Uylanish borasida Kaykovus hikmatlari

Mashhur axloqshunos mutafakkir Kaykovus “Qobusnoma” asarining yigirma oltinchi bobida uylanish, jinsiy yaqinlik masalalarida o‘z pand-nasihatlarini keltirib o‘tgan. Biz ham mavzu doirasida ushbu nasihatlarni keltirib o‘tishni joiz, deb topdik.

“Ey farzand, agar xotin olmoq tilasang, o‘z hurmatingni yaxshi saqlagil. Garchi mol aziz bo‘lsa ham, xotin va farzandingdin darig‘ tutmagil. Ammo xotinni pokdil, farzandni farmonbardor va mehribon tutgil, bu ish sening qo‘lingdadur.

Xotin talab qilsang, xotinning molini talab qilmagil. Nihoyatda xushro‘y xotin olmag‘ilki, uni ma’shuq tutarlar. Xotin pok nihod (toza tabiat) va pok dil bo‘lsun: kadbonu (uy bekasi, ishchan xotin) eriga do‘st bo‘lgay. Hayolig‘, taqvodor, tili qisqa, molni yaxshi saqlag‘uvchi bo‘lsun. Debdurlarki, yaxshi xotin erning va umrning rohati bo‘lur.

Agar xotining xo‘bro‘y, mehribon va maqbul bo‘lsa ham, ixtiyoringni butkul unga bermag‘il va uning hukmi ostiga kirmagil. Nedinkim, Iskandarga debdurlar: “Doroning qizin nima uchun olib xotin qilmassan, bag‘oyat xushro‘ydur”. Iskandar dedi: “Jahon xalqiga g‘olibman, endi bir xotinga mag‘lub bo‘lsam, ko‘p yomon ko‘rinur”. Bas, o‘zingdin muhtashamroq xotinni olmag‘il, qiz topilsa, eridin qolg‘on xotinni talab qilmagil. Nedinkim uning (qiz bolaning) ko‘nglida sening mehringdin o‘zga kishining mehri bo‘lmag‘ay, hamma kishi birdek bo‘lgay deb gumon etg‘ay va o‘zga kishidin tama qilmag‘ay.

Ammo do‘st bo‘lmag‘on va kadbonu bo‘lmag‘on xotindin qochgil, nedinkim, debdurlar: “Kadbonu bo‘lmag‘on tezroq band bo‘lur, ammo ul masobada (daraja, holat) ermak. Buningdek xotin sening molingni qo‘lingdin olib, so‘ngra seni unga molik bo‘lurg‘a qo‘ymag‘ay, undin so‘ng sen uning xotini bo‘lursan, lekin ul senga xotin bo‘lmas”.

Xotin olsang, ulug‘ salohlig‘ (yaxshilik) xonadondii xotin talab qilg‘il. Har turluk avboshning qizin olmag‘il, nedinkim, xotinni uyning kadbonulig‘i uchun olurlar, shahvat uchun olmaslar.

Xotin kamolga yetg‘on, oqila bo‘lg‘on, onasining kadbonulig‘in, otasining kadxudolig‘in ko‘rg‘on va bilg‘on bo‘lsun. Agar bundoq nozanin qo‘ling‘ga tushsa, uni aslo qo‘ldin chiqarmag‘il va jahd qilib uni olg‘il…

Agar sen xotiningga rashklik qilmasang, u senga samimiyat bila munosabatda bo‘lur. U senga ota-onang va farzandingdin ham mushfiqroq bo‘lur va senga undin do‘stroq kishi topilmas. Agar unga g‘ayrat (rashk, qizg‘anish) ko‘rguzsang, senga ming dushmandin dushmanroq bo‘lur va begona dushmandin hazar qilsa bo‘lur, lekin undin hazar qilib bo‘lmas.

Agar qiz olsang, uni har qancha yaxshi ko‘rsang ham, har kecha uning bila yotmag‘il, ul barchaning odati ushbudur deb xayol etar, agar bir vaqt sening uzring bo‘lsa, ul xotin sensiz sabr qilur. Agar har kecha uning bila yotmoqni odat qilsang, ul sensiz o‘zgani orzu qilar va sabr qilmog‘i dushvor bo‘lur.

G‘ayrat mardin (haqiqiy rashk) bajo kelturgil. Beg‘ayrat kishini kishi demag‘il. Har kishida g‘ayrat bo‘lmasa, dini ham bo‘lmag‘usidir. Xotinni aytg‘onimdek tutg‘ondin so‘ng, agar Xudoyi taolo senga farzand bersa, uning parvarishi fikrida bo‘lg‘il”.

Ushbu maqolani ham o‘qing: Donolar jinsiy munosabat haqida

Manba: Tib.uz

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x