Aziz asrimizning aziz onlari,
Aziz odamlardan soʻraydi qadrin.
Fursat gʻanimatdir, shoh satrlar-la,
Bezamoq chogʻidir umr daftarin.
(Gʻafur Gʻulom)
Turtki
Yoz kunlarining birida hovlimizdagi ishkom tagidagi supada “Shum bola”ni oʻqib oʻtirardim. Mansur bobom hassasini doʻqillatganicha eshikdan kirib keldi. Kitobdan arang uzilib, bobom bilan koʻrishdim.
– Koʻp yasha, oʻgʻlim, koʻp yasha, xoʻsh, qanaqa kitob oʻqiyapsan? – soʻradi bobom.
– “Shum bola”ni…
– “Shum bola”… Ha, oʻzimizni Gʻafurjonning kitobimi?
– Ie, oʻzimizning Gʻafurjon deganingiz nimasi? U odam akademik Gʻafur Gʻulom-ku, bobo!
– Ha, oʻsha akademik deganing oʻzimizning Gʻafurjon-da, – dedilar bobom kulib.
– Qanaqasiga?
– Oʻsha, sen aytayotgan akademik shoir qishlogʻimizga uzoq yillar kelib-ketib yurib qadrdon boʻlib qolgan. U kishi qishloqqa kelibgina qolmay, hatto bir necha oylab yashagan, ijod qilgan. Poʻlatxoʻja Siddiqxoʻjayev degan akamiz Gʻafurjon bilan juda qalin doʻst edi. Poʻlatxoʻja aka “Suvchi” taxallusi bilan sheʼrlar yozardi. Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, Choʻlpon, Fitrat, Elbeklar bilan ham yaqin doʻst boʻlib, bordi-keldi qilib turardi.
– Bobo, Poʻlatxoʻja buva hozir hayotmilar?
Bu savolimdan bobom birdan maʼyus tortdi.
– Ey, bolam, Poʻlatxoʻja akaga oʻxshagan qanchadan-qancha yaxshi odamlar gʻalamislar tuhmatiga uchramadi deysan. 1933 yil uni qamoqqa olishdi. Shu ketganicha qishloqqa qaytib kelmadi. Oʻgʻlim, ana shu sen oʻqiyotgan “Shum bola”ni menga har gal Sohiba ammang oʻqib berganida, qishlogʻimiz odamlari koʻz oldimga keladi. Kitobning ayrim joylari qishlogʻimizda yozilmaganmikan, deb oʻylab qolaman…
Qissani necha qayta oʻqiganimni eslolmayman. Kinosini-ku, hozir ham televizorda berib qolishsa, albatta, kiprik qoqmay koʻraman. Bolalik kezlarimda bobom bilan kechgan suhbat xayolimga keladi. Qishloqdagi yoshi ulugʻlar, mashhur shoirni koʻrib, gaplashganlar bilan uchrashdim. Ularning hikoyalarini tingladim.
Tanishuv
Oʻtgan asrning yigirmanchi, oʻttizinchi yillarida kavardonlik Poʻlatxoʻja Siddiqxoʻja oʻgʻli Suvchi respublikaning eng koʻzga koʻringan ishchi-dehqon muxbirlaridan boʻlgan. “Qizil Oʻzbekiston”, “Kambagʻal dehqon”, “Batrak” gazetalari, “Mushtum” jurnalida uning maqolalari bosilib turgan.
…Bir kuni Poʻlatxoʻja aka “Mushtum” jurnaliga borib, Abdulla Qodiriy oʻtirgan xona eshigini asta taqillatadi.
Ichkaridan: “Kiravering!” degan ovoz eshitiladi.
– Assalomu alaykum, domla, – deya xonaga boshiga doʻppi, egniga ola chopon kiygan Poʻlatxoʻja kiradi.
– Va alaykum assalom, kelsinlar, mavlono Suvchi, qadamlariga hasanot, – deya Qodiriy domla yarim hazil bilan samimiy kutib oladi.
Qodiriy domlaning yonida esa qotmadan kelgan, qaddi-qomati kelishgan yosh yigit oʻtirardi. Abdulla Qodiriy salom-alikdan soʻng:
– Poʻlatxoʻja, tanishing bu yigit shoir ukamiz Gʻafyp Fylom boʻladi, – deydi.
Bu tanishuv Poʻlatxoʻja akani Gʻafur Gʻulom bilan bir umrga bogʻlaydi.
Kavardonga ilk tashrif
1928 yil yozida Poʻlatxoʻja doʻsti Gʻafur Fylomni ona qishlogʻi Kavardonga taklif qiladi. Gʻafur Gʻulom bir necha qalamkash doʻstlari bilan chang va oʻnqir-choʻnqir yoʻllardan oʻtib Kavardonga boradi. Qishloqning soʻlim tabiati, musaffo havosi, shoirtabiat odamlari Gʻafur Gʻulomni butunlay oʻziga maftun qiladi va shundan soʻng qachon shaharga sigʻmay qolsa, Kavardon qaydasan, deb yoʻlga tushadigan odat chiqaradi. U har gal Kavardonga kelganda qishloq yonidan oʻtadigan Qorasuv daryosi sohilida hordiq chiqarar, Xontepa va Xonimtepalarga chiqib sayr qilardi. Qishloq kishilari bilan uzoq-uzoq suhbatlashardi.
“Gʻafup ukang bir kelmadi”
(Poʻlatxoʻjaning singlisi Umriniso aya hikoyasi)
Men oʻsha kezlarda Oʻrta Osiyo byurosi qoshida ochilgan xotin-qizlar kursida oʻqir edim. Gʻafur Gʻulom qalamkash doʻstlari Oybek, Maqsud Shayxzoda, Abdulla Qahhorlar bilan tez-tez Kavardonga kelishib, uyimizda mehmon boʻlishardi. 1929 yilning fevral oyida Oʻrta Osiyo davlat universiteti qoshida ochilgan ikki yillik kursga oʻqishga kirdim. Turli xabar va maqolalarim respublika radiosida oʻqib eshittirilar, gazetalarda bosilib turardi.
Bir kuni oʻqishdan uyga kelsam, Poʻlatxoʻja akam kasal yotgan ekan. Doʻsti Fafur Gʻulom, bexabar boʻlsak kerak, akamni koʻrgani kelmabdi. Oʻshanda Poʻlatxoʻja akam onamiz Savriniso nomidan doʻsti Fafur Gʻulomga hazil tariqasida sheʼriy maktub yoʻllab, uni mendan berib yuborgan edi:
Yoru doʻst keldi hamon Gʻafur ukang bir kelmadi,
Dard chekib boʻlding yomon, Gʻafur ukang bir kelmadi,
Sen degan erding ukam Ahror ila boʻldi ikkov,
Boʻlmadi sen oʻylagan Gʻafur ukang bir kelmadi.
Kelmasa ham boʻlsin omon doʻstlaringning barchasi,
Eng qadrli ham jonajon Fafur ukang bir kelmadi,
Oʻylama qildi hazar deb, balkim qoʻli tegmagandir,
Qish havosi yoʻl yomon, Gʻafur ukang bir kelmadi.
Men sheʼrni olib borgan kunimning ertasigayoq domla Gʻafur Gʻulom: “A-a, oyi, qish havosi yoʻl yomon-a”, – degancha onamiz Savriniso aya oldiga kulib kirib kelgan edi.
Ha, domla Gʻafur Gʻulom ana shunaqa xushchaqchaq va oqibatli inson edi.
Sovgʻa
1930 yilning yozi. Poʻlatxoʻja aka hamqishloqlari Oʻrmon tegirmonchi, Shertoy firqa, Normat brigadir, Noʻmonxoʻja hisobchi, Ivan Bondarenko, Toʻlagan Roʻziyev singari yoshlar bilan Kavardon qishlogʻida kolxoz tuzishadi. “Mehnat birlik” deb nom qoʻyilgan bu xoʻjalikka Poʻlatxoʻja aka rais boʻladi.
Gʻafur Gʻulom Poʻlatxoʻja aka xonadoniga tez-tez kelib, yangi tuzilgan “Mehnat-birlik” xoʻjaligi dalalariga chiqib, odamlar bilan suhbatlar qurardi. Bunday suhbatlar Gʻafur Gʻulomga ijodiy kayfiyat bergan boʻlsa ajabmas.
Ana shunday kunlarning birida Poʻlatxoʻja akaning ayoli Payziniso opa hovlidagi supada roʻmolcha toʻqib oʻtirardi.
– Poʻlatxoʻja aka, ho Poʻlatxoʻja aka, – degancha Gʻafur Gʻulom daftar-kitobini qoʻltiqlab eshikdan kirib keladi.
– Qaynim, keling-keling, qaysi shamol uchirdi? Boyagina Munisxon yoʻl qarayotgan edi… Bugun mehmon kelar-ov desam, akangiz Gʻafurjon kelsa kerak, degan edi. Bilmadim, sizni kelishingizni qayoqdan bilarkin.
– Hormang, yanga, hormang. Bu Poʻlatxoʻja akam meni mehmonga kelishimni tush koʻradilar yoki fol ochib bilsalar kerak-da… Bu deyman, Poʻlatxoʻja akamning oʻzlari koʻrinmaydi. Yoki yana qimiz-pimiz ichgani ketdilarmi?
– Ey, Gʻafurjon, qaynim, ana shunday ish qizigan kunlarda akangiz qimizxoʻrlik qilib yurarmidi? Hatto bir piyola choy ham ichmasdan kallayi sahar chiqib ketgan edilar. Hademay kelib qolsalar kerak.
– Poʻlatxoʻja akam rais boʻlganidan beri ijodni ham yigʻishtirib qoʻydimi, deyman. “Mushtum”, “Qizil Oʻzbekiston”da koʻrinmay qoldilar.
– Ha, rost aytasiz, bosh qashishgayam qoʻllari tegmay qoldi.
– Yangajon, roʻmolcha toʻqishga juda usta ekansiz-ku.
Payziniso opa endigina toʻqib boʻlgan roʻmolchani Gʻafur Gʻulomga uzatar ekan: “Oling, qaynim, bu sizga mendan covgʻa”, – dedi.
Olmosxonning dugonasimisan?
(Poʻlatxoʻja akaning qizi Munisxon aya hikoyasi)
Gʻafur Gʻulom 1931 yilning yozida Xonimtepa yonidagi eski uyda istiqomat qilgandi. U kishi tabiatan quvnoq, dilkash inson edi. Ayniqsa, yosh bolalarni juda yaxshi koʻrardi. Oʻsha kezlarda 3-4 yoshli qizaloq boʻlganligim uchun Gʻafur amakim bilan kechgan uchrashuv va suhbatlarning baʼzilari xotiramda qolgan.
Keyinchalik men Gʻafur amakim bilan 1954 yilning jazirama yozida uchrashdim. Oʻshanda maktabni tugallab, Toshkentdagi pedagogika bilim yurtiga oʻqishga kirish uchun borgan edim. Kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirib, sinov komissiyasidan esa oʻtolmay qoldim-da, Gʻafur amakimning Beshyogʻochdagi uyiga bordim. Gʻafur amakimning oʻzi kutib oldi. Avvaliga tanimadi shekilli, ichkariga taklif qila turib:
– Sen Olmosxonning dugonasimisan? – dedi.
– Yoʻq, doʻstingiz Poʻlatxoʻja Siddiqxoʻja oʻgʻli Suvchining qizi Munisxon boʻlaman, – dedim.
– E, kavardonlik Poʻlatxoʻja akaning qiziman degin, boʻldi-boʻldi, tanidim. Men sizlarni uyingizga borgan kezlarimda sen 3-4 yoshlardagi qizaloq eding. Attang, sheʼrga juda usta odam edi, rahmatli. Igʻvogarlarning tuhmatiga uchrab ketdi-da, – deya afsus bilan bosh chayqadi.
Oʻsha kuni amakim meni pedagogika bilim yurtiga yetaklab borib: “Bu qishloqdan paxta terib kelgan qiz, albatta, shu yerda oʻqishi kerak”, – dedi.
Gʻafur amakimning ana shu yordami bilan men pedagog boʻlib yetishdim, qariyb oʻttiz yil yoshlarga dars berdim.
Kavardonga soʻnggi tashrif
Gʻafur Gʻulom bilan hamqishloqlarim eng soʻnggi bor 1964 yilning yozida, Kavardonda uchrashgan ekan. Oʻshanda Gʻafur Gʻulom oʻzi bilan birga yozuvchi Oybekni, adabiyotshunos olim Homil Yoqubovni ham olib kelgan ekan. Oʻsha kuni ijodkorlar Qoraqalpoq anhori yonidagi choyxonada sheʼriyat kechasi oʻtkazishibdi. Fafur Gʻulom oʻzining “Bizning uyga qoʻnib oʻting, doʻstlarim” degan sheʼrini oʻqib beribdi:
…Sheʼr oʻqiylik Lutfiydan, Navoiydan,
Bedil, Furqat, Pushkin ila Jomiydan.
Keyin qolmay zamona ayyomidan,
Dil yorisin misralar ilhomidan.
Bizning uyga qoʻnib oʻting, doʻstlarim…
Soʻngra ular Qorasuv daryosi boʻyidagi toʻqayzorga tushishib, hordiq chiqarishibdi.
Kechga yaqin domla Gʻafur Fylom qalamkash doʻstlari bilan qishloqning tor koʻchalaridan asta ortga qaytar ekan, qishloq uzra quyidagi satrlari jaranglar edi:
Keksa shoir tilidan ovozimiz,
Shunday oʻtsin har bahoru yozimiz.
Koʻp koʻrinsin sizga qoʻygan ozimiz,
Doʻstlar uchun jonimiz, niyozimiz.
Bizning uyga qoʻnib oʻting, doʻstlarim!
Kavardonlik hamqishloqlarim domla Gʻafur Gʻulom bilan qishloqda soʻnggi bor uchrashayotganliklarini va uning xushchaqchaq qiyofasini boshqa koʻrmasliklarini, albatta, xayollariga ham keltirmaganlar.
Ikki yil oʻtgandan soʻng radio mashʼum xabarni eʼlon qilganida, minglab muxlislar qatori kavardonliklarning ham vujudi larzaga tushdi…
…Yuqoridagi hikoyalarni tinglab, haqiqatdan ham ulugʻ shoir qishlogʻimizga koʻp kelgan va kavardonliklarga qadrdon boʻlib qolganini bilib oldim.
Shunda bobomning soʻzlari quloqlarim ostida yana takror yangradi: “Oʻzimizning Gʻafurjonmi?..”
Latifjon MANSUROV
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–4
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/kavardonliklar-qadrdoni/