TURGʻUNBOYEVA Mukarram (1913. 31. 5, Fargʻona — 1978.26.11, Toshkent) — raqqosa, baletmeyster, oʻzbek ommaviy sahna raqsining asoschisi. Oʻzbekiston xalq artisti (1937). Fargʻona ped. bilim yurtida oʻqib, havaskorlik toʻgaragida qatnashgan. 1928-y. konkurs asosida etnografik ansamblga qabul qilingan. 1929-y. M. Qoriyoqubov yordamida Samarkand davlat musiqali teatrining yordamchi guruhiga ishga kirgan. 1929—33 y. larda teatr aktrisasi, ham teatr qoshida tashkil etilgan studiya tinglovchisi sifatida faoliyat koʻrsatib, xalq raqsi, mumtoz raqs, ashula, aktyor ijrochiligi asoslarini oʻrgangan. Osiyo, Zebo (U. Hojibekov, «Arshin mol olon»), Oynisa, Xoljon xola (Gʻ. Zafariy, «Halima»), Asalxon (K. Yashin, «Ichkarida») kabi rollari bilan aktyorlik mahoratini namoyish etgan. Biroq Turgʻunboyevani musiqali dramalarda koʻproq raqslar qiziqtirgan. Usta Olim Komilov va Tamaraxonimning maxsus raqs mashgʻulotlarida qatnashib, milliy raqs asoslarini hamda «Duchava», «Katta oʻyin», «Usmoniya», «Sadr», «Ufori soxta» nomli umumiy raqslarni, «Dilxiroj» yakka raqsini oʻzlashtirib olib, ijro eta boshlaydi. Koʻpgina spektakllar («Oʻtdan parchalar», «Kimga», «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun» va b.)ning raqslarini ijro etadi. 1935-y. «Paxta» baletini sahnalashtirdi (Usta Olim va K. Bek bilan hamkorlikda). 1935-y. dan oʻzi mustaqil raqslar yarata boshlaydi. Bu ish «Gulsara» (K. Yashin; T. Jalilov, N. Mironov) musiqali dramasidan boshlangan. 1937-y. Usta Olim Komilov bilan birga «Gulsara» (K. Yashin; T. Jalilov, T. Sodiqov, R. Glier), «Farhod va Shirin» (Xurshid; V. Uspenskiy, G. Mushel, S. Sveyfel) spektakllariga raqslar sahnalashtiradi. 1937-y. Moskvada boʻlib oʻtgan oʻzbek sanʼati dekadasida qatnashib, raqqosa va baletmeyster sifatida yuqori baho oladi. 1939-y. dan Navoiy nomidagi opera va balet teatrida ishlaydi. Balet boʻyicha A. Tomskiy, I. Arbatov, V. Gubskaya, P. Yorkinlardan taʼlim oladi. «Shohida» (F. Tal) baletini sahnalashtirib, oʻzi bosh rolni ijro etadi. Gulandom (Ye. Brusilovskiy, «Gulandom»), Oqbilak (S. Vasilenko, «Oqbilak»), Zarema (B. Asafyev, «Bokchasaroy favvorasi»), hind vakilasi (G. Mushel, «Balerina») kabi obrazlarni yaratishda Turgʻunboyeva yevropa baleti usullaridan (oyoq uchida yurish va b.) ijodiy foydalandi. Bir qator operalarda baletmeysterlik qildi. 2-jahon urushi yillarida konsert brigadalari bilan Zakavkazye frontlarida boʻldi. Yakka va umumiy raqslar yaratdi: «Uygʻurcha raqs», «Jonon», «Rohat», «Raqqosa», «Tanavor», «Nogʻora», «Buxorocha», «Gulsara» va b. 1947-y. Usta Olim bilan Tamaraxonimning «Doyra darsi»ni kayta tiklaydi. «Dilbar», «Andijon polkasi», «Pilla» raqslarini yaratadi. «Toxir va Zuxra» (S. Abdulla; T. Jalilov, B. Brovkin), «Gulsara» (K. Yashin; R. Glier, Turgʻunboyeva Sodiqov) operalariga baletmeysterlik qiladi. 1951, 1959-y. larda Moskvada boʻlib oʻtgan oʻzbek adabiyoti va sanʼati dekadasida qatnashgan. P. Yorkin bilan birgalikda «Ozoda chehra» baletini sahnalashtiradi.
Turgʻunboyeva 50-y. larning boshlariga kelib, Oʻzbekistonning eng mashhur raqqosasi va yetakchi baletmeysteri darajasiga koʻtariladi. Yakka raqslarning mohir ijrochisi, ommaviy oʻzbek raqslarining ijodkori sifatida taniladi. Uygʻur, tojik, hind, afgʻon, moʻgʻul, koreys xalqlari raqslari asosida oʻziga xos sahnaviy raqslar sahnalashtiradi. Raqs sanʼatida erishgan yutuqlarini Xitoy, Koreya, Albaniya, Italiya, Avstriya, Afgʻoniston, Hindiston, Kombodja, Tailand mamlakatlarida namoyish etadi. Ayniqsa, Turgʻunboyeva tayyorlagan dastur, Q. Mirkarimova («Pilla»), F. Kaydani («Gulsara»), T. Yunusova («Bahor») raqslari hamda Turgʻunboyeva ijrosidagi «Tanavor», «Jonon», «Andijon polkasi» chet el tomoshabinlarida chuqur taassurot qoldiradi.
1955-y. T. oʻzi pedagoglik qilgan Toshkent xoreografiya bilim yurti qizlaridan 12 tasini ajratib olib, raskosa qizlar guruhini tashkil qiladi. 1957-y. shu guruh asosida «Bahor» ansamblini tuzadi. T. Navoiy teatrida baletmeysterlik qilish bilan birga «Bahor» ansamblida badiiy rahbar, bosh baletmeyster vazifalarida faoliyat koʻrsatadi.
Ayniqsa, «Bahor» ansamblining shakllanishida xizmatlari beqiyosdir. Ansambl uchun 15 ta konsert dasturini tuzdi; «Bahor», «Ufori sanam», «Qoʻgʻirchoq», «Fargʻona ruboyisi», «Oʻynasin», «Munojot», «Oʻzbek valsi», «Gulnoz», «Aylanma», «Beshqarsak», «Gʻayratli qiz», «Yetti goʻzal», «Toshkent piyolasi», «Shabadalar», «Ey, shoʻx jonon», «Alyor», «Qari navo», «Bayot», «Zang», «Shoʻx qiz», «Xorazmcha», «Paxta», «Katta oʻyin», «Uchrashuv», «Lazgi», «Dildor», «Jonon», «Dilbar» kabi umumiy, yakkaxon va duet raqslar yaratdi. 1957-y. ansambl Jahon yoshlari va studentlari festivalining oltin medalini olishga muvaffaq boʻldi. 1960-y. «Bahor»ga Davlat ansambli maqomi berilishi munosabati bilan Turgʻunboyeva ansamblni iqtidorli yosh raqqosalar bilan mustahkamlab borish, ularning mahoratini oshirish, yangi raqs va raqs dasturlarini yaratish, badiiy saviyani hamisha baland ushlab turish, gastrol safarlarini yuqori darajada oʻtkazish, shu maqsadda oʻzbek raqs merosini oʻrganish, jahon xalklari raqslarini sahnalashtirish masalalari bilan umrining oxirigacha shugʻullanib keldi. Ansambl bilan Germaniya, Shvetsiya, Vengriya, Chexoslovakiya, Polsha, Misr kabi mamlakatlarda gastrolda boʻlgan. 1947-y. dan Toshkent milliy rake va xoreografiya bilim yurtida pedagoglik qilgan. «Oʻzbekraqs» milliy rake birlashmasiga, Toshkent koʻchalaridan biriga Turgʻunboyeva nomi berilgan. Turgʻunboyeva hayoti va ijodiga bagʻishlangan «Salom, Bahor» (1962), «Sanʼatga bagʻishlangan umr» (1971), «Mukarrama opa va qirq goʻzal» (1977) filmlari ishlangan. 1993-y. 10 sent. da Turgʻunboyeva muzeyi ochildi. Muzey Turgʻunboyevaning ijodiy merosi va faoliyatini saklash va targʻib qilish bilan shugʻullanadi. 1993-y. dan Turgʻunboyeva nomidagi yosh ijrochiraqqosalar tanlovi oʻtkazilmoqda. Davlat mukofoti (1946, 1951, 1973) va Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti (1976) laureati. Vafotidan soʻng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2001).
Ad.: Mayya Merkel, Mukarrama opa i sorok krasaves, Moskva, 1980; Avdeyeva L. A., Balet Uzbekistana, Turgʻunboyeva, 1973; Tanes Mukarramoʻ Turgunbayevoy, Turgʻunboyeva, 1989.
Muhsin Qodirov.