Uzun yoʻl boshi yoki erkin soʻz umri

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev zamonamizning zabardast adiblaridan biri edi. Umr vafo qilganida ulugʻ yozuvchimiz shu kunlarda muborak 70 yoshga toʻlar edi. Afsus…

Ammo taskin va yupanch borki, Shukur akadan boy ijodiy meros qoldi. Oʻzi ham iqror boʻlganidek hikoyachilik janrini yangi bosqichga koʻtara oldi. “Sharq” nashriyoti 2003 yildan buyon adibning 4 tom saylanma asarlarini chop etdi, hali qancha qissa, roman, esse, yana qancha hikoyalari bor. Barchasini jamlasa ehtimol 10 jilddan oshsa kerak. 3-jildda “Ena qizim Sayyorajon!” deb nomlangan ikki betdan iborat soʻngsoʻz (balki vasiyat)ida yozuvchi jahonning R. Tagor, E. Xeminguey, J. London, O. Genriday dovruqli adiblaridan ham koʻra koʻp va xoʻp yozganini iftixor bilan taʼkidlaydi. Ana shu 3-kitob qoʻlyozmasini oʻqib chiqib “axir bular – duru gavhar, shedevrlar-ku!” deydi hayratlanib. Oʻn sakkiz yil badalida biror martayam kitob chiqarishga qiziqmay, faqat yozish zavqi bilan yashagan ustoz adib mana shunday, oʻz ijodiy mahsulotlarining haybati va sifatidan tuyqus hayratini yashirmaydi.

Rostdan ham Shukur aka adabiyot, xususan, nasr uchun hayotning boshqa neʼmatlaridan, hamma narsadan voz kechib, ijodni eʼtiqod bilib yashadi. Adabiyotda mana shunday fidoiylik bilangina oʻrin qoldirish mumkinkinligini isbotladi.

Albatta, odamga Xudoyim bergan isteʼdod, mahorat boʻlmasa bu “koʻp” asarlar quruq tarozibosar makulatura boʻlib qolar edi. Sh. Xolmirzayev asarlari minbaad undoq emas. Kerak boʻlsa deyarli hammasi oʻqiladi.

Sh. Xolmirzayev mustaqillik yillarida juda barakali ijod qildi. Zamonaviy mavzuda bir-biridan goʻzal asarlar bitdi. Roman, qissa, hikoya, esselar… Darvoqe, taʼkidlash joizki, xuddi hikoyachilikdagi kabi muhtaram ustozimiz esse janrining ham juda katta imkoniyatlarini koʻrsatib bera oldi. Ularda oʻnlab mashhur zamondoshlarimizning jonli maʼnaviy qiyofalarini mahorat bilan chizdi.

Adibning oʻlmas ruhi oldida bosh egib duo qilarkanmiz, asarlari hali dunyoning koʻplab mamlakatlarida ham qadr topib, sevib oʻqilishiga astoydil ishongimiz keladi.

Biz quyida adabiyotshunos, professor Qozoqboy Yoʻldoshevning Sh. Xolmirzayev xususidagi badiasini havola etayotirmiz. Oʻylaymizki, bunda Shukur akaning yozuvchi sifatidagi baʼzi qirralari, favqulodda qudrati namoyon boʻlgan…

Tahririyat

 

Badiiy kitobga qiziqib, mualliflarni bir-biridan farqlay boshlaganimdan buyon Shukur Xolmirzayev nomini eshitib, uning asarlarini oʻqib kelayotgan boʻlsam ham, oʻzini ilk bor oʻtgan asrning 80-yillari oxirrogʻida Yozuvchilar uyushmasidagi bir yigʻinda koʻrdim.

Boshida qachon olingani nomaʼlum oʻsha mashhur poxol shlyapa, asli xayolchan qiyofasidagi parishonxotirlikni yanada kuchaytirgan Shukur aka yigʻinning oxirrogʻida rayosatga qarata: “Men… Men ham bir ogʻiz soʻz aytsam boʻlama?” – dedi-da, soʻz berilishiga ishongan holda javobni ham kutib oʻtirmay, orqarokdagi joyidan yurib kelaverdi. Oʻsha kuni nima degani hozir toʻla esimda boʻlmasa-da, uning bilimdonligi, fikrlarining kutilmagan va oʻziga xosligi meni qoyil qoldirgan edi. Yodimda: u yosh yozuvchilardan biri, menimcha, Shoyim Boʻtayevga qarata: Har bir odamning oti uning qaysi millatga mansubligini ham bildirib turadi. Masalan: “Xolmirza” boʻlsa, oʻzbek; “Xolmirzo” boʻlsa, tojik, “Xalmurza” boʻlsa, oʻris, “Qolmirza” boʻlsa, qirgʻiz yo qozoq ekani bilinadi. Sizning qahramonlaringizning otlaridan kimligini bilib boʻlmaydi. Bunga eʼtibor qilish kerak”,degandi. U vaqtlarda men bu xil yigʻilishlarga atay Gulistondan kelardim, hali ijodkorlarning birontasi bilan ham shaxsan tanish emasdim. Bu gap Shoyimga aytilgan boʻlsa kerak deb chamalayotganimning sababi uning asarlaridagi qahramonlarning oti mening oʻzimda ham shunga oʻxshash fikr uygʻotardi.

Shukur aka bulbuligoʻyo notiqlardan emasdi. Ammo u koʻp narsa bilardi va aytish kerak deb hisoblagan gapini oʻziga yoqadigan yoʻsinda unchalik qisinmay ayta oladigan erkin odam edi. Hali gapirmay turib, falonchi nima derkin deb xavotirlanib, qoʻlidan kelguncha oʻzini yashirib yashashga intiladigan odamlardan iborat muhitda bu sifat juda kamyob edi.

Xullas, Shukur aka gapini aytib boʻldi-da, sahnadayoq choʻntagidan arzon sigaretasini chiqarib, raislik qilayotgan kishiga: “Bitta chekib kelsam maylima?” – deya tashqariga yoʻnaldi. Shu vaqtgacha u kishining gaplaridagi mantiq meni rom qilgan boʻlsa, endi uning tutumlaridagi erkinlik (balki, oʻziga yarashib turgan erkalikdir bu) lol qoldirdi! Bildimki, u oʻrnatilgan tartiblarga tushadigan qolipdagi odam emas. Buni oʻziyam bilar va oʻrni kelib qolganda, atay namoyish etardi. Uning bu royishi feʼlidagi oʻziga xoslikdan tashqari, qolipga sigʻmaydigan odamning quyushqonni istovchilarga oʻziga xos isyoni ham edi!

Elaro mashhur, oʻzining boshqalardan boshqacharoq ekanini bilgan har qanday odamning feʼli-xoʻyida bir qadar artistlik boʻladi. Chunki taniqlilik har qanday kishidan, hozirgi til bilan aytganda, “imij”ni taqozo etadi. Shukur Xolmirzayevda-ku artistlik jihati inchunun edi. Sababi u kishining tabiatida azaldan oʻzgaga koʻcha bilish, birovning holatini uning oʻzidan-da teranroq tuyish qobiliyati bor edi. Undagi ayni shu jihatni buyuk otdoshi Shukur Burhon oʻz vaqtida payqab, unga Hamlet rolini bergandi.

Har qanday oʻquvchi sifatida men ham Shukur akaning shaxsiga qiziqib qoldim. Lekin u kishiga yaqinlashish, tanishish haqida oʻylashga ham botinolmasdim. Ammo taqdir mehribonroq chikdi: vaqti kelib men bir muddat Shukur akaning Doʻrmondagi xonasiga deyarli qoʻshni boʻlib qoldim va bir qadar yaqinlashib ketdim.

1991 yilning erta kuzagi edi. Koʻpchilik mustaqillik epkinlaridan mast boʻlib, soʻz hurligidan miriqib-miriqib foydalanib yurgan damlar… U vaqtlar Doʻrmonda xususiy chorbogʻlar qurilmagan, Shukur Xolmirzayev Yozuvchilar dam olish uyining uchinchi qavatida pillapoyaning toʻgʻrisidagi oʻsha mashhur xonasida yashardi. Hukumatning topshirigʻi bilan bir guruh olimlar adabiyot boʻyicha tuzilgan dasturni takomillashtirish va shu dastur boʻyicha adabiyot darsliklarini yozish uchun Doʻrmonga taklif etilgandi. Mualliflarning koʻpchiligi Toshkentdan boʻlib, ular orasida marhum prof. Akram Kattabekov domla bilan men gulistonlik edik.

Ijodiy guruh aʼzolarining koʻpchiligi Doʻrmondagi vaziyatni yaxshi biladigan kishilar boʻlganidan har kim oʻziga maʼqul joyni tanlab oldi. Aytish kerakki, olimlarga juda yaxshi sharoit yaratib berilgandi. Hamma birinchi yoki ikkinchi qavatdan joy olishga oshiqardi. Doʻrmonni birinchi bor koʻrib turgan, bu yerning pastu balandini bilmaydigan odam sifatida xonalar taqsimotining oxirigacha kutib turdim. Va… guruhdagilardan yolgʻiz menga uchinchi qavatdan joy tegdi.

Muhimi, men oʻzim bilmagan holda Shukur Xolmirzayev bilan deyarli qoʻshni boʻlib qoldim. Har kuni ertalik, tushlik, kechlik mahali davrada Shukur aka kechirmish voqealar haqida gap boʻlardi-yu, negadir, oʻzi koʻrinmasdi. Bunga sari mening qiziqishim ortardi. Nihoyat, oradan biror haftadan moʻlroq vaqt oʻtib, yozuvchiga yoʻlikdim. Negadir doim kechlikdan soʻng gurunglashib oʻtiradigan, koʻpincha jamoa boʻlib Doʻrmon bogʻlarini birgalikda aylanadigan olimlar oʻsha kuni qandaydir xavfni sezgan polaponlarday joylariga tezgina tarqalishdi. Yolgʻiz oʻzim kechki salqinda birpas bogʻ aylandim-da, xonamga kirib ishlamoqchi boʻldim. Pillapoyalardan uchinchi qavatga chiqib, Shukur akaning xonasi yonidan endigina oʻtib ketayotgandim, yarim ochiq eshikdan sochlari toʻzgʻigan yozuvchi boshini chiqarib, yuzimga qaradi-da: “Salom! Qani bu yoqqa kiring”, – dedi. Bu taklifdan koʻra, amrga yovuqroq eshitildi.

Bunday boʻlishini kutmaganim uchun shoshib qoldim. Qaytadan salom berib, soʻrashdim. Oʻzimni tanishtirdim. “Voy, aynonayin! Qozoqboy deganlari sizmisiz, Sizni bilaman”, – dedi Shukur aka. Quvonib ketdim. Chakana gapmi, shunday odam meni bilsa?! Oʻsha kungi kutilmagan tongotar suhbatimizdan menga maʼlum boʻldiki, koʻpchilik ijodkorlardan farq qilaroq, Shukur aka oʻzbek adabiyotini ham, adabiyotshunosligini ham muntazam oʻqib borar ekan. Shu kuni yozuvchi moʻljaldagi ishini bitirib, dam olishga tushgan ekan.

Tonigʻ boʻldimki, Shukur aka qattiq ishlardi. Yozayotgan paytida toʻligʻicha asariga koʻchib oʻtar, qahramonlarining xayoli bilan yashar, ularning orasidan chiqib ketmaslik uchun hech kim bilan gaplashmas, mabodo yuzma-yuz kelib qolganda ham oldidagi odamni tanimas yoki oʻzini tanimaganga solib qoʻya qolardi. Chamasi, adib ham vaqtini qizgʻanardi, ham holatdan chiqib ketishdan qoʻrqardi.

Ishlashiga yarasha u kishining dam olishi ham qattiq boʻlardi. Oʻylaymanki, u kishining dam olishi ishidan-da ogʻir kechardi. Chamasi, yozuvchi asarlarida tasvirlangan sharoitga shunchalik koʻchib oʻtardiki, asar bitgandan soʻng ham u yerdan osonlik bilan chiqib ketolmasdi. Shu bois xotirasi va ruhiyatidagi eski “yozuvlar”ni oʻchirishi kerak boʻlardi.

Salkam uch oy mobaynida men oʻnlarcha marta oʻshanday suhbatdosh boʻldim. Va bizning oʻziga xos gurunglarimiz to adib umrining oxiriga qadar turli darajadagi muntazamlik bilan davom etdi. 1991 yil noyabrining oxirlarida ana shu gurunglarimiz natijasi oʻlaroq bir narsa yozib, yozuvchi va olim Xurshid Doʻstmuhammadga koʻrsatgandim. Bu bitikdan Shukur aka ham bexabar ketdi.

Oʻshandagi suhbatlardan birida, nima boʻldi-yu, men 7-sinf dasturida M. Shayxzodaning “Toshkentnoma”sidan parcha berilgani, asar bu yoshdagi bolalarga unchalik mos emasligi toʻgʻrisida gapirib qoldim. Shukur aka Shayxzodaning “Yillarning salomin yillarga eltib…” sheʼrini toʻla yoddan oʻqidi va oʻn toʻrt yashar oʻsmirlarga ana shunga oʻxshash sheʼrlarni oʻrgatish foydaliroq boʻlishini aytdi. Men adibning xotirasi va bilimdonligiga qoyil qoldim. Shukur akaning taklifini guruhdagilarga amallab oʻtkazdim. Oʻsha asar kiritildi. Uzoq yillar mobaynida oʻrta maktabning 7-sinfi oʻquvchilari bu goʻzal falsafiy sheʼrdan bahramand boʻlishdi.

Shukur akaning tabiatida mening eʼtiborimni tortgan eng birlamchi sifat uning haddan tashqari tabiiyligidir. Hatto, uning sunʼiyliklari ham tabiiy boʻlardi. Shu bois unga bir marta aldanganlar ham yana qayta yozuvchining “tuzogʻi”ga ilinaverishardi.

Unchalik hozirjavob boʻlmagan, hatto, eshitgan gapinida, birdaniga anglayolmayotganday elovsirab turadigan Shukur aka, oʻrni kelganda, turli shumliklar qilishni ham joyiga qoʻyardi. Chunonchi, kimnidir “tushirish” kerak boʻlganda, adib oʻz qurboni boʻlmish obʼyektni shu qadar bexato topar va unga shunchalar puxta ishlov berar ediki, “obʼyekt” Shukur akaning yoniga kirib, uning yoʻliga yurayotganini bilmay ham qolardi. Men buni Shukrullo, Isoq Oʻktam, Turgʻunboy Gʻoyib va turli viloyatlardan kelib turadigan boshqa bir qator katta-kichik ijodkorlar misolida oʻz koʻzim bilan koʻrganman. Oʻzim qatorilarni aytib ham oʻtirmayman. Bizlar uchun Shukur akaga “em” boʻlish juda yoqimli tuyulardi. Va bu hakda maqtanibroq gapirib yurardik.

Shukur akaning feʼlida, adabiyotimizning namoyandalariga munosabatda ham oʻsha tabiiylik ustuvor boʻlardi. U yozganlarini tushunolmayotgan yoki qabul qilishga qiynalayotgan ijodkorlar haqida ochiqchasiga gapirardi. Deylik, u ancha vaqt talantli shoir Faxriyorning sheʼriyatini qabul qilolmay yurdi. “Bu bola nima demoqchi oʻzi, u nega muncha tilini burab soʻzlaydi?” – deb qolardi baʼzan. Men har safar Faxriyor sheʼriyatidagi diqqatga loyiq biror jihatni koʻrsatishga intilardim. Dalillarim u kishini qoniqtirsa, iVoʻ, ukkagʻar-e, juda aqlli-ku buningiz”, – deb qoʻyardi. Nazar Eshonqulning yozganlariga koʻnikishi ham ogʻir kechgandi. Yosh yozuvchilarda til qashshoqligi, ularning bitganlarida oʻzbek tilining tarovati, imkoniyati bor boʻyicha koʻrinmayotganidan norozi boʻlardi.

Shukur akaning adabiyotdan ortiq narsasi yoʻq edi. U kishi adabiyot uchun va faqat adabiyotda mavjud edi. Lekin u adabiyotdan manfaat qidirmas, uni oʻziga xizmat qildirish mumkinligini xayoliga ham keltirmasdi. Uning uchun adabiyot yashashning shakli edi. Holbuki, adabiyotni tirikchilikka vosita qiladigan kishilar qancha… Shoira va jurnalist Nilufar Safo bilan boʻlgan bir suhbatda jurnalistning: “Har bir inson oʻz ishiga, oʻz sohasiga fidoyi boʻlishi kerak. Siz adabiyotshunoslar orasida bu xislatni koʻproq kimlarda koʻrasiz?” – degan savoliga shunday javob bergan ekanman: “… Soʻz odamlari orasida men faqat Shukur Xolmirzayevnigina adabiyot fidoyisi deb ayta olaman. Shukur aka oʻzidan koʻra adabiyotni koʻproq sevmoqning uddasidan chiqdi. U qulayliklardan voz kechib, adabiyotga xizmat qilishga oʻzida kuch topa oldi. Yozuvchi adabiyotni oʻziga xizmat qildirmadi, aksincha, bir umr unga xizmat qildi. Shu bois adabiyot ham Shukur Xolmirzayevni astoydil yorlaqadi. Aslida ham adabiyot ijodkorga hech narsa bermay turib, undan kurbonlik soʻraydigan hodisadir.

Adabiyotni oʻziga xizmat qildirgan yozuvchilar esa juda koʻp, lekin badiiy soʻz, vaqti kelib, ulardan oʻch oladi. Tanqidchilar orasida afsuski, bunday shaxsni koʻrsata olmayman. Chunki tanqidchilar – el qatori, risoladagi odamlar. Risoladagi odamlarning esa fidoyilikdan tashqari ham bir dunyo majburiyatlari boʻladiki, ular odamga oʻzini fido qilish imkonini ham bermaydi. Lekin adabiyotga koʻlidan kelgancha halol xizmat qilgan adabiyottanuvchilar hamisha boʻlgan va bor”. Haliyam shu fikrdaman.

1999 yilning oxirlari edi, shekilli, xalq ogʻzaki ijodini yaxshi bilgani, bilganidan ham koʻra, folklor asarlari va ularning qahramonlari ruhini tuygani bois Shukur akaning fikrini olish uchun endigina tugallagan “Alpomish” talqinlari” kitobim qoʻlyozmasini yozuvchiga berdim. Bir oylarga qolmay oʻqib chiqdi, qoʻlyozmaning har varagʻiga fikrlarini yozib qoʻyibdi. Muhimi, kitob u kishiga maʼqul kelibdi. Shundan soʻng kitobni olimlarga koʻrsatganman va “Maʼnaviyat” nashriyotiga olib borganman.

Koʻpchilik ijodkorlar singari Shukur aka ham kayfiyat odami edi. Koʻpchilikdan farqli ravishda u oʻz kayfiyatini pardalashga urinib oʻtirmasdi. 2000 yilning koʻklamida adibning Doʻrmondagi kulbasiga borib qoldim. Vaqt tushga yaqin edi, shekilli. Shukur aka juda tajang, oʻzicha kimnidir boʻralab soʻkayotibdi. Surishtirsam, soʻkishlar Azim Suyunga qaratilgan ekan. Azim aka qadrdon joʻram boʻlgani uchun sababini bilgim keldi.

– E, bu noinsof nodonni qarang! Anov kuni menga bir yangi qozon bergan edi. Bugun ishlatay deb olsam, ablah, qopqogʻini bermagan ekan! Endi nima qilaman buni!

– Ha, chindan ham noinsoflik qilgan ekan shoir. Keling, manavi fanerni qopqoq oʻrnida ishlatamiz, – dedim men oʻzimcha qochiriq qilib.

– Darvoqe, shunday qilsa boʻlarkan, esga kelmaganini qarang! – dedi Shukur aka samimiy jilmayib.

Shu kuni ikkimiz ham chap tomonimiz bilan turgan ekanmiz, shekilli. Uzoq oʻtirdik, miriqib suhbatlashdik. Anovi sabil ham keragidan moʻlroq boʻldi. Shukur aka gurungning adogʻida shaʼnga tegadiganroq gap qildi. Men ham indamay qoʻya qolmadim. Xullas, ikkalamiz arazlashib ajrashdik. Ancha vaqt u kishini koʻrishga bormay yurdim. Qish kunlarining birida shoir Tursun Ali qoʻngʻiroq qilib Shukur akaning Yunusoboddagi uyiga bormoqchiligini, agar xohlasam, meni ham olib oʻtishi mumkinligini aytib qoldi. Bu shunchaki tasodifmidi yoki tabiatan odamlarni bir-biriga yaqinlashtirib yuradigan Tursun Alining bilib qilgan ishimidi, haligacha tushunolmayman. Oʻzimizga xos tayyorgarlik bilan ustozning bir xonali uyiga bordik. Anchadan beri koʻrishmaganimiz uchun juda uzoq suhbatlashdik. Bugungi adabiyotning bu yogʻidan kirib, u yogʻidan chikdik. Sheʼrlar ham oʻqildi.

Ketayotganimizda, adib meni toʻxtatdi. Xonasiga qaytib, nimanidir ancha qidirdi. Nihoyat, qidirganini topib chiqdi. Qoʻlida jigar rangli qorakoʻl teri bor edi. Miyamdan: “Tiktirib berish kerak, shekilli”, – degan oʻy kechdi.

– Bu sizga mendan esdalik boʻlsin. Yodgorlik desa ham boʻlaveradi, – dedi Shukur aka.

Men buni kutmagandim. Shosha-pisha adibning qoʻlini qaytarishga urinib, qorakoʻl terini boshqa narsalarga ishlatish maʼqulligini uqtirmoqchi boʻldim. Shukur aka fikrida qatʼiy edi. Tursun Ali ham:

– Shukur akaning qoʻlini qaytarmang. U kishi hammaga ham sovgʻa beravermaydilar, – dedi.

Oʻsha qorakoʻl teri aziz bir esdalik sifatida haliyam turibdi.

Shukur akada mayda manfaatlar, oʻzini aslidagidan balandroq koʻrsatishga chiranish boʻlmagani uchun u kishini yomon koʻrib boʻlmasdi. U bilan kelishmaslik, fikriga qoʻshilmaslik mumkin edi. Lekin, oʻylaymanki, yomon koʻrib boʻlmasdi.

“OʻzAS”ning 2008 yil 28 noyabrida Nizom Komilovning “Sen hayotni sevarding” maqolasini oʻqib qoldim. Unda Shukur Xolmirzayev haqida Sen har qadamda oʻzingning “Yolgʻiz” kuyingni xirgoyi qilarding. Biz senga joʻr boʻlardik. Ammo oʻxshatolmasdik… keyin ham oʻxshatolmadik”, – deb yozadi. Esimga lop etib, 1991 yilning kuzida yozib qoʻyib, X. Doʻstmuhammaddan boshqa hech kimga koʻrsatmagan va ogʻamizning holatidan kelib chiqib, “Yolgʻizlik” deb nomlagan qaydlarim tushdi. Ehtimol, Nizom akaning maqolasida Shukur aka “tobiga kelgan”da toʻxtovsiz aytadigan oʻsha soʻzi ham, soʻnggi ham yoʻq dahshatli kuy koʻzda tutilgandir. Menimcha, oʻsha kuy koʻzda tutilgan. Shukur akaning kuyini Siz ham bir tinglab koʻring:

 

YOLGʻIZLIK

 

Alohida talant egalari alohida ruhiyat va alohida taqdir egalari hamdir. Ularning boshqa alohidaliklari tabiatlaridagi alohidalikdan kelib chiqadi. Aksariyat katta isteʼdod egalari tabiatan yolgʻiz, atrofidagi eng yaqin kishilarga ham begona boʻlishadi. Ularni yuzlab odamlar oʻrab turishi, tinimsiz olqishlashi, qarsaklar chalishi, qoyil qolganliklarini bildirishi mumkin, lekin bu narsalarning birortasi ham talant egasini yolgʻizlikdan qutqara olmaydi. Chunki ular hamma qatori odamlar emas! Hamma qatori oʻylay olmaydi. Hamma qatori boʻlmaydi uning tuygʻulari ham. Dunyoni boshqacha koʻradigan, atrofni odamlardan boshqacharoq sezadigan qilib yaratgan uni qodir Egam.

Koʻproq bila boshlaganim sari menga Shukur aka butunlay yolgʻiz odam boʻlib tuyulaverdi. Bunday qaraganda, uning oʻtboshisi butun, shogirdlari koʻp. Qoʻli ochiqligi, ichishni qotirgani, suhbati yoqimli boʻlgani uchun ulfatlardan ham Xudo qismagan. Lekin u, baribir, yolgʻiz. Dahshatlisi shundaki, bu yolgʻizlikdan odamlar orasiga kirib qutulib boʻlmaydi. El qatori odamga odamlarning orasi kifoya qiladi. Talantli odam odamlar orasiga emas, odamning ichiga kirmoqchi boʻladi. Koʻpchilik odamning ichi esa boʻm-boʻsh! Har holda mehr yoʻq! Shu bois baʼzan Shukur akani oʻrab turgan odamlar uning yolgʻizligini toqat qilib boʻlmaydigan jismoniy ogʻriq darajasiga chiqarib yuborishadi. Va bu ogʻriqni bosish uchun unga bang kerak boʻladi…

Aslida u kishi tabiatan yolgʻizlikni sevadigan, shunga intiladigan, odamlardan koʻra oʻt-oʻlanu parranda-darrandalar bilan tuzukroq tillasha oladigan odam. Chunki odamdan boshqa narsalarda gʻirromlik yoʻq. Shukur aka uzoq vaqt yolgʻiz ishlaydi. Ishlayotganda toʻy-tomosha, maishat, uchrashuv u yoqda tursin, odam bilan koʻrishmasam deydi. Koʻrishmaydi ham. Mabodo, koʻrishib qolganda ham tanimaydi yoki oʻzini tanimaganga oladi. Chunki shu paytda u oʻzi yaratgan olamda, oʻzi yaratib tasvirlayotgan odamlar davrasida boʻladi. Adibning xayoloti yaratgan olam toʻkis, undagi odamlar pokiza. Chinniday nafis, gulday nozik bu olamni yer bandasining bir ogʻiz nojoiz gapi chilparchin qilishi mumkin. Evohki, Alloh yaratgan bandalar adib yaratgan bandalarga qaraganda ne qadar gʻarib, ne qadar mayda! Shukur akaning qahramonlari qanchalar yuksak oʻylaydilar, mardona soʻylaydilar, ulkan ishlar qiladilar! Shunday olamu odamni atrofidagi mayda kimsalarga qarab yaratib boʻladimi?

Yolgʻiz oʻzi uzoq vaqt mobaynida moʻljaldagi biror ishni bitirgach, Shukur aka dam oladi. U odamlar orasiga kirmoqchi, ular qatori boʻlmoqchi boʻlardi. Odamlar orasiga kirib, odamlar qatori boʻlib dam olish yozuvchiga ham, unga roʻpara kelganlarga ham qimmatga tushadi. U bir necha kun mobaynida ulfatchilikka tutinadi. Uyqu, ovqat ham sabil qoladi… Oʻshandan keyin u “odamlar qatori” boʻla boshlaydi: toʻxtovsiz soʻkinadi, hammaga dagʻal va keskin baho bera boshlaydi. Kishining koʻnglini ogʻritgisi keladi. Shu tariqa xayolotning begʻubor osmonidan reallikning chirk bosgan zaminiga tusha boshlaydi va unga oʻzicha “moslashadi”.

Shukur aka bunday vaqtda yonida hamisha kimdir boʻlishini istaydi. Deyarli hamisha yonida birov boʻladi. Va achinarlisi shundaki, adib baribir yolgʻizligicha qolaveradi. Chunki yer yuzidagi barcha sarxushlar singari u ham kim bilandir dardlashmoqchi boʻladi-yu, lekin uning dardini tushunishmaydi. Chunki u qalbining qat-qatida qatlanib, yetmish ikki tomirida gupirib yotgan dardlarini aytib berolmaydi. Uning dardlari birovga aytib boʻladigan anov-manov dardlar emas! Buning ustiga u oʻz dardini aytib oʻrganmagan. Ifodalash boshqa masala! Xayolidagi odamlar bilan dardlashaverib yerdagi odamlar bilan gaplashishni-da unutayozgan adibni boshqa paytda tushunmagan odamlar bu gal ham tushunishmaydi, albatta. Yozuvchi shundoq ham joʻn odamlardan uzoqni koʻradi, uning xayoli shu holda ham yuksaklarga parvoz qila oladi.

Moʻljallangan ish bitgan, yaʼni xayolot olami tugagan. Bu olam oʻzining butun nafosatiyu goʻzalligi, nozikligiyu musiqasi bilan chil-chil singan, vayron etilgan. Shu bois holat ogʻir kechadi juda. Rostlik-ku hamisha ham ogʻir.

Shukur aka dardlashmoqchi boʻladi. Kim bilan boʻlsa-da, gaplashish, yuragidagi tuygʻular bilan oʻrtoqlashish yengib boʻlmas istakka aylanadi. Qaynab yotgan tuygʻularni karaxt til ifodalay olarmidi-yu, tinimsiz soʻkishlaru adoqsiz chekishlar tufayli kallasi gʻovlagan “suhbatdosh” tushunarmidi?! Suhbatdosh yerda yurgan hamma qatori xashaki bir odam. Yozuvchiga boshqacha odam kerak. Gapirmasa-yu, tushunaversa. Qarabgina qoʻyish kifoya boʻlsa! Bunday odam yoʻq! Shundan boʻlsa kerak, maʼlum bosqichga yetgach, Shukur aka soʻkinishga tushadi. Keyin toʻxtovsiz gapiraveradi. Koʻzlar gʻazabli chaqchayadi, qoshlar miltikdan nishonga olayotganiday chimiriladi, hatto qoʻli bilan kimlarnidir “otadi” ham. Gapining koʻp qismi togʻ, miltiq, ov haqida, oʻzining zoʻr ovchiligi xususida boʻladi. Lekin zoʻr yozuvchi ekani bilan maqtanmaydi. Maʼlum maromga yetgach, quloqlargacha toʻzgʻib yotgan uzun siyrak sochlari ustiga poxol shlyapasini bostirib olib ashulasini boshlaydi.

Shukur akaning ashulasi! U haqda gapirish befoyda. Faqat tinglagan tushunadi. Yoʻq! Tinglagan ham tushunmaydi. Chunki tushunadigan narsaning oʻzi yoʻq. Qandaydir tuygʻu, ezgin, ammo bepoyon va mardonavor ruhgina bor. Uni his etish mumkin, xolos!

Uning bir boshlangandan keyin sira tugamaydigan qoʻshigʻida bir nechtagina soʻz boʻladi, xolos. Undagi asosiy unsur tomoqdan xirqirab chiqadigan, shirali, dardli un. Shukur aka kuylay boshlaydi: “Ne eeyy, ne eeyyy, ne eeyyyy”. Zarur ohang tezgina topila qolmaydi. Har qanday ovoz ham ijrochining tuygʻularini ifodalay olmaydi shekilli, Shukur aka tinimsiz takrorlayveradi. Zoʻriqqanidan yuzlari boʻgʻriqib ketadi, qoʻllar gʻalati tarzda oldinga choʻzilib, qandaydir muloyim-keskin harakatlar qila boshlaydi, koʻzlar gʻalati yumiladi. Toʻxtovsiz tutatilayotgan sigaretdan xona tutunga, atrofdagi barcha narsa kulu qoldiqlarga toʻlib ketadi. Xonadagi hamma narsa ayqash-uyqash, ovqat va sigaret qoldiqlari, yuvilmagan idishlar, qaymoq bogʻlagan sovuq choy. Hamma joyda shisha: yotgan, singan, tik turgan, toʻla, boʻsh. Stol usti toʻla qogʻoz, qogʻoz, qogʻoz.

Shukur aka hamon kuylaydi. Nihoyat, zarur ohang topiladi! Shunda uning uyqusizlikdan qizargan koʻzlari bir zum jonlanib, yuzlari yorishib ketadi. Zoʻriqib, ogʻzining bir cheti bilan salgina jilmayganday boʻladi. Bechora suhbatdoshiga xursand boʻlib qarab qoʻyadi. Soʻng birdan: “Eh, baribir, hech narsani tushunmaysan. Chunki savodsizsan”, – deya iddao qiladi-da, kuylashda davom etaveradi. Oʻz ovoziga mahliyo boʻlayotgani shundoqqina sezilib turadi. Sel boʻlib kuylaydi. Sel boʻlib tinglaydi. Kuylab tinglaydi, tinglab kuylaydi. Shu holatga kelganda qoʻshiqqa bir-ikkita soʻz ham kirib kela boshlaydi: “Kelibb holimni koʻrgineeyyy”, “Keliiibb ahvolimmni koʻrgiineeyyyy”…

Uning qoʻshigʻi Surxon baxshilarining ataylab boʻgʻizdan ohang berishiga oʻxshamaydi. Shukur akaning qoʻshigʻi ohanglari baxshilar tovushidan ham qadimiyroq va salobatliroqday tuyuladi. Uning xirgoyisi koʻz oʻngimda, hech qachon koʻrmaganim Oltoy togʻlarini, Subyer kengliklarini, poyonsiz Dashti Qipchoqni gavdalantiradi. Yaxshi koʻrib qolaman qoʻshiqchini. Mehr bilan yuziga qarayman. Koʻzlar yumuq, yoqavayron, sochlar parishon, yuziga kullar surkalgan, oyoq beoʻxshov chalishtirilgan, oʻzi bu dunyoni unutgan. Goʻyo u bu dunyoda ming yillar oldin ham yashagan. Abut-turk boʻlib! Oltoydan Hindikushgacha boʻlgan bepoyon hududda yovlarga dahshat solib javlon urgan, sara farzandlar oʻstirgan, qudratli xalqni bunyod etgan. Qutlugʻ umrini shonu shavkatla yashab oʻtgach, ming yillardan soʻng dunyoga qayta kelgan. Keyingi kelishida yurtni xarob, odamlarni pachaq va mayda koʻrib oʻtmishini, avvalgi umrida qilgan ishlarini eslamoqchi-yu, xotira pand berayotir. Shundan u ozurdajon.

Uning koʻshigʻi ulugʻ yoshli buyuk moʻysafidning silqib oqayotgan qudratli armonlari! Bugungi kun omonat, yasama. Haqiqiy hayot boshqacha! Haqiqiy odamlar – boshqalar! Lekin qani ular? Qayerdaligini bilardi, lekin ming yillab yashash osonmi, qarilikda unutib qoʻygan! Eslash ogʻir! Shu sabab qoʻshiq ham ogʻir. Chunki u toʻxtovsiz oqib, uzoqlashib borayotgan xotira…

1991 yil 25 noyabr.

 

* * *

Shukur aka oʻziga, shaxsiyatiga, isteʼdodiga xiyonat qilmay, hech kimdan marhamat kutmay, oʻzi bilganicha va oʻzi istaganicha yashadi. Yozuvchining oʻzi erkin boʻlgani uchun uning soʻzi ham erkin edi. Erkin soʻzning umri uzoq, parvozi baland boʻladi. Negaki, erkin soʻzning nazari olislarga qaratilgan, manfaat otliq chirkin yuk pastga tortmaydi. Oʻylaymanki, ulugʻ yozuvchining ulugʻ va uzun hayot yoʻli endi boshlanadi.

 

Qozoqboy YOʻLDOSH

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 3-son

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/uzun-yol-boshi-yoki-erkin-soz-umri/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x