Tushunish teoremasi

Muxtor ShAXANOV

 

Xonani qaygʻu bulutday yopganida,

Odamzotning olgʻir qushi banogoh –

Lev Tolstoy jon topshirayotganida,

Xotini kelib, qoʻlini oʻpib, urdi oh:

“Tiyolmasdan yomon feʼlim taʼsirini,

Oʻzing bilan oʻtkazdim yarim as(i)rimni.

Men badbaxtni kechir, jonim, gunoh koʻp,

Mana endi-endi ochildi koʻzim.

Yurak toʻla afsus-attang va oh koʻp,

Kechir meni, kechir meni, azizim!..”

Unsiz, ichdan shivirladi donishmand:

“He… senmiding? Yoshingni art, berding pand.

Yigʻlab, hech kim qaytarolmas oʻtganni,

Qochdim sendan,

Yashaguncha sen bilan

Ortiq koʻrdim dunyo kezib ketganni.

Qochganimga sabab bir sen emas-u,

Rossiyadan ajralmasday boʻldim-ku,

Izim qoldi sovuq qor uzra oppoq.

Kulli olamni tamshandirgan aqlim ham

Sendan tayanch-suyanch topmadi mutloq.

Bir haqiqat gap bor – keldi xonasi,

Oʻgʻil-qizlarimning boʻlding onasi.

Qartayib er-xotin qara-ya buni,

Tushunishmay qoldi biri-birini.

Aytgim kelmas shoʻrisan deb manglayning.

Biroq oʻzing shu taqdirni tanlading.

Tushunmading, tushunmading meni sen,

Tushunmadim, afsus-attang, seni men.

Tushunishga tirishmading meni sen.

Gʻamxoʻrim boʻp choʻzding qancha qoʻl uchin,

Tushunishni xohlamading biroq sen.

Kechirmayman, kechirmayman shuning-chun…”

Qalbin, labin nadomatlar qilib band,

Koʻzin yumdi shunday ulugʻ donishmand.

Qayda, qayda koʻngil sirin

Koʻzdan sezgan zakovat?!

 

Uch masofa, uch mezon bor, uch tenglik:

Bu – yuksaklik, bu – teranlik, bu – kenglik!

Bu uchovin, mensimaslik – bu koʻrlik,

Koʻzi boʻlib koʻzsizlik bu, qulogʻi bor garanglik.

Tushunmaslik gʻurbat boʻlar, baxtsizlikdir ul

Ha, insoniy odatlarda yoʻq haliyam sara yoʻl.

Oʻngʻay emas, bas, bu kurash, oʻngʻay emas, oʻngʻaymas.

O, birlik, o, muvofiqlik – sen shunchalar muqaddas!

Kerak boʻlsa, tushunmaslik – gunoh emas nihoyat,

Tushunishga tirishmaslik – mana, mana jinoyat!

O, qanchalar buloq koʻzin el tushunmay koʻmdilar.

Shuytib, qancha boyteraklar suvsizlikka choʻmdilar.

Uh, qanchalab ulugʻlarni yurt tushunmay oʻldirdi,

Shuytib, manov tiriklikka ulugʻ ziyon keltirdi.

Brunoni oʻtga yoqqan,

Galileyni sudga tortgan,

Birjon solning[1] arqon bogʻlab qoʻliga,

Ilon boʻlib Ulugʻbekning oʻrmalagan yoʻliga –

Tushunmaslik edi-ku.

Shular bari dogʻ boʻp tushdi

Odamzodning shoʻriga.

Tushunmaslik oz yoydimi qanotin?

Abayni ham savalagan

Tushunmaslik balosi![2]

 

Talantiga tamshaytirib talayni,

Yozganida Avezov ham “Abay”ni,

“Bunday roman borolmaydi uzoqqa”, –

Deb, tishini gʻijirlatib, mazoqqa

Mazoq qoʻshib, qamchi qoʻshib qamchiga,

Tushunmaslik kirishdi-ku yanchishga!

Avezovning kayfiyati xoʻb sindi,

Izza tortdi, qoʻlin siltab,

Ichdan unsiz xoʻrsindi.

“Tushunuvchan xalqim omon boʻlsin!” – deb,

“Xalqim ezguliklar tomon boʻlsin!” – deb,

Yozaverdi, yozaverdi romanin,

Toʻrt muhtasham kitob qildi qolganin!

 

Oʻtgan oʻtdi,

Biroq bari hisobda.

Nodonlikni – jinoyat deb hisobla!

Qanday azob tushunmaslik, johillik,

Johillarga gap kor etmas aqllik.

Tushunmaslik – gunoh emas, desak ham,

Tushunishga urinmaslik – chinakam

Yomon ishdir, jinoyatdir, gunohdir,

Oqibati afsus, attang va ohdir!

Tushunmaslik misoli bir koʻk tuman,

Shul koʻk tuman tugʻdiradi koʻp gumon.

Bir yosh talant gap boshlasa minbardan,

Yurt tushunmay qolsa-ya deb turaman.

Kelayotir, ketayotir daholar,

Koʻring, tinglang, ularni kim baholar?!

 

Muzaffar AHMAD tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–10

 


Muxtor Shaxanov 1942 yil Oʻtror tumanining Shilik ovulida tugʻilgan. Shoir, dramaturg, jamoat arbobi, elchi. Koʻplab xalqaro mukofotlar sovrindori. Qozogʻiston va Qirgʻiziston xalq shoiri.

 


[1] Birjon sol – atoqli qozoq xalq oqini.    

[2] 1900 yilda Abay volost rahbarligiga saylovlar paytida bir toʻda qabih niyatli kishilar tomonidan oʻrtaga olib, savalanadi. Muallif oʻsha voqealarni nazarda tutmoqda.

https://saviya.uz/ijod/nazm/tushunish-teoremasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x