Uch daryodan suv ichgan dengiz

Ona tilimni muazzam va ulugʻ desam, eʼzozlab boshga koʻtarsam, buning boisi oʻzimniki boʻlgani, jonimga yaqinligi uchun emas. Shunga ishonganim, iymon keltirganim uchun, mening ham bir ikki tildan xabarim boʻlib, qiyoslash imkoniyatlarim borligi uchundir.

Bir tomchi shabnamdek moʻjaz va tiniq elchi degan sof oʻzbekcha turkiy soʻzda qancha hikmat bor!

El deb, elat deb xalqni aytamiz. Yana yov hech qachon el boʻlmaydi, deymiz, yomonga elakishma degan oʻgitimiz bor. Bu oʻrinda el doʻstlik, yaqinlik maʼnolarini bildiradi. El qadimda davlat tushunchasini ham ifoda qilgan. Elchi bir xalqdan, bir davlatdan boshqa yurtga yuborilgan vakilgina emas, balki elni elga el qiladigan odam, xalqlar oʻrtasida mehr rishtasini bogʻlovchi, doʻstlik koʻprigini quruvchi hamdir.

Soʻzning oʻzida shaxs zimmasidagi zalvorli yuk bor. Elchi adolat va ezgulik yoʻlida haq soʻzni aytishga burchli inson.

Uning joniga esa kafolat hujjati qilib, qonundek mustahkam, shohlar hukmidek qatʼiy hikmat aytilgan: Elchiga oʻlim yoʻq!

Omonat degan oʻzbekona soʻzga qalb qulogʻini tuting. Qanchalar teran insoniy tuygʻular bor bu soʻzda. U mulk haqida aytilsa birovning omonati, jon haqida aytilsa Ollohning omonati. Banda uchun dunyo omonat, dunyo uchun bandaning oʻzi omonat.

“Yogʻilur har dam falakdan boshingga gardi firoq,

Oʻt ravonroqkim, omonatdir base bu eski toq.”

Inson boshiga osmondan gard yogʻilib turadi. Biz bugun bu gardni kosmik chang, deymiz. Fazoviy jismlarning Yer atmosferasida yonib ketishidan hosil boʻlgan kul, deymiz. Bunday gardni Hazrat Navoiy besh asr muqaddam qayoqdan bilgan, deya hayron boʻlmang. Beruniylar, Ulugʻbeklar yashagan yurtda fazo sirlari ayon edi. Hayratga sabab boshqa, yaʼni bu ilmiy haqiqatning falsafiy xulosasi, badiiy timsolidir. Ey odamzod, deydilar hazrat, boshingga yoqqan samo changlari ayriliq gardlaridir. Tomidan tuproq yogʻilgan uyda uzoq turib boʻlmaydi. Bunday uy omonat. Chirigan tom ostida yashash xatarli. Osmonidan gard yogʻilgan dunyoni, bu eski toqni ham ravonroq, tezroq tark etgan yaxshidir. Omonat soʻzining maʼno tovlanishiga qarang. Uy omonat, olam omonat.

Soʻz – zabarjad,

Soʻz – gavhar, oltin,

Zargarlikning mashaqqati koʻp.

Soʻzni baytga qadashdan oldin

Kaftingga qoʻy, toʻyib qara, oʻp!

Ona tilimni sevmasam, soʻzlariga mahliyo boʻlmasam, hayratlanmasam menga shoirlik qayda edi!

Oftob chiqdi, quyosh chiqdi, kun chiqdi,

Mehru shamsu xurshidi gardun chiqdi.

Bir zamon bolalar uchun aytilgan shu joʻngina va gʻoʻrgina ikki satrning oʻzida quyoshning oltita nomini topasiz! Sanoqni yana davom ettirish mumkin. Olimlar, topib bering, qaysi tilda quyoshning oʻndan ortiq ismi bor! Qaysi tilda osmonni kamalak ranglaridek yetti xil nom bilan ataydilar? Osmon, falak, samo, charx, gardun, fazo, koʻk… Bular dafʼatan xayolga kelganlari xolos! Arsh, davvor, minu singari kam ishlatiladigan xos soʻzlar ham sanalsa roʻyxat yanada uzayadi.

Maʼnodosh soʻzlarimizning koʻpligiga sabab bor. Oʻzbek tili uch daryodan suv ichgan. Diniy, ilmiy, ijtimoiy atamalarimiz asosan arab tilidan, koʻpgina ish qurollarimiz, jomadon, xokandoz, dastshu, jomashu, dazmol, qogʻoz kabi hunarmandlikka oid soʻzlarimiz, shuningdek yuksak sheʼriy uslubga xos suxanlar fors tilidan kelgan. Lekin bu qatʼiy qoida emas. Aksar holat desak toʻgʻriroq boʻladi. Arab tilidan oʻtgan narsa va buyum nomlari ham tilimizda koʻp: Aroba, musallas, istehkom, qalam singari. Shuningdek, fors tilidan kirgan falsafiy atamalar ham talaygina. Javonmard, sarbador, charxi kajraftor, Oinai Iskandar va hokazo. Harakat nomlari asosan turkiycha. Koʻpgina soʻzlarning oʻzbekchasi ham, arabchasi ham, forschasi ham tilimizda barobar ishlatiladi. Arabcha Alloh yonida forscha xudo, turkiy tengri soʻzlarimiz bor. Yurak ham, qalb ham, dil ham deymiz. Arabcha ism, forscha nom, oʻzbekcha ot – uchovi ham oʻzimizniki. Til, zabon, lison bizda shu sababdan beqiyos boy va rangin.

Alisher Navoiy turkiy tildagi yuzta harakat nomi, yaʼni feʼllarni sanab, fors tilida ularning muqobili yoʻq ekanini aytganlar va turkiy tilimizning boyligi, qudratini namoyish etganlar.

Qadimda turkiy til oddiy xalq tili hisoblangan. Askarlikka oddiy xalqdan olingani uchun va feʼl oʻzaklari tur, yot, yur, ot, chop singari asosan bir boʻgʻinli soʻzlardan tarkib topgani va buyruq berishga qulayligi bois harbiy til turkcha boʻlgan.

“Temur tuzuklari”ni bizga yetib kelgan fors tilidagi matndan oʻzbekchaga tarjima qilar ekan, Alixon Toʻra Sogʻuniy, “men tarjima qilmadim, balki asl tiliga qaytardim,” degan edilar va misol tariqasida tingchi, burongʻor, juvongʻor kabi turkiy atamalarning forscha muqobili topilmay, matnda oʻz aslicha qolganini koʻrsatgan edilar.

Oʻzbek tilining buyuk dengizi ana shu uch buyuk daryo – turkiy, arabiy va forsiydan suv ichish barobarida eski lotin, xitoy, moʻgʻul, rus, Yevropa tillaridan bahramand boʻlgan. Olimlarimiz allaqachon unut boʻlib ketgan koʻhna sanskrit soʻzlarini ham til xazinamizdan topganlar. Shu sabab tilimiz boy. Hech bir boshqa tilda boʻlmagan shakldosh soʻzlar sanʼati tuyuq oʻzbek tilida bor. Hech bir boshqa xalqda yoʻq askiya, soʻz oʻyini bizda mavjud.

Hazrat Navoiy toʻpori qora xalq tili hisoblangan turkiy oʻzbek tilini sheʼriyat osmoniga koʻtarib qoʻydilar. “Muhokamatul lugʻatayn”ni yozib ona tilimizning fors tilidan ustun boʻlsa ustunki, kam emasligini isbot qildilar.

Ushbu risolada yozilishicha, Navoiy ham yoshlik yillarida boshqa shoirlar kabi asosan fors tilida sheʼrlar yozib nafosat ahlining olqishini olgan ekanlar. Xususan, forsiyda bitilgan “Tuhfatul afkor” qasidasining matlai toʻgʻrisida hazrat Jomiy “Bahoriston” nomli asarda yozmishlarki, mazmuni shundoq: “Bu davlat yorligʻini osmonning peshtoqiga osilsa arziydi va bu saodat tamgʻasini Mushtariy yulduzining boʻyniga ilib qoʻysa, unga quvonch, iftixor boʻlgay.”

Navoiyning soʻz boyligi beqiyos. Sababi hazrat fors tilini qanchalar mukammal bilsalar – oʻz eʼtiroflari boʻyicha: “fors alfozin kishi mendin koʻprak bilmaydur” – arab tilini ham shu qadar barkamol egallaganlar va ularni toʻla istifoda etganlar. Turkiy tilning esa butun nazokatini, soʻzga boyligini “Muhokamatul lugʻatayn”dagina emas, butun umr, butun ijod jarayonida namoyon qilganlar. Oʻzbekning sodda, toʻpori soʻzlarini ham, sheʼrga solish mumkin boʻlmagan darajada oddiy va joʻn gaplarni ham nozik gʻazalga kirita olganlarki, bundoq sehrdan lol boʻlmay iloj yoʻq.

Sahar xovar shahi charx uzrakim xayli hasham chekdi,

Shuoi xat bila koʻhsor uza oltun alam chekdi.

Shunday yuksak uslubda yozilgan gʻazalga “supurgi” degan soʻzni kiritib boʻladimi? Mutlaqo mumkin emas, deysiz. Endi sheʼrning davomini oʻqing:

Qazo farroshi sundi charxning siymin supurgusin,

Muzayyan parlari andoqki, tovusi haram chekdi.

Ajabo, buyuk isteʼdod nafasi tegsa oʻzbekning qora yerda yotgan supurgisi ham osmonga koʻtarilib, quyoshning taram-taram shuʼlasiga aylanar ekan.

Yoki “tish qirchillatish” iborasini bugungi shoirlarimiz aruziy bayt u yoqda tursin, hatto xalqona sodda barmoq vaznida aytishni oʻzlariga ep koʻrmaydilar. Navoiyga quloq tuting:

Tushda koʻrdim yorni, shodon raqibim oʻtruda,

Rashkdin har lahza tish qirchillaturman uyquda.

Bunday xalq iboralari, laparlari, maqollarini “Xazoyinul maʼoniy”da koʻplab uchratamiz va har gal bu xil joʻn soʻzlar tagida yotgan maʼnolardan, badiiyatdan hayratga tushamiz.

Bizning shunday ulugʻ sheʼriyatimiz bor, boylikda beqiyos ona tilimiz bor. Til millatning bosh belgisi hisoblanadi. Til bor – millat bor. Til yoʻq – millat yoʻq. Istiqlol unut boʻlgan davlatchiligimizni tikladi, yoʻq boʻlishga mahkum qilingan tilimizni, demakki millatimizni asradi va aziz qildi. Endi uning biz yoʻqotib ulgurgan boyligini tiklash, turlicha “izm” tamgʻalarini qoʻyib isteʼmoldan chiqarilgan soʻzlarni oʻrniga qaytarish, buning uchun mumtoz adabiyotimizni chuqur oʻrganish hozirgi avlod zimmasidagi sharafli burchdir.

Gohi xayol qilaman, agar mustaqillikka ellik yil avvalroq yetishganimizda, balki ikki azim daryodan suv ichgan Orol dengizimiz bu ayanchli ahvolga tushmas edi va agar sobiq tuzum yana ellik yil yashab qolganda uch dengizdan suv ichgan ona tilimizning qismati ham Orolning qismatidek boʻlardi.

Tiklanayotgan soʻzlarimiz istiqlol chechaklaridir. Ochilajak gullar hali behisob…

 

Erkin VOHIDOV,

Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri

 

“Soʻz – zabarjad, soʻz – gavhar, oltin” asaridan.

https://saviya.uz/ijod/tilshunoslik/uch-daryodan-suv-ichgan-dengiz/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x