Bu dunyoda kishilarni umr qadriga yetish, hayotning lazzatlaridan bahramand boʻlishga undash har bir shoir ijodining asosiy jihatlaridan biri sanaladi. Margʻilonlik mumtoz soʻz zargari boʻlgan Jahon otin – Uvaysiy sheʼriyatida ham hayotsevarlik, umr atalmish neʼmatdan bahramand boʻlishlik mavzusi satrlar qatiga yuksak shoirona mahorat bilan singdirib yuborilgan.
Dunyoni bugun davr ila davroni gʻanimat,
Kelturdi xaloyiqniki mehmoni gʻanimat, – deb yozadi shoira gʻazallaridan birida. Darhaqiqat, bu dunyo – mehmonxona. Mezbon mehmon oldiga dasturxon yozar ekan, uni eng tansiq taomlar bilan siylaydi, ehtirom koʻrsatadi. Mehmon ham shunga yarasha mezbonning izzat-ikromini oʻrniga qoʻyishi, odob doirasidan chiqmagan holda, oʻz oldiga tortilgan nozu neʼmatlardan bahramand boʻlishi zarur, aks holda, uni ranjitib qoʻyishi hech gap emas. Demak, shoira gʻazalning dastlabki satrlaridanoq, bizni bu gʻanimat mehmonxona – dunyoda mezbon hurmatini oʻrniga qoʻyib, umr atalmish eng totli neʼmat lazzatlaridan bahramand boʻlishga chorlayapti.
Biz yashayotgan dunyo goʻzalliklari qanchalar beqiyos boʻlmasin u oʻtkinchidir. Bugun koʻzlarni quvontirib qiygʻos ochilgan gul ertaga xazonga aylanib, oyoq ostida xor boʻladi, bugun chamanday yashnagan bogʻdagi bulbul navosi ertaga ship-shiydam novdalarini koʻkka koʻtargancha iltijo qilayotgan daraxtlar shoxiga qoʻngan qargʻa-quzgʻunlarning xunuk qagʻ-qagʻi bilan almashadi. Yaʼni, shoira aytganiday:
To bulbuli mastona suxanrezni bul dam,
Ayvoni jahon bogʻi gulistoni gʻanimat.
Inson bolasining eng katta dushmani kibru havo, manmanlik, ochkoʻzlik kabi illatlardir. Baʼzan mansab pillapoyasidan tinmay yuqorilayotgan, shon-shuhratga burkanib, mol-dunyo orttirib, bosar-tusarini bilmay qolgan kishilarning uchrab turishi tabiiy hol, albatta. Ammo shuni unutmaslik kerakki, umr oʻtkinchi boʻlganidek, mansab, shon-shuhrat va mol-dunyo ham oʻtkinchidir. Dunyo gʻanimatligini anglash undan faqat oʻz manfaati yoʻlida imkon boricha foydalanib qolish degani emas. Balki bu oʻtkinchi dunyoda sendan boshqalarga qancha naf tegishini oʻylab yashash muhimdir. Bu dunyoda ezgu ishlar qilish, oʻziga inʼom etilgan molu davlat, shonu shavkatni el-yurt ravnaqi yoʻlida sarflash ham gʻanimatdir. Shoira quyidagi satrlarni bitar ekan, aynan, shuni nazarda tutgan desak, xato boʻlmaydi:
Bu shavkatu shaʼningni xudoyim nasib etsun,
Davlat nigini, taxti Sulaymoni gʻanimat.
Muhabbat inson hayotiga umrning eng gullagan chogʻi – yoshlik damlarida kirib keladi va butun umr boʻyi uning qalbidan joy oladi. Umr bahori tabiat bahoriga juda oʻxshash. Tabiat bahori qanchalar injiq boʻlsa, inson ham yoshligida undan qolishmaydi. Shoira taʼkidlashicha, inson yoshlik chogʻlarida koʻzyoshlari bilan muhabbatni sugʻormogʻi darkor. Bir qarashda oʻquvchini hayot lazzatlaridan zavqlanishga chorlayotgan shoira gʻazalning keyingi misralarida oʻz fikrlarini inkor etayotganga, zavqu shavq oʻrniga, koʻzyoshi toʻkish va dard chekishga undayotganga oʻxshaydi. Lekin, darrov xulosa chiqarishga shoshilmay, misralar qatiga singdirilgan tagmaʼnoga eʼtibor qaratish muhimdir.
Umringni bahorida muhabbatni sugʻorgʻil,
Koʻz mardumini giryai boroni gʻanimat.
Birinchidan, baytda “umr bahori” iborasi ishlatilmoqdaki, bu soʻzsiz yoshlik chogʻlariga ishoradir. Ikkinchidan, yuqorida taʼkidlaganimizdek, ishq, eng avvalo, yosh qalbga mehmon boʻladi, yaʼni, kishi umrining, aynan, shu faslida muhabbatning shirin qiynoqlariga duch kelishi tabiiydir. Shunday ekan, umr bahorining gʻanimat damlarida qalbdan joy olgan muhabbat qadriga yetish, sevgining hijron azoblariga duchor boʻlish va ayriliqda koʻzyoshlari toʻkish ham hayot lazzatlarini totishdir. Demak, shoira chekishga undayotgan dard, aslida, har kimga ham, aslida, hammaga ham nasib boʻlavermaydigan sevish va sevilmoqlik baxtidir. Baxt ham dunyodagi barcha neʼmatlar kabi gʻanimat, shuning uchun ham undan bahramand boʻlishga shoshilish, koʻz mardumi (qorachigʻi)da yoshlar qurib bitmay, u bilan muhabbatni sugʻorish – oʻz sadoqatini namoyon etish zarur.
Shoira umr gʻanimatligini ifodalash uchun uzoqqa borib oʻtirmaydi, bizni qurshab turgan tabiatdan barchaga besh qoʻlday ayon holatlarni misol qilib qoʻya qoladi va shu bilan oʻz badiiy-estetik maqsadini, ilgari surayotgan gʻoyasini soddagina qilib bayon etish imkoniga ega boʻladi. U hali ham dunyo gʻanimatligini anglab yetmagan kishilar diqqatini tortish uchun oʻz dili, yaʼni, oʻziga murojaat etar ekan, shunday deydi:
Ochgil koʻzing, ey dil, qilakoʻr vaqti tamosho,
Ayyomi jahoni mahi toboni gʻanimat.
Agar sinchkovlik bilan nazar tashlasak, shoira baytda har birimiz uchun juda tanish boʻlgan tabiiy bir hodisa – oyning toʻlishi (mahi tobon), keyin yana boʻlaklarga boʻlinib ketishi tasviriga bir nechta mazmun singdirib yuborganligining guvohi boʻlamiz. Birinchidan, mazkur baytda “mahi tobon” haqiqiy toʻlin oy tushunchasini anglatmoqda. Oy toʻlgan kechalarda tevarak-atrof sutday yorugʻ boʻlib, tun oʻzgacha bir latofat kasb etadi. Jimjitlik qoʻyniga choʻmib, borliqning tungi manzarasini tomosha qilish insonga hadsiz huzur-halovat baxsh etadi. Ikkinchidan, maʼlumki, sheʼriyatda suyukli yor jamoli toʻlin oyga mengzaladi. Yorning goʻzal husnu malohatini koʻrish, undan bahra olish ham oshiqqa cheksiz quvonch baxsh etadi. Demak, baytda oshiq orziqib kutgan damlar – shirin visol onlari oʻzining betakror ifodasini topgan. Uchinchidan, toʻlin oy – yoshlik, betakror goʻzallik ramzi. Umrning har daqiqasi kabi yoshlik ham, husnu malohat ham abadiy emas, shuning uchun inson gʻaflat uyqusida yotmay, yoshlik zavqini totib qolishga shoshilishi kerak.
Fazli bila ul gʻunchai nashkufta ochilmish,
Sayri chamani ham guli xandoni gʻanimat.
Dunyodagi har bir narsa va holatda allaqanday hikmat mujassam. Bu hikmatlar maʼnisini uqish uchun esa tabiatga shoirona nazar tashlash kerak. Shoira nigohi bilan kuzatadigan boʻlsak, “gʻunchai nashkufta” (“ochilmagan gʻuncha”) ham uni yaratuvchining fazli (fozilligi) bilan ochilmish. Bu fazlga qanday hikmat yashiringan boʻlishi mumkin? Avvalo, ochilmagan gʻunchani koʻz oldimizga keltiraylik. Suyukli yor dudoqlarini eslatuvchi bu yaratiq oʻz holicha ham shu qadar goʻzalki, uni taʼriflashga til ojizlik qiladi. Soatlab koʻz uzmasdan uni tomosha qilish mumkin. Ammo ana shu gʻuncha “guli xandon” boʻlib ochilsa, uning bir husniga yana oʻn husn qoʻshiladi. Uning gʻunchaligida taʼrifga ojiz boʻlgan til, endi tamoman lol boʻlib qoladi. Biz yuqoridagi satrlarda tabiiy gʻuncha va gul haqida soʻz yuritdik. Endi baytning tagmaʼnosi haqida bir mushohada qilib koʻraylik. Avvalo, shoira tilga olayotgan “gʻunchai nashkufta”ni tafakkur chigʻirigʻidan oʻtkazib olaylik. Shunda, biz shoira oddiygina bir gʻuncha misolida goʻzal maʼshuqaga ishora qilayotganligini beixtiyor payqab qolamiz. Hayo bilan, ibo bilan lab qimtib, yerga boqib turgan yor beixtiyor oʻz oshigʻiga nazar tashladi-da, oniy bir tabassum hadya etdi. Ana shunda uning gʻunchadek lablari bir lahzaga ochildi – guli xandonga aylandi. Bu damlar uchun haqiqiy oshiq hatto jonini fido qilishga ham tayyor boʻladi. Sayri chaman – dunyo kezish va “gʻunchai nashkufta”ning “guli xandon”ga aylanganini koʻra olish oshiq uchun kutilmagan baxt, shuning uchun ham u bunday gʻanimat damlarning qadriga yetishi kerak.
Shoira dunyoning gʻanimatligi haqidagi oʻz falsafiy qarashlarini yakunlar ekan, yozadi:
Vaysiyi gado, sen bu kun oʻksitma gadoni,
Lutf ila tarahhum yana ehsoni gʻanimat.
Bu gʻanimat dunyoda hamma nimaningdir umidida yashaydi. Ana shunday umidlardan biri kimdandir shirinsoʻz eshitish, oʻz dardiga hamdard topish ilinjidir. Insonning inson oldidagi burchi esa, ana shu ilinjni anglab yetish va oʻzgalardan oʻzining shirin soʻziyu, rahmu shafqatini ayamaslikdir. Zero, umr deganlari koʻz ochib yumguncha oʻtib ketadi va kishilar xotirasida bizning odamiylik sifatlarimizgina muhrlanib qoladi. Demak, haqiqiy inson sifatida hayot kechirishning eng muhim shartlaridan biri – ezgu ishlar bilan nom qoldirishga ulgurishdir.
Gʻazal tahlili jarayonida, biz uni shoiraning yoshlik yillari lirikasi emas, balki hayot achchiq-chuchugini totgan, ammo hech qachon badbinlik va tushkunlik kayfiyatiga tushmagan, insoniy fazilatlar mohiyatini chuqur anglab yetgan hayotsevar shaxsning umr haqidagi teran falsafiy mushohadalari ekanligiga guvoh boʻldik. Shoira qalamiga mansub bunday gʻazallar zamon va makon chegarasini bilmaydi, chunki ularda odamzot uchun hamisha muhim boʻlgan mushohadalar oʻz badiiy ifodasini topgan.
Margʻilon
Tolibjon ROʻZIBOYEV
“Sharq yulduzi”, 2012–1
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/umr-uvaysiy-talqinida/