib oʻldirganini aniq biladi. Qolganini qayerdadir, shu togʻlar orasida quvib yuribdi…
Buni u sal ilgariroq anglagandi. Oʻjarlik qursin, negadir ityaloqqa yopishib oldi. Uni yuvmasa yuvmagandir. Vafodor qaytmagach alahsib esidan chiqargandir. Boʻlmasam bu ish qariyb uch yildan buyon kundalik odatiga aylanib qolgandi.
Topaman desang qildan ham qiyiq chiqarkan-da…
Har qancha lazzatli boʻlmasin, quruq kabob non oʻrnini bosolmasligini biladi. Kampiriga jahl qilib, uyidan non olmay chiqqandi. Shu tufayli qorni bir navi toʻysa-da, koʻngli toʻlmayroq oʻrnidan turdi. Atrofiga zehn solib, hamma yoq chirsillagan xas-xashakligiga eʼtibor berdi. Shamol qoʻzgʻalib oʻchoqdan oʻt qochsa, togʻlarda yongʻin boshlanishi turgan gap. Bu barcha oʻtxoʻr jonzotlaru odamlarning chorvasini yemishdan mahrum qiladi. Anchayin bequntlik shunga olib keladi.
Suvdonida suv tashib, oʻchoqdagi qoʻramtalarni batamom oʻchirdi. Idishini qayta toʻldirib beliga bogʻladi va Shogʻishmon togʻlariga chiqib ketdi. Eng baland choʻqqilardan uzoq-yaqinlarni sinchiklab koʻzdan kechirdi. Na Vafodori, na bironta boʻri nazariga chalindi. Kechgacha sanqigani qoldi. Quyosh qizarib botayotganida suv olish uchun Uzunbuloqqa tushdi. Yoʻlda oldini kesib oʻtib qochayotgan quyonni otib, uniyam kabob qilib yedi. Atrofni qorongʻilik bosa boshlagach olovni oʻchirib, yana ortiga qaytdi. Quyida ilon, chayon, qoraqurt koʻp boʻladi. Yuqoriroqda biror silliq tosh ustida tunash bexavotirroq.
8
Ertalab juda madori ketib uygʻondi. Aʼzoyi badani simillab ogʻrirdi. Samarqandga borib qaytish chakana yoʻlmi! Eshak minganiga qaramay, uzoq yoʻl obdan urib tashlagandi. Kecha kuni boʻyi piyoda yurib, qirq chaqirimlarni bosib qoʻydi-yov. Uyida bir kecha tunaganini aytmasa, dam olmadi hisob. Shunga qaramay tezgina lash-lushlarini yigʻishtirib, tagʻin yuqoriga intildi. Togʻ tepasiga chiqqach, toʻrt tarafni sinchiklab nazardan oʻtkazdi. U izlagan jondorlar koʻrinmadi. Quvlashib, Savur dovoni tarafga oʻtib ketishmaganmikan? Bu dovon yaqinginaday koʻringani bilan ancha olisda. Unga yayov borib, yana uyiga qaytishga quvvati yetmaydi.
Oʻrmak toʻqigan uyda oʻlar, adorgʻi yoʻngan togʻda… boʻlib qolmasin yana.
Oʻylab koʻrib, shu yerdan uyiga qaytishni lozim topdi. Toʻgʻri kesib chiqsa, bor-yoʻgʻi oʻttiz chaqirimlar kelar. Undan koʻp emas. Balki togʻma-togʻ sarson boʻlib yurganida, Vafodori ham uyga borib qolgandir. Koshkiydi, shunday boʻlsa! Tortgan barcha azoblari bitta “uh” bilan chiqib ketardi.
Qiynalibroq boʻlsa-da, asrga yaqin uyiga yetib keldi. Yoʻlida uchragan odamdan itining daragini soʻradi. Ammo hech kim oʻzi bilganidan ortiq gap aytolmadi. Bundan qattiq hadiksiradi. Vafodorning hanuz uyga qaytmaganini bilgach, butunlay ezilib ketdi. Yoʻlda kelayotganida bir kun avval qizishib, urib-tepkilab ketgani uchun kampiridan uzr soʻrasammikan, degan fikrga ham borgandi. Itining qaytmaganini bilgach, feʼli aynidi-qoldi. Yana gʻazabi gʻolib keldi. Niholoy momoga achchiq gapirmadi-yu, qiyofasidagi tundlik tarqamadi: “Unga uzr-maʼzurning sirayam keragi yoʻq!”
Oʻziga oʻzi naridan-beri joy qilib, qattiq charchaganidan yotib oldi. Ertasigayam qaysi ishga qoʻl urishini bilmay dovdirab yurdi: nimalarnidir joyidan siljitadi, nimalarnidir oʻrnidan koʻtarib, bemaqsad tagiga qaraydi. Goh u, goh bu ishga unnab qoladi, biroq oxiriga yetkazmay tashlab ketadi. Sarxush odamday u yoqdan-bu yoqqa tanda qoʻyadi…
Oxiri hammasi joniga tegib, qoʻylaridan xabar olishga ketdi.
Qoʻylaridan xabar olmasa ham boʻlardi. Ularni Dehqonboy boqib yurganini biladi. Uyidagi diqqinafaslikdan qutulmoqchi boʻldi shekilli-da. Lekin bundayam koʻp turolmadi, uyiga qaytgisi kelaverdi. Vafodor kelib qolgandir, degan umid shunga undadi. Dehqonboyning qoʻliga oʻttiz-qirq tiyin berib:
– Qoʻylardi oʻzing boqaver, ulim, – dedi va ortiga qaytdi…
Vafodor kechga tomon qaytdi. Tanasining ayrim joylaridan chiqqan qon junlarini boʻyab qotgan. Terisidan atrov-atrov bir tutam-yarim tutam junlari yulib olingan. Ochligidan qorni ichiga kirib ketgan.
Darmoni qurigani shunchalikki, oʻz tanasini zoʻrgʻa koʻtarib yurayotganday. Qancha togʻ va qirlarni oshib, shu yergacha yetib kelishga qayerdan kuch topdi ekan?! Bardoshi Mergan oʻylaganidan ham kuchli ekan-ki, shu azoblarga chidagan!
Quvonganidan, Oʻtagan mergan sudralib kelib eshigi yoniga choʻzilgan itining roʻparasiga choʻk tushdi. Kampiriga nisbatan adovatini ham unutib baqirdi:
– Kampir, tez koʻrpacha keltir, Vafodor keldi!
Merganning tovushini eshitgach, nima qilishini bilmay jonini kadiga qamab oʻtirgan Niholoy momoning qorovtib turgan dunyosi birdan yorishdi. Cholining gʻazabidan, urib-tepkilashidan qoʻrqqanidan emas, Vafodorday itning tik oyogʻidan yoʻqolib ketishi mumkinligi uni ham ezmoqda edi. U oʻlsa yo yoʻqolsa, xonadonlariga yana qachon shunday it bitadi-yu…
Momo yoshiga nomunosib ravishda sakrab turib, poygakdagi koʻrpachani ikki buklab koʻtarganicha tashqariga joʻnadi. Uni choli koʻrsatgan joyga toʻshayotganida Vafodorga koʻzi tushib, koʻngli biram eridiki… Jonivor bir ahvolga tushib qolibdi!
Mergan itini koʻtarib oʻtib koʻrpachaga yotqizdi. Tumshugʻi, boshi, umurtqa-yu qovurgʻalarini birma-bir tekshirib chiqdi. Biror joyidan jiddiy jarohat topolmadi. Terisida qotgan qonmi? Junlarini qayirib, uni ham ochib koʻrdi. Qashqirning tishimi, tirnoqlarimi shunchaki tilib ketgan. Zaha chuqur emas, Malham surtib qoʻysa, tezdayoq tuzalib ketadi.
– Vafodorim! – dedi u itining boshiga boshini qoʻyganicha erkalatib, yelkasiga yengil shapatilab. – Sodiq doʻstim! Och qoldingmi, qiynaldingmi, vafodorim? It boshini koʻtarib, horgʻin gʻingshidi va tumshugʻi oldidagi qoʻlni ixlos bilan yalay boshladi. Bu bilan u: “Men sizning izimdan borganingizni sezdim, tovushingizni qayerlardadir eshitdim. Ammo dushmanimizni tashlab ketib boʻlmasdi. Shunday qilsam u qochib qutulib ketardi. Mana, gʻanimlarimizni yoʻqotib, yoningizga sogʻ-omon qaytdim”, – demoqchi boʻlardi. Shu yoʻl bilan mehr-muhabbatini izhor qilmoqchi va egasining qoʻllaridan lazzat, kuch-quvvat olayotganday boʻlardi. Mergan buni anglab yetdi chamasi, ikki qoʻli bilan chakkalarini qisib ushlab, koʻzlarining oʻrtasidan oʻpib oldi. Jirkanishni oʻylab ham oʻtirmadi. Tepalarida qarab turgan Niholoy momo miyigʻida kulib qoʻydi: “Arziydi, erkalatsa, oʻpsa arziydigan it bu!”
Xuddi shu paytda qoʻylarini haydab, Dehqonboy keldi. Vafodorni koʻrib sevinganidan moliga ham qaramay shu tomonga yugurdi.
– Toʻxta! – u yetib kelmasidan buyurdi Mergan. – Tez Lapas qassopdi chaqirib kel. “Bovamdi boquvdagi qoʻchqorlaridan birini soʻyarkansiz”, – degin. Itminan keyin osh-qatiq boʻlaverasan.
Dehqonboy maqsadini fahmlab, ortiga qaramay chopib ketdi. Mergan esa uning qoʻylarini ham oʻzinikiga qoʻshib, qoʻrasiga qamab qoʻydi.
Chorvadorlarda qadimiy bir odat bor: boʻri olgan itga, albatta, qoʻyning quyrugʻini yegizishadi. Boʻlmasam larzon yegan tishlari toʻkilib ketarmish. Rostdan shundaymi, bunday emasmi, bu bilan birov jiddiyroq qiziqmaydi. Shunga qaraganda bu odat itning quvvatini qayta tiklashga yordam berish, unga minnatdorlik bildirish yoki mukofot tarzida yuzaga kelgan boʻlishi ham mumkin. Qanday paydo boʻlganidan qatʼi nazar, vallomat bobolarimiz it boqishni ham bilishgan!
9
Shu voqealardan keyin Vafodorning dongʻi atrof qishloqlardan ham oshib, uzoq-uzoqlarga tarqalib ketdi. “Nima deysan, oʻgatlik Oʻtagan merganning Vafodor degan iti bormish. Bir degandan toʻrt-besh qashqirdi olarmish. Yo tavbangdan ketay, shundaychiqiniyam boʻlarkan-da, a?!” Odamning otini elga savobli amallari, oqila va mehmondoʻst ayoli, solih farzandi va tulpor oti tanitardi. Maʼlum boʻldiki, olgʻir iti ham tanitarkan. Yaqin-oʻrtada bunaqasini hali hech kim eshitmagandi…
Yaxshi kelsa hut – qozon-qozon sut, yomon kelsa hut – keragada but. Bu yil ob-havo yurishib, hut yaxshi keldi. Fevralning oxirlaridayoq maysalar quloq chiqardi. Hozircha yirik tuyoqlilarning ogʻziga unchalik ilinmasa-da, ushoq mollar toʻyib qoldi. Lekin “Koʻkbuloq” kolxozining qoʻylariga boshqa ofat doridi: qayoqdandir ogʻib kelgan ikkita zoʻr boʻri har zamonda otarlaridan oʻn besh-yigirma qoʻyni qiyratib ketadi. Choʻponlaru itlar ularga bas kelisholmadi. Qopqonlaru miltiqlarning foydasi tegmadi. Noiloj viloyat markazidan ikkita mergan chaqirtirishdi. Ulardan ham naf chiqmadi. Qashqirlarning oʻta pixi qayrilgan ekan, koʻrgan barcha chora-tadbirlari, ishlatgan hiyla-nayranglarini chippakka chiqarib ketaverishdi.
Merganlardan ish chiqmagach, ferma mudiri Asrorqulning xayoliga ajoyib bir fikr keldi: zoʻr boʻrini faqat zoʻr it oladi. Surishtirib, oʻgatlik Oʻtagan merganda shunday it borligi haqidagi balandparvoz gaplarni eshitdi. Oʻgat bilan Koʻkbuloqning orasi nari-berisi qirq chaqirim chiqar. Kesib chiqsa, undan ham yaqin. Otda bir kunda borib qaytsa boʻladi.
Nima qilsayam, shu itni keltirish niyatida otlanib yoʻlga tushdi. Egalari yaxshi itni shundayiga bermaydi. Buni yaxshi biladi. Ming olgʻir boʻlganidayam, bir itning bahosi bir hovuch oltin boʻlarmidi? Nari borsa semizroq oʻnta qoʻy boʻlar. Oʻn qoʻy qashqirlar qiyratayotganlari oldida nima degan gap? Har otardan ikki-uchtadan olganidayam, bu chiqim aytishga arzimaydi. Itning egasi esa jon-jon desa kerak. Asrorqul bu fikriga qattiq ishonadi. Boshqacha boʻlishi mumkinligini xayoligayam keltirmaydi.
U ilgari ham qishloqlardan zoʻr deyilgan itlarni tanlab olgan. Hammasini birga bir – boshga bosh qoʻyga yo toʻqliga almashtirgan. Ammo zoʻr deb olgan itlari bir pulga qimmat chiqdi. Toʻgʻri, avvaliga qashqirlarni bir navi haydab, qoʻylarga yaqinlashtirmay turdi. Hozirgi boʻrilardan ularning ham jini buqib qoldi. Otarlarga hujum qilayotgan qashqirlarning yoʻlini toʻsib chiqish oʻrniga qoʻrqqanlaridan gʻingshib, choʻponlarning oyoqlariga oʻralishadi. Shular ham it boʻldi-yu…
Mudir soʻrab-soʻrab Oʻtagan merganning uyini topdi. Lekin maqsadini hadeganda aytolmay oʻtirdi. Koʻziga u juda badfeʼl, choʻrtkesar odamga oʻxshab koʻrindi. Choy ustida anchagacha undan-bundan gurunglashib oʻtirishdi. Mergan esa koʻrgani zahoti uning maqsadini bexato angladi. Koʻkbuloqliklarning qoʻylariga boʻri doriyotgani, har hujumda oʻn-yigirmalab qoʻylarini qiyratib ketayotgani haqidagi xabarlarni u ham eshitgan. Oʻzicha Vafodor bundan xabar topib, oʻsha tomonlarga ketib qolmasaydi, deya hadiksirab yurardi. Boʻrining hidini sezsa, u tinch yotolmasligini biladi…
Mehmon ehtiyotkorlik bilan dilini yordi:
– Shu desangiz, aka, biz tomonlarda ekita qulgʻana[7] itqush paydo boʻgʻan. Otarlarimizga ancha ziyoni tegayotir…
– Xoʻ-oʻsh? – soʻradi Mergan “men nima qilay” degan maʼnoda.
– Shunga itingizdi soʻrab keldim.
– It oʻzimgayam kerak, qoʻylarimdi boqadi, eki oyoqli[8], toʻrt oyoqli qashqirladan qoʻriydi. Qolaversa, butun qishlogʻimiz uni himoyatida…
Asrorqul sinash va qiziqtirish maqsadida qarmoqni pastroqdan tashladi:
– Shu desangiz, aka, itingizga beshta semiz qoʻy bersam…
Mergan kinoyali iljaydi.
– Beshta qoʻy deng-a!
Buni Mudir oʻzicha tushunib, shoshilinch davom etdi:
– Hay, oʻnta boʻlami? – Mergan ogʻzini ogʻritgisi kelmay bosh chayqaganini koʻrgach, temirni qizigʻida bosmoqchi boʻldi. – Oʻn beshta boʻlar?!
Oʻtagan merganning toqati toq boʻlib aftini bujmaytirdi. Buni mudir yana oʻzicha tushunib, qoʻylar sonini yigirmataga yetkizganida chidolmay oʻshqirib yubordi:
– He-yey, inson! – dedi gʻazab bilan “sen”sirab. – Menminan buytib savdolashma! Yuzta halol qoʻyingdiyam bitta harom itimga almashmayman. Itimdi olib ketsang, seni bezor qilayotgan oʻsha itqushlar qayoqqa boradi? Vafodordi isidanoq bilishadi ular. Bilgan zahoti qochishadi. Qayoqqa boradi? Albatta, bizdi tovlarimizga oshishadi. Oʻzimdikiga qoʻshib, sen bergan yuz qoʻydiyam chillasini chigʻarmay qirib yuborishadi. Kamiga qishlogʻimizdi mollariga qiron soladi. Men shunday itti senga berib yuborganim uchun eldi qargʻishiga qolaman. Shuni mechkayingdan[9] oʻtkizolasanmi?!
Asrorqulning tarvuzi qoʻltigʻidan tushib, shalvirab qoldi. Har qancha uringani bilan bu qaysar cholni gapga unatolmasligini anglab, ilojsiz oʻrnidan turdi.
10
Ferma mudiri itni qoʻlga kiritolmaganidan anchagina ranjib qaytdi. Vafodorni koʻrdi – yoʻlbars kelbatli bahaybat va baquvvat, yuz qoʻy bersa arzigulik it. Ammo Mergan tushmagur boylikka uchadigan odam emas, shekilli. Nafsilamrini aytganda, Mergandan xafa boʻlish oʻrinsizligini bilib turibdi. Kelishib Vafodorni bu yoqqa olib kelganida nima boʻlardi? Xuddi u aytganiday qashqirlar qochib, Oʻgat taraflarga uyur boʻlishi aniq. Qurgʻur chol bu tomonlarini ham taroziga solib oʻtiribdi. Qoʻylarini iti boqishiga ishonmadi-yu, lekin butun qishloqni boʻri balosidan asrashi rost…
Asrorqul qishlogʻiga keliboq otarlarga otlandi. Ikki-uch kun ichida har bir qoʻraga qoʻshimcha choʻponlar jalb qildi. Ularga kechasi-yu kunduzi sergak turishni tayinladi. Otarlarga ilojini qilib, bittadan yakka sumbali miltiq ham topdirib berdi. U bilan biron narsani otib qulatolmasalar-da, har zamonda paqillatib, boʻrilarni choʻchitib turar deb oʻyladi. Biroq koʻrilgan bu choralar ham deyarli naf bermadi. Qashqirlar keyingi ikki hafta ichida otarlardan yigirmadan ortiq qoʻyni qiyratib ketdi. Boʻrining “kasali” shunday – yeydigani bitta qoʻy, toʻsiq boʻlmasa otarning yarmini boʻgʻizlab ketishdan ham toymaydi.
Mudirning tinchi boʻlmay qoldi: uyidan erta ketib tunda, bir mahalda qaytadi. Oʻsha kuni ertaroq qaytdi. Quyosh qizarib botayotgan payt. Havo salqin boʻlsa-da, uyda oʻtirgisi kelmay, togʻ tarafga qaratib qurilgan ayvoniga chiqdi. Oʻy surib turganida Qayrogʻochli togʻining yonbagʻridan bir qora choʻzilib yuqoriga oʻrlayotganini koʻrib qoldi. Boʻri! Baʼzi-baʼzida tosh va butalar panasida koʻrinmay qoladi. U oʻsha yovuz boʻrilarning biri ekanligini Asrorqul sezdi. Ikkinchisi qaysi goʻrdaykin?! Boshqa otarni moʻljalga olib sherigidan ajralganmikan? Bunisi hammasidan yomon – har qoʻradan oʻntadan boʻgʻizlashganidayam yana kamida yigirma qoʻyni oʻldirib ketishadi.
Avvalgisi togʻ oshib ketgach, ikkinchisi koʻrindi. U ham choʻzilinqirab yuqoriga oʻrladi. Hartugul ajralishmabdi. Jussasi kichikroq koʻringaniga qaraganda, bunisi urgʻochisi boʻlsa kerak. Shu ketishlarida Qayragʻochlisoydagi qoʻraning ustidan enishadi. Shoshilish lozim. Boʻrilar soydagi qoʻraga chopqinni tunda boshlashadi. Hozircha biror kamardami, tuyatoshlarning kovagidami bekinishib, nafaslarini rostlab olishadi. Ungacha choʻponlarni ogohlantirib, baʼzi choralarni koʻrib qoʻyishi zarur. Togʻ tarafga yengil shabada esayotgani sababli yaqinginalarida xavf paydo boʻlganini na choʻponlar va na itlar sezishadi. Epkin hidlarini terskay tomonlarga olib ketayotganini ayyor qashqirlarning oʻzlari bilishadi. Choʻponlar koʻproq shunday paytlarda gʻaflatda qolishadi.
Yoʻlga tushishdan avval Asrorqul bir narsani sezganday, Qayragʻochli tarafga yana bir nazar tashladi-yu, qoʻrquvdan tayoqday qotib qolayozdi. Bu safar tagʻin bir qora yuqoriga ehtiyotkorlik bilan oʻrlayotganini koʻrdi. Nahotki, qashqirlar koʻpayishib, uchta boʻlib qolishgan! Balki ortida yana bordir? Unda urdi Xudo! Ikkitasiyam olib borib, olib kelayotgandi. Endi qoʻylarining shoʻri quriydigan boʻldi. Koʻpayishgan toʻdani haydashning oʻzi boʻlmaydi!
Atrof nisbatan qorongʻilashib qolganiga qaramay, mudirning nazarida keyingisining yurishi sal boshqacharoqday tuyuldi: hech qanday hadiksiz, dadil harakat qilyapti. Jussasiyam tanishroqday…
Koʻzlarini uqalab, qaytadan kattaroq ochib qaradi. Shunda quvonchdan yuraklari yorilay dedi. U Vafodorni tanigan edi! Demak boʻrilar daydib, Oʻgat tomonlarga borib qolgan. “Boʻrini oyogʻi boqadi”, – deyishadi-ku. Koʻrinyaptiki, ular bu togʻlarning boʻrisi emas. Vafodorni bilsa, sirayam u tomonga bormasdi. Gʻanimini qaysi yoʻl bilandir sezishadi-yu, gʻirra ortiga qaytishadi. Vafodor ham ularni payqagan. Aksincha, qirq chaqirim joyga izlaridan tushib kelmasdi.
Shodligi haddidan oshib, bolalardek ovoz chiqarib hayqirdi:
– Oynolayin jurishingdan! Laʼnati itqushlardi bir dodini ber-chi, chirogʻim! Bizdi shu palakatlardan qutqarsang, yigirmata semiz qoʻy – seni soliming! Shu desang, egangga hammasini oʻzim eltib beraman…
Oʻylaganiday, u yetib kelganida choʻponlarning biri miltigʻini yelkasiga shunchaki tashlaganicha ikkinchisi bilan gurunglashib, qoʻra atrofida beparvo aylanib yurishardi. Bu yurishlarida nafaqat qoʻylar, ularning oʻzlari ham boʻrining qurboniga aylanishlari hech gap emasdi. Uchinchisi – bosh choʻpon qoʻra yonidagi uycha oshxonasida kechki ovqat tayyorlash bilan ovora. Yaqinginalarida boʻrilar pisib yotganidan bexabar, dunyoni suv bossa toʻpiqlariga chiqmaydiganday bir kayfiyatda.
– Nahalboy! – mudir otdan tushayotib ovoz berdi. – Tinchmisilar, hech nimani sezmadilaringmi?
– Hozircha tinchlik, – bamaylixotir javob berdi bosh choʻpon. – Boshqa qoʻralarda nima gap?
Asrorqulning tovushida hayajon borligini bosh choʻpon sezdi. Oʻzicha biror qoʻraga qashqir oralagan boʻlsa kerak, deb oʻyladi. Aksincha, tun ichida bu tomonlarga kelib yurmasdi.
Mudir otini oshxona yonidagi qoziqqa bogʻlab, shoshilmay ichkariga kirdi. Oʻninchi chiroq xiraroq yoritib turgan Nahalboy choʻponning qorashirgʻay yuzlariga bir zum indamay tikilib turdi-da, vajohatiga toʻgʻri kelmaydigan yumshoq ohangda soʻradi:
– Ovqating tayyormi?
– Tayyor, quyib beraymi?
– Ha… Abdugʻafforlardiyam chaqir. Shu desang, atrofda itqush bor, hademay toʻpolon boshlanadi. Tezroq ovqatlanib, hozirlik koʻringlar.
Nahalboy Asrorqulga bir kosa shoʻrva quyib berdi-da, sheriklarini chaqirishga chiqib ketdi. Choʻponlar kelgunicha u issiq shoʻrvani puflab-puflab ichib boʻldi va oʻrnidan turdi. Eshik oldida Abdugʻaffordan miltiqni olaturib yana tayinladi:
– Tez boʻlinglar! Miltiq oʻqlanganmi?
– Ha, – choʻpon qisqa javob berdi.
– Oʻqlaringdan tagʻin ekita ber.
Atrof juda ham tinch, bir osuda, oydin tun boshlangandi. Bunday kechalarda favqulodda yoqimsiz hodisaning yuz berishiga kishining ishongisi kelmaydi. Shu sababdanmi, choʻponlar mudirning vahimasiga unchalik ishonishmadi. Ovqatlanib boʻlganidan keyin xoʻrillatib choy ichaverishdi…
Choʻponlar ovqatlanishga kirishgach, Asrorqul usti yopiq qoʻra devoridagi omonat narvondan yuqoriga chiqdi. Devorning balandligi nari borsa ikki metr keladi. Usti ochiq sahni bir yarim metrlik devor bilan oʻralgan. Koʻp joylari nurab ancha pasaygan. Har qanday qashqir undan bir sakrab oʻtib ketishi mumkin. Mudir nuragan joylarni vaqtida taʼmirlatib qoʻymaganidan oʻkindi. Odamzod shunaqa – ikki oyogʻi bir etikka tiqilmagunicha kamchiliklarini payqamay yuraveradi. Payqasa ham parvosizlik qiladi.
U miltiqni otishga qulaylab, togʻ tomonni sinchiklab kuzatdi. Oy sutday yorugʻ boʻlishiga qaramay, biror shubhali narsaga koʻzi tushmadi. Hamma yoqda oʻlik sukunat hukmron. Ammo bu sokinlik aldamchiligini, qoʻynida ulkan xatarni yashirib turganini u biladi. Togʻ tomonga hanuz yengil shabada esar, shuning uchun u inson zoti sezadigan biror tovush yo hidni soyning qoʻra joylashgan qismiga keltirmasdi.
Asrorqulning koʻngliga it qashqirlardan choʻchib, ortiga qaytib ketmadimikan degan fikr keldi-yu, shu ondayoq uni xayolidan quvib chiqardi. Vafodor odamlar taʼriflayotganiday it boʻlsa, aslo bunday qilmaydi. Toʻrt-besh qashqir bilan olishib ustun kelgan it atigi ikkita qashqirdan qoʻrqib qochmaydi. Qoʻrqqanida ikkita zoʻr qashqirning iziga tushib, shunchalik uzoq joyga kelmasdi. U xoʻroz emaski oʻz katagida zoʻrlik qilib, sal nariroqda qanot silkib qochsa. Qayerdadir shu atrofda qulay fursatni kutib yotgandir.
Mudir choʻponlari ovqatlanib boʻlgunichalik vaqtni jimgina kuzatish bilan oʻtkazdi. Keyin voqealarni tezlashtirish uchunmi, miltigʻining ogʻzini koʻtarib, togʻ tomonga oʻq uzdi. Ortidan bor ovozi bilan baqirdi:
– Hah-hi-i-yy!! Oʻydaki-shsh!
Mudir qayerda boʻlsayam chiqar degan oʻy bilan, Vafodorni boʻrilarga qarshi olqishlagan edi. Bu bilan kattagina xatoga yoʻl qoʻyganini oʻzi payqamadi. Vafodor uning oʻzini koʻrganini bilmasdi, ammo dilidagi betoqatlikni sezdi. Yanglishib meniyam otib qoʻyishmasin degan his bilanmi, yaqinidagi tuyatosh panasidan ozroqqina chiqib boʻy koʻrsatdi-da, tisarilib tagʻin bekinib oldi. Mudir shundagina xatosini angladi. Bemahal gʻovur koʻtarib, beixtiyor hammani, xususan, boʻrilarni ham sergaklantirib qoʻygan edi.
Oshxonadagilar boʻri keldi deb oʻylab, apil-tapil tashqariga otilishdi. Toʻrt it baravar hurib chuvvos koʻtardi. Choʻponlarning biri panshaxa, ikkitasi uzun siriqlar bilan qurollanib, itlari hamrohligida mudir tomon yetib kelishdi.
– Nima boʻldi, aka, – soʻradi Nahalboy pastda turib. – Itqush keldimi?!
– Munov tuyatoshdi panasida bir it berkinib turipti, – dedi u Vafodor bekingan toshni qoʻli bilan imlab koʻrsatib. – Yana yanglishib uni jarohatlab qoʻymanglar.
Choʻponlar hayron boʻlishdi: toʻrtala itlari ham yonlarida, mudirning aytayotgani qanday it boʻldi? Balki qashqirni koʻrib shunday oʻyga bordimikan adashib?..
U Vafodorni aniq tanigandi. Qashqir boʻlganida koʻzlari uchqunlanib, yonib koʻrinardi. Qolaversa, u sirayam oʻzini namoyishkorona koʻrsatmasdi. Kerak paytda hujumga oʻtardi, xolos.
Mudir pastga tushdi. Devorning nuragan joylariga bittadan choʻponni qorovullikka qoʻydi. Boʻri hujum qilgan taqdirda bir-birlariga yordamga yetib borishlari qiyinmas. Kerak paytda itlar ham jim turishmas.
U kerakli ehtiyot choralarini koʻrganiga amin boʻlib, qoʻraga qayta chiqib ketdi.
11
Vafodor boʻrilarni Qavgʻolida, Dehqonboyning yonida qoʻylarga qarab yurganida payqadi. Togʻ ustida quloqlari qamishday tikrayib turgan ikkita qorani koʻrib, tikilib qoldi. Qashqirligini bilgach joyida turolmay bezovtalanib, atrofga yugura boshladi. Chopganicha suruvni bir aylanib chiqdi. Chetroqda ajralib oʻtlayotganlarini haydab toʻdaga qoʻshdi.
Dehqonboy uning odatdan tashqari harakatlaridan qandaydir xavf paydo boʻlganini sezdi. Soy yuzasi va togʻ-toshlar orasini diqqat bilan koʻzdan kechirdi-yu, biror xavfli narsani koʻrolmadi. Biroq qayerdadir qashqir paydo boʻlganini u aniq payqadi. Ashaddiy gʻanimini koʻrmasa it bunchalik yugurgilamasdi. Shunga qaramay qoʻrqmadi. Yonida Vafodor bor, nimadan choʻchiydi?
Itni boʻrilar ham koʻrishdi va darhol chamasini olishdi. Shu lahzadayoq u bilan talashib biror natijaga erisholmasliklarini bilishdi shekilli, ortlariga qaytib, kungay tomonga tushib ketishdi. Dehqonboyning oʻzi boʻlganida uni pisand qilishmasdi. Ikkilanmay quyiga enib, qoʻylarining kamida yarmini boʻgʻizlab ketishardi. U esa baqirib-chaqirganicha qolaverardi.
Vafodor yugurganicha soydan oʻtdi-yu, chopishini susaytirmay yuz qadamcha naridagi toqqa tirmashdi. Dehqonboyning hay-haylashlariga quloq solmadi. Biroq gʻanimlari allaqachon juftakni rostlab qolgan edi. Qidirganlarini koʻrgan joyidan topolmagach, zir yugurib atrofni iskaladi. Qurigan xas-xashaklarda arlon boʻri bilan qanjigʻining hidi qolgandi. Tosh va butalarni panalab, topilgan hid boʻyicha izlaridan tushdi.
Toshloq va butazorlar olishuvga qulay joylar emas. U dushmanlariga har doim yalang joylarda hujum qilgan. Aksincha, nimagadir turtinib-surinib, kuchli raqibning tagiga tushib qolish xavfi borligini bilardi, shekilli. Ochiq joylar gʻanimiga ham bir qadar qulayliklar beradi, albatta. Vafodor bunga eʼtibor qilmasdi. Oʻzi erkin harakatlana olsa kifoya, raqibiga tap tortmay tashlanadi.
Koʻkbuloqqa yaqinlashaverishda it qashqirlarning izini yoʻqotdi. Toʻrt tomonga yugurib izlab ham ularning hidini topolmay qoldi. Shundayam qidiruvni toʻxtatib ortiga qaytmadi. Shu yergacha ularni poylab, izlarini aniq-tiniq bilib keldi. Bir marta uzoqroqdan oʻzlarini ham koʻrdi. Lekin oraliq masofani qisqartirishga urinmadi. Goʻyo boradigan joylaringga bemalol boraveringlar, qayergacha borishlaringni koʻramiz hali, deganday.
Qashqirlar qanot bogʻlab uchib ketisholmaydi. Qandaydir hiyla ishlatib, hidlarini vaqtinchaga bilinmaydigan qilib ketishganini Vafodor payqadi. Shuning uchun yoyilib oqayotgan sangloqdan kechib oʻtib, hid axtarishni bu qirgʻoqda davom ettirdi. Yuz qadamcha yuqorilab borib, boʻrilarning hidini qayta topdi. Shunda u arlon boʻrining oʻta ayyorligini sezdi. Unga firib berish uchun ataylab qanjigʻini ergashtirganicha oqayotgan suvning oʻrtasidan kechib ancha yuqorilagan. Bundan maʼlum boʻladiki, qashqirlar ham Vafodorning ortlaridan tushganini bilishgan.
U iz qidirib ancha ushlanib qoldi. Shunga qaramay balandroq bir butani yuziga olib, yerga uzala tushib yotdi. Qashqirlarning yanada uzoqlashishiga imkon berdi.
Bir mahal botayotgan quyosh yaxshi yoritib turgan Qayragʻochli togʻining yonbagʻridan shoshilmay koʻtarilib borayotgan arlon boʻrini elas-elas koʻrib qoldi. U itni adashtirib, ortiga qaytishga majbur qilganiga ishongan chogʻi, juda bamaylixotir yurib ketayotgandi. Togʻ tepasiga chiqqach, burilib ortiga qaradi. Quyida oʻzining togʻdan oshib ketishini kutib turgan qanjigʻidan boshqa hech narsani koʻrmagach, yoʻlida davom etdi.
Vafodor shoshilmadi. Birozdan soʻng urgʻochi boʻrining ham togʻdan oshib ketganini koʻrdi. Shundan keyingina sakrab oʻrnidan turdi va gʻanimlarining izidan ketdi. Togʻ tepasiga juda yaqin qolganida roʻparasidan esayotgan shabada qashqirlarning hidini keltirib dimogʻiga urdi. It ularga koʻrinmaslik uchun bir qadam ham oldinga siljimadi. Oʻng tomoniga keskin burilib, togʻning burni tarafiga yoʻl oldi.
Burunga yetgach, diqqat bilan soyni koʻzdan kechirdi. Atrof xiylagina qorongʻilashib qolganiga qaramay, pastdagi qoʻra, unga qamalgan qoʻylaru atrofida yurgan odamlar, beparvo tentirayotgan itlarni aniq koʻrdi. Oʻzini choʻponlaru itlarga sezdirib qoʻyishi ham xavfli edi. Itlar-ku, begona itni koʻrsa akillab, olamni boshlariga koʻtarishlari aniq. Choʻponlar ham uni qashqir deb oʻylab gʻovur koʻtarishlari tayin. Vafodor bundan choʻchimadi. Ammo oʻzining shu yerdaligini boʻrilar ham bilib qolishi va vaqt gʻanimatda qochib ketishi mumkinligini his qilardi. Unda yana qancha vaqt sarflab, yaqinginasida turgan yovlarini qidirishni boshidan boshlashiga toʻgʻri keladi.
Vafodor ehtiyotkorlik bilan qoʻraga yaqinroq joydagi tuyatosh tomonga yer bagʻirlab siljiy boshladi. Oʻzini sezdirmay yetib olgach, toshning kovagiga kirib yotdi…
Bir mahal shabada qandaydir tanish hidni olib keldi. Bir-ikki iskalangach oʻzini koʻrmasa-da, bu hid uylariga borgan ferma mudiriniki ekanligini ilgʻadi. Keyin ovozini ham eshitdi. U bir eshitgan tovushni anchagacha unutmasdi. Shu sababli oʻziga yangi ittifoqdosh topilganday, vujudida ajib bir qanoat hissini tuydi. Baribir, to miltiq otib qiyqirmagunicha unga koʻrinmay turdi. Keyin bir koʻrindi-da, uning taniganini sezgach, yana panaladi.
Asrorqul Vafodorni koʻrsa-da, yoniga chaqirmadi. Oraliq yaqin, panalab turganiga qaraganda, bir narsani moʻljal qilgandir, deb oʻyladi. Miltigʻini qayta oʻqlab, togʻ tomonni jimgina kuzatishda davom etdi. Itning bu yerda yotganiga qaraganda, qashqirlar oʻsha tomonda. Qachon chiqsayam shu tomondan keladi.
Oradan anchagina vaqt oʻtdi hamki, hech qayerdan “tiq” etgan tovush eshitilmadi. Choʻponlar zerikishdi. Qoʻllaridagi tayoqqa suyanib, bir joyda qimirlamay qaqqayib turaverishdan charchashdi. Nuragan devorni qoʻriqlab oʻtirishdan koʻra, qoʻra atrofida aylanib yurishgani maʼqul edi. Miltiqni quchoqlaganicha togʻ tomonga jimgina tikilib turaverish mudirning ham joniga tegdi.
– Nahalboy, – bosh choʻponni chaqirdi u. – Odamlaringminan qoʻraning bu tomoniga oʻtib, bir qator boʻlib turinglar. Oralaring oʻn eki-oʻn uch happoydan[10] uzoq boʻlmasin. Qoʻllaringdagi asboblardi mahkam ushlab, itlardi tov tomonga oʻydakishlanglar. Iloji boricha qattiqroq shovqin koʻtaringlar.
U miltiqdan oʻq uzib, hay-haysuronni birinchi boʻlib boshlab berdi. Unga choʻponlar bilan itlar qoʻshildi. Birdan koʻtarilgan shovqin-suronlardan soy ichi gumburlab ketdi. Qachonlardan buyon ungurda tinchgina bekinib yotgan qashqirlar bir qalqib tushishdi. Avvalgi shovqinga deyarli eʼtibor berishmagandi. Qoʻralarda baʼzan shunday qilib turishlarini ular bilishadi. Qaysidir choʻpon atrofda yurgan yirtqichlarni qoʻrqitmoqchi boʻlib oʻq uzadi, bir-ikki qiyqirib ham qoʻyadi. Tamom. Shu bilan u xotirjam tortib, yotogʻiga kirib ketadi. Yarim kechalarga borib, haqiqiy toʻpolonni qashqirlarning oʻzi boshlaydi…
Bu galgi qiyqiriqlar boshqacharoq chiqdi. Arlon choʻponlar oʻzlarining shu yerda fursat kutayotganini payqashganini sezdi. Endi vaqt oʻtkazishga hojat qolmaganini his qildi. Shu sababli yotgan joyidan otilib ochiqqa chiqdi. Unga urgʻochisi ergashdi. Odamlar ham, itlar ham ularni koʻrishdi. Egalarining daʼvati bilangina chopganicha hurib kelayotgan itlar birdaniga toʻxtashdi. Oʻzlariga tanish qashqirlarni aniq koʻrishgach, jonlari chiqib ketayozdi. Beixtiyor roʻparasida turib qolishdi.
Yirtqichlar ichida arlon boʻriga tenglasha oladigani yoʻq hisobi. Buni oʻzi ham biladi. Har qanday itga yoki itlar galasiga tap tortmay boradigan bu yirtqich negadir Vafodordan hayiqdi. Balki vujudidagi savqi tabiiy olishib koʻrmay turiboq uning oʻzidan ustunligini bildirgandir. Shu tufayli baqamti kelishdan oʻzini olib qochgandir…
Bir-birlariga suyanibmi yo bilib-bilmay roʻparasiga kelib qolgan itlarni koʻrib, arlonning gʻazabi tugʻyonga tushdi. Tishlarini shunday shaqirlatib yubordiki, itlarga sichqonning ini ming tanga boʻlib qoldi. Baravar ortlariga burilib, ura qochishdi. Arlon orqaroqda qolgan itni quvib yetib ort oyogʻidan gʻarchcha tishladi. Shu ondayoq ilik suyagini sindirib, oʻzini bir chetga irgʻitib yubordi. U buralib angillaganicha joyida qoldi.
Arlon unga qaramay, yana qochayotgan toʻdaning ketidan tushdi. Ortdagisiga yaqinlashib, bor kuchi bilan ustiga sakradi. Zudlik bilan belidan tishlab, yoʻl boʻyidagi yirik tuyatoshga aylantirib urdi. Qattiq urilganidan bosh suyagi yorilgan it bir marta ayanchli angilladi-yu, oʻldi. Olatasirdan foydalangan urgʻochi qashqir jildirabgina oqayotgan soyning ikkinchi tarafiga oʻtib oldi. Uning daraxt va butalar panasida qoʻra tomonga yelday uchayotganini na choʻponlar payqashdi va na arlonning oldida jon hovuchlab qochayotgan itlar.
Arlon oʻzi jarohatlagan va oʻldirgan itlarga alahsib, vaqtdan salgina yutdirdi. Qolganlari choʻponlar yoniga sogʻ-omon yetib kelishdi va zorli gʻingshib, oyoqlariga oʻralishdi. Ular xavfli dushmanlaridan faqat odamlar koʻmagidagina omon qolishlarini bilishadi.
Itlar odamlarga yaqinlashganini koʻrib arlon toʻxtadi. Odam bu – Odam. Har qanday yirtqich uning oldida taysallab turadi.
Oralikdagi masofa atigi yigirma qadamcha kelardi. Orqaga chekinsa oʻqqa uchadi, oldinda kaltaklarini shaylab choʻponlar turibdi. Shularga andarmon boʻlib sarosimalanganida Vafodor dovulday bostirib kelib boʻgʻzidan oldi. Ayni shu paytda qoʻrada ham tasir-tusur boshlandi. Mudir beixtiyor osmonga oʻq uzib, ovozining boricha baqirdi:
– Qoʻraga qashqir kirdi! Qoʻraga chopinglar!! Manovini Vafodorning oʻzi tinchitadi, qoʻraga chop, hammang!..
Qandaydir begona itning kushandalariga tap tortmay tashlanganini koʻrib, choʻponlarning itlariga ham jon indi. Qaytadan jurʼatlanib boʻriga tashlanishdi. Boʻgʻzi Vafodorning ogʻzida turgan yirtqichning u yer-bu yeridan tishlab tortqilay boshlashdi. Choʻponlar esa qoʻra tomon yugurishdi: kim eshikdan, kim nuragan devordan oshib ichkariga kirishganida, urgʻochi qashqir bir qoʻyning boʻgʻzidan olib turganini koʻrishdi. Qolgan qoʻylar devor tarafga gʻuj boʻlib bir-birini oldinga surar, boshi bilan tirqish ochib ilgarilamoqchi boʻlar, busiz ham zichlashgan tigʻizlikni battar kuchaytirardi. Ammo oldinga siljishning iloji yoʻq edi. Hammagayam jon shirin!
Urgʻochi boʻri har tomondan siquvga olinayotganini payqab, ahvoli chatoqligini sezdi. Ogʻzidagi chalajon qoʻyni qoʻyib yuborib, bir sakrashda devorning nuragan joyidan oshib ketdi. Ortidan choʻponlar ham chiqishdi-yu, qayoqqa ketganini bilolmay qolishdi. Qoʻraning ortiga oʻtishib, nariroqda doʻmpayib yotgan oʻlik boʻrining jasadiga koʻzlari tushdi. Vafodor ishini bitirib ketgan edi. Tirik qolgan itlar katta ishni oʻzlari bajarganday, egalari oldida likillay boshlashdi. Ular Vafodorga ergashmagandilar. Vahimada ikkinchi qashqirning qoʻraga kirganini payqashmagandi, shuning uchun begona it ortidan ketishmagandi…
Nahalboy shotidan tushayotgan mudirdan soʻradi:
– Bogʻonogʻi it qayoqqa ketdi? Bizgayam shundaychikini bitmadi bitmadi-da.
– Sizlar qochirib qoʻygʻon itqushdi quvib ketdi, – u juda ham ishonch bilan gapirdi. – Ushlab, oʻltirmay qoʻymaydi uni.
– Qanday it u?
– Oʻgatlik Oʻtagan mergan “yuz qoʻygʻayam bermayman” degan it. Arziydiyam-da!
– H-a-a… Shuncha uzoqdan shu yoqqa keptimi?
– Qashqirlar ovib borib qolgʻon boʻlsa, izini olib kelgan-da. Qashqir otli jini bor, deyishadi uni.
– Bolaligʻida gʻashiqqan boʻlsa kerak-da.
– Qorasini koʻrsa, yo izini olsa boʻldi, quvib yetib oʻltirmay qoʻymasmish. Biroving azonda manovi soydi qarab chiq. Itdi chalgʻitmoqchi boʻlib shu tomongʻa qochdi, u. Nima boʻgʻondayam odamlardan qochib qutuldi, shu desang, itdan qutulolmaydi.
Choʻponlarning biri arlonning terisini shilishga ketdi. Vafodorning izidan tushganini bilsa, sherigi oʻlsayam bu taraflarga yaqinlashmaydi. Ikkitasi mudir boshchiligida qoʻylardan xabar olish maqsadida qoʻraga qaytib kirdi. Nuragan devor yonida qashqir boʻgʻizlagan qoʻy xirillab yotardi. Hozircha tirik. Nahalboy uni halollab olishni yonidagi choʻponga topshirdi. Oʻzi mudir bilan boshqa qoʻylarni tekshirib chiqishdi. Xudoga shukr, boshqa talafot yoʻq, hammasi omon.
Mudir soʻyilgan qoʻyning goʻshtini choʻponlarning oʻzlariga issiq ovqatga qoldirib, quyrugʻini toza matoga oʻrab olib qoʻyishni buyurdi. U aytmasa-da, choʻponlar maqsadini tushunishdi. Ertasiga choshgohda boshqa otarlardan oʻn olti qoʻyni aravaga bostirib, Asrorqulning oʻzi keldi. Nahalboydan ham toʻrtta semiz qoʻyni oʻzi tanlab aravaga chiqartirdi.
– Sen Oʻgatti yoʻliminan boraver, – tayinladi aravakashga. – Oʻtagan mergan qishloqdi eng yuqorisida turadi. Men toʻgʻrisidan kesib chiqib, sendan ilgariroq borib turaman…
Vafodor kelmaganida qashqirlar kechaning oʻzidayoq, ozi yigirma qoʻyni qiyratib ketardi. Bu holat keyingi kunlarda boshqa qoʻralarda yana takrorlanardi. Mukofot uchun ajratilgan yigirmata qoʻy bunday katta chiqimlar oldida hech narsa emasdi. Itiga qilgan mehnatiga yarasha Merganni shuncha qoʻy bilan mukofotlasa arzirdi. Bundan tashqari, qaytgan boʻlsa ertaroq borib, quyruqni itga yegizishni oʻylardi. Uning tishlari hali yana asqotib qoladi. Vafodorning qayerdaligini Oʻtagan mergan hozircha bilmasa kerak.
12
Vafodor arlon qashqir bilan boʻlib, ikkinchisining qayoqqa yoʻqolganini bilmay qoldi. Biroq sezdiki, u vaqt gʻanimatda qochib qolgan. Qochganida qayoqqa borardi? Baribir undan qutulolmaydi. Yer yuzida boʻlsa, albatta, topadi.
Teparoqdan kelayotgan itning gʻingshishi diqqatini boʻldi. Nima boʻlganini bilishga qiziqib, oʻsha tarafga yoʻl oldi. Yoʻrgʻalab keta turib, tumshugʻini osmonga koʻtarganicha havoni iskaladi. Yon tomondan esayotgan shabada qayerdandir urgʻochi boʻrining bilinar-bilinmas hidini keltirib dimogʻiga urdi. Bu hid nimasi bilandir boshqa hayvonlar hididan alohida ajralib turardi. Uning qaysi tomonga qochganini bilib olishiga shuning oʻzi kifoya qildi. Burilib, shu yerdanoq taʼqibni boshlagisi keldi-yu, biroq yarador itga yordam berish istagi gʻolib chiqib, oʻzini zoʻrgʻa toʻxtatib qoldi. U iligi sindirilgan jinsdoshining zorli ingrashini yana eshitib qoldi va bir zumga boʻrini ham unutib, oʻsha tomonga otildi.
Yetib kelganida jarohatlangan it choʻzilib yotardi. Ogʻriqning kuchliligidanmi, oʻrnidan turishga urinmasdi ham. Orqa oyogʻining singan qismi xaltadagi temirtakday gʻayritabiiy koʻrinishda buralib yotardi.
Vafodor tumshugʻi bilan avaylab koʻtarib, uni oʻrnidan turgʻizmoqchi boʻldi. Mayib it esa koʻmakdan foydalanib turish oʻrniga, ikkinchi tomoniga agʻdarilib tushdi va ogʻriqqa chidolmay angillab yubordi. Vafodor shunchalik zaifmisan, deganday, asta irilladi. Bu taʼsir qildi, shekilli, it tinchib qoldi. Shunda u ikkinchi tomoniga oʻtib, yana tumshugʻi bilan suyab koʻtardi va qorniga yotqizdi. Bu safar u oldingiday qattiq angillamay, asta gʻingshidi. Vafodor zudlik bilan ortiga oʻtib, dumidan tishlab koʻtardi. It qaysarlik qilmay oyoqqa turdi va singan oyogʻini shalviratib oqsoqlanganicha qoʻra tomonga yurdi. Vafodor bir zum ortidan qarab turdi. Qiynalib boʻlsa-da, manziliga yetib borishini sezgach, kunchiqar tomonga keskin burildi. Qayrogʻochlisoyni eniga kesib oʻtib, keyingi toqqa koʻtarila boshladi. Urgʻochi qashqir shu tarafga qochganini bilib turardi. Endi uni qanday boʻlmasin topishi lozim.
Vafodor yuqorida toʻxtab, yuzini shabadaga oʻgirganicha qaytadan havoni iskalay boshladi. Bu safar negadir izlayotgan hidini topolmadi. Maʼlum boʻldi-ki, qashqir ozroq ilgarilab ketgan yoki bir kamarga kirib yotgan. Ilgarilayotgan boʻlsa, shabada hidini oldinroqqa olib ketyapti.
Hozirgi vaziyatida boʻri qayerdadir panalab yotishi mumkin emasligini sezardi. Faqat yurish va yana yurish joniga ora kirishi mumkin. Shu paytgacha ayyor va tajribali arlonning yetagida edi. Endi u yoʻq. Shu tufayli qayoqqa va qanday ketayotganini ham tuzukroq aniqlayolmay kelardi. Lekin bir zum ham toʻxtab qolmasligi zarurligini his qilardi.
Vafodor togʻ ustidan jadal ilgariladi. Bu yoʻl soydagi burilishlar, oʻpirilishlar va aylanib oʻtishga majbur qiladigan turli toʻsiqlarga nisbatan ancha qulay, hamda yurishini undirardi. U qayerdadir ozroq yuqoriladi, qayerdadir ozroq quyiga endi. Tongga yaqin shabada keltirgan urgʻochi qashqirning hidi yana gupillab dimogʻiga urildi. Sezdiki, qashqir shu oʻrtada, ancha yaqiniga kelib qolgan. Shabada uning hidini shu tarafga keltirgani holda, oʻzinikini teskari tarafga olib ketardi.
It yurishini susaytirmay ozroq ilgariladi-da, zuvillab soyga endi. Shu yerda qashqirning yoʻlini toʻsib chiqdi. Boʻri uning hidini ololmaganidan roʻparasiga kelib qolganini hanuz payqamagandi.
Vafodor soyga tushgach, yoʻl yoqasidagi toshning panasiga uzala tushib yotib oldi. Qashqir xavfdan qutulganiga ishongan holda bamaylixotir yoʻrtib kelardi. It bu safar negadir oʻzi oʻrgangan usuldan foydalanmadi. Gʻanimi toshning roʻparasiga kelgach bir sapchib, umurtqa suyagidan gʻarchcha tishladi va aylantirib boshini toshning qirrasiga urdi. Bu bilan huv Qoraqushning sirtida odamxoʻr boʻriga duch kelganini eslaganday va oʻshaning alamini qaytarib olganday boʻldi.
Qashqir kutilmagan hujumdan gangib, biror yoʻsinda qarshilik qilishga ham ulgurolmadi. Boshi toshga zarb bilan urilgach, yerga choʻzilib tushdi. Vafodor shundan keyingina boʻgʻziga tishlarini botirdi va kekirdagini uzib yuborgach, koʻzlariga gʻazab bilan tikildi. Unda jon asari qolmaganini payqagach, bamaylixotir togʻ tomonga oʻrladi. Ortida qolgan qashqir jasadiga qayta oʻgirilib qarab ham qoʻymadi.
Vafodor usta merganlarga ham tutqich bermagan, choʻponlarni dahshatga solgan boʻrilarni ortiqcha olishuvlarsiz daf qilib, bu gal ham gʻolib boʻldi. Buni hali Qayrogʻochlisoydagi choʻponlaru mudirdan boshqa hech kim bilmasdi. Toʻgʻri, ikkinchi boʻrining oʻligini hozircha ular ham koʻrishmadi. Lekin itga ishonishardi. Axir u – Vafodor, uch-toʻrt boʻri bilan ham tap tortmay olishib, hammasini daf qilgan zot. Bitta qanjiqning masalasini hal qilish nima boʻlibdi unga!
13
Dehqonboy qoʻylarigayam qaramay halloslab, Oʻtagan merganning uyiga yugurdi:
– Mergan bova-chi, Mergan bova! – oʻpkasi boʻgʻziga tiqilib, koʻrganlarini xabar qildi. – Vafodor bir narsani quvalab, Qovgʻalining boshigʻa chigʻib ketdi. Chaqirganimgayam qaramadi!
– Nimani quvaladi? – bosiq tovushda soʻradi u. – Nechtaydi ular?
– Men hech narsani koʻrmadim, chovgʻan baravar Qovgʻalidan oshib ketdi.
– Chaqirgʻaninga qaytmagʻanigʻa qaraganda itqushlardi quvalagʻan-ov. Qoʻzi-uloqlarga aylanishmasa, tulki-pulkiminan ishi boʻlmaydi uni…
Mergan shoshilmay oʻqdonini beliga bogʻladi. Miltigʻigayam ikkita oʻqni joylab yelkasiga ildi-da, Dehqonboy bilan Qavgʻoli tarafga yurdi. Uni qoʻylar yonida qoldirib, oʻzi toqqa chiqib ketdi. Tepadan togʻ ortidagi soylarni birma-bir nazardan oʻtkizdi-yu, koʻziga ilingulik biror jondorni koʻrmadi. Xayolidan it qashqirlar izidan Xontogʻi yo Qoʻytosh taraflarga ketgan-ov, degan fikr kechdi. Xontogʻi – ancha buzuq togʻ, yashirinishga qulayligini aytmasa, qashqirning u tarafga yurishi gumon. Qoʻytosh tomonga ensa, shaharchagacha bormaydi. Kunduzi odamlar bor joydan chetlab oʻtishadi. Bundan chiqadi-ki, u ancha yuqoridan, toshlarni panalab qochadi va Koʻkbuloq taraflarga oʻtib ketgan.
Keyingi taxmin Merganning diliga oʻtirishdi. Yaqinda Qoʻkbuloqning ferma mudiri yigirmata qoʻy vaʼda qilib, itini soʻrab kelgandi. Ularni bezor qilgan oʻsha qashqirlar qanday sabab bilan bu tomonlarga ogʻishgan? Otarlarida miltiq bilan itlarni koʻpaytirishganmi? Mergan ovchilar eplolmagan qashqirlarni miltiqning paqillashiga mahliyo boʻlib, pala-partish oʻq uzaveradigan choʻponlar nima ham qilolardi. Qishloq itlari zoʻr qashqirlarni koʻrsa pisib ketishi maʼlum.
Mudir aytgan qashqirlar yolgʻiz emasdi. Vafodorning izidan tushgani oʻshalar boʻlsa, ikkitadir. Bu taraflarga miltiq yo itlardan qoʻrqqanidan emas, shunchaki uloqib kelgan. Balki terskay tomondan engan yolgʻiz boʻridir. Shunday boʻlsa, uni bugunoq tinchitib uyga qaytadi.
Hoʻ birda itini qidirib Shogʻishmon togʻlarida sarson boʻlgani Merganning yodida. Bu safar ham bilib-bilmay Koʻkbuloqqa borishi befoydaligini angladi. It quvlagan qashqir otarlaru qoʻralarga yaqinlashmaydi. Imkoni boricha chetga, kimsasiz joylarga uradi oʻzini. Shunday ekan, ortiqcha ovoragarchilikka chek qoʻyib, ozroq sabr qilgani maʼqul.
U ogʻir-ogʻir qadam tashlab ortiga qaytdi. Vafodorni izlamay toʻgʻri qildimmikan, deb oʻyladi. Izlaganida qaysi togʻdanu qaysi ungurdan axtaradi? Togʻlarda bunday kunjaklar son mingta. Birma-bir qarab chiqishga umri ham yetmas.
Baribir itidan qattiq xavotirlanardi. Vafodor birinchi bor qashqirga roʻpara kelganida hali yoshroq edi. Oʻshanda ikkovlashibgina odamxoʻr yirtqichni daf qilishning uddasidan chiqishgandi. Sal boʻlmasa, u itini mayib qilib qoʻyay degandi. Buni iti aslo unutmadi va qashqir zotining qon dushmaniga aylandi. Qayerda koʻrsa yo hidini sezsa bas, ozu koʻpligiga qaramaydi. Qoʻrqmay tashlanadi. Shu feʼli Merganni xavotirga soladi. Uyliqib yurishganida toʻdalariga tushib qoladimi, deb qoʻrqadi. Ozligiga qaramay Koʻkbuloqda paydo boʻlgan boʻrilarni ham juda kuchli va pixi qayrilgan deb eshitadi. Quvlayotgani oʻshalar boʻlsa, Vafodorning bir oʻzi turish berarmikan?
Elyotar boʻldi hamki, Oʻtagan mergan koʻz yumolmadi. Negadir xavotiri ortib borardi. Balki qashqirlarni quvib, Gʻallaorol tomonlarga oʻtib ketgandir, deb oʻyladi. Unda ertaga ham qaytmaydi. Eshak minib togʻma-togʻ qidirishiga toʻgʻri kelar. Nima boʻlibdi, kerak boʻlsa Oyqorga ham boradi!
U tongni juda ilhaq boʻlib, uyquli-uygʻoq ottirdi. Orada uch-toʻrt marta Vafodor keldimikan, degan umid bilan tashqariga chiqib keldi. U qaytmadi. Oʻzi ne ahvolda-yu, kampirining pish-pish uxlashidan gʻashi keldi. Jahl ustida uni tepib yuboray dedi-yu, oʻzini tiydi. Dunyoni suv bossa, oʻrdak bilan gʻozga nima gʻam! Bir tepganida iti kelib qolsa ekan. Xonazot hayvonning yoʻqligini bilib ham bu oʻrdakmijozning beparvo yotishini koʻr! Odam deganiyam shunchalik begʻam boʻladimi?..
Kech peshinlarga borib chidolmadi: nafaqat uyiga, hatto hovlisiga ham sigʻmay qolayotganga oʻxshadi. Apil-tapil oʻrnidan turib, yoʻl hozirligini koʻra boshladi. Kechasi Qoʻytoshda tunar. Azonda yoʻlga chiqsa, kun koʻtarilganida Koʻkbuloqda boʻladi. Shu yerda iti toʻgʻrisida, hech boʻlmasa, biror xabar eshitar. Choʻpon-choʻliqlar hushyor boʻlishadi, atrofda yurgan begona hayvonlarga beparvo qarashmaydi.
Hovliga chiqqanida otdan tushayotgan ferma mudirini koʻrdi. U biror yaxshi xabar keltirganini fahmladi. Quvonganidan, oʻzidan ancha yosh boʻlishiga qaramay, undan oldin salom berdi.
– Va alaykum assalomu, assalom alaykum, oqsoqol, – u mayin jilmaydi. – Itingizdi izlab ketyapsiz chogʻi?
– Shunday… – Mergan qoʻlini olarkan, koʻziga ilhaq boʻlib tikildi.
– Izlamay qoʻyavering, hademay oʻzi keladi.
– Sizlar tomonga boripti-da.
– Ha, shu desangiz, katta ishdi bitirdi itingiz – na itlar va na ovchilar qilolmagʻan ishdi epladi u: koʻz oldimda itqushdi arlonini buvip oʻltirdi. Keyin qanchigʻini izidan quvip ketdi. Tong otgʻuncha uniyam tinchitgʻandir. Aqliga qoyil qoldim uni, shu desangiz, bir xil odamlardan farosatliroq koʻrindi!..
– Buvip oʻltirish – Vafodordi adisi. Boshqa hech bir it bunday qilolmaydi.
– Koʻriboq tanidim. Hoʻ birdayam koʻrib ketuvdim-da.
– Uyga kiring, choylashamiz.
– Albatta, kiraman, balki sizdikida tunab ham qolarman.
– Manovini Vafodoringiz kelgan zahoti yegizarsiz, – u xurjunidan kamida yetti-sakkiz kilo keladigan qoʻy quyrugʻini chiqarib Merganga uzatdi. – Oʻzingizga atalgʻani aravada kelayotir.
– Menga hech narsangiz kerakmas, itim sogʻ-salomat kelsa boʻldi.
– Shu desangiz aka, mundaychiqin itdi tarbiyalashdi oʻzi boʻlmaydi. Siz mehnatingizga yarashasini olasiz. Vafodoringiz boʻlmagʻonida itqushlar shu qoʻylardiyam oʻltirib, halol mollardi haromgʻa chigʻarib ketardi. Bugʻan qosh qaytarsangiz, sizdiki kufr boʻlar-ov…
“O-o-o bola tushmagur, jon joyimdan ushladi-ku, – koʻnglidan oʻtdi Merganning. – Endi unga nima deb boʻladi? Biroq Vafodor ham oʻz xizmatlari bilan u qilgan mehnatni oqlayapti-ku. Bu yogʻi qanday boʻladi?”
Asrorqulning gaplariga tayinli javob topib aytolmaganidan, Oʻtagan mergan indamay qoʻya qoldi. Asrorqul esa oʻtgan tunda yuz bergan voqealarni ijikilab, miridan-sirigacha soʻzlay boshladi. Buni eshitish mergan uchun maroqli edi.
14
Oradan yigirma yillar oʻtdi. Vafodor hamon kuch-quvvatdan qolmagandi.
Koʻklamning oxirlari. Quyosh endigina koʻtarilib kelardi. Odamlar bitta koʻylak bilan yuraversa boʻladigan iliqqina kun. Dehqonboy qoʻylarni yaylovga haydamoqchi boʻlib turardi. Mergan bilan kampiri yoʻlga solishga yordamlashishardi. Soydan oʻtkizib yuborishsa boʻldi, u yogʻiga Vafodorning oʻzi boqib ketaveradi. Dehqonboy ishga boradi. U endi konda ishlardi.
Shu payt Irgʻayli tomondan laychadan kattaroq bir qora it otilib chiqib, ular tomonga chopib kela boshladi. Oldinda turgan Vafodor bir zum unga ajablanganday tikildi-da, shartta burilib qoʻylarni orqasiga shigʻab haydadi. Mergan hech qayoqqa qaramay oʻzlari tomonga yugurayotgan begona itni koʻrmagan edi. Shuning uchun itining qiligʻidan hayratga tushdi. Nima balo, quturyaptimi u, degan fikrga ham bordi.
Vafodor qoʻylarni quvlaganicha qishloq yoʻliga tushirib, tezgina ortiga qaytdi va qora itning yoʻlini toʻsib chiqdi.
Oʻtagan mergan shundagina gap nimadaligini tushundi. Qora itning yaqinlashib qolganini koʻrsa-da, hech nimani fahmlamay, anqayib turgan Dehqonboyga bor ovozida hayqirdi:
– Nega angrayasan, hey! Tez uyga chop-da, miltiqdi olib chiq!
– Sen ham anqaymay uyga kir, manovi itti koʻrmayapsanmi! – oʻdagʻayladi kampiriga qarab.
Niholoy momo gap nimadaligini shundagina fahmladi, shekilli, uyi tomonga qochib qoldi. Oʻzi esa Vafodordan ilgariroq yetib, quturgan qora itni tepkilab boʻlsa-da, qaytarib turishni oʻyladi. Odamni tuman markazidagi zoʻr doʻxtirlar davolaydi. Ozroq qiynashsa-da, shifosini topishadi. Nima qilib boʻlsayam manovi balodan itini asrab qolishi kerak. Odam davolaydigan doʻxtirlar itiga qarashmaydi, uni qabul qiladigan shifoxona yoʻq.
Oʻtagan mergan hayvonlarni turli kasalliklardan forigʻ qiladigan baytarlar[11] borligini biladi-yu, vaqtida olib borishsa quturishning ham oldini olib qolishlarini sira eshitmagan. Bu kasallik yoyilib kemasligi uchun quturgan hayvonlarni, daydi itlarni otib, oʻligini yoqib yuborishlari yoki koʻmib tashlashlarini eshitgan, xolos…
Mergan qoʻylarni quvib yuborib, ortiga quyunday uchib kelayotgan Vafodorning oldiga chiqdi va hay-haylaganicha uni toʻxtatmoqchi boʻldi. It negadir boʻysunmadi. Aksincha, toʻxtatib qolmoqchi boʻlayotganidan gʻazablanganday oʻmrovi bilan bir urib, chetroqqa agʻdarib oʻtib ketdi va qora itga roʻpara keldi. Uning miyasi tamom aynib boʻlgan, shekilli, oldidagi bahaybat itdan zigʻirchayam qoʻrqmadi. Koʻzlari shom ufqiday qizargan. Tili ogʻziga sigʻmayotganday bir qarichcha osilgan. Undan salgina koʻpiklangan soʻlak tinimsiz yerga tomchilab turardi. Orqa oyoqlarida tik turib, Vafodorga tashlanmoqchi boʻlayotganida Vafodor uning boʻgʻzidan gʻarchcha tishladi. Qora it boʻgʻzini jingirtob qilib qisayotgan tishlardan qutulmoqchi boʻlibmi yo shunchaki junun ogʻushidami, boshini u yoq-bu yoqqa siltab tipirchiladi. Shu harakatlari davomida ogʻzidan oqayotgan soʻlak Vafodorning yuzlari va burniga surkalib ketdi.
Aftidan, nafas olganida soʻlak kanshirigiga ham oʻtib ketgan, shekilli, boʻgʻilib oʻlgan itni bir-ikki siltab, soy tomonga otib yubordi. Boshini yerga egib qattiq pishqirdi.
Vafodor oʻlgan itga qayta daf qilmadi. Ayni shu damda Dehqonboy keltirgan miltiqni qoʻliga olib, Mergan itining oldiga oʻtdi. Qimirlamay yotgan qora itning boshini nishonga toʻgʻrilab, miltiq tepkisini bosdi. Ammo “chirq” etgan ovoz eshitildi-yu, miltiq otilmadi. Shundagina ovdan tashqari paytlarda uyi devoriga osib qoʻyiladigan miltigʻini hech qachon oʻqi bilan qoldirmasligini eslab, qoʻli bilan boshiga bir-ikki nuqidi:
– Xomkalla! – dedi ovoz chiqarib.
U miltigʻi sumbasini oldinga toʻgʻrilab, ehtiyotkorlik bilan qimirlamay yotgan it tomonga yurdi. Yaqinroq borib, sinchiklab qaradi. Oʻlganiga amin boʻlgach ortiga oʻgirildi. Hanuz qimirlamay joyida mungʻayibroq turgan Vafodorga koʻzi tushib hayratlandi. U sirayam bunday holatda turmasdi. Nima boʻldiykin?
Nima boʻlganini aniqlash uchun ozroq yaqinlashgandi, u ortiga tislandi. Toʻxtagandi, it ham toʻxtadi. Tezlabroq yurgandi u burilib qochib, yoʻlga chiqib ketdi. Burilayotganida ortidagi soʻlak izlariga koʻzi tushib, Mergan titrab ketdi. Jonining boricha yugurmoqchi boʻlayotganida Dehqonboy toʻxtatdi:
– Siz unga yetolmaysiz, men boray, bova.
– Boraqol.
Qavgʻolining ustida koʻringan qashqirlarni quvib ketayotgan paytidagini aytmasa, Vafodor uning chaqirigʻini ham biror marta eʼtiborsiz qoldirmagan. Bu safar nimadir boʻlgan: baqir-chaqirlariga mutlaqo eʼtibor bermadi, aqalli burilib qaramadi. Nima boʻldi ekan?
Dehqonboy quturgan it qopgan odam yo hayvon qirq kun oraligʻida, albatta, quturishini eshitgan. Qora itning quturganini ham payqadi. Ammo u Vafodorni tishlay olmadi-ku! Boz ustiga hozirdanoq unda bunday alomat koʻrinmasligi kerak…
Nima boʻlganiga tushunolmay, taʼbi tirriq boʻlib ortiga qaytdi. Yetib kelganida Oʻtagan mergan yon-atrofidagi shox-shabbalarni oyogʻi bilan bosib sindirib, shoshilmay qora itning ustiga taxlab bosmoqda edi.
– Vafodor mengayam ushlatmadi, bova, oʻgʻon bir balo boʻgʻanmi?
– Qoʻradan ustiga kigiz parchasi tashlab qoʻyilgan idishdagi yermoyni[12], tandirning boshidagi uchi qayrilgan temir kosovni olib kel, – buyurdi u Dehqonboyning savoliga javob bermay.
Dehqonboy burilib ketayotib Merganning gʻazab va nafratga toʻla, gʻamgin ovozini eshitib bir qalqidi: demak, ahvol chatoq, Vafodordan ayrilib qolish xavfi bor!
– Laʼnati laycha, qoʻlingdan bit oʻldirish kelmasayam mening bahosiz itimdi xarob qilding-a! – dedi u oʻksib…
Oʻtinning ustidan tagidagi oʻlik itni ham boʻktirib kerosin quyishdi. Keyin gurillatib olov yoqishdi-da, oʻzlari chetroqqa oʻtishdi. Shu yerga ham jizgʻinak boʻlib yonayotgan goʻsht hidi yetib kelgach, yana orqaroqqa chekinishdi.
Nihoyat, olov soʻndi. Dehqonboyga chetroqdan chuqur kovlashni buyurib, qolgan ishni Merganning oʻzi bajardi: temir kosov bilan bozillagan choʻgʻ ichidan itning tirishib-burishib kabobga aylangan jasadini chiqarib oldi. Choʻgʻni yaxshilab bir joyga qaytadan uydi. Ustiga jasad qoldigʻini ikkinchi tomoni bilan yotqizib, tagʻin shox-shabbalarni sindirib bosa boshladi. Ustidan yana kerosin quydi. Olov gurillab koʻtarilgach, Dehqonboyning ishini koʻrishga oʻtdi.
Quturgan itning ustiga shox bosib, kerosin quyib u yoq-bu yogʻi uch soatdan ortiqroq kuydirdi. Endi uning yarim koʻmirga aylangan suyak-sayoqlarigina qoldi. Ularni ham eski lattaga bitta qoldirmay terib, latta-pattasi bilan Dehqonboy kovlagan chuqurga tashladi. Shu bilan alami tarqaydiganday, yuragini kemirayotgan dahshatli gumonlari bosiladiganday, chovada qolgan kerosinning hammasini suyaklar ustiga quyib gugurt chaqdi. Yonib boʻlgach, ustidan soz tuproq tashlab, tepkilab-tepkilab koʻmdi.
15
Vafodor qora itning quturganini koʻrgani zahotiyoq payqadi. Shuning uchun qoʻylarni tiriqtirib quvdi. Ularni-ku yetarli darajada havfdan uzoqlashtirdi. Ammo egalari xatarda qoldi. It, albatta, ularga zahmat yetkizadi. Buni sezib, darhol ortiga qaytdi. Keldi-yu, oʻziga xalaqit bermoqchi boʻlgan Merganni yiqitib, quturgan it bilan odamlar orasiga turib oldi.
Qora it qanday itga roʻpara kelganini his qilolmadi, oʻlar-tirilariga qaramay Vafodorga tashlandi. U tomogʻidan olganida tipirchilab, soʻlagini yuzlari va burniga surkab yubordi. Bunisi kamlik qilganday boʻgʻzidan chiqqan qonning bir qismi mahkam siqib turganiga qaramay, tishlari orasidan sizgʻib ogʻziga ozroq kirganini ham sezdi. Buning halokatga olib borishini bilgani holda vazifasini oxirigacha bajardi.
Vafodor Merganning oʻzi tarafga kelayotganini koʻrib tislandi. U egasining odatdagidek boshlari, junlarini silab-siypalab erkalatmoqchiligini biladi. Bunga yoʻl qoʻymaslik uchun oxiri qochdi. Shu vajdan Dehqonboyga ham tutqich bermadi. Savqi tabiiy, u oʻziga tuzatib boʻlmas dard yuqtirganini sezgan edi… Dehqonboy qaytganini bilgach, bemalol, odatdagidek yoʻrtib Kelitoshgacha bordi. Keyin keskin oʻngga burilib, yuqoriladi. Odamlar yashamaydigan joyga yetgach chapga burildi. Oldidagi katta qirdan oshgach, soydagi buloqqa tushdi.
U boʻrilarning tishlari orasidan sizgʻigan qonlarini yutgan. Biroq bu safar quturgan itning qonini yutmadi. Burniga ketgan soʻlakni pishqirganida ogʻzidagi qon yuqini ham chiqarib tashlashga harakat qildi. Biroq buni qanchalik eplaganini Xudo biladi. Ixtiyoriymi, beixtiyormi buloqqa oyogʻini tiqib, yuzlarini mushukka oʻxshab yuvdi. Tumshugʻini tiqib, odatdagidek yalab emas, odamga oʻxshab tortib, bir-ikki marta pishqirib tashladi. Bundan koʻngli toʻlganmi, yoʻqmi, har qalay oʻrnidan turib, Kanali togʻini yonlab, dasht tomonga yoʻl oldi.
Mergan kuz kunlaridan birida qoʻylarni Dehqonboyga qoldirib, Vafodor bilan Qiyqim dashtiga, bulduruq oviga birga borgandi. Oʻshanda Vafodor Kamarovul qishlogʻi etagida qandaydir chuqurlikdan bir gala kaptarning parillab havoga koʻtarilganini koʻrdi. Xoʻjayini negadir ularga oʻq uzmadi. Baʼzan shu turdagi qushlarni ham ovlaganini koʻrgani uchun hayron boʻlganga oʻxshadi. Shunchaki qiziqib, oʻsha chuqurlikning yoniga bordi va tagida suv yiltirayotgan eski bir tashlandiq quduqqa roʻpara keldi. Ogʻziga yaqinroq joydan kaptarlar tirnoqlab oʻzlariga uya yasab olishgandi. Bunday uyalarga qoʻyilgan tuxumlarni dasht ilonlari ololmaydi.
Keyinchalik itning koʻziga shu tashlandiq quduq koʻrinib ketdi va imkoni boricha odamlar yashaydigan joylarni chetlab, oʻsha tarafga yurdi. Nega aynan shu tomonga yurganini oʻzi ham aniq-tiniq tasavvur qilolmadi. Quvvai hofizasida faqat bir narsa ogʻir toshday qotib turardi: odamlar va hayvonlardan olisroqda yurish! Shunday qilsa oʻziga va boshqalarga ham yaxshi boʻlishini sezib turardi.
Quyosh botishiga yaqin Kamarovulga kirib bordi. Hozir bu ovul yoʻq. Odamlari paxtakor tumanlarga koʻchib ketishgani bois, oʻrnida qulagan, nuragan vayronalar qolgan. Eshik, rom va toʻsinlarini atrof qishloqlarda koʻchmay qolgan odamlar allaqachon ochib, buzib, tashmalab ketishgan. Lekin oʻgatliklar qachonlardir gurkiragan qishloq oʻrnini hamon Kamarovul deyishadi. Yodgor boʻlib uning nomigina qolgan…
Garchi shoshilib kelgan esa-da, Vafodorning darhol oʻlgisi kelmadi. Qanday bilgani nomaʼlum, ammo bunga hali fursati yetarli ekanligini sezdi. Shunga qaramay, quduqqa yaqin bordi va tumshugʻini u yoq-bu yoqqa oʻgirib tagiga qaradi. Hidlab koʻrgandi, burniga qandaydir zax va qoʻlansa hid urildi-yu, tagida suv yoʻqligini payqagach, hayratlanganga oʻxshadi. Foydalanilmagach suvi ozroq boʻlsayam koʻtarilib ivitgani bois, pastki devorlari oʻpirilgani va odamlar qavgʻoni koʻtarib turadigan toʻsinlari-yu, qopqogʻigacha tashmalab ketishgach, atrofini turli hasharotlardan muhofaza qilib turuvchi ikki paxsali devor ham qor-yomgʻirlar taʼsirida ichiga qulaganini u bilmasdi. Atrofida toʻsiq qolmagach, yozning oxirlari va kuzda tinimsiz esadigan dasht shamollari bandidan chirt uzilgan tuyaqorinlarni yumalatib, chang-gʻubor aralash qoʻziquloq va choʻp-xaslarni uchirib kelib tagiga bosardi. Onda-sonda shiddat bilan osmonu falakka koʻtarilib, quduqqa toʻgʻri keladigan quyunlar ham mayda-chuydalar bilan birga bir-ikki chelak chang-tuproqni undan ayashmasdi.
Vafodor asta oʻrnidan turdi. Qilichmozor tomonga tasmaday choʻzilib ketgan arava yoʻli yoqasidagi bugʻdoyzor orasiga yigirma qadamcha ilgarilab, uzala tushib yotib oldi…
Atrofni alvon rangiga boʻyab, quyosh Qorachatogʻ ortiga botdi. Yon tomondan choʻl baqasining choʻzib qurillagani eshitildi. Asta-sekin atrofni surmarang qorongʻilik oʻrab kela boshladi. Birozdan soʻng Qoʻytosh togʻlari ortidan bir cheti ozroq kemtilgan zarhal oy koʻtarildi. U olamni chulgʻagan zulmatni quvib tobora tiniqlashar va sut rangiga yaqinlashib borardi.
Dafʼatan Vafodorning koʻzi koʻk toqida sokin suzayotgan oyga tushdi va uzoq tikilib qoldi. Unda nimani koʻrgani va nimani his qilgani nomaʼlum, ammo bir mahal oʻrnidan turib, ota tomonidan ajdodlariga oʻxshab choʻzib uvladi. Garchi u boʻriga oʻxshab uvlasa-da, vujudida ularga sirayam yaqinlik sezmadi. Aksincha, bir umr odamlar va uy hayvonlarini oʻziga doʻst tutdi: egasiga suyandi, uning mol-holini turli balo-qazolardan qoʻriqladi.
Ayni shu paytda Oʻtagan mergan bilan Dehqonboyni judayam koʻrgisi keldi. Insoniy sogʻinchga oʻxshash bir tuygʻu yuragini junbishga keltirdi. Koʻz oldidan viqorli togʻlar, osmonga bosh tiragan choʻqqilar suzib oʻtganday boʻldi. Qashqirdan boshqa undagi har bir jondor, har bir buta, har bir tosh oʻziga qadrdon boʻlib qolgandi. Endi shular ichida eng muhimi – egalarini yana bir martagina koʻrsa, huv bolalik chogʻlaridagidek bir martagina olishib oʻynasaydi. Keyin armonsiz oʻlardi…
Bu istakni amalga oshirish qiyin emasdi. Lekin vujudini zarpechakday chirmayotgan shu tuygʻuga taslim boʻlsa, u Vafodor boʻlolmasdi. Bunday istaklarga boʻysunar darajada ojizlik qilganida, vaqt va kuch sarflab bu taraflarga kelib yurishiga ham hojat yoʻq edi. Boshqa itlarga oʻxshab tinchgina egalari yonida qolardi. Bir kuni quturib oʻlardi va oʻzi sevgan, oʻzi suyangan odamlarni ham bu qismatdan benasib qoldirmasdi.
Juda majbur boʻlib qolmasa, uni oʻldirishga hech qachon Merganning qoʻli bormasligini Vafodor biladi. Aynan shunisidan qochdi. U egasining oʻqidan oʻlishi kerak emas. Lekin istaydimi-yoʻqmi, bir kuni shunday boʻlishi muqarrar. Bu oralaridagi adadsiz mehr rishtasini batamom uzib yuboradi. Vafodor koʻzga koʻrinmas bu rishtaning uzilishini emas, umrbod saqlanib qolishini istadi. Oʻzi qayerdadir oʻlsa oʻlar, ammo mehr qolsin! Shu tuygʻu uni ovloqlarga yetakladi.
16
Oʻtagan mergan itini koʻp qidirdi. Kelitoshgacha borgani va shu yerdan oʻngga burilib, yuqoriga oʻrlaganini ham koʻrishgan. Kelitoshdan yuqoridagi uylargacha, oraliqda ancha uzilish bor. Vafodor ayni shu joyda yoʻqolgan. Teparoqdagi uylarda yashovchilarning birortasi koʻrmaganiga qaraganda, u shu oraliqdan oʻngga burilib Qoraqush tomonga yoki chapga burilib dasht tarafga ketgan.
U avvalo togʻ tomonni “elak”dan oʻtkazishga qaror qildi. Ikki haftaga yaqin tentirab, biror oʻngir, soy yoki koʻziga bundayroq koʻringan ulkan toshlarning kovaklarigacha qoldirmay qarab chiqdi. Biroq itining na oʻligini, na tirigini topoldi. Shundanoq togʻ oraliqlarida bekorga sarson boʻlganini tushundi.
Mergan befoyda qidiruvlarni toʻxtatib uyiga qaytdi. Ammo oyoq uzatib yotolmadi: yuragi hapriqib toqatsizlandi. Negadir dashtlarni ham qarab chiqqisi kelaverdi. Togʻ oralab qirq-ellik chaqirim joylarga borib-kelib yurgan iti nihoyati oʻn chaqirim ham kelmaydigan Qiyqim dashtlari yoki Yozkechuvda adashib yurganday boʻlaverdi. Topsa, albatta, uyiga olib keladi va zanjirlab boʻlsa-da, boqadi. Yaqiniga na mol, na odamni yaqinlashtiradi. Ajali yetib oʻlsa, oʻzi oʻsgan oʻrani qayta ochdirib, unga kafanlab koʻmadi. Vafodor shunday eʼzozga munosib it!
U Kelitoshdan oldingi safar toqqa koʻtarilgan joyigacha bordi. Shu yerdan chap tarafdagi qirga qiyalab koʻtarilib, soydagi buloq boʻyiga endi. Atrof ancha yorishib qolgan. Shuning uchun eshagidan tushib, yuz-qoʻlini yuvib olmoqchi boʻldi.
Buloq boshiga choʻnqayib oʻtirganida beixtiyor ikki qadam naridagi soz tuproqda muhrlanib qolgan izlarga koʻzi tushdi. Iz kattagina, zalvorli itniki ekanligi yaqqol bilinib turardi. Bu belgilar Vafodorga xosligini payqab, Mergan quvonib ketdi. Yuz-qoʻlini yuvishni ham unutib, iz boʻylab jadal yurdi. Nariroqdagi oʻt-oʻlanlar orasida u gʻoyib boʻldi. Lekin Mergan Vafodorning dashtga ketganini aniq bildi. Shu tufayli buloq boshiga qaytib, bamaylixotir yuvindi.
Tushga yaqin Koʻrbuloqdagi bir tanishinikiga qoʻndi. Ham nahorlik, ham tushligini shu yerda qilib oldi. Uy egasi va uni koʻrish uchun kirgan qoʻni-qoʻshnilaridan surishtirdi. Itining yoʻqolganini bular ham eshitishgan ekanu koʻrdim deydigani topilmadi.
– Balki Qoʻrgʻonjar yo Yangiqishloqdagilar koʻrishgandir, yoʻl ustida soʻrab oʻtarsiz, – dedi birovi uni umidlantirib.
Bu qishloqlarda ham umidi puchga chiqdi.
Shu yerdan Qiyqim dashtlari boshlanadi. U – keng Yozkechuv dashtlarining kichik bir qismi. Ikki tomoni asosan dengizday chayqalayotgan bugʻdoyzor, ora-sira noʻxat va lalmi qovun-tarvuzlar ekilgan paykallar oralab Kamarovulga ham yetdi. Vayronalar orasiga qanchalik sinchiklab nazar tashlamasin, bu yerda ham Vafodorning qorasi koʻrinmadi. Tashlandiq quduq tarafni ham koʻrib oʻtishni xayoliga keltirmay, Qilichmozorning yoʻliga tushdi.
Ovchilar boshqalarga nisbatan sezgirroq boʻlishadi. Anchadan buyon davom etib kelayotgan asabiylik va charchoq Merganning diqqatini ozroq susaytirganmi, shu yerda – yoʻldan atigi yigirma qadamgina narida iti yashirinib yotganini ilgʻamay oʻtib ketdi. Vafodor esa uni vayronalar ortidagi tepalikka koʻtarilganidayoq koʻrdi. Yuragi bir hapriqib tushdi, ammo yerga qattiqroq qapishib oldi.
Vafodor oʻzini majburlab qochib yurgan esa-da, yolgʻizlikka sira koʻnikolmayotgan edi. Unga sogʻinch hissi qoʻshilib, vujud-vujudini ezib yubormoqda edi. Egasi yonginasidan oʻtayotganida bu tuygʻu birdan alanga oldi. Oʻzini kuch bilan toʻxtatib qolmaganida istagini, albatta, amalga oshirardi: Merganning oldiga oʻynoqlab chiqardi, eshagini toʻxtatib oʻngiriga erkalanib osilardi. Shunda u ham dunyoni unutardi: eshagidan sakrab tushib, oʻzi uchun eng xatarli ishga qoʻl urardi – bagʻriga bosardi, silab-siypalab erkalatardi…
Mergan oʻtib ketgach Vafodor oʻzini bosolmay dardli ingradi. Beixtiyor boshini bugʻdoy boshoqlaridan yuqoriroqqa koʻtarib yubordi. Parishon holda eshagini yoʻrgʻalatib ketayotgan egasining ortidan shunday tikildiki, yuzini koʻrolmasa-da, tanasi tarxini goʻyo koʻzlariga umrbodga muhrlab olmoqchiday va uni oʻzi bilan birga abadiyatga olib ketmoqchiday edi.
Mergan shu paytda orqasiga birgina qarab qoʻyganida bormi!
Shunday ehtimol ham yoʻq emasdi. Kutilmaganda u ortiga oʻgirilib qolishi mumkinligini his qilib, Vafodor joyiga yotib oldi. Boshini oldinga choʻzilgan oyoqlari ustiga qoʻyib, taʼbir joiz boʻlsa, xayolga toldi va xayolan egasi bilan vidolashdi: “Alvido! Bergan tuzing va qilgan tarbiyatingga rozi boʻl! Mendan ranjima, shunday yoʻl tutishga majbur boʻlib qoldim. Alvido, olamdagi eng yaxshi va eng suyukli ODAM!”
Quyosh botgunicha oʻrnidan qimirlamadi. Har kuni bironta quyonmi, yumronqoziqmi tutib, oʻlmas ovqatini qilardi. Bugun shunga ham ragʻbat sezmadi. Koʻz oldidan Oʻgatning purviqor togʻlari, sersuv soylari bir-bir oʻta boshladi. Ana, u tepadan qoʻy-echkilarning hidi anqib kelayotgan oʻra ichida Dehqonboy bilan kurash tushyapti. Ana, u togʻdan enib tushgan egasi bilan olishib ketdi. Ana, u baland tuyatosh ustida qoʻnishib oʻtirgan Mergandan koʻz uzmay turgan odamxoʻr qashqirga roʻbaroʻ boʻldi. Bu uning oʻz yovi bilan ilk uchrashuvi edi. Keyin Qoraqush atroflari, Shogʻishmon togʻlari, Koʻkbuloq va boshqa joylardagi hisobini oʻziyam unutgan qator olishuvlar…
Quyosh botib, atrofni nim qorongʻilik chulgʻay boshlaganida u oʻrnidan turdi. Bugʻdoyzordan chiqib yoʻlni kesib oʻtdi-da, quyiroqdagi boʻzga yotib oldi. Bu yerdan nihoyati yuz qadamcha pastdan shovqin solib, shiddat bilan oqayotgan Oʻgatsoyning tovushi baralla eshitiladi. Bu uning bezovta yuragiga orom bagʻishlaydi, oʻzi oʻsgan joylarning yoqimli boʻylarini keltirayotganday boʻladi. Jimgina quloq tutib, rohat oladi.
…Vafodor sezgan va kutgan alomatlar yangi chiqqan oy toʻrt-besh kunlik boʻlganida bilina boshladi. Bot-bot ogʻzidan suv tomchilaydi, aʼzoyi badani tirishib yer timdalaydi. Boshi qizib, miyasida ham nimadir boʻlayotganday. Endi soyning shovqini ham yoqmay qoldi. Kechga yaqin chanqogʻini bosish uchun pastga tushdi-yu, suvni koʻrib, qoʻrqib ketdi. Tislanib shosha-pisha yuqoriga chiqqach, ortiga qaramay qochdiki, bu yaxshilik belgisi emasdi.
Iskalanib u yoq-bu yoqqa yurdi. Burni hidni avvalgiday yaxshi ololmadi. Shunda quloqlari ham chitirlab ketdi. U paymonasi toʻlib kelayotganini payqadi. Endi fursat oʻtkazib boʻlmaydi. Paysalga solib yana bir kunni oʻtkazsa oʻziga tashlangan qora it holiga tushishini, bu ulkan fojiaga olib borishini sezdi.
Vafodor qomatini adl tutib, atrofni xira yoritayotgan oyga qaradi. Unga tikilganicha dashtni zir titratib uvladi. Ovozidagi nola va figʻon toshlarni ham eritar darajada mungli edi. Goʻyo: “Bevafo dunyo, meni oʻz holimcha oʻlishga qoʻymading! Qandaydir bir laychani yuborib oʻldirdig-a! – deya figʻon qilayotganday edi. – Lekin men mardona oʻlyapman, hech kimga zararim tegmadi, hech kimni musibatda qoldirmadim!”
U shartta burildi-yu, kuchining boricha quduq tomonga yugurdi. Yetib kelib ikkilanmay chohga shoʻngʻidi. Tagidagi xas-xashaklar chirib, chang-gʻuborlar bilan shibbalangan qoq yerga boshi zarb bilan urilib, oʻz ogʻirligi tufayli boʻynidagi umurtqa suyagi va asab tolalari uzilib ketdi. Anchagacha hushsiz yotdi. Bir mahal oʻziga kelib na oyoqlarini qimirlata oldi, na boshini; na ogʻriq sezdi va na azob. Quduqning ogʻzidan yulduzlar jimirlashayotgan lojuvard osmonning bir boʻlagi koʻrindi, xolos.
Soyim ISʼHOQ
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–5
[1] Arlon – erkak boʻri.
[2] Gidik – kuchukcha.
[3] Itqush – boʻri demoqchi (boʻri degan soʻzni tilga olmaslik uchun shunday deyishadi).
[4] Yovvoyi choʻchqa ovlashga moʻljallangan oʻq. Mutaxassislar uni “Polev patroni” deb ham atashadi.
[5] Ong – ovlanadigan parrandalar.
[6] Quyonchiq – ziqna.
[7] Qulgʻana – aslida yuqumli kasallik nomi. Bu yerda ayyor, tutqich bermas maʼnolarida qoʻllanilgan.
[8] Eki oyoqli – mol oʻgʻrilari nazarda tutilmoqda.
[9] Mechkayingdan – tafakkuringdan demoqchi.
[10] Happoy – odim, qadam (chillik oʻyinda bir bilak oʻlchovi).
[11] Baytar – veterinar.
[12] Yermoy – neftdan olingan mahsulotlarning xalq tilidagi umumiy nomi. Bu yerda kerosin maʼnosida qoʻllanilmoqda.
https://saviya.uz/ijod/nasr/vafodor/