Tugʻma qizilcha – sabablari, belgilari, tashxislash va davolash usullari

Tugʻma qizilcha – virusli kasallik boʻlib, zararlangan ayoldan homiladorlik vaqtida bolaga oʻtadi. Ayolning zararlanishi homiladorlik vaqtida yoki undan oldin roʻy berishi mumkin. Kasallik homila rivojlanishidagi koʻplab nuqsonlar bilan namoyon boʻladi, ayniqsa eshituv va koʻrish aʼzolari, yurak-qon tomir tizimi va nerv tizimidagi oʻzgarishlar. Koʻpincha kasallik belgilari bola hayotining ilk kunlarida yuzaga chiqadi, kam hollarda biroz vaqt oʻtganidan keyin bu holat roʻy beradi. Diagnostikasi bola dunyoga kelishi bilanoq laborator test va klinik belgilar (yuqorida sanab oʻtilgan) yordamida qoʻyiladi. Maxsus davo mavjud emas, interferon preparatlar va simptomatik davo qoʻllaniladi.

Pediatr shifokor bolada ushbu kasallik diagnozini qoʻyadigan boʻlsa, virus yon atrofdagilarga ham yuqish ehtimoli yuqori deganidiri. Kasallik oʻz nomini 1740-yilda olgan, bunga eng koʻp tarqalgan kasallik belgisi – trombositopenik purpura sabab boʻlgan. Kasallik haqida ilk maʼlumotlar shifokor F.Xofman tomonidan keltirilgan. Ammo, 2 asrdan ortiqroq vaqt oʻtib tugʻma qizilcha jiddiy kasallik ekanligi va XX asr ikkinchi yarmida kasallik qoʻzgʻatuvchisi virus ekanligi aniqlandi. Hamda homilador ayol zararlanishi va homilaga taʼsiri ham yaxshi oʻrganildi.

Kasallikning oʻziga xos jihatlaridan yana biri – kasallik bahor-yoz mavsumida keng tarqaladi. Yiring emidemik holatlar har 6-9 yilda takrorlanadi. Shu sababli pediatriya sohasida kasallik profilaktikasi katta ahamiyat kasb etadi. Bolalar aynan 1 yoshga kirgunlariga qadar tugʻma qizilchaga qarshi emlanadi va ular kelajakda ushbu kasallikka chalinmaydi, ayniqsa homilador ayollar.

Statistika boʻyicha tugʻma qizilcha yangi tugʻilgan chaqaloqlarda uchraydigan barcha kasalliklarning 10 % ini tashkil etadi. Homiladorlikning 1-haftasida ayol yoki homilaning zararlanishi oqibatida tabiiy abort holati 40 % ni tashkil etadi. 75 % holatlarda esa bir necha aʼzolar tizimida tugʻma nuqsonlar yuzaga chiqadi. Soʻngi statistik maʼlumotlarga qaraganda, kasallik koʻpayib bormoqda.

Tugʻma qizilcha sabablari

Kasallikning yagona qoʻzgʻatuvchisi qizilcha virusi amerikalik olim tomonidan 1961-yilda ajratib olingan. Ushbu virus RNK-saqlovchi boʻlib, togaviruslar oilasiga mansub. Virus zararlangan onadan yoʻldosh orqali homilaga yuqadi, uning qoniga tushadi. Uning yuqishi homilador ayolning zararlangan vaqtiga bogʻliq boʻladi. Agar homilador ayol homiladorlikning birinchi uch oyligida zararlansa, unday holatda 60-90 % ehtimol bilan bolada ham tugʻma qizilcha tashxisi aniqlanadi.

Homiladorlikning ikkinchi uch oyligida kasallanish ehtimoli 12-20 % gacha pasayadi. Homiladorlikning soʻngi muddatlarida esa virus bilan zararlanish xavfi yana ortadi, bunga sabab yoʻldoshning himoya barerining zaiflashuvidir. Ayolning zararlanishida uning avval emlanmaganligi xavf omiligi kiradi.

Yoʻldosh qon tomirlari orqali virus homila qoniga tushadi va oʻz taʼsirini boshlaydi. U toʻgʻridan-toʻgʻri genetik tizimga taʼsir qiladi (xromosomalarga), aʼzolar shakllanishi va rivojlanishini buzadi, natijada homilada tugʻma nuqsonlar kelib chiqadi. Bundan tashqari, virus mayda qon tomirlarni ham zararlaydi, bu esa homilada qon aylanishini buzilishiga olib keladi. Buning oqibatida homilada ozuqa va kislorod yetib kelishi kamayadi, bu ham homila aʼzolar tizimida nuqsonlar rivojlanishiga sabab boʻladi. Koʻz shishasimon moddasi va ichki quloqdagi chigʻanoqqa virusning taʼsiri – sitodestruktiv koʻrinishda, yaʼni toʻgʻridan-toʻgʻri hujayralarni buzilishiga sabab boʻladi. Homilador ayol qancha erta muddatlarda zararlansa, virusning homilaga taʼsiri shunchalik jiddiy boʻladi. Chunki aynan homiladorlikning erta muddatlarida homilaning bir necha aʼzolar tizimi shakllana boshlaydi.

Tugʻma qizilchaning belgilari

1942-yilda N.Gregg tugʻma qizilchaning uchta asosiy belgilari haqida maʼlumot berib oʻtgan edi: koʻruv aʼzolari zararlanishi (koʻpincha tugʻma katarakta), karlik va yurak tugʻma nuqsonlari. Kasallik belgilari bola dunyoga kelishi bilanoq yuzaga chiqadi, kam holatlarda bir necha yillardan keyin. Yaʼni aqliy rivojlanishdan ortda qolishda. Kasallik belgilari ayolning homiladorlik holatida zararlangan vaqtiga bogʻliq. Shu sababli tibbiyot amaliyotida doim ham Gregg uchlik simptomi namoyon boʻlavermaydi. Agar yuqoridagi belgilar namoyon boʻlmasa, unday holatda kasallik nisbatan yengilroq shaklda kechayotganidan dalolat beradi.

Yurak tugʻma nuqsonlaridan koʻpincha aorta klapanlaridagi muammolar, aorta stenozi, qorinchalar aro toʻsiqdagi nuqson, hamda qorinchalararo devordagi oʻzgarishlar kuzatiladi. Bu kabi kamchiliklar qon aylanish tizimiga jiddiy zarar yetkazadi, natijada barcha ichki aʼzolar rivojlanishda u yoki bu darajada ortda qoladi.

Nerv tizimidagi oʻzgarishlarda – mikrosefaliya, gidrosefaliya, meningoensefalopatiyalar, paralich va talvasalar, es-hushning buzilishi kabi patologiyalar uchrab turadi. Katarakta, glaukoma, mikrooftalmiya kabi simptomlar yuzaga chiqish ehtimoli zararlanish homiladorlikning birinchi haftasida roʻy bergan boʻlsa, juda yuqori boʻladi. Bundan tashqari, koʻp holatlarda tana skelet tizimida ham oʻzgarishlar kuzatiladi: osteoporoz, chanoq-son boʻgʻimi displaziyasi, sindaktiliya kabilar. Kam hollarda siydik ayirish va hazm qilish tizimida nuqsonlar kelib chiqadi.

Tugʻma qizilchaning asosiy simptomlaridan yana biri – trombositopenik purpuradir, bunga sabab zararlangan bolaning qon tomirlari va qon aylanish tizimidagi kamchiliklardir. Vizual koʻruvda purpuralar tananing barcha qismidagi yorqin-qizil rangdagi toshmalar koʻrinishida boʻladi. Odatda toshmalar bola dunyoga kelganidan 2 hafta oʻtib oʻz-oʻzidan, davosiz yoʻqolib ketadi. Kasallik xos boʻlmagan belgilardan biri – yangi tugʻilgan chaqaloqlar sariqligining uzoq muddat davom etishidir, bunga sabab organizm qon tizimi ortqicha bilirubinni ajrata olmayotganligidir.

Tugʻma qizilcha diagnostikasi

Tashxislashning birinchi bosqichi – erta perinatal diagnostika, yaʼni homiladorlik vaqtida tekshiruvlar olib borish. Bu kabi tekshiruvlar infeksionist yoki akusher-ginekolog tomonidan olib boriladi. Agar tashxis tasdiqlansa, ayol kishi homiladorlikni davom ettirish yoki sunʼiy toʻxtatish imkoniyatiga ega boʻladi. Bolada kasallik rivojlanish ehtimoli homiladorlik muddatiga bogʻliq va bu homiladorlikning ilk uch oyligida aniqlangan boʻlsa, 60-90 % ehtimol bilan tugʻilajak bolada ham kasallik aniqlanadi.

Bola dunyoga kelgach tugʻma qizilcha belgilarga asoslanib taxminiy tashxislanadi. Shifokorlar birinchi navbatda bolaning eshituv va koʻruv aʼzolariga eʼtibor qaratadilar. Neonotolog fizikal tekshiruvda bolaning yorugʻlikka va tovushlarga reaksiya bildirmayotganini aniqlashi mumkin. Bundan tashqari, tugʻma yurak nuqsonlariga ham gumon qilish mumkin. Tashqi nevrologik belgilardan: mushak tonusining buzilishi, mikrosefaliya, gidrosefaliya, meningizm belgilari va boshqalar aniqlanishi mumkin. Teridagi yorqin qizil toshmalar bola hayotining ilk kunlaridayoq yuzaga chiqadi.

Tugʻma qizilcha laborator tekshiruvlar asosida tasdiqlanadi. Organizm suyuqligida maxsus IgM-antitelolari aniqlansagina tashxis asoslangan hisoblanadi, bu usul IFA-tekshiruvi deb ataladi. Laborator tekshiruvlar tugʻma qizilcha kasalligini boshqa shunga oʻxshash virusli kasalliklardan farqlab olishga imkon beradi, masalan sitomegalovirus, toksiolazmoz, Epshteyn-Barr virusi va boshqalar.

Yurak nusonlarini aniqlash uchun EKG va ExoKG tekshiruvlari oʻtkaziladi. Eshituv va koʻruv aʼzolaridagi kamchiliklar tor doiradagi mutaxassislar tomonidan aniqlanadi, masalan oftalmolog va otolaringolog. Bundan tashqari, bolalar nevropatologi va psixiatr tekshiruvlari va tavsiyalari kerak boʻladi, hamda bola aqliy rivojlanishdan ortda qolsa ular doimo nazorat ostida boʻlishlari kerak.

Tugʻma qizilcha davosi

Barcha muolajalar qatʼiy ravishda statsionar sharoitda olib boriladi. Tugʻma qizilcha virusli kasallik boʻlganligi sababli bemor bolalarga virusga qarshi preparat – interferonlar buyuriladi, qolgan barcha muolajalar simptomatik hisoblanadi.

Davo chora tadbirlari turli aʼzolardagi nuqsonlarni bartaraf etishga qaratilgan boʻladi. Yurak tugʻma nuqsonlari hozirgi kunda jarrohlik amaliyoti yordamida bartaraf etilish imkoniyatiga ega. Eshituv va koʻruv aʼzolaridagi kamchiliklar esa iloji boricha davolanishga harakat qilinadi. Bosh miya jarohatlari va nuqsonlarini bartaraf etib boʻlmaydi, shifokorlar faqatgina bosh miya ichki bosimi, talvasalar kabi belgilarga qarshi kurashishlari mumkin, ammo butunlay davolashning imkoni yoʻq. Sanab oʻtilgan barcha davo choralari bola hayot sifatini oshirishga yordam beradi. Bir vaqtning oʻzida bolaga ijtimoiy moslashish uchun ham koʻmaklashish kerak boʻladi, chunki bemor bola nogiron hisoblanadi, hamda aqliy rivojlanishdan ortda qolishi ham mumkin.

Tugʻma qizilcha oqibati va profilaktikasi

Kasallik oqibati uning ogʻirlik darajasi va homiladorlik muddatiga bogʻliq boʻladi. Ogʻir holatlarda bemor bola yashash muddati bir necha yillarni tashkil etishi mumkin. Agar eshituv va koʻruv aʼzolari yengil oʻzgarishlarga uchragan boʻlsada, kelajakda bolada rivojlanishdan ortda qolish va nevrologik kamchiliklar yuzaga chiqish ehtimoli bor.

Oʻlim kuzatilishiga sabab yurak tugʻma nuqsonlari va qon-tomirlardagi kamchiliklari (aorta stenozi, arterial yoʻlning ochiqligi), mikrosefaliya, gidrosefaliya, meningoensefalit, gepatit, suyak tizimidagi kasalliklar, ogʻir trombositopeniya, immun tizimi zaifligi tufayli ikkilamchi infeksiyaning aralashishi va boshqalar. Tugʻma qizilcha virus qonda umuman topilmaganda bola butunlay sogʻaygan deb hisoblanadi. Kasallikdan soʻng turgʻun immunitet shakllanadi.

Kasallik profilaktikasi homiladorlik vaqtida tugʻma qizilchani erta muddatlarda aniqlashdan iborat. Zararlanish homiladorlikning ilk uch oyligida roʻy bergan boʻlsa, homiladorlikni sunʼiy ravishda toʻxtatish tavsiya etiladi, chunki bu muddatda virusning homilaga yuqish xavfi juda yuqori boʻladi. Bu kabi bolalarda oʻlim holati qayd etilishi yuqori darajalarda boʻladi. Tugʻma qizilchaning yana bir samarali profilaktika usullaridan biri – emlashdir. Bolalarda qizilchaga qarshi emlash bir yoshga kirguniga qadar oʻtkaziladi. Katta yoshli insonlar, ayniqsa ayollar har 10 yilda qayta emlanib turishlari tavsiya etiladi.


Bolangizni parvarishlashda ishonchli va foydali maʼlumotlar zarurmi? Marhamat, “Lalu — Onalar maktabi” mobil ilovasini hoziroq bepul yuklab oling.

Ilova orqali chaqaloq va bola rivojlanish kalendari, farzandingizni toʻgʻri parvarishlash boʻyicha koʻrsatmalar, bolalarda koʻp kuzatiladigan kasalliklar haqida maʼlumotlar olishingiz, emlash taqvimi va vazn/uzunlik kabi koʻrsatkichlarini nazorat qilib borishingiz mumkin.

Hoziroq bepul yuklab oling

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x