Tush haqidagi mifologik qarashlar

Tush haqida shunchalik koʻp aytilgan, gapirilgan, yozilganki, ularni bir joyga yigʻish, jamlash koʻp vaqt va katta imkoniyatni talab qiladi. Biroq tush maxsus juda kam oʻrganilgan. Shuning uchun bu mavzudagi ilmiy adabiyotlar barmoq bilan sanarli. Shunday boʻlsa-da, u hamma davrlarda ham faylasuflar, tarixchilar va adabiyotchilarda katta qiziqish uygʻotib kelgan. Jamiyat taraqqiyotining biror bir bosqichi yoʻq-ki, unda tushga ahamiyat berilmagan boʻlsin. Ibtidoiy jamoa davridayoq ajdodlarimiz tushga katta eʼtibor bilan qarashgan, undagi ramzlarning siri va mohiyatini anglashga harakat qilishgan. Ana shuning mahsuli oʻlaroq, tushning koʻplab taʼbirlari yuzaga kelgan. Tush nima, degan savolga turli davrlarda turlicha javob berishgan. Bu fikrlar bir-birini inkor qiladigan va bir-birini takrorlaydigan fikrlardir. Tush deb atalmish sirga insoniyat haligacha oʻzining aniq bir bahosini berganicha yoʻq; u haqida soʻnggi bir toʻxtamga, aniq bir fikrga kelinmagan. Zero, tushning oʻzi kabi u haqda bildirilayotgan fikrlar ham poyonsiz va rang-barangdir.

“Tush” – turkiycha qadimiy bir soʻz. Tushning arabchasi roʻyodir. Roʻyo “tush” soʻzining sinonimi sifatida tilimizda bugungi kunda ham ishlatib kelinmoqda. Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻotit turk” asarida tush soʻzining bir necha xil maʼno anglatishini yozib, shunday deydi: “Tush – uyqudagi aldanish, ixtilom boʻlish. Tush koʻrmish oʻgʻlon – ixtilom boʻlgan bola… Tush yordi – tushni yoʻydi, taʼbirladi”.[1]

Qadimgi yozma yodgorliklar, jumladan, “Qutadgʻu bilig”da ham tush ayni shaklda qoʻllangan.[2]

 

Odamiga qarab yoʻrilar bu tush,

Uni yaxshi yoʻrsang, maʼqullaydi xush.

Baʼzi tush kishiga amal keltirar,

Baʼzi tush kishiga kasal keltirar.

Buning barchasini bilishing kerak,

Keyin tush taʼbirin qilishing kerak.

U tushing qanaqa, degin-chi, ochib,

Uni men yoʻrayin ayirib, yechib.[3]

 

Tilimizda tush bilan bogʻliq koʻplab soʻz va soʻz birikmalari mavjud.

Turli izohli lugʻat va ensiklopediyalarda tushga turlicha izoh berilgan.

Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasida tushga shunday taʼrif beriladi: “Tush, tush koʻrish – uyquda sodir boʻladigan subʼyektiv psixik hodisa.… Tushda uyqudagi kishi aniq va tasvirli kechinmalarning shohidi boʻladi. Tushdagi voqelar bir-biriga bogʻliq, bir oz noaniq, hayajonli, afsonaviy tus oladi.… Tushning xususiyati kishining nerv sistemasi tipiga, uning sogʻligiga, maʼlum davrdagi kechinmalariga bogʻliq”.[4]

Oʻzbek tili izohli lugʻatining oldingi nashrida “Tush uyquda vujudga keladigan obrazlar, uyqu vaqtida koʻriladigan narsalar”, deya taʼriflanadi.[5] Oʻzbek tili izohli lugʻatining soʻnggi nashrida esa “tush” soʻzining ikki xil maʼnoda kelishi taʼkidlanadi:

  1. I. Tush – uyquda vujudga keladigan subʼyektiv psixik hodisa, jarayon; uyquda koʻriladigan obrazlar, narsalar.[6]
  2. Tush – quyosh qoq tepaga kelgan payt.[7]

Tush soʻzining ikki maʼnosi bir-biriga qarama-qarshiday tuyuladi. Bizning nazarimizda, faqat yuzaki qaraganda shunday. Maʼlumki, uyquning eng shirin payti, tungi soat 12 bilan 3 oraligʻi, yaʼni tunning qoq yarmiga toʻgʻri keladi. Manbalarda, koʻpincha insonlar tunning ayni paytidan boshlab bashoratli tushlar koʻra boshlashi qayd etilgan. Tush bu yerda bir chegara vazifasini ham oʻtaydi. Tushda koʻrilgan voqealar rost ham, yolgʻon ham boʻlishi mumkin. Shuning uchun tushimizga baʼzan jiddiy eʼtibor qilsak, baʼzan esa umuman eʼtiborsiz boʻlamiz. Bu inonch tush bilan bogʻliq juda koʻpgina iboralarda ham oʻz aksini topgan. Kundalik hayotimizda kutilmagan voqeaga yoki kimsaga duch kelganimizda “tush koʻribmanmi”, “uni tush koʻrganmidim” kabi iboralarni ishlatamiz. Qadimda tushda koʻrilgan voqeaga qattiq ishonilgan va amal qilingan. Uygʻonib, tushdagi koʻrsatmalarni ijro etishga kirishganlar. Bu yerda insonning ichki istak – xohishi, orzusining amalga oshishi haqida gap ketmoqda.

“Tushingni suvga ayt” iborasiga keyingi sahifalarda kengroq toʻxtalamiz. Biroq bu oʻrinda bir narsani aytib oʻtishimiz lozim. Qadim tasavvurga koʻra, suv u dunyo bilan bu dunyo oʻrtasidagi chegaradir. Yaʼni bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, “tush” soʻzining har ikki maʼnosi ham bir-biri bilan chambarchas bogʻliq. Har ikki maʼnoda “tush” chegara, holatni anglatmoqda.

Faqat bizda emas, boshqa xalqlarda tush soʻzi ham uyqudagi holat, ham istak-orzular sifatida keladi. Inglizcha dream {dri: m} – soʻzining birinchi maʼnosi – tush, tush koʻrish, uyqu boʻlsa, ikkinchi maʼnosi – orzu, rohat, farogʻat va goʻzallikdir.

Dream {dri: m} – 1. Tush, tush koʻrish, uyqu. 2. Orzu. 3. Rohat, farogʻat, goʻzallik.[8]

Tushga qadimdan inson hayotining ajralmas bir boʻlagi sifatida qarab kelishgan. Sharqda ham, Gʻarbda ham bir qator tarixiy asarlarda, ayrim ilmiy adabiyotlarda tush yoxud tush bilan bogʻliq motiv va timsollar haqida koʻplab maʼlumotlar keltirilgan.

Ibtidoiy insonlar tushga katta eʼtibor berganlar. Kundalik hayotini, kelajagini tushsiz tasavvur eta olmaganlar.

Xalqimizning madaniy hayotida tush va uning taʼbirlari alohida oʻrin tutadi. Qadim asotirlardan biriga koʻra, dunyoning yaratilishi ham asli tushdan boshlangan. Dunyoning yaratilishi haqidagi ushbu asotirda dunyo tangrining tushida yaratilganligi aytiladi.[9]

Turkiyalik olim Bahouddin Oʻgal shunday bir uygʻur afsonasini keltiradi: “Bukuxon qavmini aql-idrok bilan boshqargan. Tushiga bir ruh kirib, uni Qut togʻiga olib boradi. Bu tush yetti yilu olti oy va yigirma ikki kun takrorlanadi. Har doim tushiga Koʻk ruhi kiradi. Oxirgi tushida Koʻk ruhi unga butun dunyoga hokim boʻlishini bashorat etadi”.[10]

Alisher Navoiy ijodida tush talqini masalasi alohida tadqiqot mavzusi. Biroq bu oʻrinda shuni aytib oʻtish kerakki, allomaning deyarli barcha asarlarida, jumladan, “Xamsa”da qahramonning ichki kechinmalari, ruhiyat tasviri tush orqali ochib beriladi. Ayniqsa, “Lison ut – tayr”ni biz Shayx Sanʼon va Tarso malikasining tushlarisiz tasavvur qila olmaymiz. Tadqiqotchi F. Isomiddinov oʻzining “Shayx Sanʼon haqidagi qissalarning qiyosiy tahlili” nomli nomzodlik ishida Attor, Navoiyning hayoti va ijodida tushlar muhim oʻrin tutganiga toʻxtalib oʻtgan.[11]

Bundan tashqari, Oʻgʻuzxon, Qoraxon, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi koʻplab tarixiy shaxslarning hayoti ham tush bilan chambarchas bogʻlanib ketganki, bu mavzu maxsus tadqiqotlarni talab etadi. Eʼtiborli tomoni shundaki, Amir Temur, Bobur kabi ajdodlarimiz tushga joʻn, tushuniksiz bir holat deb emas, aksincha, unga jiddiy eʼtibor berib, oʻz tushlariga kuchli bir ruhiyatshunos sifatida yondashganlar.[12]

Buyuk sohibqiron Amir Temur shunday yozadi: “Bir mahal yumushlarim tashvishida yurib, koʻzim uyquga ketdi. Tushimda meni har tarafdan dahshatli jinlar, toʻngʻizlar, badbashara erkaklar va jirkanch xotinlar, yirtqich hayvon va qushlar oʻrab oldi. Men qoʻrqib uygʻondim va shayx Zayniddin Abu Bakr Tayobodiyga maktub bitdim. Tez orada shayxdan bunday javob oldim: “Sen tushingda koʻrgan dahshatli maxluqlar sening gunohlaringdir: agar gunoh qilgan boʻlsang, endi tavba-tazarru qil”.

Men bu moʻtabar qariyaning aytganlarini darrov bajardim va bundan soʻng ilgarigi tushimga oʻxshamagan boʻlakcha tush koʻrdim”.[13]

Eng avvalo, shuni aytish kerakki, Amir Temur tush inson hayoti va ruhiyati bilan chambarchas bogʻliqligini yaxshi anglagan. Tushga bepisandlik bilan qaramagan, imkon qadar jiddiy munosabatda boʻlgan hamda tush taʼbirlariga qatʼiy amal qilgan. Yuqoridagi sharhga kelsak, bu yerda tush sof ilohiy jihatdan sharhlangan. Ammo biz tarjimai holni adabiy asar yoki yozma adabiyot sifatida baholab, tushga shu nuqtai nazardan yondashmogʻimiz lozim. Taʼbirchi tushning umumiy manzarasini sharhlagan, bizni esa undagi ramzlar qiziqtiradi. Avvalo, ramzlarni ajratib olaylik: Har taraf – bu, bizningcha, Temur saltanatining hududlari. Jin, toʻngʻiz, badbashara erkaklar, jirkanch xotinlar, yirtqich hayvonlar va qushlar esa Amir Temurning hayoti va ruhiy dunyosidan kelib chiqib sharhlanmogʻi joiz. Tush – inson kechinmalarining, xoh bolalikda boʻlsin, xoh voyaga yetgan pallada, universallashgan ramzlaridir. Temur qanchalik jasur, irodali, yengilmas shoh boʻlmasin, u ham odam va barcha insoniy kechinmalar unga ham xos. Xususan, uni jahongir sifatida hududlar xavotirga soladi. Bu xavotir hatto amirning oʻzi anglamagan tarzda miyaga xavotir, shubha, gumon boʻlib oʻrnashib qoladi. Qolaversa, u oʻz hayotidan ham hamisha xavotirda. Garchi barcha buyuk shaxslar kabi yuzaga chiqarmasa-da, hatto ayollar bilan ehtiyotkor muomalada boʻlishga toʻgʻri keladi. Jahongir sifatida ham u oʻz dushmanini jin (chunki jin turli qiyofaga kira oladi, uni yengish mushkulroq), toʻngʻiz (toʻngʻiz ramzi koʻproq xiyonatkor odamlarga nisbatan ishlatiladi, shuningdek, jugʻrofiy ramz boʻlishi ham mumkin), badbashara erkak (amir oʻz dushmanlarining qiyofasini aniq bilmaydi, shu sababli badbashara odam koʻz oldiga keladi), jirkanch xotinlar (barcha sarkardalarning oʻz doʻsti, birodari bilan orasini buzishda, asosan, ayollar sababchi boʻlishgan. Bu xavotir Amir Temurga ham tinchlik bermagan boʻlishi mumkin), yirtqich hayvon va qushlar (“Temur tuzuklari” va maktublarida biz “hayvonsifat”, “toʻngʻizsifat” kabi iboralarga duch kelamiz. Temur oʻz dushmanlariga nisbatan ishlatadigan eng qahrli soʻzlar edi bu – J. E.). Qushlar yaxshi va yomon xabarlar simvoli, shuningdek, inson ruhiyatining allegoriyasini, yirtqich qush yovuz kishilar ruhini anglatadi. Biz buni “Lison ut-tayr”, “Zarbulmasal”da ham uchratamiz. Bularning barchasi tushda oʻz aksini topadi. Yuqoridagi tushni sharhlash uchun biz Temurning tush koʻrish arafasidagi kechinma va faoliyati haqida toʻliq maʼlumot olishimiz zarur. Tushni sharhlash esa bizga Amir Temur ruhiyati haqida aniq tasavvur beradiki, jasurligi va buyukligi uni bizdan qanchalik uzoqlashtirsa, bu aniqlik Temurni bizga shunchalik yaqinlashtiradi.

Bizda ulugʻ kishilar hayoti ruhiyatshunoslik nuqtai nazaridan kam oʻrganilganligi sababli tushlari bayonidan foydalanib, Amir Temur ruhiyatini bilishga urinib koʻrdik. Ushbu sharh aniq, toʻliq deyishdan yiroqmiz, ammo ramzlar bizga erkin mushohada qilish imkonini beradiki, biz shundan foydalandik.

“Boburnoma”da ham tushlarga katta eʼtibor berilganligini koʻramiz. Buni taniqli yozuvchi Xayriddin Sultonov ham oʻzining “Boburning tushlari” nomli essesida alohida taʼkidlab oʻtadi.[14] “Boburnoma”ning, – deb yozadi adib, – ilohiy yogʻdu bilan munavvar sahifalarida Boburning gʻaroyib tushlari tafsiliga duch kelamiz”.[15]

Darhaqiqat, “Boburnoma”ning koʻpgina oʻrinlarida ana shunday bashoratli tushlar bilan bogʻliq sahifalarni uchratamiz. “Oʻshal fursatda ajib tush koʻrdim, – deb xotirlaydi Zahiriddin Muhammad Bobur. – Tush koʻrarkanman, hazrati Xoja Ubaydullo kelmishlar. Men istiqbollariga chiqmishmen. Xoja kelib oʻltirdilar. Xojaning oldiga gʻolibo betakallufroq dasturxon solmishlar. Bu jihatdan hazrat xotiriga nima kelmish. Mullo Bobo mening sari boqib ishorat qiladur. Men ham imo bilan dedimkim, mendan emastur. Dasturxon solgʻuchi taqsir qilubtur. Xoja fahm qilib, bu uzr maʼsum tushti. Qoʻptilar. Uzata chiqdim. Ushbu uyning dolonida oʻng qoʻlimdan yo soʻl qoʻlimdan tutib, andoq koʻtardikim, bir oyogʻim yerdan qoʻpti. Turkiy dedilarkim: Shayx maslahat berdi. Oʻsha kecha kunda oʻq Samarqandni oldim”.[16]

Zahiriddin Muhammad Bobur bu tushni Samarqand shahrini olishdan oldin koʻrgan. Endi tushlardagi ramzlarga eʼtibor qilaylik. Xoja Ubaydulloning tushiga kirishi bu yaxshilik alomati, albatta. Yaʼni Bobur tez orada oʻz niyatiga yetishiga ishora. Lekin uning oldiga nochor dasturxon yozilganligi bizning eʼtiborimizni tortadi. Maʼlumki, tushdagi dasturxon – risq-nasiba, taqdir maʼnolarida keladi. Pirning oldiga yozilgan nochor dasturxon Boburning Samarqandni fath etishi, biroq u yerda uzoq vaqt qololmasligidan dalolat beradi. Haqiqatdan, biz bilamizki, Bobur bu shaharni oʻz qoʻlida uzoq vaqt ushlab turolmadi. Endi keyingi ramzlarga eʼtibor beraylik. Pir uni koʻtarganda u yuksaklikka koʻtarilayapti-yu, lekin oyogʻi yerdan uzilayapti. Boburning martabasi bundan ham ulugʻ boʻlishini, biroq bu hodisa oʻz uyidan uzoqda sodir boʻlishidan darak bermoqda. Shoirning: “Oyogʻim yetgan joygacha ketgayman”, deb yozishi behuda emas. Yana bir holat eʼtiborga molik: Bobur oʻz uyiga kelgan mehmondan xursand, lekin koʻnglining tubida uning oldiga yozilgan dasturxon tufayli bari bir bir afsuslanish, oʻksiklik mavjud. Hayotda Zahiriddin Muhammad Boburning keyinchalik Hind oʻlkasini zabt etib, Boburiylar saltanatiga asos solishi, biroq shoir oʻz yurtidan uzoqdaligidan bir umr afsusda boʻlishi mana shu oddiygina tushda oldindan bashorat qilinmoqda. Zero, bu tushning muhim ekanligini Bobur ham sezgan. Yoʻqsa, uni “Boburnoma”ga kiritib oʻtirmagan boʻlardi.

“Boburnoma”dagi yana bir tush Qutlugʻ Muhammad bilan bogʻliq: “Qutlugʻ Muhammad barlos dedikim: – Axsidan qochib chiqgʻanda sizdan ayrila tushganda Andijon keldimkim, xonlar ham Andijon kelibturlar. Men tush koʻrdimkim, Xoja Ubaydulloh dedilarkim, Bobur podshoh Karnon degan kentdadur, borib, ani olib kelingkim, podshohlik masnadi anga taalluq boʻlubtur. Men bu tushni koʻrib xushhol boʻlib, ulugʻ xon, kichik xonga arz qildim”.[17] Qutlugʻ Muhammad oʻz tushidagi koʻrsatmalarga amal qilib, Boburni izlab topadi. Bu esa Bobur ham, uning zamondoshlari ham oʻz tushlariga beeʼtibor boʻlmaganidan dalolat beradi.

Adabiyotshunos olim H. Qudratullayev oʻz tadqiqotida “Boburnoma” va Zayniddin Vosifiyning “Badoyeʼ ul-voqeʼ” asarida tush haqida qiziq maʼlumotlar berilganini qayd qilib oʻtadi.[18]

Tush miyaning inson ruhiyati haqida ramzlar orqali yetkazgan xabarlaridir. Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, egasiga taalluqli boʻlmagan tushning oʻzi hayotda uchramaydi. Tush nafaqat xayolga, balki tanaga ham taʼsir qilishi Sharqda avvaldan maʼlum. Tushida dev, jin koʻrganlar ogʻir xastalikka chalinadi, degan qarashlar ham bor va bunday kishilarni “jin yoki dev chalibdi”, deyishadi.

Ibtidoiy inson nazarida tush “maʼbud”lar bilan aloqa qilish vositasi hisoblangan. Shuning uchun ular tushni muqaddas deb bilishgan. Tushdagi taqiq va koʻrsatmalarga qattiq amal qilishgan. Unga xuddi bugungi inson kabi almoyi-aljoyi voqealar aksi, ahamiyatsiz bir holat deb emas, inson ichki olami va tashqi dunyoning tiniq koʻzgusi, ruhiyatning bir parchasi deb qarashgan. Ular tushga shu darajada jiddiy munosabatda boʻlishganki, taʼbirlarga qatʼiy rioya qilishgan. Tushni hamma ham taʼbirlayvermagan. Qabila yoxud urugʻning yoʻlboshchisi, donishmandi darajasiga koʻtarila olgan, maxsus marosimlardan oʻtgan kishilargina tushni taʼbirlashi mumkin boʻlgan.

Mutaxassislar tush tarixini animistik tasavvurlar bilan bogʻlashadi. Maʼlumki, animizm tabiatning jonliligi, “jon” va “ruh”ning abadiyligiga ishonchdir. Animistik tasavvurga koʻra, oʻlgan kishining ruhi mangu yashaydi, faqat u turli koʻrinish va qiyofalarga kiradi, xolos. Baʼzan esa ular odam oʻlgandan soʻng tushlarda yashaydi, deb oʻylashgan. Tushga amal qilib hayot qurganlar, ekin ekkanlar, hosil yigʻishtirganlar, urush qilganlar. Magʻlubiyat yoxud gʻalaba esa ularga tushida ayon boʻlgan. Zarur paytda tushlari orqali ular ruhlardan madad soʻrashgan. Baʼzan butun boshli qabila bir yomon tush tufayli oʻz joyini tashlab, boshqa tomonlarga koʻchib ketgan.[19] Bobil afsonalaridan biriga koʻra, oʻlgan kishilarning ruhlari tushlarda yashaydi. Ular tushda ziyon yetkazmasliklari uchun tush tangrisi Mamuddan madad soʻrash kerak, deb tushunilgan.[20]

Ayniqsa, boʻlgʻusi shomonlar tushga alohida ahamiyat berganlar. Shuning uchun shomonlarning koʻplab marosimlarida tush alohida oʻrin tutadi.[21] Hatto, shomon haqiqiy shomon boʻlishdan oldin oʻz faoliyatini tushida koʻrgan. Shomonlik qobiliyati dastavval unga tushida ayon boʻlgan. Bordi-yu, u tushiga amal qilmasa, bu tush uni tinimsiz taʼqib qilgan yoxud u ogʻir xastalikka chalingan. Shomonlar qachon va qaysi paytda inson bashoratli tushlar koʻrishi mumkin va uni qaysi paytda, qanday holatda toʻgʻri taʼbir qilish mumkinligini juda yaxshi bilganlar.

“Alpomish” dostonida shunday satrlar bor:

Xazon boʻlib bogʻda gullar soʻlganda,

Jon jasaddan bir beqaror boʻlganda,

Ziyon yotib, rahmat toshar boʻlganda,

Rahmat daryo ayni toshib kelganda,

Tush koʻribman fayzi sahar boʻlganda.[22]

Bu – Barchinning oʻz tushini Suqsuroy kaniziga soʻylab turgan holati. Dostondagi butun voqea ana shu tushda bayon etilgani va undagi koʻplab ramzlar alohida tadqiqot mavzusi. Biroq bu yerdagi “Tush koʻribman fayzi sahar boʻlganda” misrasi bizning eʼtiborimizni tortadi. Zero, koʻpgina bashoratli tushlar ayni sahar payti koʻrilgan. Boshqa koʻplab dostonlarimiz va ertaklarimizda ham sahar payti koʻrilgan tush haqida soʻz boradi. Nega aynan sahar payti? Yuqoridagi parchada bunga aniq javob bor. Birinchi misra bu dostonlarimizdagi anʼanaviy formulaga kiradi. U har galgi ijroda yana va yana yangilanib turadi. Xuddi shu misra “Xazon boʻlib bogʻda gullar soʻldimi” yoxud “Xazon boʻlib bogʻda gullar soʻlibdi” shaklida takrorlanib keladi. Goʻyo bu misraning mazkur parchaga aloqasi yoʻqday koʻrinadi. Bu sirtdan qaraganda shunday. Mohiyatan esa aynan tush koʻruvchining holatini toʻliq oʻzida ifodalab turibdi. Maʼlumki, Barchin bu tushni qalmoqlar xotinlikka soʻrab turgan va Alpomish uni izlab yoʻlga chiqqan paytda koʻrgan. Shuning uchun bu tushda, eng avvalo, xavotir aks etgan. Ikkinchi misrani esa qolgan toʻrt misra bilan birgalikda sharhlash lozim boʻladi. Bashorat tushlar sahar payti koʻrilishiga sabab, inson kunduzgi toliqishlardan soʻng charchab uxlab qolganda maʼlum paytgacha – uning charchoqlari yozilib, tanasi, ruhiyati orom olib boʻlgunga qadar u tiniq tushlar koʻra olmasligi mumkin. Tana dam olgach, undagi oʻzgarish ruhiyatda ham aks etadi: ong endi “xolis” fikrlay boshlaydi. Ana shu “xolis” fikrlashdan bashoratli tushlar tugʻiladi. Xuddi aynan shunday holatda ruh tanaga emas, tana ruhga boʻysuna boshlaydi. Biz keltirgan parchadagi ikkinchi misrada aynan shu narsa oʻz aksini topgan. Sahar payti kishilarning toza, tiniq tushlar koʻrishi fanda ham ilmiy jihatdan oʻz isbotini topgan. Uchinchi, toʻrtinchi misralarda ham ikkinchi misradagi fikr rivojlantirilib, yanada chuqurroq asoslanadi. Maʼlumki, tun, qorongʻulik, zulmat inson ruhiyatiga tinimsiz taʼsir qilib turadi. Ayniqsa, qorongʻu, zulmat paytlari bu taʼsir koʻproq salbiy xususiyat kasb etadi. Sahar paytiga yaqinlashavergach esa koinotdagi oʻzgarishlar inson tanasiga koʻproq ijobiy taʼsir eta boshlaydi. Baxshilarimiz tili bilan aytadigan boʻlsak: “Ziyon yotib, rahmat daryosi tosha boshlagan” bir payt boʻladi. Qadimgi ajdodlarimiz bu narsalarni yaxshi bilgan. Ular nafaqat oʻzlarini, oʻzlarining ichki ruhiy dunyosini, balki tabiat – borliqni, butun koinotni ham yaxshi bilganlar. Koinot bilan oʻzlari oʻrtasiga hech qanday chegara oʻrnatmaganlar. Tabiat – borliqdagi oʻzgarishlar inson ongiga ham taʼsir qilishini yaxshi bilganlar. Shuning uchun bor harakatini xuddi bugungi zamonaviy odam kabi tabiatni yengishga, uning ustidan gʻalaba qozonishga emas, balki uni tushunishga, anglashga qaratganlar. Demak, ibtidoiy inson biz oʻylagandek “omi” odam emas, aksincha, tabiatni juda nozik tushungan va unga inja bir munosabatda boʻlgan, oʻzini, ichki “men”ini yaxshiroq anglagan. Tush – shunchaki, tasodifiy holat boʻlmay, inson ruhiyatining bir koʻrinishi, ong osti kechinmalarining oʻziga xos namoyishi deb talqin qilganlar. Birgina dostonimizdagi kichik bir parcha bizni ana shunday fikrga kelishga majbur etadi. Umuman, turkiy xalqlar ogʻzaki ijodida tushga shunchalik keng oʻrin berilganki, ertak va dostonlarimizda uning turli xil namunalarini uchratamiz. Biz ularni oʻqir ekanmiz, mukammal tush taʼbirlari, eng avvalo, nega aynan bizda yaratilganining sababini tushunib yetamiz.

Irq bitigi – “Taʼbirnoma” ham fikrimizning dalilidir. Mazkur yodgorlik Sharqiy Turkistonning Dunxuanidan janob A. Steyn tomonidan topilgan. Mutaxassislar mazkur asar tush koʻrish va uning taʼbirini bayon qilish asosida yaratilganini eʼtirof etishadi.

Haqiqatdan ham ushbu “Taʼbirnoma”da 65 ta tush taʼbirlari keltirilgan. Mazkur yodgorlik oʻzbek oʻquvchilariga yaxshi tanish. Dastavval, folklorshunos olim Boqijon Toʻxliyev oʻzbekchalashtirgan “Taʼbirnoma” “Adabiy meros” jurnalida nashr qilindi.[23] Keyinchalik esa u Nasimxon Rahmon tomonidan nashrga tayyorlanib, kitob holida chop etildi.[24]

Albatta, bu ikki tarjimaning oʻziga yarasha yutuq va kamchiliklari bor. Biroq biz hozir bunga toʻxtalmoqchi emasmiz. Muhimi shuki, bu bebaho yodgorlik xalqimizning maʼnaviy mulkiga aylandi va koʻplab tadqiqotchilarning eʼtiborini oʻziga jalb qildi. B. Toʻxliyev ham, N. Rahmonov ham “Taʼbirnoma”ga manbashunoslik nuqtai nazaridan yondashganliklari uchun ular manbadagi tush va uning taʼbirlari bilan bogʻliq ramzlarni maxsus tadqiq etishmagan.

Mazkur yodgorlik ajdodlarimizning tushga va tush taʼbirlariga nechogʻlik nozik munosabatda boʻlganliklarini koʻrsatib beradi. “Taʼbirnoma”dagi tush bilan bogʻliq ramzlar, jumladan, ot, tuya, boʻri, burgut, ilon, oyna va yana boshqa koʻplab timsollar xalqimiz hayoti, tafakkurida nechogʻlik muhim oʻrin tutishini va ularning tarixiy ildizlari qanday tushuncha va tasavvurlar bilan bogʻliqligini tadqiq etishda eng zarur manba boʻlib xizmat qiladi.

Irq bitigi – “Taʼbirnoma”dan boshqa qadimgi xitoy tilidan turkchaga tarjima qilingan tush taʼbirlariga bagʻishlangan “Fol kitobi” ham mavjud.[25] “Fol kitobi”ni tadqiq etgan manbashunos olim Nasimxon Rahmonov taʼbir ilmining ildizlari shomonlik tasavvurlari bilan bogʻliq ekanligini yozadi.[26]

Tush insonni turli xil xabarlardan voqif etar ekan, undagi turli xil ramzlarga taʼbir izlangan. Tushdagi ramzlar haqida gapirganda, eng avvalo, ibtidoiy inson kundalik turmushining ajralmas qismiga aylangan oʻsimlik, hayvon, jonivor yoxud biror bir jismni ham eʼtibordan qochirmaslik kerak. Misol uchun – ot. Ot inson hayotida muhim oʻrin tutgan. Otsiz hayotlarini tasavvur etisha olmagan. “Ot – yigitning qanoti”, degan maqol ham bejiz emas. Koʻplab marosimlarda ot muhim vazifa bajargan. Ot koʻkdan tushgan, ilohiy deyishgan. Shuning uchun tushda durkun otni koʻrish yaxshilik, martaba hisoblangan. Otdan yiqilish kasallik, falokat, oriq ot esa biror bir noxushlikdan darak beradi, deb oʻylashgan.

Tushni koʻpincha din, diniy dunyoqarash bilan bogʻlovchilar ham bor. Islomda tush paygʻambarlikning qirq olti juzidan biridir, deyilgan.[27] Qurʼoni Karimning dastlabki oyatlar paygʻambarimiz Muhammad Rasulullohga tushida nozil boʻlgan. Qurʼoni Karimning “Yusuf” va “Va-s-saffot” suralarida ilohiy tushlar haqida soʻz boradi.[28] Abu Abdulloh Muhammad Ibn Ismoil Al-Buxoriyning “Hadis” kitobida bir boʻlim tushga bagʻishlangan.[29] Islomda tush, asosan, uchga boʻlinadi: Olloh hamda maloiklar tomonidan nozil boʻladigan va shayton vasvasasi tufayli yuz beradigan tushlar.[30]

Tushga turli zamonlarda har xil taʼrif berishgan, uni ayricha taʼbirlashgan, turlicha amal qilishgan, biroq hech qaysi davrda unga ahamiyatsiz va eʼtiborsiz bir hodisa sifatida qaralmagan. Tush hamma zamonlarda ham insonlarda qiziqish uygʻotib kelgan. Ayniqsa, islom olamida tush va tush taʼbirlariga jiddiy eʼtibor bilan qaralgan. Islomda tushning uchga boʻlinishini yuqorida taʼkidladik. Lekin bajaradigan vazifasiga koʻra, asosan, ikkiga boʻlinadi: rahmoniy, yaʼni ilohiy tushlar va shaytoniy tushlar. Rahmoniy tushlarni imonli-eʼtiqodli va ruhiyati pok insonlar koʻradi. Shaytoniy tushlarni esa shayton vasvasaga solib, nafsiga magʻlub boʻlgan kishilar koʻradi, degan qarash mavjud. Shuning uchun tushni taʼbir qilish paygʻambarlikning qirq olti juzidan biri hisoblangan.

Muhammad sallallohu alayhi vassallam hazratlariga ham paygʻambarlik “Roʻyoi sodiqa”da, yaʼni tushida ayon boʻlgan. Islom tarixidan maʼlumki, Muhammad sallallohu alayhi vassallamga vahiy kelishi uyqularida yaxshi tushlar koʻrish bilan boshlangach, Haq subhonahu va taologa ibodat etish uchun Hiro togʻidagi muqaddas gʻorga yoʻl oladilar. Muqaddas Qurʼoni Karimning dastlabki oyatlari ham ana shu yerda vahiy tarzida nozil boʻladi.

Qurʼoni Karim va hadislardan bizga maʼlumki, paygʻambarlarning koʻrgan tushlari vahiy hisoblangan va bunga qatʼiy amal qilingan. “Fath” surasida Olloh paygʻambarlarning koʻrgan tushlarini rost qilgani haqida maʼlumot beriladi. Paygʻambarimiz hazrat Muhammad alayhissalom Hudaybiyya sulhidan soʻng koʻrgan tushlari bir yildan soʻng rost boʻlib chiqadi. “27. Qasamki, Alloh Oʻz paygʻambariga (u kishi koʻrgan) tushini haqqi rost qildi: albatta sizlar (ey moʻminlar) inshoolloh Majjid al – Haramga tinch-omon, boshlaringizni (sochlaringizni) qirdirgan va (qisqartirilgan) hollaringizda xavf-xatarsiz kirursizlar”.[31]

Ibrohim alayhissalom hazratlariga ham tushlarida oʻgʻli Ismoilni qurbonlik qilish buyuriladi. Ibrohim alayhissalom tushlaridagi bu vahiyga amal qiladi. Qurʼoni Karimning “Va-s-saffoti” surasida ana shu haqda soʻz boradi: “103. Bas qachonki ikkisi ham (Ollohning vahiysiga) boʻysunib, (Endi Ibrohim oʻz oʻgʻli Ismoilni qurbon qilish uchun) peshonasi bilan (erga) yotqizgan ediki, 104–105. Biz unga nido qildik: “Ey Ibrohim, darhaqiqat sen (koʻrgan tushingni) rost bajo qilding”, albatta biz chiroyli amal qiluvchilarni mukofotlaymiz”.[32]

Qurʼoni Karimda marhamat qilinishicha, Yusuf alayhissalom tushlarida oʻn bir yulduz, quyosh va oyning unga sajda qilib turganini koʻradi: “4. Eslang, Yusuf otasiga degan edi: “Ey Ota, men tushimda oʻn bir yulduzni, yana quyosh va oyni koʻribman. Hammasi menga sajda qilayotgan emish”.[33] Yusuf alayhissalom oʻz tushini otasiga – Yoqub alayhissalomga aytadi. Bu tushni toʻgʻri taʼbir qilgan Yoqub alayhissalom Yusuf alayhissalomga bu haqida aka-ukalariga aytmaslikni tayinlaydi. Biroq tushdan voqif boʻlgan birodarlari uni oʻynatib kelamiz deb quduqqa olib borib, tashlab keladilar. Quduqdan chiqarilgan Yusuf alayhissalom juda arzon bahoga qul qilib sotiladi va Misr hokimining uyiga joylashtiriladi. Yana tuhmat bilan zindonga tushganda oʻz sheriklarining tushlarini bekamu koʻst aytib bera boshlaydi.

“43. Kunlarning birida Misr mamlakatining shohi (Rayyon binni-l-Valid): “Men tushimda yetti oriq sigir yetti semiz sigirni yeyayotganini va yetti yashil bashoq bilan birga boshqa qurigan (etti bashoq)ni koʻrdim. Aʼyonlarim, agar tushlarning taʼbirini ayta oluvchi boʻlsangizlar, bu tushimning taʼbirini (menga) aytinglar-chi”, dedi”. Biroq uning tushini Yusufdan boshqa hech kim taʼbir qilib berolmaydi.

“47. (Yusuf) dedi: “Sizlar paydar-pay yetti yil (don) ekinglar. Keyin oʻrib olgan hosilingizni (buzilmasin uchun) oʻz boshogʻida qoldiringlar, magar yeydigan ozgina ozuqalaringizni (yanchib olinglar). 48. Soʻngra oʻshan (serhosil yetti yil)dan keyin yetti yil qahatchilik boʻlib, ular uchun tayyorlab qoʻygan bor hosilingizni yeb ketar. Magar ozgina (urugʻlik uchun) asrab qoʻygan donlaringizgina qolur. 49. Soʻngra, oʻshal (qahatchilik yillari)dan keyin bir yil kelurki, unda odamlar yogʻingarchilik ostida qolurlar va (turli mevalardan) sharoblar tayyorlab olurlar”.[34]

Ollohning inoyati bilan tushni toʻgʻri taʼbir qila olish qobiliyati tufayli zindondan ozod boʻladi va oʻzi bolaligida koʻrgan tushi qirq yildan soʻng roʻyobga chiqadi.

Koʻplab manbalarda tushga turlicha taʼrif berilgan boʻlsa-da, biroq ularning barchasida bir narsa: tushning sirli hodisa ekanligi haqida fikr-mulohazalar deyarli bir xildir. Gʻarbda tush ancha mukammal oʻrganilgan boʻlishiga va koʻplab tadqiqotlarda tushning sirliligi taʼkidlanishiga qaramay, ularda tushning ilohiyligi inkor etiladi. Sharqda, ayniqsa, islom olamida bunga toʻgʻri baho berilgan. Tush necha asrlarki, qanchalik chuqur va har tomonlama oʻrganilgan boʻlmasin, u bari bir sirliligicha qolib kelmoqda.

Qurʼoni Karim va hadislardagi tush talqinlaridan shu narsa ayon boʻladiki, tush, eng avvalo, sirli va ilohiy. Kishi oʻz taqdiriga nima yozilganini bilmagani kabi, qanday tush koʻrishini va unga kimlar, nimalar kirishini oldindan bilmaydi. Biroq bu uning insondan tashqarida, yaʼni koʻrilayotgan tushning egasiga mutlaqo aloqasi yoʻq, degani emas. Aksincha, tush – bu inson ruhiyatining koʻzgusi. Inson axloqi qanday boʻlsa, u koʻradigan tushlar ham shunga munosib boʻladi.

Imom Buxoriyning “Hadis” kitobida Rasululloh (s. a. v.) tushlarida koʻrgan boshi tosh bilan majaqlanayotganlar, lunji burnidan to koʻziga qadar shilinayotganlar, tandirga oʻxshash chuqurda olovda yonayotganlar, daryoda suzib yurib, tosh yutayotganlar kabi holatlar shunday taʼbir qilinadi: “Boya sen koʻrgan boshi tosh birlan majaqlanayotgan kishi avvallar Qurʼon tilovat qilib yurib, keyin tashlab qoʻygan hamda farz qilingan namozlarni oʻqimay, gʻaflat bosib uxlab yotgan. Keyingi – lunjini burnidan to koʻziga qadar shilishayotgan kishi ersa, uyidan chiqib, yolgʻon gaplarni aytar edi, uning boʻhtonlari hatto ufqqa qadar tarqalgandur. Tandirga oʻxshash chuqurdagi yalangʻoch erkak va ayollar – zinokorlar edi. Daryoda suzib yurib, tosh yutayotgan odam xususiga kelsak, ul sudxoʻr (poraxoʻr) boʻlgan…”.[35]

Rasululloh sallallohu alayhi vassallam buyuradi: “Kimki rostgoʻyroq boʻlsa, uning tushi toʻgʻriroqdir”. Bu birinchi holat, yaʼni tush bu bevosita inson eʼtiqodi, axloqi va ruhiyati bilan chambarchas bogʻliq. Tush koʻruvchining ismi, shajarasi, yoshi, feʼl-atvori, xulqi, oʻsha kungi holati, yegan-ichganlari, soʻzlagan soʻzi bu – hammasi tushda oʻz aksini topishi mumkin. Demak, imonli-eʼtiqodli odam oʻz shajarasiga va ismiga munosib ish qilishi, feʼl-atvoriga eʼtibor berishi, xulqini yaxshilashi, har bir kun iloji boricha savob ishlar qilishi, nomaqbul ovqat va ichimlikni yeb-ichmasligi, yoshiga, eʼtiqodiga toʻgʻri kelmaydigan soʻzlarni aytmasligi lozim. Bular bari insonning kimligini koʻrsatib turuvchi jihatlardir.

Ikkinchi holat – uning taʼbiri masalasi. Hazrat Yusuf alayhissalom haqidagi oyatdan shu narsa maʼlum boʻlayaptiki, tushni hammaga ham aytib, taʼbir qildirib boʻlmaydi. Uni solih va ruhiyati pok kishilar taʼbir qilishi kerak. Bu tush koʻruvchiga ham, uni taʼbir qiluvchiga ham ulkan masʼuliyat yuklaydi.

Hadisi Sharifda tushga kengroq sharh berilgan. Unda kunduzgi va tungi koʻriladigan tushlar bir-biridan ajratilgan. Biroq ular ikkalasi ham bir xil talqin etiladi. Bundan tashqari, Hadisda tushlar bilan bogʻliq ranglar, har bir predmetga alohida urgʻu burilgan. Misol uchun: koʻzyosh – yaxshi amal, sut – musulmonlik, koʻylak – din, yashil rang – eʼtiqod mustahkamligi, kalit – martaba, chodir – islom dini va hokazo.[36]

Ibn Sirin rahmatullohi alayh aytadi: “Taʼbirchi uchun shart shuki, u tushni eshitayotgan paytda tahoratli boʻlishi, tush aytayotgan dushmani boʻlsa, dushmanligi sababli notoʻgʻri taʼbir qilmasligi, bir odamning sirini bilsa, boshqalarga oshkor qilmasligi kerak”.[37]

Demak, tushni notoʻgʻri yoki yolgʻon taʼbir qilishning ham oʻz javobgarligi bor. Yusuf alayhissalom zindondagi sheriklaridan birining tushini taʼbir qilar ekan, unga yaxshi soʻzlar aytib, tushni notoʻgʻri taʼbir qilishi mumkin edi. Biroq Yusuf alayhissalom tushni toʻgʻri taʼbir qiladi; nonvoyga: “Seni uch kundan soʻng zindondan chiqarib, dorga osadilar”[38], deydi.

Magʻribiy rahmatullohi alayh aytadi: “… Rost tush bu Haq subhonahu va taolodan vahiydir, kimki vahiyni orttirsa yoki kamaytirsa, Haq subhonahu va taoloni yolgʻonchiga chiqargan boʻladi, tush Xudoyi taolo bilan bandasi oʻrtasidagi omonatdir… Har kim yolgʻon tushni toʻqisa, Rasul sallallohu alayhi vassallam soʻzi boʻyicha osiy (gunohkor) boʻlgʻusidir. Bu esa tushning muazzam va ulugʻligiga dalildir va odob shartini saqlashi muabbir va savol qiluvchiga vojibdir”.[39]

“Islomiy tush taʼbirlari qomusi”ning muallifi Imom Nablusiy oʻzining asarida 7500 ta taʼbirchining ismini keltirib oʻtadi va shulardan 600 tasining tush taʼbiriga bagʻishlangan kitoblari mavjudligini taʼkidlaydi. Yana eʼtiborlisi shundaki, Imom Nablusiy tushni taʼbir qiluvchilarni oʻn besh tabaqaga ajratib, ularning har biriga alohida izoh berib oʻtadi. Misol uchun, birinchi tabaqada hazrati Ibrohim paygʻambar, hazrati Yoqub paygʻambar, hazrati Yusuf paygʻambar, hazrati Doniyol alayhi vasallam, hazrati Zulqarnayn va paygʻambarimiz hazrat Muhammad sallallohu alayhi vasallam nomlari keltirib oʻtilsa, yettinchi tabaqada Aflotun, Aristotel, Batlimus kabi faylasuflarning nomlari keltirib oʻtiladiki, bu holat muallifning mazkur sohadagi bilimi juda kengligidan dalolat beradi.[40]

Islomda taʼbirchi Ollohning kitobi Qurʼoni Karimni, Hadisi Sharifni, oʻz ona tili, arab-fors tillarini, maqol-matallarni, ilmi nujumni, urf-odat va marosimlarni yaxshi bilmogʻi kerak. Taʼbirchi har bir tushning taʼbirini sir saqlashi, undagi yaxshi va yomon jihatlarni farqlay bilishi zarur.

Bundan tashqari, tushning qaysi kunda koʻrilgani va qaysi paytda taʼbir qilinishi ham muhim ahamiyatga ega. Misol uchun, yakshanba kunning avvalida koʻrilgan tush yaxshi, uni taʼbir qilish ham oson. Chorshanba kunning avvalida koʻrilgan tushni taʼbir qilib boʻlmaydi, deb tushuniladi.

Taʼbirchilar tushni erta tongda taʼbir qilgan yaxshi boʻladi, deyishadi. Xoʻsh nega?! Sababi, eng avvalo, har ishning erta tongda amalga oshgani maʼqul va tushdagi voqealar, undagi arzimas narsa ham tush koʻruvchining yodidan chiqib ketmasligi lozim. Bu tushni taʼbir qilayotganda muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, tush koʻruvchining ham, uni taʼbir qiluvchining ham erta tongda tani dam olgan, kayfiyati soz, xotirasi tiniq boʻladi. Koʻpchilik bilan uchrashib, biror bir noxush gap eshitmagan, ehtiyotsizlik qilib, qandaydir bir nomaqmul ishga qoʻl urmagan boʻladi.

Xullas, islomda tushga juda inja bir munosabatda boʻlingan. Tushga katta ahamiyat berib, uning taʼbiriga ham jiddiy eʼtibor bilan qaraganlar. Tush – shunchaki, tasodifiy holat boʻlmay, inson ruhiyati, eʼtiqodi va axloqining bir koʻrinishi, deb talqin etganlar.

“Sen tushingni menga ayt, men sening kimligingni aytib beraman”, deydi ruhiyatshunoslar. Shu birgina soʻzda insonning ruhiy olami haqidagi ulkan haqiqat yashirin.

Xoʻsh, insonni uning koʻrgan tushi orqali bilish imkoni bormi? Ha, imkoni bor. Bilganda ham, oʻzimiz kutgandan ortiqroq bilishimiz mumkin. Buning uchun bizdan koʻp narsa talab etilmaydi, bor-yoʻgʻi tushimizga eʼtiborliroq boʻlishimiz va undagi har bir kichik narsalarni ham eʼtibordan qochirmay taʼbir qilishimiz lozim boʻladi.

Maʼnisiz, yaʼni yuqorida taʼkidlanganidek, bizga mutloq aloqasi boʻlmagan tushlar boʻlmaydi. Faqat maʼnosiga tushunmagan va oʻzimizga bogʻliq oʻrinlarni topa olmagan, tushimizni tushunmagan holatlar boʻlishi mumkin, xolos.

Alisher Navoiy hazrat Bahouddin Naqshband haqida soʻzlar ekan, shunday bir rivoyatni keltirib oʻtadi: Oʻz shogirdlariga topshiriq berib ketgan zot ancha muddat oʻtgandan soʻng qaytib kelgach, uning bir shogirdi ustidan shikoyat qiladilar. “Alar andin soʻrubdurlarki, bizni hech tush koʻrding? Dedi: – Hov, koʻrdim! Dedilarki: – Senga basdir”.[41]

Bu bilan hazrat Alisher Navoiy tush inson ruhiyatining koʻzgusi, insonning botinida kechayotgan jarayon tushida ham aks etishini taʼkidlamoqda. Yaʼni uyqu holatida inson ruhiy dunyosining erkinligi, ong osti hislarini aql kabi maʼlum qolipda saqlab boʻlmasligi ulardagi axborot aqliy axborotdan koʻra haqqoniyroq boʻlishini taʼminlaydi. Shu sababli uyquda odam rost dunyo bilan toʻqnashadi, uyqu paytidagi faoliyat jismning emas, maʼnaviy dunyoning faoliyatidir. Boshqacha aytganda, uygʻoq odamda soxtalik koʻproq boʻladi. Uyqu payti odam haqiqiy hislar bilan yaqinlashadi. Uyqu payti inson dunyosining eng katta rostgoʻyligidir. Mana shu uyqu davridagi hissiyotlar tush shaklida namoyon boʻladi. Biz uygʻoq payti olgan taassurotlarimiz oʻz shaklini buzib, biroq qatʼiy bir mantiqqa suyangan holda ramzlashadi va tushda aks etadi.

Imom Gʻazzoliy tush haqida gapirar ekan, asosan, Qurʼoni Karim va Hadisi Sharifga suyanadi. “Solih va sodiq kishilarning tushlari, – deb yozadi u, – rost tushdir. Yolgʻonchi kimsaning tushi aloq-chaloq, qoʻrqinchli va yolgʻon tushdir. Fasod va gunohga botgan kishilarning qalbi ham qorayib ketadi. Shubhasiz, bunday kishilarning koʻrgan tushlari ham xatarlidir”.[42]

Imom Gʻazzoliy tushni juda nozik tushunadi. Uning: “Tush va uyqu olamida gʻaybni bilmak janobi Haqning sanʼati ajoyibotlaridandir, odam oʻgʻli fitratining gʻaroyibotlaridandir”,[43] – deya tushga bergan bahosi nihoyatda qadrli. Bu baho tushga aniq va toʻgʻri bahodir. Maʼlumki, islomga qadar ham tushga gʻayb olamining bir moʻjizasi sifatida qarash mavjud boʻlgan. Tushga ruhlar va oʻzga olam bilan muloqot qilish vositasi sifatida yondashilgan. Bu tushning sirli, ilohiy ekanligi bilan ham izohlanadi.

 

Jabbor ESHONQUL

 

“Oʻzbek folklorida tush va uning badiiy talqini” (Toshkent, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Fan” nashriyoti, 2011) kitobidan

 


[1] Mahmud Koshgʻariy. Devonu lugʻotit turk. – Toshkent: Fan, 1960. T. III. – B.138.

[2] Yusuf Xos Hojib. Qutadgʻu bilig / Hozirgi oʻzbek tilida bayon qiluvchi va soʻzboshi muallifi Boqijon Toʻxliyev. – Toshkent: Yulduzcha, 1990. – B.128.

[3] Oʻsha manba. – B.129.

[4] Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. – Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, 2004. VIII jild. – B.685.

[5] Oʻzbek tilining izohli lugʻati. – M.: Rus tili, 1981. T. II. – B.236.

[6] Oʻzbek tilining izohli lugʻati. Besh jildlik. – Toshkent: Oʻzbekiston Milliy enseklopediyasi, 2008. Toʻrtinchi jild. – B.215.

[7] Oʻsha manba. – B.216.

[8] Boʻtayev Sh., Irisqulov A. Inglizcha – oʻzbekcha, oʻzbekcha – inglizcha lugʻat. – Toshkent: Fan, 2008. – B.163.

[9] Ögel Bahaeddin. Türk mitolojisi. II cilt. – Ankara: Türk Tarih kurumu, 1995. – S.75.

[10] Oʻsha asar. – B.75.

[11] Qarang: Isomiddinov F. Shayx Sanʼon haqidagi qissalarning qiyosiy tahlili (Farididdin Attor va Alisher Navoiy asarlari asosida). Filol. fanlari nomzodi…. diss. avtoref. – Toshkent, 2001. – B.11.

[12] Mirza Muxammad Xaydar. Tarix-i Rashidi. – Tashkent: Fan, 1996. – S.44 – 45; Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. – Toshkent: Choʻlpon, 1990.

[13] Amir Temur hayotidagi ajoyib voqealar va uning gʻaroyib tushlari // Sirli olam. –Toshkent, 1991. -№8. – B.47 – 49.

[14] Sultonov X. Boburning tushlari // Saodat sohili. – Toshkent: Adabiyot va sanʼat, 2005. – B.153 – 164.

[15] Koʻrsatilgan manba. – B.154.

[16] Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. – B.75.

[17] Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. – B.108.

[18] Qudratullayev H.S. «Boburnoma»ning tarixiy-adabiy va uslubiy tahlili (Navoiy, Bobur, Xondamir va Vosifiy nasrining qiyosiy tahlili asosida): Filol. fanlari doktori… diss. avtoref. – Toshkent, 1998. – B.22.

[19] Taylor E. B. Pervobiʼtnaya kultura. – M.: Politizdat, 1989. – S.91 – 119.

[20] Günay U. Aşık Tarzı Şiir Geleneği ve ya Motifi. – Ankara: Akçağ yayınları, 1999. – S.94.

[21] Inan Abdulkadir.Tarihte ve bugun şamanizm. – Ankara: Türk Tarih kurumu basimevi, 1972. –S.1–159; Alekseev N.A. Shamanizm tyurkoyaziʼchniʼx narodov Sibiri. – Novosibirsk: Nauka, 1984. – S.98 – 142; Tokarev S.A. Ranniye formiʼ religii. – M.: Politizdat, 1990. – S.266 – 290.

[22] Alpomish. Doston / Aytuvchi Fozil Yoʻldosh oʻgʻli. Nashrga tayyorlovchilar H. Zarifov va T. Mirzayev. – Toshkent: Sharq, 1998. – B.99 – 100.

[23] Toʻxliyev B. Qadimgi turkiy adabiyotning bir namunasi va uning tarjimasi // Adabiy meros. – Toshkent, 1983. -№ 4 (28). – B.70 – 79.

[24] Irq bitigi – Taʼbirnoma // Qadimgi hikmatlar. – Toshkent: Adabiyot va sanʼat, 1987. –B.47 – 61.

[25] Rahmonov N. Ruhiyatda nur murodi. – Toshkent: Xalq merosi, 2002; Arat R. Eski Tük Şiiri. – Ankara: TDK yayini, 1986.

[26] Rahmonov N. Irq bitigi va qadimgi turkiylar / Ilmiy toʻplam // Adabiyot koʻzgusi. – Toshkent, 1996. -№2. – B.94 – 107.

[27] Qurʼoni Karim. Oʻzbekcha izohli tarjima / Tarjima va izohlar muallifi Alouddin Mansur. – Toshkent: Choʻlpon, 1992. – B.414 – 415.

[28] Qurʼoni Karim. – B.197 – 210, 414, 415, 489, 490.

[29] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Hadis. – Toshkent: Qomuslar bosh tahririyati, 1992. IV- tom. – B.354 – 376.

[30] Uludağ Sűleyman. Tasavvuf Terimleri Sözlűgű. – İstanbul: Marifet yayini, 1991. – S.443.

[31] Qurʼoni Karim. – B.489.

[32] Qurʼoni Karim. – B.672.

[33] Qurʼoni Karim. – B.98.

[34] Qurʼoni Karim. – B.202 – 203.

[35] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Hadis. – Toshkent: Qomuslar bosh tahririyati, 1992. IV kitob. – B.354 – 395.

[36] Oʻsha manba.

[37] Husayn ibn Ibrohim Muhammad at-Taflisiy. Mukammal tush taʼbirlari / Forsiydan tarix fanlari doktori Mahmud Hasaniy tarjimasi. – Toshkent: Movarounnahr, 2008. – B.13 – 29.

[38] Qurʼoni Karim. – B.4I4 – 4I5.

[39] Husayn ibn Ibrohim Muhammad at-Taflisiy. Mukammal tush taʼbirlari / Forsiydan tarix fanlari doktori Mahmud Hasaniy tarjimasi. – Toshkent: Movarounnahr, 2008. – B.30.

[40] Nablûsi İmam. İslami rüya tabirleri ansiklopedisi. – İstanbul: Cumle yayinleri, 1996. – S.59 – 63.

[41] Qarang: Alisher Navoiy. Nasoyim ul-muhabbat. Mukammal asarlar toʻplami. – Toshkent: Fan, 2001. – B.264.

[42] İmam Gazalî. İhyâ u ΄Ulûmi`d-din (Terc. A.Serdaroglu). Cild I. – İstanbul: Bedir yayinleri, 1975. – S.1066.

[43] İmam Gazalî. – S.1066.

 

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tush-haqidagi-mifologik-qarashlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x