UCHQUDUQ TUMANI — Navoiy viloyatidagi tuman. 1982-y. 25-martda tashkil etilgan. Shim. dan Qozogʻiston Respublikasi, gʻarbdan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, jan. dan Buxoro viloyati va sharqdan Tomdi, Konimex tumanlari b-n chegaradosh. Mayd. 46,63 ming km2. Aholisi 38,8 ming kishi (2004). Tumanda 5 qishloq fuqarolar yigʻini (Avangard, Boʻzdoʻngi, Mingbuloq, Oltintov, Uzunquduq) bor. Markazi — Uchquduq sh.
Tabiati. Tuman hududi viloyatning gʻarbida, Qizilqum choʻlida joylashgan. Relyefi, asosan, tekislik. Qizilqum choʻli qoʻylar uchun asosiy yaylov hisoblanadi. Iqlimi keskin kontinental. Yozi issiq, qishi sovuq. Yillik oʻrtacha tra 1 G, yanv. ning oʻrtacha t-rasi —6°, eng past tra —35°. Iyulning oʻrtacha t-rasi 27°, eng yuqori tra 45°. Vegetatsiya davri 190 kun. Yiliga 45—46 mm yogʻin tushadi. Yogʻin, asosan, qish va bahorda yogʻadi. Tuproqlari taqirli, sur qoʻngʻir va qumli tuproqlardan iborat. Yovvoyi oʻsimliklardan Qizilqum yaylovlarida saksovul, yantoq, adrasman, tuyaqorin, selin, quyonsuyak, qizilcha, tekisliklarda turangʻil, jiyda, yulgʻun, tol va b. bor. Beltov qirlarida oqshuvoq va shoʻralar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan, togʻlarda qobon, quyon, jayran, boʻri, tulki, chiyaboʻri, yovvoyi mushuk, boʻrsiq, qoʻshoyoq, koʻrsichqon; sudraluvchilardan toshbaqa, ilonlar, har xil kaltakesaklar; qushlardan tuvaloq, toʻrgʻay, burgut yashaydi. Uchquduq tumani hududida Muruntov oltin koni joylashgan.
Aholisi, asosan, oʻzbek va qozoqlar, shuningdek, rus, ukrain, qoraqalpoq, tojik, tatar va b. millat vakillari ham yashaydi.
Aholining oʻrtacha zichligi 1km2 ga 0,8 kishi. Shahar aholisi 25,3 ming kishi, qishloq aholisi 13,5 ming kishi (2004).
Xoʻjaligi. Tumanda 279 korxona, shu jumladan, 226 mikrofirma, 13 kichik, 13 oʻrta, 27 yirik korxona faoliyat koʻrsatadi. Undan tashqari, Uzbekistan—Rossiya «Promelektro» qoʻshma korxonasi mavjud. Qishloq xoʻjaligida yaylov chorvachiligi (qoramol, qoʻy, jumladan, qorakoʻl qoʻylari va echki, yilqi, tuya boqiladi) rivojlangan. Uchquduq tumani dagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 2,2 ming qoramol (shu jumladan, 1714 sigir), 137,3 ming qoʻy va echki, 1,7 ming yilqi, 1,2 ming tuya boqiladi. Parrandachilik b-n ham shugʻullaniladi (2004).
Tumandagi 22 umumiy taʼlim maktabi, shu jumladan, 1 gimnaziyada 8 mingdan ziyod oʻquvchi taʼlim oladi. Konchilik kasbhunar kolleji faoliyat koʻrsatadi (2004). 2 madaniyat uyi, 8 kutubxona, bolalar musiqa va sanʼat maktabi, stadion, sogʻlomlashtirish punkti, suzish xavzasi va b. sport inshootlari bor. Markaziy kasalxona, tibbiy sanitariya kismi, davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi, sil kasalligiga karshi dispanser, poliklinika, ayollar va bolalar konsultatsiyasi, dorixona, 2 qishloq vrachlik punkti, 4 kasalxona faoliyat koʻrsatadi. Tuman markazi (Uchquduq) bilan ovullar oʻrtasida va Navoiy sh. ga avtobuslar katnaydi. Tumanda «Dostыk—Drujba» gaz. chikariladi.