Har bir odam oʻziga xos sirli olam boʻlgani bois oʻzi uchun ham, boshqalar uchun ham hamisha jumboqdir. Odam aql-idrok darajasi, ijtimoiy mavqei, hayotiy tajribasining koʻp-ozligidan qatʼi nazar, adashadi, xato qiladi, yanglishadi va shu jarayonda asta-sekinlik bilan oʻzini va tevarak-atrofidagi olamni anglab boradi. Kishining har bir xatosi unga avval sezmagan, payqamagan, eʼtibor qilmagan haqiqatlarini ayon etadi. Odam boshqa paytda emas, aynan xato qilganida, yanglishganida uning hayoti boshqalar bilan benihoya bogʻliqligini koʻproq his qiladi va turmush juda chigal, murakkab jumboq ekanini anglay boshlaydi. Bu jarayon bir umr – soʻnggi nafasgacha davom etadi. Adabiy asarlarda azaldan shu xususda soʻz yuritiladi. Ularda inson hayoti bilan bogʻliq turli muammolarga eʼtibor qaratiladi. Bu jihatdan sanʼatning boshqa biror turi adabiyot bilan tenglasholmaydi. Unda insonning oʻtmishi eslatilib, buguni gavdalantiriladi, kelajak toʻgʻrisidagi orzu-xayollari, oʻy-kechinmalari ifodalanadi. Badiiy asarlarda, jumladan, qahramonlarning tushida kechgan hodisalar ham naql qilinadi. Tushlar esa inson hayotida oʻziga xos oʻrin tutadi. Ularda odamning koʻrgan-kechirganlari, xayol-tasavvuri, oʻy-kechinmalari gʻaroyib tarzda uygʻunlashadi. Odam oʻngida koʻrganlarini tahlil qilib, boshqalarga tushuntira oladi. Lekin hech kim tushida koʻrganlarini boshqalarga toʻliq maʼlum qilolmaydi. Tushda koʻrganlarni anglash, tushuntirish emas, toʻliq eslolmaslikning oʻzi ham kishini mushkul ahvolga soladi. Shuning uchun Mavlono Jaloliddin Rumiy:
Oʻz tushin taʼbirin bilmas kishi,
Oʻzgalar taʼbiri birla ne ishi, –
deydi. (Mavlono Jaloliddin Rumiy. Masnaviyi maʼnaviy. Beshinchi kitob. Forsiydan Jamol Kamol tarjimasi. – Tehron: “Al-Xudo” xalqaro nashriyoti, 2004. – 400 b. – 181-bet.)
Tush oqar suvday toʻxtamasdan oʻtib ketadi. Suvni esa iziga qaytarib boʻlmaydi. Oʻngida koʻrgan, eshitgani odamning xotirasiga ozroq boʻlsa-da, oʻrnashib qoladi. Lekin tushidagisi toʻgʻrisida bunday deb boʻlmaydi. Ular tezda esdan chiqadi. Kishi diqqatini jamlashga har qancha uringanida ham tushida koʻrganlarini xotirasida toʻliq tiklolmaydi. Lekin ular xayol oynasida kutilmaganda paydo boʻladi va gʻoyat tezlik bilan sirli tarzda yoʻqlik qaʼriga singib ketadi. Balki shuning uchundir tushdagi hodisalarni xuddi turmushdagi voqealar singari tahlil, taftish qilishga odamning qurbi, aqli yetmaydi. Ammo har bir kishining turmushi tushida koʻrganlari bilan qandaydir tarzda bogʻliq kechadi. Bu haqiqatni his qilish, tush va hushyorlik holati oʻrtasidagi rishtalarni oʻzaro bogʻlashga odam koʻpincha ojizlik qiladi.
Tush, vaqt oʻlchamiga koʻra, kishi umrining arzimas ulushini tashkil etadi. Lekin unga eʼtibor qilmasdan inson oʻzi toʻgʻrisidagi asl haqiqatni bilib ololmaydi. Chunki haqiqat yombi kabi hech qachon yaxlit boʻlmaydi. Uni bilib olish uchun nafaqat katta, yirik hodisalar, balki mayda zarralarga ham diqqat qilish, oʻrganish talab etiladi. Shuning uchun haqiqatga osonlikcha erishib boʻlmaydi. Ayonki, har bir odam baʼzan koʻzi ochiq holida, aql-hushi joyida boʻlgan paytida ham oʻzining ayrim harakatlaridan taajjubga tushadi. Shunday ekan, kishi uxlaganida, miyasi dam olayotganida koʻrganlarini tushunmasdan ajablanishi tabiiy. Agar odam hamma narsani, ayniqsa, oʻzini osongina tushunib yetganida edi, hayot bunchalik qiziq boʻlmasdi. Har bir odam umr boʻyi oʻzini bilib-bilmay, tushunib-tushunmay yashaydi. Shu boisdan inson oʻzi uchun ham, boshqalar uchun tushuniksiz, mavhum, ayni chogʻda qiziqarli va gʻaroyib olam boʻlib qolaveradi. Insonning sirli, jumboq dunyosi shu bois ham fan, adabiyot, sanʼat uchun asosiy mavzu boʻlib keladi.
Maʼlumki, insonning hayoti ikki holat – uygʻoqlik va uyqu holatida kechadi. Inson uygʻoq holatida turli amaliy ish bilan shugʻullanib, borliqqa taʼsir koʻrsatadi. Aniqrogʻi, uni oʻz maqsadiga muvofiq tarzda oʻzgartirishga intiladi. Uning izlanish, harakat, urinishlari natijasida tevarak-atrofda muayyan yangilanishlar yuzaga keladi. Insonning uygʻoqlikdagi faoliyati borliqni oʻzlashtirish, uni oʻzgartirishga qaratiladi. Chunki uygʻoqligida har bir odam jismoniy va aqliy mehnat bilan shugʻullanadi. Uxlaganida esa uning jismoniy va aqliy faoliyati toʻxtaydi. Ammo u baʼzan tush koʻradi va unda turli harakatlar qiladi, xayoliga kelmagan hodisalarni boshidan kechiradi, har xil voqealarga guvoh boʻladi. Lekin tushidagi voqea-hodisalar uygʻoqlik holatidagi voqealarga koʻpincha unchalik oʻxshamaydi. Shuning uchun tush azaldan barchani qiziqtirib keladi. Ushbu jumboq turlicha talqin etiladi. Sharqu Gʻarbning ruhshunos olimlari, barcha davr faylasuflari tushni oʻrganish, tahlil qilish bilan shugʻullanadi. Ammo tushlar xususidagi sharh, izohlar juda joʻnligi bois hech kimni qanoatlantirmaydi. Masalan: “Tush – uyquda sodir boʻladigan subʼyektiv psixik hodisa. Fiziologik jihatdan tush bosh miya katta yarimsharlarining tormozlanmagan hujayralari faoliyati natijasidir. Chuqur uyqu paytida bosh miya poʻstloq qismining hujayralari butunlay tormozlanadi va bunda tush koʻrilmaydi. Bosh miya poʻstloq qismining ayrim boʻlaklari tormozlanmaganda shu joylar kuchsiz taʼsirlarga sezgir boʻladi. Shunda odam tush koʻradi. Tushda uyqudagi kishi aniq va tasvirli kechinmalarning shohidi boʻladi. Tushdagi voqealar bir-biriga bogʻliq, bir oz noaniq, hayajonli, afsonaviy tus oladi. Tush, asosan, tez kechadigan uyqu fazasidan uygʻonish vaqtida yoki undan soʻnggi bir necha daqiqa davomida roʻy beradi, kishi uni uzoq vaqt yodda saqlay olmaydi. Kishi sokin kechadagi uyqu fazasida ham tush koʻrishi mumkin. Ertalabki uygʻonish davrida tush, odatda, uzoq davom etadi (chunki bunda “tez kechadigan” uyqu vaqti uzoqroq boʻladi). Tushning xususiyati kishining nerv sistemasi tipiga, uning sogʻligʻiga, maʼlum davrdagi kechinmalariga bogʻliq” deyiladi. (Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 8-jild. – T.: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2004.704 b. – 685-bet.) Tabiiyki, tush toʻgʻrisidagi bunday ilmiy tavsiflar koʻp kuzatishlarga asoslanadi. Lekin ular tush hodisasining mohiyati toʻgʻrisida aniq tasavvur bermaydi. Tush hodisasining mavhum va sirliligi har bir odam oʻziga xos jumboq, uning tushi ham gʻoyat chigal labirint ekanligi, inson qalbida turli olamlar tutashishidan dalolat beradi. Insonda olamlar birlashgani bois u “koinot gultoji” deyiladi. Inson zaminga bandi, uning kundalik tashvishlariga asir boʻlgani holda, samoga intiladi, xayolida oy, yulduzlar bilan sirlashadi. Ehtimol, shu bois u oʻngida eplolmaydigan ishlarini tushida osonlik bilan amalga oshiradi. Tush hodisasi odamga u zamin va osmon tutashadigan makon ekaniga ishora etadi. Baʼzida odam guvohi boʻlgan voqealari avval tushida namoyon boʻlganini bilib qolishi, ayrim hollarda esa tushida koʻrgani oʻngida roʻy berganini his qilishi – bularning barchasi gʻayriixtiyoriy tarzda kechishi xuddi shuni bildiradi. Tushdagi voqealar koʻpincha kishining kundalik faoliyati bilan qandaydir tarzda bogʻlanadi va bu, albatta, xayoldan oʻtadi. Shu boisdan hech kim tushiga befarq boʻlolmaydi. “Tush – uyquda vujudga keladigan obrazlar, uyqu vaqtida koʻriladigan narsalar” boʻlgani uchun u kishining kayfiyati, faoliyatiga, albatta, oʻz taʼsirini oʻtkazadi. (Oʻzbek tilining izohli lugʻati. Ikki tomlik. 2-tom. – M.: “Rus tili” nashriyoti, 1981. – 715 b. – 236-bet.) Odam yaxshi tush koʻrsa ham, aksincha boʻlganida ham yaqin orada hayotida qandaydir hodisa yuz berishini ich-ichidan his etadi. Ana shu savqitabiiy holat uni oʻylantirib, tashvishga soladi. Badiiy asarlarda inson hayotini har tomonlama yoritish, uning obrazini toʻlaqonli koʻrsatish maqsadida qahramonlarning tushlari bayoniga muayyan oʻrin beriladi. Folklor namunalarida ham, yozma mumtoz asarlarda ham insonning tushi uning ichki kechinmalari, maqsad-intilishi, duch kelgan muammolari bilan bevosita bogʻliq holda kechishiga eʼtibor qaratiladi. Chunki tush har bir kishi hayotining uzviy qismi sanaladi. Tush motivi, tush epizodi jahon adabiyoti namunalarida ham, oʻzbek adiblari asarlari syujetida ham hajm jihatidan unchalik katta oʻrin egallamaydi. Lekin u qahramonlar xarakterini ochishda, ularning ruhiyatidagi ziddiyatli kurashni aks ettirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Tush epizodi va tush motivi inson hayotidagi mavjud hodisa sifatida dastlab ogʻzaki adabiyotda aks etgani, undan yozma adabiyotga oʻtgani barchaga ayon. Aksariyat ertak, dostonlarda syujet voqealari bevosita tushda kechgan voqealar orqali rivojlanadi. “Alpomish” dostoni bunga yorqin misol boʻla oladi. Ushbu dostonni ham, “Ramayana”, “Mahabhorat”, “Manas”, “Goʻroʻgʻli” singari xalq dostonlarini ham qahramonlarning tushisiz tasavvur etib boʻlmaydi. “Alpomish”da bir necha oʻrinda qahramonlarning tush koʻrganiga eʼtibor qaratiladi. Masalan, Alpomish, Barchin va Qorajonning bir paytda bir xil tush koʻrgani aytiladi. Dostonda koʻngli, ruhi, dunyoqarashi bir-biriga mos kishilar oʻrtasida uzviy bogʻliqlik, oʻzaro yaqinlik boʻlishi shu tarzda taʼkidlanadi. Xalq ogʻzaki ijodida, jumladan, dostonlarda tush motivi syujet halqalarini tutashtirishda asosiy nuqtalardan biri sanaladi.
“Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”, “Kuntugʻmish”, “Rustamxon” kabi dostonlarda tush motivi syujetni harakatlantiruvchi, unga dinamik tus beruvchi zaruriy unsur – katalizator vazifasini bajaradi. “Malikai Husnobod”, “Susambil” singari xalq ertaklarida ham tush motivi shunday mavqeda turadi. Adabiyotshunos Jabbor Eshonqulning “Folklor: obraz va talqin” monografiyasi, “Oʻzbek xalq dostonlarida tush motivining oʻrni va tasnifi”, “Oʻzbek ertaklarida tush motivi” maqolalarida bu xususda batafsil mulohaza yuritilib, tush motivi ertak, dostonlarning tarkibiy qismi ekanligi taʼkidlanadi.
Tush inson hayotining ajralmas, uzviy boʻlagi boʻlgani bois ertak, doston, romanlarda unga alohida eʼtibor qaratiladi. Chunki tushida har bir odam boshqa bir olamga tushib qoladi. Odam tushida koʻpincha oʻzini yuksak shon-shuhratga erishgan yoki tubanlik botqogʻiga botgan holda koʻradi va buning taʼsirida uning kayfiyati oʻz-oʻzidan oʻzgaradi. Kayfiyatning oʻzgarishi esa kishining faoliyatiga bevosita taʼsir oʻtkazadi. Odam tushidagi voqealarning maʼnosini, uning nimaga ishora ekanini aniq bilolmasa-da, lekin ularni butkul unutib ham yuborolmaydi. Tushida koʻrganlari har bir odamning ong ostida saqlanib qoladi. Bu xususda ulugʻ rus adibi Fyodor Dostoyevskiy shunday deydi: “Goho hech aqlga toʻgʻri kelmaydigan, gʻayritabiiy va gʻalati tushlar koʻradi odam; uygʻonib ularni aniq eslaymiz va shunday gʻalati narsadan juda hayron boʻlib qolamiz; tush koʻrgan paytingizda aqlingiz doim oʻzingizda boʻlganligini hamisha eslaysiz… Sizning tushingiz hech kurakda turmaydigan, boʻlmagʻur, aql bovar qilmaydigan voqealarga toʻla, lekin ayni paytda sizning aqlingiz bularni oʻzi xuddi shunday boʻlishi kerak bir narsaday qabul qiladi, nega shunday?.. Uyqudan uygʻonarkansiz va voqelik quchogʻiga qaytarkansiz, har safar siz uyqu bilan birga yana anglab boʻlmas bir narsani qoldirganligingizni qudratli bir hissiyot kuchi bilan sezasiz, nega? Siz hech aqlga toʻgʻri kelmagan narsalarni tush koʻrganligingizdan kulib qoʻyasiz, shu bilan birga, tushdagi mana shu aqlga toʻgʻri kelmaydigan narsalar hammasi qovushib, bir-biriga chatishib, qandaydir bir fikr hosil qilayotganligini payqaysiz, bu fikr oʻngingizdagi hayotingizga taalluqli boʻladi. Sizning hozirgi hayotingizning allaqanday bir ulushini tashkil qiladi, u sizning qalbingizda ilgari ham, hozir ham mavjud boʻladi; tushingiz sizga allaqanday bir yangi narsani, siz kutgan narsani bashorat qilganday boʻladi; siz qattiq taʼsirlanasiz, shodlanasiz yoki qaygʻuga botasiz, lekin bu oʻzi nimadan iborat, sizga qanday xabar keldi – bularning barini siz na anglay olasiz va na eslay olasiz”, deydi. (Dostoyevskiy F. M. Telba: Toʻrt qismdan iborat roman/ [Ibrohim Gʻafurov tarj.] – T.: Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1981. – 656 b. – 477–478-betlar.)
F. Dostoyevskiy oʻz asarlarida qahramonlarini turli vaziyat, kayfiyat, holatda koʻrsatish asosida har bir odamning botinida oʻz taftishchisi boʻlishi hamda u bilan doim bahs-munozara kechishi, ovozsiz, unsiz bu savol-javob jarayoni soʻnggi nafasgacha davom etishi, ichki munozara-soʻroq chogʻida odam oʻzining aslida kim ekanligidan, oz-moz boʻlsa-da, voqif boʻlishi, insonning oʻzidan qanoatlanmasligi va atrofdagilardan noroziligi aynan shu sirli jumboq bilan bogʻliqligini ochib beradi. Dostoyevskiy asarlarida inson har bir narsada, borliqdagi har bir harakatda mislsiz maʼno mavjudligini anglashi, uning butun hayoti ana shu maʼnoni izlashga, idrok etishga qaratilishi, shunda uning umri mazmun kasb etishi, aks holda, besamar kechishini taʼkidlaydi. A. Pushkin, N. Gogol, O. Balzak, L. Tolstoy singari ulugʻ adiblarning asarlari ham jahon adabiyotidagi noyob hodisalar sirasiga kiradi. Buni hech kim inkor qilmaydi. Chunki ularning asarlarida hayot hodisalari nihoyatda ishonarli tasvirlanib, kishilar obrazi juda jonli, hayotiy gavdalantiriladi. F. Dostoyevskiy esa “Yevgeniy Onegin”, “Taras Bulba”, “Insoniyat komediyasi”, “Urush va tinchlik” mualliflari kabi insonning hayotiy, jonli obrazini koʻrsatishning oʻzi bilan kifoyalanmaydi. U ana shu murakkab holatni ochib berish maqsadida inson qalbining qaʼrida kechadigan jarayonlarga, oʻz-oʻzi bilan savol-javob chogʻida ong-tafakkuri yorishib ketadigan lahzalarga eʼtibor qaratadi. Adib tush hodisasini ham nihoyatda nozik tahlil qiladi. U insonning oʻzini-oʻzi anglashi jarayonida tushida kechganlari muhim ahamiyat kasb etishini uqtiradi.
Tush jumbogʻi xuddi Dostoyevskiy taʼkidlaganidek, gʻaroyib ekanligini ushbu romanni oʻqiyotganda har bir odam chuqur anglaydi. Toʻgʻrirogʻi, oʻzida ham tushlari toʻgʻrisida shunday fikr boʻlgani, lekin roman bilan tanishganidan keyin buni anglaganini idrok etadi. Ulugʻ adib oʻz asarlarida shu tarzda odamlarning botinida turgan, lekin ilgʻanmaydigan tuygʻu, fikrlarni aniq-ravshan ifodalab beradi. Yozuvchining asarlari oʻquvchi uchun bamisoli botinini koʻrsatadigan koʻzguga aylanadi. U insonning turli kechinma, holatlarini, jumladan, tushini barcha adiblardan koʻra chuqurroq yoritadi. Shu boisdan mashhur faylasuf adabiyotshunos Mixail Baxtin: “Dostoyevskiy tushning deyarli barcha koʻrinish va nozik jihatlariga jiddiy eʼtibor qaratib, uning voqelikni badiiy aks ettirishdagi imkoniyatlaridan juda keng foydalangan. Dostoyevskiy asarlarida tush shu darajada koʻp va muhim oʻrin tutadiki, ehtimol, Yevropa adabiyotida boshqa bunday yozuvchi yoʻqdir. Raskolnikov, Svidrigaylov, Mishkin, Ippolit, oʻsmir, Verlov, Alyosha va Dmitriy Karamazovning tushlarini hamda bu tushlarning ushbu asarlar gʻoyaviy mazmunini ochishdagi rolini esga olaylik. Dostoyevskiy asarlarida qahramonlarning qoʻrqinchli tush koʻrgani koʻp tasvirlanadi”, deydi. (Baxtin M. M. Problemiʼ poetiki Dostoyevskogo. – M.: “Sovetskaya Rossiya”, 1979. – 320 s. – S. 172).
Kishining tushiga munosabatida ham uning tabiati, ichki dunyosi bilinadi. Besabr, hovliqma kishilar koʻpincha tushini boshqalarga bildirishga oshiqadi. Ular tushida koʻrganlari yoniga boshqa voqealarni ham qoʻshib-chatib aytaveradi. Bunday kishilar qoʻrqinchli tush koʻrsa, vahimaga tushib, atrofdagilarni bezovta qiladi. Koʻrgan tushiga yolgʻon gaplarni qoʻshib aytish esa gunoh sanaladi. Chunki yolgʻon aralashganda rost soʻz ham taʼsirsiz boʻlib qoladi. Shu bois “Yolgʻon soʻz rizqni qiyadi”, deyiladi. Rizqning kamayishiga sabab boʻladigan yolgʻon yaxshi tushning ham fayzini ketkazadi. Tushida koʻrganlariga yolgʻon soʻz qoʻshmasdan, eslaganicha aytish kishiga zarar keltirmaydi. Tushini boshqalarga maʼlum qilgandan koʻra, uni sir saqlash maqbul sanaladi. Chunki Abu Homid Gʻazzoliy: “Paygʻambar alayhissalom aytdilar: “Kishi tushida otasidan boshqasini koʻrib, otamni koʻrdim, deb daʼvo qilishi, koʻrmagan narsasini koʻrdim yoki aytmagan narsasini aytdim, deyishi ulkan yolgʻondir” (Buxoriy rivoyati). Yana shunday mazmunda hadis bor: “Kimki yolgʻon tush aytsa, qiyomat kunida hech qachon bir-biriga tugilmaydigan ikki qilni tugish vazifasi unga yuklanadi” (Buxoriy rivoyati)”, deydi. (Abu Homid Gʻazzoliy. Til ofatlari kitobi. – Toshkent: – “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2011. – 156 b. – 89-bet.) Ogʻir, vazmin kishilar oʻngida koʻrgan voqealarini ham, tushida kechgan hodisalarni ham iloji boricha boshqalarga bildirmaydi. Ular tushini koʻpincha hech kimga aytmaydi va tezda unutib yuboradi. Agar kishi tushini eslaganicha boshqalarga aytsa, u xotirasida nisbatan uzoqroq saqlanadi. Chunki aytayotganida tushidagi ayrim oʻrinlar xayol-tasavvurda koʻrinib, miyaga mustahkamroq oʻrnashadi. “Oʻtkan kunlar” qahramoni tabiatan ogʻir, vazmin boʻlgani bois uyqusidan choʻchib uygʻongan, yuragi gup-gup urib bezovtalangan boʻlsa-da, hech kimga bu xususda ogʻiz ochmaydi. U shuning uchun ham qoʻrqinchli tushini tezda esidan chiqaradi. Qolaversa, Otabek islomiy tarbiya koʻrgani bois noxush tush koʻrganini maʼlum qilmaydi. Chunki musulmonchilikda yaxshi tush Ollohning inoyati ekani, kishi buning uchun yaratganga shukrona aytib, tushini boshqalarga bildirishi, mahzun qiladigan tush shaytondanligi, shunday tush koʻrganida parvardigordan panoh tilab, uni oʻzgalarga maʼlum qilmasligi maʼqul koʻriladi.
Tushdagi voqealar mavhum, gʻira-shira koʻrinishda boʻlsa-da, ular F. Dostoyevskiy taʼkidlaganidek, kishining turmushida kechgan va kechadigan voqealarga qandaydir tarzda bogʻlanadi. Lekin bu aloqadorlikni kishi oʻsha paytda emas, keyinchalik payqaydi. Tushda kechgan voqealar daqiqalar oʻtishi bilan xotira qaʼriga shoʻngʻib ketadi. Shuning uchun Otabek uyqudan turganida tushida koʻrganlarini toʻliq eslolmaydi.
Odam tushida koʻrganlarini emas, oʻngida kechganlari, oʻzining oʻy-kechinmalarini ham soʻzma-soʻz, aynan aytib berolmaydi. Kishi koʻrgan-kechirgan, guvohi boʻlgan, oʻylaganlarini soʻzlab berayotganida, albatta, talaygina muhim jihatlarni unutib qoldiradi. Lekin odamning oʻngida koʻrganlari ham, tushida kechganlari ham shu boʻyicha qolib ketmaydi. Ular dafʼatan kutilmaganda xotira qaʼridan yuzaga qalqib chiqadi. Shunda kishi beixtiyor hayratga tushadi, bir zum ajablanib qoladi va oʻzining oʻzi uchun jumboq ekanligini, bir zumga boʻlsa-da, his etadi. Afsuski, odam oʻzining bunday holatiga unchalik eʼtibor bermaydi. Chunki bu insonning ruhiga bogʻliq jumboq. Ruhning siriga esa mushohada bilan yetib boʻlmaydi. Tush hodisasi kishining ruhi hamda turmushi bilan bogʻlanadi.
Inson tabiatining ushbu jumbogʻi xususida Fyodor Dostoyevskiy “Inson kallasida tugʻiladigan har qanday daho gʻoyada yoki fikrda boshqa odamlarga anglatib, yetkazib boʻlmaydigan, jild-jild asarlar va sharhlar yozib, oʻttiz besh yil tushuntirishga harakat qilib ham anglatib boʻlmaydigan allanima qolib ketadi; miyangizda aslo chetga chiqishni istamagan allanima doim qoladi, abadiy sizdan ajralmaydi”, deydi. (Dostoyevskiy F. M. Telba: 415-bet)
Aslida Xudo bandalarini hamma narsadan ogoh qiladi. Afsuski, odamzod turli tarzda bildiriladigan ishoralarni sezmay, eʼtiborsiz qoldiradi. Odam tushidagi ogohlantirishlarga aksariyat hollarda beparvo qaraydi. Bu uning ramzlar maʼnosini anglamasligidan kelib chiqadi. Ilohiy kitoblarda tushda koʻringan ramz, ishoralarni anglash inson hayotida muhim ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlanadi. “Qurʼon” da Ollohning paygʻambari Yusufning boshidan kechirganlari naql qilinib, u “eng goʻzal qissa” deb taʼriflanadi. Ushbu qissada Yusuf ibn Yaʼqub Misr mamlakati podshosining tushini taʼbir qilib, xalqni kelgusida roʻy beradigan ocharchilik balosidan saqlab qolgani bayon etiladi. Qissada Yusufning qismati nima uchun shunday chigal kechgani xususida ham izoh beriladi. Yaʼni “Yusufni – unga barcha tushlarning taʼbirini bildirish uchun, – oʻsha yerga (Misr hokimining uyiga) joylashtirib qoʻydik. Olloh oʻz ishida gʻolibdir (Yaʼni Uni Oʻzi xohlagan ishni qilishdan hech kim man qila olmaydi)” deyiladi (12-sura, 21-oyat). Yusuf Olloh unga ato etgan ilohiy ilm tufayli tushlardagi belgi, ramzlar maʼnosini aniq anglaydi va ularni toʻgʻri taʼbir qiladi. Tushda kishining boshidan kechirganlari va xayol-orzulari birikib ketadi va ular mantiqqa nomuvofiq, aql bilan tushunib yetish mushkul gʻaroyib manzara hosil qiladi. Unda namoyon boʻlgan ramz, belgilar nimaga daxldorligi, nimaga ishora ekanligini har qancha bosh qotirganda ham tushunib, idrok etib boʻlmaydi. Shuning uchun ham F. Dostoyevskiy “tushingiz sizga allaqanday bir yangi narsani, siz kutgan narsani bashorat qilganday boʻladi; siz qattiq taʼsirlanasiz, shodlanasiz yoki qaygʻuga botasiz, lekin oʻzi bu nimadan iborat, sizga qanday xabar keladi – bularning barini na anglay olasiz va na eslaysiz”, deydi. Yusuf alayhissalomning tushlarni taʼbir etishidan ayon boʻladiki, Olloh bandalariga hamisha behad mehribonlik qiladi va ularga turli ramz, ishoralar orqali toʻgʻri yoʻlni koʻrsatadi. Ammo muammoni qanday hal qilishni har bir kishining oʻziga qoldiradi. Chunki u odamlarga aql quvvatini berib qoʻygan. Afsuski, kishilar oʻzlariga berilgan juda koʻp imkoniyatlardan kerakli oʻrinda foydalanisholmaydi. Jumladan, oʻzlaridagi aql quvvatini ham yetarlicha ishga solisholmaydi. Odamlar vaqti va aqliy-ruhiy quvvatini koʻproq nafsini lazzatlantirish uchun uvol qilishadi. Ular tevarak-atrofdagi voqealardan ibrat olmasligi, eshitgan, bilgan, guvohi boʻlgan hodisalardan oʻzi uchun kerakli xulosa chiqarolmasligi bois maʼnaviy-ruhiy kamolotga erisholmaydi. Har bir odamning yon-verida esa uni haq yoʻlga daʼvat etadigan, falokat, ofatlardan saqlaydigan juda koʻp ramz, ishoralar turadi.
Tush – joʻn hodisa emas. U inson tabiatidagi gʻoyatda gʻaroyib jumboq boʻlib, uning sir-sinoatlarini “ikki karra ikki toʻrt” degan tarzda tushuntirib, sharhlab boʻlmaydi. U kishining maʼnaviy-ruhiy olami, dunyoqarashi toʻgʻrisida muayyan tasavvur beradi. Chunki tushida kishining ruhiy va jismoniy hissiyot, kechinmalari aks etadi. Kishi tushida koʻpincha oʻzini ojiz holda koʻradi. Otabek ham tushidan oʻzini “darmonsizlangan va xanjari qoʻlidan tushgan” holda koʻrib, choʻchib uygʻonadi. Hayotda esa har bir odam oʻzini hamma narsaga qudrati yetadigan kabi tutadi, arzimas muvaffaqiyatidan behad gʻururlanib yuradi, barchadan oʻzini ustun, deb biladi. Otabek – katta amaldor, davlatmand kishining yakkayu yagona farzandi. U savdo ishlari bilan koʻp yurt kezgan. Shu bois u eng mushkul, tahlikali vaziyatlarda ham oʻzini dadil tutadi. Hayoti xavf ostida turganida ham oʻzini yoʻqotib qoʻymaydi. Qahri qattiq, zolim amaldorlardan aslo choʻchimaydi. Ularga boʻyin egmasdan tengma-teng turib soʻzlashadi. Lekin har qancha dovyurak, dadil boʻlsa-da, tushida qoʻrqadi, oʻzining nochorligidan iztirobga tushadi. Barcha dinlarda takabburlik insonlikka nomunosib illat ekani taʼkidlanadi. Chunki insoniyat azaldan tabiatidagi ayni shu illat tufaylidan aziyat chekadi. Odam ilohiy mavjudot boʻlgani bois uning botinida turfa hodisalar, sirli jumboqlar yashirin turadi. Olloh odamning oʻziga va olamga tegishli koʻp sirlarni pinhon tutadi. Odam koʻpincha sahar paytida tush koʻradi. Sahar esa eng qutlugʻ vaqt sanaladi. Saharda kun tun ustidan gʻolib keladi. Bu paytda jamiki jonivorlar kunni olqishlab, ovoz beradi: xoʻroz qichqirib, chumchuqlar chugʻurlay boshlaydi, qaldirgʻoch valfajr aytadi. Dov-daraxtlar ham sahar arafasida barg chiqarib, gullaydi. Sahar yeru koinotda hayot davom etayotganidan darak beradi. Shu boisdan barcha dinlarda tongda turib, ibodat qilish buyuriladi.
Sahar vaqtning alohida bir boʻlagidir. Bu paytda tun chekinib, kun boshlanadi. Olamga intiqligidan sargʻaygan quyosh asta-sekin chiqib keladi. Borliqda hayot qaytadan jonlanadi. Saharda jamiki jonzotga rizq ulashiladi. Shayx Farididdin Attor bu xususida shunday deydi:
Kelur rizqim mening subhu azaldin,
Qutuldim bir yoʻla hirsu xabardin…
Oʻzing ye oʻz gʻamingni, boʻlma gʻofil,
Birov yermi gʻamingni, oʻyla, oxir…
Magar bilmasmisan, tong tunni oʻrtar,
Seni uxloq koʻrib yoqangni yirtar.
Va andin, qoʻrqamen, bedor boʻlur sen,
Kiyimsiz, qip-yalangʻoch, xor boʻlursan…
Har bir odam uygʻoqligida – oʻngida kechgan voqealardan hamda uxlaganida – tushida koʻrgan hodisalardan, albatta, taʼsirlanadi. Aniqki, uygʻoqligida koʻrganlari kishiga koʻproq taʼsir etadi. Ammo bundan tushda kechganlari odam uchun unchalik ahamiyatli sanalmaydi, degan xulosa chiqmaydi. Tushda kechganlari koʻpincha kishining hayotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Lekin bu birdaniga sezilmaydi. Tushda koʻringan hodisalar sekinlik bilan voqelikka aylanadi. “Qurʼon”da Yusuf alayhissalomning tushda koʻrganlari qirq yildan soʻng amalga oshgani aytiladi(12: 100). Bu insonning tushi – gʻayb siri ekanligi, unda Ollohning hikmati yashirinligini bildiradi.
Kishiga tushida u uygʻoqligida qilgan ishlarga qatʼiy baho beriladi va kelgusidagi hodisalardan ogoh etiladi. Shu boisdan Shekspir qahramoni Otello: “Tush boʻlsa ham bir gaplardan xabar beradi” deydi. (Shekspir V. Saylanma. Uch jildlik. 2-jild. – T.: “Fan”, 2008. – 654 b. – 247-bet.) Ana shu mavhum xabar odamni qoʻrquvga soladi. Odam har qanday ish, yumushning mashaqqatlarini boshiga tushgachgina his qiladi. Kishi issiq-sovuqning qadrini, ochlik, kasallik azobini ularga duch kelgan paytida chinakamiga sezadi.
Tushlar kishilarning aqliy, ruhiy, maʼnaviy, ijtimoiy darajasi, intilishi, faoliyatiga muvofiq kechadi. “Koʻpincha tushlarimga buyuk shaxslar kiradi, – deydi ulugʻ adib Chingiz Aytmatov. – Ular bilan hech qachon uchrashmagan boʻlsam-da, ammo tasavvurga egaman. Baʼzan birorta tirik jonga aytmay yurgan sirlarimni ularga aytib qoʻyaman.” (Aytmatov Ch., Shoxonov M. Choʻqqida qolgan ovchining ohu zori: (Asr adogʻida aytilgan istigʻfor). – Toshkent: “Sharq”, 1998. – 432 b. – 57-bet.)
Hayotda hech bir hodisa oʻz-oʻzicha roʻy bermaydi. Har qanday voqea zaminida nimadir yotadi. Jumladan, tushlar ham muayyan zaminga asoslanadi. Tushda koʻringan hodisalar zamirida, albatta, oʻziga xos sabablar turadi. Odil Yoqubovning “Koʻhna dunyo” romanida Sulton Mahmudning qoʻrqinchli tushlar koʻrishi haqida soʻz boradi. Jumladan: “Mana, bu dardi bedavoga giriftor boʻlganiga bir necha oy boʻldi, shundan beri koʻngli notinch, joni behalovat, kechalari yomon tushlar koʻrib, vahima bosadi. Nechundir ezgu ishlari, qurgan qasrlari, yaratgan bogʻlari, barpo qilgan machit va maqbaralari emas, janglar suroni-yu otlar dupuri, kesilgan boshlar, dorda chayqalgan murdalar, yongʻinda qolgan shaharlar yodiga tushadi. Miyasida ilgari hech qachon oʻylamagan yomon oʻylar charx uradi” deyiladi. (Yoqubov O. Koʻhna dunyo: Roman. – Toshkent: Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1983. – 336 b. – 40-bet.) Odil Yoqubov ushbu romanida kishilarga qilingan har qanday zulm, zoʻravonlik izsiz ketmasligi, zolim, kim boʻlishidan qatʼi nazar, oʻz qilmishlari uchun, albatta, jazoga tortilishiga ishora qiladi.
Tushlarni har kim oʻz hayot tajribasi, tushuncha, dunyoqarashi asosida talqin qiladi. Chunki ularda hech bir narsa aniq aytilmaydi. Tushlardagi ana shu mavhumlik koʻngilga hadik soladi, sohibini iztirobga qoʻyadi. Sulton Mahmud ham tushlari nimaga ishora ekanini bilolmaganidan xavotirga tushadi. Shundan uning “miyasida ilgari hech qachon oʻylamagan yomon oʻylar charx uradi”.
Odam oʻzini majburlab uxlashi yoki uxlamasligi, ovqatlanishi yoki suv ichmasligi mumkin. Lekin hech kim hoxlagan paytida tush koʻrib, istamaganida tush koʻrmaslikning uddasidan chiqolmaydi. Chunki tush koʻrish-koʻrmaslik odamning xohish-irodasiga bogʻliq hodisa emas. Bu ruhiy-jismoniy jarayonni aql, iroda kuchi bilan tartibga tushirib, boshqarib boʻlmaydi. Shuning uchun odam tushida qoʻrqib yoki hayajonlanib ketganida bosinqirab, hech kimga bildirmagan ichki sirlarini aytib qoʻyadi. Masalan, jinoyatchilarning kirdikorlarini ochish uchun ularning asab hujayralariga taʼsir etadigan turli dorilar, oʻtkir spirtli ichimliklar, nasha, koʻknori, yolgʻonni fosh qiluvchi detektorlardan foydalaniladi. Lekin bu usullar har doim ham kutilgan natijani bermaydi. Ammo har jihatdan baquvvat, asablari obdon chiniqqan josuslar ham tushida alahsirab, oʻzining kimligi, asl maqsadini oshkor etib qoʻyadi. Ayrim badiiy asarlarda tushning mana shunday gʻaroyib jihatiga eʼtibor qaratiladi. Shuning uchun Fyodor Dostoyevskiy: “Kishi besaru samon boʻlib ezilib yurgan chogʻlarda uning koʻradigan tushlari ham koʻpincha behad qavargan, tiniqlashgan va xuddi oʻngida koʻrganga oʻxshagan boʻladi. Gohida odamning tushda koʻrgan narsalari favqulodda juda dahshatli boʻlib tuyuladi. Lekin tushdagi muhit va kechayotgan jarayonlar shu qadar ishonsa boʻladigan, umumiy manzaraga mos, uni badiiy jihatdan toʻldiradigan nozik tafsilotlarga ega boʻladiki, ularni oʻngida shu tush koʻrgan odamning oʻzi ham, u boringki, Pushkin yoki Turgenev singari sanʼatkor boʻlgan chogʻida ham toʻqib chiqara bilmasdi. Shunday tushlar, juda uzoq vaqtlar esda qoladi va jismi uryon, oʻzi bir holi sar boʻlib yurgan odamga juda qattiq taʼsir qiladi”, deydi va Raskolnikov koʻrgan qoʻrqinchli tushni bayon etadi. (Dostoyevskiy F. M. “Jinoyat va jazo”: Roman, I. Gʻafurov tarj. – T.; Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1977. – 664 b. – 69-bet.) Ushbu tush tafsilotlari romanda olti sahifani egallaydi.
Qotillik qilishi arafasida halovatidan ayrilgan Raskolnikov tushida yetti yoshlik paytini, oʻzi tugʻilgan shaharchani, bayram kuni kechqurun otasi bilan shahar chekkasiga sayilga borganini eslaydi, qovoqxona oldida mast-alast odamlarning baqir-chaqir qilayotgani, kattakon aravani tortolmayotgan qirchangʻi otni, aravaga koʻp odamlar chiqib olganini, egasi va boshqa odamlar aravani joyidan qoʻzgʻotishga kuchi yetmayotgan oriq, kichkina otni ayamay savalashayotganini, mastligidan quturib ketgan egasi otni qamchi bilan urgani kamlik qilganday shoti bilan ura boshlaganini, atrofdagilar bu tomoshadan maza qilib kulganini, Raskolnikov oʻzini otning yonida yigʻlab yugurib borayotganini, otning naq koʻziga qamchi tushurishayotganini koʻradi va otga achinganidan yigʻlab, “yuragi qinidan chiqib ketgudek boʻladi, koʻz yoshlari quyulib keladi. Otni qamchilayotganlardan birining qamchisi uning yuziga” tegib ketadi; lekin u buni sezmaydi, u qoʻllarini qarsillatib sindiradi, baqiradi, soch-soqollari oppoq oqarib ketgan choldan najot istab chopadi, qariya boshini chayqaydi, bularning bari unga yoqmaydi, uni dilgir qiladi”. Mast-alast kishilar aravani tortolmay yiqilgan oriq otni qoʻllariga ilingan narsa: tosh, tayoq, qamchi, shoti bilan urib oʻldirishganida Raskolnikov dodlaganicha saman otning oldiga borib, uning jonsiz, qonga belanib yotgan boshini quchoqlab oʻpadi, koʻzlaridan, lablaridan oʻpadi… Keyin kutilmaganda oʻrnidan sakrab turib, gʻazab bilan mushtchalarini koʻtarib otning egasiga tashlanadi. Shu on anchadan beri uning orqasidan quvib yurgan otasi ushlab olib, odamlar orasidan olib chiqib ketadi”. Raskolnikov odamlar nega otni oʻldirishdi, deb yigʻlaydi. Nafasi tiqilganidan boshqa soʻz aytolmaydi. “Baqirmoqchi boʻladi va uygʻonib ketadi”. Raskolnikov qoʻrqinchli tush koʻrgach, oʻzining. rejalashtirgan ishi – sudxoʻr kampirni oʻldirishi bemaʼnilik ekanini anglab yetadi. “Yo rabbim! Nahotki, nahotki men rostdan ham qoʻlimga bolta olib, uning kallasiga ursam, miyasini majaqlab tashlasam… Shilimshiq, issiq qon ichida kechib yursam, qulfni buzsam, oʻgʻirlik qilsam, qoʻrqib-pusib, biqinsam; boshdan-oyoq qonga belangancha… qoʻlimda bolta bilan yashirinsam… Yo rabbim, nahotki?” deb iztirobga tushadi. Romanda Raskolnikovning mudhish jinoyatga qoʻl urish arafasidagi azobli oʻylari batafsil bayon etiladi va uning qay tarzda qotillik qilgani koʻrsatiladi. Oʻquvchi Raskolnikovni niyati, maqsadi jinoyatchi qotilga aylantirganini his qiladi va niyatda gap koʻpligi, maqsadda hikmat borligi, ota-bobolarimiz yaxshi niyat qilish kerakligini bejiz aytishmaganini koʻnglidan oʻtkazadi.
Tushlar koʻpincha kishini oʻtganlarni eslashga undaydi. Ularda kishining boshidan oʻtgan voqealari, yaqin odamlari qiyofasi, tasodifan duch kelgan kishilarning holati koʻrinadi. Bu paytda xotiralar shabadada mavjlangan koʻl yuzidagi toʻlqinlar singari bir-biriga ulanib ketaveradi. Tugamaydigan tuyuladigan manzara, koʻrinishlar, dilga xush yoqadigan yoki xavotirga soladigan voqealar, afsuski, oxiriga yetmasdan shart uziladi. Gʻaroyibligi shundaki, bu koʻpincha tashqi taʼsir tufayli yuz beradi. Yaʼni kishi kutilmaganda nimadandir choʻchib, bexosdan uygʻonib ketadi. Bunday tushlar qarama-qarshi fikrlar uygʻotib, kishiga hayotning u avval eʼtibor qilmagan haqiqatlarini ochib beradi. Koʻngil tubidan yorishib chiqadigan bu fikr taʼsirida odam oʻtgan voqealarni qayta oʻylab koʻradi va xatolarini anglaydi. Lekin ularni oshkora tan olgisi kelmaydi. Sulton Mahmud Gʻaznaviy, Abdullatifning holatida har kimda mavjud ana shu ojizlik koʻrinadi. “Koʻhna dunyo”, “Ulugʻbek xazinasi” qahramonlari algʻov-dalgʻov tushlari tufayli xatolarini tushunib yetadi va oʻzini kechirolmay, iztirobga tushadi.
Marhumlar tushga bejiz kirmaydi. Chunki har birimizning hayotimiz tiriklar va marhumlarga bogʻliq tarzda kechadi. Biz istasak-istamasak, har doim marhumlarni eslaymiz. Ularning feʼl-atvoridagi turli jihatlarni oʻzimizcha muhokama qilamiz. Marhumlar har birimizning hayotimizda hamisha muayyan oʻrin egallaydi. Shuning uchun ertak, dostonlarda ham, yozma adabiyot namunalarida ham tiriklarning tushiga marhumlar koʻringani toʻgʻrisida soʻz yuritiladi. Chunki haqiqatan hayotda shunday hodisalar sodir boʻladi. Xudo tiriklarga marhumlar ruhi orqali xushxabar yetkazadi yoki tavba qilib, yomon ishlardan tiyilishiga ishora qiladi. Odamlarga tushida ham yuz berishi kutilayotgan hodisalar ochiq-oshkora bildirilmaydi. Chunki Olloh odamga tevarak-atrofidagi hodisalardan ibrat olib, mushohada yuritishi uchun aql-idrok berib qoʻyibdi. Yaratuvchi shu bois odamning oʻziga va olamga tegishli koʻp sirlarni pinhon tutadi. Boʻlgʻusi voqealar odamlarga oʻngida va tushida aniq-ravshan bilinganida hayot juda silliq, bir meʼyorda kechgan boʻlardi, kishilar hech qanday tashvish, muammoga duch kelmasdi. Agar shunday boʻlganida hayot yakrang tus olib, u juda zerikarli boʻlib qolardi. Hayot qiziq, gʻaroyib kechishi uchun ham kelgusida kutilayotgan hodisalar ochiq-oshkora emas, juda nozik ishoralar, turli ramzlar orqali maʼlum qilinadi. Kishilar bu ishora, ramzlarni koʻpincha voqealar boʻlib oʻtganidan keyingina payqashadi va ularga eʼtibor berishmaganidan pushaymon boʻlishadi.
Odamga tevarak-atrofidagi koʻp narsalar joʻn va arzimasday tuyuladi. Lekin aynan oʻsha narsalarning qatida koʻp sir-sinoat yashirin turadi. Ular hayotning avval maʼlum boʻlmagan haqiqat, hikmatlarini anglashga ochqich ekanligi kutilmagan bir tasodif tufayli ayon boʻladi. Oʻshanda kishi eʼtibor qilmaganlari ham qadrli ekanligi, hayotda ham har bir narsa eʼzozlashga loyiq ekanligi xususida oʻylanib qoladi. Sulton Mahmud Gʻaznaviyni ham, Abdullatifni ham nohaq qurbon boʻlganlarning ruhi bezovta qiladi. Ularning har ikkalasi odamlarning hayoti bilan oʻynashayotgani haqida koʻp-da oʻylashmagan. Boshqalarni nazar-pisand qilishmagan. Odil Yoqubov “Koʻhna dunyo” romanida Boʻtakoʻzbegim ruhining Ibn Sino tushida koʻringanini qalamga olish orqali tiriklar emas, marhumlar ham adolatsizlikdan aziyat chekishini taʼkidlaydi. “Har bir ruh, – deydi Aflotun (Platon), – ezgulikka intiladi va bu yoʻlda har narsaga tayyor turadi. Ruh ezgulikning mavjudligini his etadi, uni izlaydi, ammo uning qayerda ekanini anglashga quvvati yetmay qiynaladi.” (Haqiqat manzaralari. 96 mumtoz faylasuf. – T.: “Yangi asr avlodi”, 2002. – 372 b. – 82-bet)
Tush motivi qahramon ruhiy holatini ochishda oʻziga xos ochqich boʻla olishi Anton Chexovning “Uyqu istagi” hikoyasida yanada yaqqol seziladi. Ushbu hikoyada dastyor qizning achchiq qismati juda taʼsirchan gavdalantiriladi. Ulugʻ rus adibi ushbu hikoyasida tush motivini beixtiyor qotillikka qoʻl urgan Varkaning uqubat toʻla hayotini aniq tasavvur qilish imkonini beradigan oʻziga xos koʻzguga aylantiradi. Birovning xonadonida xizmatkorlik qilib kunlarini oʻtkazayotgan Varka tuzukroq kiyim kiyish, toʻyib ovqatlanishni xayoliga ham keltirmaydi. Xoʻjayinining toʻxtovsiz berib turadigan topshiriqlarini bajarishdan qoʻli boʻshamaydigan bechora qiz faqat bir narsa – toʻyib uxlash toʻgʻrisida oʻylaydi. Chunki u erta sahardan yarim kechagacha tinmasdan yelib-yugurib xizmat qiladi. Tonggacha esa xoʻjayinining belanchakdagi bolasiga qarab chiqadi. Varkaga tunda ham birpas boʻlsa-da, uxlashga imkon berishmaydi. Varka xoʻjayinining bepisand muomalasi, kamsitishlarini ogʻrinmasdan qabul qiladi. Xoʻjayini uni xoʻrlab, haqorat qilayotgani haqida oʻylab ham koʻrmaydi. Ammo uyqusizlikka toqat qilolmasdan qiynaladi. U belanchak tebratib oʻtirib, tush koʻradi. Tushiga ham uyqu kiradi. Hikoyada bu: “Varkani uyqu bosib, koʻzlari yumilmoqda. Boʻyni tolib, boshi yerga ogʻib boradi. Na qovogʻini qimirlata oladi, na lablarini. Nazarida yuzi qovjirab, tarashaday qotgan, boshi toʻnogʻichning boshiday kichkina boʻlib qolganga oʻxshaydi. Alla, qoʻzim, alla-yo, Senga osh pishira-yo… deb mingʻirlaydi u. Pechkada chigirtka chirillaydi. Narigi uyda xoʻjayini va shogirdi Afanasiy xurrak tortadi… Belanchak noliganday gʻijirlaydi. Varka mingʻirlaydi. Bularning hammasi qoʻshilib, allalovchi tun musiqasiga aylanadiki, bu musiqani oʻringa yotib eshitganda huzur qiladi kishi. Bu musiqa Varkaning gʻashiga tegadi, chunki uyqusini keltiradi, uxlash esa mumkin emas. Xudo koʻrsatmasin, agar uxlab qolsa bormi, xoʻjayini urib oʻldiradi”. (Chexov A. P. Tanlangan asarlar. Uch tomlik. 1-tom. – T.: Badiiy adabiyot nashriyoti, 1957. – 692 b. – 390–391-betlar.) Ushbu parchada har bir detal qahramonning ruhiy holatini ifoda etishga qaratiladi. Adib hikoyada uyqu inson uchun eng shirin neʼmat ekani, bu tabiiy ehtiyojni iroda kuchi bilan yengib boʻlmasligi, kishini bu zaruriy ehtiyojidan mahrum etish fojiaga olib kelishini yuksak badiiy mahorat bilan koʻrsatadi. “Uyqu istagi”ni oʻqiyotganida har bir kishining koʻnglida beixtiyor Varkaga nisbatan achinish hissi joʻsh uradi. Chunki unda kunduzi tinimsiz yelib-yugurib, kechasi orom olmasdan belanchak tebratishga majbur xizmatkor qizning uyqu istagidagi holati: “U yerga oʻtirib, xoʻjayini kalishini yuvar ekan, shu katta va chuqur kalishga boshingni tiqib, birpasgina mizgʻib olsang qanday yaxshi boʻlardi, deb oʻylaydi. Birdan kalish shishib kengayib, uyday katta boʻlib qoldi. Varkaning qoʻlidan choʻtkasi yerga tushib ketdi. Varka darhol boshini silkib, koʻz oldidagi narsalar kattalashib, harakatlanmasin deb koʻzlarini kattaroq ochishga tirishdi” deb koʻrsatiladi. (Oʻsha manba. 394-bet.)
Kishining tushida koʻrganlari, albatta, uning tarjimai holiga, kundalik faoliyatiga muayyan darajada daxldor boʻladi. Bu haqiqat Varkaning tushi tafsilotlari va undan keyingi voqealarda ham koʻrinadi. Odam koʻpincha tushidagi qoʻrqinchli voqealar taʼsiriga tushib, nima qilishini bilmay qoladi. Bunday paytda, hatto, oʻzi bilmagan holda jinoyatga ham qoʻl uradi. Chunki har bir kishining tabiatida ezgu hissiyotlar barobarida boshqa illatlar ham yashaydi. Odamning ichidagi yashirin yovuzlik kutilmaganda qandaydir tashqi taʼsir tufayli junbushga keladi. Oʻsha paytda bosiq, vazmin kishilarning ham jahli chiqib, gʻazabi joʻshadi. “Uyqu istagi” qahramoni oʻzi istamagan holda belanchakdagi begunoh bolani oʻldiradi. Algʻov-dalgʻov, tushuniksiz tushi va haddan tashqari jismoniy toliqqani Varkaning ichidagi koʻmilib yotgan nafrat, gʻazabni yuzaga chiqaradi. U tabiatidagi yashirin yovuzlik taʼsiriga tushadi. Bu illat turli shaklda – birovda ozroq, birovda koʻproq, har bir kishida mavjud.
Anton Chexov mazkur hikoyasida tahqirlash, zulm insonni ruhan majruh etib, jinoyatga boshlashi, qotilga aylantirishini qahramonning tush taʼsiridagi holati bilan bogʻliq tarzda tasvirlaydi. “Nihoyat mehmonlar ketishadi, chiroqlarni oʻchirib, xoʻjayinlar yotishadi. – Varka, bolani tebrat! – degan soʻnggi buyruq eshitiladi. Pechkada chigirtka chirillaydi; shipdagi dogʻ, yoyigʻlik shim va yoʻrgak, lattalardan tushib turgan soyalar lip-lip qilib yana Varkaning ochiq koʻziga suqiladi, uni gangitadi. – alla aytay senga-yo, – deb mingʻillaydi u, – alla, qoʻzim, alla-yo… Bola yigʻlay-yigʻlay qotib qoladi. Varka yana haligi katta tosh yoʻlni, tugun koʻtargan odamlarni, Pelageyani, otasi Yefimni koʻradi. U hammani taniydi, hammasini tushunadi-yu, lekin karaxt qilib, qoʻl-oyogʻini boylab qoʻygan, yashashga monelik qilayotgan bu kuch qanaqa ekanligiga chala uyqu ichida sira tushunolmaydi. U yana shu kuchdan qutulish uchun u yoq-bu yoqqa qaraydi. Lekin uni topolmaydi. U nihoyat charchagan holda oʻzining butun kuchini, sezgisini toʻplab, shipdagi lipillayotgan dogʻga tikiladi va yigʻi ovoziga quloq solib yashashga monelik qilayotgan dushmanni topdi. U dushman – bola ekan. Qiz kulib yuboradi. Nega shuncha kundan buyon shu arzimagan narsani topolmay yurgan ekan? Shipdagi dogʻ, soyalar va chigirtka ham hayron boʻlib, unga qoʻshilib kulayotganday tuyuladi. Shu xayol Varkani butunlay chulgʻab oladi, u oʻrnidan turib, iljaygancha koʻzlarini yummasdan, uyning u boshidan bu boshiga yuradi. Qoʻl-oyogʻiga kishan boʻlib turgan boladan hozir qutilaman, degan xayol uni qitiqlaydi, xursand qiladi. Bolani oʻldiradi-yu, keyin huzur qilib uxlaydi. U kulib, koʻzlarini qisib, shipdagi dogʻga qarab, barmogʻi bilan tahdid qiladi, asta belanchak yoniga boradi va engashib bolani boʻgʻadi; keyin darhol polga yotib uxlashning iloji topilganidan behad sevinadi va bir daqiqadan soʻng oʻlikday uxlab qoladi” deb tasvirlaydi. (Chexov A. P. Tanlangan asarlar. Uch tomlik. 1-tom. – T.: Badiiy adabiyot nashriyoti, 1957. – 692 b. – 395-bet.)
Odam uxlaganida ham nafas oladi, tanasida qon aylanadi. Yaʼni uning tanasida harakat jarayoni bir zum toʻxtamaydi. Miya ham hushdagiday boʻlmasa-da, har qalay, bedor turadi: xotirada saqlangan voqealar aralash-quralash boʻlib, kutilmagan manzaralar hosil qiladi. Odam nima haqida koʻp oʻylasa, qanday muammoga duch kelsa, tushida ayni narsalar qandaydir tarzda koʻrinadi. Anton Chexov “Uyqu istagi” hikoyasida esa shu haqiqatni aks ettiradi.
Fitratning “Qiyomat” hikoyasida giyohvandlikka mubtalo kishining tushida kechganlari naql etiladi. Roʻziqul – Pochamir koʻknor topolmasdan kasal boʻlib qoladi. Uning fikru xayolini nasha topish, chekib xumordan chiqish ilinji band qiladi. Pochamir isitmasi chiqib yotar ekan: “U dunyoda nasha bormikin?” deb oʻylaydi. Uning isitmadan quruqshab qolgan lablari orasidan faqat shu soʻz chiqadi. “U dunyoda nasha topmoq fikri Pochamirning miyasini charchatadi”. Roʻziqul holsizlikdan oʻzini oʻlgan va u dunyoga tushgan his etadi. U dunyo haqida eshitganlari, oʻqiganlari yodiga tushadi. Pochamir xayolan Munkar-Nakir bilan munozaraga kirishib, ularni mot qiladi. Qiyomat yuz bergani, son-sanoqsiz odamlarning jannat va doʻzaxga tushayotganiga guvoh boʻladi. Tiriklikdagi amallari tarozida tortilayotgan odamlar orasida xuddi bu dunyodagiday “ochirat” zarurligini aytib, tartib joriy boʻlishiga erishadi. Qurbonlik qilgan oq qoʻyini minib, qilkoʻprikdan oʻtib, jannatga boradi. U joydagi toʻkinchilik, farovonlikdan zerikadi. Yashashdan bezib qolgan paytida “Toʻrt odim nariroqda koʻziga bir buta koʻknor koʻrindi. Shodligidan seskanib qoʻydi. Birdan shunga qarab yugurdi. Oyogʻi ostidagi chuqurni koʻrmagan ekan, oyogʻi chuqurga toyib ketdi. – Voh! – deb yiqildi. Oʻzining “voh” deganiga uygʻonib ketib, koʻzini ochsa, xotini yostigʻi boshida oʻtirib, Pochamirning terlarini artadir. Xotini: Ustingizni ochmangiz, terlagansiz. Tushingizda bir oz qoʻrqdingizmi? – dedi. Pochamir koʻrganlarining tushda ekanini bilgach, teran bir soʻlish oldi. – Uf, soʻrama, xotin. Koʻp balolarga uchradim. Yaxshiyamki, tush ekan, – dedi.”(Fitrat A. Tanlangan asarlar. Jild 1.256 b. T.: “Maʼnaviyat”, 2000. – 179-bet.)Adib “Qiyomat”ni “xayoliy hikoya” degan boʻlsa-da, unda giyohvandlikka giriftor kishilarning haqiqiy holatini gavdalantirgan. Giyohvandlar bu kasallikdan qutulmoqchi boʻlganida Pochamirdan ham battarroq ahvolga tushib qiynaladi. Pochamir madrasada tahsil olgani uchun u dunyo toʻgʻrisida oʻylaydi. Ammo bu dunyoda ham, u dunyoda ham yashash lazzatini nasha chekishda koʻradi. Shuning uchun Roʻziqulning algʻov-dalgʻov tushlari koʻknoriga borib bogʻlanadi. Roʻziqulning tushida kechganlarini uning terlarini artib oʻtirgan xotini koʻrmaydi. Xotini Pochamir “voh”deb uygʻonib ketganida, erining tushida qoʻrqqanini payqaydi. Roʻziqul tushida u dunyoda sayr qilib, koʻp voqealarni kechirgan boʻlsa-da, ular sassiz kechadi. Pochamir eshitgan ovozlar, qichqiriq, shovqin-suronlar xotiniga eshitilmaydi. Chunki birovning tushidagi manzaralarni boshqalar koʻrolmaydi. Tush koʻrayotgan kishi eshitgan gap-soʻz, ovozlar boshqalarga nomaʼlumligicha qoladi.
Badiiy asarlardagi tush tasviri shundan dalolat beradiki, tushda inson ruhiy olamining nozik va nafis jihatlari koʻngilga oʻrnashib qolgan nopok istaklari bilan toʻqnashadi. Shuning natijasida bosiriq tushlar yuzaga keladi va undagi turli algʻov-dalgʻov voqealar kishini vahimaga soladi. Har bir odam esa hissiyotlar, istaklariga boshqalar eʼtiborsiz qarashidan qiynaladi. Ana shu holat uning ruhiyatiga taʼsir etib, miyasining puchmoqlariga joylashib oladi hamda tashqi omillar taʼsirida kutilmaganda qoʻzgʻalib, kishini tushkun kayfiyatga soluvchi tushlarni tugʻdiradi. Bunday tushlar mohiyati – nimaga ishora ekani ayon boʻlmasdan sanoqli soniyalar ichida xayol qaʼriga singib, gʻoyib boʻladi. Ayni holat koʻngilni xijil qilib, kishini oʻzidan, boshqalardan, umuman, hayotdan norozi boʻlishiga olib keladi. Shunda yurakka majhul ogʻriq kiradi. Bu esa mantiq qoliplariga sigʻmaydigan tush hodisasi ong idrok etolmaydigan gʻaroyib jumboq ekanini bildiradi.
Abdulla ULUGʻOV
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–6
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tush-garoyib-jumboq/