Tushning boshqa motivlar bilan qiyosiy tahlili

Har bir xalq qiyofasi, feʼl-atvori, tafakkuri, ruhiyati va saviyasi, eng avvalo, uning ogʻzaki ijodida aks etadi. Tafakkur tarixi va taraqqiyot bosqichlari ogʻzaki ijod namunalarida namoyon boʻladi. Folklorda xalqning dunyoni, oʻzini bilish va anglash sari qoʻygan qadamlari, jarayonlari mujassamdir.

Dostonlarimizdagi har bir soʻz, har bir misra, har bir obraz va motivlar chuqur tahlil qilingan va qiyosiy oʻrganilgandagina uning yuksak badiiyat namunasi ekaniga amin boʻlamiz. Qahramonlik va boshqa dostonlarimizda eposning oʻziga xos xususiyatlarini koʻrsatuvchi koʻplab motivlar mavjud.

Xalq dostonlarida timsoliy maʼno kasb etgan, tush motivi bilan bevosita parallel holatda yoxud ushbu motiv bilan chambarchas bogʻliq holatda kelgan qator mifologik motivlar ham koʻplab uchraydiki, shulardan biri qahramonning ilohiy tugʻilishi boʻlsa, ikkinchisi, uning, yaʼni alpning sarxushlik hamda tutqunlik (zindon) holatidir.

“Alpomish” va “Goʻroʻgʻli” turkum dostonlarida qahramon – alpning tugʻilishi ilohiy xususiyat kasb etadi. Ilohiy tugʻilish folklordagi yetakchi motivlardan biri boʻlib, bir necha bosqichlardan iborat. Birinchisi: alp – qahramon tugʻilishidan oldin ota-onasining farzandsizligi holati. Bu holat, eng avvalo, ramziy maʼnoga ega. Bu, bir tomondan, ona urugʻchiligi bilan bogʻliq tasavvurlarning doston qatlamida saqlanib qolganligidan dalolat bersa, ikkinchi tomondan, hokimiyatni mustahkamlaydigan, parokanda elni yana qayta birlashtiradigan yangi avlod – yangi qahramonning tugʻilishini anglatadi. Ikkinchisi: qahramon tugʻilishi tushda ilohiy karomat qilinishi. Uchinchisi: qahramon tugʻilgandayoq uning zimmasiga yuklatilgan vazifa, yaʼni oʻtashi shart boʻlgan sinovlarning oldindan belgilab qoʻyilishi.

Atoqli olim V. Jirmunskiy ilohiy tugʻilish motivini partogenezis, yaʼni ayollarning sirli, ilohiy homilador boʻlishi, yaʼni qadim tasavvurlar bilan chambarchas bogʻliq ekanligini taʼkidlaydi.[1]

Eposda qahramonning biror bir meva yoxud totem hayvon sababli yoki homiy ruh tufayli dunyoga kelishi va ularning tugʻilayotgan paytida otalarning uyda boʻlmasligi olimning yuqoridagi fikri asosli ekanini koʻrsatadi.

V. Propp ham ilohiy tugʻilish motivini matriarxat davri bilan bogʻlab, uning bir necha turlarini sanab oʻtadi. Bular: 1) Mevadan tugʻilish; 2) soʻz – duodan tugʻilish; 3) ruhdan tugʻilish; 4) pechkadan tugʻilish; 5) yaratilish (yogʻochdan yoxud boshqa biror bir narsadan yasash).[2]

V. Proppning bu tasnifi ancha bahsli. Zero, bu yerdagi mevadan tugʻilish bilan yogʻoch yoxud biror bir daraxt novdasidan yaratilish aynan bir narsa. Shuningdek, soʻz – duodan tugʻilish va ruhdan yaratilishni ham ayro-ayro holda emas, balki bir holatning turli matnlardagi turlicha koʻrinishi, deb qarash lozim boʻladi.

Oʻzbek dostonlaridagi tugʻilish motivi esa asosan;

  • Totemistik tasavvurlar;
  • ajdodlar kulti bilan bogʻliq tasavvurlar mahsuli ekanini koʻrishimiz mumkin.[3]

“Alpomish” dostonining Poʻlkan shoir va Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Bekmurod Joʻraboy oʻgʻli variantlarida Boyboʻriga farzand ato etilishi tushida ayon boʻladi.

Alpomishning boshqa variantlaridagi tugʻilish motivini ham chuqurroq tahlil qilsak, u bevosita tush bilan bogʻliqligini koʻramiz. Fozil shoir variantida “Alpomish”ning tugʻilishi Shohimardon pirning ravzasida tunab qolish bilan bogʻlanadi, yaʼni qahramonning tugʻilishi ularning tushida ilohiy karomat qilinadi.[4] Umuman, tush va tugʻilish motivi dostonlarimizda koʻpincha yonma-yon keladi.

“Manas” dostonida ham Manasning tugʻilishi tushda ayon boʻladi. Manasning otasi Jaqipning tushini Boyjigitdan boshqa hech kim taʼbirlab berolmaydi. Jaqipning tushidagi burgut va yoʻlbars tugʻilajak farzand nishonasi sifatida taʼriflanadi.[5]

Boyboʻrining farzandsizlik holati dostonda ramziy bir maʼnoga ega boʻlib, gap yangi avlod – madaniy qahramonning tugʻilishi haqidadir. Qahramonning tugʻilishidan oldin uning yurtida xaos – parokandalikning hukm surishi bu barcha arxaik eposlarga xos xususiyatdir. Alpomishning dostonda bobosi Alpinbiydan qolgan, koʻlda zang bosib yotgan kamonga egalik qilishi va alp atanishi bizga ana shu ramziylik kalitini topib beradi. Kamon eposda, eng avvalo, kosmosning, saltanatning timsoli boʻlib keladi.

Alpomishning tugʻilishi xaosning kosmosga aylanishi, tartibsizliklarga tartib berilishi, parokandalikning birlashishi, quvvatning jam boʻlishi, ezgu adolatning tantana qilishidir.

Shohimardon pir bilan bogʻliq oʻrinlar islomdan keyingi tasavvurlar mahsulidir. Zero, dostonning asosiy syujet tizimi, undagi mazmun va mohiyat islomiyatdan ancha oldingi, qadimiy tasavvurlar bilan bogʻlanadi. Bizningcha, Shohimardon pir bilan bogʻliq oʻrinlar, aslida, oʻzida ajdodlar kultini tamsil etgan Qultoy obraziga tegishli, deb qarash kerak. Qultoy dostonda oddiy bir choʻpon emas, Alpomishga hamisha koʻmak beruvchi homiy ruhdir. Dostonda Alpomishning Qultoyga tutingan oʻgʻil ekanligi aytiladi. “Bilmaganlar Alpomishni Qultoyning uli der edi”.[6] Alpomishning yelkasidagi besh panja izining biri Qultoyga tegishli ekanligi ham, zindondan qaytgan, yaʼni qayta tirilgan Alpomishning Qultoy qiyofasiga kirishi ham bejiz emas.

Alp – qahramon tugʻilishining tushda karomat qilinishi va uning shajarasi ilohlar bilan bogʻlanishi jahon epik ijodiyotida koʻplab uchraydi.

“Gilgamesh” dostonida Gilgamesh va Enkidu ham yarim odam – yarim iloh: “Sen bir xilqat Enkidu, misoli tangri kabi”.[7]

“Maxabxorat” dostonida ham pandavilar Pand shohining oʻgʻillari. Biroq shoh Pand tavqi laʼnatga uchragan, xotinlari tangri inoyati bilan farzand koʻradi.[8]

“Odisseya” dostonida ham Odissey Laertning oʻgʻli. Shuning bilan bir qatorda u Zevsning oʻgʻli ham: “Zevs ato etgan Laertning oʻgʻli”.[9]

Qahramon – alpning ilohiy tugʻilishi motivida, bir tomondan, uning ilohlar bilan bogʻliqligi eʼtirof etilsa, ikkinchi tomondan, u oʻz shajarasining davomchisidir. Shunga koʻra, Alpomish Boyboʻrining bolasi, Dobonbiy va Alpinbiylarning avlodi. Ikkinchi tomondan, u farzandsizligi tufayli Boyboʻriga Shohimardon pir, yaʼni Qultoy tomonidan ato etilgan ilohiy farzand. Shuning uchun ham u Qultoyga oʻgʻil hisoblanadi. Shuning uchun ham yetti yillik zindondan soʻng u aynan Qultoy qiyofasiga kiradi. “Dada Qoʻrqut kitobi”da bu holat ochiqroq bayon qilingan, yaʼni Bomsi Bayrak oʻziga ism bergan, oʻziga homiylik qilgan oʻzon – Qoʻrqut ota qiyofasiga kiradi. “Alpomish” dostonidagi Qultoy ham, “Dada Qoʻrqut kitobi”dagi Qoʻrqut ota ham ajdodlar kultini oʻzida tamsil etgan badiiy obrazlardir.

Koʻpchilik olimlar tush bilan bogʻliq ilohiy tugʻilish motiviga epik qahramonning xislatlarini boʻrttirib koʻrsatuvchi vosita sifatida qarashadi. Biroq bu qahramonning eposdagi funksiyasiga kiradi. Motivning mifologik asoslarini bu hol izohlay olmaydi. Chunki eposda funksiya va genezis boshqa-boshqa masala. Tush va ilohiy tugʻilish motivi koʻproq arxaik eposga xos boʻlib, u epos qonuniyatlarini, uning struktural tuzilishi, epos va mif munosabatini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega. Toʻgʻri, ushbu ikki motiv bilan epos va mif munosabatini yoritib berish mushkul. Shuning uchun eposdagi boshqa yetakchi motivlarni ham oʻzaro qiyoslashni talab etadi. Shundagina biz epos va mif munosabatidagi oʻzaro bogʻliqlikni, eposda ham, mifda ham bitta tizimga rioya etilganini koʻramiz: Farzandsizlik – tush – ilohiy tugʻilish – ulgʻayish – safar-sinov – qaytish. Shuning uchun tush va ilohiy tugʻilish motivlari dostondagi boshqa yetakchi motivlar bilan qiyosiy oʻrganilgandagina eposning mifologik asoslari va badiiyati yanada chuqurroq ochiladi. Xuddi mif yoxud ertakdagi kabi eposdagi qahramonning tugʻilishi tushda oldindan bashorat qilinadi, gʻayritabiiy tugʻiladi va tez ulgʻayadi, yoshligidayoq oʻz qahramonliklarini namoyish etadi. Alpomish yetti yoshida Alpinbiy bobosidan qolgan “oʻn toʻrt botmon birichdan boʻlgan parli yoyini otib, alp ataladi: “Oxiri Alpomishbek alp boʻlib, toʻqson alpning biri boʻlib, sanaga oʻtib, alplik otini koʻtarib, yetti yoshida Alpomish oti qoʻyildi”.[10]

Alpomishning barcha variant va versiyalarida ham ana shu holat takrorlanadi. “Dada Qoʻrqut kitobi”da Bomsi Bayrak karvonga hujum qilgan yogʻiylarni yengib, jasorat koʻrsatadi.[11] Manas ham yetti yoshida oʻz jasoratini namoyish etadi.[12]

Qahramonning jasorat koʻrsatgandan soʻng unga haqiqiy ism berilishi qadimgi bitik, yaʼni Kultegin yodnomasida ham uchraydi. “Otam Haqon oʻlganda inim Kultegin yetti yoshda qoldi. Oʻn yoshda Umayday onam baxtiga inim Kultegin Er degan nom oldi”.[13]

Koʻpgina arxaik eposlarda qahramon yovuzlik timsoli boʻlgan ajdarho – dev va unga oʻxshash biror bir maxluqqa qarshi kurashadi. Sigurdning (“Edda”da) ajdarhoni oʻldirishi Ramning rakshaslarni, Gilgamesh va Enkiduning esa Xumbabuni oʻldirishi, Alpomishning Surxayl maston va uning oʻgʻillari bilan kurashi xuddi ana shuning misolidir.

Eposda garchi yovuz kuch juda koʻp evrilishlarga uchragan, qahramon endi maʼlum bir dushman kuchlariga qarshi kurashsa-da, aslida, bu yovuzlik ibtidosi yer osti dunyosining yovuz kuchlariga qarshi kurashni anglatadi.

Shuning uchun “Alpomish” dostonida Alpomishning raqibi Toychixon emas, Surxayl maston va uning oʻgʻillaridir. Toʻqson qalmoq alpning gʻorda yashashi ham, tashqi tasviri ham bizga yer osti yovuz kuchlarini eslatadi.

“Alpomish” dostonining boshqa variantlarida “Toychixonning 90 ta dev askari, Maston kampirning 5 ta dev oʻgʻli bor edi”[14], deyiladi va Alpomish 90 gazli devlarga qarshi kurashadi.

P. A. Grinser yovuzlik timsoli – mifologik maxluqlarga qarshi kurash qahramonning jasoratini namoyish etuvchi bir sifat boʻlib, bu jahon eposidagi asosiy motivlardan biri ekanligini taʼkidlaydi.[15]

Yarim odam – yarim iloh bunday qahramonlarning hali yoshlik chogʻidanoq jasorat koʻrsatishi qahramonlik eposiga xos bir xususiyat boʻlib, bu jasoratlar qahramon tugʻilishi karomat qilinganda uning taqdiriga bitilgan, zimmasiga yuklatilgan vazifalardir. “Gilgamesh” dostonida Gilgamesh, “Odisseya” dostonida Odissey, “Dada Qoʻrqut kitobi”da Bomsi Bayrak xuddi ana shunday xislatlari bilan ajralib turadi.

“Alpomish” dostoniga ham xos boʻlgan bunday jihatlar esa uni jahon eposining durdonalari bilan qiyosiy oʻrganish imkoniyatini beradi.

Alp – qahramonning ham ilohlarga xos boʻlgan xususiyati ularning tashqi badiiy tasvirlarida ham yaqqol koʻrinadi. Alpomish, Goʻroʻgʻli va boshqa qahramonlarning tashqi koʻrinishi tasvirlari ham bizga dev yoki ajdarho kelbatini eslatadi. Alplarning ulkanligi, gʻayritabiiy kuch-qudratga egaligi, tashqi badiiy tasvirlari bilan dev va ajdarho kabi mifologik mavjudotlarga qiyoslanadi.

“… Qaddi-qomati Hazrati Aliga oʻxshar, simbati Yusuf paygʻambarga oʻxshar, kelbati oʻttiz ikki gaz… bahodirlikda bekamu koʻst”[16] Alpomishning olti botmon oltin soqqani oʻynab yurishi, tovushiga oʻn bir togʻ tebranishi, har nonushtaga toʻqsontadan jonivorlarni yeyishi nafaqat badiiy mubolagʻa, balki maʼbud, ilohlar haqidagi qadim tasavvurlarning badiiy ifodasi hamdir.

Eposda qahramonning ilohiy kuch-qudratga ega boʻlishi, ularning badiiy tasviridagi bunday mubolagʻali jihatlarda, birinchidan, alplar ilohiylashtirilsa, ikkinchidan, xalqning asta-sekin ilohiy kuchlar haqidagi tasavvurlardan hayotiy kuchlarga, alplarga oʻta boshlaganini koʻrsatadi.

Dostonlarimizdagi tush va tugʻilish motivining qiyosiy tahlili dostonlarimizdagi boshqa motivlarni tadqiq etishda uning poetik xususiyatlarini, mifologik qatlamining tarixiy ildizlarini, ulardagi asl maʼno va mohiyatni yanada chuqurroq oʻrganishda yaqindan yordam beradi.

Epik ijodda tush bilan yonma-yon (parallel) keladigan motivlardan yana biri sarxushlik va tutqunlikdir. Dostonlarimizdagi sarxushlik va tutqunlik holatini tahlil qilish, tush motivining asl mohiyatini, unga singdirilgan mazmunni kengroq talqin qilish imkonini beradi.

“Alpomish” dostonida Alpomish Barchinni olib kelish uchun safarga otlanib, yoʻlda qabristonda tunab qolib, quyidagi tushni koʻradi:

Shohimardon piri chiltonlarga aytdi: – Bul bachcha bizning muridimiz boʻladi, bugun sizlarga mehmon boʻldi, koʻnglini naza qilmay, vaqtini xushlab joʻnatingizlar. Shu gapni aytib, Shohimardon piri joʻnab ketdi. Chiltanlar koʻnglini xushlab, otning jilovidan ushlab, Boychiborni tablaga tortib tashlab, Hakimbekni chiltanlar suhbatga boshlab, bekning vaqtini xushlab oʻtirdi. Ot qoqib, yoʻl yurib borgan odam, chiltonlar suhbatida oʻtirib-oʻtirib uyqu olib ketdi. Chiltonlar: – Bu bachcha Shohimardon pirning muridi ekan. Bizning suhbatimizda boʻldi, vaqtini xushlay olmadik, – dedi. Chiltonlar ilmu karomat bilan Chilbir choʻlidan, Oyna koʻlidan, Baxmal oʻtovda uxlab yotgan yeridan, Barchinning ruhini olib keldi tanidan. Alpomish munda uxlab yotibdi, uxlab yotgan yeridan buning ham ruhini tanidan oldi. Alpomishning ruhi bilan Barchinning ruhini oʻrtada bir yerga qoʻydi. Bir kosa sharobi antahur chiltonlardan Barchinning ruhiga tegdi. Barchinning ruhi sharobni qoʻliga olib, Alpomishni koʻrib, bir oʻzi ichgani koʻngli boʻlmay, Alpomishning ruhiga oling-oling qilib, bu soʻzni aytib turgan ekan:

Oling, allayor-allayor,

Keling, allayor-allayor,

Boʻling, allayor-allayor.

Kosa oʻshlab qoʻlim toldi,

Biyning qizi mahtal boʻldi,

Koʻnglingiz kimdan qoldi,

Boqolmay yurdik sabildi,

Xon toʻram, sizga ne boʻldi,

Oling, allayor-allayor.

Shunday boʻldi Barchin soʻzi,

Kiyganim gulgun qirmizi,

Aqlingdolar jodu koʻzi,

Qavatida yoʻq kanizi,

Kosa berar biyning qizi,

Qoʻngʻirot bekning sarvinozi,

Boysun elning dobulbozi,

Keling, allayor-allayor.

Kosa berar oyimchalar,

Bogʻda ochilgan gul-gʻunchalar,

Jafo qildi koʻp gachchalar,

Halak boʻlgan bek bachchalar,

Kosa bergan oyimchalar.

Uzatdim kosa oz – toʻlmas,

Olmasangiz, sira boʻlmas,

Ichmasangiz, oyim qoʻymas,

Boʻling, allayor-allayor.[17]

Bu holat “Yusuf va Ahmad”, “Goʻroʻgʻli” turkumi, Xorazm oshiq dostonlarida ham koʻp takrorlanib keladi.

Qahramonning safarga otlanishiga yoxud boshiga kulfatlar tushishiga aynan sarxushlik holati sabab boʻladi. Bu “Alpomish” dostonining ikkinchi qismida Alpomish qaynotasi – Boysarini qutqarish uchun qalmoqlar yurtiga qaytib borishida, ayniqsa, yaqqolroq bayon etilgan. “Surxayl kampir ularni mehmon qilish bahonasida mast qilib:

Qilsam deb ayyor masxara,

Ichayotir shunday tura.

Hiyla bilan aqlin olar,

… Sulab yotir qirq bir sardor,

Necha xum aroqni ichib,

Endi mast boʻp qoldi qaysar.[18]

 

Alpomishning qirq yigitini yoqib yuboradi-yu, “oʻtda yonmas”, “oʻq oʻtmas”, “qilich kesmas” uning oʻzini oti – Boychiborning dumiga (!) bogʻlab, zindonga tashlaydi. Qalmoqlar Alpomishning sarxushlik holatini: “Hozir oʻlik mast boʻp yotgan balodir”, – desa, Alpomish esa oʻz holatini: “Mast boʻlibman, men zindonga sazovor”, – deya taʼriflaydi.

Boshqa qardosh xalqlar epik ijodi, jumladan, “Manas” va “Dada Qoʻrqut kitobi”da ayni holatga duch kelamiz. “Dada Qoʻrqut kitobi”da Salor Qozonning uyi talon-toroj boʻlganligi xususidagi hikoyatda uning oʻz uyini, toʻgʻrirogʻi, yurtini tashlab, ovga otlanishiga, oʻgʻli va xotinining gʻayurlarga tutqun boʻlishiga sarxushlik sabab boʻladi:

“Toʻqqizta qora koʻzli, xoʻp suvratli, sochi ortiga oʻrilgan, koʻksida tugmali, qoʻllari xinoli, barmoqlari nigorli, goʻzal gʻayridin qizlari ulugʻ Oʻgʻiz beklariga aroq tutib, sharob ichirardilar. Ichib-ichib Ulosh oʻgʻli Salor Qozonning boshi aylandi”.[19]

Bamsi Bayrakning tutqun boʻlishiga ham, aslida, sarxushlik sabab boʻladi: “… Yorimasin, yolchimasin, ul malʼun tezda yetti yuz gʻayridin bilan yoʻlga tushdi. Bayrak op-olacha chodiri ichinda yeb-ichib oʻtirar edi. Tun uyqusida dushmanlar oʻtovga bostirib keldi, bular-chi gʻofil”.[20]

Eʼtibor bersak, “Alpomish” dostonida ham, “Dada Qoʻrqut kitobi”da ham qahramon – alplarning tutqun boʻlishiga sarxushlik sabab boʻlayapti. Boshqa ertak va dostonlarimizda ham sarxushlik va tutqunlik (togʻda, gʻorda, quduqda, zindonda, baʼzan esa qoʻrgʻonda bandilik) holati tush motivi bilan yonma-yon keladi.

“Yusuf va Ahmad” dostonida ham Yusuf va Ahmad sarxushlik tufayli Misr podshosiga tutqun boʻladilar: “Ana Ahmadbek shu kuni qirq yigiti bilan ichdi mayni, barisi dumini qaytargan mast boʻldi”.[21]

“Goʻroʻgʻli” turkum dostonlarida Goʻroʻgʻli qirq yigitiga murojaat qilib, kosada may tutadi. Mayni hamma ham icholmaydi, chunki may ichganlar biror muhim topshiriqni bajarishlari, yaʼni sinovdan oʻtishlari shart boʻladi.

Hamma ham shomon boʻlavermagani kabi, hamma ham mayni ichishga qodir emas. Mayni esa faqat alplargina icha oladi. Maʼlumki, epos qonuniyatiga koʻra alplar tugʻilishidan oldin ilohiy karomat qilinadi va ular hamisha homiy ruhlar koʻmagida boʻladi.

Alpomish va Bomsi Bayrakning sarxushlik va tutqunlik holati tasodifiy boʻlmay, bu ularning alplik maqomiga erishuvidagi navbatdagi sinovlardan biri edi.

Sarxushlik turkiy xalqlarning qadimgi marosimiga koʻra homiy ruhlar bilan muloqot qilish holati hisoblangan. Sarxushlik, yaʼni behushlik shomonning galyusinatsiya, ekstaz holatidir. U shu holatidagina narigi dunyoga safar qiladi.

Xitoyliklarning musiqa tarixi kitobida miloddan avval Xitoyning gʻarbida yashagan turklarning musiqa va raqslari haqida soʻz yuritadilar. Turklardan xitoyliklarga oʻtgan raqslardan biri – “Xut-enʼu” raqsi boʻlib, uni erkaklar ijro etganlar. Bu raqsda raqqos ikki qoʻliga may olib, may ichib raqsga tushadi. May tugashi bilan raqs ham tugaydi. Bu raqs bizga shomonning may bilan raqsga, jazavaga tushishini eslatadi. Raqsda sarxushlik, behushlik, yaʼni shomonning narigi dunyoga safar chogʻidagi holati aks etgan.

Sarxushlik va behushlik ramziy oʻliklik holatidir. Shomon behushlik holatida oʻzining oʻlganini, tanasi boʻlak-boʻlaklarga ajralganini yaxshi his qilib turadi. Qayta tirilish marosimi qanchalik azob-uqubatli boʻlsa, bu shomonning kuch-quvvatidan darak beradi.

Oltoy shomonlarining shu kungacha saqlanib qolgan marosimlarida ham behushlik shomon ruhiy holatining eng oliy bosqichi boʻlib, uzoq behushlik holatida boʻlgan shomonlar katta hurmat va eʼtiborga molik boʻlganlar.

Sarxushlik, behushlikdan maqsad “oʻlik”lik holatiga oʻtish – narigi dunyoga safar qilish, ilohiy kuch-qudratga ega boʻlib, qayta tugʻilishdir.

Alpomish dostonning birinchi qismida Barchin yorini olib kelish uchun yoʻlda ketayotib, mozorda (togʻ, gʻor, mozor muqaddas, yaʼni ruhlar bilan muloqot qilish joyi hisoblangan) tunab qoladi. U yerda esa chiltonlar Alpomishning ruhi bilan Barchinning ruhini uchrashtiradi: “Chiltonlar: – Bu bachcha Shohimardon pirning muridi ekan. Bizning suhbatimizda boʻldi, vaqtini xushlay olmadik, deb ilmi karomat bilan Chilbir choʻlidan, Oyna koʻlidan, baxmal oʻtovda uxlab yotgan yeridan Barchinning ruhini tanidan olib keldi. Alpomish uxlab yotgan yeridan buning ham ruhini tanidan oldi. Alpomishning ruhi bilan Barchinning ruhini oʻrtada bir yerga qoʻydi. Bir kosa sharobi antahur chiltonlardan Barchinning ruhiga tegdi. Barchin ruhi sharobni qoʻliga olib… Alpomishning ruhiga oling-oling qilib, bir soʻzni aytib turgani ekan”.[22]

Salor Qozonning tutqun boʻlishi va bu tutqunlikning narigi dunyoga safar bilan bogʻliq ekanligi “Dada Qoʻrqut kitobi”da aniq bayon etilgan: “Nihoyat Qozonni keltirdilar. Tamanin qalʼasida bir quduqqa tashladilar… Bir kun Takurning avrati aytur: – Borayin, Qozonni koʻrayin, holi ne kechibdi. Koʻp odamlarga jabr etganmish u, – dedi.

Xotun kelib, zindonchiga teshikni ochtirtirdi. Chaqirdi, aytur: – Qozonbek holing nadir?..

Qozon aytur: – Oʻliklaringga osh bergan payt ularning qoʻllaridan olib yeyman, oʻliklaringiz yoʻrgʻasiga minaman, tanballarini sudrayman, – dedi”.[23]

Alpomishning yetti yil, Bomsi Bayrakning oʻn olti yil zindonda tutqun boʻlganda ularning oʻldi degan xabar tarqalishida ham aynan yuqoridagi ramziy maʼno yashirin.

Qahramon – alpning narigi dunyoga safaridan maqsad – magik qudratga ega boʻlib, qayta tugʻilish, bir maqomdan ikkinchi bir maqomga koʻtarilishdir. Shu sababli turkiy, jumladan, Oltoy shomonlarining hozirgacha saqlanib qolgan marosimlarida behushlikning oʻzini oʻzi chavaqlash, boshini kesib tashlash, tanasini tilka-pora qilish holatlari uchraydi. Shomonning bu holati bir maqomdan ikkinchi bir maqomga oʻtishdagi marosim bilan bogʻliq boʻlib, tanani toʻliq inkor etib, ruh bilan birlashishni bildiradi. Tanasini inkor etib, yangidan tugʻilgan, homiy ruhlar quvvatini oʻzida jamlay olgan shomonga dunyoni yangilash, yangidan qurish imkoni beriladi.

Sarxushlik, behushlik holati “Avesto”da ham uchraydi. “Avesto”da xaumo ichimligi kishida jazava qoʻzgʻatib, ilohiy kuch-qudrat hamda boqiylik baxsh etuvchi ichimlik sifatida tilga olinadi.[24] Uni ichgan kishi bir vaqtning oʻzida ham yerda, ham ruhlar olamida boʻla olish qobiliyatiga ega.

“Alpomish” va boshqa dostonlarimizda tush, ilohiy tugʻilish, sarxushlik va tutqunlik holatlarining yonma-yon kelishi tasodifiy emas.

Qahramon bir maqomdan ikkinchi bir maqomga koʻtarilayotganda turli xil sinovlardan oʻtgan. Alpomish ham, Bomsi Bayrak ham xuddi shunday sinovlarga duch keladi. Eposda bunday sinovlardan faqat alplargina oʻta oladi.

Alpomish oʻz yori qoʻygan shartlarni bajarib, birinchi sinovdan oʻtib, birinchi maqomga erishgan boʻlsa, sarxushlik tufayli tutqunda boʻlib, undan ozod boʻlishi ikkinchi maqomga oʻtish holatini aks ettiradi. Birinchi sinov alp – shomonning balogʻat yoshiga yetganini bildirsa, ikkinchi maqomdan oʻtish bilan esa u yurtga bosh boʻlish, saltanatga egalik qilish qudratini ifoda etadi. Bu holat “Alpomish”ga oʻxshash dostonlarimizdagi mifologik qatlam ildizlari qadimgi zamonlarga borib taqalishini koʻrsatadi. Zero, qadimda shomonlik marosimiga muvofiq behushlik maqomidan oʻtgan shomon yovuz ruhlarni, yovuz kuchlarni yenga olish qudratiga ega boʻlgan.

Qadimgi turk va hind asotirlarida gunoh qilgan kishini yopiq idishga solib (yaʼni tutqun qilib) qoʻyish haqida afsonalar bor. Idishdan qaytib chiqqan kishi ona qornidan qayta tugʻilgan bilan tenglashtirilgan. Hindlarda sigirdan qayta tugʻilish marosimi mavjud. Bu marosimga koʻra, kohin sigir aks ettirilgan tulupga kiradi va undan qaytib chiqqanda qayta tugʻilgan hisoblanadi. Zindon (quduq va hokazolar) qorongʻiligi va boʻshligi bilan ona qornini eslatadi.

Eʼtibor qilsak, alplar sinovdan hamisha homiy ruhlar koʻmagida oʻtadi. Ularning tutqunlikdan ozod boʻlishida ham homiy ruhlar asosiy rol oʻynaydilar.

Alpomish oʻz oti – Boychiborning dumi, Bomsi Bayrak esa qiz tushirgan arqon yordamida tutqunlik (zindon)dan ozod boʻladilar. Ot yoli, baʼzan esa qiz sochi, arqon – bular hammasi magik ritual xarakteriga ega boʻlib, uning ildizlari qadim tasavvurlar bilan bogʻlanadi. Ibtidoiy odam dunyoqarashiga koʻra, soch yoxud yolda ruhlar yashaydi.

Turkiy xalqlarning koʻpgina ertaklarida oʻz yolidan bergan dev, ot, boʻri yoxud sochidan tola bergan pari qahramonning yolni tutatishi bilan darhol unga koʻmakka yetib keladilar.

Oltoy shomonlarining bosh kiyimi ot yoki bugʻuning yolidan tayyorlangan.[25] Shomonlik udumiga koʻra soch yoxud yol jonli va qudratlidir.

Alpomish ham, Bomsi Bayrak ham homiy ruhlar koʻmagida zindondan ozod boʻlib, yaʼni qayta tugʻilib, bir maqomdan boshqa bir maqomga koʻtarilganligini ularning tutqunlikdan soʻng oʻz qiyofalarini oʻzgartirganliklarida ham koʻramiz.

Alpomish yetti yillik bandilikdan soʻng yurtiga qaytayotib Qultoy qiyofasiga, Bomsi Bayrak esa Dalli oʻzon qiyofasiga kiradi.

Alplarning zindondan qutulgandan soʻng oʻzga qiyofada kirib kelishlari bu doston syujetining, undagi mifologik qatlamning qadimiy ekanligini namoyish etadi. Qahramonning qiyofa oʻzgartirishlari bu ularning narigi dunyoga safar qilgani, qayta tugʻilib, yuksak bir maqomga erishganligini ifoda etadi. Qiyofa oʻzgartirish, yaʼni niqob – bu ilohiyot belgisi hisoblangan. Faqat eng yuqori martabaga erishgan shomongina bir qiyofadan ikkinchi bir qiyofaga kira olgan.

Alpomish nega aynan Qultoy qiyofasiga, Bomsi Bayrak nega aynan Dalli oʻzon qiyofasiga kirdi, degan savolga eposda goʻyo ochiq javob yoʻqday.

Bomsi Bayrakning Dalli oʻzon qiyofasiga kirishi homiy ruh – Qoʻrqut ota qiyofasiga kirishidir. “Dada Qoʻrqut kitobi”da bunga ochiq ishoratlar bor.

Qoʻrqut ota kelib, Bomsiga ism beradi:

“… San oʻgʻlingni Bomsim deya erkalarsan,

Uning oti boʻz aygʻirli Bomsi Bayrak boʻlsin,

Otini men berdim, yoshini egam bersin”.[26]

Bomsi Bayrakning uylanishida ham Qoʻrqut ota shartlarni bajarishda koʻmak beradi. Demak, Bomsi Bayrakning Dalli oʻzon – ajdodlar kultini oʻzida tamsil etgan homiy ruh – Qoʻrqut ota qiyofasiga kirishi bejiz emas.

Alpomishning nega aynan Qultoy qiyofasiga kirganiga dostonning bir joyida ishora qilinadi.

“Qultoy aytdi: – Alpomishning belgisi shul edi. Oʻng egnida Shohimardon pirning, chap egnida oʻzimning besh panjamning izi bor edi”.[27]

Atoqli folklorshunos Hodi Zarifov Shohimardon pir bilan bogʻliq belgini dostonning keyingi davr, islomdan soʻnggi davr taʼsiri, deb toʻgʻri xulosa chiqaradi. Mana shu belgi, Alpomish yelkasida Qultoyning panjasining izi borligi – Qultoyning oddiy choʻpon emas, balki homiy ruh ekanligini koʻrsatib turuvchi dalildir.

Qultoyning oddiy choʻpon emasligi boshqa bir joyda, dostonning boshida ham aytiladi:

“Qultoy ham zahar chol edi, yotgan joyida bir qur hayt tortgandi, toʻqson toʻqaydan yilqi yigʻilib, qoshiga keldi”.[28]

Qoʻrqut otaning Bomsiga ism berib, boʻz aygʻirli boʻlsin, deyishi bilan Qultoyning Alpomishga ot tanlab berishi aynan bir hodisadir.

Alpomishning yelkasidagi besh panja egasi ham, unga ism bergan ham, ot koʻrinishida alpni zindondan qutqargan ham homiy ruh – Qultoy edi. Shuning uchun ham Alpomish aynan ajdodlar kultini oʻzida tamsil etgan Qultoy qiyofasiga kiradi.

Qultoyning ham, Qoʻrqut otaning ham ajdodlar kulti bilan bogʻliqligi kitobdagi juda koʻp joylarda ramziy-timsoliy tarzda berib oʻtiladi. Maʼlumki, ajdodlar kultini ifoda etgan homiy ruh madaniy qatlam davrida gʻayb dunyosi va insonlarni bir-biriga bogʻlab turuvchi kishiga aylanadi. Xuddi “Alpomish” dostonidagi Qultoy kabi Qoʻrqut ota ham asarda homiy ruh sifatida gavdalanadi.

Madaniy davrda ajdodlar kulti oʻzini, asosan, tushlarda namoyon qiladi. Bunday mifologik qatlam jahon folklorida kuzatilgan.

“Alpomish” dostonida Alpomish choʻponlar qoʻshxonasida yotib uxlab, tushida paygʻambarni koʻrishi va Shohimardon pir koʻmagida kelgusida sinovlardan oʻtib, murod-maqsadga yetishi bashorat qilinadi:

Hakimbek kirganda oʻn toʻrt yoshiga,

Mehmon boʻldi choʻponlarning qoʻshida,

Ul kechasi fayzi sahar boʻlganda,

Rasuli xudoni koʻrdi tushida…

“Gʻam yema, ummatim, – dedi paygʻambar, –

Ostida dulduli, belda zulfiqor,

Jilovida Bobo qambar jilovdor,

Gʻamingga otlandi Shohimardon pirlar,

Gʻayratingdan boʻzlab ketar qalmoqlar,

Hech kim boʻlmas sening bilan barobar,

Senga taqdim qildi Barchin zulfakdor.[29]

Shohimardon pir bilan bogʻliq voqealar, atoqli folklorshunos olim Hodi Zarifov aytganidek, keyingi davrlar mahsuli boʻlib, aslida, Alpomishga pirlik, yaʼni homiylik qilgan oʻzida ajdodlar kultini tamsil etgan Qultoydir. Buni Alpomish aynan choʻponlar qoʻshxonasida yotib qolishi va u yerda tush koʻrishi ham tasdiqlab turibdi. Shuning uchun ham Alpomishning tushida homiy ruh – Qultoy koʻmakka yetib keladi. Zero, Alpomish tunab qolgan choʻponlar qoʻshxonasi ham oddiy qoʻshxona emas, muqaddas, ilohiy joy hisoblanadi.

“Qoʻrqut ota kitobi”da Yaganakning Qoʻrqut otani tush koʻrishida aynan shu ajdodlar kulti – homiy ruh bilan bogʻliqlik jihati aniq bayon etiladi: “… Koʻzim uyquda ekan tush koʻrdim. Ola koʻzim ochibon dunyo koʻrdim. Oq boʻz otlar chopdirguchi alplarni koʻrdim. Oq dubulgʻali alplarni yonimga oldim. Oq soqolli Qoʻrqut otadan oʻgitlar eshitdim. Koʻndalang yotgan qora togʻlardan oshdim. Qarshi yotgan dengizni tildim, kechdim. Uzoqda koʻringan togʻ yonida boshdan oyoq porlab turgan bir Er koʻrdim…”[30]

Tushdagi “oq boʻz otlar”, “oq dubulgʻali alplar”, “oq soqolli Qoʻrqut ota” kabi sifatlashlar mifologik xususiyatga ega va har birining oʻz maʼnosi va sharhi bor. Oq soqolli Qoʻrqut ota esa ajdodlar kultini ifoda etuvchi homiy ruh ramzidir.

Madaniy empirik davrda ajdodlar mifologik unsur sifatida faqat tushdagina oʻz xususiyatini saqlab qoladi; baʼzida esa bu kultlar bevosita diniy tushunchalar bilan qorishib, homiy ruh, homiy kultga aylanadi.

Alpomishning yetti yillik tutqunlikdan soʻng Qultoy qiyofasini, Bomsi Bayrakning esa Dalli oʻzon qiyofasini tanlashi, yaʼni ularning homiy ruh – Qultoy va Qoʻrqut ota qiyofalariga kirishi mantiqiy tadrijiylikka ega.

Tutqunlik va tutqunlikdan soʻng qiyofa oʻzgarishi Homerning “Odisseya” dostonida ham uchraydi. Oʻzga dunyodan qiyofasini oʻzgartirib qaytgan Odissey kamondan oʻq oʻzishi bilan oʻz qiyofasi oshkor boʻladi.

Alpomish ham, Bomsi Bayrak ham tutqunlikdan soʻng yurtiga qaytib, oʻz kamonlaridan oʻq uzishadi. Biroq ular to oʻz yorlari bilan oʻlan aytishmaguncha qiyofalari ochilmaydi.

Alpomishning oʻz xotinining toʻyiga kelib, Qultoy qiyofasida, Bomsi Bayrakning Dalli Oʻzon qiyofasida oʻlan aytish holati bu yana bir bor mazkur eposlarning tarixiy ildizlari juda qadimga borib taqalishidan darak beradi. Homiy ruh qiyofasida qayta tirilgan shomon nafaqat jismoniy, balki magik qudratga ega ekanligini ham namoyish etishi lozim edi. Shuning uchun ham qadimda shomon va baxshi soʻzlari bir maʼnoni anglatgan.

Koʻrib chiqqanimizdek, “Alpomish” va “Dada Qoʻrqut” eposidagi alp qahramonlarning sarxushlik va tutqunlik holati, tutqunlikdan soʻng boshqa qiyofaga kirishi turkiy xalqlarning qadim tasavvurlari bilan bogʻliq boʻlib, bu tasavvurlar eposda bevosita matnda ramziy maʼno kashf etgan.

Bu esa dostonlarimizdagi mifologik qatlamning qadimiyligini, barcha turkiy xalqlarning gʻururi va faxri boʻlgan “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”, “Manas”, “Dada Qoʻrqut kitobi” jahon adabiyotining nodir namunalari hisoblanmish “Odisseya”, “Kalevala”, “Maxabxorat”, “Nibelunglar qissasi” kabi shoh asarlar bilan bir qatorda tura oladigan, ular bilan boʻylasha oladigan buyuk asarlar ekanligidan dalolat beradi.

Bob davomida bildirilgan mulohazalar, tahlillar, qiyoslar, kuzatishlar unga quyidagicha xulosa qilish imkonini beradi:

Tush motivi oʻzbek folklorining barcha janri namunalarida uchrasa-da, uning ertak va dostonlardagi syujet tarkibi, kompozitsion qurilishidagi oʻrni, badiiy-estetik vazifalari tadqiqi bu motivning anʼanaviy tipik xarakterga ega boʻlganini, epik tur tarixiy asoslari, rivoji va poetikasida muhim oʻrin tutganligi, noestetik hodisalarning folklorda estetik hodisaga rivojlanib borishi yoʻlini aniqlashga katta imkoniyatlar beradi.

  1. Ertaklarda tush motivi, asosan, quyidagi badiiy-estetik vazifalarni bajaradi:

a) ertak zachinida kelib, ertak syujetining oʻzagini tashkil etadigan tush motivi. Bu tipdagi “Xosiyatli tush”, “Musofirbek”, “Sirli tush”, “Ibratli tush”, “Davlatmirza”, “Xon bilan kambagʻal dehqon” kabi ertaklarda tush motivi butun ertak syujeti, qahramon taqdirini avvaldan ramzlar vositasida belgilab beradi va xalqning tush – inson taqdiri toʻgʻrisidagi sirli xabar ekanligi haqidagi tassavurlarini badiiy ifodalab keladi. Bundan tashqari, bu tip ertaklarda tushning dialektik birligi boʻlgan taʼbirchilik madaniyati, tartib-qoidalari, irim, tabularining bayoni, taʼbirchi obrazining ishtiroki ham oʻziga xos;

b) oʻzbek folklorida tipik taʼbirchi obrazi, asosan, tush motivi faol vazifa bajaradigan ertak va dostonlarda uchraydi. Ular ne-ne donolar taʼbir qilolmagan tush ramzlarini juda yaxshi bilishadi, taʼbirning barcha qoidalariga amal qilishadi va yecha oladi. Bu obrazning hayotdagi tarixiy asoslari bevosita shomonlik va u orqali mifologiya bilan bogʻlanadi. Psixoanalitik tahlil tili bilan aytganda, ular ong osti kechinmalarini “oʻqiy oladigan” kishilarning folklordagi obrazidir;

v) bu tip ertaklarning yana bir xususiyati shundaki, ularda baʼzan tushdagi hodisa, holatlar real voqelik bilan uygʻunlashib ketadi. Oʻzbek ertaklari, dostonlari namunalarida tush motivi ikki yoki undan ortiq turlicha mazmunlarda kelishi mumkin. Tabiiyki, tush mazmuniga qarab uning taʼbiri ham pirovardida ertak matnida voqe boʻlishi ham turlicha kechadi;

g) tush motivi bilan boshlanadigan yana bir tip ertaklarda bu motiv syujetning barcha halqalarini tutib turmaydi, ulardagi tush motivi boshqa bir xabar bilan almashtirilsa ham, umumiy syujetga putur yetmaydi. Shuningdek, ularda anʼanaviy taʼbirchi obrazi ham ishtirok etmaydi.

  1. Ertak syujetining maʼlum bir halqalarini bogʻlovchi tush motivlari. Bu tip ertaklarda tush motivi ertak voqealari bayoni rivojida yoki soʻngida keladi. Ularda tush quyidagi vazifalarni bajaradi:

a) qahramon tushiga kirgan biror bir gʻayritabiiy kuch yoki homiy ruh uni xavf-xatardan ogoh qilib, qutulish choralarini oʻrgatadi. Uning tushiga kirganlar, odatda, Xizr kabi mifologik obrazlar boʻladi;

b) ertak qahramoni tushiga kirgan shaxs yoki bashoratchi soʻzi bilan safarga otlanadi. Bu tip ertaklarda tush motivining vazifasi ana shu bilan tugaydi;

v) ertak syujetining maʼlum bir halqasida roʻy berajak hodisa qahramonga tushida ayon boʻladi;

g) qahramon oʻz boshidan kechirganlarini tushi sifatida bayon etadi. Bunda tush motivi bevosita shart motivi bilan aloqador boʻladi.

  1. Ertaklarning kompozitsion tuzilishiga koʻra tush motivi ertak avvali, voqealar rivoji va yakunida kelib, sinov, safar, uylanish, homiy ruh, xatar, oʻlim motivlari bilan yaqin munosabatda boʻladi. Bu munosabat darajasi turlicha boʻlib, tush – sinov, tush – safar, tush – uylanish motivlari bogʻliqligi koʻp uchraydi.
  2. Motiv ertak va asarlar syujeti hamda kompozitsiyasida asosiy oʻrin tutadi. Folklordagi tipik va xalqaro shunday motivlar borki, ularning tarixiy asoslari, rivoji, asar syujeti, badiiy vazifalarini tadqiq etish umumfolklorni tadqiq qilish bilan tenglashishi mumkin. Folklorshunosligimizda dostonlar juda koʻp oʻrganilgan. Ular haqida fundamental ishlar, tadqiqotlar yaratilgan. Biroq hozirgacha birorta ertak yoki doston motivlar tahlili, oʻzaro munosabati darajasida maxsus tadqiq qilingan emas. Holbuki, monumental eposimiz – “Alpomish” dostonining barcha variantlarida tush motivi bir emas, bir necha bor takrorlanib keladi. Unda Alpomishning tugʻilishi, ulgʻayishi, qiyinchiliklarni yengib, murod-maqsadiga yetishi tush motivi orqali yuzaga chiqadi. Tipik tush motivi xalqaro va anʼanaviy farzandsizlik, ulgʻayish, sinov, safar, shart, uylanish, uyga qaytish motivlari bilan bogʻlanib ketadiki, asar oʻziga poydevor boʻlgan tush motivisiz bunday darajaga yetmas edi.
  3. Dostondagi tush motiviga ulkan badiiy-estetik vazifa yuklangan. Ulardagi ramzlar bosh qahramonlar taqdirini avvaldan bashorat qilib beradi. Dostonning Fozil Yoʻldosh oʻgʻli variantini tush motivisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Holbuki, Ergash Jumanbulbul, Poʻlkan shoir varintlaridagi voqea yakunida kelgan tush motivi syujetda jiddiy bir vazifa bajarmaydi. Ana shu jihatdan dostonlardagi motivlarni vazifasiga koʻra barqaror va barqaror boʻlmagan motivlar, deyish mumkin. Barqaror boʻlmagan motivlarni tushirib qoldirish yoki almashtirish bilan asar mohiyatiga jiddiy putur yetmaydi.
  4. Xuddi ertaklardagi kabi dostonlarda ham tush motivi boshqa motivlar bilan aloqadorlikda, asar zachini, voqealar rivoji, yakunida kelishi mumkin. Biroq dostonlardagi tush motivi xalqning eʼtiqodiy qarashlari, ramzlar orqali qahramonlar ruhiy holati, taqdirini teran talqin qilishi, yuksak badiiy-estetik zavqi, odatda, sheʼriy yoʻlda bayon etilishi bilan ajralib turadi. “Alpomish”da Barchin va Alpomish ruhi tushlarida uchrashadilarki, bu xalqning tushni ilohiy hodisa, deb tushunishini, tushning ong osti kechinmalari ifodasi ekanligini ongsiz, yaʼni noilmiy, anʼanaviy sezishini koʻrsatadi. Buning tarixiy asosi bevosita tana va jon haqidagi animistik-mifologik tafakkurdadir. Shuningdek, bir vaqtning oʻzida ikki kishining bir xil mazmundagi tush koʻrishi ham oʻzbek dostonchiligidagi noyob hodisa hisoblanadi.
  5. Dostonlardagi, jumladan, “Alpomish”dagi tushlarda homiy ruhlar sifatida Muhammad paygʻambar, Hazrat Ali, avliyo-anbiyolar, homiy eranlarning ramzlar orqali berilishi islomiy qatlam boʻlib, ertaklarda uchramaydi. Shuningdek, ertaklardagi taʼbirchi epizodik obraz sifatida maʼlum bir vazifalarni bajarsa, dostonlarda u yetuk tipik obraz darajasiga koʻtarilgan.
  6. Doston syujeti va kompozitsion qurilishiga koʻra tush motivlari ikki tipdan iborat boʻladi:

a) asar davomida oʻz tasdigʻini topib boruvchi, qahramonlar hayoti va taqdirini bashorat qiluvchi tushlar;

b) syujet halqalarining maʼlum bir qismlari, qahramonlar hayotining maʼlum bir davriga taalluqli tushlar.

  1. Har qanday badiiy asar, jumladan, folklordagi tush motivining asosi ham, eng avvalo, hayotdan, aniqrogʻi, qanchalik mavhum yoki aniq boʻlmasin, odamlar koʻruvchi tushlardan olinadi. Har ikki holatda tush ruhning parallel zamon va makonga sayohati boʻlib, har biri oʻz mantigʻiga ega. Kishilar hayotida koʻrilgan va ertak bilan dostonlardagi tushlarning qiyosiy tahlili natijasida tushlarni quyidagicha tasniflash mumkin:

a) inson va asar qahramoni taqdirini toʻla qamrovchi tushlar. Bu xil tushlarning voqe boʻlishi uchun uzoq muddat kerak va ular oʻta timsoliy boʻladi. Bu xil tushlarni har bir kishi koʻrishi, ammo maʼnosini anglamasligi mumkin;

b) vaqt va amalga oshuvi jihatidan qisqaroq muddatni qamrovchi tushlar. Xalqda bunday tushlar uch kun, uch hafta, uch oy, uch yil oraligʻida amalga oshadi, degan inonch boʻlgan. Bu yerda uch raqami anʼanaviy, magik raqamdir. Shu bois ertak va dostonlardagi aksariyat tushlar shu guruhga mansub boʻladi;

v) tush koʻrilgach, qisqa muddatda amalga oshuvchi tushlar. Bunday tushlar hayotda juda kam uchraydi.

 

Jabbor ESHONQUL

 

“Oʻzbek folklorida tush va uning badiiy talqini” (Toshkent, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Fan” nashriyoti, 2011) kitobidan.


 

[1] Jirmunskiy V.V. Tyurkskiy geroicheskiy epos. – L.: Nauka, 1974. – S.224 – 233.

[2] Propp V.V. Motiv chudesnogo rojdeniya // Folklor i deystvitelnost. – M.: Nauka, 1976. – S.203 – 240.

[3] Qarang: Alpomish. Doston / Aytuvchi Fozil Yoʻldosh oʻgʻli. Nashrga tayyorlovchi Toʻra Mirzayev. – Toshkent: Fan, 1999; Alpomish. Doston / Aytuvchi Berdi baxshi (Berdiyor Primqul oʻgʻli). Yozib oluvchi Abdulla Alaviy. Nashrga tayyorlovchi Toʻra Mirzayev. –Toshkent: Yozuvchi, 1999; Alpomish. Doston / Aytuvchilar Saidmurod Panoh oʻgʻli va Ergash Jumanbulbul oʻgʻli. Yozib oluvchilar Shamsi Murodov va Hodi Zarifov. Nashrga tayyorlovchi Toʻra Mirzayev. – Toshkent: Yozuvchi, 2000; Alpomish. Doston / Aytuvchi Xushvaqt Mardonaqulov. Nashrga tayyorlovchi T.Turdiyev. – Toshkent: Yozuvchi, 1998; Goʻroʻgʻlining tugʻilishi. Doston / Aytuvchi Muhammad Jomrot oʻgʻli Poʻlkan. Nashrga tayyorlovchi Malik Murodov. – Toshkent: Badiiy adabiyot nashriyoti, 1967; Rustamxon. Doston / Aytuvchi Fozil Yoʻldosh oʻgʻli. – M.: Nauka, 1972; Kuntugʻmish. Doston / Aytuvchi Ergash Jumanbulbul oʻgʻli. Nashrga tayyorlovchi Hodi Zarifov. Yozib oluvchi Isa Ernazar oʻgʻli. – Toshkent: Adabiyot va sanʼat, 1975; Goʻroʻgʻli. Xorazm dostonlari / Nashrga tayyorlovchilar S.Roʻzimboyev, X.S.Roʻzimboyev, G.O.Eshjonova. – Urganch: Xorazm, 2004.

[4] Alpomish. Doston / Fozil Yoʻldosh oʻgʻli varianti. – B.15.

[5] Manas. I kitob. – B.23 – 48.

[6] Alpomish. Fozil shoir varianti. – B.331.

[7] Epos o Gilgameshe. – M.: Nauka, 1961. – S.12.

[8] Grinser P.A. Epos drevnogo mira // Tipologiya i vzaimosvyaziʼ literaturiʼ drevnogo mira. –M.: Nauka, 1971. – S.134 – 205.

[9] Gomer. Odisseya / Perevod s drevnegrecheskogo V.Jukovskogo. – M.: Pravda, 1985. – S.133.

[10] Alpomish. Doston / Fozil shoir varianti. – B.18.

[11] Ergun Muharrem. Dede Korkut Kitabı-I (Giriş-Metin-Faksimile). – Ankara: TDK Yayını, 1994; Ergun Muharrem. Dede Korkut Kitabı-II (inceleme, indiks). – Ankara: TDK Yayını, 1994. – S.116 – 153.

[12] Manas. Sagimboy Oʻrozbek oʻgʻlining varianti. Birinchi kitob. – Frunze: Kiʼrgizstan, 1978. – B.22 – 72.

[13] Kultegin bitigi // Qadimgi hikmatlar. – B.27.

[14] Alpomish. Doston / Aytuvchi Bekmurod Joʻraboy oʻgʻli. – B.56.

[15] Grinser P.A. Koʻrsatilgan asar. – S.157 – 158.

[16] Alpomish. Doston / Aytuvchilar Poʻlkan shoir va Ergash Jumanbul oʻgʻli. – B.21.

[17] Alpomish. Fozil shoir varianti. – B.85 – 87.

[18] Alpomish. Doston. Fozil Yoʻldosh oʻgʻli varianti. – B.38 – 39.

[19] Ergun Muharrem. Dede Korkut Kitabı-I (Giriş-Metin-Faksimile). – Ankara: TDK Yayını, 1994. – S.95.

[20] Ergun Muharrem. Dede Korkut Kitabı-I. – S.130.

[21] Yusuf va Ahmad. Doston / Aytuvchi Muhammad Jomrod oʻgʻli Poʻlkan va Fozil Yoʻldosh oʻgʻli. Yozib oluvchi Hodi Zarifov. – Toshkent: Adabiyot va sanʼat, 1987. – B.78.

[22] Alpomish. Doston. Fozil Yoʻldosh oʻgʻli varianti. – B.86.

[23] Ergun Muharrem. Dede Korkut Kitabı-I. – S.235.

[24] Mifiʼ narodov mira. V dvux tomax. –M.: Ensiklopediya, 1992. T.2. – S.462.

[25] Traditsionniʼe verovaniye i biʼt narodov Sibiri: XIX – nachalo XX v. – Novosibirsk: Nauka, 1990. – S.163.

 

[26] Ergun Muharrem. Dede Korkut Kitabı-I. – S.121.

[27] Alpomish.Doston. Fozil Yoʻldosh oʻgʻli varianti. – B.153.

[28] Alpomish. Doston. Fozil Yoʻldosh oʻgʻli varianti. – B.76.

[29] Alpomish. Doston. Fozil Yoʻldosh oʻgʻli varianti. – B.92 – 93.

[30] Ergun Muharrem. Dede Korkut Kitabı-I (Giriş-Metin-Faksimile). – Ankara: TDK Yayını, 1994. – S.123.

 

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tushning-boshqa-motivlar-bilan-qiyosiy-tahlili/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x