Turna koʻzli buloqcha

Zagʻizgʻon

 

Nima koʻrsa zagʻizgʻon

Darrovda ilib ketar.

Keyin duch kelgan yerga

Apil-tapil berkitar.

 

Sangʻib-sangʻib bir mahal

Esiga tushgani chogʻ,

Yashirganin ochofat

Qidiradi bogʻma-bogʻ.

 

Beandisha, topolmay

Alamdan jigʻibiyron.

Buyurmagan hech kimga

Oʻgʻirlik mol hech qachon.

 

 

Manzara

 

Osmon – dengiz,

Oy – kema,

Yengil suzib

Yuribdi.

Mayoq boʻlib

Yulduzlar

Yoʻl koʻrsatib

Turibdi.

 

 

Buloq

 

Turna koʻzli buloqcha

Qaynab yotar biqirlab.

Qaynaru toshib ketmas

Kulgan boʻlar qiqirlab.

 

Tarnovchaday yoʻl ochib,

Oqib-chopib ketadi.

Bogʻni qoʻmsab u tomon

Yoʻllar topib ketadi.

 

 

Niholga

 

Nozik nihol fayz qoʻshgan

Maydonchaga bir dunyo.

Mushuk, kuchuk, musicha

Tunda oʻynar doimo.

Bir kun chaqmoq chaqdi-yu,

Quyib berdi jalani.

Hoʻl boʻlishga toqat yoʻq,

Izlash kerak panani.

Kuchuk qochdi iniga

Qaramasdan suyakka.

Mushuk esa lip etib,

Chiqib ketdi ilgakka.

Musicha ham boʻgʻotdan

Oldi yomgʻir tegmas joy.

Jala chiqdi avjiga

Ariqcha ham xuddi soy.

Oʻnqir-choʻnqir bir zumda

Toʻldi, qoldi koʻl boʻlib.

Nihol mardday turardi,

Qochmay, selda hoʻl boʻlib.

 

Habib RAHMAT

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–6

https://saviya.uz/ijod/nazm/turna-kozli-buloqcha/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x