Tuygʻularning geometrik shakli

Istiqlol yillarida adabiyot oʻzgarishlarning yangicha pallasiga kirdi. Nazm, nasr va dramaturgiyada sezilarli darajada oʻsish, shakliy oʻzgarishlar yuz berdiki, shubhasiz, bu jarayonlar hali koʻplab tahlil-u tadqiqotlarga mavzu boʻladi.

Ana shu yangilanishlarning natijasi oʻlaroq, oʻzbek adabiyotida keng koʻlamli va yangicha shakl-shamoyilga ega boʻlgan, mazmunan pishiq asarlar yuzaga chiqa bordi. Mumtoz adabiyot namunalarini chuqur oʻzlashtirib, ularga hamohang tarzda izlanayotgan ijod kishilarining soni ortdi. Bir soʻz bilan aytganda, hozirgi zamon badiiy soʻz sanʼatida shakl va mazmun birligi, mutanosibligi masalasi har qachongidan ham dolzarbroq ahamiyat kasb eta boshladi. Biz mazkur maqola orqali oʻtgan yigirma yildan oshiq vaqt davomida yaratilgan ayrim asarlar qiyosida mavzuga doir fikrlarimizni bayon etmoqchimiz.

Alisher Navoiy oʻz ijodida sheʼriyatning gʻazal, mustazod, muxammas, musaddas, musamman, tarjiʼband, tarkibband, masnaviy, qasida, soqiynoma, qitʼa, ruboiy, muammo, chiston, tuyuq, fard kabi 16 xil janridan foydalangani olimlar tomonidan eʼtirof etilgan. Albatta, Navoiy boʻlish mushkul. Ul zotdagi ijodiy quvvat, ilohiy bir saviya yetuk darajada ekanligi rost. Tabiiyki, hozirgi zamon ijodkorlarini “shoirlarning sultoni” bilan qiyoslab boʻlmaydi. Ammo bu maydonga kirganlar uchun uning asarlari, hayoti va faoliyati bir mezondir. Shu maʼnoda, birgina sheʼriyatning 16 ta janrida soz asarlar bitgan hazratni bu kungi izdoshlari – barchamiz yozganlarini yutoqib mutolaa qiladigan adiblar janriy rang-baranglikka qanchalik ahamiyat berishmoqda? Undan tashqari, tasvir va taʼsir, shakl va mazmun singari badiiy oʻlchovlarning qimmati, toshu tarozusi qay darajada?

Eʼtibor beradigan boʻlsak, oʻzbek adabiyotida, ayniqsa sheʼriyatda turli janrlarda ijod qila oladigan shoirlar soni koʻp emas: nari borsa 4-5 ijodkorni barmoq bilan sanab boʻlar… Shunda ham, boriga baraka deymiz-u, aniq amaliy tahlillar asosida fikrimizni davom ettiramiz.

Mustaqilligimizdan soʻng nasrda ham, nazmda ham yangicha shakl janrlarida ijod qila oladigan ijodkorlar soni anchayin ortdi. Asqad Muxtor, Oʻtkir Hoshimov, Omon Muxtor, Azim Suyun, Ibrohim Gʻafurov, Iqbol Mirzo, Farida Afroʻz, Abdu Nabi, Isroil Subhoniy kabi bir qator shoir va yozuvchilar, adabiyotshunoslar tomonidan yaratilgan asarlardagi janr yangiligini alohida qayd etishimiz mumkin.

Asqad Muxtor tungi kechinmalariga badiiy tartib berib, gʻoyaviy-falsafiy yoʻnalishga ega boʻlgan ixcham fikr koʻrinishlarini yaratdiki, ular yozuvchi taʼbiri bilan aytganda “keksalik, xastalik sabab, uyqu qochganda bosh-keti yoʻq, uziq-yuluq oʻy-xayollarni tunchiroq ostida turgan daftarga yozib qoʻyish” natijasida jam boʻldi. Kundalikdan farqli oʻlaroq ushbu muxtasar daftar “Tundaliklar” deb ataldi. Balki yozuvchi kunduzi oʻylanib, tun chogʻi bunday qisqa xulosalarga kelgandir:

“Fransiyada, Vishi shahri yaqinida Lapaliss degan janobning qabri bor. U hayotligida hammaga maʼlum haqiqatlarni gapirib odamlarni bezor qilish bilan mashhur boʻlgan ekan. Qabr toshiga shunday deb yozibdilar: “Vafotidan bir daqiqa oldin tirik edi”.

Baʼzi birovlarga shunday epitafiya taklif qilaman: “Vafotidan ancha oldin oʻlgan edi”.

Bir ogʻiz gap, bir olam maʼno. Nazmda tuygʻularning bichimi oʻziga yarashgan va andak notanishroq koʻrinish, dramaturgiyada esa jiddiy, doʻppini boshdan olib, chuqurroq oʻylaydigan jarayon.

Navoiy haqidagi ikkita romanni misol keltirishni joiz topdik. Omon Muxtor qalamiga mansub. Hajman qisqaroq, biroz noanʼanaviy uslubda yozilgan. Yozilganda ham boshqalaridan farqli. Romanning maʼlum qismi tasviriy boʻyoqdorlik ustiga, yana bir qismi tarixiy manbalar asosiga, qolgani esa badiiy tasavvur natijasida bino boʻlgan. Yozuvchi aytganidek, “tasvir bilan tasavvur har holda farq qiladi”. Muallif tarixiy haqiqat va badiiy toʻqima oʻrtasidagi oraliqni topib olganki, oʻqilishi romanga oʻxshash, yozilishi sheʼrni eslatadigan holat:

U yoshligida bir qizni yaxshi koʻrgani aniq.

Biz Husayn Boyqaroning oʻn bir xotini ismini bilamiz.

 

Beka Sulton begim, Choʻli begim,

Shahribonu begim, Poyanda Sulton begim,

Xadicha ogʻo begim, Popo ogʻocha begim va boshqalar…

Alisherning birgina sevgilisi ismi nomaʼlum.

 

(Yoki hozircha nomaʼlum)

 

Rivoyat, ertaklarda uni Guli deyishadi.

Gulyuz, Gulnoz, Gulsum boʻlishi mumkin.

Gulrux, Gulbegim, Gulbadan boʻlishi ham mumkin.

Uning ismida “Gul” soʻzi boʻlgani shubhasiz!

Xalq nimadir belgi qoldirishga odatlangan!

 

Bu kabi koʻrinishlarning dramaturgiyada namoyon boʻlishini adabiyotda yangi bir tadqiqning boshlanmasi, ayni chogʻda adabiy hodisa sifatida qarash mumkindir, balki. Ammo bunday shakllarning toʻlaqonli tarzda namoyon boʻlishiga yuqoridagi ikki romanni yetarli asos sifatida keltirish oʻrinli boʻlmasa kerak. Chunki bundan avvalroq shakliy oʻzgarishlarning koʻrinishlarini oʻzida mujassam ettira boshlagan asarlar yozila boshlangan edi.

“Daftar hoshiyasidagi bitiklar” biz asoslamoqchi boʻlgan holatga ancha yaqin keladi. Voqealarni batafsil bayon etishdan qochish, gapning poʻstkallasini soʻzlash yozuvchi Oʻtkir Hoshimov qalamida ancha sayqal topdi. Aslida, bu bitiklarning har birini muallif nazarida “alohida asar qilsa ham boʻlardi”. Chunki ixchamgina bu fikrlar muallifning uzoq yillik kuzatuvlari, mulohazalari, xulosalari natijasida yuzaga keldi. Yozuvchi oʻz fikrini sodda, loʻnda va eng asosiysi qisqa satrlarda ifoda eta olishi bilan adabiyotga yangicha shakl namoyishini olib kirdi.

Adabiyotshunos olim Ibrohim Gʻafurovning bir necha turkum nasriy nazmlari – mansuralari, mumtoz tarix yoʻlidagi badialari kitob holida nashrdan chiqdi va adabiyotda ayricha fusunkorlik kashf etdi. Muallif oʻz ijodi davomida Borxes, Monten va Sen-Syonagon hamda hind, xitoy, yapon faylasuflarining asarlari taʼsirida kuchli nutq oqimiga asoslangan “mansuralar” degan janr yaratdi. Mansuralar erkin sheʼr janriga juda yaqin, lekin erkin sheʼr emas. “Hayo – xaloskor” nomli kitobidan ana shunday ruh va koʻrinishdagi yozishmalar oʻrin olgan. Unda muallifni oʻrtagan oʻylar, xayol, orzu va yoʻqotilgan narsalar toʻgʻrisidagi fikr oqimlari mujassamlashgan:

 

Odam suvmi yo suv tagida tosh?

Koʻp kuzatdim:

suv uchib ketadi

suv choʻkib ketadi

suv oʻtib ketadi

lekin qolar tosh

Kelgan xulosam shu:

Hayot tosh boʻlsa kerak

har holda

bizdan keyin ham qoladi…

 

Sheʼriyatda uzoq vaqt davomida kuzatilmay kelinayotgan misralardagi ohangdorlik va shakl yoʻnalishi sezilarli oʻzgarayotganligini oddiy oʻquvchi koʻzi bilan ham ilgʻash mumkin. Bizning eʼtiborimizni tortgan jihatlardan biri shundaki, qalam ahli oʻtmishda paydo boʻlgan janrlarda ijod qilish barobarida, oʻzlari ham yangicha janrlarni yuzaga keltirib, unda nafis soʻz oʻyinlarini yarata olishmoqda.

Azim Suyun “Ey doʻst” nomli ming bir qayirmalari bilan eski haqiqatlarni tabiatning sirli holatlari eshligi ila yangicha, ohorli tasvirlashga harakat qildi. Fikrlarni toʻrt va besh misra oraligʻidagi satrlar bilan jozibador ifodalashga urindi:

 

Ey doʻst!

Bogʻsupada uxlab qolibdi bir qiz,

Yoyilib oqibdi – sochlar jamalak.

Hayratdan tek qotdim: gʻuncha labiga

Qoʻnib, boʻsa olar bitta kapalak.

 

Sheʼr ibtidosidanoq murojaat kayfiyati seziladi. Qolgan satrlarda esa tasvir, fikrning falsafiy va metaforaga xos ifodasi talqin etiladi. Kitobdagi barcha sheʼrlar ana shunday shakliy tenglik asosiga qurilgan.

Shoir Iqbol Mirzoning uchliklarida ayni hayotning eng qaynoq nuqtalaridan uzib olingan, bir qadar falsafiy va haqqoniy haqiqatlarni kuzatishimiz mumkin:

 

Men uzoq qarab qoldim unga:

Judayam odamga

oʻxshar edi u.

 

Ijodkorning shu zayilda yozilgan yana ayrim ijod namunalari borki, ularning mazmun-mohiyati uchun toʻrtinchi misra ortiqchalik qiladi. Misralar aynan uchliklarda baquvvatlashib, oʻtkirlashib qoladi. Kerak boʻlsa ularda dunyoviy muammolar, fojialarning ruhi ham aks etadi:

 

Dengiz albatta toʻladi dedi

Qiyiq chol.

Oʻpkam toʻlib ketdi.

Shoir Abdu Nabi qalamiga mansub turkumlarda soʻzning hech bir janr qolipiga mos kelmaydigan koʻrinish yetakchilik qiladi.”Beshnavo”lardan tashkil topgan satrlarda faqatgina beshtagina soʻz orqali maʼno anglash mumkin:

 

Togʻlarning

Havolariga

Havolanib

Togʻlarni

Unutdik.

 

Fikr qanchalik qisqa ifodalansa, uning tagzamiri shunchalik keng boʻlib boradi. Yuqoridagi besh soʻz oʻzaro maʼno ohangdoshligini tashkil etgan va oʻzgacha yoʻsinda ifoda etilgan. Albatta, sheʼriyatdagi bu jarayonlarni kuzatish, tadqiq qilish foydadan holi emas.

Shoira Farida Afroʻz ijodiga mansub “uchlik”lar tom maʼnoda adabiyotshunoslar tomonidan iliq kutib olindi. Jiddiy tahlillar va kutilmagan poetik toʻxtamlar asosiga qurilgan misralar sheʼriyatga musavvirona qarashlarni olib kirdi. Toʻgʻri, ayrim ijodkorlarning sheʼriyatida uchliklarni uchratish mumkin, ammo ular chin maʼnoda tilga tushmagan edi. Farida Afroʻz ijodidagi “Tasbeh”lar sheʼriyatda oʻzgacha kayfiyat bilan kutib olindi:

 

Ilk bora sevgisin izhor etgani

Uyaladi u, hech kimdan emas,

Oppoq sochidan…

 

Tasbehda na oshiqning, na maʼshuqning yoshi keltirilgan. Vaqt, kechmish haqida ham hech qanday maʼlumot yoʻq. Birgina izoh hamma savollarga javob yasaydi: ilk sevgisini aytishga iymangan oshiq va oppoq sochlar…

Xuddi shu vaznda ijod qilayotgan shoirlardan yana biri Gʻulom Mirzodir. Ijodkorning “Oftobga qaytaman” nomli kitobida “sarbast” vaznida yozilgan sheʼrlar bilan bir qatorda “Umrim taqvimi” rukni ostida berilgan uchliklar ham oʻrin olgan. Undagi ifodalar bir qadar qisqa, sodda, mushohadakorligi bilan kishini jalb etadi. Birgina misol:

 

Ruh

Bukilmas,

Sinar bir yoʻla.

 

Sheʼriyatda boshdan-oyoq “oltilik” janrida ijod qilgan shoirlar ham borki, ular haqida atroflicha soʻz yuritish mumkin. Ayniqsa ular orasida Isroil Subhoniy ijodi mulohazakorligi bilan, taʼsirchanligi bilan eʼtiborni tortadi. Muallifning “Shashqator” nomli oltiliklardan iborat kitobida sheʼriy vazn meʼyor qoliplariga singimay, alohida janr sifatida pogʻonaga olib chiqiladi. Dastlabki 4 misrada shoir oʻzi aytmoqchi boʻlgan fikrni imkon qadar tushunarli va aniq tarzda ifodalashga harakat qiladi. Soʻnggi ikki satrda esa “qissadan hissa” tarzida xulosa chiqaradi:

 

Zamonlar oʻzgarur degan gap yolgʻon,

Hamon mohiyatni qolurlar asrab.

Har qanday zamonda osh oshab nodon,

Har qanday zamonda osilar Mashrab.

Kor oʻsha, oʻzgarib turadi arkon,

Dor oʻsha, oʻzgarib turadi arqon.

 

Eʼtibor beradigan boʻlsak, soʻnggi paytlarda zamonaviy oʻzbek nasrida va sheʼriyatida tez surʼatlarda qisqalikka intilish jarayoni bormoqda. Bu hol shunchaki Gʻarb adabiyotidan nusxa koʻchirish evaziga yuzaga kelayotgan adabiy hodisa emas, balki chuqur ichki bir mantiqqa ega boʻlgan, oʻz-oʻzini oqlaydigan ijodiy yoʻnalishdir. Xususan, Anvar Obidjon uchchanoqlar yozdi, Tohir Qahhor, Faxriyor, Ulugʻbek Hamdam kabi bir qator shoirlar ikkilik, hatto birlik sheʼr namunalarini yaratishmoqda. Misralarning borgan sari tigʻizlashib, kamayib borishi ijodkorda soʻz va maʼno kashfiyotlarini qilish imkonini yuzaga keltiradi. Sheʼr zamiridagi gʻoyaning koʻlami kattalashib, tomchida quyosh aks etib boradi.

 

Bobur ELMURODOV

 

“Yoshlik”, 2015 yil 5-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tuygularning-geometrik-shakli/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x