Tuygʻular tilmochi

 

Tuygʻu – sezim hosilasi. Tuygʻusiz yozilgan sanʼat asari eshiksiz va tuynuksiz qasrga oʻxshaydi. Bu qasrdan boshpana izlamoq oʻz ismining maʼno-mazmunini anglab yetmagan va jon taslim etayotgan kishi holatini eslatadi. U foniy dunyoda yelib-yugurib nima topdi? Nahot oʻlimni xushlash uchun tugʻilgan boʻlsa? Gʻalati tasavvurlar quyuni koʻngil buhronini toʻzgʻitib yuboradi. Endi tasavvur idrokka “chang soladi” va oʻsha eshiksizu tuynuksiz qasr devoridan eshik ochadi. Tuygʻusiz – tasavvur sari yoʻl yoʻq. Tasavvurning maxraju suvratini uygʻunlashtirish uchun tasvir halqasini uzguvchi yechim zarur. Bu kuch idrok yoxud zakovat quvvatidadir. Mohiyat ana shu quvvatdan soʻng shaffoflanadi. “Tasavvurni yangilamay turib, na metaforani, na soʻzni yangilab boʻladi” (Nazar Eshonqul).

Dafʼatan quyidagi manzara sheʼriyat muhibini arosat dayrida vaznsizlikka soladi. Chunki oʻz Qadri bilan xayrlashayotgan va sayoq safarning adogʻiga yetolmagan lirik qahramon oʻz manzilidan boshpana izlayapti. Ozod oʻylarini oʻzi tuzoqqa tashlayapti. Hatto chavandozning shiddati sayozlashgan daryo singari soʻnik.

 

Quyoshga kaftini tutgan adirlar

Sovugan shaxtimga berolmas hiddat.

Xayr, ey, tilmochsiz qolgan satrlar,

Sizga ham yetishmas avvalgi shiddat!

…Nahotki, ufqlar singari uzoq

Hislarim tilmochi – nomaʼlum mehr.

 

Nomaʼlum mehr – hislar tarjimonimikin? Nega mehr uchun tarjimon talab etayapti shoir. Axir, inson oʻzini sevishdan nafratlana olgan kun uzoq-uzoqlarga bosh olib ketgisi keladi-ku! Oʻzidan uzoqlashish qalb sari qoʻshin tortish emasmikin? Tasavvufda chekinish tuproqqa (xokisorlikka) yovuqlashish, deya talqin etiladi. Demakki, lirik qahramon oʻzining hayotidan maʼno topmagach, isyonga chogʻlanayapti.

 

Tilmoch topolmadim sizga, hislarim,

Aziz tuygʻularim, bugun alvido!

Hatto tushunolmas yoru doʻstlarim,

Demak, men qandaydir xayolga fido.

 

Bu misralar taassurot xulosasi emas, balki tasavvur shamiga urilayotgan parvonasifat hislar qandaydir xayolga jonfidoligiyu va aksincha, atrofning qorongʻi manzarasidan oʻkinayotgan koʻngilning vidolashuviga undovchi urgʻudir. Aslida, sheʼr shu yoʻsinda boshlanib, lirik qahramonni ne-ne talotumlar toʻfonida chirpirak etmadi, inson uzlat sari chekinganda uni yoru doʻstlari ham tushunolmaydi. Uzlat – oʻzlikni anglash ildizidir. Mehrsiz yashash – jonli oʻlim va bu oʻlim oʻchogʻida odamlar tanasi jasadga aylanishi, faqat bu jasadni qabrsiz ekanligiga ishora qiladi shoir. Sheʼriyatdagi ishora barmoq uchlaridan iz olish kabi jonli ashyodir. Tuygʻusiz yashash yolgʻon hayotdir. Rost yashash esa iztirob alangasida yonish ila barobar. Oʻtli hislariga vido aytganlargina yashashni rad etadi. Nega endi? Oʻt – jaholat ajdahosi. Oʻt balosi har qanday pokiza tuygʻularni oʻz domiga tortadi va jizgʻanak etib kuydiradi. Tuygʻusiz olam och va yirtqich sahrodir. Qolaversa, sheʼr xaritasiga muhit tanazzulining chiziqlari muhrlangan. Isyonga chogʻlanayotgan odamning tilmochsiz hislar quyunidagi vidosi uzlat vodiysini yorugʻlikka koʻmadi. Uzlat – nomaʼlum mehrning tilmochsiz tuygʻularga uygʻunligidir. Lirik qahramonning matlabi ham ana shu makonda sayr etmoqdir.

Hayotdan oʻttiz bir yoshida ketgan isteʼdodli shoir Nazar Shukurning “Zarqalam” nashriyotida chop etilgan “Sen qaytmasang” saylanmasi mundarijasidan oʻrin olgan bir sheʼri tahliliga maʼlum maʼnoda yondashdik, xolos. Taniqli munaqqid, professor Qozoqboy Yoʻldoshning kitobga yozgan soʻngsoʻzidagi quyidagi jumlalarga eʼtibor beraylik: “Nazar Shukur original poetik nazarga ega shoir edi. Shuning uchun ham u olam hodisalarini mutlaqo betakror yoʻsinda idrok etadi va tasvirlay biladi”. Bu chin gap. Shoir pokiza tuygʻular tarjimonidir. Uning sheʼriyatida shaffof Soʻzga burkangan tuygʻular shabnamlarday porlaydi.

Nazar Shukur ijodida xalqona ohanglarga yoʻgʻrilgan sheʼrlar anchagina. “Umrim yoʻllarida” sheʼri bunga misol boʻla oladi.

 

Qorlar koʻmdi ortimdan tizilgan yillarimni,

Ayoz urdi qanchalab ayagan gullarimni,

Baʼzan topdim, baʼzi payt yoʻqotdim yoʻllarimni,

Qachon borsam yoniga doʻstdan shirin osh boʻldi,

Qay birovning dastidan yeganim-da tosh boʻldi.

 

Sheʼr anʼanaviy yoʻlda bitilgan. Misralar tabiiy ravishda quyilgan. Aslida, oʻz soʻzini aytmoqchi boʻlgan shoir uchun biron bir oqim bahona boʻla olmaydi. Muhimi, ilohiy lazzat ulashguvchi sheʼrda joziba va harorat boʻladi. Xalq ogʻzaki ijodining sodda, ammo sermaʼno yombisidan bahramand boʻlish har qanday shoirga ham nasib boʻlavermaydi. Oddiylikda samimiyat bor, samimiyatda sof tuygʻu va ichki mohiyat mujassam. “Hayitgul afsonasi” sheʼri tarixiy qimmatga egadir. Unda ikki oʻzbek qavmi oʻrtasida kurash musobaqasi oʻtkaziladi. Bir qavmning polvonlari raqiblaridan yengilgach, el oqsoqollari tashvishga tushishadi. Ammo imkon izlaganga yoʻl topiladi deganlaridek, Hayitgul degan ayolni erkakcha kiyintirib kurash maydoniga tushiradi. Hayitgul raqiblarning eng kuchli polvoni kuragini yerga tekkizadi. Afsona zamirida haqiqat mujassam. Qadimiy oʻyin – kurash shoir nazaridan chetda qolgan emas. Sheʼr xalq urf-odatlariga eskilik sarqiti deb qaralgan yillari yozilganligi bilan ahamiyatlidir. El oqsoqolining oʻrni, xalqimizning or-nomusi kuchli ekanligi ham eʼtirof etilgan.

Shu oʻrinda shoirning “Nay” dostoni xususida toʻxtalib oʻtsak. Professor Qozoqboy Yoʻldoshev: “Nazar Shukur dostonlarida ham tasvir vositalarini original qoʻllash orqali epik koʻlamli tuygʻularning ishonarli tasvirini berolgan. Chin isteʼdod qismga butunning belgisini mahorat bilan joylay oladi. Bu oʻrinda ham shu hol namoyon boʻlgan”, deya dostonning mazmun mundarijasiga ichki sezim bilan baho berolgan.

Nay – qadimiy soz. Askarlar joʻnayotgan eshelonning nay kabi qoʻzgʻalishi biroz gʻalati boʻlsa-da, uni botinan oʻylaganda naqadar uyqashligini anglaysiz. Eshelon oʻlim sari askar yigitlarni olib ketayapti. Jonsiz predmet ichida jonli toʻlgʻoqlar oʻzaro hamohanglikka ega. Eshelonning xoʻrsiniqni ifodalovchi harakatiga nay navosi joʻrligi bir butunlikni tashkil qilgan. Ikki qarama-qarshi harakat bir parallel chiziqqa tutashgan. Nay tilga kirganda esa:

 

Kuy emas, Navoiy gʻamin tizimi

Qaytardi Hirotga Astroboddan.

Baribir, axtarib yurtning isini

Uning sogʻinchlari tushmasdi otdan.

 

Nay tilga kirganda yigʻlardi Bobur

Tongdanoq yuzlanib Andijon sari.

Lopillab qolardi vatansiz qabr,

Nayning koʻzlaridan oqardi bari.

 

Nayning koʻzi bu – navo. Navo Navoiyga ham, Boburga ham zamondosh. Eshelonda urushga ketayotgan askarlargayam tanish. U shaklini ham, mazmunini ham oʻzgartirmaydi. U – tarix. Tarix muhrida qotgan muhit yangilanmaydi. Insoniyatni olis ajdodlar qavmi bilan yosh avlodni faqat kuy birlashtiradi. Doston ana shunday ohang va mazmunga qurilganligi bilan qimmatlidir.

Nazar Shukur mustabid shoʻro tuzumida yashagan. Dahriylik dovuli qoʻpgan davrda fikr erkinligi falajlangan. Ammo uning sheʼriyatida sogʻlom fikr nafasi ufurib turadi. Idrok qalb mehrobiyu koʻngil Xizr chashmasi kabi sof tuygʻular silsilasidan tiniq jaranglaydi. Ohang afsunlashidan choʻchigan shoir oʻquvchini tasavvur koʻzgusi sari yuzlantiradi. Soʻzlar bahor epkinidan eriyotgan qor kabi shaffoflanadi. Shaffoflik vujudga ilohiy nurdek singadi va ruhiyat manzaralarini yorishtirib yuboradi. Bu isteʼdodning kuchidir. “Yassaviy maqbarasi” sheʼrida bu manzaralar yanada yorqinlashadi. Gap turkiy tilning ulugʻligi haqida ketayapti. “Enasoy bandiga bitilgan harflar”ni shamollar oʻqiganligiyu osmon, oy, yulduz oʻrganganligini mustabid tuzum kuychilariga eslatmoqda shoir. Chunki yozuvlar maqbara peshtoqiga bitilgan.

 

Bu tilda qoʻshiqlar aytdi yarim oy,

Shart yirtib tun degan chimmatlarini.

Shomgacha kuyladi quyosh horimay

Yod aytib Yassaviy “Hikmat”larini.

 

Shoirning jasorati muhabbatga uygʻun, nafratdan balanddir. Qoʻrquv saltanati inshosiga yelimday yopishgan yolgʻon ohangga joʻr boʻlishdan oʻzlikni asrash tuygʻusi Ilohning qudratidan ekanligini qalban anglaysiz. Shu bois ham shoirlar Soʻz olamining sarvari sifatida asrlar osha biz bilan hamnafas yashaydi. Nazar Shukur ham ana shunday maqomga ega shoirdir. Uning ijodini yaqindan oʻrganmoq foydadan xoli emas. Chunki yulduzlar olis koʻk toqidan porloq nur sochib mangulikdan dars oʻqiydilar, yoʻlchi yulduz boʻlib yoʻl koʻrsatadilar. Buni qum boʻroni koʻchgan sahrolardan omon-eson oʻtib kelgan karvonlar – falak karomati tuhfasi ekanligini tushunganlar, tuygʻular tarjimoni boʻlmish qalb sohiblari anglab yetganlar.

 

Nilufar UMAROVA

 

“Sharq yulduzi”, 2014–6

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/tuygular-tilmochi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x