Post Views:
42
1917 yilda Turkistonning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi eng muhim masalalardan biri, bu Turkistonda yangi boshqaruv usulidagi davlatchilikni tashkil etish edi. Tez orada turli shaharlarda “Sho‘roi Islomiya”ning shoʻbalari tashkil topdi. 1917 yil 25 mayda Qo‘qonda Farg‘ona viloyati musulmonlari syezdi bo‘lib o‘tdi. Viloyat “Sho‘roi Islomiya” tashkiloti ushbu syezdning tashkilotchilaridan bo‘ldi. Syezdda 42 musulmon tashkilotidan 98 delegat ishtirok etdi. Jadidlar ommani “Sho‘roi Islomiya” atrofida jipslashishga daʼvat etdilar. “Sho‘roi Islomiya” Qo‘qon bo‘limining aholiga murojaatnomasida shu munosabat bilan quyidagilar aytiladi:
“…Hurmatli ozod musulmonlar! Ishonchingiz komil bo‘lsinki, Qo‘qon musulmonlari bir ovozdan tashkil etgan “Sho‘roi Islom” yangi tashkiloti har doim musulmonlar manfaatiga xizmat qiladi.
Bu tashkilot doimo tinchlik va xotirjamlik uchun harakat qiladi. Agar barcha musulmonlar birgalikda tinchlik va tartibni saqlashsa, bu, biz, hamma musulmonlarning foydasiga bo‘ladi. Lekin tinchlik-xotirjamlikni namoyon etmay, har xil quruq gaplarga quloq solsak, bizga berilgan Ozodlikdan foydalana olmaymiz!”.
1917 yilning mart oyida Qo‘qonda I – musulmon madaniy-maʼrifiy jamiyati tuzildi. 1917 yilning 20 martida Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan musulmon fuqoralarining umumiy yig‘ilishida “Musulmon madaniy-maʼrifiy jamiyati” tuzilganligi eʼlon qilinadi.
Andijon shahrida avgust oyining boshlarida musulmon hunar ahlining “Sanoyi ul-islom” sho‘rosi tuzildi. Unga 1500 kishi aʼzo bo‘lib kirdi. Shahar Dumasi uchun bo‘ladigan saylovlarga barcha tashkilotlar tomonidan qizg‘in tayyorgarliklar ko‘rildi. 14-17 iyul kunlari Andijonda uyezd-shahar musulmon tashkilotlari “Sho‘roi Islomiya”, “Muftah ul-maorif”, “Havaskoroni maorif” va boshqalarning syezdi bo‘lib o‘tdi. Syezdda 11 ta masala ko‘rildi: yaʼni, Qozonda bo‘ladigan Butunrossiya Musulmonlari syezdiga delegatlar yuborish; Taʼsis Majlisi uchun bo‘ladigan saylovlarga mahalliy aholini tayyorlash uchun uyezdlarga tashviqotchilar yuborish; aholi ro‘yxati haqida, shahar Dumasi saylovlarida ayollarning ishtiroki va h.z.
Butun Turkistonda bo‘lgani kabi, Farg‘ona vodiysida ham jadidlar tomonidan barcha mahalliy jamiyatlarni yagona tashkilot qilib birlashtirish harakatlari davom etdi. 12-14 iyul kunlari Skobelev shahrida Farg‘ona viloyat musulmon tashkilotlari vakillarining navbatdagi syezdi bo‘lib o‘tdi. Ushbu syezdda 137 delegat ishtirok etdi. Anjuman barcha musulmon tashkilotlarini siyosiy jihatdan birlashishga chaqirdi.
Ushbu syezdning muhim ahamiyati, “Turk Adami Markaziyati” firqasining tuzish haqida qaror qabul qilinishi bo‘ldi. Delegatlar tuzilajak firqaning nizomnomasi va maromnomasi loyihasi bilan qisqacha tanishtirildilar. Ushbu qonuniy hujjatlarni ishlab chiqishda farg‘onalik jadid va ulamolardan Kamoluddin qozi Rahmonberdi o‘g‘li, Mullo Muhiddin, Maxdum aʼlam mullo Muhammad, Mullo Boqi Oxund domullo Odilboy o‘g‘li, Mullo Nuriddin Aʼlam Yo‘ldoshxo‘ja eshon o‘g‘li, Mullo Muhammadjon Kamoljonboyef, Mirzo Abdulqodirbek Mirzoahmad Qushbegiyev, Obidjon Mahmudov, Mirodil Mirzoahmad o‘g‘li ishtirok etdilar.
Turkistonning ko‘plab shaharlarida yangi partiyaning tashkiliy yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Jumladan, 23 avgust kuni Andijonda “Havaskoroni maorif”, “Turon”, “Talabalar jamiyati” tashkilotlari vakillari tomonidan “Turk Adami Markaziyati” firqasining Muvaqqat qo‘mitasi tuzildi.
20 avgustda Marg‘ilon shahrida 2000 kishilik miting bo‘lib o‘tdi. Unda mahalliy “Sho‘roi Islomiya” tashkiloti faollari yig‘ilganlarni shaharda federalistlar firqasi shoʻbasini tuzishga chaqirdilar.
Taraqqiyparvar ziyolilar tomonidan ishlab chiqilgan firqaning maromnomasini o‘lkada demokratik ko‘rinishdagi davlat qurishning nazariy asosi edi deyish mumkin. Bu fikrni Maromnomaning quyidagi bandlari bilan izohlash mumkin: “Firqaning maqsadi: 1)Rusiyada mahalliy va milliy adami markaziyat (federatsiya) asosi uzra Xalq Jumhuriyati tashkil etmakdur. 2) Firqa Turkiston, Qirg‘iziston, Qofqoz va Boshqirdiston qitʼalari (o‘lkalari) uchun va boshqa milliy va mahalliy muxtoriyat, Idil bo‘yi ila Qrim totorlari uchun va boshqa Rusiyada yashaydurgon turk qavmlari uchun milliy muxtoriyat talab qiladur… 4) Millatning yigirma yoshga yetub, aqliyat paydo qilg‘on har bir fardi: er bo‘lsun, xotun bo‘lsun – sinf, din va mazhab ayirmasig‘a boqmasdan saylamak va saylanmak haqina molikdur. 5) Yuqorida mazkur barcha muxtoriyatli qitʼalar markaziy hukumat ila Vatan mudofaasi, pul chiqarmak, boj va xorijiy hukumatlar ila munosabatda bo‘lmoq xususlarida aloqa va irtibotini (bog‘liqlikni) muhofaza qilur. 6) Muxtoriyatli qitʼalar dohiliy masʼalalar (idoriy, moliy, sharʼiy, madaniy, adliy va maorif ishlari)da mustaqildur…». Demak, demokratik Rossiya tarkibida muxtoriyat tashkil qilish uchun kurash 1917 yil davomida taraqqiyparvarlarning asosiy maqsad – intilishlari bo‘ldi.
O‘lkadagi demokratik jarayonlar rivojida vodiydagi qirg‘iz milliy jamiyatlari ham faol qatnashdilar. 1917 yilning 17 iyunida Andijonda “Elatiya” jamiyati tuzildi. Jamiyat o‘z oldiga quyidagi vazifalarni qo‘ygan edi: 1) Ko‘chmanchi aholini Rossiyadagi yangi davlat tuzumi g‘oyalari bilan tanishtirish; 2) Taʼsis Majlisiga tayyorgarlik; 3) Yangi ijtimoiy-siyosiy jamiyat uchun tayanch bo‘luvchi jamoatchi kuchlarni tashkil qilish; 4) Qirg‘izlar orasida huquqiy-tartibotni joriy qilish; 5) qirg‘iz, qipchoq va qozoqlarni o‘z milliy va siyosiy-iqtisodiy manfaatlari himoyasi uchun yagona ittifoqqa birlashtirish g‘oyalarini tashviq qilish; 6) Gazeta tashkil qilish va h.z .
Vodiyning Andijon, Namangan, Skobelev kabi shaharlarida oktyabr voqealari arafasida ham o‘lkadagi milliy harakatlar rivojlanish jarayonini o‘zida ifoda etgan ko‘plab yig‘inlar bo‘lib o‘tdi.
Biroq, 1917 yil oktyabr-noyabr oyiga kelganda o‘lkadagi siyosiy vaziyat keskin o‘zgardi. Petrogradda hokimiyatni bolsheviklar tomonidan zo‘rlik bilan qo‘lga olinishi Turkiston taraqqiyparvarlarini o‘z rejalarini o‘zgartirishga majbur etdi.
“Sho‘roi Islomiya” va boshqa mahalliy tashkilotlarning tashabbusi bilan 1917 yil 26-29 noyabr kunlari Qo‘qonda o‘lka musulmonlarining IV-favqulodda syezdi bo‘lib o‘tdi. 27 noyabr kuni syezd Taʼsis Majlisining chaqirilishiga hech qanday umid qolmaganligi va yagona yo‘l muxtoriyat eʼlon qilish ekanligini eʼtirof etgani holda, Turkiston Muxtoriyati tuzilganligini eʼlon qildi.
Turkiston Muxtoriyati tarkibida ko‘plab farg‘onalik jadidlar masʼul lavozimlarda ishladilar. Farg‘onalik jadidlar butun faoliyatlari davomida Muxtoriyatni moddiy va maʼnaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni targ‘ib va tashviq qildilar.
Xalq Majlisiga Farg‘ona viloyatidan Shoislom Shoahmedov, Abdurahmon O‘razayev, Hidoyatbek Yurali Akayev, Nosirxonto‘ra, Toshxo‘ja Ashurxo‘jayev, Mirodil Mirzaahmedov, Abdulqodir Qushbegiyev, Obidjon Mahmudov, Jamshidbek Qorabekovlar kirdilar. Syezdda milliy pul jamg‘armasi tashkil etilib, farg‘onalik taraqqiyparvarlardan Mirodil Mirzaahmedov 10 000 rubl miqdorida pul o‘tkazdi.
1918 yil 10-11 yanvar kunlari Andijonda “Muayyan ul-islom” jamiyati idorasida musulmon jamoat tashkilotlarining syezdi bo‘lib o‘tdi. Delegatlar tomonidan uyezd maʼmuriyatidagi barcha shaxslardan Turkiston Muxtoriyati Muvaqqat Hukumatini tan olganligi haqidagi tilxatni olish uchun syezd prezidiumi aʼzolaridan maxsus komissiya tuzish haqida taklif bildirildi. Bundan tashqari, Muxtoriyatni qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash uchun har bir volostdan vakillarni jalb etgan holda xalq militsiyasini tashkil qilish haqida qaror qilindi.
Bolsheviklar har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham, Turkiston Muxtoriyatiga xalqni qarshi qo‘ymoqchi bo‘ldilar. Bunga javoban, Farg‘ona viloyati musulmon mehnatkashlarining syezdi (1917 y. dekabr) musulmon mehnatkashlarini barcha vositalar bilan Muxtoriyatni qo‘llab quvvatlashlarini bildirdi.
Turkiston Muxtoriyatini Farg‘ona vodiysi aholisi tomonidan qo‘llab-quvvatlanganligi to‘g‘risida arxiv hujjatlari va milliy matbuot sahifalarida ko‘plab maʼlumotlar berilgan. Jadidlar ushbu miting va namoyishlarni asosiy tashkilotchilari bo‘ldilar. Jumladan, 1 dekabrda Namangan uyezdida 100 mingga qadar kishi ishtirok etgan namoyish bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilarning bayroqlariga “Yashasun muxtoriyatli Turkiston va uning hukumati!” so‘zlari yozilgan edi.
7 dekabrda Qo‘qon shahrining 42 jamoat tashkilotlari nomidan yig‘ilgan vakillarning qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda qabul qilingan qarorda ko‘p millionli Turkiston xalqiga tabriklar yo‘llandi.
Muxtoriyat hukumati tomonidan madaniy maʼrifiy ishlarni yaxshi yo‘lga qo‘yish maqsadida maxsus “Musulmon xalq maorifi” bo‘limi tashkil qilindi. Uning rahbari etib, Farg‘ona “Sho‘roi Islomiya”sining faollaridan Sayyid Nosirxonto‘ra tayinlandi.
Turkiston Muxtoriyati hukumatining tor-mor etilishi va shundan keyin mahalliy aholiga qarshi jazo kampaniyasining avj olishi, vodiyda istiqlolchilik harakatining kelib chiqishiga, Vatan va millatning, avvalo Farg‘onaning asl farzandlarini erk va ozodlik uchun qo‘llariga qurol olishga majbur etdi.
Tohirjon QOZOQOV
NamDU, t.f.n., dotsent
“O‘zbek milliy davlatchiligi tarixida Turkiston Muxtoriyatining o‘rni va roli” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari,
2017 yil 12 oktyabr
https://shosh.uz/uz/turkiston-muxtoriyatida-fargona-jadidlarining-ishtiroki/