Uy isidi

Abdulhamid maktabdan kelib tushlik qildi. Issiq choy ichdi. Lekin ichi hech isimadi.

– Aya, uyimiz sovib ketibdi-ku?

– Ha, toychogʻim, – deydi ayasi, – kuz oxirlayapti. Kun ham sovib qoldi.

– Pechkamiz yoqilgan-ku, – deydi Abdulhamid hayrati oshib.

– Yoqilgani bilan deraza tirqishlarini paxta tiqib berkitganimiz yoʻq.

– Sovuq kiryapti, deng.

– Ha, sovuq kiryapti. Teshiklarni berkitish kerak. Hech vaqtim boʻlmayapti.

– Ha…

– Dadang, oyna kestirib kelganlar. Ammo qoʻyishga ularning ham vaqtlari boʻlmayapti.

Abdulhamid oʻylanib qoldi:

Akamning maktabdan kelishini poylasam, ungacha uyimiz battar sovib ketadi. Ayam oshxonada kechki ovqat qilish bilan bandlar. Javonda paxta bor. Sekin deraza tirqishlarini berkitsam-chi? Akam kelsalar, oʻzimiz sindirgan deraza koʻzini ham solib qoʻyamiz. Oyna bor. Dadam oʻlchab, kesdirib kelibdilar…

Abdulhamid javondan paxta, oshxonadan oʻtmas pichoq olib kelib, deraza koʻzlariga hafsala bilan pilik qilib tiqa boshladi.

“Mana, berkitsa boʻlarkan-ku. Ayam berkitgan paytlarida koʻrib turganim yaxshi boʻlgan ekan. Ana endi uyimiz ancha isiydigan boʻldi”.

– Ha, Abdulhamid nima qilyapsan? – deydi Abduazim papkasini ayvon tokchasiga qoʻyib.

– Keldingizmi, aka? Deraza tirqishlariga paxta tiqyapman.

– Yaxshi qilibsan. Koʻcha sovib ketdi.

– Anovi singan oynani ham solib qoʻysak boʻlardi.

– Ombirni olib kel. Men hujradan oynani olib chiqaman.

– Ovqat yeb olmaysizmi?

– Keyin…

Aka-uka derazaning singan koʻzini tozalab, ehtiyotlik bilan oyna solishdi.

– Ana endi uyimiz isiydi, – deydi Abduazim qaddini koʻtarib.

– Ha, aka, sovuq yemaymiz, uyimiz isiydi, – deydi Abdulhamid ham xursandligini yashira olmay.

 

Abdulhay Nosirov

 

“Gulxan”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/uy-isidi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x