Uch ogʻa-ini bor ekan. Biri biridan shoʻx, biri biridan oʻyinqaroq bolalar ekan. Chetdan qaraganda, ularning yurish-turishi bir xildek koʻrinsa-da, kenjasi sal pismiqligi bilan ajralibroq turarkan. Uning juda kichkintoylikdagi ajabtovur qiligʻini oiladagilar haligacha hiringlab-hiringlab eslashar ekan.
Mahalla bolalarining salomatligini koʻrikdan oʻtkazib turuvchi qishloq doʻxtiri bir kuni kenjatoyni tekshirib boʻlib, ota-onasiga: “Qoni jinday kamroqqa oʻxshayapti, bu bolaga alohida parvo qilib turinglar”, deb tayinlabdi. Shu gap bahona boʻlib, kenjatoy gʻalati odat chiqaribdi. Nonushta paytida: “Men koʻproq murabbo yalaganim yaxshi, mening qonim ka-a-m”, deb idishni oʻziga yaqinroq surib olarkan, osh yeyishsa: “Men kuch toʻplashga majburman, mening qonim ka-a-m”, deb birvarakayiga ikkitadan goʻshtni lunjiga tiqarkan, oyisiga tixirlik qilib: “Menga kuniga uch marta muzqaymoq olib bermasangiz boʻlmaydi, mening qonim ka-a-m”, deb turib olarkan. Oxiri, shu gapga oʻrganib qolibdi, dadasi: “Vaqt allamahal boʻldi, televizorni oʻchirib, tezda uxla”, desa ham, u: “Men televizorni koʻproq koʻrishim kerak, mening qonim ka-a-m”, deb qoʻyarkan.
Shunaqa erkagina, shunaqa mugʻombirgina bola ekan kenjatoy.
Shu uch ogʻa-inilarning koʻchasida Tillavoy degan bir kishi yashar ekan. Boshqalardan boyroq boʻlishiga qaramay, bir tiyinning ustida umbaloq oshadigan darajada xasis, bitta tekin magʻizning daragini eshitsa, qirq chaqirim joyga yayov borishdan erinmaydiganlar xilidan ekan. Uyidagi kechki taomni tejab qolish uchun, sizlardan bir xabar olib qoʻyay dedim, deb, har kuni shomda u yoki bu qoʻshninikiga kirib borarkan, oldiga suyuq ovqat qoʻyishsa, to palov kelmaguncha, bezrayib oʻtiraverarkan. Shu tufayli “Sullavoy” degan laqab orttirgan ekan.
Bir kuni uch ogʻa-inining dadasi xotiniga qarab: “Onasi, tashqini yaxshilab supurib qoʻying, Sullavoy kecha yon qoʻshnimiznikida mehmon boʻluvdi, menimcha, bugun navbat bizniki”, debdi. Buni eshitib turgan bolalarning ensasi qotib, bir-birlariga maʼnoli qarab qoʻyishibdi. Keyin, oʻzaro shivirlasha boshlashibdi. Hamma yomon koʻradigan Sullavoyga qarshi bir hiyla oʻylab topishib, gijinglab-gijinglab kulishibdi.
Uch ogʻa-ini shunaqa inoq, shunaqa quvnoq bolalar ekan.
Shom boʻlib, qosh qorayib qolgan pallada koʻcha eshigi tomondan Sullavoyning: “Hov! Kim bor?” – degan tovushi yangrabdi. Uy begi uni qarshilashga borayotgan chogʻda, toʻngʻich oʻgʻil elektr hisoblagichning ostidagi murvatni burab, chiroqni oʻchirib qoʻyibdi. Chiroq chindan ham oʻchib qoldi deb oʻylagan ota: “Ozib-yozib bir kelganingizda, bunaqa boʻlganini qarang”, deya oʻngʻaysizlangan ekan, Sullavoy burnini gʻoʻppaytirib turib: “Hechqisi yoʻq, sham yoqib oʻtiraveramiz”, debdi.
Uy bekasi sham yoqib bergach, Sullavoy va ota-bolalar mehmonxonadagi xontaxta tevragidan joy egallashibdi. Oldindan hozirlik koʻrib qoʻyilgani bois, tez orada dasturxonga palov tortilibdi. Sullavoy ochkoʻzlarcha tamshanib, tovoqqa endigina qoʻl urayotganida, toʻngʻich oʻgʻil qattiq chuchkurib yuboribdi-yu, sham lip etib oʻchib qolibdi. Qorongʻidagi gʻimir-gʻimirlardan hadiksiragan mehmon: “Hov, boʻrichalar, eslikkina boʻlib oʻtiribsizlarmi?” – deb ovoz qilgan ekan, ogʻa-inilar: “Xavotir olmang, Sullavoy togʻa, miq etganimiz yoʻq”, deb javob qaytarishibdi. Begona erkakdan tortinib, boshqa xonada ovqatlanayotgan beka gugurt bilan kirib kelibdi, shamni yoqibdi. Mundoq qarashsa, oshtovoq yap-yalang emish. Ota: “Osh qani, quluntoylarim?” – desa, ogʻa-inilar: “Biz ham shuni bilolmay hayronmiz, dadavoy”, dermish-u, lablarida yogʻ yiltillab turganmish.
Bundan Sullavoyning koʻngli zil ketgan boʻlsa-da, sirni boy bermay: “Mehmon osh yeyolmadi deb xijolat tortmanglar. Ochigʻini aytsam, qaymoqni koʻproq yaxshi koʻraman”, debdi. Beka bir kosa qaymoq keltirib, xontaxtaga qoʻyibdi. Sullavoy ogʻzidan oqayotgan soʻlakni artib olib, qaymoqqa endigina qoʻl choʻzganida, bu gal oʻrtancha oʻgʻil jarangdor chuchkuribdi-yu, sham lip etib oʻchibdi. Qorongʻida taralayotgan “chipira-chipir”lardan bezovtalangan mehmon: “Hov, boʻrichalar, eslikkina boʻlib oʻtiribsizlarmi?” – deb doʻrillagan ekan, ogʻa-inilar: “Tashvishlanmang, Sullavoy togʻa, qoqilgan qoziqdek qimirlamay turibmiz”, deyishibdi. Beka kirib yana shamni yoqibdi. Mundoq qarashsa, na dasturxonda non bormish, na kosada qaymoq. Ota: “Qaymoq qani, quluntoylarim?” – desa, ogʻa-inilar: “Ie, bu kosada qaymoq bormidi, dadavoy?” – dermish-u, ogʻizlarining atrofi oppoq emish.
Uch ogʻa-ini shunaqa ishtahali, shunaqa polvon bolalar ekan.
Bu safar Sullavoyning yuragi tars yorilgudek boʻlibdi. Xoʻrligi kelsa-da, baribir biron nima yemasdan ketadigan ahmoq yoʻq, deya ich-ichidan tugunib: “Aslida, dasturxonga fotiha qilsak ham boʻlardi-yu, birorta taomga qoʻl urmasdan jilvorishim sizlarga ogʻir botishidan choʻchiyapman. Mayli, hech boʻlmasa, shirinlikdan totib koʻraylik”, deb surlanibdi. Soʻng, koʻzini ochofatlarcha oʻynatib, taqsimchadagi konfetlarga tashlanayotganida, kenja oʻgʻil jon-jahdi bilan chuchkurib yuboribdi-yu, sham lip etib oʻchibdi. Qorongʻida qogʻozlar shildiray boshlaganini eshitib turgan mehmon: “Hov, boʻrichalar, eslikkina boʻlib oʻtiribsizlarmi?” – deb bezovtalanibdi. Ogʻa-inilar: “Gʻam yemang, Sullavoy togʻa, qoʻlimiz tugul sochimiz ham qimirlagani yoʻq”, deyishibdi. Beka uchinchi marta shamni yoqqach, mundoq qarashsa, taqsimchada quruq qogʻozlardan boʻlak hech vaqo yoʻq emish. Ota: “Qogʻozchaga oʻralgan qandlar qani, quluntoylarim?” – desa, ogʻa-inilar: “Bu qogʻozlarning ichida qand boʻlishligini endi eshitib turibmiz, dadavoy”, dermish-u, ogʻizlari qolib hatto yuzlari ham shira emish.
Dasturxonda bor-yoʻgʻi konfet qogʻozchalari bilan non uvoqlari turganini koʻrib, yebtoʻymas Sullavoy yomon ezilibdi, irgʻishlab-irgʻishlab dodlagisi kelibdi.
Aytishlaricha, bu hangoma ertasigayoq mahallaga tarqalib, Sullavoy oʻlgudek izza boʻlibdi. Uch ogʻa-inining sabogʻi esini kiritib, chaqirilgan joylargagina borishni odat qilibdi.
Uch ogʻa-ini shunaqa topqir, shunaqa qiziq bolalar ekan.
Anvar OBIDJON
2009 yil
https://saviya.uz/ijod/nasr/uch-oga-ini/